O’zbekiston tarixi 7-sinf
Download 0.97 Mb.
|
7 sinf ozbekiston tarixi. dars ishlan
III.Yangi mavzu bayoni:
O‘rta asr jamiyatining ijtimoiy-siyosiy tuzumi va islom dini mafkurasi madaniy hayotning bu sohasiga ham kuchli ta’sir qildi. Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, O‘zgan va Marv kabi shaharlarda bu davrda ko‘plab saroy, masjid, madrasa, minora, maqbara, tim va karvonsaroylar quriladi. Buxoro shahridagi Ismoil Somoniy maqbarasi, Namozgoh masjidi, Minorai Kalon hamda Vobkent va Jarqo‘rg‘ondagi minoralar va ko‘pgina boshqa binolar o‘sha davr me’morchiligining namunalaridandir. Bu yodgorliklar o‘ziga xos me’morchilikning rivoj topganligidan dalolat beradi. Bu davrda yo‘nilgan tosh, pishiq g‘isht va suvga chidamli qurilish qorishmalaridan turli xil suv inshootlari: suv omborlari -bandlar, ko‘priklar, sardobalar va korizlar barpo etiladi. Bunday in shootlarning o‘lchamlari matematika nuqtayi nazaridan g‘oyat puxta ishlangan. Masalan, X asrda Nurota tizmalaridagi Pastog‘ darasi to‘silib barpo etilgan Xonbandi nomli suv omboriga 1,5 mln metr kub suv to‘plangan. To‘g‘on granit toshi va suvga chidamli qurilish qorishmasidan qurilgan. Bu suv omborini qurishda suvning vertikal va gorizontal bosim kuchi va bu hududlarda tez-tez sodir bo‘ladigan zilzilalarning silkinish kuchlarini ham hisobga olganlar. Bu, shubhasiz, XVII asr mashhur fransuz fizigi Blez Paskal tomonidan suvning bosim kuchi to‘g‘risida yaratilgan kashfiyotdan qariyb 7 asr muqaddam movarounnahrlik muhandislarga ma’lum ekanligidan dalolat beradi. IX asrdan boshlab binokorlikda sinchkori imoratlar keng tarqaladi. Yakkasinch va qo‘shsinchli binolarning tagsinchlaridan tortib ustunlari-yu sarrovlari va to‘sinlarigacha yog‘ochlarni biriktirish uslubida qurilib, sinchlarning orasi xom g‘isht yoki guvalalar bilan urib chiqilgan. Bu tuzilishdagi imoratlarni qurish hozirgacha saqlanib keladi. Afrosiyob, Varaxsha, Buxoro va Poykand shahar xarobalarida kovlab ochil- gan turarjoy qoldiqlaridan ma’lum bo‘lishicha, X-XI asrlarda ham paxsa va xom g‘ishtdan qurilgan imoratlar shahar me’morchiligida asosiy o‘rinni egallagan. Xalq kuylari asosida keyinchalik tojik va o‘zbek xalqlarining mumtoz kuyi «Shashmaqom» uchun poydevor bo‘lgan «Rost», «Xusravoniy», «Boda», «Ushshoq», «Zerafkanda» «Buzruk», «Sipohon», «Navo», «Basta», «Tarona» kabi yangi-yangi kuylar ijod etilgan. Musiqa san’ati she’riyat hamda musiqashunoslik ilmi bilan uzviy bog‘langan holda taraqqiy etadi. IX-XIII asr ma’naviy hayotida islom dini muhim o‘rin egallaydi. Bu davrda musulmon Sharqida keng tarqalib, jahon dini darajasigacha ko‘tarilgan islom dini xalq hayotida muhim o‘rin egallaydi. Movarounnahr aholisi islom dinini qabul qilib, shariat ahkomlarini bajarishga, arab tili va yozuvini o‘rganishga kirishdi. Markaziy shaharlarda qator masjid va madrasalar qad ko‘tardi. asrda esa Buxoroning Darvozai Mansur mahallasida hatto qonunshunoslar uchun maxsus «Faqihlar madrasasi» qurilgan. Bunday oliy dorilfunun asosan islom dini ta’limotining asosiy manbalari: Qur’oni karim, Hadisi sharif va arab tilini mukammal o‘rganishga katta e’tibor bergan. Shariat ahkomlarini har tomonlama chuqur o‘rgatishda «Tafsir» - Qur’oni karimning sharhlari juda boy va qimmatli manba hisoblangan. Fiqh fani (islom huquqshunosligi) axloq va shariat ahkomlari borasida mukammal ma’lumot beradi. Islom dini ta’limotining ravnaqi va targ‘ibotining kengayi- shida, ayniqsa Buxoro shahri markazga aylandi. Buxoro madrasalaridan juda ko‘p yetuk fiqhshunos olimlar, qozilar, imomlar yetishib chiqadi. Shu boisdan Buxoro IX asrdan boshlab «Qubbat ul-islom» - «Islom dinining gumbazi» nomi bilan shuhrat topadi. Tasavvuf o‘rta asrlar musulmon Sharqida keng tarqaladi. Bu ta’limot dastlab VIII asr o‘rtalarida Iroqda yuzaga kelgan. Tasavvuf ta’limoti asosida inson faoliyati va uning kamoloti yotadi. Movarounnahrning turli o‘lkalarida tasavvufning turli tariqatlari paydo bo‘ladi. Turkistonda XII asrda Yassaviya, XII asr oxirida Xorazmda Kubroviya, XIV asrda Buxoroda Naqshbandiya va boshqalar vujudga keladi. Movarounnahrda keng yoyilgan tasavvuf - Yassaviya tariqati bo‘lib, unga Ahmad Yassaviy asos soladi. Tariqatning asoslari Yassaviyning mashhur «Hikmat» asarida bayon etiladi. Ahmad Yassaviyning fikricha, shariatsiz tariqat, tariqatsiz ma’rifat, ma’rifatsiz haqiqat bo‘la olmaydi. Ularning har biri ikkinchisini to‘ldiradi va takomillashtiradi. Yassaviy tariqatining asosida kamolotga uzlat va tarkidunyochilik orqali yetishish g‘oyasi olg‘a suriladi. Unga faqat bu dunyo rohati va farog‘atidan voz kechib, uzlatda toat va ibodat yo‘lida zahmat chekib, mashaqqatli mehnat qila olgan kishigina yetib boradi. Xullas, Yassaviy tariqatida mashaqqatli mehnat va aziyat shariat yo‘lida bo‘lmog‘i hamda tarkidunyochilik targ‘ib etilsa-da, inson zoti sharif darajasida ulug‘lanadi. Insonning har qanday mol-dunyodan va davlatdan ustun turishi ta’kidlanadi. Tasavvuf ta’limotining buyuk siymolaridan yana biri Najmiddin Kubro (1145-1221) edi. U Xorazmda «Kubroviya» tariqatiga asos soladi. Yassaviya tariqatidan farqli o‘laroq, Kubroviya tariqati tarkidunyochilikni rad etadi. Kamolot yo‘lida olib boriladigan mashaqqatli mehnat jarayonida bu dunyo noz-ne’matlaridan bahramand bo‘lishning joizligi g‘oyasi ilgari suriladi. Kubroviya tariqatida xalqqa va Vatanga bo‘lgan muhabbat nihoyatda kuchli bo‘lib, har qanday og‘ir damlarda ham omma bilan bir- ga bo‘lish, Vatanni mudofaa qilish va uning mustaqilligi uchun kurashga da’vat etiladi. Tasavvuf XIV asrda naqshbandiya tariqatida yanada rivoj topadi. Unga Bahouddin Naqshband asos soladi. U 1318- yilda Buxoro yaqinida Qasri Hinduvon qishlog‘ida matolarga naqsh bosuvchi hunarmand oilasida dunyoga keladi. Yoshligida ta’lim olish bilan bir qatorda kimxob matoga gul bosishni puxta o‘rganib, ota kasbi naqqoshlikni egallagan. Xoja Bahouddin «Hayotnoma» va «Dalil al-oshiqin» nomli asarlar yozib, o‘z tariqatini yaratadi. Naqshbandiya tariqati Movarounnahr, Xuroson va Xorazmda keng tarqaladi. Naqshbandiya tariqati insonlarni halol va pok bo‘lishga, o‘z mehnati bilan kun kechirishga, muhtojlarga xayr-ehson berishga, sofdil va kamtar bo‘lishga chaqiradi. Uning «Dil ba yor-u dast ba kor» («Ko‘ngil Allohda bo‘lsin-u, qo‘l mehnat bilan band bo‘lsin») degan hikmati Naqshbandiya tariqatining hayotiy mohiyatini ifodalaydi. U tarkidunyochilikni rad etib, mehnatsevarlik, odillik va bilimdonlikni targ‘ib etadi. Naqshbandiya ta’limoti taraqqiyotiga keyingi asrlarda Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Xo‘ja Ahror kabi buyuk allomalar katta hissa qo‘shadilar. Mustaqillik sharofati bilan Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro singari bobokalonlarimizning aziz nomlari tiklandi, qadamjolari obod etildi. Asarlari chop etilib, ularning bebaho ma’naviy meroslaridan hozirgi avlodlar bahramand bo‘lmoqdalar. Xolbuki, islomiy ta’lim-tarbiya asosida ajdodlarimiz kamol topib, o‘zlaridan o‘chmas tarixiy meros qoldirganlar. Download 0.97 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling