O‘zbekistonning turli qismlarida Quyoshdan keladigan yillik yalpi


Download 38.7 Kb.
Sana30.04.2023
Hajmi38.7 Kb.
#1404641
Bog'liq
ona yurtim tabiati falsafa


O‘zbekistonning turli qismlarida Quyoshdan keladigan yillik yalpi radiatsiya miqdori turlicha, shimolida 140 kkal/sm2 dan, janubida 160 kkal/sm2 gacha o‘zgaradi. Bu esa, havo haroratning, namlikning notekis taqsimlanishiga va har bir iqlim mintaqasi doirasida o‘ziga xos tabiat zonalarining tarkib topishiga olib keladi.
O‘zbekiston hududi ikkita iqlim mintaqasida - mo‘tadil mintaqaning janubi bilan subtropik mintaqaning shimoliy chekka qurg‘oqchil qismida joylashgan. Mo‘tadil iqlim mintaqasida cho‘llar zonasi, subtropik mintaqada esa subtropik cho‘llar zonasi tarkib topgan. Mo‘tadil iqlim mintaqasida Ustyurt platosi, Amudaryo etagi shimoli, subtropik mintaqaga Quyi Amudaryo deltaning Qizilqum va Quyi Zarafshon tekisliklari, Qashqadaryo etagidagi tekisliklar kiradi.
O‘zbekistonda asosan qumli, gilli, toshli cho‘llar tarqalgan. Cho‘llarda yozgi
haroratning yuqoriligi, yog‘in miqdorining kamligi sababli, oqar suvlar shakllanmaydi. Lekin, O‘zbekistondagi shimoliy cho‘llar bilan janubiy cho‘llar tabiatida kattagina tafovutlar ham mavjud. Bu tafovutlar yilning iliq va sovuq davrlarida ko‘zga yaqqol tashlanadi.
Shimoliy cho‘llarda qish qattiq bo‘lib, uzoq davom etadi, sovuqli kunlar ko‘proq bo‘ladi va qor qoplami uzoqroq yotadi. Yozi ancha qisqa, juda ham issiq emas, yog‘in-sochin miqdori o‘simliklarni rivojlanishi uchun yetmasa ham yil davomida deyarli bir tekis taqsimlanadi. Subtropik mintaqasi cho‘llari qishini yumshoqligi, qor qoplamining uzoq yotmasligi, sovuq kunlarning iliq kunlar bilan
almashib turishi va o‘simliklarning vegetatsiyasi qishda ham davom etishi bilan shimoliy mo‘tadil mintaqa cho‘llaridan farq qiladi. Yog‘insochinning 70-90 % qish va bahor oylariga to‘g‘ri keladi.
Tabiat zonalarining geografik kenglik bo‘ylab joylashish qonuniyati tog‘li o‘lkalarga to‘g‘ri kelmaydi. Tog‘larda harorat va namlik miqdorining pastdan yuqoriga tomon o‘zgarib borishi sababli tabiat ham shu yo‘nalishda o‘zgaradi, yaʼni balandlik mintaqalanishi ro‘y beradi.
O‘zbekiston tog‘larining etagi cho‘llarga borib taqalgani uchun balandli mintaqalari cho‘ldan boshlanadi va yuqorida baland qor-muzliklargacha almashinadi. O‘zbekiston tog‘larida tekislikka xos iqlimning baʼzi bir xususiyatlari – kontinentallik, yillik va sutkalik harorat amplitudasining kattaligi, havoning quruqligi kabi xususiyatlari saqlanib qoladi, biroq tog‘larda bu iqlimiy xususiyatlar keskinligi kamayadi. Tog‘li o‘lkalarda bulutli kunlarning ko‘p bo‘lishi, qorning uzoq yotishi, yog‘in miqdorining ko‘pligi, havo haroratining pastroq bo‘lishi, tog‘-vodiy, yonbag‘ir shamollarining esishi ham xosdir.
Umuman tog‘li relef, yaʼni tog‘ tizmalarining mutlaq balandligi, Quyoshga nisbata qanday turishi, havo oqimlariga relefning taʼsiri, tog‘ oralig‘ida vodiy, botiq, platolarning bo‘lishi turli xil landshaftlar paydo bo‘lishiga shubhasiz taʼsir etadi. Bu esa o‘z navbatida tog‘larda balandlik mintaqalarining shakllanishiga taʼsir etadi.
Umuman yonbag‘ir bo‘ylab 100 metr ko‘tarilganda havo harorati o‘rt hisobda -0,60 ga pasayadi. O‘zbekiston tog‘lari janubiy kengliklardabo‘lishiga qaramasdan 3200 metrdan yuqorida havoning yillik o‘rtacha harorati manfiy bo‘lib qoladi. Tog‘larda havo haroratining o‘zgarishi tog‘ tizmalarining yo‘nalishiga va yonbag‘irlarning Quyoshga nisbatan qanday turishiga, xullas relefning yana boshqa hududiy ko‘p xususiyatlariga bog‘liq.
O‘zbekiston tog‘larida sovuq bo‘lmaydigan kunlar pastdan yuqoriga tomon quyidagicha kamayib boradi: Xovosda (356 m) 230, Toshkentda (473 m) 216, Obliqda (847 m) 211, Sangzorda (1307 m)184 kun davom etadi. O‘zbekiston tog‘larida yog‘in tekislikka nisbatan bir muncha ko‘proq yog‘adi. Yog‘in respublikamizning nam havo massalariga yo‘nalishiga birinchi to‘g‘anoq bo‘lgan tog‘ tizmalariga, ayniqsa ularning g‘arbiy yonbag‘irlariga 1500-3000 metr balandliklarda eng ko‘p tushadi va yillik miqdori ayrim joylarda 900 mm dan ham oshadi.
O‘zbekiston tekisliklaridan tog‘lar yonbag‘iri bo‘ylab ko‘tarilib borgan sari umumiy iqlim sharoitlarining o‘zgarib borishi kuzatiladi. Yaʼni yuqoriga ko‘tarilgan sari issiq iqlim iliq iqlim bilan, keyin tog‘ning yuqori qismida esa sovuq iqlim bilan almashinadi. Shuningdek, yog‘ingarchilik miqdori, o‘avo bosimi va havoning nisbiy namligi ham o‘zgarib boradi. Natijada balandlik iqlim mintaqalari tarkib topadi.
Bu o‘zgarishlar balandlik tabiat zonalarining shakllanishiga va joylanishiga taʼsir etadi. O‘zbekistonda cho‘l zonasining janubida, janubi-sharqida va sharqida tog‘ oldi balandliklari va tog‘lar joylashgan. Bular G‘arbiy Tyanshan tog‘ tizmalari, Hisor, Zarafshon, Turkiston, Nurota tog‘lari, tog‘ oldi tekisliklari va tog‘ oralig‘idagi vodiylardan iborat bo‘lib, ularning mutlaq balandligi 300 m dan 4688 metrgacha boradi.
O‘zbekistonning tog‘ oldi va tog‘lik qismlari orografik, geologik, geomorfologik, iqlimiy, gidrografik xususiyatlari, o‘simlik-tuproq qoplamining rang-barangligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun O‘zbekistonda balandlik mintaqalarining shakllanishida, joylashishida hududiy farqlar ko‘zga yaqqol tashlanadi. Respublikamizdagi tog‘larda balandlik mintaqalari cho‘l zonasidan boshlanadi. Bu zona 2 qismdan – quyi cho‘l va yuqori cho‘ldan iborat. Quyi cho‘l 0-200 metr mutlaq balandlikda joylashgan, yuqori cho‘l 200-500 metr balandlikka ega.
Yuqori cho‘l quyi cho‘ldan tog‘larga yaqinligi va shu sababli yog‘inning biroz ko‘proqligi, och tusli bo‘z tuproqlari, efemer o‘simliklari bilan ajralib turadi va tabiatiga ko‘ra kenglik zonalari bilan balandlik mintaqalari orasida o‘tkinchi zona hisoblanadi. Ayrim olimlar yuqori cho‘lni balandlik mintaqasiga kiritsalar, ayrimlari uni kenglik cho‘l zonasining bir qismi deb hisoblaydilar. Keyingi balandlik mintaqasi tog‘ oldi chala cho‘l-quruq dasht (adir) mintaqasidir. Unga tog‘ oldi tekisliklari va tog‘ oralig‘idagi botiqlar, tog‘ oldidagi adirlar va adir oldi tekisliklari past tog‘lar kiradi.
Bu mintaqaning mutlaq balandligi 500 m dan 1200-1600 m gacha boradi. Relefi notekis,oddiy va to‘q tusli bo‘z tuproqlar tarqalgan, o‘simlik qoplami asosan rang va qo‘ng‘irboshdan iborat. Bu mintaqada ikkita balandlik zona – quyi qismida chala cho‘l va yuqori qismida esa esa quruq dashtlar tarkib topgan. Chala cho‘lda tabiiy nam bahorikor donli ekinlar uchun yetarli emas, lekin quruq dashtda tabiiy nam bilan bahorikor donli ekinlarni yetishtirish mumkin. Umuman bu mintaqada sug‘orib ekin ekishda, donli ekinlarni yetishtirishda, relefi dehqonchilikka noqulay
bo‘lgan joylarida yaylov chorvachiligida foydalaniladi.
O‘rtacha baland tog‘larning o‘rmon-o‘tloq-dasht mintaqasi G‘arbiy Tyanshan va Hisor tog‘larida 800-900 m dan 2500-2700 m gacha bo‘lgan balandlikda joylashgan. Bu yerlarda anchagina maydonning tuprog‘i yuvilib ketgan, ko‘p yerlarni qoyali tog‘ jinslari, surilmalar, qurumlar egallab yotadi. Quruq yonbag‘irlarda jigarrang tuproqlar tarqalgan bo‘lib, bu yerlarga archazorlar xos va quruq dasht o‘simliklari o‘sadi (bug‘doyiq, shuvoq, chalov, toshkakra va boshqalar).
Tog‘larning nam havo massalariga ro‘para namgarchil yonbag‘irlarida qo‘ng‘ir tog‘ o‘rmon tuproqlari keng tarqalgan. Bunday yerlarda yong‘oqzorlar, naʼmatakzorlar va archazorlar uchraydi. Bu mintaqa bahorgi, yozgi va kuzgi yaylov sifatida va tog‘ bog‘dorchiligida foydalaniladi. Baland tog‘larning subalp va alp o‘tloqlari mintaqasiga balandligi 2700-2800 m balandlikdan boshlanib qor chizig‘igacha davom etadi. Bu mintaqada och va to‘q qo‘ng‘ir tuproqlarda nam o‘tloq va o‘tloq dasht o‘simliklari keng tarqalgan. Mintaqa 2 qismdan – subalp va alp o‘tloqlaridan iborat.
Subalp o‘tloqlariga balandligi 2700-2800 m dan 3000-3200 m gacha bo‘lgan yerlar kiradi. Tuproqlari och jigarrang va qo‘ng‘ir. Boshoqlilar va chim hosil qiluvchi o‘simliklar keng tarqalgan. O‘rik, archa uchraydi. Alp o‘tloqlari 3200 m dan baland joylarda rivojlangan. Tuprog‘i to‘q jigarrang, qo‘ng‘ir. Kserofit o‘simliklar ko‘proq uchraydi. Subalp va alp o‘tloqlaridan asosan mayda mollar uchun yozgi yaylov sifatida foydalaniladi.
Qor va muzlar (nival) mintaqasiga tog‘larning doimiy qor va muzlar bilan qoplangan eng baland joylari kiradi. Bu mintaqa qor chizig‘idan yuqorida joylashgan. Uning pastki chegarasi Piskom havzasida 3600 m, Qashqadaryoda 3820 m, Sangardakda 3850 m balandlikka to‘g‘ri keladi. Tog‘li hududlarni qishloq xo‘jaligi uchun o‘zlashtirish va undan kelib chiqadigan muammolarni o‘rganish shu kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. O‘zbekiston tog‘laridan hozirgi vaqtda
asosan yaylov sifatida foydalaniladi, uning iqtisodiy imkoniyati katta emas. U yerlarda jami aholining taxminan 10 %i yashaydi.
Tog‘-kon sanoatidan boshqa sanoat tarmoqlari rivojlangan emas. Tog‘larimizda dehqonchilikni (xususan mevachilikni), o‘rmonchilikni, chorvachilikni rivojlantirish maqsadga muvofiqdir. Demak, O‘zbekiston relefi genezisi, yoshiga ko‘ra juda ham murakkab va xilma-xil ekan. Uning hududi keng tekisliklardan va balandligi 4000 m gacha va undan ham baland (4688 m) tog‘ massivlaridan iborat bo‘lib, ular respublika hududida notekis joylashgan. Respublika hududining sharqiy va janubi-sharqiy qismlarini tog‘lar va vodiylar g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy qismlari keng akkumlyativ tekisliklar va tog‘ oldi tekisliklari egallagan
O‘zbekiston landshaftlari ham relefga bog‘liq ravishda morfotektonik belgilariga ko‘ra tekislik va tog‘ landshaftlariga bo‘linib, har biri alohida landshaft sinf (klass)lari sifatida ko‘riladi. Ular ham o‘z navbatida strukturali –denudatsion, eol tekisliklariga, past tog‘larga, o‘rtacha balandlikdagi va baland tog‘larga bo‘linadi. Tekislik landshaftlari sinfida eng yirik birlik landshaftlar guruhidir.
O‘zbekiston landshaftlari suv rejimiga ko‘ra avtomorf, gidromorf va yarim gidromorf landshaft guruhlariga bo‘linadi. Avtomorf landshaftlar tuproq-o‘simlik qoplami sizot suvlari ishtirokisiz, asosan yog‘in suvlari taʼsirida rivojlanadigan oddiy landshaftlardir. Ular suvayirg‘ichlarda, baland tekisliklarda grunt suvi ancha pastda bo‘lgan sharoitda tarkib topadi.
Bu sharoitda tuproq va o‘simliklar gorizontal zonallik qonuniyatlari asosida tarqaladi. Gidromorf landshaftlar yog‘inlardan tashqari qo‘shimcha suv manbaalarioqar suvlar, grunt suvlari ishtirokida rivojlanadi va yil davomida ular taʼsirida bo‘ladi. Grunt suvlarining chuqurligi mavsumiy o‘zgarib turadigan va maʼlum davrdagina tuproqlar rivojiga taʼsir etadigan hududlarda yarim gidromorf landshaftlar tarkib topadi. Bu landshaft guruhi avtomorf va gidromorf landshaftlar o‘rtasida oraliq landshaftlar hisoblanadi.
O‘zbekistonda o‘ziga xos kenglik tabiat zonalarining mavjudligi va ularga mos balandlik mintaqalarining borligi Respublika hududidagi tekislik landshaftlari sinfi doirasida cho‘l (mo‘ʼtadil, subtropik), voha; tog‘ oldi va tog‘lar sinfida tog‘ chala cho‘llari, tog‘ dashtlari, tog‘-o‘rmon dashtlari, tog‘ o‘tloqlari, tog‘ o‘rmonlari, tog‘ tundralari, glyasial-nival landshaft turlarini (tiplarini) ajratish imkonini beradi.
Landshaft turlari doirasida geoloik va geomorfologik mezonlarga, yaʼni relef turiga, uni hosil bo‘lishi bilan uzviy bog‘langan yotqiziqlarga qarab landshaft toifalari (rodlarga) ajratiladi. Masalan, cho‘l landshaft turi doirasida to‘lqinsimon kuchli parchalangan prolyuvial tekisliklar landshaft toifasini yoki yuzasi tekis prolyuvial tekisliklar toifasini ajratish mumkin. Landshaft tasnifidagi eng kichik taksonomik birlik-landshaft xilidir (vid).
U umumiy tabiiy xususiyatlarga ega bo‘lgan alohida landshaftlar yig‘indisidan iborat bo‘lib tabiiy o‘simlik (turlari) va unga mos bo‘lgan tuproq xususiyatlariga qarab ajratiladi. N.A.Kogay O‘zbekistonda 50 dan ortiq landshaft xilini ajratgan (1982) va ularni zonalar hamda mintaqalar bo‘yicha joylashishiga qarab landshaft turlariga gruhlashtirgan. O‘zbekistondagi balandlik mintaqalarining
quyi qismini tashkil qiluvchi cho‘l turiga (tipiga) 33 ta landshaft xili kiritilgan. Bu turdan yuqorida joylashgan cho‘l-dasht-quruq dasht landshaft turi 11 ta landshaft xilidan tashkil topgan. O‘rmon-o‘tloq dasht landshaft turidagi landshaftlar 4 xilga ajratiladi.
O‘zbekiston landshaftlari paydo bo‘lishi, tuzilishi (strukturasi) va boshqa muhim belgilariga ko‘ra tizimga solinganda, guruhlashtirilganda ular quyidagi taksonomik birliklarga ajratiladi:
– landshaft guruhi
– landshaft turi
– landshaft toifasi
–landshaft xili.
Bunday tipologik landshaft komplekslarini ajratganda hududlarning tabiatiga ko‘ra bir butunligi (yaxlitligi) emas, balki turli joydagi landshaftlarning o‘zaro o‘xshashligi (bir landshaft turiga kirishi) asos qilib olinadi.
O‘lkamiz tabiati g‘oyatda go‘zaldir (1-rasm). Mamlakatimizning kunchiqar tomonini baland tog‘lar egallagan. Baland tog‘ cho‘qqilaridagi qorlar yozda ham erib tugamaydi. Bu davrda tog‘ yonbag‘irlarining tabiati yashil libosda bo‘ladi. Bu joylar o‘zining chiroyli. tabiati, musaffo havosi, zilol suvlari bilan kishilarni maftun etadi.

O‘lkamiz tabiati hayvonot olami bilan ham boydir. Tog‘larda, cho‘llarda, o‘rmonlarda, daryo va ko‘l bo‘ylarida turli xil jonzotlar hayot kechiradi (2-rasm).
Tog‘lardan boshlanadigan sersuv daryolar aholini, bog‘ va dalalarni suv bilan ta’minlaydi. Tog‘lar oralig‘ida ko‘plab qishloqlar joylashgan. Bu yerlarning tabiati o‘zgachadir. Tabiati go‘zal tog‘ yonbag‘irlarida dam olish oromgohlari va sihatgohlar tashkil etilgan. Oromgoh va sihatgohdagilar uchun toza tog‘ havosi va zilol suvlari shifodir.
O‘lkamizdagi shaharlarning ko‘rinishi ham juda maftunkor. Shaharlar yildan yilga go‘zallashib bormoqda. Bir-biridan chiroyli va hashamatli binolar qurilishi bilan bir qatorda ko‘plab istirohat bog‘lari ham barpo etilmoqda. Shahar va qishloqlarda ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Yurtimizning har qarich yeri oltinga teng. Uning goʻzal tabiati, musaffo havosi, ziloldek tiniq va shifobaxsh suvlari har qanday kishini oʻziga maftun etadi. Mana shunday betakror goʻzallikni asrab-avaylash, kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish har birimizning unutilmas burchimizdir.
5-iyun – Xalqaro Atrof-muhitni muhofaza qilish kuni butun dunyo boʻylab har yili keng nishonlanadi. Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 1972-yil Stokgolmda boʻlib oʻtgan Insoniyat muhiti mavzuidagi konferensiyada joriy etilgan.
Oʻtgan yillar davomida mazkur kun 100 dan ortiq mamlakatda nishonlandi, hozirda ekologik muammolarni yechishga yordam beruvchi muhim bir zamin boʻlib xizmat qiladi. Bundan tashqari, ushbu kunda barcha xalqlar birlashib, atrof-muhitni muhofaza qilishga, ona-yerimizni asrab qolishga oʻzining shaxsiy hissasini qoʻshish imkoniga ega boʻladi.Mazkur sana munosabati bilan noyob oʻsimlik va hayvonot dunyosiga boy boʻlgan Hisor davlat qoʻriqxonasiga tashrif buyurdik.
Aslida ushbu soʻlim maskan ajoyibotlari qoʻriqxona xududidan oqib oʻtuvchi daryo va irmoqlardan oqib kelib, ulkan ummonni tashkil qilgan Hisorak suv omboridan boshlanadi.Qoʻriqxona tabiatini moʻtaʼdil boʻlishida undagi mavjud daryo va koʻllarning ahamiyati bekiyosdir. Uning hududi bilan chegaradosh Surxandaryo, Tojikiston va Holikdod soyining boshida joylashgan Ssvsrsev, Botirboy muzliklaridan bir qator suv manbalari boshlanadi. Ularning ichida eng yiriklari Oqsuv, Tanxoz va Qizildaryo daryolari hisoblanadi. Shu uch daryo suvining Shahrisabz tumani hududida koʻshilishi natijasida Qashkadaryo daryosi hosil boʻladi. Daryolar qor, muz, yer osti suvlari va yogʻinlardan toʻyinadi, ularni yuqoridan pastga qarab oqishi jarayonida katta-kichik sharsharalar hosil boʻladi.Hisor davlat qoʻriqxonasi Oʻzbekistonning janubiy-sharkiy kismida, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Yakkabogʻ va Qamashi tumanlari xududida, Hisor togʻ tizmasining gʻarbiy yonbagʻirlarida, dengiz sathidan 1 ming 750 metrdan 4 ming 421 metrgacha balandlikda joylashgan boʻlib, u janubiy-sharqda Surxondaryo viloyati, sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.Mazkur qoʻriqxona 1983-yil Qashqadaryo viloyatidagi ikkita mustaqil Miraki va Qizilsuv qoʻriqxonalarining birlashtirilishi natijasida, Hisor togʻ tizmalarining janubiy-sharqiy qismidagi tabiiy komplekslarning tipik uchastkalarini asl holida muhofaza qilish, ulardagi tabiiy jarayonlarning borishini oʻrganish xamda shu xududda yoʻqolib borayotgan flora va fauna vakillarini saqlab kolish maqsadida tashkil kilingan. – -Hisor davlat koʻriqxonasining umumiy yer maydoni 80 ming 986,1 gektarni tashkil etadi, shundan 50 ming 892 gektari Shahrisabz tumani, 16 ming 200 gektari Yakkabogʻ tumani va 14 ming 92 gektari Qamashi tumanlari hududida joylashgan boʻlib, hudud jihatidan u Markaziy Osiyoda eng katta koʻriqxonadir, – deydi Hisor davlat qoʻriqxonasi ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Baxtiyor Oromov. – Qoʻriqxona umumiy yer maydonining 22 ming 276 gektari archazor va butasimon oʻrmonlar bilan qoplangan, yaylovlar 24 ming 258 gektarni, daryolar va koʻllar 107 gektarni, botqokliklar 461 gektarni, muzliklar 3 ming 155 gektarni, qoya va jarliklar 30 ming 258 gektarni tashkil etadi. Hisor davlat qoʻriqxonasining yer maydoni Gʻilon, Tanxozdaryo, Miraki va Qizilsuv boʻlimlariga boʻlingan. Hisor davlat qoʻriqxonasi Pomir-Oloy togʻ tizimiga kiradigan Hisor tizmasining shimoliy-gʻarbiy qismida joylashgan. Uning butun hududi yagona massiv sifatida sharqdan gʻarbga 37 kilometr, shimoldan janubga 90 kiometrga choʻzilgan. Togʻ yotqiziqlari ichida paleozoy jinslari koʻp uchraydi. Choʻqqilarining balandligi 2 ming 500 metrdan 4 ming 421 metrgacha. Jumladan, Hazratsulton togʻi 4 ming 266 metr, Xoʻja-kirshavor 4 ming 303 metr, Toʻrtqoʻylik 4 ming 366 metr, Bibi-Oʻlmas 4 ming 349 metr. Oʻzbekistonning eng baland nuqtasi ham koʻriqxonaning Toʻrtqoʻylik togʻidagi dengiz sat­hidan 4 mi 421 metr balandlikda joylashgan nomsiz choʻqqidir. Qoʻriqxona hududida mezazoy-kay­nazoy davri yotqiziqlarida karst jarayonlari keng tarkalgan va oʻralar, daralar, tokcha va gʻorlar koʻplab uchraydi. Ushbu togʻ daryolari va soylari chuqur daralarni hosil qiladi.Oʻziga xos tabiatli Hisor davlat qoʻriqxonasiga Suv tushar sharsharasi oʻzgacha husn bagʻishlagan. Qoʻriqxona hududidan boshlanadigan va oqib oʻtadigan soylar, irmoklar, daryolar oʻzining suv oʻzanida turli shakl va koʻrinishdagi sharsharalar hosil qiladi. Ulardan eng yirigi Suvtushar sharsharasidir. Ushbu sharshara koʻriqxonaning Miraki boʻlimining Suvtushar soyining boshlanish kismida, dengiz sathidan 2 ming 100 metr balandlikda joylashgan. Sharsharaning balandligi 84 metr boʻlib, katta qoya toshlar va archazorlar orasida joylashganligi bilan tabiat shaydolarini oʻziga maftun etadi. Ushbu sharshara Hisor togʻ tizmasining 4 metr balandlikdagi Osmontalash qorli qoyalaridan paydo boʻlgan suvlar hisobiga hosil boʻladi. Oʻziga xos ajib bir kuyni chalib, sohibjamolning uzun yoyilgan kokillarini eslatuvchi suvning shiddatli oqimi ushbu sharshara suvini koʻpirtirib, oppoq holatga olib keladi. Shuning uchun maxalliy aholi orasida gohida uni Suttushar sharsharasi ham, deb atashadi.Tanxozdaryo boʻlimining dengiz sathidan 3 ming 200 metr balandlikda joylashgan Sarituz kengliklaridan boshlanadigan Sarituz soyining eng yuqori qismida, dengiz sathidan 3 ming 200 metr balandlikda, uzunligi 1000 metrdan ortiq boʻlgan, faqat bahor oylarida erigan qor, yomgʻir, buloq suvlaridan paydo boʻladigan Oq kamar sharsharasi mavjud. Sharshara Sarituz soyining serqoya kesik toshlari orasidan ilon izi yoʻnalishi boʻylab, oʻynoqi harakatlari bilan pastga qarab oqishi qoʻriqxona tabiatiga ajoyib koʻrinish kasb etadi. Toshdan toshga urilib oqayotgan oʻz oʻljasiga hamla qilmoqchi boʻlgan ilonni eslatuvchi tez oqar suv zarralari mazkur yerda oʻsadigan endemik oʻsimliklarni namlik bilan taminlaydi.
– Ona tabiat. Uning sofligi, tabiiyligini asrab-avaylash va kelajak avlodga butunligicha yetkazish uchun barchamiz masʼulmiz, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Gʻanisher Ibragimov. – Shu maqsadda Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan joriy yilning 1-choragi davomida jami 490 ta reyd tadbirlari oʻtkazildi. Oʻtkazilgan reyd davomida Oʻzbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilishga oid qonun, qonunosti hujjutlari talablarini buzgan 516 nafar fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan maʼmuriy jarimalar qoʻllanilgan.
Tabiatning oʻzi zargarga oʻxshaydi. Uning bagʻridan unib chiqqan har bir giyoh, har bir daraxt, oʻrmonlar, hayvonot olami oʻziga xos bir olamdir. Bu tabiiy boylikka daxl qilinishining oldini olish, muhofaza qilish faqat shu soha xodimlarining ishi emas, balki barchaning burchidir. Chunki, biz yashayotgan hudud musaffoligi, ekologik muvozanat barchamizga birday daxldordir. Muxtasar qilib aytganda, ona tabiatga mehr-muhabbatli boʻlaylik. Oilalarda, mahalla va qishloqlarda ekologik tarbiyani kuchaytiraylik. Orastalikka rioya qilishimiz, gulu giyohlar maskani va daraxtzorlarni avaylab parvarishlashimiz zarur. Agar biz tabiiy goʻzalliklarga ziyon yetkazmaslikni odat qilsak, avlodlar kelajagi va xayotning davomiyligi uchun shunchalik koʻp qaygʻurgan boʻlamiz.jMa’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida 1,5 million hayvon va 500 mingga yaqin o‘simlik turlari mavjud ekan. O‘zbekistonda ular 4230 dan ortiq. Shulardan 770 tasida dorivorlik xususiyati bor. Ko‘rinib turibdiki, tabiatning o‘zi ulkan «dorixona»dir.
Yer yuzidagi ana shu o‘simliklar yiliga 400 milliard tonna kislorod ishlab chiqaradi. Bu esa insoniyat va jamiki jonzotlarning yashashiga imkoniyat yaratadi.
Tabiat insonni yediradi, ichiradi, kiyintiradi. Shu bois unga «ona» so‘zini qo‘shib aytamiz.
Insonlarga ma’naviyat va ma’rifat urug‘ini tarqatuvchi Islom dinimizda ham hayvonot olami va bizning sog‘-salomat turmush kechirishimizga xizmat qilayotgan muhitni, havo, yer va suvni iflos qilmaslik haqida pandu nasihat va o‘gitlar bisyor. Ulug‘larmiz ham «Atrof-muhitga mehrli, shafqatli munosabatda bo‘linglar, suvga, o‘zanlarga, serqatnov yo‘llarga, soya-salqin joylarga chiqindi tashlab, la’natga qolishdan qo‘rqinglar», — deya ogohlantirgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra, o‘limga olib boruvchi ekologik omillardan birinchisi — bu havoning ifloslanishi bo‘lsa, ikkinchisi shovqin ekan. Bu ikki salbiy holatni daf etishda albatta, yashillik olamining o‘rni beqiyos. Ona tabiatning ifloslanishi nafaqat yashillik olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki inson salomatligiga ham jiddiy zarar yetkazadi. Birgina avtotransport vositasining dud­bo‘ronidan chiqadigan tutunda yuz xilga yaqin zaharli gazlar mavjud bo‘lib, u biz nafas olayotgan atmosferaning musaffoligiga zarar yetkazadi. Tabiatga zarar yetkazuvchi bunday zavod-fabrika va boshqa omillar ko‘p.
Qadimda ota-bobolarimiz farzand ko‘rishlari munosabati bilan daraxt nihollari ekishgan. Momolarimiz oilada qiz bola tug‘ilsa, unib-o‘ssin, bir etak farzandlarni yetaklab yursin deya yaxshi niyat bilan mevali daraxtlar ekishgan. Agar o‘g‘il bola tug‘ilsa, voyaga yetgach unga uy-joy qurish uchun kerak bo‘ladigan tol va teraklar ekishgan. Bu yaxshi udum albatta, yashillik olamini ko‘paytirishga xizmat qilgan.
Bir yo‘lovchi keta turib, nuroniy cholning mevali daraxtlar ekayotganini ko‘rib, debdi:
— Siz ekayotgan bu nihollar qachon voyaga yetadi-yu, qachon meva beradi, sizga nasib qiladimi, yo‘qmi?
— Menga savobi tegsa, bo‘ldi. Kelajakda ularning mevasini farzandlarimiz yeydi, — degan ekan u.
Ming afsuski, bugungi kunda ba’zi yoshlarda yetarli ekologik madaniyatning shakllanmagani, ularga ota-onalari tomonidan tabiat muhofazasi yoki ekologik madaniyat to‘g‘risida yetarli tushuncha berilmagani sababli ona tabiatga, yashillik olamiga nisbatan hurmatsizlik, toptash, ezg‘ilash, sindirish yoki ataylab zarar yetkazish holatlari uchraydi.
Yoz kunlarining birida oi­laviy tarzda, tabiat qo‘ynida dam olgani bordik. Tog‘ etagidagi soya-salqin joyda mashinani yo‘l chetiga to‘xtatdik. Narsalarni daraxt ostiga olib borishdan avval ikki nafarimiz 50-100 metrlar chamasi nariroqdagi joyni ko‘rishga ketdik.
Ming afsuski, bizga sirtdan ma’qul ko‘ringan salqin, yashillikka burkangan joy bizdan avval kelib-ketganlarning kasridan achinarli holatda yotardi. Maysalar payhon qilingan, ichimlik shishalariyu ovqat va sigaret qoldiqlari, non bo‘laklari sochilib yotardi.
Bir savol tug‘iladi. Nahotki, dam olishga kelganlar bu yerga o‘zidan keyin ham odamlarning hordiq chiqarishi, tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishga haqqi borligini o‘ylab ko‘rmasa? Ular bizni yedirib, kiyintiradigan, to‘ydiradigan ona tabiatga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgani uchun gunohga botishi va uning uvoli tutishini xayollariga keltirishmasa?
Agar ularda ekologik madaniyat ko‘nikmasi shakllantirilganda, bunday achinarli holatga duch kelmagan bo‘lardik.
Ulug‘ olim Abu Rayhon Beruniy aynan ana shundaylarga «Agar odamlar tabiatga nisbatan loqayd munosabatda bo‘lsalar, uning qonun-qoidalarini qo‘pol ravishda buzsalar, bir kun kelib tabiat ulardan o‘ch oladi, o‘shanda hech qanday kuch uni to‘xtata olmaydi», — deya ta’kidlagan edi.
Hozirgi paytda ba’zi mamlakatlarda yuz berayotgan turli tabiiy ofatlar, sel va kuchli to‘fonlar, yong‘inlar, kuchli yer silkinishiyu chang bo‘ronlari balki insoniyatning ona tabiatga nisbatan ana shunday shaf­qatsizligi yoki undan nooqilona foydalanishi oqibati.
Ha, ona tabiatni asrash va sevishda biz kattalar yoshlarning e’tiborsizlik va loqaydliklariga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Shunday ekan, maktab, uy, ko‘cha, mahallada bo‘ladimi, ularning xatti-harakatini nazorat kilgan holda o‘git va maslahatimizni ayamasak, albatta, buning samarasi bo‘ladi.
Muhimi, barchamiz shu ona zaminda, gullab-yashnayotgan mamlakatda hayot kechirayotgan ekanmiz, ona tabiatni, yeru osmonni, atrof-muhitni asrab-avaylashga, uni asl holatida kelajak avlodga yetkazishga mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz lozim.
Download 38.7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling