P a r a z I t o L o g I ya
Qo’y miya qurti (Multiceps multiceps)
Download 1.58 Mb. Pdf ko'rish
|
parazitolog ma\'ruza-конвертирован (1)
Qo’y miya qurti (Multiceps multiceps) ham 40-100 sm uzunlikdagi
tasmasimon chuvalchang bo’lib, asosiy xo’jayinlari it, tulki, bo’ri, chiya bo’ri va boshqa yirtqich sutemizuvchilar hisoblanadi, ya’ni ana shu hayvonlarning ingichka ichagida yashab ularga sezilarli darajada zarar etkazmaydi. Bu tasmasimon chuvalchangning lichinkalik davri (Coenirus cerebralis) qo’y, echki, ba’zan qoramollar, tuya, ot, cho’chqa hamda bug’ularning bosh va orqa miyalarida o’rnashib, senuroz deb ataluvchi kasallikni keltirib chiqaradi. Bu kasallik odamda ham uchraydi. Umuman, qo’y miya qurtining tasmasimon voyaga etgan shaklida, uning boshchasida (skoleksida) 4 ta so’rg’ichi, xartumchasida esa ikki qator har xil kattalikdagi 22-32 tagacha ilmoqchalari joylashgan. Tanasidagi bo’g’imlar soni 200- 250 tagacha etadi. Etilgan oxirgi bo’g’imlarida bachadon 16-26 tagacha yon o’simtalar chiqaradi va ular tuxum bilan to’lgan bo’ladi. Parazitning etilgan proglottidasida 20-60 ming va undan ham ko’proq tuxumlari bo’lishi mumkin. Tuxumlarga to’la etilgan proglottidalari xo’jayin axlati orqali tashqariga chiqariladi. So’ngra bu proglottidalar bir necha soat davomida erda yoki o’tlar orasida harakat qila boshlaydi. Etilgan bo’g’imlarning qisqarishi natijasida undan juda ham ko’p miqdorda tuxum chiqadi va ular yaylov va suvga tushadi. Umuman, bu kasallik bilan og’rigan it axlati bilan har kuni 20-30 tagacha chuvalchangning etilgan proglottidalari tashqi muhitga chiqaziladi. Ayrim itlar ichagida 200 va undan ham ortiq chuvalchang bo’lishi mumkin. It organizmida bu parazit bir necha oy va xatto 2 yilgacha yashashi mumkin. Bu chuvalchangning oraliq xo’jayinlari qo’y miya soliteri tuxumlari bilan zararlangan yaylovlarda boqilganda o’t va suv orqali ushbu parazitning tuxumlarini yutib yuboradilar. qo’ylarning ichagida tuxumdan onkosfera lichinkasi chiqadi va ular qonga o’tib qon oqimi bilan orqa miya va bosh miyaga borib o’rnashadi va rivojlanib - kaptar tuxumidek, yong’oqdek kattalikdagi senur pufagini, ya’ni finnani xosil qiladi. Miyasida finna, ya’ni senur bo’lgan qo’ylar bezovtalanadi, tipirchilaydi, bir joyda turib aylanaveradi. Ba’zi qo’ylar boshini orqasiga tashlab yoki pastga egib, oldinga yuradi yoki orqasiga tisarila boradi. Bu kasalga uchragan qo’y oriqlaydi, yotgan joyidan turolmaydi va oxiri darmonsizlanib o’ladi. YUqorida ko’rsatilgan belgilarga qarab kasallangan mollarni osongina aniqlasa bo’ladi. Pufak tiniq suv bilan to’lgan bo’lib, uning ichki pardasida 100-250 tagacha boshchalari, ya’ni skolekslari to’p-to’p bo’lib joylashgan bo’ladi. Bu chuvalchangning pufakchali, ya’ni finnali lichinkasi qo’zg’atadigan kasallik senuroz 52 deyiladi va bu kasallikka chalingan hayvonlar xalok bo’ladi yoki majburiy go’shtga so’yiladi, bu esa chorvachilikka katta ziyon keltiradi. Senuroz kasalligi odamlarda ham uchrab turadi. Uni davolash faqat jarrox maxoratiga bog’liq. Xozirgacha senuroz kasalligiga chalingan odamlarning soni 42 taga etgani fanga ma’lum. Bu kasallik Fransiya, Angliya, Ispaniya, MDX mamlakatlarida, Meksika va Afrikada yashovchi axoli o’rtasida ko’proq uchraydi. Umuman, senur, ya’ni pufakli lichinka-finna juda sekin o’sadi. Masalan, qo’ylar zararlanganda 2 xafta o’tgach pufakning diametri 3-5 mm atrofida, 6 xafta o’tgach 2-3 sm va 2-3 oy o’tgandan so’ng esa 3,5 sm atrofida bo’lib, shu paytdan boshlab ularning ichki pardasida parazitning boshchalari, ya’ni skolekslari etishadi. Asosiy xo’jayinlari qo’y miya qurti bilan kasallangan qo’ylarning va boshqa chorva mollarning bosh hamda orqa miyalarida joylashgan pufakli-finnani iste’mol qilish orqali o’zlariga yuqtiradi. So’ngra ularning ichaklarida 41-73 kundan keyin jinsiy voyaga etgan tasmasimon qo’y miya qurti xosil bo’ladi. YUqorida aytganimizdek, qo’ylarning miyasida uchraydigan pufakli finna senuroz kasalligini vujudga keltiradi. Senuroz (gir aylanma yoki tentak kasal) - surunkali gijja kasalligi bo’lib, asosan yosh qo’ylar va echkilar ko’proq kasallanadi. Senuroz bilan kasallangan hayvonlarni (odamlarni ham) davolashning birdan-bir usuli jarroxlik yo’li bilan bosh miyadan parazitning pufakli finnasini olib tashlashdan iboratdir. Senuroz kasalligi er yuzida keng tarqalgan. MDXda senuroz asosan, quyi va o’rta Volga, Ural, Qozog’iston, SHimoliy Kavkaz, Sibir, O’rta Osiyo davlatlarida, Ukrainada va Kavkazorti davlatlarida ko’proq uchraydi. Maxsuldor hayvonlarga va odamlarga juda katta zarar keltiradigan tasmasimon chuvalchanglardan yana biri exinokokk (Echinococcus granulosus) hisoblanadi. Voyaga etgan exinokokkning shakli tasmasimon bo’lib, uzunligi 2-6 mm atrofida, tanasi skoleks va 3-4 bo’g’imdan iborat. Skoleksida 4 ta so’rg’ichi va xartumi bor. Xartumi ikki qator joylashgan, 28-40 tacha xitinli ilmoqchalar bilan qurollangan. Skoleksdan keyingi birinchi va ikkinchi bo’g’imlari germafrodit bo’lib, unda 50 ga yaqin urug’don, urug’ tashuvchi naycha, jinsiy bursa, tuxumdon, melis tanachasi va qin joylashgan. Oxirgi etilgan bo’g’imi 400-800 ta tuxum bilan to’lgan bo’ladi. Voyaga etgan tasmasimon exinokokk it va boshqa go’shtxo’r hayvonlarning ichagida 6 oy, ba’zan bir yilgacha yashashi mumkin. Exinokokkning etilgan oxirgi bo’g’imlari asosiy xo’jayini axlati bilan tashqariga chiqariladi va bu bo’g’imlar faol harakat qilib, 5-25 smgacha bo’lgan masofani bosib o’tib, em-xashak, hamda boshqa narsalarga o’z tuxumlarini sochadi. Oraliq xo’jayinlar, ya’ni qo’y, echki, qoramol, tuya, cho’chqa va boshqa o’txo’r hayvonlar exinokokk tuxumlarini em-xashak bilan yutib, bu parazitni o’zlariga yuqtiradi. Mazkur hayvonlar ichagida tuxumdan ajralgan 6 ilmoqli lichinka- onkosfera tezda ichakni teshib, qonga o’tadi va hayvonlarning o’pkasi, jigari, buyragi va boshqa organlariga borib joylashadi. Bu organlarda exinokokk pufagi xosil bo’ladi. Ular juda sekin va uzoq o’sib, tobora kattalashib boradi. Exinokokkning pufakli shakli 10-30 yilgacha ham o’sishi mumkin. Pufak ichida exinokokk lichinkasi taraqqiy etadi va bosh qismi ichkarisiga qayrilgan ilmoqchali shakllar xosil bo’ladi. 53 Exinokokk pufaklari bilan zararlangan organlarning xajmi kattalashib, shakllari o’zgarib ketadi. Exinokokk pufaklari no’xotdek, olmadek, yosh bola boshiga teng keladiganlari va undan ham katta bo’ladi. Masalan, exinokokk pufagi bilan zararlangan sigir o’pkasining og’irligi 32 kg, jigarida esa 64 kg keladigan finna topilganligi va bunday finnadan 43 litrdan ortiq suyuqlik olinganligi fanga ma’lum. Bunday miqdordagi suyuqlik xo’jayinining organizmini albatta kuchli zaharlaydi. Demak, exinokokk pufagining birinchidan xajmining katta bo’lishi, ikkinchidan birinchi pufak ichida ko’p miqdorda ikkinchi tartibdagi mayda pufakchalarining bo’lishi va har qaysi pufakchaning ichida bir nechtadan bo’lajak tasmasimon exinokokkning boshi-skolekslari bo’lishi bilan boshqa tasmasimonlarning finnasidan farq qiladi. Xullas, pufak va pufak ichidagi qiz pufakchalarda, lichinkalarning soni 10 tadan 1000 tagacha bo’ladi. Asosiy xo’jayinlari exinokokk pufagi bilan zararlangan organlarni iste’mol qilish natijasida, ularning ichaklarida exinokokk pufakchalaridagi skolekslardan jinsiy voyaga etgan tasmasimon exinokokk xosil bo’ladi. Exinokokk asosiy xo’jayini ichagiga tushgandan 70-100 kundan keyin jinsiy voyaga etadi va tuxumlarini chiqaradi. Umuman, exinokokk keltirib chiqaradigan kasallik exinokokkoz deb ataladi. Bu kasallik er yuzining turli mintaqalarida keng tarqalgan. MDX mamlakatlarida ham hamma respublikalar chorvachilik xo’jaliklarida keng tarqalgan va chorvachilikka hamda inson sog’ligiga katta zarar etkazadi. Ilmiy ma’lumotlarga qaraganda, exinokokk bilan kasallangan bir bosh qo’ydan o’rtacha 2,5 kg go’sht, 300 gr yog’, 100 gr jigar va 400 gr o’pka hamda jun maxsulotlari kam olinadi. Exinokokkning lichinkali (pufakli) shakli odamlarda ham ko’plab uchraydi. Masalan, Uragvayda 10 yil mobaynida 3780 odam exinokokk bilan kasallangan. MDXda exinokokkoz Ukrainada, Gruziya, Ozarbayjon hamda o’rta Osiyo mamlakatlarida odamlarda uchrab turadi. Exinokokkning pufakli shakli faqat jarroxlik yo’li bilan olib tashlab davolanadi. SHuning uchun ham bu kasallikka qarshi kurashishning yagona choralaridan biri profilaktika tadbirlaridir, ya’ni kasallikning kelib chiqishiga yo’l qo’ymaslikdir. Buning uchun daydi va qarovsiz itlarning sonini kamaytirish kerak. Chorvachilik xo’jaligidagi hamda ov itlarini muntazam ravishda degelmintizasiya qilib, ya’ni gijjaga qarshi dorilar berib turish kerak. So’yilgan mollarni exinokokk pufaklari bilan kasallangan organlarini itga bermasdan, yo’qotish hamda zararsizlantirish lozim. Odamlarga exinokokk aksariyat itlarga yaqinlashganda, ularni silaganda, boshqa go’shtxo’r hayvonlarni ovlaganda, terisini shilganda parazitni tuxumini o’ziga yuqtirib oladi. Chunki itlarni va boshqa go’shtxo’r hayvonlarning junida ko’plab exinokokk tuxumlari bo’ladi. SHuning uchun ham odamlar sanitariya-gigiena qoidalariga qattiq rioya qilishlari hamda itga extiyot bo’lib muomala qilishlari kerak. Exinokokkoz kasalligini aniqlash asosan immunologik usullar orqali olib boriladi. Rentgen usulida ham aniqlanadi. YUqorida aytib o’tilgan tasmasimon chuvalchanglardan tashqari anoplosefalida (Anoplocephalidae) oilasiga kiradigan chuvalchanglardan ham chorva mollari katta zarar ko’radi. Bu oilaga kiruvchi turlar ham voyaga etgan davrida har 54 xil qishloq xo’jalik hayvonlarida, ya’ni qo’ylar, echkilar, qoramollar, otlar, tuyalar ichagida parazitlik qiladi. Masalan, qo’y, echki va qoramollar ichagida monieziya (Moniezia) avlodining turlari (Moniezia expansa, M. benedeni va bosh.) parazitlik qiladi. Bu parazitlarning uzunligi 1-5 m atrofida bo’lib, tanasi skoleks, bo’yin va proglottidalardan iborat. Skoleksida 4 ta so’rg’ichlari joylashgan, lekin ilmoqchalari bo’lmaydi. Proglottidalari qisqa va kengdir. Har bir proglottidada 2 juftdan jinsiy organlar sistemasi mavjud. Ular bo’g’imlarining yon tomonidan tashqariga ochiladi. Etilgan proglottidalar tuxumlar bilan to’lib turadi. Monieziyalar ham biogel’mint bo’lib, rivojlanish jarayonida 2 ta xo’jayin ishtirok etadi. Bunda yuqorida aytganimizdek, har xil kavsh qaytaruvchi sutemizuvchilar, ya’ni qo’y, echki, qoramol, tuyalar bu chuvalchanglarning asosiy xo’jayinlari, sovutli, qalqonli mayda tuproq kanalari (Oribatidae) esa oraliq xo’jayinlari hisoblanadi. Monieziyaning etilgan bo’g’imlari asosiy xo’jayin axlati bilan tashqi muhitga chiqadi, sovutli tuproq kanalari onkosferali tuxumlarni yutib yuboradi va kanalar tanasida chuvalchangning embrioni rivojlanib, sistiserkoid degan lichinkaga aylanadi. Kana tanasidagi sistiserkoid 2 yilgacha asosiy xo’jayinini monieziya bilan zararlash qobiliyatiga ega. Chorva mollari sistiserkoid bilan zararlangan sovutli kanalarni o’t va suv bilan yutib yuboradi. Oradan 40-50 kun o’tgach, asosiy xo’jayini ichaklaridagi monieziyalar jinsiy voyaga etadi. Bir kecha-kunduzda monieziyalar 8 sm uzunlikda o’sishi mumkin. Monieziyalar moniezioz kasalligini keltirib chiqaradi. Ular ayniqsa yosh mollarni, ya’ni 1,5-8 oylik qo’zilar, uloqlar va buzoqlarni ko’p zararlaydi. Masalan, bir yoshli qo’ylar bu kasallik bilan 59 foizgacha, birdan ikki yoshgachasi 31 foizgacha va katta yoshdagilari 15 foizgacha kasallangan. O’zbekistonda moniezioz qo’y, echki va qoramollarda hamma mintaqalarda tarqalgan. Bu kasallikka qarshi kurash degel’mintizasiya va profilaktika tadbirlaridan iborat. Download 1.58 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling