Pedagogika fanini o’qitish metodikasi fanidan Ma’ruzalar Kirish
Download 89.1 Kb.
|
Ma\'ruzalar matni
Pedagogika fanini o’qitish metodikasi fanidan Ma’ruzalar Kirish Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasida ta'lim tizimida ijtimoiy hayotning barcha sohalarida bo'lgani kabi keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Islohotlarning ko'lami shu darajadaki, unda uzluksiz ta'lim tizimini barcha bosqichlari -maktabgacha ta'limdan tortib toki kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish bosqichi, qolaversa, ta'lim tizimini boshqarish bo'g'inigacha bo'lgan jarayonlar qamrab olingan. Zero, mazkur bosqichlarning har biri yaxlit tizim bo'lgan ta'lim sohasining muhim tarkibiy elementlari bo'lib, ular bir-birlarini taqozo etadi, o'zaro aloqadorlik va bog'liqlikda rivojlanadi. Mavjud sharoitda, ta'limiy islohotlar doirasida yosh avlodga ta'lim-tarbiya berish jarayonining asosiy ishtirokchisi bo'lgan o'qituvchi, pedagoglarni tayyorlash, ularni kasbiy shakllantirish, sohaviy bilim, ko'nikma, malakalarini izchil rivojlantirish, kasbiy kompetentlik sifatlarini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilayotganligi oliy ta'lim muassasalarida o'qitish sifatini yaxshilash, samaradorligini oshirish barcha davrlarda bo'lgani kabi dolzarb muammo ekanligini tasdiqlaydi. Binobarin, o'qituvchi, pedagoglarning bilim darajasi, kasbiy tajribasi, pedagogik kompetentligi, ilg'or ish uslublari, kasbiy faoliyatiga bo'lgan zamonaviy yondashuvlari yosh avlodga ta'lim berish, uni barkamol shaxs etib tarbiyalashga qo'yilayotgan ijtimoiy talablarni to'g'ri anglash, zimmalariga yuklatilgan vazifani mavjud talablardan kelib chiqqan holda oqilona tashkil etish uchun muhim "yadro" bo'lib xizmat qiladi. Shaxsning kamolotini ta'minlashda ustozlar - o'qituvchi, pedagoglarning ishtiroki, o'rni va roli qanchalik muhim ekanligi tarixiy tajribalardan ma'lum. Sohibqiron Amir Temurning shijoatli, mard inson bo'lishida piru komil Said Barakaning, ulkan zakovat egasi - Ali Qushchining Movarounnahr, Turkiya hududlarida ehtiromga sazovor bo'lishida buyuk astronom, davlat arbobi Mirzo Ulug'beklarning faoliyatlari, nazariy va amaliy yo'l-yo'riqlari, hayotiy tamoyillari, borliqqa bo'lgan ijobiy munosabatlari, shaxs imkoniyatlariga bo'lgan cheksiz ishonchlari o'ziga xos ahamiyat kasb etgan. Shunday ekan, malakali, fidoyi, yuqori darajada kasbiy kampetentlikka ega o'qituvchi, pedagoglarni tarbiyalash maqsadga muvofiqdir. Darhaqiqat, barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tayyorlashning o'zi ham muhim ta'limiy jarayon bo'lishi bilan birga u mazkur jarayonni ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan samarali, muvaffaqiyatli tashkil eta oladigan pedagoglar tomonidan tashkil etiladi. Shu sababli mavjud voqelik, eng avvalo, zamonaviy texnologiyalar bilan qurollantirilgan ta'lim jarayonini to'g'ri tashkil eta biladigan, uning yuksak mahorat bilan boshqarilishini ta'minlay oladigan pedagog kadrlarni tayyorlash ijtimoiy, qolaversa, ta'limiy islohotlarning samarali kechishi, O'zbekistonning barcha sohalarda jahonning yetakchi davlatlari bilan tenglasha olishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Malakali pedagoglarni tayyorlashda pedagogik oliy ta'lim muassasalari talabalarini pedagogik bilimlar bilan qurollantirish, ularni yosh avlodni tarbiyalash va unga ta'lim berish jarayoniga kasbiy nuqtai nazardan yo'naltirish katta mas'uliyatni taqozo etadi. Bu jarayonda umumiy va mutaxassislik, jumladan, pedagogika fanlarini zamonaviy talablarga muvofiq samarali o'qitish talab etiladi. Mazkur talabni inobatga olgan holda oliy ta' lim muassasalarida "Pedagogika fanlarini o'qitish metodikasi" fani bo'yicha o'quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish maqsadga muvofiqdir. Zamonaviy o'quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish murakkab, mas'uliyatli jarayon bo'lib, unda pedagogika sohasida ro'y berayotgan o'zgarishlar, komil inson, malakali mutaxassisni tayyorlash borasidagi ijtimoiy ehtiyoj hamda shaxs kamolotida muhim ahamiyat kasb etadigan ustuvor tamoyillarni inobatga olish zarur. Pedagogika oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat yo'nalishi talabalari uchun mo'ljallangan mazkur o'quv qo'llanmada pedagogik va psixologik fanlarini o'qitishga qo'yilayotgan talablar imkon qadar to'la qamrab olishga urinilgan. Download 89.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling