Prinsiplari hamda qadimgi zamon tarixi manbalari
Manbani ichki belgilariga qarab tahlil etish
Download 347.22 Kb. Pdf ko'rish
|
1-Мавзу баёни
Manbani ichki belgilariga qarab tahlil etish. Manbani ichki belgilariga qarab taxlil
etish deganda uni mazmuniga qarab taxlil qilish, tushuntirish, g’oyaviy-siyosiy saviyasi va ilmiy qimmatini aniqlash masalalari anglashiladi, Har qanday asarning ilmiy qimmati unda bayon etilgan voqyealarning xolisligi, keltirilgan dalillarning to’g’riligi va nihoyat oldinga surilgan fikr va g’oyalar bilan o’lchanadi. Shuning bilan bir qatorda, bunda asarning original (asl nusxa) yoki kompilyasiya (terma) bo’lishi, to’la va qisqaligi, voqyealarning qay tarzda bayon etilishi
ham muhim ahamiyat kasb etadi, chunki, odatda, ilmiy tadqiqotlar olib borganda original va nodir nusxalarga tayanib ilmiy tadqiqotda keltirilgan har bir dalil va hatto raqam nodir manbalardan olinishi kerak. Kimningdir kitobida keltirilgan ma’lumotdan foydalanishdan saqlanish lozim. Qanday qiyin bo’lmasin, birinchi manbani topib o’qish zarur. Yana shunga ham e’tibor berish kerakki, sinfiy jamiyat sharoitida yozilgan asarlarning mualliflari ko’pincha o’zlari keltirayotgan dalillardan to’g’ri xulosa chiqarmaydilar; ularning fikrlarida noaniqlik, chalkashlik va qarama-qarshiliklar ham uchraydi. Bu tabiiy hol, albatta, chunki ular yashab ijod etgan muhitning o’zi ziddiyatlar bilan to’lib-toshgandir. Manbaning mazmunini tahlil etishda yana bir narsaga e’tibor berish lozim. Muallifning dunyoqarashidagi sinfiy cheklanish, voqyealar va faktlar ustidan xulosa chiqarganda yuz beradigan ziddiyat va qarama-qarshiliklar bilan bir qatorda, ayrim hollarda xolisona fikr yuritish hollari ham bo’ladi. Bunday paytlarda muallif ko’pincha o’z fikr va mulohazalarini pardozli iboralar va istiorali so’zlar orasiga yashiradi, goroskop (odam tug’ilganda uning taqdirini yoki biron ulug’ shaxs ishtirokida sodir bo’lishi mumkin bo’lgan muhim voqyeaning natijasini sayyoralarning o’sha paytdagi holati va o’rniga qarab maxsus jadvallar vositasida oldindan belgilash), shuningdek, ko’p asr avval bo’lib o’tgan va aynan muallif bayon qilmoqchi bo’lgan voqyeaga o’xshash faktlarni misol tariqasida keltirish yo’li bilan bayon etganlar. Bir-ikki misol keltiramiz. «Abdullanoma» asarining muallifi Hofiz Tanish Buxoriy (XVI asr) mashhur Juyboriy xojalardan biri xoja Muhammad Islom (taxm. 1493—1563) va uning «Yetti iklimning chaqqon hisobchilari» (bir bo’lganda ham) yuzdan birini ham hisoblolmaydigan» behisob boyliklariga bo’lgan munosabatini Tafsir va Hadis kitoblariga tayanib, mana shu so’zlar bilan ifodalaydi: «Tafsirat ul-mubtadin» ning uchinchi misbohida (bobida) aytilganki, jahon a’yonlari bo’lganliklari uchungina emas, (balki) unga tegishli bo’lishlari va mol-dunyoga hirs qo’yishdan o’zini tiymaganliklari uchun yomondir. Shu bois hazrat risolat-panoh (Muhammad payg’ambar) bu ma’nidan xabar berdi (va dediki) «Mol-dunyoni do’st tutish har qanday gunohning boshidir». Ashtarxoniylardan Ubaydullaxonning (1702—1711) kitobi muarrix Mir Muhammad Amini Buxoriy mazkur xonning o’ldirilish sabablarini uning faoliyatidagi nuqsonlardan, aniqrog’i atrofiga tuban va sotqin kishilarni to’plab olib, saltanat va xalq ahvolidan beparvo bo’lganligidan qidiradi: «Ravzat us-safo» da aytilganki (jahon ustidan hukm yurgizishning) birinchi sharti (shulki) hukmdor sir saqlay oladigan, muhim davlat ishlarida mustaqil fikrga ega bo’lgan maslahatchilarni tarbiyalab yetkazmog’i zarur. Jahon ustidan hukm yurgizishning ikkinchi sharti shulki, (hukmdor) o’ziga yetuk, oqil, vijdonli, kamtarin va iste’dodli kishilarni yaqinlashtirmog’i lozim... Shunga o’xshash, «Siroj ul- muluk» kitobida hikoya qilinganki, Nushirvon kunlardan bir kuni bosh kohindan so’radi: «Davlatning inqiroziga sabab nima?» Bosh kohin javob qildi: «Buning sababi uchta. Birinchisi, davlatning umumiy ahvoli oliy hukmdordan yashirin tutilsa; ikkinchisi, xalq podshoga nafrat ruhida tarbiyalansa; uchinchisi, soliq to’lovchilarning jabr-zulmi ortib ketsa». Mir Muhammad Amin Buxoriy yuqorida aytilganlardan xulosa chiqarib bunday deydi: «Afsuski har uchala zarur shart sayyid Ubaydullaxon hukmronligiga taalluqlidir... Podshoh hukmronligining ikkinchi yarmida ilgari o’tgan podsholar tariqidan, ota-bobolarning tutimidan chetga chiqdi. Tamom kuch-quvvatini tuban va zaif, sust va manfur kishilarni tarbiyalashga
sarfladi, ularni o’ziga yaqinlashtirdi; muttahamlar, haram xodimlari va xotinlar bilan yaqin munosabatda bo’ldi. Mana shularning hammasi uning davlatini inqirozga uchratdi». Xulosa qilib aytganda, manbani ilmiy tahlil qilishdan kuzatilgan maqsad, uning muhim va ilmiy tomonlarini aniqlash, unda keltirilgan dalillarning birinchi darajasidagisini ikkinchi darajadagisidan, to’g’risini haqiqatdan yiroq bo’lganlaridan ajrata bilish hamda eng muhimi asarda bayon etilgan voqyealarni (xolis tarixchi) nuqtai nazarida turib baholay olishdan iboratdir. Yana shuni ham aytish kerakki, manbani faqat uning bir o’zida keltirilgan dalil va ma’lumotlarga qarab baholab bo’lmaydi. Ba’zi hollarda keltirilgan dalillar soxta, bayon etilgan voqyea esa soxtalashtirilgan bo’lishi ham mumkin. Shuning uchun ham biron asar haqida qat’iy bir fikr aytishdan avval uni o’ziga o’xshash boshqa asar bilan solishtirib ko’rish, keltirilgan dalillarni bir-biri bilan solishtirish va tekshirish zarur. Busiz biron tarixiy voqyeaga xolisona yondashib bo’lmaydi. Download 347.22 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling