Biografiya (tarjimai hol) metodi. Inson psixikasini
tadqiq etish uchun
uning hayoti, faoliyati, ijodiyoti to‘g‘risidagi og‘zaki va yozma ma’lumotlar muhim
ahamiyatga ega. Bu borada
kishilarning tarjimai holi, kundaligi, xatlari, esdaliklari,
o‘zgalar
ijodiga bergan baholari, tanbehlari, taqrizlari alohida o‘rin egallaydi. SHu
bilan birga o‘zgalar tomonidan to‘plangan tarjimai hol haqidagi materiallar:
esdaliklar, xatlar, rasmlar, tavsiflar, baholar,
magnitafon ovozlari, fotolavhalar,
hujjatli filmlar, taqrizlar o‘rganilayotgan shaxsni to‘laroq tasavvur etishga xizmat
qiladi.
Tarjimai hol ma’lumotlari inson psixikasidagi o‘zgarishlarni
kuzatishda,
uning suhbat va tajriba metodlari bilan o‘rganib bo‘lmaydigan jihatlarini ochishga
yordam beradi. Masalan, mazkur ma’lumotlar orqali ijodiy xayol bilan bog‘liq
jarayonlar: she’riyat, musiqa, nafosat, tasviriy san’at, texnik ijodiyotning nozik turlari
va kashfiyotdagi tafakkurning o‘ziga xosligini, shaxsning ma’naviyat,
qadriyat,
qobiliyat, iqtidor, iste’dod singari fazilatlarini o‘rganish mumkin. Inson ongining
hissasi, namoyon bo‘lishi, rivojlanishi, o‘ziga xos va ijtimoiy
xususiyatlari atoqli
odamlar bildirgan mulohazalarda o‘z ifodasini topadi. Allomalar to‘g‘risidagi
ma’lumotlar zamondoshlari, izdoshlari, safdoshlarining ta’rifu-tavsiflari
orqali
avloddan avlodga o‘tadi.