Qarshi davlat universiteti kimyo-biologiya fakulteti zoologiya kafedrasi
Tadqiqot hududiga tabiiy - geografik tavsif
Download 1.26 Mb.
|
sha
1.3. Tadqiqot hududiga tabiiy - geografik tavsif.
Qashqadaryo viloyati mustaqil O‘zbekiston Respublikasining o‘n ikkita viloyatining biridir. Hozirgi Qashqadaryo viloyati hududida bir necha bekliklar bo‘lib, ular 1920 yil sentabr oyiga qadar Buxoro amirligi tarkibida edi. Buxoro xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, Hozirgi Qashqadaryo hududi alohida viloyat maqomida shu respublika tarkibiga kiradi. 1924 yil 12 iyulda “O‘rta Osiyo respublikalarida milliy chegaralanish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shu yilning 1 noyabrida O‘zbekiston SSR tarkibida markazi Qarshi shahri bo‘lgan Qashqadaryo viloyati tashkil topdi. 1927 yilda Qashqadaryo viloyati okrug sifatida Buxoro viloyati tarkibiga kiradi. 1943 yil 22 yanvarda alohida viloyat sifatida tiklandi. Mamuriy-hududiy bo‘linishidagi mavjud tabiiy-iqlim va mehnat resuslarini hisobga olmaslik oqibatidagi hatlar natijasida 1960 yil 25 yanvarda Qashqadaryo o‘z hududidan kichik Surxandaryo viloyatiga birlashtirildi. Sug‘orma dehqonchilikka yaroqli katta yer fondiga ega bo‘lish, yer osti boyliklari va juda katta mehnat resuslari kabi imkoniyatlar viloyatni qayta tiklashni kun tartibiga qo‘ydi. O‘zbekiston hukumati buni hisobga olib, 1964 yil 7 fevralda Qashqadaryo viloyatini avvalgi chegaralarida qayta tashkil etadi. Viloyat markazi - Qarshi, Mamuriy jihatdan 14 ta tumanga Bahoriston, Kasbi, Koson, Kitob, Muborak, Nishon, Usmon Yusupov, Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Qarshi va G‘uzor tumanlariga bo‘lingan. Viloyatda 12 ta shahar, 108 ta qishloq kengashi va 1300 taga yaqin qishloq bor. Aholisi 2820 ming kishi. Qashqadaryo viloyati O‘zbekistonning janubida, shu nomli daryo havzasida joylashgan bo‘lib, O‘rta Osiyo deb yuritiluvchi yirik tabiiy geografik o‘lkaning markazidan sal janubroq 37 gr. 58 bilan 39 gr. 32 shk va 64 gr. 23 bilan 64 gr 42 g‘u lar orasidagi hududni ishg‘ol etadi. Geografik o‘rni jihatidan Qashqadaryo viloyati hududi Turkmaniston Respublikasining Atrek-Sumbar vodiysi, Ozarbayjonning Lenkoron past tekisligi Armaniston Respublikasi hamda Turkiya, Italiya va Ispaniyaning o‘rta mintaqasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yaponiyaning o‘rta qismlari bilan bir hil geografik kenglikda yotadi. Viloyat hududi butun O‘zbekiston kabi to‘rtinchi soat mintaqasida joylashgan bo‘lib, Tokiodan 5, Pekindan 4, Olma-Otadan 1 soat keyin, Moskva va Anqaradan 2, Berlin, Parij va Madriddan 3, Londondan 4, Nyu-York, Vashington va Ottavadan 8, San-Fransisko va Setl shaharlaridan 12 soat oldin sutka boshlanadi. Viloyat maydoni 28,4 ming km2 hududining kattaligi bo‘yicha O‘zbekistonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (164,9 ming kv km), Navoiy (11,8) va Buxoro(39,4) viloyatlardan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi. O‘zbekiston Respublikasining 7% ini egallagan holda o‘z maydoniga ko‘ra Albaniya (28,7 ming kv.km), Armoniston (39,8), Qrim (26,0), Belgiya (30,5), Nederlandiya (32,4) kabi Yevropa davlatini maydoni bilan tenglasha oladi. Qashqadaryo viloyati 795 km uzunlikdagi chegaraga ega shunday 405 km tog‘lar, 390 km tekisliklar orqali o‘tadi. G‘arbdan Sharqqa 293 km,shimoldan janubga 195 km masofaga cho‘zilgan. Shimolda Qashqadaryo viloyatining Samarqand viloyati bilan chegarasi Zarafshon tizmasining Chakilkalon, Qora tepa, Ziyovuddin-Zirabuloq tog‘lari va ular orasidagi Jom va Qarnob cho‘lining to‘lqinsimon tekisliklari orqali o‘tadi. Sharq Tojikiston Respublikasining Leninobod viloyati bilan Xisor tizmasi orqali chegaradagi Sharqda shuningdek Surxandaryo viloyati bilan ham chegaradagi bo‘lib, Sarhad chizig‘i Respublikaning eng baland tog‘li-Xisor tizmasining qirrasi, uning tarmoqlari Chakchor va Boysuntog‘ va Ko‘xitangning qirrasi bo‘ylab o‘tadi. Viloyat Turkmaniston Respublikasi bilan eng uzun chegaraga ega. Ko‘xitangning g‘arbdagi davomi bo‘lgan Dehqonobod past tog‘lari, janubda Nishon adirlari-Saksondara, Olovuddintog‘ va Qarshi qiya tekisligi, Sandiqli qum cho‘li, Qashqadaryo va Chorjo‘y viloyatlari sarhadlarini bir-biri bilan tutashtirdi. Qarshi dashtining Dengizko‘l, Jarkok, Setalang tepa qirlari va Karnob cho‘li kabi g‘arbdagi yerlari Buxoro va Navoiy viloyatlariga kirib boradi. Qashqadaryo viloyatining geografik o‘rni bu hududda faqat O‘zbekiston va O‘rta Osiyoga xos tabiat majmualarinigina emas, balki Markaziy Osiyo, Sibir, Sharqiy Yevropa, Kavkazorti, Kichik Osiyo, O‘rta Dengiz bo‘yi, Eron, Avg‘oniston, Hindistonga hos o‘simlik va hayvonot vakillarini tarqalishga ham sabab bo‘lgan. Geologik tuzilishi.Qashqadaryo viloyatining zamini murakkab geologik rivojlanish jarayonini boshidan kechirgan. Eng qadimgi jinslar Hisor tog‘larining Tanxoz va Yakkabog‘daryo oralig‘idagi dokembriy kvarsit va metomorfik slanetslardir. Maskara, Chakmankuydi va Arratosh qirlari qoyalaridan tashkil topgan bu tog‘lar Beshnov massivi deb yuritiladi. Uning negizi poleozoy erasigacha bo‘lgan metomorfik jinslar majmuasidan iborat. Qattiq kristallangan bu jinslarning yoshi taxminan 1 mlrd yilga teng. Qashqadaryo havzasining shimoliy va shimoliy sharq tomonidan o‘rab turgan Zarafshon va Hisor tog‘lari poleozoy erasining cho‘kindi, magmatik va metamorfik jinslaridan iborat. SHertog‘ va Sumsar tog‘lari Jinnidaryo bilan Oqsuv daryosi orasida yastangan bo‘lib, ular poleozoy erasining deyarli barcha davrlariga mansub umurtqasiz hayvon qoldiqlari g‘oyatda yaxshi saqlangan cho‘kindi va metamorfik ohaktosh kazilmalaridan tuzilgan. Bu noyob hodisadir. Endilikda Kitob geologiya qo‘riqxonasiga aylantirilgan. Bu geologik maydon poleozoy erasining taraqqiyot tarixi uchun andoza sifatida tan olingan. Viloyatning tog‘ va tog‘ oldi, qisman yura va bo‘r davrlarining dengiz yotqiziqlaridan iborat. Tog‘ oldi mintaqasi - adirlar siniq-chaqiq jins qatlamlaridan tashkil topgan bo‘lib, ular neogen davri, dengiz va quruqlikning o‘zaro tasir jarayonining natijasidir. Tekislik qismi to‘rtlamchi davrning turli geologik asrlarida vujudga kelgan daryo yotqiziqlari shamol faoliyati natijasida tuzilgan, qum bilan qoplangan. Relyefi. Qashqadaryo viloyatining relyefi g‘arbdan sharqqa asta-sekin balandlashib boradi. Qarshi qiya tekisligining Dengiz ko‘l botig‘i bilan tutash joyi dengiz satqidan 280m baland bo‘lsa, sharqda Xisar tog‘larida balandlik 4000m dan oshiq. Hozirgi relyef hosil qiluvchi jarayonlarning hususiyatlarini etiborga olgan holda Qashqadaryo viloyati hududida uchta relyef mintaqasini ajratish mumkin; 1. Tekislik relyefi mintaqasi. 2. Tog‘ oldi (adir) relyefi mintaqasi. 3. Tog‘ burmali relyef mintaqasi. Tekislik relyefi 280-650m oralig‘idagi gipsometrik pog‘onadagi Qarshi qiya tekisligi va Kitob, Shaxrisabz botig‘ini o‘z ichiga oladi, maydoni bo‘yicha viloyatning asosiy qismini ishg‘ol etadi. Tekislikni katta qismini lyossli jinslar bilan qoplangan maydonlar tashkil etadi. Tekis relyefli maydonlarning barcha qismini o‘zlashtirilishi tufayli shaxobchali (irrigatsiya) eroziya, nurash, sho‘rlanish, botqoqlanish, shamol erroziyasi kabi noma’qul jarayonlar paydo bo‘lishi kuzatilmoqda. G‘arbda Kitob –Shaxrisabz botig‘i va sharqda Xisor tizmasini janubiy-g‘arbiy tarmoqlari Yakkabog‘ tog‘lari adir mintaqasi yastanib yotibdi. Tog‘ oldi qirlari-adirlar g‘arbdan sharqqa 600m dan 1500m gacha ko‘tarilib boradi. Adirlar lyoss jinslari bilan qoplangan va usti taroqlangan, turli tomon yo‘nalishli yassi tepa marjonlaridir. G‘arbda lyoss qatlami 10,15m bo‘lsa, sharqda tog‘ etaklarida 2-5mga teng. Foydali qazilmalar. Qashqadaryo zaminida deyarli barcha turdagi foydali qazilmalarning mavjudligi aniqlangan. Zero, xilmaxil geologik davr va jarayonlarning natijasi bo‘lgan mineral boyliklar muayyan joyning geologik rivojlanish xususiyatlari bilan bog‘liqdir. Qashqadaryo zaminidan qazib olinayotgan va aniqlangan yer osti boyliklarining eng asosiy tabiiy gaz va neftdir. Gaz, gaz kondensati va neft asosan yura davrining ilk dengiz yotqiziqlari orasidagi marjon poliplarining toshga aylangan korall ohaktoshlari yotqiziqlaridan - kollektorlaridan 1,5-3,5 ming m chuqurlikdan olinmoqda. 50- yillarining oxirlaridan buyon foydalanib kelinayotgan yoqilg‘i tabiiy gaz va gaz kondensati konining eng kattasi G‘uzor tumanining Qarshi cho‘liga tutash adirlarida joylashgan SHo‘rtan konidir. SHo‘rtan gaz konlari majmualariga tutashib ketgan Xisorning g‘arbiy past tog‘larining tarmoqlari va qirlarida Gumbuloq, Odamtosh, Qizilbayroq, Tandirchi va boshqa yirik zahirali konlar bor. Beshkent shahridan janubda Beshkent, undan g‘arbda Qamashi gaz konlari joylashgan. Qarshi cho‘lining janubi-g‘arbdagi Qultog‘, Alang, Pomuq, Zevarda kabi gaz, gaz kondensati va neft-gazli konlar mavjud. Shuningdek mazkur maydonlarning Turkmaniston va Buxoro hududlari bilan tutash joylarida Dengizko‘l, Ko‘kdumaloq singari barcha neft-gaz konlari mavjud. Ko‘pdan bo‘yon yoqilg‘i qazib olinayotgan Setalangtepa, Jarqoq, Shimoliy Muborak, Janubiy Muborak kabi gaz konlari qatoriga yaqinda Qarshi, Xo‘jaqayron, SHo‘rtantepa, Qoraqum, Qizilrabot, Qarabair va boshqa konlar qo‘shildi. Ayni vaqtda viloyatda neft-gazli ko‘plab konlarni qidirib topish, geologik iqtisodiy jihatdan asoslash ishlari olib borilmoqda. Qashqadaryo viloyatining ko‘mirga ega bo‘lgan ehtiyojini Yakkabog‘ tog‘laridagi Vori va Zarmas qishloqlari orasidagi toshko‘mir koni qondirishi mumkin. Viloyatimizda qazib olinayotgan mineral boyliklar ichida marmar, og‘aktosh, keramzit kabi pardozlash, haykaltaroshlik, qurilish xom-ashyosi bo‘lgan noruda boyliklar neft-gazdan keyingi o‘rinda turadi. Kitob, Yakkabog‘, Qamashi va Dehqonobod tumanlarining tog‘laridagi temir, rux, mis, marganets va boshqalardan qadimdan ustalar foydalanib kelishgan. Iqlimi. Qashqadaryo viloyatining iqlim hususiyatlari uning geografik o‘rniga, yani o‘lkan Yevroosiyo materigining ichki qismida okean havzalaridan juda uzoqda joylashgan. O‘rta Osiyo tabiiy-geografik o‘lkasining markazida va shuningdek nisbatan qo‘yi kengliklarida joylashganligiga bog‘liqdir. Geografik o‘rnining bu hususiyatlari viloyat iqlimining keskin kontenental bo‘lishiga, intensiv radiatsiya tufayli cho‘l landshaftlarining rivojlanishiga imkon beradigan adir sharoitlarining mavjudligiga sabab bo‘ladi. Viloyat hududida quyosh nur sochib turadigan davr ancha uzoq vaqt davom etadi va o‘rta hisobda 2600-3000 soat ga to‘g‘ri keladi. Qish oylarida janubiy-g‘arbda siklonlar tropik havo massalarini olib kelishi tufayli havo isiydi va atmosfera yog‘inlarining bo‘lishiga olib keladi. Bahor oylari uchun beqaror ob-havo xos bo‘lib, siklon jarayonlari faollashadi. Siklonlar bilan janubi-g‘arbda iliq havo massalari kirib kelishi tufayli bahorda yog‘inlarining katta qismi tushadi. Yoz oylarida topografik sharoitlar tufayli tog‘lik rayonlardagina yog‘inlarning yog‘ishi uchun imkoniyatlar mavjud bo‘ladi. Viloyatning tekislik qismida yoz fasli 155-160 kungacha cho‘ziladi. Kuzning birinchi yarmida ham issiq ob-havo kuzatiladi, ikkinchi yarmida esa ob-havo o‘zgarib turadi. Yoz oylarining issiqligi jihatidan viloyatimizning tekislik qismini dunyodagi eng issiq joylar (Sahroi Kabir, Eron cho‘llari) bilan taqqoslash mumkin. Tog‘li rayonlarda yoz salqinroq bo‘ladi. Qashqadaryoda sovuq bo‘lmaydigan davr o‘rta hisobda 226-228 kunga teng bo‘ladi. Bu davrda ko‘pchilik issiqsevor o‘simliklar hosilga kirib qoladi. Issiqsevar o‘simliklarning ko‘pchiligi bahorda o‘rtacha so‘tkalik harorat 10 gr. dan yuqori bo‘lganda o‘sa boshlaydi, kuzda sovuq tushganda o‘sishdan to‘xtaydi. Yog‘inlarning qish va bahorda ko‘proq yog‘ishi qishloq ho‘jaligi uchun ancha qo‘laylik tug‘diradi. Viloyat xududida yog‘in miqdori G‘arbda 150 mm dan, sharqda 220 mm gacha ko‘payishi mumkin. (Chorjo‘yda 114 mm, Xo‘jambazda 128, Karkida 164, Qarshida 200, G‘uzorda 285 mm). Yog‘inlar yil ichida notekis taqsimlangan bo‘lib, butun janubi-g‘arbiy O‘zbekistonda bo‘lganidek, baxorda 47, qishda14 va yozda atiga 3 % yogin tushadi. Ammo yogin miqdori xam ularning mavsumiy taqsimlanishi xam yillar davomida o‘zgarib turadi. Qarshida qurg‘oqchilik yillari 160 mm bo‘lishi aniqlangan. G‘uzorda bir qadar yumshoqroq namoyon bo‘lib 200 mm dan 385 mm gacha tebranish mumkin, demak balandlik oshib borishi bilan sharqqa tomon yog‘inning notekis taqsimlanishida ham keskin kamayishi mumkin. Havo namligi yog‘in va tuproqdagi namlik miqdori bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, absolyut namlik va nisbiy namlik ko‘rsatkichlarida ifodalanadi. Absolyut namlikning yillik o‘zgarishi haroratning yillik o‘zgarishiga o‘xshash bo‘lib , yillik ko‘rsatkich Nishon tumanida 8-9 milli bargacha teng bulishi mumkin. Sug‘orma dexqonchilik, sug‘orish shaxobchalar ustidan bug‘lanish absolyut namlik yuqori bo‘lishiga olib keladi. Foiz xisobida o‘lchanadigan nisbiy namlik harorat va absolyut namlik yillik yo‘liga teskari tarzda o‘zgaradi. Bahor va qish oylarida 75-78 foizdan yozda 25-28 foizgacha tushib qoladi. Nisbiy namlik past ko‘rsatkichi haroratning ko‘tarilib ketishi natijasida ro‘y berib tuproq ustidan suv bug‘lanishini kuchaytiradi, natijada havo va tuproq ustida qurg‘oqchilik ro‘y beradi. Quruq chang to‘zonli shamollarning ro‘y berishi bu hudud uchun odatiy holdir. Kuzatishlar havoning quruqlashishi viloyat hududida aprelning oxiri va may oyining o‘rtalarida boshlanishini ko‘rsatmoqda. Odatda nisbiy namlik miqdori 20% dan kam bo‘lganda havo qurg‘oqchiligi ro‘y beradi. Ekinlarning va tabiiy o‘simliklar rivojlanishi va pishib yetilishi davri bo‘lgan aprel sentabr oylari davomida Qashqadaryo viloyatining Qarshi cho‘li doirasida nisbiy namlikning 20% dan kam bo‘lgan kunlari 79-85 kunni tashkil etadi, butun ekin rivojlanish va yetilish davrining uzunligi 43-45% ga teng demakdir. Chang to‘zonli shamollarning bo‘lishi asosan havoning qo‘shni qum cho‘llar ustida namlik kamayib ketishi natijasi ekanligini hisobga olsak, Nishon tumanining janubiy-g‘arbiy qismi Sanduqli cho‘liga tutash bo‘lganligi uchun bunday xavfga ko‘proq chalinadi deyish mumkin L.N.Babushkin malumotlariga ko‘ra (1959-1985) iyul oyida kuchli qurg‘oqchilik shamol bo‘lishi xavfi 40-50%, juda kuchli chang-to‘zonli qurg‘oqchil shamol 10% bo‘lishi mumkin. Demak tadqiqotchilar fikricha har yuz yilning yarmida iyul oyi qurg‘oqchil shamol bo‘lishi mumkin ekan. Chunonchi 1975 - yilning 14 iyuli, 1974 - yilning 25 iyul – 5 avgust, 2011- yilning 28 iyul – 6 avgust kunlari chang bo‘ronli kunlar ekanligi xaqida ma’lumotlar mavjud. Ichki suvlari. Qashqadaryo suvlari viloyat hududida O‘zbekistonning nisbatan yirik daryo tizimlaridan biri bo‘lgan Qashqadaryo havzasi joylashgan. Suv yig‘ilish maydoni 8780kv.km bo‘lgan Qashqadaryo havzasi shimol va shimoliy-sharqda Zarafshon, sharqda Hisor tizmalarining g‘arbiy tarmoqlari bilan o‘ralgan bo‘lib, g‘arbda u Qarshi cho‘li bilan tutashib ketgan. Viloyatning gidrografik to‘rini Qashqadaryo va uning tarmoqlari tashkil etadi. Lekin viloyat hududining tog‘li va tekislik qismlari bir-biridan iqlim sharoitlariga ko‘ra tubdan farq qilishi tufayli daryolar notekis taqsimlangan. Qashqadaryo havzasining deyarli hamma daryolari tog‘li rayonlardan boshlanadi. Bu yerdagi soylar bir-biri bilan qo‘shilib, katta-kichik daryolarni, ular esa Qashqadaryo to‘rini hosil qiladi. Havzaning eng uzun daryosi Qashqadaryo (332 km) bo‘lib, u Zarafshon tizmasi G‘arbiy tarmog‘ining janubiy yon bag‘ridan 3000 m balandlikdan boshlanadi. Tog‘lardan chiqqandan so‘ng Qashqadaryoga chap tomondan Xisor tizmasining shimoli-g‘arbiy va g‘arbiy tarmoqlaridan boshlanadigan Jinnidaryo (61km), Oqsuv (115km), Tanxozdaryo (104km), Yakkabog‘daryo (107km), G‘uzordaryo (86km) kabi irmoqlar qo‘shiladi. Yakkabog‘da va G‘uzor daryo oralig‘ida tog‘dan tushishi bilan sug‘orishga olinadigan Langar daryosi bor. Qorasuv daryosi Qashqadaryoga qo‘yiladigan eng so‘nggi irmoqdir. B.L.Shuls Qashqadaryo havzasi daryolarini to‘yinish hususiyatlariga ko‘ra uch guruhga, yani qor va muzlik (Yakkabog‘daryo, Tanxozdaryo, Oqsuvdaryosi), qor (Qashqadaryo) va qor-yomg‘ir (Jinnidaryo, Qorasuv, Turnabuloq, Langar va G‘uzor daryolari) suvi bilan to‘yinadigan daryolarga ajratadi. Buloqlar viloyatning tog‘li va tog‘ oldi hududlarida juda ko‘p, ular daryolarning to‘yinishida salmoqli o‘rin tutadi. Buloqlar viloyat tekislik qismining Kitob-Shahrisabz botig‘ida ham ko‘plab uchraydi. Ko‘kbuloq-viloyatining tog‘li hududidagi eng mashhur chashma. Suv sarfi 160-170l/sek. Haydarbuloq-Yakkabog‘daryo oqimidagi xushtam suvli chashmalarning eng kattasi. Suv sarfi 250-300l/sek. Tuproqlari. Yuzaning murakkab geomorfologik tuzilishi, tog‘ jinslari va iqlim sharoitlarining xilma-xilligi hamda inson xo‘jalik faoliyatining tarixiy va hududiy xususiyatlari tufayli Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston hududi uchun xos bo‘lgan deyarli barcha tuproq turlari tarqalgan. Tuproq qatlami mikrostrukturasining hususiyatlariga ko‘ra Qashqadaryo viloyatining hududi O‘rta Osiyo tekislik va tog‘li tuproq oblastlarining tarkibiga kiritiladi. Qashqadaryo viloyatining cho‘l zonasida tarqalgan taqirli, qum cho‘l va sur-qo‘ng‘ir tuproqlar avtomorf tuproqlar qatoriga mansub bo‘lgan zanol tuproq tiplarini, o‘tloq va botqoq tuproqlari, sho‘rhoklar, taqirlar va gidromorf tuproqlar qatoriga mansub bo‘lgan intrazonal tuproq tiplarini hosil qiladi. Cho‘l zonasining tuproqlari 800 ming ga dan ortiqroq maydonda tarqalgan. Viloyatning cho‘l zonasida eng katta maydon (350 ming.ga) taqirli tuproqlar bilan qoplangan. Taqirli tuproqlar bilan qoplangan. Taqirli tuproqlar Koson, Muborak, Bahoriston, Kasbi va Usmon Yusupov tumanlarida tarqalgan. G‘arbiy qismida cho‘l qumli tuproqlar keng tarqalgan. Cho‘l zamonasida eng kata tarqalgan (175ming ga) tuproq tiplaridan sur-qo‘ng‘ir tuproqlar Nishon, Bahoriston, Usmon Yusupov va Muborak tumanlarida tarqalgan. Tog‘ oldi chala cho‘l zonasi uchun asosan bo‘z tuproqlar tipi xos bo‘lib, tog‘ oldi qiya tekisliklarida, adirlarda va pastlik tog‘lar yonbag‘irlarida tarqalgan. Viloyat hududining qariyb 55%i bo‘z tuproqlargato‘g‘ri keladi. Lalmikor yerlarining hammasi obikor yerlarining deyarli 80% i bo‘z tuproqli yerlardir. Bo‘z tuproqlarning och tusli, asl va to‘q tusli turlari ajaratiladi. Kitob-Shahrisabz botig‘idagi Oqsuv, Tanxozdaryo, Yakkabog‘daryo kabi daryolarning sizot suvlari yuzaga yaqin joylashgan. Terrasalarida va qayrlarida o‘tloq, botqoq-o‘tloq va botqoq tuproqlar tarqalgan. Sug‘oriladigan yerlarda o‘tloq-voha, taqirli-voha, botqoq-voha, bo‘z tuproqli-voha tuproq tiplari tarqalgan. O‘simliklari. Qashqadaryo viloyati o‘simlik qoplamining shakllanishda va tarqalishida hududning geologik tarixiy taraqqiyoti, geografik o‘rni va hozirgi tabiiy sharoitlari asosiy ahamiyat kasb etadi. Viloyat florasi tarkibida mahalliy o‘simlik turlaridan tashqari Eron, Afg‘oniston va O‘rta yer dengiz bo‘yi o‘lkalari uchun xos bo‘lgan o‘simliklar ham mavjud. Tabiiy florasi 1200ga yaqin yuksak o‘simlik turlaridan tashkil topgan bo‘lib, ularning 106 turi oziq-ovqat va chorvachilikda yem-hashak sifatida ishlatiladi, 138 turi qimmatbaho dorivor, 26 turi efir moyli, 61 turi asal beruvchi, 62 turi oshlovchi, 53 turi bo‘yoq beruvchi, 19 turi ishqorli (bixli) o‘simliklardir. Yana manzarali, vitaminli va tolali o‘simliklar ham uchraydi. O‘simlik qoplamining asosan efemerlar (bir yillik), efemeroidlar (ko‘p yillik), kserofitlar (cho‘l o‘simliklari), galofitlar (sho‘rsevar o‘simliklar), va boshqa o‘simliklar tashkil etadi. Qashqadaryo viloyatini o‘z ichiga oladigan Janubiy O‘zbekistonda dengiz sathidan 500 m gacha bo‘lgan joylardan cho‘l, 500 m dan 1200-1600 m gacha bo‘lgan joylarni adir, 1200-1500 dan 2700-2800 m gacha tog‘ va 2700-2800 m dan yuqori joylarni yaylov mintaqasiga kiritiladi. Cho‘l mintaqasiga Qarshi cho‘li va tog‘ oldi tekisliklari, Sandiqli va Karnob cho‘llari kiradi. O‘simlik qoplamidan qandim (juzg‘un), shuvoq, efemerli chirmovuq o‘sadi. Pastqam joylarida chirmoviqlar va sho‘ralar o‘sadi. Qumli cho‘llarida ko‘chma qumlarga moslashgan qandim, quyonsuyak, qizil qandim, shuvoq, iloq, qorasaksovul, efemerlardan qirqqiz, qumtaroq, efemerlardan choir, urg‘ochi selek, tuyapaypoq o‘sadi. Adir mintaqasiga G‘uzor, Dehqonobod, Qamashi, Yakkabog‘, Kitob, Shahrisabz va Chiroqchi tumanlarining tog‘ oldi tekisliklari va qirlari kiradi. Asosiy o‘simliklari rang va qo‘ng‘irtoshdan iborat. Ulardan tashqari qo‘ziquloq, oq quray karrak, cho‘l yalpiz, mayin shuvoq, mingbosh, chitir ham o‘sadi. Toshloq joylarda yovshan, sho‘rloq yerlarda bir yillik sho‘ra o‘sadi. Adir mintaqasi o‘simliklarga boyligi hamda dehqonchilik va chorvachilik uchun qo‘layligi bilan ajralib turadi. Tog‘ mintaqasi viloyatning sharqiy, janubiy-sharqiy va shimoli-sharqiy qismini egallaydigan Hisor va Zarafshon tumanlarining tarmoqlarini ishg‘ol qiladi. Tog‘ mintaqasining o‘simliklari bug‘doyiq, har xil o‘tli shuvoq-chalov betaga, butali va daraxt o‘simliklardan iborat bo‘lib, ular chala dashtlar va har xil o‘tli quruq dashtlarni hosil qiladi, daraxt va bo‘ta o‘simliklari tikanli bo‘tazorlarni, archazorlarni va bargini to‘kadigan tog‘ o‘rmonlari va bo‘tazorlarni hosil qiladi. Mintaqaning yuqori qismida Savrarcha, bodom, pista, o‘tli o‘simliklar (qo‘ng‘irbosh, tog‘ lolasi, yalpiz, tog‘ yo‘ng‘ichqasi), o‘riq, archa, zirk, kiyik o‘t, zira, tog‘ piyoz, yong‘oq, shirach, olma, zarang, pista tarqalgan. Yaylov mintaqasi dengiz sathidan 2800-3000m dan yuqori qismlari kiradi. Bu yerdagi o‘simlik qoplamini asosan subalp va alp o‘tloqlari tashkil etadi. Yovvoyi so‘li, mushuk quyruq, tipchoq, qoqio‘t, binafsha, chuchmoma va yontoqsimon o‘simliklar o‘sadi. To‘qaylarda daraxt va bo‘talardan - jiyda, yulg‘un, jangal, o‘simliklardan ajriq, qirqbo‘g‘im va boshqalar o‘sadi. Paxta, makkajo‘xori, qand-lavlagi, kartoshka, bo‘g‘doy, arpa, no‘xat, mosh, loviya, manzarali va sabzavot, mevali o‘simliklar ekiladigan maydonlar ham ancha katta. Hayvonot dunyosi. Qashqadaryo viloyatining geografik o‘rni va landshaftlarning xilma-xilligi hayvonot olamining shakllanishi va tarqalishiga o‘z tasirini ko‘rsatadi. Suvsiz, qumli cho‘llar, tog‘ o‘rmonlari va daryo vodiylarining ekologik sharoitlari hayvonlarning hayot kechirishlari uchun bir xil emas. shunga ko‘ra har qaysi landshaft uchun u yoki bu sharoitga moslashgan hayvonlarning malum turlari xosdir. O‘zbekiston hududida umurtqali hayvonlarning 650 ga yaqin turining vakillari tarqalgan. Ulardan 99 turi sut emizuvchilar, 57 turi sudralib yuruvchilari, 79 turi baliqlar, 410 turini esa qushlar tashkil qiladi. Qashqadaryo viloyati hududida O‘zbekiston hududi uchun xos bo‘lgan hayvonlarning deyarli barcha turlari tarqalgan. Viloyat hududi faunasining hususiyatlariga kiradigan Gollarktikaning Eron-Turon oblastiga kiradi. Qashqalaryo viloyatining hayvonot dunyosi qo‘yidagi ekosistemalarni hosil qiladi. 1. Cho‘l mintaqasi hayvonlari; 2. Adir yoki tog‘ oldi mintaqasi hayvonlari; 3. Tog‘ o‘rmonlari va alp mintaqasi hayvonlari; 4. Suv havzalari va to‘qay hayvonlari; 5. Voha hayvonlari; Viloyatning cho‘l mintaqasi turli o‘lkalarning hayvonlari aralashib ketgan zoogeografik rayonlari mansubdir. Cho‘l hayvonlari yozda tuproq haroratining yuqori bo‘lishiga (60-500) va uzoq suvsizlikka moslashgan va yana bir belgisi ularning yer rangida yani, qum, chang to‘sida bo‘lishidir. Viloyatning cho‘l mintaqasida umurtqali sut emizuvchilardan shalpanquloq, tipratikon, qushquyon, yumronqoziq, Seversov qo‘shoyog‘i, baroq barmoqli qushoyoq, katta qum sichqon, bo‘ri, tulki uchraydi. Sudralib yuruvchilardan O‘rta Osiyo toshbaqasi, kaltakesak, tez kaltakesak, bo‘z echkemar, qum, bo‘g‘ma iloni, chipor ilon, dasht agamasi, O‘rta Osiyo kobrasi va gekkonlar yashaydi. Qushlardan qirg‘iy, burgut, yilqichi qush, qora bag‘ir, kaptar, so‘fito‘rg‘ay va jurchi qushi uchraydi. Bulardan tashqari suvda ham quruqlikda yashovchilar, hashoratlar, qisqichbaqalar, mollyuskalar, chuvalchanglar, sodda hayvonlar uchraydi. Adir mintaqasining tabiiy sharoitlari tekislik qismidan farq qilib relyefi hilma-xil, yog‘in tekisliklariga qaraganda ancha ko‘p, shu bois o‘simlik va hayvon turlariga ham boydir. Sut emizuvchilardan tulki, bo‘ri, jayra, quyonlar, qo‘rsichqon, kalamushlar uchratish mumkin. Sudralib yuruvchilardan qalqontumshuq, o‘q ilon, turli rang chipor ilon yoki oq ilon, cho‘l toshbaqalari, kaltakesaklar, echkiemar, yumronqoziq, zaharli kora ilon uchraydi. Qushlardan burgut, bedona, kaklik, ko‘p qarg‘a, tuvaloq, ukki, dala chumchug‘i uchraydi. Tog‘ o‘rmonlari sut emizuvchi hayvonlarga juda boy. Bunda o‘rmon sichqonlari, sug‘ur, ko‘rshapalaklar, Buxoro taqatumshug‘i, kalamushlar uchraydi. Tog‘ yong‘oqlarida o‘rmon soniyasi (olmaxon) uchraydi. Bu yerlarda qo‘sh qanoti sut emizuvchilardan ko‘rshapalaklar g‘or devoriga yopishib, hamda qoya toshlar orasidagi yoriqlarda hayot kechiradi. O‘rta balandlikdagi tog‘larda va to‘qaylarda yovvoyi cho‘chqa, to‘ng‘iz uchraydi. Tog‘ning pastki mintaqasida Turkiston agamasi uchraydi. Ilonlardan kaltatumshuq, ko‘lvor ilon, qalqontumshuq ilon, chipor ilon, ko‘z oynakli ilon ham tarqalgan. Qushlardan kaklik, qumri, zarg‘aldoq, qizilishton, uzunquyruq, sa’va, chittak ko‘p tarqalgan. Bu qushlardan tashqari qora uzun qanot, qo‘ng‘ir kaptar, tulki, ukki, karquloq, bolta tumshuq, bulbul va tog‘ chumchug‘i ham yashaydi. Alp mintaqasida sut emizuvchi hayvonlardan sug‘urlar, qir sichqonlari, oq sichqon, tog‘ echkisi, ilvirs, katta oloqo‘zan, taka, kiyiklar uchraydi. Qushlardan bo‘zbosh, sava, qoraqorin, tasqaralar, tog‘ zag‘zachasi, to‘rg‘ay, bolta tumshuq yashaydi. Suvda ham quruqlikda yashovchilardan oz bo‘lsada ko‘k qurbaqa uchrab turadi. Qashqadaryo suv havzalarida qo‘shbaliq, qorabaliq, ilonbosh, sazan, forel, marinka balig'ini ko‘p uchratish mumkin. Baliqxo‘r hayvonlardan meshkopchi qushlar, ko‘k qurbaqalar, o‘rdaklar, bir qozonlar uchrab turadi. Daryo sohillari va botqoqliklarda yilning issiq fasllarida laylak, flamingo, baliqchi qushlar uchraydi. Daryo bo‘ylaridagi to‘qaylarda, ko‘k qurbaqa, ko‘l baqasi, yovvoyi cho‘chqa, chiyabo‘ri, to‘qay mushugi, yovvoyi quyon, kalamushlar, dala sichqonlari ko‘plab yashaydi. Sudralib yuruvchilardan suv ilon, qora ilon, kaltakesaklar uchraydi. To‘qaylarda-kakku, qora qarg‘a, zag‘iqg‘on, sariq jiblajibon, o‘rdak, to‘qay dehqon chumchug‘i, qirg‘ovul kabi qushlar yashaydi. Vaholarda tipratikon, ko‘r kalamush, uy sichqonlari, quyonlar, kichkina ko‘rshapalaklar, kichik sichqon, kaltakesaklar, yovvoyi kaptar, mayna, qarg‘a, zahchalar, chug‘urchuq uchraydi. Qirg‘ovul, kaklik va boshqa qushlarni ov qilish taqiqlangan. Hozirgi kunda mo‘ynali hayvonlardan sug‘ur, tulki, yumronqoziqlar, yirik hayvonlardan jayron, sayg‘oq kabi foydali hayvonlar davlat muhofazasiga olingan. Download 1.26 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling