Kategoriya (yunon. kategoria – ta’rif, mulohaza) – borliq hodisalari va unda hukm suruvchi munosabatlarning muhim, tipik mazmunini o‘zida aks ettiradigan o‘ta keng tushuncha. Kategoriyalarni tasniflash, borliqning turli shakllari haqidagi falsafiy tasavvurlarga muvofiq amalga oshiriladi. Odatda fan kategoriyalari, xususiy-ilmiy kategoriyalar va falsafa kategoriyalari farqlanadi.
Fan kategoriyalari tabiiy til tushunchalaridan ancha farq qiladigan so‘zlar bilan ifodalanadi. Aksariyat hollarda ular qadimgi yunon yoki klassik lotin tilidan o‘zlashtiriladi, ba’zan ular mazkur hodisani kashf etgan olimning ismi bilan ataladi. Ilgari ma’lum bo‘lmagan hodisani ifodalash uchun sun’iy tarzda yaratilgan so‘zlar – neologizmlar ham ancha ko‘p uchraydi. Tabiiy tildan farqli o‘laroq, fan tushunchalari va kategoriyalari atamalar (terminlar) hisoblanadi, ya’ni erkin talqinga yo‘l qo‘ymaydigan aniq belgilangan hajm va mazmunga ega bo‘ladi.
Har qanday fan borliqning muayyan tomonlarini o‘rganar ekan, albatta o‘z kategoriyalar apparatini shakllantiradi. Matematika «son», «differensial», «integral» kabi kategoriyalar bilan bog‘liq. Biologiyada «tur», «irsiyat», «o‘zgaruvchanlik» kabi kategoriyalar mavjud. Ammo, muayyan fanlarning kategoriyalari ma’lum darajada umumiy bo‘lsa-da, borliqning ayrim sohalaridagina qo‘llaniladi va mazkur sohalarga xos bo‘lgan aloqalar va munosabatlarni aks ettiradi
Xususiy ilmiy kategoriyalar alohida olingan xususiy ilmiy fanlarda qo‘llaniladigan, mohiyat nuqtai nazaridan boshqa fanlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan kategoriyalardir. Masalan, fizika, kimyo geologiya, geografiya fanlari kategoriyalari xususiy xarakterga ega
Falsafiy kategoriyalar – borliqning umumiy, muhim tomonlari, xossalari, aloqalari va munosabatlari haqida fikrlash uchun qo‘llaniladigan o‘ta keng tushunchalar majmuidir. Ayni shu sababli falsafiy kategoriyalar hech qachon hajman cheklangan tabiiy til tushunchalari darajasida soddalashtirilishi mumkin emas.
Falsafiy kategoriyalar dunyoning manzarasini yaratish vositasi bo‘lib xizmat qiladiki, bu, umuman olganda, falsafaning bosh vazifasi hisoblanadi. Falsafiy kategoriyalar insonning turli hodisalarni bilish va o‘zlashtirish usuli sifatida ham instrumental funksiyani bajaradi. Falsafiy kategoriyalar ilmiy bilishning muayyan metodologiyasini, umuman borliqni, ayniqsa inson borlig‘ini tushunish me’yorlarini yaratish orqali normativ funksiyani ham bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |