Inson faoliyati yoki qandaydir ulkan tabiiy hodisa (masalan, vulqon otilishi) tufayli tabiiy muhitda yangi komponentlarning paydo bo‘lishi ekologik ifloslanish deyiladi. Ekologik ifloslanish atrof - muhitda ekologik sistemalar yoki ularning ayrim elementlari «ishlashini» ishdan chiqaruvchi va inson hayoti yoki uning xo‘jalik faoliyati yuritishi uchun muhim sifatini pasaytiruvchi zararli moddalarning mavjudligi bilan xarakterlanadi. Ayni joydagi atrof-muhitda paydo bo‘lib, uning sistemasini muvozanat holatidan chiqaruvchi barcha jismlar, moddalar,hodisalar, jarayonlar ifloslantiruvchilar qatoriga kiradi.
Tabiiy va antropogen ta’sirlar tufayli ifloslanishlar mavjud. Tabiiy ifloslanishlar tabiiy sabablar natijasida yuzaga keladi. Antropogen ifloslanishlar - inson faoliyatining natijasidir. Atmosferaning ifloslanishi uning tarkibidagi turli salbiy o‘zgarishlar, havoning ikkinchi darajali komponenti konsentratsiyasining o‘zgarishi bilan bog‘liq. Atmosfera ifloslanishi tabiiy manbalari - bu vulkanlar, shamol bo‘ronlari, yemirilishlar, o‘rmonlarning yonishi, hayvon va o‘simliklarning chirish jarayonlari va boshqalardir. Atmosfera ifloslanishining asosiy antropogen manbalariga yoqilg‘i - energetik kompleksi korxonalari, transport, turli mashina qurilishi korxonalari va boshqalar kiradi. Har qaysi ifloslantiruvchi tabiatga ma’lum salbiy ta’sirlar ko‘rsatadi. Shuning uchun ularning atrof-muhitga tarqalishi va uning miqdori qat’iy nazorat qilinishi kerak. Qonunchilikda har bir ifloslantiruvchi modda uchun tabiiy muhitda ruxsat etiladigan me’yoriy chegarasi (RMCh) va uning konsentratsiyasining me’yoriy chegarasi (KMCh) belgilab qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |