Birinchidan, qishloq xo‘jaligi korxonasining u yoki bu sohasiga bevosita aloqador asosiy vositalarga hisoblangan amortizatsiya summasi mos ravishdagi «Dehqonchilik» va «Chorvachilik» schotlariga olib boriladi. Bunda ushbu soha xarajatlariga olib borilgan eskirish summasini ifodalovchi summaga asosiy vositalarning mos ravishdagi guruhlari bo‘yicha eskirishi hisobiga mo‘ljallangan schotlar (0210-0290) kreditlanadi.
Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi korxonasining har ikkala ishlab chiqarish sohasiga hamda sotish jarayoniga xizmat qiluvchi asosiy vositalar bo‘yicha hisoblangan eskirish summasi dastlab 2510 «Umumishlab chiqarish xarajatlari» schotida to‘planadi. Shundan so‘ng, hisob siyosatida ko‘rsatilgan tartib-qoidalarga, masalan asosiy vositalarni alohida olingan sohalarga ko‘rsatgan xizmatlariga ketgan vaqtiga ko‘ra jami hisoblangan eskirish summasi mos ravishda «Dehqonchilik», «Chorvachilik», «Davr xarajatlari» schotlariga olib boriladi.
Uchinchidan, qishloq xo‘jaligi korxonalarining har bir sohasi bo‘yicha «Dehqonchilik» va «Chorvachilik» schotlariga olib borilgan amortizatsiya summalari ularda yetishtirilgan mahsulotlarning turlari o‘rtasida tannarxni kalkulyatsiya qilishga asos qilib olingan tartib-qoidalarga ko‘ra taqsimlab chiqiladi. Masalan, «Dehqonchilik» xarajatlariga olib borilgan amortizatsiya xarajatlari paxta, boshoqli don, poliz ekinlari va boshqa shu kabi mahsulotlar o‘rtasida bo‘lib chiqiladi. Xuddi shunday tartibda chorvachilik sohasiga to‘g‘ri keluvchi amortizatsiya xarajatlari bu sohada yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, masalan, go‘sht, sut, tuxum, jun va shu kabilar o‘rtasida taqsimlanadi.
Umumishlab chiqarish xarajatlariga kiritilgan amortizatsiya ajratmalari buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
Debet 2510 «Umumishlab chiqarish xarajatlari»;
Kredit 0200 «Asosiy vositalar eskirishini hisobga oluvchi schotlar».
Hisoblangan va umumxo‘jalik xarajatlariga kiritilgan amortizatsiya xarajatlarining mos ravishda tegishli ishlab chiqarish va sotish jarayonlari xarajatlariga taqsimot asosida kiritilishiga quyidagi buxgalteriya yozuvi beriladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |