Qurilish buyumlari tayyorlash
Ko’pgina qurilish materiallari tayyorlash jarayonida presslash, siqib chiqarish, qoliplash va boshqa turdagi bosim bilan ishlash usullaridan keng foydalaniladi.
Bu usullar g’isht, koshinlash plitalari, beton va temir-beton buyumlar va hokazolarni ishlab chiqarishda qo’llaniladi.
G’isht, koshinlash plitalari va boshqa buyumlar ishlab chiqarish
Xilma-xil ko’rinishdagi g’ishtlar, koshinlash plitalari, cherepitsa va shu kabilar keramik qurilish materiallari jumlasiga kiradi.
Keramik buyumlar tayyorlash uchun tabiiy gil va uning organik hamda mineral qo’shilmalar bilan aralashmasi xomashyo bo’lib xizmat qiladi. Keramik buyumlar ishlab chiqarish jarayoni quyidagi texnologik bosqichlardan iborat: 1) xomashyoga ishlov berish va keramik massa tayyorlash; 2) qoliplash; 3) quritish; 4) pishirish.
Koshinbop plitalar va boshka keramik buyumlar ishlab chiqarish
Koshinbop keramik buyumlar ikki guruhga bo’linadi: 1) bino fasadlari va tashqi devorlarini koshinlash uchun; 2) binolarning ichki devorlarini koshinlash uchun.
Binolarning fasadlari va tashqi devorlarini koshinlash uchun ishlatiladigan buyumlar suv o’tkazmaydigan, sovuqqa chidamliligi va mustahkamligi yuqori, muntazam shaklli va chiroyli tashqi ko’rinishga ega bo’lishi kerak.
Koshinbop plitalar ishlab chiqarish uchun gil, shamot, kvars qumi, dala shpati, talk, kaolin dastlabki materiallar bo’lib xizmat qiladi.
Koshinbop plitalar ishlab chiqarish uchun mo’ljallangan maydalangan va aralashtirilgan boshlang’ich materiallar bir oz namlanadi va ba'zan ularga qo’shilmalar qo’shiladi. Natijada kukunsimon keramik massa olinadi.
Hosil qilingan kukunsimon keramik massa mexanik va gidravlik press-avtomatlarda po’lat pressqoliplarda qoliplanadi. Qoliplangan buyumlar kamerali, tunnel yoki konveyerli sushilkalarda quritiladi. Buyumlarni sirlashdan oldin, yupqa devorli keramik buyumlar sir (glazur) suspenziyasida nam tortib qolmasligi uchun oldindan pishiriladi. Koshinlash plitalarining sanitariya-gigiena xossalarini oshirish, tashqi ko’rinishini yaxshilash uchun ularga sir qoplanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |