Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Ey, imon keltirganlar, Mening dushmanim va sizlarning dushmaningiz bo'lmish mushriklarni do'st tutmangizlar! Sizlar ularga do'stlik (haqida xabar) yuborursizlar, holbuki, ular sizlarga kelgan Haq (din va Qur'on)ni inkor etgandirlar. (Ya'ni,) ular payg'ambarning va sizlarning Rabbingiz bo'lmish Allohga imon keltirganlaringiz sababli (o'z diyorlaringizdan) haydab chiqarmoqdalar. Agar sizlar Mening yo'limda jihod qilish uchun va Mening roziligimni istab chiqqan bo'lsangizlar (ularni do'st tutmangizlar)! Sizlar ularga pinhona do'stlik qilmoqdasizlar. Holbuki, Men sizlar yashirgan va oshkor qilgan narsani yaxshi biluvchidirman. Sizlardan kimki shu (ish)ni qilsa, bas, aniqki, u to'g'ri yo'ldan ozibdi. Izoh: Payg'ambar (a. s.)ga xiyonat qilib Makka zodagonlariga yashirincha xat yozgan Xotib ibn Baltaa uzr aytganda, uzrini qabul etganlar. Lekin bu ish boshqalarga ibrat bo'lishi uchun oyatda ogohlantirilmoqda. (Ey, mo'minlar,) agar ular (mushriklar) sizlardan ustun kelsalar, dushmanlaringiz bo'lurlar va sizlarga qo'l va tillarini yomonlik bilan cho'zurlar. Yana ular sizlarni kofir bo'lishlaringizni istarlar. (Qiyomat kunida) sizlarga qarindoshlaringiz ham, farzandlaringiz ham sira foyda bermas! Qiyomat kuni (Alloh) o'rtalaringizni ajratib qo'yar. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir. Sizlar uchun Ibrohim va u bilan birga bo'lgan kishilarda go'zal namuna bordir. Qaysiki, ular o'z qavmlariga: "Bizlar sizlardan va sizlar Allohni qo'yib ibodat qilayotgan narsalaringizdan bezormiz. Bizlar sizlarni inkor etdik. Toki, sizlar yolg'iz Allohga imon keltirmagunlaringacha, sizlar bilan bizning o'rtamizda mangu adovat va nafrat paydo bo'ldi", - dedilar. Faqat Ibrohimning o'z otasiga: "Albatta, men (Allohdan) sen uchun mag'firat so'rayman, (lekin) senga Alloh tomonidan bo'ladigan biror narsani (azobni) qaytarishga molik emasman", - degan so'zi bundan mustasnodir. (Ibrohim va birga bo'lgan mo'minlar duosi bu edi): "Ey, Rabbimiz, Sengagina tavakkul qildik, O'zingga qaytdik va qaytishimiz ham faqat sening huzuringgadir. Ey, Rabbimiz, Bizni kofir bo'lgan kimsalarga aldanuvchi qilib qo'ymagin, bizni mag'firat etgin! Ey, Rabbimiz, albatta, Sen O'zing qudrat va hikmat sohibidirsan." Darhaqiqat, sizlar uchun - Alloh va oxirat Kunidan umidvor bo'lgan kishilar uchun - ularda (mazkurlarda) go'zal namuna bordir. Kimki yuz o'girib ketsa, bas, albatta, Alloh (har narsadan) behojat va hamdga loyiq zotdir. Ehtimol, Alloh sizlar bilan sizlar dushman tutib yurgan kimsalar o'rtasida - (ularni Islomga kiritib) do'stlik paydo qilib qo'yar. Alloh qodirdir. Alloh kechirimli va rahmlidir. Dinlaringiz to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z diyorlaringizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo'lishlaringizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatlilarni sevar. Alloh sizlarni faqat dinlaringiz to'g'risida sizlar bilan urushgan va sizlarni o'z diyorlaringizdan (haydab) chiqargan hamda sizlarni haydab chiqarishda bir-birlariga yordamlashgan kimsalar bilan do'stlashishlaringizdan qaytarur. Kimki ular bilan do'stlashsa, bas, ana o'shalar zolim kimsalarning o'zidir. Ey, mo'minlar, qachonki, sizlarga (Makka kofirlari tomonidan) mo'minalar hijrat qilib kelsalar, sizlar ularni imtihon qilib ko'ringlar! Alloh ularning (dillaridagi) imonlarini yaxshi biluvchidir. Bas, agar ularning (haqiqatan) mo'mina ekanliklarini bilsangizlar, u holda ularni kofirlarga qaytarmanglar! Bular (ular) uchun halol emas va ular bular uchun halol emasdir, ularga sarflagan mahrlarini erlariga (qaytarib) beringlar! Qachonki, ularga (erlariga) mahrlarini bersangizlar, ularni nikohlaringizga olishda sizlarga gunoh yo'qdir. (Shuningdek), sizlar ham kofiralarning qo'llarini tutmanglar!* O'zlaringiz sarflagan mahrni talab qilinglar va ular ham sarflagan mahrlarini (mo'minlardan) talab qilsinlar! Bu Allohning hukmidir. U sizlarning o'rtangizda hukm qilur. Alloh ilm va hikmat sohibidir. Izoh: Ya'ni kofira xotinlaringiz kofirlar bilan qolishni istasalar, qarshilik qilmangizlar. Izoh(a): "Bu Allohning hukmidir" oyatigacha mahrni qaytarib olishga doir hukmlar mansux bo'lgan, ya'ni amaldan qoldirilgan. (Madorik tafsiri). Agar juftlaringizdan birortasi kofirlar tomoniga o'tib ketsa-yu, (mahrini uning eriga qaytarmasalar) so'ng sizlar jazolasangizlar (va o'lja olsangizlar,) u holda juftlari (kofirlar tomoniga o'tib) ketgan kishilarga ular sarflagan mahr miqdorini beringlar va o'zlaringiz imon keltiruvchi bo'lgan Allohdan qo'rqinglar! Ey, Payg'ambar, qachonki, Sizning oldingizga mo'minalar kelishib, Sizga o'zlarining Allohga biror narsani sherik qilmasliklariga, o'g'irlik qilmasliklariga, zino qilmasliklariga, o'z bolalarini o'ldirmasliklariga, qo'llari va oyoqlari orasida to'qib oladigan buhtonni keltirmasliklariga* hamda biror yaxshi ishda Sizga itoatsizlik qilmasliklariga qasamyod qilsalar, Siz ularning qasamyodlarini qabul qiling va ular uchun Allohdan mag'firat so'rang! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir. Izoh: Bu oyatdagi bo'hton to'qishdan murod boshqadan tuqilgan bolani o'z eriga sendan deb o'tkazishdir. Ey, imon keltirganlar, Allohning g'azabiga duchor bo'lgan qavm bilan do'stlashmangizlar! Xuddi barcha kofirlar qabr egalari (qayta tirilishlari)dan noumid bo'lganlaridek, ular ham oxiratdan noumid bo'lgandirlar. SAF SURASI Saf - saf tortish, qator turish. Surada Muso va Iso (a. s.)larning o'z qavmlaridan ozorlanishlari, Alloh yo'lida jihod qilish va boshqa muhim ma'lumotlarni o'qiysiz. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling