Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh: Hanafiyadan boshqa mazhablarda sajda.
(Ey, Muhammad,) ayting: "Alloh, deb chorlangiz yoki Rahmon deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlar-da (joizdir). Zero, Uning go'zal ismlari bordir". (Ey, Muhammad,) Siz namozingizni juda jahriy (baland ovozda, oshkora) ham qilib yubormang (toki mushriklar eshitib, Qur'onni haqorat qilmasinlar) va o'ta maxfiy ham qilib yubormang (toki sahobalaringiz tinglab, foydalansinlar). Shularning (jahriylik bilan maxfiylik) o'rtasidagi yo'lni istang! "Hamd farzand tutmagan, podshohligida sherigi yo'q, xorlikdan (qutqaruvchi) do'sti bo'lmagan (ya'ni, hech kimga muhtoj bo'lmaydigan) zot - Allohga xosdir", - deng va (ulug'lab) Unga takbir ayting! KAHF SURASI Kahf-g'or. Bu surada boshqa qissalar bilan bir qatorda ajib bir tarixiy voqea, "Ashobi kahf" voqeasi bayon etilgan. Unda tavhid, imon yo'lida zolim shoh zulmidan qochib borib, bir g'orga yashiringan fidoyi yigitlar to'g'risida gap ketadi. Surada Muso bilan Xizr (a. s.)larning ibratli qissalari va Zulqarnayn qissalari ham o'z ifodasini topgan. Shuningdek, boshqa suralardagi kabi ilohiy o'gitlar fasohatli oyatlar bilan bayon etilgan. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). (O'z) bandasi (Muhammad)ga Kitob (Qur'on)ni nozil qilgan zot (Alloh)ga - hamd! Uni (Qur'onni ma'no va mazmunda) qing'ir qilmadi, (balki, u) to'g'ri (haq va rost)dir. Huzuridan (keluvchi) qattiq azob bilan ogohlantirish va ezgu ishlarni qiladigan mo'minlarga yaxshi mukofot (jannat) xushxabarini berish, (darvoqe, ular) u yer (jannat)da mangu qoluvchilardir; shuningdek, "Allohning farzandi bor" deganlarni ogohlantirish uchun (Kitobni nozilqildi). (Mushriklar,) zotan, uni (farzand mohiyatini) o'zlari ham, ota-bobolari ham bilmaslar. Og'izlaridan chiquvchi (bu) so'z og'irdir. (Ular) faqat yolg'onni so'zlayaptilar. (Ey, Muhammad,) ular ushbu So'zga (Qur'onga) imon keltirmasalar, ehtimol, Siz ularning ortidan, afsuslik bilan o'zingizni halok qiluvchidirsiz?! Albatta, Biz (odamlardan) qaysilari chiroyliroq amal qilishlarini sinamoq uchun Yer yuzidagi bor narsani unga ziynat qilib qo'ydik. (Biz,) shubhasiz, uning (Yerning) ustini (bezaksiz) silliq va quruq qilib qo'yuvchi hamdirmiz. Balki, Kahf (g'or) va Bitik (voqealari yozilgan tosh) egalarini Bizning mo''jizalarimizning eng ajoyibi, deb hisoblagandirsiz? Qaysiki, yigitlar g'orga panoh istab borishib: "Ey, Rabbimiz! Bizlarga o'z huzuringdan rahmat ato etgin va bizlarning ishimizni O'zing to'g'rilagin", - dedilar. Bas, (o'sha) g'orda bir necha yil ularning "quloqlariga urib" (uxlatib) qo'ydik. So'ngra (ularning ichidagi) ikki guruhdan qaysi biri turgan muddatlarini (to'g'ri) hisoblashlarini bilish (sinash) uchun ularni uyg'otdik. (Ey, Muhammad,) Biz Sizga ularning xabarini haqiqatan aytib berurmiz. Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir. Biz ularning dillari (imonlarini) quvvatlantirdik - o'shanda ular (zolim shoh qarshisida) turib dedilar: "Bizning Rabbimiz osmonlar va Yerning Parvardigoridir. Bizlar Undan o'zga "iloh"ga sira iltijo qilmaymiz. Aks holda, nohaq so'zni aytgan bo'lurmiz. Ana u qavmimiz esa Undan o'zgalarni "iloh" qilib oldilar. Koshki o'zlari uchun biror aniq hujjat keltirsalar ekan. Bas, Alloh sha'niga yolg'on to'qigan kimsadan kim ham zolimroqdir?!" "(Yigitlar!) Modomiki ulardan (mushriklardan) va Allohdan o'zga ular sig'inayotgan narsalardan yuz o'girgan ekansizlar, endi g'orga panoh izlab boringiz! Rabbingiz sizlarga O'z rahmatini keng qilur va ishlaringiz omadini berur". Quyosh chiqishida ularning g'orlarining o'ng tarafidan o'tib ketganini, botishida esa ularning chap tomoni bo'ylab yiroqlashib ketganini, ular esa hamon uning keng bag'rida ekanlarini ko'rasiz. Bu ham Allohning mo''jizalaridan (biri)dir. Kimni Alloh hidoyat etsa, bas, o'shagina hidoyat topuvchidir. Kimni adashtirsa, bas, uning uchun To'g'ri yo'lga soluvchi do'st topa olmassiz. Uxloq bo'lsalar-da, (ko'zlari ochiq bo'lgani uchun) sen ularni uyg'oq, deb o'ylaysan. Biz ularni (chirib ketmasligi uchun) o'ng tomon, so'l tomonga aylantirib turarmiz. Ularning iti esa old oyoqlarini ostonaga yozib yotur. Agar ularni ko'rib qolsang, dahshatga tushib, ulardan yuz o'girib qochgan bo'lur eding. O'zaro savol-javob qilishlari uchun ularni ana shunday uyg'otdik. Ulardan biri dedi: "Qancha turdingiz?" Ular(ning ayrimlari): "Bir kun yo yarim kun", - dedilar. (Qolganlari esa): "Qancha (uxlab) turganingizni Rabbingiz bilur. Endi birortangizni shu pulingiz bilan shaharga jo'natingiz, u eng pokroq taomlarni qarab, sizlarga undan ozuqa olib kelsin. U lutf bilan ehtiyotkorona yursin va sizlarni birortaga sezdirib qo'ymasin. Izoh: Bundan bir asr oldin Hindistonda chop etilgan va qorilarimiz qo'lida hozirgacha "Qori Qur'on" nomi bilan foydalanilib kelinayotgan Qur'on nusxalarida shu oyatdagi "valyatalattaf" kalimasi Qur'oni Karimning qoq o'rtasi sifatida belgilangan. Chunki ular (shahar ahli) sizlardan ogoh bo'lib qolsalar, sizlarni toshbo'ron qilurlar yoki sizlarni o'z dinlariga qaytarurlar va u holda, sira najot topa olmaysizlar", - deyishdi. Shunday qilib, Allohning (qayta tiriltirish haqidagi) va'dasi haq ekanini va qiyomatning (kelishi) shaksiz ekanini bilishlari uchun (odamlarni g'or yigitlaridan) xabardor qildik. O'shanda (ular vafot etishgach) o'zaro ularning ishlari haqida tortisha boshladilar. Bas, (ba'zi kishilar): "Ularning ustiga uylar bino qilinglar. Parvardigorlari ularni yaxshi biluvchidir", - dedilar. Ularning ustida hukmron bo'lgan (imonli podshoh va saroy a'yonlari esa): "Albatta, biz ular (ya'ni, Ashobi Kahf qabri) uzra (g'or og'ziga) bir masjid qurib olurmiz", - deyishdi. Hali ular (Muhammadga zamondosh yahudiy, nasoro va musulmonlarning ayrimlari o'sha Ashobi Kahf adadini): "Uchtadir, to'rtin chilari itlaridir", desalar, (boshqalari) "beshta bo'lib, oltinchilari itlaridir", deb g'aybga tosh oturlar (taxminan gap soturlar). Yana: "(Ular) yettitadirlar, sakkizinchilari itlaridir" ham deydilar. (Ey, Muhammad,) "Ularning sanog'ini Rabbim yaxshi biluvchidir. Ularni juda oz kishi bilur", deng. Bas, ular xususida faqat (vahiy asosida) ochiq munozara qiling va (Ashobi Kahf) haqida ularning birortasidan savol so'ramang! Izoh: Ashobi Kahfning nomlari to'g'risida turli rivoyatlar mavjud. Madorik tafsirida Ali ibn Abi Tolib (r. a. )dan naql qilinishicha ularning nomlari - Yamlixo, Makshalino, Mashlino, Marnush, Dabarnush, Shoznush, Kashfittanus. Itlarining nomi Qitmir. Biror narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko'rmang! Illo, "Inshoalloh, (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so'zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Rabbingizni zikr qiling (ya'ni, "inshoalloh", deng) va: "Shoyad Rabbim meni bundan ham yaqinroq To'g'ri yo'lga hidoyat etsa",deng! Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling