Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida


O’N YETTINCHI JUZ’ *************************


Download 0.71 Mb.
bet89/184
Sana31.03.2023
Hajmi0.71 Mb.
#1313146
1   ...   85   86   87   88   89   90   91   92   ...   184
Bog'liq
Документ

O’N YETTINCHI JUZ’ *************************


ANBIYO SURASI
Anbiyo - payg'ambarlar. Surada Allohning yakka-yagonaligiga aqliy dalillar, Yeru osmonlar, barcha mavjudotlar Allohning hikmati va qudrati bilan yaratilganligi va boshqa aqida va ibodatga doir oyatlar bayon etiladi. Suraning nomiga monand, unda Ibrohim, Ishoq, Ya'qub, Lut, Nuh, Dovud, Sulaymon, Ayyub, Ismoil, Idris, ZulKifl, Zun-nun (Yunus), Zakariyo va Iso (a. s.)lar to'g'risida ham ma'lumotlar berilgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

  1. Odamlarga hisobotlari (qiyomat kuni) yaqinlashib qoldi. Ular hanuz g'aflatda, (imon va amaldan) yuz o'giruvchidirlar.


  1. Ularga Parvardigorlari (tomoni)dan biror yangi eslatma (oyat) kelsa, albatta, uni o'ynab (masxaralab) turib tinglaydilar.


  1. Dillari esa g'ofildir. Zolim (kofir)lar: "Bu (Muhammad) o'zlaringizga o'xshagan bir odam-ku! Ko'rib turib, sehrga (aldanish uchun) kelaverasizlarmi?!" - (deb) o'zaro shivirlashdilar.


  1. (Shunda Muhammad) aytdi: "Rabbim osmonu zamindagi (har bir) so'zni bilur. U eshituvchi va biluvchidir".


  1. "Balki, - dedilar ular. - (Muhammad vahiy deb da'vo qilayotgan so'zlar) – alg'ov-dalg'ov tushlardir, balki uni o'zi to'qib olgandir, balki u shoirdir. Bas, u ham ilgari yuborilgan payg'ambarlar kabi biror mo''jiza keltirsin!"


  1. Ulardan oldin, Biz halok qilgan biror shahar (aholisi) imon keltirgan emas, bas, ular imon keltirarmidilar?!


  1. (Ey, Muhammad,) Biz Sizdan ilgari ham faqat erkaklarni o'zimiz vahiy qilgan holda (payg'ambar etib) yuborganmiz. Bas, (ey, Makka ahli,) agar bilmaydigan bo'lsangizlar, (Tavrot, Injilni biladigan) zikr ahlidan so'ranglar!


  1. Biz u (payg'ambar)larni taom yemaydigan bir jasad qilgan emasmiz va ular mangu hayot kechiruvchi ham emas edilar.


  1. So'ngra (bergan) va'damizga vafo qilib, u (payg'ambar)larga o'zimiz xohlagan imonli kishilar bilan birga najot berganmiz va haddan oshuvchilarni esa halok qilganmiz.


  1. Darhaqiqat, sizlarga Kitob (Qur'on) nozil qildik. Unda sizlarning zikringiz bordir. (Buni) anglamaysizlarmi?!


  1. Qanchalab zolim qishloq (ahli)ni halok qildik va ularning ortidan boshqa qavmlarni paydo qildik.


  1. Bas, qachonki, ular azobimiz (kelishi)ni sezib qolishgach, birdaniga u joydan qochib qolurlar.


  1. (Shu payt farishtalar): "Qochmanglar, maishatga botgan joylaringizga, o'z maskanlaringizga qaytinglar, balkim so'roq qilinursizlar", (deganlarida):


  1. (Ular o'zaro): "Ey, holimizga voy! Darhaqiqat, bizlar zolim ekanmiz", - dedilar.

  2. Bas, to Biz ularni (giyoh kabi) o'rilgan, (olov kabi) o'chgan (o'lgan) holga keltirgunimizcha shu (hol) ularning da'vo (dod-voy)lari sifatida davom etdi.


  1. Biz osmon va Yerni hamda ularning orasidagi narsalarni o'ynab (behuda) yaratganimiz yo'q.


  1. Bordiyu, o'yin-kulgi qilishni (xotin va farzand orttirishni) istasak, agar (shunday) qiluvchi bo'lganimizda ham uni o'z huzurimizdan (ya'ni, farishtalardan yoki jannat hurlaridan) qilgan bo'lur edik.


  1. Yo'q, (Biz) Haq (Qur'on)ni botil (jaholat)ning ustiga tashlaymiz, bas, uni ezib yuborgach, bexos (botil) yo'q bo'lur. Sizlarga esa (ey, mushriklar, Allohning bunday) sifatlaganingiz sababli holingizga voy!


  1. Osmonlar va Yerdagi borliq Unikidir. Uning huzuridagi zotlar (farishtalar) Uning ibodatidan orlanmaydilar ham, charchamaydilar ham.


  1. Ular tunu kun sustkashlik qilmasdan (Allohga) tasbeh aytadilar.


  1. Yoki ular (mushriklar) yerdan (tosh, yog'ochlardan o'liklarni) tiriltira oladigan "ilohlarni" o'zlashtirdilarmi?!


  1. Agar ikkisi (Yer va osmon)da Allohdan o'zga ilohlar bo'lganida, har ikkisi buzilib ketgan bo'lur edi. Bas, Arsh egasi bo'lmish Alloh ular sifatlayotgan (sheriklardan) pokdir.


  1. U o'zi qiladigan biror narsa haqida javobgar emas, balki ular (bandalar) javobgardirlar.


  1. Yoki Uni qo'yib (boshqa) "iloh"larni o'zlashtirdilarmi?! (Ey, Muhammad,) ayting: "Hujjatingizni keltiringiz! Mana shu men bilan birga bo'lgan (mo'minlarning) eslatmasi (Qur'on) va mendan avvalgilarning eslatmalari (Tavrot, Injil). Yo'q, ularning aksariyati Haqiqatni bilmay turib, (Undan) yuz o'giruvchilardir".


  1. (Ey, Muhammad,) Sizdan ilgari Biz yuborgan har bir payg'ambarga ham: "Mendan o'zga iloh yo'q, bas, Menga ibodat qilinglar", - deb vahiy yuborgandirmiz.


  1. Ular (ya'ni mushriklar): "Rahmonning (farishtalardan) bolasi bor", - deydilar. U esa bundan mutlaqo pokdir! Yo'q, (farishtalar) azizu mukarram bandalardir.


  1. (Farishtalar) Undan ilgari biror so'z aytmaydilar. Ular (Allohning) amri bilangina ish qilurlar.


  1. (U) ularning oldilaridagi (qiladigan) va orqalaridagi (qilib o'tgan) ishlarini bilur. Ular faqat (Alloh) rozi bo'lgan kishilarnigina shafoat qilurlar. Ularning (o'zlari) Undan xavfsirab qo'rqib tururlar.


  1. Ulardan qaysi biri: "Men ham (Allohdan) o'zga bir ilohman", desa, bas, Biz o'shani jahannam bilan jazolaymiz. Barcha zolimlarni ana shunday jazolaymiz.


  1. Kofir bo'lganlar osmonlar ham, Yer ham (avvalda) yaxlit bo'lganini, bas, Biz ularni yorib yuborganimizni va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko'rmadilarmi?! Endi ham imon keltirmaydilarmi?!


  1. Yer ularni (odamlarni) tebratmasin uchun unda tog'larni (paydo) qildik va yo'l topib yurishlari uchun unda keng dara va yo'llarni paydo qildik.

  2. Osmonni saqlanib turuvchi tom qilib qo'ydik. Ular (mushriklar) esa ularning alomatlaridan yuz o'giruvchidirlar.


  1. U kecha va kunduzni, quyosh va oyni yaratgan zotdir. (Bu ikkisining) har biri falakda suzib yurar.


  1. (Ey, Muhammad,) Biz sizdan avval biror odamzotga mangu hayot bergan emasmiz, Siz o'ladiganu, ular mangu qoluvchilarmi?!


  1. Har bir jon o'limni totuvchidir. Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin) faqat bizgagina qaytarilursizlar.


  1. (Ey, Muhammad,) qachon kofir bo'lganlar Sizni ko'rsalar, faqat (bir-birlariga Sizni ko'rsatishib): "Ilohlaringizni ayblaydigan kimsa mana shumi?" - (deyishib) masxara qiladilar. Holbuki, ularning o'zlari Rahmonning zikri (Qur'on)ni inkor etuvchilardir.


  1. (Haqiqatan) inson shoshqaloq qilib yaratilgandir. Yaqinda Men sizlarga o'z alomatlarimni ko'rsaturman. Bas, Meni shoshiltirmangiz!


  1. Ular: "Agar rostgo'y bo'lsangiz (aytinglar-chi), mana shu va'da qachon bo'ladi?" - derlar.


  1. Agar kofir bo'lganlar na oldilaridan va na ortlaridan olovni to'sa olmay qolishadigan, ularga yordam berilmaydigan vaqtni (qiyomat kuni shiddatini) bilsalar edi, (bu so'zlarni aytmagan bo'lur edilar).


  1. Yo'q, (qiyomat) to'satdan kelib, ularni hayronu lol qilib qo'yar, bas, uni qaytarishga kuchlari yetmas, ularga (tavba uchun) muhlat ham berilmas.


  1. (Ey, Muhammad,) aniqki, Sizdan avvalgi payg'ambarlar ham masxara qilingan. Bas, ularning ustidan kulgan kimsalarni o'zlari masxara qilgan narsalari (Allohning azobi) qamrab olgandir.


  1. Ayting: "Kechasiyu kunduzi sizlarni Rahmon (azobi)dan kim saqlay olur?!" Yo'q, ular Parvardigorlari zikridan yuz o'giruvchilardir.


  1. Yoki ularda Bizdan o'zga himoya qiladigan "ilohlar" bormi?! Ular o'zlariga yordam qilishga ham qodir emaslar va ular Biz (tomon)dan ham himoya qilinmaslar.


  1. Yo'q, Biz ularni (kofirlarni) va ota-bobolarini (dunyo matolaridan shunday) foydalantirdikki, hatto ularga umr uzun ko'rindi. Axir, ular Biz yerni atrofidan kamaytirib kelayotganimizni (kufr dunyosi qisqarib borayotganini) ko'rmaydilarmi?! Bas, ular g'olibmilar?!


  1. Ayting: "Men sizlarni faqat vahiy bilan ogohlantirurman. (Lekin) "karlar" ogohlantirilayotgan vaqtlarida da'vatni eshitmaydilar".


  1. Qasamki, agar ularga Rabbingizning azobidan andak yetsa, albatta, ular: "Holimizga voy! Darhaqiqat, bizlar (o'zimizga) zolim ekanmiz", - deb qolurlar.


  1. Biz qiyomat kuni uchun adolatli tarozilar qo'yurmiz, bas, biror jonga zarracha zulm qilinmas. Agar xantal (o'simligi) urug'idek (yaxshi yoki yomon amali) bo'lsa ham, o'shani keltirurmiz! Biz o'zimiz yetarli hisob-kitob qiluvchidirmiz.


  1. Darhaqiqat, Biz Muso va Horunga Furqon (Tavrot), ziyo va taqvodor kishilar uchun eslatma ato etdik.

  2. Ular Parvardigorlaridan g'oyibona qo'rqurlar va qiyomatdan ham ular xavfda turuvchilardir.


  1. Bu (Qur'on) Biz nozil qilgan muborak eslatmadir. Hali sizlar uni inkor qiluvchimisizlar?!


  1. Darhaqiqat, Biz (Musodan) ilgari Ibrohimga to'g'ri yo'lni ato etdik. Biz uni biluvchimiz.


  1. O'shanda (Ibrohim) otasi va qavmiga: "Sizlar doimo sig'inadigan bu haykallar nimadir?!" - dedi.


  1. (Ular) aytdilar: "Bizlar ota-bobolarimizni ularga sig'ingan holda topganmiz".


  1. (U) dedi: "Darhaqiqat, sizlar ham, ota-bobolaringiz ham ochiq zalolatda ekansizlar".


  1. (Ular) aytdilar: "Bizga haq narsani keltirdingmi yoki sen o'yin qiluvchilardanmisan?"


  1. (U) dedi: "Yo'q! Sizlarning Rabbingiz (butlar emas, balki) osmonlar va Yerning Parvardigoriki, ularni o'zi yaratgandir. Men bunga guvohlik beruvchilardandirman.


  1. Alloh nomiga qasamki, sizlar o'girilib (bayramga) ketganlaringizdan keyin butlaringizga makr (hujum) qilurman".


  1. Bas, u (butlarni) parchalab tashladi. Faqat, "(mushriklar butlarning) kattasiga qaytsinlar" (deb) o'shanigina (qoldirdi).


  1. Ular (qaytib kelib): "Bizning ilohlarimizni kim bunday qildi? (Kim bo'lsa ham) u zolimlardan ekan", - dedilar.


  1. Ular (ayrimlari) aytishdi: "Ularni gapirib (ayblab) yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik".


  1. (Shunda ularning kattalari): "Uni odamlar oldiga keltiringiz, shoyad ular guvoh bo'lishsa", - deyishdi.


  1. (Uni keltirishgach): "Ilohlarimizni sen shunday qildingmi, ey, Ibrohim?" - deb (so'rashdi).


  1. (Ibrohim) aytdi: "Yo'q, bu ishni ularning kattasi - mana bu (haykal) qildi. Bas, ulardan so'ranglar, agar gapira olsalar".


  1. Bas, (mushriklar) o'zlariga (hushlariga) kelib (bir-birlariga): "Sizlar o'zingiz zolimlarsiz", - dedilar.


  1. So'ngra, yana boshlari aylanib: "Sen ularning gapirmasliklarini yaxshi bilardingku?!" - deyishdi.


  1. (Ibrohim) aytdi: "Axir, Allohni qo'yib, sizlarga biror foyda ham, ziyon ham yetkaza olmaydigan narsalarga sig'inasizlarmi?!


  1. Sizlarga ham, Allohni qo'yib sig'inayotgan butlaringizga ham tuf-ye! Axir, aql yurgizmaysizlarmi?!"


  1. (Namrud boshchiligidagi mushriklar) dedilar: "Uni yoqib yuboringlar! Agar qiluvchi bo'lsalaring

(shu ish bilan) ilohlaringizga yordam qilinglar!"

Download 0.71 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   85   86   87   88   89   90   91   92   ...   184




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling