Qutadg‘u bilig” dostonida muallif ijtimoiy-siyosiy qarashlari


I. Yusuf Xos Xojibning hayoti va ijodi


Download 100.5 Kb.
bet2/5
Sana17.06.2023
Hajmi100.5 Kb.
#1553557
1   2   3   4   5
Bog'liq
Qutadg‘u bilig dostonida muallif ijtimoiy-siyosiy qarashlari

I. Yusuf Xos Xojibning hayoti va ijodi
X-XII asrlarda arab, fors-tojik va turkiy tilda badiiy asarlar yaratildi. Bu davr adabiyoti haqida nishopurlik olim, yozuvchi, adabiyotshunos va tilshunos, tarixchi Abu Mansur as-Saolibiy (961-1038)ning «Yatimat ad-dahr fi mahosini ahli al-asr» («Asr ahlining fozillari haqida zamonasining durdonasi»)nomli tazkirasi boy ma’lumot beruvchi muhim manba sanaladi. Tazkira 995-1000 yillar mobaynida yozib tugatiladi. Tazkira to‘rt qismdan tarkib topgan bo‘lib, uning har bir qismi o‘n bobga ajratiladi. Tazkiraning to‘rtinchi qismining dastlabki uch bobi Buxoroning o‘zida yashab ijod etgan qirq sakkizta shoirning hayoti va ijodiga doir qaydlardan iborat. Asarda keltirilgan Movarounnahr va xurosonlik shoirlarning she’rlari qasida, vasf, hajv, marsiya, masnaviy, g‘azal, urjuza janrlariga mansubdir. X-XII asrlarda fors-tojik adabiyoti ham taraqqiy etdi. Rudakiy, Daqiqiy, Firdavsiy, Robia, Mahastixonim, Asadi Tusiy, Faxriddin Gurgoniy, Nosir Xisrav, Umar Xayyom, Am’aq Buxoriy, Rashidaddin Vatvot, Xoqoniy SHervoniy, Nizomiy Ganjaviy kabi ulkan san’atkorlar yetishib chiqadi.
X-XII asrlar turkiy adabiyotning, turkiy tasavvuf she’riyatining rivojlanganligi bilan ham xarakterlanadi. Bu davr adabiyotida Qur’oni karim, hadislarning ta’siri seziladi. Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiy, Sulaymon Boqirg‘oniylar ijodi e’tiborlidir. Umuman, bu davrda turli adabiy janrlar shakllanib bordi. Lirikada qasida, g‘azal, ruboiy, qit’a, marsiya, munozara va boshqa janrlar, turli mavzudagi dostonlar vujudga keldi. Nasr sohasida Abulmuayyad Balxiy («Shohnoma», «Gershaspnoma»), Homididdin Balxiy («Maqomoti Homidiy») kabilarning asarlari, adabiyotshunoslik sohasida Ar-Roduyoniy («Tarjimon-ul-balog‘a»), R.Vatvot («Hadoyiq-us-sehr»-«Sehrlar bog‘i»), Nizomiy Aruziy Samarqandiy («CHohor maqola»), Muhammad Avfiy («Lubob-ul-albob»-«Negizlar negizi») asarlari yuzaga keldi.
Yusuf Xos Hojibning hayoti va faoliyati haqida ma’lumot beruvchi yagona manba uning «Qutadg’u bilig» («Saodatga yo’llovchi bilim») dostonidir. Bu doston hijriy yil hisobi bilan 462 (melodiy 1069-70) yilda yozilgan. Avtor dostonning muqaddimasida yoshi ellikdan oshganini ta’kidlaydi. Shunga qarab Yusuf Xos Hojib XI asrning 20-yillari arafasida tug’ilgan, deb ayta olamiz. Yusuf Xos Hojibning vatani-Balasog’un (Quz o’rda) XI-XII asrlarning yirik savdo-sotiq hamda madaniy markazlaridan biri edi. Bu shahar ikki marta qoraxoniylarning poytaxti ham bo’lgan edi.
Atroflicha bilim olgan Yusuf Xos Hojib o’z davrining peshqadam donishmandlaridan biri bo’lib etishdi. U fors-tojik va arab tillarini, badiiy adabiyotni, tarix, astronomiya, geometriya, matematika, tabiiyot, geografiya va boshqa fanlarni o’rgandi. U buyuk olimlarning ayrim axloqiy va falsafiy qarashlarini, medisinaga doir mulohazalarini targ’ib qildi, zamondoshlarini geometriya kabi fanlarni o’rganishga chaqirdi va hokazo.
Shu bilan birga, Yusuf Xos Hojib o’z vatandoshi, ulug’ olim Mahmud Qoshg’ariy singari, turkiy qabila va xalqlarning tilini o’rgandi, adabiy til uchun, turkiy tilning madaniy hayotda yanada kengroq o’rin olishi uchun kurashdi, xalq og’zaki adabiyoti va yozma adabiyotning boy tajriba va tradisiyalaridan ta’lim olib, mashhur «Qutadg’u bilig» dostonini yaratadi. Bu doston turkiy tildagi yozma adabiyotning ilk yirik asarlaridan biri edi.
Yusuf Xos Hojib «Qutadg’u bilig» dostonini Balasog’unda yoza boshladi; uni Qashqarda yozib tugatdi va qoraxoniy hukmdorlaridan bo’lgan Tavg’ach Bug’raxonga (Tavg’och ulug’ Bug’ro Qoraxon abo Ali Hasan binni Arslonxon) taqdim qildi. Bug’raxon doston avtorini taqdirlab, unga «Xos Hojib» (muqarram, eshik og’osi) unvonini berdi. Shunday keyin u Yusuf Xos Hojib nomi bilan shuhratqozondi.
«Qutadg’u bilig»ning muqaddimasida ko’rsatilishicha, doston o’z davrida keng shuhrat qozongan, turkiy tildagi eng yaxshi asar deb baholangan va turli joylarda turli nom bilan yuritilgan. Chinliklar «Adabul-muluk» (deb) ot berdilar. Mochin Malikaning nadimlari «Oyinul-mamlakat» (deb) atadilar, mashriqliklar «Ziynatul-umaro» deb aytadilar, eronliklar «Shohnomai turkiy» dedilar, shuningdek, ba’zilar «Pandnomai muluk» debdilar, turonliklar «Qutadg’u bilig» deb aytibdilar.
«Qutadg’u bilig»ning uch qo’l yozma nusxasi ma’lum. Bu nusxalar «Vena» (yoki «Hirot»), «Qohira» va «Namangan» nusxalari deb yuritiladi. «Qutadg’u bilig»ning birinchi nusxasi XIX asrning 20-yillarida Istambulda topildi. Bu nusxa XV asrda-1439 yilda Hirotda Hasan Qara Sayil Shams tomonidan uyg’ur yozuvi bilan ko’chirilgan. Qo’l yozmani topgan olim Xammer Purgshtall uni Venadagi Qirollik kutubxonasiga topshiradi. Shuning uchun bu nusxa «Hirot» yoki «Vena» nusxasi deb yuritiladi.
«Qutadg’u bilig»ning ikkinchi qo’l yozma nusxasi 1896- yilda Qohirada topildi. Bu nusxa (XV asr) arab yozuvida ko’chirilgan bo’lib, u Hirot nusxasidan birmuncha farq qiladi. Tekstdagi juz’iy farqlardan tashqari, Qohira nusxasida Hirot nusxasidagi ayrim o’rinlar yo’q.
«Qutadg’u bilig» uchinchi nusxasi 1913-yilda Namanganda topildi va 1914- yilda ma’lumot e’lon qilindi. (Nusxa namanganlik Muhammadhoji Eshon Lolaresh degan kishining shaxsiy kutubxonasida sharqshunos olim A. Z. Validov tomonidan topilgan.) Bu nusxa ham Qohira nusxasi kabi arab yozuvida ko’chirilgan: «Qutadg’u bilig»ning Namangan nusxasi boshqa nusxalarga qaraganda birmuncha mukammalroq bo’lib, E.E. Bertelüsning taxminicha, u XIII asrning oxiri yoki XIV asrning boshlarida ko’chirilgan bo’lishi kerak. Bu nodir nusxa O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.
«Qutadg’u bilig»ning prozaik muqaddimasida ta’kidlanishicha, dostonda to’rt asosiy masala qo’yilgan va bu masalalar majoziy obrazlar qiyofasida mujassamlashtirilgan.
«Qutadg’u bilig» jami Namangan nusxasida 6500 baytga 13000 misraga yaqin bo’lib, u 73 fasl-bobga bo’lingan. O’n bir bobi dostonning muqaddimasi bo’lib, muqaddima xudoga, payg’ambarga va to’rt xalifaga bag’ishlangan tardision boblardan tashqari, yoz tavsifi va Bug’raxon madhi, 7 sayyora va 12 burj, til odobi va bilimning foydasi kabi masalalarga bag’ishlangan boblarni o’z ichiga oladi. Dostonning asosiy qismi 12-bobdan, Kuntug’di degan hukmdorning ta’rifi bilan boshlanadi. Dostonda quyidagi voqea hikoya qilinadi:
Kuntug’di degan odil podsho bo’lib, uning shon-shavkati va shuhrati yaqin va uzoq o’lkalarga yoyilgan ekan. Oytuldi degan oqil bir kishi uning xizmatiga kirish istagi bilan poytaxtga kelibdi. U musofirlikning azob-uqubatlarini chekibdi hamda yor-do’st, tanish-bilish orttiribdi. Oyto’ldi Ko’samish (Istanilgan) degan do’stiga musofir bo’lib Kuntug’di poytaxtiga kelishining sabablarini so’zlab beribdi. Ko’samish unga madad berib, Kuntug’dining Xos Hojibi bilan tanishtiribdi. Oyto’ldi Kuntug’dining saroyiga borib, uning suhbatida bo’libdi. Oyto’ldini yoqtirgan Kuntug’di uni saroyga xizmatga olibdi. Oyto’ldining mansab-martabasi kundan-kun ziyod bo’lib, oxiri u vazir qilib tayinlanibdi. U saroyda uzoq vaqt xizmat qilib, aql-idroki va tadbirkorligi bilan Kuntug’dini mamnun qilibdi. Biroq yurti va oilasini sog’inib, Oyto’ldi hukmdordan ruxsat olib, o’z yurtiga qaytibdi va birmuncha vaqtdan keyin o’sha erda vafot etibdi.
Oyto’ldining O’gdulmish degan o’g’li bor ekan. U otasining so’ziga amal qilib, Kuntug’dining dargohiga kelib, saroyga xizmatga kiribdi. O’gdulmish otasining izidan borib, davlat ishlaridagi faoliyati va donoligi bilan Kuntug’dini shod va mamnun qilibdi. Kuntug’di bilan O’gdulmish o’rtasida turli xil masalalarga doir suhbat va munozaralar bo’libdi. Oqil va olim kishilarning davlat ishlariga katta foyda keltirayotganini ko’rgan Kuntug’di donishmand O’zg’urmishni (O’dg’urmish ham yoziladi) saroyga taklif qilibdi. Uzgurmish tarkidunyo qilib, kishilar orasidan chiqib ketgan ekan. U bir necha xat-xabar va oqil O’gdulmish bilan bo’lgan suhbatlaridan keyin Kuntug’dining taklifini qabul qilib, saroyga kelibdi. O’zgurmish bilan Kuntug’di davlat idora ishlari, axloq-odob va boshqa masalalar bo’yicha suhbat va munozaralar qilishibdi. O’zg’urmish Kuntug’diga ko’p o’gitva nasihatlar beribdi.
Yusuf Xos Hojibning davlat hokimiyati haqidagi fikr-mulohazalari dastlab bek-hukmdor qiyofasida mujassamlashadi. Uning fikricha, bek davlatning yagona hukmdori bo’lib, uning amr-irodasi barcha uchun qonundir. Bek xudoning xohishi bilan beklik mansabiga erishgan kishidir. Xudo biror kishini bek qilmoqchi bo’lsa, avval unga beklik sifatlari va fazilatlarini ato qilar emish: bek «xudo ato qilgan» oliy mansabi bilan faxrlanishi, lekin, shu bilan birga o’z zimmasidagi katta va mas’uliyatli vazifalarni sharaf bilan amalga oshirishi kerak; bu vazifalar mamlakatni idora etish, uning osoyishtaligi va obodonchiligi uchun kurash, mamlakat ishi uchun foydali bo’lgan qonun-qoidalar ta’sis qilish va ularni amalga oshirish, ilm-ma’rifat ahllarini himoya qilish va boshqalardan iborat.
Agar bek ilmli va ma’rifatli bo’lsa, u olimlar va donishmandlar qadriga etadi, ular bilan aloqada bo’lib, o’ziga yaqin tutadi. Bek mayxo’rlik va turli fisq-fasodga berilmasligi, ulardan hazar qilishi kerak. Zeroki, baxt-saodat ham mayxo’rlik va fisq-fasoddan hazar qiladi, ulardan qochadi.
Bo’r ichmas karak bag fasod qilmasa,
Bu ikki qiliqdin qochar qut basa.
(Beg ichimlik ichmaydigan, fasod qilmaydigan kishi bo’lishi kerak. Bu ikki qilmishdan zinhor qut-baxt qochadi).
Mayxo’rlik davlat ishlariga putur etkazadi, turli nojo’ya hatti-harakatlarga sabab bo’ladi.
Shoir: bekning o’zigina davlat ishlarini boshqara olmaydi. Buning uchun yordamchilar-saroy amaldorlari, ishning ko’zini biladigan er kishilar, donishmand, oqil va kishilarga bosh bo’lgan tanlangan odamlar kerak deydi. Vazirdan tortib oshpazga qadar saroy ahllarining har birini alohida-alohida ta’riflaydi, ularning sifati, burchi va vazifalarini ko’rsatadi hamda bekka o’git berib, bularga nisbatan, bir tomondan, qattiq talabchan, ikkinchi tomondan, otalarcha g’amxo’r bo’lish lozim deydi.
Yusuf Xos Hojib bek va uning amaldorlari haqidagi fikr-mulohazalarini Kuntug’di, Oyto’ldi, O’gdulmish va O’zgurmishlar qiyofasida mujassamlashtirilib, ularni o’z davrining saroy ahliga bir namuna qilib ko’rsatishga intiladi. Kuntug’di-adolatli hukmdor, jonishmand va ezgu xulq-atvorli kishi. U o’z atrofiga Oyto’ldi, O’gdulmish va O’zg’urmish kabi fazilatli odamlarni to’playdi, ular bilan kengashadi, maslahatlashadi, mmalakatda tartib-qoida o’rnatadi, zolimlarga tanbeh berib, mazlumlarni shod qiladi. Uning bunday faoliyati go’yo ziddiyatlarga barham berib, hatto qo’y bilan bo’rini ham inoqlashtiradi
Elin etti, tuzdi, boyudi budun,
Bo’ri qo’y bila suvladi ul o’dun.
(Elida tartib o’rnatdi, uni tuzdi, xalq boyidi, u davrda bo’ri qo’y bilan birga suv ichdi).
O’gdulmish va O’zgurmishlar ham xuddi shunday kishilardir. O’gdulmish otasi Oyto’ldining ishi va faoliyatini davom ettiradi. O’zg’urmish, garchi saroyning biror rasmiy lavozimini qabul qilmasa ham, o’giti va maslahatlari bilan davlat ishlariga yordam beradi. Shoir o’z fikr-mulohazalarini ko’proq O’zg’urmish tili bilan ifodalaydi. O’zg’urmish bek va uning amaldorlarini yaxshilikka yo’llaydi, ularni kibr-havoga, mag’rurlikka berilmaslikka undaydi, beva-bechoraparvar bo’lishga chaqiradi.


Download 100.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling