Tashxis metodikasining amaliyotga mosligi. Pedagogik, psixologik jarayonlarda metodikaning shakllantirilishi va uning amaliy qiymatga ega bo‘lishi tashxislashning samarali bo‘lganligidan dalolat beradi. Shu sababli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashxis metodikasining amaliyotga mos kelishiga e’tibor qaratish to‘g‘ridir.
Tashxis shakli, metodi, vosita va texnologiyalarning o‘zaro birligi.
Ma’lumki, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarda faoliyat muayyan shakl, metod, vosita va texnologiyalar yordamida tashkil etiladi. Kutilgan natijani qo‘lga kiritishda ularning to‘g‘ri tanlanganligi muhim bo‘lsa, ular o‘rtasida o‘zaro birlikni qaror toptirish ham shunchalik muhimdir.
Tashxis texnologiyasining maqsadga muvofiqligi. Texnologik yondashuv o‘z mohiyatiga ko‘ra faoliyatni muayyan izchillikda, tizimli, uzluksiz amalga oshirilishini tavsiflaydi. Pedagogik tashxis jarayonining texnologiyalashtirilishi bosqichli harakatlarning og‘ishmay, bir maromda tashkil etilishiga olib keladi.
Tashxis natijalarining ishonchliligi va ularning xolis baholanishi. O‘quvchilarning mavjud bilim, ko‘nikma va malakalari darajasini ko‘rsatuvchi natijalarning haqqoniy va ishonchli bo‘lishi uchun tashxislanuvchilarning tajriba hamda nazorat guruhlariga ajratilishi, barcha tashxislanuvchilarning anketa, test topshiriqlariga bevosita va xolis javob berishlari, amaliy, ijodiy topshiriqni bajarishda belgilangan vaqt reglamentiga rioya qilishlari maqsadga muvofiqdir. Binobarin, tashxis natijalarning haqqoniy va ishonchli bo‘lishi istiqbol vazifalarini belgilashga, korreksion ishlarni tashkil etishga imkon beradi.
Natijalarning maqsadga muvofiqligi. Tashxislash natijalari qo‘yilgan maqsadning xarakteriga mos bo‘lishi, o‘rganilayotgan holatni ifodalay olishi zarur. Bordi-yu, olingan natijalar maqsad negizida ko‘zda tutilgan holatlarni yorita olmasa, u holda tashxislash jarayonini noto‘g‘ri tashkil etilgan, degan xulosaga kelinadi.
2. Pedagogik diagnostika darajalari va bosqichlari. Qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar diagnostika natijalari turli darajalarda namoyon bo‘ladi. Pedagogik diagnostikaning asosiy darajalari quyidagilardir (7-rasm):
Do'stlaringiz bilan baham: |