Reja: Virusologiyada qo’llaniladigan mikroskopik tekshirish usullari. Virusologiyada qo’llaniladigan hujayra kulturalari va ularni olish usullari. Laboratoriya hayvonlariga yuqtirish yo‘li bilan viruslarni o'stirish va ajratib olish
Hujayra kulturalarida viruslarni indikatsiya va identifikatsiya qilish usullari
Download 33.98 Kb.
|
Nodira virusologiya
- Bu sahifa navigatsiya:
- Foydalanilgan adabiyotlar
Hujayra kulturalarida viruslarni indikatsiya va identifikatsiya
qilish usullari. Bir qavatli hujayra kulturalari ko‘pgina virusli infeksiyalar diagnostikasida muhim ahamiyatga egadir. Hujayra kulturalari yordamida viruslami aniqlash (indikatsiya) va tekshiriluvchi materialdan ajratib olish, laboratoriya sharoitida virusni saqlash va virus identifikatsiyasini o‘tkazish mumkin. Hujayra kulturalaridan foydalanib tekshiriluvchi zardoblarda viruslarga qarshi antitelolar aniqlanadi. Viruslarni ajratib olish va o‘stirishda yuqori moyillikka ega sezuvchan hujayra kulturalari kerak bo’lib, ularda viruslar cheksiz sondagi passajlarda ko‘paya olish (reproduksiyalanish) xususiyatiga ega. Bunday yuqori sezuvchan kulturalar odatda, ko‘proq odam hujayralari kulturalari (birlamchi, undiriladigan, diploid), shuningdek maymun buyragidan tayyorlangan hujayra kulturalari hisoblanadi. Hayvon va qushlar to‘qimalaridan olinadigan hujayra kulturalari ham ko‘p ishlatiladi. Hujayra kulturalarining u yoki bu viruslarga nisbatan yuqori sezuvchanlikka ega bo’lgan alohida turlari mavjud. Masalan, maymunning buyrak hujayralarida polioviruslar, undiriladigan HeLa hujayra kulturasida - A va В gripp viruslari, tovuq embrioni fibroblastlari birlamchi kulturasida — gerpes-viruslar va poksviruslar yaxshi ko‘payadi. Shunday qilib, viruslarga sezuvchanlik ham hujayra xususiyatlarini, ham viruslar tabiatini hisobga olgan holda aniqlanadi. Viruslarni yaxshi o‘stirish uchun: hujayralar o‘sadigan oziq muhit tarkibi, pH ko‘rsatkichi, zardobning borligi, inkubasiya harorati, yosh, hujayra populyasiyasi zichligi va hayotchanligi, interferon sintezi va boshqa omillar katta ahamiyatga ega. Masalan, paragripp viruslari oziq muhitda zardob bo’lganda reproduktsiyalanmaydi; rinoviruslar esa, hujayra kulturalarida 33°C haroratda va probirkalar doimo aylanib turgandagina ko‘paya oladi. Bu ma’lumotlami hisobga olish diagnostikada katta yordam beradi, ajratib olingan virusning dastlabki taxminiy identifikatsiyasini o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Indikatsiya. Hujayra kulturalari virus bilan zararlantirilganda virus ta’sirining turli xil ko‘rinishlarini kuzatish mumkin: 1. Virusning hujayra kulturasiga sitopatik ta’siri (SPT), bunda kulturada ko‘zga ko‘rinadigan morfologik degenerativ o‘zgarishlar (litik infeksiya) kelib chiqadi. 2. Zararlangan hujayra kulturasi gemadsorbsiya xususiyatiga ega bo'ladi, ya’ni hujayra yuza qavatiga eritrositlar adsorbsiyalanadi. 3. Zararlangan hujayra kulturasida maxsus agarli qoplamning zich qatlami ostida virusning «negativ koloniyalari» - pilakchalar hosil bo‘ladi. 4. Virus bilan zararlangan hujayra kulturasida metabolizm jarayonlarining bo‘lmasligi rangli sinama (rangli reaksiya) yordamida aniqlanadi Hujayra kulturalarida viruslar ta’sirida namoyon bo‘lgan ushbu ko‘rinishlar asosiy mezon bo‘lib hisoblanadi, ular yordamida viruslar indikatsiyasi o‘tkaziladi, ya’ni virusning borligi, shuningdek uning titri, miqdori aniqlanadi. Turli viruslarda hujayra kulturalariga ta’sirining u yoki bu ko'rinishi ustun turadi va undan virusning dastlabki identifikatsiyasida foydalaniladi. Identifikatsiya. Ajratib olingan virusning yakuniy identifikatsiyasi virusni neytralizatsiyalovchi diagnostik zardob bilan neytralizatsiya reaksiyasi yordamida o‘tkaziladi. Dastlab virus zardob bilan aralashtiriladi, so'ng aralashma hujayra kulturasiga yuqtiriladi va kelib chiqqan neytralizatsiya to‘g‘risida mezonlar bo‘yicha xulosa qilinadi. Virus maxsus zardob bilan neytrallangan bo‘lsa: 1. Sitopatik ta’sir ko‘rsatmaydi - sitopatik ta’siming neytralizatsiyasi (tormozlanishi) bo‘ladi. 2. Gemadsorbsiya reaksiyasini chaqirmaydi - gemadsorbsiya reaksiyasi to‘xtatilishi kuzatiladi. 3. Pilakchalar hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi (yoki ulaming soni sezilarli kamayadi) - pilakcha hosil bo‘lish reaksiyasining neytralizatsiyasi amalga oshadi 4. Hujayra metabolizmini to‘xtatmaydi, bu rangli sinama bo‘yicha neytralizatsiya reaksiyasida aniqlanadi. Bu usul bilan viruslaming serologik identifikatsiyasi o‘tkaziladi, ulami tur va tiplarga mosligi aniqlanadi. Antitelolarni aniqlash. Xuddi shu yo‘l bilan bemor zardobidagi noma’lum antitelolarni aniqlash uchun neytralizatsiya reaksiyasi qo‘yiladi. Bu holatda tekshiriluvchi zardob ma’lum virusga qo‘shiladi, keyin yuqoridagi ko‘rsatilgan usullar bilan neytralizatsiya reaksiyasining bo’lgan bo’lmagani aniqlanadi. Musbat reaksiya shuni ko‘rsatadiki, zardob antitelosi tajribaga olingan ma’lum virusga mos keladi. Sitopatik ta’sir deganda - hujayraga kirgan virus ta’sirida kechadigan hujayradagi morfologik va funksional (shuningdek, biokimyoviy) o‘zgarishlaming yig’indisi tushuniladi. Virus bilan zararlangan hujayraning reaksiyasi o‘tkir virus infeksiyasi, latent infeksiya, hujayralar transformatsiyasi ko‘rinishida namoyon bo’ladi. Hujayraning reaksiyasi o‘tkir virusli infeksiyalarda yaqqolroq kuzatiladi. Sitopatik ta’siming asosiy sababi hujayra metabolizmining buzilishi deb taxmin qilinadi. Xo'jayin hujayrasidagi RNK sintezi to‘xtaydi, bu esa oqsil sintezining to‘xtashiga, hujayra membranasi, lizosoma, mitoxondriyalar tuzilishining o'zgarishiga olib keladi. Hujayra fermentlari (lizosomal) faollashadi, natijada, hujayra komponentlari destruksiyasi sodir bo’ladi, ya’ni sitopatik ta’sir rivojlanadi. Tezkor degeneratsiyada hujayradagi monoqavat o’ladi: hujayralar shishadan ko‘chib erkin holatda kultural suyuqlikda don shaklida suzib yuradi va erib ketadi (lizisga uchraydi). O‘tkir virusli infeksiyalarda sitopatik ta’sirning boshqa ko‘rinishi kuzatilishi mumkin. Bunda gigant ko‘p yadroli hujayralar — simplastlar (yoki sinsitiylar) hosil bo’ladi. 20 turdan ortiq viruslar simplastlar hosil qiladi. Ular o‘zida lesitinaza, neyraminidaza va lipidlarga boy fermentlar tutadi (asosan paramiksoviruslar). Xulosa: Virusologiyada hujayra kulturalari muhim ahamiyatga egadir. Ular virusli infeksiyalar diagnostikasida va virusologiyada ilmiytekshirishlami o‘tkazishda o‘ta zarur bo‘lgan vaksinalami ishlab chiqarishda qo’llaniladi. Viruslarni o‘stirishda va ajratib olishda hujayra kulturalarini qo’llash universal usul hisoblanadi, chunki ko‘plab viruslar uchun sezgir, ya’ni ular ko‘paya oladigan kulturalarni tanlab olish mumkin. Hujayraga viruslar sitopatik ta’sirining mavjudligi ishlashda qulaylik keltirib chiqaradi. SPTga ko‘ra zararlangan hujayra kulturasida virusning borligini oson aniqlash mumkin. Viruslarni hujayra kulturasida o'stirish boshqa usullarga nisbatan qulay standart usul hisoblanadi, chunki hujayra kulturasi bir turdagi hujayralardan tuzilgan, nomaxsus ingibitorlar va antitelolar saqlamaydi. Virusli infeksiyali bemorlardan olingan materiallami laboratoriyada diagnostika qilish maqsadida turli xil tekshirish usullari qo’llaniladi. Bu usullarning murakkabligi, eng avvalo, viruslarning qat’iy hujayra ichi parazitligi va ular o’lchamlarining kichikligi bilan bog‘liqdir. Foydalanilgan adabiyotlar: I.M.Muxamedov,F.I.Inovatova,S.D.Dushanbiyeva, S.M.Rustamova, Sh.A.Xo’jayeva, S.Yu.Kurbanova “ Tibbiyot virusologiyasi” Toshkent-2012 I.Muhamedov, E.Eshboyev, N.Zokirov, M.Zokirov “Mikrobiologiya, Immunologiya, Virusologiya” Toshkent-2006 M.Inog’omova, A.X. Vahobov “ Mikrobiologiya va virusologiya asoslari” Toshkent-2010 Download 33.98 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling