9-MAVZU. Eritmalar. Amaliy mashg‘ulot. Toʻyinmagan, toʻyingan va oʻta toʻyingan eritmalar tayyorlash.
O‘rganiladigan tushunchalar:
*eritma *to‘yingan eritma *to‘yinmagan eritma *o‘ta to‘yingan
Yangi mavzuga zamin tayyorlash:
Eritmalarning o‘ziga xos jihati shundaki,ularning tarkibi turlicha intervalda o‘zgarishi mumkin.Ularda erigan moddaning miqdori turlicha bo‘lishi mumkin.
Nazariy ma’lumotlar:
Eritma - erituvchi, erigan modda va ularning o‘zaro ta’sirlashuv mahsulotlaridan iborat bir jinsli tuzilmadir.
Eritma tarkibidagi erigan modda miqdoriga ko‘ra eritmalar:
1. To‘yingan eritma.
2. To‘yinmagan eritma.
3. O‘ta to‘yingan eritmalarga bo‘linadi.
Ayni haroratda berilgan erituvchida eritilayotgan modda boshqa eriy olmaydigan eritma to‘yingan eritmadeyiladi.
Agar biror eritmada ayni haroratda eriyotgan modda yana erishi mumkin bo‘lsa, bunday eritma to‘yinmagan eritma deyiladi. To‘yinmagan eritmadagi erigan modda miqdori shu haroratda tayyorlangan to‘yingan eritma tarkibida bor bo‘lgan modda miqdoridan kam bo‘ladi. Biz amalda asosan to‘yinmagan eritmalar bilan ishlaymiz.
O‘ta to‘yingan eritmada – erigan modda miqdori shu harorat uchun to‘yingan eritma tarkibidagi bor bo‘lgan modda miqdoridan ko‘proq bo‘ladi.
Eritmadagi erigan modda miqdorini o‘zgartirish usullari
Amaliy topshiriqlar:
1-topshiriq
1-amal. Tarozida osh tuzidan 10 g o‘lchab oling. Stakanga 100 ml suv soling hamda tuzni unda eriting.
2-amal. Tarozida 50 g osh tuzidan o‘lchab oling va uni stakandagi 100 ml suvda eriting.
Har ikkala stakandagi holatni kuzating hamda quyidagi savollarga javob bering.
a)Ulardan qaysi birida tuz erimay qoldi?
b)Qaysi stakan tubiga erimay qolgan tuz cho‘kdi?
c)Qaysi stakanda tuz to‘liq erib ketdi?
d)Siz tayyorlagan eritmalarning qaysi biri to‘yinmagan,qaysisi to‘yingan eritmaga mislo bo‘la olishini izohlang.
2-topshiriq
1-stakanga kaliy permanaganat tuzining mayda kristallchalaridan 1 donasini pinset yordamida oling va uni 100 ml suvda shisha tayoqcha bilan aralashtirib turgan holda eriting.
2-stakanga esa shuncha miqdordagi suvga aynan shu tuz krisstallaridan biroz ko‘proq solib,uni shisha tayoqcha yordamida aralashtirib eritma tayyorlang.
H osil bo‘lgan eritmalar rangida farq bormi?Quyida keltirilgan tasvir yordamida javobingizni izohlang.
3-topshiriq
1-stakanga xona haroratidagi 100 ml suvda 2-3 dona qand bo‘lagidan solib eriting.
2-stakanga ham 100 ml suv solib,uni qizdiring. So‘ngra unga 5-6 dona qand bo‘lagidan soling va yaxshilab aralashtiring.
Qaysi stakandagi suvda ko‘proq qand erita oldingiz? Nima uchun?
Har ikkala stakandagi eritmalarni 10 daqiqaga stol ustida qoldiring. Vaqt o‘tgach, qaysi stakan ostida erimay qolgan moddaga ko‘zingiz tushdi?
Javobingizni eruvchanlik tushunchasi yordamida izohlang.
Tubida erimay qolgan qand mavjud stakandagi eritmani to‘nmagan eritmaga aylantirish uchun qanday amalni bajarishni taklif qilgan bo‘lardingiz?
4-topshiriq
Osh tuzining suvdagi to‘yinmagan eritmasida konsentratsiyani oshirish uchun qanday amalni bajarish lozim deb hisoblaysiz?
a)eritmaga suv qo‘shish
b)eritmadagi suvni bug’latish
c)osh tuzidan qo‘shish
Do'stlaringiz bilan baham: |