Bozor iqtisodiyoti – bu tovar ishlab chiqarish, ayirboshlash va pul muomalasi qonun-qoidalari asosida tashkil etiladigan va boshqariladigan iqtisodiy tizimdir. Bunday iqtisodiyot erkin tovar-pul munosabatlariga asoslanib, uning negizida tovar va pulning turli shakllardagi harakati yotadi, u iqtisodiy monopolizmni inkor etadi. Ayrim adabiyotlarda bozor iqtisodiyoti – bozor xo‘jaligi subyektlari iqtisodiy xatti-harakatlarining erkin, mustaqil ravishda yuz berishi va ularning tovar-pul mexanizmi orqali bir-biriga bog‘lanib muvofiqlashuvi deb baho beriladi. Bozor iqtisodiyotida bozor aloqalari butun tizimni, uning barcha bosqichlari – ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimlash va iste’mol jarayonlarini hamda iqtisodiy munosabatlarning barcha subyektlarini qamrab oladi. Shuni ham e’tiborda tutish kerakki, hozirgi sharoitda o‘rtacha rivojlangan iqtisodiyotda 24 mln.dan ortiq turdagi tovarlar mavjud bo‘lib, har yili ularning 1/10 qismi yangilanib turadi. Bunday sharoitda bozorning ishtirokisiz tovar turlari va hajmi bo‘yicha talab va taklifni tartibga solishni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Bu esa bozorning vazifasini hech qanday markazlashtirilgan rejalashtirish idoralari muvaffaqiyatli bajara olmasligining yaqqol dalilidir. Bozor iqtisodiyoti esa eng samarali va muammolarni tezlik bilan hal eta oluvchi ijtimoiy-iqtisodiy tizim hisoblanadi.
Bozor iqtisodiyoti subyektlari tarkibiga tadbirkorlar ham, o‘z mehnatini sotuvchi ishchilar ham, pirovard iste’molchilar, ssuda kapitali egalari va qimmatli qog‘ozlar egalari ham kiradi. Odatda, bozor xo‘jaligining barcha asosiy subyektlari uchta guruhga bo‘linadi: uy xo‘jaliklari, korxonalar (tadbirkorlik sektori) va davlat. Uy xo‘jaliklari – iqtisodiyotning iste’mol sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi asosiy tarkibiy birlik. Uy xo‘jaliklari doirasida moddiy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida yaratilgan tovar va xizmatlar iste’mol qilinadi. Bozor iqtisodiyotida uy xo‘jaliklari mulk egasi hamda ishlab chiqarish omillarini yetkazib beruvchilar hisoblanadi. Iqtisodiy resurslarni sotishdan olingan pul daromadlari shaxsiy ehtiyojni qondirish uchun sarflanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |