VI bob
TISH PULPASI VA UNING YALLIG‘LANISHI
Tish pulpasini anotomik, gistologik tuzilishi
va fiziologiya (vazifa) si
Tish pulpasi (pulpa dentis) tish bo‘shlig‘i (cavum dentis) da joylashadi
va toj, hamda ildiz qismlarga bo‘linadi. Toj qismi tish bo‘shlig‘ining toj
qismida (cavum coronare), ildiz qismi esa ildiz kanali (canalis radicis
dentis) da joylashadi.
Ko‘p ildizli tishlarda toj va ildiz pulpalar orasida yaxshi rivojlangan
anatomik chegara bo‘lib, ular kanallarga kirish joylari xisoblanadi. Bir
ildizli tishlarda esa pulpaning toj qismi aniq chegarasiz ildiz pulpasiga
o‘tadi. Bu holat tishlar shakli, turiga qarab, amputatsion davolash
usullarida axamiyat kasb etadi.
Ildiz uchidagi teshik (foramen apicale) pulpa bilan periodont orasidagi
chegara bo‘lib xisoblanadi. Tishlar chiqqanda bu teshik fiziologik holatda
bo‘ladi. Hayot davomida osteosementlar to‘planishi tufayli, bu teshik
qisqarishi mumkin. Odatda, ildiz uchidagi teshik ildiz uchki qismi
konusining yonida, uchki qismdan 1—2 mm masofada joylashadi. Ildiz
kanalining uchki qismlari bir necha yon-deltasimon kanalchalarga
bo‘linadi. G. Fisher ma’lumotlari bo‘yicha, yon-deltasimon kanalchalar
kesuvchi tishlarda 53%, kichik oziq tishlarda (premolyar) 35% va katta
oziq tishlar (molyar) da 80% gacha uchraydi.
Pulpaning toj qismi bo‘shliq devorlardagi chuqurchalarga kirib
bo‘shliq shaklini oladi. Ildiz qismdagi pulpa tish ildizi uchki qismlarida
va yon (deltasimon) kanalchalarga ham kiradi. Shuning uchun, ildiz
pulpasi ancha murakkab anatomik tuzilishga ega. Faqat 1/3 tishlar ildiz
uchida qo‘shimcha, yon kanalchalari bo‘lmaydi, 1/2 ildizlarda bitadan,
qolganlarida esa bir nechtadan yon kanalchalar bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |