S. B. Abbasov cho`llanish muammolari
Download 1.85 Mb. Pdf ko'rish
|
e49f045d6a9412dcde4e2cd20c72e7f3 CHO`LLANISH MUAMMOLARI
Nazorat savollari:
1. Chorva mollarini yaylovlarning o`simlik qoplamiga va ularning biomassalarining mahsuldorligiga ta’sirini ijobiy va salbiy tomonlarini tushuntiring. 2. Arid landshaftlarning cho`llanish jarayoniga sotsial omillarni ta’sirini tushuntiring. 3. Cho`l o`simliklarida chorva mollarini boqish bilan bevosita bog`liq bo`lgan qanday dinamik o`zgarishlar sodir bo`ladi? 77 TOG`-KON SANOATINING CHO`LLANISH JARAYONIGA TA’SIRI Reja: 1.Cho`l sanoat tarmoqlarida samarali foydalanish masalalari. 2. Texnogen omillarning cho`l landshaftlariga ta’siri. 3.Qizilqum cho`l landshaftlariga tog`-kon sanoatining ta’siri. Tayanch iboralar: arid mintaqa, tog`-kon sanoati, texnogen omil, texnogen yuk, landshaftlar strukturasi, terrikonlar, karerlar, supasimon terrasalar, zovurlar, cho`kmalar. Arid cho`l landshaft majmualarining cho`llanish jarayonini jadallashuvida boshqa antropogen omillar bilan bir qatorda tadqiqot obyektida keng tarqalgan va yildan yilga kengayib borayotgan kon sanoatining salbiy ta’siri ham nihoyatda katta. Bunga sabab mustaqil mamlakatimizning mineral xom ashyolarga bo`lgan talabini qondirish maqsadida tashkil etilayotgan tog`-kon sanoati qo`shma korxonalarining kengayib borishidir. Ma’lumki, yer bag`ridan mineral boyliklarni qazib olinishi va qayta ishlanishi insonning muayyan joylarning tabiiy balansiga va geoekologik muvozanatiga kuchli ta’sir etishi bilan amalga oshiriladi. Cho`l landshaftlari yaylov chorvachiligining asosiy maskani bo`lib qolmasdan, balki tog`-kon sanoatining barqaror rivojlanishi uchun xizmat qiladigan mineral resurslarga boy maskan hamdir. Bunga Uchquduqdagi uran koni, Muruntovdagi oltin koni, Gazlidagi gaz koni va boshqalar yaqqol misol bo`la oladi. Ana shu yirik konlar joylashgan hududlarda arid landshaft majmualariga va ularning ekologik sharoitiga texnogen omillarning ta’siri nihoyatda katta. Texnogen omil ta’sirida birinchi navbatda foydali qazilmalar qazib olinayotgan joylarning geologik strukturasida, landshaft majmualari va ularning barcha komponentlarida hamda geoekologik muhitda keskin o`zgarishlar sodir bo`lsa, ikkinchi navbatda ularga yondosh bo`lgan landshaft majmualari va ularning aksariyat komponentlarida ham nosog`lom o`zgarishlar yuz beradi. Umuman, Qizilqum hududidagi arid landshaftlar strukturasida, ularning deyarli barcha komponentlarida kuzatilayotgan salbiy o`zgarishlar 78 va buning oqibatida cho`llanish jarayonlarining faollashuvi bevosita texnogen omillar va tabiiy resurslardan foydalanishni tashkil etishda, uni boshqarishda yo`l qo`yilgan texnik xatolar bilan bog`liq. Tog`-kon sanoati joylashgan hududlarda va ularga tutash bo`lgan arid landshaftlarda texnogen yukning ta’siri bir xilda emas. Qumli cho`l landshaftlari bilan texnogen landshaftlar o`rtasida, ularning biokomponentlarida va balandlik belgilarida keskin farqlar borligi ko`zga yaqqol tashlanib turadi. Bu yerda yangidan yaratilgan antropogen relyef shakllari – chiqindi tosh tepaliklari, tog` jinslari qatorlari, terrikonlar, karerlar, supasimon terrasalar, zovurlar, cho`kmalar katta-katta maydonlarni egallab olgan. Bular antropogen akkumulyatsiya va antropogen denudatsiya tufayli vujudga kelgan relyef shakllari bo`lib, ular kelib chiqishiga ko`ra texnogen landshaft majmualarini tashkil etadi. Tuproq va o`simliklardan mahrum bo`lgan chiqindi tosh uyumlari, karerlar, terrikonlar, tog` jinslarining qazib olingan joydan boshqa yerga tashlanishi va boshqalar faqat tog`-kon sanoati faoliyat ko`rsatayotgan rayonlarda emas, balki ularga tutash bo`lgan qumli cho`l landshaft majmualarida ham cho`llanish jarayonini faollashuviga kuchli ta’sir ko`rsatadi. Foydali qazilmalarni ochiq usul bilan qazib olinadigan obyektlarni karerlarga tayyorlash ishlari boshlangan paytdanoq shu joyning arid landshaftlari hududida salbiy o`zgarish jarayonlari jadallashadi: tuproq-o`simlik qoplami yo`q qilinadi, yer osti suvlarining tabiiy rejimi, avvalgi relyef shakllari, dastlabki landshaft majmualarining morfologik strukturasi o`zgaradi, komponentlararo va geotizimlararo tabiiy shakllangan aloqadorlik buziladi. Qazilma boyliklarni ochiq usul yo`li bilan qazib olinishi oqibatida tog`-kon sanoatining ta’sir zonasi kengayib, tevarak-atrofdagi arid landshaftlarning geoekologik sharoitini nochor holatga keltiradi, biomassalarning hosildorligini keskin kamaytiradi. Shuni ta’kidlash kerakki, tog`-kon sanoati rayonlarida olinadigan foydali qazilmaning hajmiga nisbatan qayta ishlanadigan tog` jinslarining hajmi bir necha marotaba ko`p. Shu boisdan Qizilqum regionidagi konlar atrofida, Navoiy-Uchquduq temir yo`li yoqalarida to`plangan chiqindi tog` jinslari baland-baland 79 antropogen do`ngliklarni, uzoq masofalarga cho`zilib yotgan tepalik tosh qatorlarini vujudga keltirgan. Ular yuz va ming millionlab tonna tuproq va tog` jinslarini o`zida mujassamlashtirgan. Bunday texnogen chiqindilardan hosil bo`lgan antropogen relyef shakllarida yaqin 25-30 yil ichida tuproq-o`simlik qoplami vujudga kelishi, shakllanishi va rivoj topishi nazariy va amaliy jihatdan ham mumkin emas. Qizilqum geotizimlari va ekotizimlarining cho`llanishi jarayonida texnik eroziyaning ham ta’siri katta. Texnik eroziya ko`pincha burg`ulash ishlari olib boriladigan joylarda sodir bo`ladi. Ma’lumki, burg`ilash ishlarini tashkil etishda va amalga oshirishda turli xil texnika vositalari – avtomashinalar, o`rmalovchi traktorlar, buldozerlar, yashash uchun vagonli uylar jalb etiladi. Burg`ilash ishlari ko`pincha 50-60 gektar atrofidagi maydonda olib boriladi. Buning natijasida muayyan joylardagi arid landshaftlarning o`simlik qoplami to`liq yo`q qilib tashlanadi, tuproq qatlamining ustki qatlami kuchli ifloslanadi, tevarak atrofdagi daraxt va butalar kesilib, yoqilg`i sifatida foydalaniladi, burg`ilangan quduqlar atrofi maishiy va texnik chiqindilar hamda turli xil kimyoviy eritmalar bilan to`liq ifloslanadi. Transport vositalarining izlari deflyatsiya jarayonini kuchayishiga qulaylik yaratadi. Qizilqum cho`lida burg`ilash ishlari olib boriladigan nuqtalar va ishga tushirilgan burg`i quduqlari juda ko`p va ular qalin joylashgan. Shuning uchun texnik eroziyaning o`choqlari ham keng tarqalgan. Oqibatda texnik eroziya natijasida har yili yuzlab va minglab gektar yaylovlar xo`jalikda foydalanish uchun yaroqsiz bo`lib, ular kuchli buzilgan yerlarga va cho`llangan landshaft majmualariga aylanmoqda. S.V.Viktorovning (1978) e’tirof etishicha, Qizilqum hududidagi artezian quduqlardan chiqib yotgan suvlarning tartibga solinmaganligi tufayli ularning atrofidagi pastqam va cho`kma relyef shakllari suv bilan to`lib, kichik-kichik ko`llarga, botqoqliklarga aylangan. Ayrim pastqamliklarda to`plangan suvlar yozning jazirama issiqliklarida qurib qolib, ularning o`rnida sho`rxoklar hosil bo`lgan. Bunday tipdagi sho`rxoklar Mingbuloq, Qoraxotin, Oyoqog`itma berk botiqlarida, Bo`kantov va Tomditov 80 tog` massivlarining tog`oldi prolyuvial tekisliklarida keng tarqalgan. Ana shu yo`l bilan hosil bo`lgan sho`rxoklarni S.V.Viktorov (1978) texnogen sho`rxoklar deb atagan. Texnogen sho`rxoklar ham cho`llanish jarayonining bir turi bo`lib, bular cho`l yaylovlarining maydoni asta-sekin qisqarib borishiga o`z ulushini qo`shib kelmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, cho`llanish jarayoni planetamizning katta qismida keng tarqalgandir. Arid landshaftlarning cho`llanishi faqat O`rta Osiyo davlatlarida emas, balki dunyoning ko`plab o`lkalaridagi mamlakatlarning va unda yashaydigan millionlab aholining umumiy ekologik muammosi hisoblanadi. Biz, yuqorida cho`llanish muammosini Qizilqum cho`li misolida o`rganib, cho`llanishni vujudga keltiruvchi asosiy omillarni ikkita guruhga ajratib ko`rsatishga erishdik. Bu omillar tabiiy va antropogen omillar guruhi bo`lib, ularning har biri cho`llanishni paydo bo`lishida alohida xususiyatga egadir. Qizilqum cho`lidagi arid landshaft majmualarining texnogen omillar ta’sirida yuz berayotgan cho`llanish jarayoni, birinchidan, regional va mahalliy (lokal) xarkterga ega bo`lsa, ikkinchidan, bu jarayon tadrijiy rivojlanib borish xususiyatiga ham egadir. Download 1.85 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling