Sabzavot ekinlarining botanik ta’rifi va morfologik tuzilishi, sabzavot ekinlarining biologik hususiyatlari


Download 0.52 Mb.
bet24/26
Sana13.11.2023
Hajmi0.52 Mb.
#1771263
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   26
Bog'liq
amaliy mashg\'ulot

1. Yaxob suvi. Tuproqda nam to‘plash, ya’ni ekinlarni ekish vaqtida tuproqda nam yetarli bo‘lishini taminlash va o‘suv davrida kam sug‘orish uchun beriladi. Mexanik tarkibi yengil, yer osti suvlari yuza joylashgan joylarda yaxob suvi gektariga 1000-1500 m3, og‘ir mexanik tarkibli, sizot suvlari chuqur joylarda esa 2000-2500 m3 gektariga suv quyiladi.
2. Haydash oldi sug‘orish. Kuzgi yoki yozgi haydash oldi tuproqni namiqtirish uchun o‘tkaziladi. Bunda gektariga 1000-1200 m3 suv sarflanadi.
3. Begona o‘simliklar urug‘ini yoppasiga undirib olish uchun sug‘orish. Bahor-yozda begona o‘tlar bosadigan dalalarda o‘t urug‘lari unib chiqishini tezlashtirish maqsadida sug‘oriladi va qiyg‘os unib chiqqach, yer yuza yumshatilib yoki kultivatsiya qilinib, o‘tlardan tozalanadi.
4. Sho‘r yuvish. Sho‘rlangan yerlarda bostirib sug‘oriladi. Sug‘orish normasi tuproqning fizik xossalariga va sho‘rlanish darajasiga qarab gektariga 1500-2000 dan 6000 m3 gacha o‘zgaradi. Suvning yerga yaxshi shimilishi uchun yuqoridagi norma har 3-6 kun oralatib, gektariga 1000-1500 m3 hisobidan bo‘lib beriladi. Sho‘r yuvish odatda kech kuzda, qishning sovuq bo‘lmagai kunlarida yoki erta bahorda o‘tkaziladi. Sho‘r yuvilgach, darhol tuproq nam yo‘qotmaslik va qayta sho‘rlanmasligi uchun yer boronalanadi.
5. Urug‘ ekish yoki ko‘chat o‘tkazish uchun sug‘orish. Sabzavot ekinlari maydonida nam to‘plash uchun gektariga 400-600 m3 hisobida egatlar orqali sug‘oriladi.
6. Urug‘ suvi berish. Ekinlar urug‘i ekilgach, qiyg‘os undirib olish, ko‘chatlar yaxshi tutib ketish maqsadida egatlar orqali gektariga 400-500 m3 suv beriladi.
7. O‘suv davrida sug‘orish. Bu ham egatlar orqali, qisman yomg‘irlatib amalga oshiriladi. Lekin, sug‘orish soni, normasi, tartibi kabilar tuproq-iqlim sharoitiga, ekin biologiyasi ekish muddati va boshqa omillarga bog‘liq.
8. Salqinlatish uchun sug‘orish. Yozning jazirama issiq kunlari tuproq va havo haroratini pasaytirish, o‘simliklar atrofida mikroiqlim yaratish uchun ekinzorlar sug‘oriladi. Bunga ekinlarni kam normada (300-400 m3/ga) har 3-4 kunda sug‘orib erishiladi. Salqinlatish uchun egatlab sug‘orish kartoshka o‘simligi atrofidagi havo va tuproq haroratini (10 sm chuqurlikda) 3-50 ga pasaytiradi. Shuning uchun yozgi jazirama issiqni yoqtirmaydigan kartoshka, karam kabi sabzavot ekinlari uchun salqin berish maqsadida tez-tez sug‘orish tavsiya etiladi.
Kartoshka va sabzavot ekinlarini o‘stirishda qo‘llaniladigan sug‘orish usullari egatlab (infiltratsion), yomg‘irlatib va yer ostidan sug‘orishlar hisoblanadi.
Asosiy keng tarqalgan usul egatlab yoki infiltratsion sug‘orishdir.
Egatlab sug‘orishda yerning qiyaligi bilan birga sug‘orish texnikasi, ya’ni sug‘orish egatlarining uzunligi, chuqurligi, egatdagi suvning oqish tezligi tuproqning mexanik tarkibi va suv o‘tkazuvchanligi muhim rol o‘ynaydi.
Nishablik katta va o‘rtacha (0,003-0,006 m) hamda suv o‘tkazish xususiyati sust bo‘lgan uchastkalarda egatlar sayoz (14-16 sm), lekin uzun (200-300 m) olinadi. Agar uchastkalar nishabligi 0,002 metrdan kam va suv o‘tkazuvchanligi yaxshi bo‘lsa, egatlar chuqur (20 sm), uzunligi esa qisqa (80-100 m) bo‘lgani maqsadga muvofiqdir.
Egatlardagi suv tezligi joyning nishabligi, tuproqning suv o‘tkazuvchanlik xususiyati, egatlar uzunligi bilan aniqlanadi. Ko‘pchilik hollarda egatlardagi suv tezligi sekundiga 0,1-0,2 litr bo‘lgani maqul. Uchastkaning nishabi katta bo‘lmasa, lekin tuproqni suv yuvib ketish xavfi tug‘ilsa, bunday hollarda egatlardagi suv oqimini kamaytirish, nishabligi kichik yerlarda esa bir oz ko‘paytirish tavsiya etiladi.
Mexanik tarkibi yengil, yumshoq, suvni yaxshi o‘tkazadigan yerlarda egatlardan oqadigan suv oqimi og‘ir tuproqlarga nisbatan katta bo‘lishi, aks holda suv tashlama (oqova) ga chiqib nobud bo‘lishi mumkin. O‘simliklarning dastlabki o‘suv davrida, yani hali tuproq zichlashmaganda egatlarga o‘suv davrining oxiridagiga nisbatan ko‘proq suv taraladi.
Egatlardagi suv oqimi egat boshiga chim bosish, qog‘oz, polietilen plyonka qo‘yish yoki egiluvchan sifon-trubalar orqali tartibga solinadi. Egatlar orqali sug‘orishning davomiyligi tuproqning nam sig‘imiga, suv o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga, sug‘orish normasiga, joyning nishabligiga va suv oqimi tezligiga qarab keskin, yani 5-6 soatdan 2 sutkagacha o‘zgaradi. Sug‘orishning davomiyligiga o‘simliklarning o‘suv davrida tuproqni asta-sekin zichlanib borishi ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shunga ko‘ra, birinchi sug‘orish keyingilariga nisbatan qisqa muddat davom etishi lozim. Egatlab sug‘orishda suvning kartalardan tashqariga olib chiqib isrof bo‘lishiga iloji boricha yo‘l qo‘ymaslik, buning uchun suv egatlar oxiriga yetishi bilan oqimi kamaytirilishi shart. Egatlardan oqayotgan suvning 10-15 % i oqavaga chiqishga yo‘l qo‘yish mumkin. Lekin, bu suvlardan keyingi uchastkalarni sug‘orishda foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ekinlarni sug‘orishda sug‘orish vaqti katta ahmiyatga ega. Ekinlar issiq kunlarda sug‘orilganda, ba’zan tuproqning sovishi va shu tufayli suvning o‘simliklarga sekin o‘tishi natijasida ularda vaqtinchalik so‘lish kuzatiladi. Bunda o‘simliklar ildizi surib olayotgan suv transpiratsiyaga sarflanayotgan suvdan kam bo‘ladi. Shu tufayli o‘simlik so‘lib, fotosintez to‘xtaydi. Tunda, ya’ni transpiratsiya to‘xtaganda, nisbatan sovuq suv bilan sug‘orilganda o‘simliklar sulimaydi. Bundan tashqari, suv bug‘lanishga sarflanmaydi, tuproq yaxshi namiqadi va undan o‘simlik to‘liq foydalanadi. Biroq, hamma vaqt ham ekinlarni kechasi sug‘orishga imkon bo‘lavermaydi, chunki ko‘pchilik hollarda bu ishni tashkil qilishga bog‘liq. Shuning uchun ekinlar kechasiyu-kunduzi sug‘orilishi kerak, ammo uni yozning issiq paytlarida kechki salqinda boshlash lozim.

Download 0.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   26




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling