Safarova muattarning
-Mavzu:Ma’naviyatning praksiologik mazmuni
Download 373 Kb.
|
Ma\'naviyatshunoslik mustaqil ish
20.-Mavzu:Ma’naviyatning praksiologik mazmuni.
Reja:1.Ma’naviyatning praksiologik jihatlari. 2.Ma’naviyatning praksiologik yondashuvi. Ma’naviyatning praksiologik jihatlari ham mavjud. Praksiologiya – praktika (amaliyot), harakatchanlik va logos (so‘z, ta’limot) tushunchalaridan yasalgan. Praksiologiya jamiyatshunoslikтing o‘ziga xos sohasi bo‘lib, u turli amallarning (harakatlarning) yoki ular yig‘indisining, tizimining uslublari (metodikasi) samaradorligini aniqlash nuqtayi nazardan o‘rganadi. Boshqacha aytganda, praksiologiya amaliy harakat usullari samaradorligi to‘g‘risidagi ta’limotdir. Ma’naviyat jamiyat va inson hayotining barcha sohalariga u yoki bu darajada amaliy ta’sir ko‘rsatishi tufayli praksiologik mazmun kasb etadi. Inson o‘z dunyoqarashi, e’tiqodi, qadriyatlari, ideallaridan kelib chiqib butun olamga, jamiyatga, hayotga, boshqa kishilarga munosabatini belgilaydi. Tevarak-atrofda sodir bo‘layotgan voqealarni, boshqalarning va o‘zining xulq-atvorini, faoliyatini baholaydi, hayotiy rejalar tuzadi, ularni amalga oshirishga intiladi, o‘z hayotini, faoliyatini oldiga qo‘ygan maqsadlariga muvofiq quradi. Ushbu holatda ma’naviyatning praksiologik mazmuni yuzaga chiqadi. Ma’naviyatning praksiologik mazmuni deganda, birinchi navbatda, uning amaliyot bilan bog‘liqligi, oxir-oqibat amaliyotda (ta’limtarbiyada, xulq-atvorda, faoliyatda, yaratuvchanlikda va h.k.) yuzaga chiqishi, predmetlashishi, ma’naviyat-ning qaysi omillari qay darajada amaliyotga samaraliroq ta’sir ko‘rsatishi, va, nihoyat, ma’naviyatning inson va jamiyat hayotida muayyan vazifalarni bajarishi nazarda tutiladi. Ma’naviyatning praksiologik mazmuni tushunchasidan ma’naviyatga praksiologik yondashuv tushunchasini farqlash lozim. Keyingi tushuncha ma’naviyatga ilmiy-nazariy yondashuvni emas, ilmiy-amaliy yondashuvni anglatadi. Ya’ni ma’naviyatga jamiyat hayotining muhim amaliy tomoni hamda ma’naviyatga insonning, jamiyatning muayyan ehtiyojlarini qondiruvchi, inson va jamiyatni rivojlantiruvchi omil sifatida qarashini bildiradi. Ma’naviyatning praksiologik yondashuv, birinchi navbatda, ma’naviy tarbiyada, umuman, tarbiyaning barcha yo‘nalishlari va ko‘rinishlarida namoyon bo‘ladi. Tarbiya to‘lig‘icha ma’naviyatga kiradi: estetik tarbiya, huquqiy tarbiya, iqtisodiy tarbiya, kasbga o‘rgatish, mehnat tarbiyasining turli ko‘rinishlari, jismoniy tarbiya ham ma’naviyatga taalluqli, iqtisodga yoki boshqa bir sohaga emas. Chunki ular inson ongiga, tafakkuriga ta’sir qilish, bilimini oshirish, irodasini chiniqtirish, yaratuvchilik salohiyatini ko‘tarish orqali inson shaxsini shakllantiradi. Iqtisodiy yoki kasbiy tarbiya olgan kishining o‘z bilimlari va ko‘nikmalaridan amalda foydalanishi – bu boshqa gap. Chunki uni moddiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qondirishg‘a yo‘naltiradi. Ta’lim-tarbiya jarayoni esa, ya’ni bilim berish, mehnat, ishlab chiqarish ko‘nikmalarini o‘rgatish, mehnatga ma’lum munosabatni shakllantirish – bu ma’naviyat, ma’naviyatni amaliyotda qo‘llash. Boshqacha aytganda, ma’naviyat praksiologik xarakterning namoyon bo‘lishidir. Ma’lumki, insonning har qanday faoliyati aniq maqsadni ko‘zlaydi. Inson avval miyasida qiladigan ishining rejasini tuzadi, qanday natijaga erishishini taxmin qiladi, tafakkur qiladi. Maqsadni belgilash, uni amalga oshirish vositalari va usullarini tanlash uning ma’naviyatiga, imon-e’tiqodiga, bilimlari va foydalanadigan qadriyatlariga, me’yorlari va tamoyillariga bog‘liq. Kimdir maqsadiga yetishish uchun hech narsadan toymaydi, nomaqbul, boshqalarga yoki jamiyatga zarar yetkazuvchi usullarni qo‘llaydi. Ezgulik, rahm-shafqat, insof va diyonatni unutadi yoki ularni o‘z foydasidan kelib chiqib, biryoqlama talqin qiladi. Kimdir, aksincha, o‘z oldiga ezgu maqsadlarni qo‘yadi. Ularni amalga oshirishning boshqalarga, jamiyatga zarar yetkazmaydigan, hatto hammaga foyda keltiradigan maqbul usullarini va vositalarini tanlaydi. Gap bu yerda faqat buyuk, ulug‘vor maqsadlar va ishlar haqida ketmayapti. Aytilganlar inson faoliyatining hamma turlariga taalluqli. Kimdir savdosotiqda halollikni ustun qo‘ysa, kimdir xaridor haqini tosh-tarozidan urish yoki mahsulotini ortiqcha narxlash, hisob-kitobda «o‘z foydasiga adashish»ni o‘ziga ep biladi. Shunday qilib, ma’naviyatning paksiologik mazmuni maqsad, usul va vosita tanlashda ham namoyon bo‘ladi. Maqsadning o‘zi ezgulikdan yiroq yoki havoyi, nohayotiy, xayolparastlikka, noto‘g‘ri qarashlarga, nazariyalarga asoslansa, unga insonparvar, maqbul usullar, vositalar yordamida erishib bo‘lmaydi. Maqsad vositani oqlamasligi yoki havoyi, utopistik maqsadga hech qanday vositalar, qurbonlar bilan ham erishib bo‘lmasligini SSSR davlati va jamiyati taqdiri (boshqa sotsialistik mamlakatlar taqdiri ham) ko‘rsatdi. Sotsializm g‘oyasi aslida ijtimoiy adolat va tenglikni targ‘ib qilar edi. U adolat va ijtimoiy tenglikni qaror toptiruvchi, har tomonlama uyg‘un rivojlangan erkin insonni tarbiyalovchi jamiyat qurishni maqsad qilib qo‘ygan edi. «Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-soadati uchun» tamoyili sotsializmning asosiy shiori edi. Haqiqatan, sotsializm bu borada ulkan ishlarni amalga oshirdi. Xalq yoppasiga savodxon bo‘ldi, xurofot va bid’atning aksariyatidan qutildi. Siyosiy-mafkuraviy sohalarda ancha tanqidiy va ijodiy fikrlashga o‘rgandi. Madaniy saviyasi keskin o‘sdi. Amalda yangi tipdagi inson shakllandi. Bundan ko‘z yumish yaramaydi. Lekin hayot sotsialistik g‘oya ko‘p jihatdan havoyi, utopik ekanini ko‘rsatdi. Sotsializmni qurish usullari va vositalari esa zo‘ravonlikka, insonlar, millatlar ehtiyojlarini, manfaatlarini, fikrlari va qarashlarini pisand qilmaslikka, g‘oyaviy murosasizlikka, mutaassiblikka (sinfiylik va partiyaviylikka) asoslandi. Natijada, sotsializm qurish maqsadida millionlab odamlar qurbon qilindi, mol-mulkidan, erkinligidan ayrildi, qatag‘onga uchradi, mustabidlikka qaram bo‘ldi. Odamlarning kelib chiqishi, dindorligi, dunyoqarashining o‘zgachaligi ularni ta’qib va qatag‘on qilishga sabab bo‘ldi. Sotsializm – ezgu maqsad – sarobga aylandi. Sotsialistik amaliyot ikkiyuzlamachilik axloqini tug‘dirdi.1 Dohiylar shaxsiga sig‘inish, madhiyabozlik, so‘zda, tilda vatanparvarlik, fidoiylik, ichida loqaydlik, tuzumga nisbatan tanqidiy munosabat, maishiy hayotda, ishlab chiqarishda tashmachilik, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, qo‘shib yozishlar va h.k. buni isbotlab turibdi. Sotsializmda ijtimoiy hayot soxtalikka va odamlar ongiga singdirilgan qo‘rquvga tayanar edi. Ma’naviyat va amaliyot munosabatlari ancha murakkab va ziddiyatli. Bruno Yasenskiy shunday yozgan: «Dushmanlardan qo‘rqma – nari borsa ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma – nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qo‘rq – ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi». Demak, shartli ravishda olsak, uch toifa odamda ma’naviyat va amaliyot turlicha namoyon bo‘ladi. Lekin odamlar uch toifaga – do‘st, dushman va befarqlargagina bo‘linmaydi. Ayniqsa, hozirgi sharoitda insoniy va ijtimoiy munosabatlar o‘ta xilma-xillashib ketgan. Endi ko‘p hollarda insoniy aloqalarda ham, davlatlarning xalqaro munosabatlarida ham pragmatik yondashuv, pragmatik siyosat ustunlik qilmoqda. Endi inson ko‘proq do‘stlari bilan emas, balki biznes yoki kasbiy ishi bo‘yicha hamkorlari bilan muloqotda bo‘ladi, ulfatchilik qiladi. Shaxsiy simpatiya yoki antipatiya (yoqish yoki yoqmaslik) – ikkinchi darajali bo‘lib qoldi. Bunday hol inson ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini o‘zgartirayotir. Ma’naviy-axloqiy qadriyatlar mazmun-mohiyati (ontologiyasi) va amaliyotda qo‘llanilishi(praksiologiyasi) o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lmoqda. Ma’naviyatning, uning doirasida milliy g‘oya va mafkuraning asosiy praksiologik vazifasi insonga ongli ravishda aniq hayotiy pozitsiyani egallashni, faol bo‘lishni, o‘z e’tiqodi, pozitsiyasi uchun kurasha olishni tarbiyalashdir. Bu bunyodkor g‘oyalarni, yuksak ijtimoiy ideallarni bilish, ularga intilish qatorida mafkuraviy immunitetni shakllantirishni bildiradi. Mafkuraviy immunitet – ma’naviyat praksiologiyasining namoyon bo‘lish shaklidir. Xulosa qiladigan bo‘lsak, ma’naviyat insonga turli xil bilim, me’yorlar, qoidalar, qadriyatlar, ijtimoiy bilim,maqsad va ideal berish orqali praksiologik mazmun kasb etadi. Inson maqsad va vositalar tanlashda, amaliy hayotda ma’naviyatga, ma’naviy baholar va talablarga tayanadi. Ma’naviyatning praksiologik vazifalarini unutish, ya’ni uning iqtisodiy taraqqiyotdan, siyosiy boshqaruv va sud-huquq tizimini takomillashtirish vazifalaridan, jamiyatning amaliy hayotidan ajratish salbiy holatlarga olib keladi. Jamiyatda g‘oyaviy dogmatizm, g‘oyaviy mutaassiblik kuchayadi, dunyoqarash torayadi. Inson kamoloti uning ichki dunyosiga, kamsuqumligi va kamtarligiga qaratiladi, insonning yirik tadbirkorlik, texnologik va islohotlar qilish tashabbuslari, moddiy va ijodkorlik ehtiyojlari yetarlicha rag‘batlantirilmaydi. Natijada, jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy va intellektual qoloqlikka yuz tutadi. Bunga misol qilib ko‘plab mamlakatlar, xalqlar tarixini, jumladan, o‘z xalqimiz tarixini keltirish mumkin. XVI asrdan boshlab bizda ma’naviyatning praksiologik vazifalari unutila boshlandi. Go‘yo dinga, insonning kamolotiga katta e’tibor qaratildi. Amalda esa XIX asrga kelib qoloq xalqqa aylanib, mustaqillikdan ajraldik. Ma’naviyat jamiyat taraqqiyotiga, avvalo, inson kamoloti, ta’limtarbiya, ijtimoiy ideologiya orqali ta’sir ko‘rsatadi. Inson ta’limtarbiyani dastlab oilada, bog‘cha va maktabda oladi. Oila va maktabdan keyin ta’lim-tarbiya jarayonida jamiyatning aksariyat institutlari qatnashadi. Jamoatchilik fikri, urf-odatlar, ijtimoiy muhit har bir inson dunyoqarashiga, e’tiqodiga, xulqiga, jamiyatda o‘zini qanday tutishiga, hatto qanday kiyinishiga ta’sir qiladi. Download 373 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling