Samarqand davlat universiteti I. T. Ergashev, B. M. Eshonkulov,D. S. Normurodov, F. A. Oblokulov
Generativ urugʻlaridan yetishtirilgan kartoshka tuganaklaridan
Download 32.28 Kb. Pdf ko'rish
|
25063 (2)
Generativ urugʻlaridan yetishtirilgan kartoshka tuganaklaridan
urugʻlik maqsadlarida foydalanish. O‘zbekistonda kartoshka urugʻchiligining asosiy muammolaridan biri ekinning virus kasalliklariga qarshi chora tadbirlarni ishlab chiqilishidir. Chunki virus kasalliklari kasallik turi, nav xususiyati, tuproq- iqlim sharoiti va ekinni yetishtirishda qoʻllanadigan texnologiyaga bogʻliq ravishda hosildorlikni oʻrtacha 30 % va undan ortiq pasaytiradi. Bundan tashqari, kartoshkaning vegetativ (tuganaklari bilan) koʻpaytirilishi virus kasalliklarining 116 keyingi tuganak reproduksiyalariga berilishiga imkoniyat yaratilib, ularning zarari yildan-yilga oshib boradi. Jahon kartoshkachiligida sogʻlom dastlabki material yaratish har qanday qishloq xoʻjalik ekinlari kabi kartoshka urugʻchiligining asosiy vazifalaridan biri boʻlib hisoblanadi. Shuning uchun shu yoʻnalishdagi usullarning ishlab chiqarilishiga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. O‘zbekistonda kartoshka urugʻchiligida vizual usulda hamda bu usulning serologik analizlar bilan qoʻshib olib borilgan usulda sogʻlom dastlabki material tanlab olinadi va urugʻchilik pitomniklariga beriladi. Keyingi yillarda uchki meristema usulida sogʻlomlashtirilgan tuganaklardan dastlabki material sifatida foydalanib elita urugʻlar yetishtirish tizimi ishlab chiqildi. Bu usul bilan yetishtirilgan elita umum qabul qilingan usulda yetishtirilgan elitaga nisbatan 25-30% yuqori hosil berishi aniqlangan. Shuningdek, generativ urugʻlaridan yetishtirib ham urugʻchilik uchun dastlabki material yaratish mumkinligi aniqlangan. Mualliflarning takidlashicha, urugʻdan oʻstirilgan koʻchatlar, tuganakdan oʻstirilgan oʻsimliklarga nisbatan kasalliklarga chidamli boʻladi. Mavjud navlar orasidan generativ koʻpaytirishga moslarini tanlash bir necha yillar davomida olib borilgan. Lekin hosildorlikni pastligi tufayli ishlab chiqarishga tadbiq etilmagan. Keyingi vaqtlarda Moskvadagi KXITIda, Gorkiy QXI da va Sankt-Peterburgdagi Butunrossiya O‘simlikshunoslik institutida (VIR), SamQXI turli yoʻllar bilan nav, duragay populyasiyalari va liniyalari yaratilmoqda. Nav, duragay populyasiya va oʻzidan changlangan liniyalarni mahsuldorligi va fenotipik jihatidan bir xilligini tekshirgan. Generativ koʻpaytirishga mos Dobro, Nevskiy, Kameraz navlarning urugʻlik tuganaklari olish uchun botanik urugʻlaridan foydalanish mumkin. Duragay populyasiyalardan bir xillik ya‘ni fenotipik jihatdan qimmatbaho xoʻjalik belgilariga erishish uchun dastlabki formalarini toʻgʻri tanlash ham ahamiyat kasb etadi. Duragay populyasiyalardan istiqbolli hisoblangan Atsimba x Dobro, Atsimba x Zarevo, Karpaskiy x Nevskiy, Karpatckiy x Zarevo. Bu populyasiyalar va shu kabi VR-3, VR-6, VR-8 liniyalar 117 avlodalarida tuganaklarning qimmatbaho belgilari boʻyicha yuqori fenotipik bir xillik kuzatilgan. Ba‘zi mualliflar ma‘lumotlarida yovvoyi va yarim yovvoyi turlarni chatishtirib, murakkab turlararo duragaylash asosida istiqbolli populyasiya hosil qilish mumkinligi aytilgan. Transgressiv geterozis birinchi, ikkinchi va uchinchi boʻlishi mumkin. Bu degani duragay formalari oʻzidan changlanib olinganda ota-ona formalarini hosildorligini dastlabki tuganak reproduksiyalarida pasaytirmasligidir. Umuman, urugʻdan koʻpaytirishga mos nav va duragay populyasiyalar yaratish va tanlash borasida seleksiya ishi keng miqiyosda amalga oshirilmoqda. Eng qulay va ma‘qul usul navlar va turlararo chatishtirib duragay populyasiyalar hosil qilishdir. Ulardan har bir tuproq-iqlim sharoitlari uchun maqsadga muvofiqlarini tanlash va keng tadbiq etish, ya‘ni kartoshkani urugʻdan koʻchat ekin sifatida koʻpaytirish, oʻstirish texnologiyasini ilmiy asosda ishlab chiqish bilan bogʻliqdir. Diploid duragaylarni chatishtirib yuqori hosilli shakllarni yaratganlar. Bunda belgilarning variasiya koeffisiyentining oʻzgarishi 9,3 dan (S.Tuberosum 220 x 21665 Ju) 9,8 % gacha (64 Anco x 259 Amsel-UXS microdontum kombinasiyasida) boʻlgan. Dastlabki ota-ona formalari asosiy belgi xususiyatlari boʻyicha gomozigota boʻlsa, bir marta chatishtirib olganda duragay ham huddi shunday belgi-xususiyatlarni saqlaydi, ba‘zida ijobiy tomonga oʻzgaradi. Urugʻdan koʻpaytirishga mos nav-populyasiyalarni yaratishning birdan-bir yoʻli navlararo chatishtirish hisoblanadi. Boshqa mualliflar oʻz tajribalarida ota- ona formalarini turli xil chatishtirish (interploid, tetraploidlararo) yoʻllari bilan ham qimmatbaho xoʻjalik biologik belgilari boʻyicha fenotipik bir xillikka (oʻxshashlikka) erishgan. Bulardan tashqari diploidli va diplogaploidli namunalar mahsuldorligini oʻrgangan. Ba‘zi olimlar tadqiqotlari boʻyicha ota-ona formalar chatishtirishda gullash intensivligi va rezavor meva tugishi tabiiy boʻlishini ta‘minlash kerak. 118 Tadqiqotchilar tomonidan yuqori geterozisli namunalar olishning yana bir yoʻli fitoftoraga chidamli va kraxmal koʻp saqlaydigan navlarni chang aralashmalari bilan changlatib olish mumkinligi aniqlangan. Adabiyotlar ma‘lumotlarida fenotipik jihatdan oʻxshash geterozisli avlodlar olish borasida Moskvada katta ishlar izlanishlar olib borilganligi, lekin generativ urugʻlar olish mahsuldorligini chuqur oʻrganish talab etilishi ta‘kidlangan. Chunki, oʻzidan changlangan navlar koʻchat hosili duragay populyasiyalarga nisbatan 20- 50 % past boʻlishi aniqlangan. Koʻpchilik olimlar kartoshkani botanik urugʻidan oʻstirishga mos nav va duragay populyasiyalari oldiga quyidagi talablarni quyadilar. Bular: -Tuganak reproduksiyalaridan qimmatbaho xoʻjalik belgilari boʻyicha fenotipik bir xil oʻxshash boʻlishi, yuqori hosildorlik va tovarlikka ega boʻlishi, tanlangan populyasiyalar asosiy kasallik va tuproq-iqlim sharoitlarining noqulayliklariga chidamli boʻlishi, urugʻlarning unuvchanligi va koʻchat dalaga oʻtqazilganda tutuvchanligi yuqori boʻlishi hamda populyasiyalar koʻp va uzoq vaqt gullashi, ona formasi erkak sterilli boʻlishi, ota formasi yuqori fertilli va koʻp chang donachalarni hosil qilishi kabi xususiyatlardir. -Generativ urugʻlardan yetishtirish O‘zbekiston sharoitida (quruq havo va yuqori xarorat) navlarning meva (rezavor) hosil qilishiga bogʻliq. Buning uchun biz bir necha yillar davomida kartoshka navlarining rezavor hosil qilish imkoniyatlarini oʻrganib chiqish lozim. -Kartoshka mevasi - ikki uyali, koʻp urugʻli yashil rezavordir. Uzunligi 1,5- 3,2 sm (navlarda har-xil). Mevasida 600 tagacha urugʻ hosil boʻladi. Rezavorlar gullash vaqtida voyaga yetgan changlar bilan urugʻlangan navlarda hamda chatishtirish natijasida hosil boʻladi va kuchli, oʻrtacha, kuchsiz holatda boʻlishi mumkin, hatto rezavor hosil boʻlmasligi ham mumkin. Akademik S.M. Bukasovning ma‘lumotlarda genetik uzoq shaklli duragaylarda meva hosil boʻlishi kamdan kam 48- 67 % gacha yetishi va xar bir mevada esa 48-68 donagacha urugʻ hosil boʻlganligini ta‘kidlagan. 119 Koʻpgina olimlarning tajribalarida kartoshkaning 1000 dona urugʻ massasi 75 mg/ni tashkil qilgan, bitta rezavor mevadagi urugʻlar soni 200 ta urugʻ hosil boʻlgan boʻlsa, gektaridan 200 kg/ga gacha urugʻ olish mumkinligini aniqlagan. Rezavor hosil boʻlishi navlarning biologik xususiyalari, gullarning rivojlanishi, havoning harorati, namligi, tuproq-iqlim sharoitlariga ham bogʻliq. O‘zbekiston sharoitida ayrim kartoshka navlarining gullari toʻkiladi yoki umuman hosil boʻlmaydi, ayrimlarida juda kam gul hosil boʻlib rezavor hosil boʻlmaydi. Bu borada tadqiqotlar kartoshkachilik xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutida (Moskva), Butun Rossiya oʻsimlikshunoslik institutida, Samarqand qishloq xoʻjalik institutida va boshqa muassasalarda bir necha yillar davomida oʻtkazilib kelinmoqda. Kartoshkaning Moskva va Sankt-Peterburgdan (VIR) olingan 383 ta duragay populyasiyalarini koʻchat ekin, 29 ta duragay populyasiyalarini gidrovisev (suv bilan ekish) va granulalangan urugʻlari bilan ekib, oʻrganish, sinash va baholash asosida ulardan koʻchat va urugʻidan bevosita dalaga ekishga moslari tanlangan. Olingan natijalar boʻyicha, koʻchat qilib oʻrganilgan 383 ta duragay populyasiyalarning 325 tasi gektaridan 10 tonnagacha, 28 tasi 10-15 tonna, 23 tasi 15-20 tonna, faqat 7 tasi (GP-994 a, GP-1656, GP-11, GP-28, GP-32, GP-30, P-3) gektaridan 20 tonnadan oshirib hosil olishni ta‘minlagan. O‘zbekiston sharoitida oʻtkazilgan tajribalar natijalariga asoslanib botanik urugʻdan yetishtirib kartoshkaning virussiz urugʻchiligi uchun sogʻlom dastlabki material yaratishni tavsiya etadilar. Kartoshkani generativ urugʻlari bilan yetishtirishdan virussiz asosdagi urugʻchiligida foydalanishining bir qancha afzalliklari mavjud. Ya‘ni, generativ urugʻlar bilan yetishtirilganda vegetativ usuldan farq qilib virus, mikoplazma, viroid, bakterial va zamburugʻ kasalliklari avlodlarga uzatilmaydi. Shuning uchun kartoshkani generativ urugʻlari orqali koʻpaytirish usulini kartoshka namunalarini sogʻlomlashtirish uchun foydalanishni tavsiya etishadi. Chunki bunday usulda sogʻlom oʻsimliklarni tanlash imkoniyati yuqori boʻladi. 120 Bunday usulda olingan tuganaklaridan ekilgan tajribalarida 60 m 2 delyankadan 215 kg hosil olingan boʻlsa, boshqa olimlarning tajribalarida ayrim har bir tup oʻsimlikdan 2-3 kg hosil olishga erishilgan. Tadqiqotlarda koʻchatlardan olingan hosilga qaraganda mikrotuganaklardan olingan hosil yuqori boʻlishi ta‘kidlangan. Masalan, koʻchat hosili gektaridan 120- 168 s boʻlsa, mikrotuganaklar hosili 226-354 s/ni tashkil etganligi uchun ham generativ urugʻlari oʻstirishdan ikki yillik ekin sifatida foydalanish samarali ekanligi toʻgʻrisida ma‘lumotlar mavjud. Shuning uchun ham mualliflar, mikrotuganaklardan olingan urugʻlik materiali sogʻlomligi bilan vegetativ usul orqali koʻpaytirilgan tuganak reproduksiyalaridan ustun ekanligini ta‘kidlaydi. Generativ urugʻlari orqali yetishtirilgan sifatli va sogʻlom urugʻlik material hisoblanib, birinchi, ikkinchi, uchinchi va hatto toʻrtinchi tuganak reproduksiyalaridan yuqori hosil olish mumkin. Xuddi shunday natijalar boshqa tadqiqotchilar tajribalarida ham kuzatilgan. Sankt-Peterburg sharoitida birinchi, ikkinchi va uchinchi tuganak reproduksiyalarining hosildorligi gektaridan 326-371 s/ni, bir tupdagi tuganaklar soni esa 9,1-9,8 donani va tovarliligi 84-92 % ni tashkil etgan. Shuni ta‘kidlash kerakki, kartoshka urugʻkoʻchatidan olingan hosilni urugʻlik maqsadida koʻpaytirish duragay populyasiya xususiyatlariga bogʻliq. Masalan, GP-1656 duragay populyasiyasini 4-tuganak reproduksiyasigacha, GP- 994 a ni 3-tuganak reproduksiyasigacha, GP-32 2-tuganak reproduksiyasigacha urugʻlik maqsadlarida foydalanib ulardan gektaridan 23-25 tonnagacha hosil olishga erishiladi. Hosildorlik duragay populyasiyalarning birinchi tuganak reproduksiyasida gektaridan 30,9-32,4 tonnani yoki Nevskiy naviga nisbatan 2,9-4,3 tonna yuqori ekanligi aniqlangan. Yozda yangi kovlab olingan tuganaklari bilan qayta ekilganda tuganaklarni unuvchanligi duragay populyasiyalarining ikki hosilli ekin sifatida oʻstirishga mosligini belgilovchi koʻrsatkichlardan biri boʻlib hisoblanadi. Tajribadagi duragay populyasiyalarni ya‘ni, kovlab olingan tuganaklar bilan 121 ekilganda ularni unib chiqishi 25-29 kunni tashkil etib Nevskiy naviga nisbatan 2-6 kun tezroq unib chiqishi kuzatilgan. O`suv davri bahorgi muddatga nisbatan 2-6 kunga uzayib, duragay populyasiyalarining hosildorligi gektaridan 14,1-17,6 tonnani, standart sifatida oʻrganilgan Nevskiy navida esa bu koʻrsatgich oʻrtacha 17 tonnani tashkil etganligi toʻgʻrisidagi ma‘lumotlar keltirilgan. Olimlar tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlarda duragay populyasiyalarini koʻchat va ikki hosilli ekin sifatida oʻstirilganda qimmatbaho xoʻjalik va biologik belgilari boʻyicha oʻzgarishi juda kamligi qayd etilgan boʻlib, qimmatbaho xoʻjalik belgilari boʻyicha istiqbolli hisoblangan va bir necha yil davomida sinalgan duragay populyasiyalarni koʻchat ekini, bahorgi va ikki hosilli ekin sifatida oʻstirish orqali yuqori reproduksiyali urugʻlik material olish imkoniyati mavjudligi ta‘kidlangan. Generativ urugʻlaridan yetishtirilgan tuganaklardan urugʻlik sifatida foydalanilgan ularning eng yuqori potensial imkoniyatlari birinchi tuganak reproduksiyasida kuzatiladi. Masalan n2668 va B2670 duragay populyasiyalarining birinchi tuganak reproduksiyalarining hosildorligi gektaridan 18,2-19,0 tonnani tashkil etgan yoki VK 1680 duragay populyasiyasining birinchi tuganak reproduksiyasi hosildorligi Nevskiy navining super elita urugʻlariga nisbatan 2,3 tonna gektar yuqori hosil berishi mumkinligi isbotlangan. Shuni ham ta‘kidlash kerakki, kartoshkani generativ urugʻlaridan yetishtirib olingan ikkinchi tuganak reproduksiyasidan boshlab oʻrganilgan kartoshka duragay populyasiyalarining hosildorligi pasayib boradi. Buning sababini mualliflar tuganaklarining virus kasalliklari bilan zararlanishining oshib borishi bilan bogʻliq deb izohlashadi. Shuni ham ta‘kidlash kerakki, yuqorida keltirilgan afzalliklari bilan birga kartoshkani generativ urugʻlari bilan yetishtirishning ham kamchiliklari bor. Ulardan biri va asosiysi duragay populyasiyalaridan olingan urugʻlar va muvofiq ravishda tuganaklar genetik jihatdan gomozigota emas, balki geterozigota ekanligi sababli yetishtirilgan oʻsimliklarning genotipiga mos ravishda olingan hosilning tozaligi yuqori boʻlmaydi. Bundan tashqari, yuz berishi mumkin boʻlgan genetik 122 parchalanishlar tufayli faqat morfologik belgilari boʻyicha emas, balki biologik belgilar boʻyicha ham bir-biridan farq qiladigan genetik populyasiyalar hosil boʻladi. Ularning miqdori esa, oʻz navbatida koʻp jihatdan ekilgan urugʻning olinish usuliga bogʻliq. Turli genotipdagi populyasiya asosiy kasallik boʻlgan fitoftoraga chidamli boʻladi, bitta genotipdagi nav oʻsimligi esa kasalikka chidamsiz boʻlishi mumkin. Lekin dastlabki oʻsuv davrida sekin oʻsishi va bunda koʻchatlarni normal oʻsishini ta‘minlash uchun dala yuqori namlikda ushlab turiladi, bu oʻz navbatida begona oʻtlarning koʻpayishiga olib keladi. Kartoshka urugʻidan oʻstirilganda hosildorlikning pastligi, qimmatbaho xoʻjalik belgi-xususiyatlari (tuganak shakli, koʻzchalar chuqurligi, rangi, stolonlar uzunligi) ni yuqori darajada geterozigotali boʻlishi ishlab chiqarish uchastkalariga keng tadbiq etish uchun toʻsiqlardan biri hisoblanadi. Kartoshkani urugʻdan oʻstirish uchun gomozigotali liniya va navlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Dastlabki bunday formalar hosil qilish uchun oʻzidan changlangan liniyalar olingan. Bunda asosiy vazifa belgilar parchalanishini yengish va geterozis kuchidan foydalanishdir. Fenotipik bir xil rangdagi va tezpishar tuganaklar olishga erishgan. Lekin hosildorlik oʻzidan changlangan liniyalardan dastlabki formalarga qaraganda uning kamayishi 6-boʻgʻin (avlod) da 19 % ga yetgan. Shuning uchun ham generativ urugʻlardan kartoshka yetishtirishda bunday usul uchun mos boʻlgan namunalar, navlar, duragaylar, duragay populyasiyalari va oʻzidan changlatilgan liniyalarning to`gʻri tanlanishi katta ahamiyat kasb etadi. Kartoshka navlarini urugʻidan oʻstirishga mos shakllarni baholashda urugʻning vazni, rangi, unish kuchi, energiyasi kabi koʻrsatkichlarni e‘tiborga olish biologik va xoʻjalik ahamiyatiga ega. Hozirgi vaqtda ajratilgan istiqbolli shakl va oʻzidan changlanganda belgi va xususiyatlari kam oʻzgarishi aniqlangan. Masalan, Agronomicheskiy, Kameraz, Akvilla, Giyevant, Drosell, Cheroki, Shvalbe, Dobro, Zubrenko, Nevskiy, Karpatskiy navlari urugʻidan oʻstirishga mos deb topilgan. 123 Bu navlar mahsuldorlik, kraxmallik, oqsil va tuganaklarni ta‘mi boʻyicha navlar gomozigota va bular ishtirokida qimmatbaho belgi-xususiyatga ega boʻlgan urugʻdan koʻpaytirilganda oʻzgarmaydigan formalari olinadi. Kartoshkaning Xitoyda Koannoye, Mira, Epaka, Shvalbe navlarining oʻzidan changlatib olingan urugʻlari keng ekiladi. Kartoshkani urugʻdan oʻstirib geterozis asosida yuqori hosildorlikka ega boʻlgan formalarini duragay populyasiyalar yaratish orqali erishish mumkin. Duragay populyasiyalardan foydalanish Xitoyda gektaridan 154-382 sentner hosil olishni ta‘minlangan. Bunda Shvalbe x Katadin, Soskiya x Shvalbe, Lnemane x Katadin duragay kombinasiyalardan olingan. Ma‘lumotlariga qaraganda kartoshka shakllarini urugʻidan oʻstirishda urugʻlarning unuvchanligi, koʻchat tutuvchanligi kartoshkani koʻchat ekini sifatida oʻstirishdagi asosiy talabalardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, oʻsimliklarni bir tekis oʻsib, rivojlanishi, kartoshka tupi hosili tuganaklarning bir xilliligi alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, tanlangan namunalar va duragay populyasiyalarining oʻsish va rivojlanishini hususiyatlarini oʻrganish bilan birga birinchi yil urugʻ ekib olingan tuganak reproduksiyalaridan keyinchalik urugʻchilikda foydalanish imkoniyatlarini oʻrganish ishning muvaffaqiyatini belgilaydi. Generativ urugʻlaridan kartoshka yetishtirishni iqtisodiy samaradorligi yuqori boʻlishidan tashqari ulardan olingan hosildan ya‘ni tuganaklaridan urugʻlik material sifatida foydalanish mumkin. Bunday tuganaklardan urugʻlik maqsadlarida va iste‘mol uchun foydalanish mumkin. Respublikamiz sharoitida generativ urugʻlaridan yetishtirish uchun mos namunalarining tanlanishi, ekindan yuqori va sifatli hosil olish texnologiyasining ishlab chiqilishi, generativ urugʻlardan yetishtirilgan kartoshka tuganaklaridan urugʻchilikda foydalanish respublikamizda asosiy qishloq xoʻjalik sohalaridan boʻlgan kartoshkachilikni yanada rivojlantirishga yordam berishi mumkin boʻlgan yangi yoʻnalishlaridan biri sifatida xizmat qilishi mumkin. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling