Samarqand davlat universiteti isoqjon negmatov ijtimoiy ishning etik-professional qadriyatlari
Download 1.06 Mb.
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Karl Yaspers
- Jan-Pol Sartr
- Hayotni e’zozlash” etikasi, gumanistik etika XX asrda vujudga kelgan yana bir yo‘nalish ‒ hayotga ehtirom axloqiy ta’limoti mashhur olmon faylasufi, shifokori Albert Shvaytser
Erix Fromm (1900-1980) asosiy diqqatini inson qalbining axloqiy talablarga munosabatini ochishga, totalitarchilik, insonparvarlik, tiriksevarlik (biofillik) va o‘liksevarlik (nekrofillik) haqidagi mulohazalarga qaratadi. Uning “Sevish san’ati” (1956), “Inson qalbi. Uning ezgulik va yovuzlik qobiliyati” (1964), “Inson o‘zi uchun” (1967) kabi asarlarida axloqiy muammolarga keng o‘rin berilgan.
Erix Fromm inson hayotini “san’at”, axloqni esa “yashash san’ati”, axloqshu-noslikni esa inson haqidagi nazariy fan deb ataydi. Biroq inson ana shu “yashash san’ati”ga ko‘p hollarda amal qilmaydi, ya’ni o‘ziga, o‘zining mavjudligiga e’tibor bermaydi. Mutafakkir shu bois alam va achinish aralash shunday deb yozadi: “Inson uchun o‘zining xususiy hayoti va yashash san’atidan boshqa hamma narsa muhim. U o‘zidan boshqa hamma narsa uchun yashaydi. Holbuki, axloq yashash san’ati bo-rasida komillikka erishish uchun zarur bo‘lgan me’yorlar majmuyidan iborat ekan, axloqiy tamoyillar hayot tabiatiga, xususan, insoniy mavjudlik tabiatiga mos kel-mog‘i lozim. Har qanday hayot tabiatining umumiy tamoyili o‘z xususiy mavjudligini asrash va barqaror etishdan iboratdir”214. Shunday qilib, axloq insonning go‘zal yashashini, eng avvalo, o‘zi uchun yashashini ta’minlashi kerak. Fazilat ‒ insonning noyob individualligi. O‘z indivi-dualligini namoyon eta olgan odamgina fazilatli hisoblanmog‘i lozim, zero, inson-ning hayoti hamma narsadan ustun va qimmatlidir. Fromm o‘z axloqiy qarashlarini ana shu nuqtayi nazardan turib o‘rtaga tashlaydi va himoya qiladi. Frommning fikriga ko‘ra, yovuzlik faqat insoniy hodisa. U ‒ insoniylik hola-tidan ortga qaytish, insonga xos aql, muhabbat, erk xususiyatlarini yo‘q qilishga bo‘lgan intilish. Ayni paytda, u fojiaviy holatdir. Chunki inson, hayvoniy darajaga qaytsa-da, u biror-bir soniya odam ekanini unutmaydi, demak, yovuzlik masalani hal qilishning yo‘li sifatida uni hech qachon qoniqtirmaydi. Insonning yovuzlik holati ‒ o‘zini ezib turgan insoniy turmushi og‘irligidan ozod bo‘lishga fojiaviy urinishi tufayli ro‘y beradi, u o‘zini yo‘qotishdan iborat. Ezgulik bizning mavjud-ligimizni tobora mohiyatimizga yaqinlashtirib boradi, yovuzlik esa turmushimiz bilan mohiyatimizning o‘sib boruvchi begonalashuvi demakdir. Erix Fromm muhabbat muammosiga ham juda katta e’tibor beradi. Muhabbat, bu ‒ har biri o‘zligini saqlagan holatdagi ikki kishining birlashuvi. Muhabbat bu ‒harakat, orom emas, faollik ‒ kuzatish emas. Sevish ‒ olish emas, berish. Sevgida inson o‘zi uchun eng bebaho bo‘lgan hayotining bir qismini ‒ hissiyoti, bilimi, kechinmalarini o‘zgaga bag‘ishlaydi. U buni o‘rniga nimadir olish uchun qilmaydi, ana shu “bag‘ishlash”ning o‘zi nafis bir lazzatdir. Alloma faylasuf, yuqorida ta’kidlaganidek, muhabbatni g‘amxo‘rlik, mas’uliyat, hurmat va ilm unsurlaridan iborat deb bilar ekan, mas’uliyatga o‘zgacha e’tibor bilan qaraydi. Fromm mas’uliyatni odatda qabul qilinganidan boshqacharoq tarzda talqin etadi. Odatda mas’uliyat deganda, chetdan yuklangan, ya’ni odamga boshqa kishilar, jamiyat va hokazolar tomonidan taklif etilgan, uqtirilgan yoki majburan bo‘yniga qo‘yilgan qandaydir bir narsa tushuniladi. Fromm esa mas’uliyatni mohiyatan qalbning xohishi bilan bog‘liq emin-erkin holat, deydi. Mas’uliyatni his etish bu ‒ boshqa mavjudotning ehtiyoji va talabiga “labbay” deb javob berishga tayyor turish. Shunday qilib, mas’uliyat kimgadir g‘amxo‘rlik qilish bilan bog‘liq. Boshqa tomondan faylasuf mas’uliyatni hurmat bilan bog‘laydi. Hurmat bu ‒ qo‘rquv yoki qo‘l qovushtirish emas, u insonni qanday bo‘lsa, shunday qabul etishni talab etadi. Frommning fikriga ko‘ra, industrial jamiyatda haqiqiy muhabbat kamdan-kam uchraydi. O‘z farzandlarini tom ma’noda sevgan ota-onalar ham umumiy qoidadagi istisnodir. Nikohda esa muhabbat deb butunlay boshqa sabab, boshqa his-lar tushuniladi. Unda hatto sevgi tasavvuri ham buziladi. Bu aynan inson o‘zini muhabbatning “mo‘jiza qushi”ni qo‘lga kiritdim deb hisoblagan paytda ro‘y beradi. Muhabbatning yo‘qolishiga go‘yo muhabbatni qo‘lga kiritib olish mumkin degan noto‘g‘ri tasavvur olib keladi. Shu bois ko‘p hollarda muhabbatdan boshlangan nikoh ikki egalik qiluvchining, juftlashgan ikki xudbinning hamdo‘stligiga aylanadi. Biroq muammo nikohda emas, balki ikki tomon shaxsining iste’molchilik xususiyati bilan bog‘liq. Muhabbatga mavjud bo‘lish, o‘zini ifodalash qobiliyati tarzida emas, balki ma’budga qaragandek munosabatda bo‘lish ana shundan kelib chiqadi. Shu bois, birga yashashning tizimini o‘zgartirishga, ya’ni ko‘pxotinlilik, jazmanbozlik, jamoaviy jinsiy aloqa va hokazolarga intilish ‒ bor-yo‘g‘i, haqiqiy muhabbat qiyinchiliklarini yengib o‘tish uchun yo‘l qidirish. Agar inson o‘z “yarmini” topish va sevish baxtiga erishsa, u boshqa juft izlashga hech qachon intilmaydi, butun borlig‘ini o‘z seviklisiga bo‘lgan muhabbatga bag‘ishlaydi. Umuman, Fromm taqdim etgan shaxs tizimida muhabbat diniy hissiyot va dunyoqarash bilan birgalikda markaziy o‘rinni egallaydi. XX asr axloqiy tafakkurida chuqur iz qoldirgan falsafiy-axloqiy yo‘nalish-lardan yana biri ekzistensiyachilikdir. Ekzistensiyachilik insonni, eng avvalo, o‘z hayotini insoniylik vazifasini bajarish uchun qurbon qilgan mavjudot sifatida olib qaraydi. Bir jihatdan bunday qarash an’anaviydek, barcha asrlarda ham ilgari surilgan nuqtayi nazardek tuyuladi. Aslida esa unday emas. Olmon faylasufi Martin Haydegger (1889-1976) ekzistensiyachilikning asoschisi hisoblanadi. Ekzistensiyachilik Haydeggerdan so‘ng, ikki yo‘nalishda – diniy va dahriylik yo‘nalishlarida davom etdi. Diniy ekzistensiyachilikning eng yirik namoyanda-laridan biri olmon faylasufi Karl Yaspersdir (1883-1969). U o‘z asarlarida, xususan, “Zamonning ma’naviy holati” (1932), “Falsafiy e’tiqod” (1948) degan kitoblarida inson mavjudligini XX asrda qanday tushunish masalasiga to‘xtaladi va bu mavjudlikning axloqiy jihatlarini tahlil etadi. Inson bilan hayvon orasidagi farq haqidagi, boshqacha qilib aytganda, insonning vujudga kelishi to‘g‘risidagi masalani Yaspers eng muhim deb hisoblaydi. Insonni qandaydir bir boshqa narsadan keltirib chiqarish mumkin emas. Zero, u hamma narsaning bevosita asosidir. Olamdagi bog‘liqlikning barcha turlari va barcha biologik taraqqiyot jarayonlari odamning o‘ziga emas, balki insoniy moddaga, insoniy materialga daxldor. “Inson doimo o‘zi haqidagi o‘ylaganidan, bilganidan ko‘ra kattaroqdir. U hamma hodisalarda bir xil bo‘la olmaydi; u – yo‘ldir”,- deydi faylasuf215. Bu fikr ham butun insoniyatga, ham alohida odamga taalluqli. Hech qachon inson haqida uzil-kesil xulosa chiqarish, uni na umumiy tarzda, na alohida odam sifatida to‘liq tushunish mumkin emas. Yaspersning fikriga ko‘ra, insonga hayvondan “taraqqiy topgan” jonzot deb qarash noto‘g‘ri. Chunki bilish uchun hammasi tushunarli bo‘lishi kerak, bilish bilinadigan chegaradan nariga chiqolmaydi, bilishdan tashqarida bilish uchun hech narsa yo‘q. Bilish olamda mavjud bo‘lgani holda olamni tushunib yeta olmaydi. To‘g‘ri, matematika, tabiiy fanlardagi kabi universal bilish tevarak-atrofda hozir bo‘lgan nimanidir ilg‘ab olishi mumkin, lekin voqelikni hech qachon yaxlitligicha bila olmaydi. Insonning haqiqiy qadriyati u yaqin turgan tur yoki xil bilan emas, balki o‘zgartirib va almashtirib bo‘lmaydigan tarixan yakkaligi bilan bog‘liq. Har qanday alohida insonning qadriyati muayyan odamlarga umumiy insoniy mezonni shakllantirishda bir-birini o‘zaro almashtiradigan material sifatida qaralmaganidagina daxlsiz bo‘ladi. Barcha odamlarning tengligi g‘oyasi butunlay noto‘g‘ri. Zero, gap odamlarning ruhiy tadqiqotga bo‘y beradigan mavjudot sifatidagi fe’l-atvori va qobiliyati haqida bormoqda. Ammo bu ijtimoiy voqe sifatida ham to‘g‘ri emas, nari borganda, odamlar qonun oldida teng imkoniyat va teng huquqqa ega bo‘lishlari mumkin. Mohiyat jihatidan barcha odamlarning tengligi faqat va faqat ularning har biriga erkinlikdan kelib chiqqan holda, axloqiy hayot orqali Xudoga yo‘l ochiladigan teranlikda mavjuddir. Bu insoniy bilim bilan o‘rnatilib va obyektivlashtirib bo‘lmaydigan qadriyatlar tengligi, abadiy ruh sifatidagi yakkaliklar qadriyatlari tengligidir. Bu insonga jannat yoki do‘zaxdan joy karomat qiluvchi tenglik, da’vo va abadiy hukm tengligidir. Bu tenglik insonni faqat vosita deb qarashga yo‘l qo‘ymaydigan, balki unga birdan-bir maqsad sifatida munosabat qilishni talab etadigan, har bir insonga hurmat-ehtiromni anglatadigan tenglikdir. Insonning ekzistensiya tarzida o‘z erkini ‒ transsendensiya ne’matini ko‘rishi muhimdir. O‘shanda inson borlig‘ining erki transsendensiya rahbarligida uning barcha imkoniyatlari moyasiga aylanadi; ana shu transsendensiya Yakka-yu Yagonaning sharofati bilan inson o‘z xususiy yakkaligiga erishadi. Bu rahbarlik dunyodagi barcha boshqa rahbarliklardan ajralib turadi, chunki u obyektiv, bir ma’noli bo‘la olmaydi; u insonning to‘la erkinligiga mos tushadi, zero, u o‘z e’tiqodining erki bilangina yuzaga chiqadi. Tangri da’vati an’analar va tevarak-atrofdagi dunyoga yuz ochgan yakka inson uchun xuddi o‘z e’tiqodi sifatida yangraydi. Garchand inson Xudo nimani xohlayotganini bilishda obyektiv kafolatga ega bo‘lmasada, o‘z ichki teranligidan kelib chiqib, qaror qabul qilar ekan, u Tangri irodasiga bo‘ysundim, deb hisoblaydi. Xulosa qilib aytganda, Karl Yaspers qarashlarida an’anaviy ma’naviy merosni egallash inson axloqiyligi darajasini belgilovchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. Ekzistensiyachilik axloqshunosligining eng ko‘zga ko‘ringan namoyanda-laridan yana biri Jan-Pol Sartrdir (1905-1980). U ekzistensiyachilikning dahriylik yo‘nalishiga mansub faylasuf, yozuvchi, siyosatshunos sifatida mashhur. Sartrning fikriga ko‘ra, inson, eng avvalo, subyektiv kechinmalar orqali yaralgan loyihadir. Bu loyihagacha hech narsa mavjud emas, aql bovar qiladigan samovotda hech narsa yo‘q; borlig‘ining loyihasi qanaqa bo‘lsa, inson ham shunaqa. Agar mavjud bo‘lish haqiqatan ham mohiyatdan avval tursa, unda inson o‘zining borligi uchun mas’uldir. Shunday qilib, ekzistensiyachilik, birinchi navbatda, har qanday insonning hukmiga uning borligini havola qiladi va mavjudligi uchun to‘liq mas’uliyatni uning o‘ziga yuklaydi. Sartr shunday deb yozadi: “Biroq biz insonni mas’uldir, deganimizda, bu ‒faqat uning o‘z shaxsiyatigagina javobgar, degani emas. U barcha odamlar uchun mas’uldir. Biz, inson o‘zini-o‘zi tanlaydi, deganimizda, har birimizning o‘zini-o‘zi tanlashini nazarda tutamiz, biroq, shu bilan birga, biz o‘zimizni tanlar ekanmiz, barcha odamlarni tanlaymiz, degan gapni ham aytishni xohlaymiz”.216 Zero, o‘zimizni tanlashimiz, qanday holda bo‘lmasin, biz hech qachon yovuzlikni tanla-maymiz, ayni paytda, bu tanlov tanlovimizning qadriyatini barqaror etishni taqozo qiladi. Bizning tanlovimiz esa ezgulik bo‘lishi shubhasizdir. Lekin, shuni aytish ke-rakki, hamma uchun ezgulik hisoblanmagan narsaning biz uchun ezgulik bo‘lishi mumkin emas. Bizning mas’uliyatimiz butun insoniyatga taalluqli, taxmin qil-ganimizdan ancha katta. Biz o‘zimiz uchun ham, hamma uchun ham javobgarmiz va o‘zimiz tanlagan muayyan inson qiyofasini yaratamiz; o‘zimizni tanlash bilan biz umuman insonni tanlaymiz. Sartr xavotir hissi haqida batafsil to‘xtaladi. Yolg‘on gapirayotgan odamlar, baribir, xavotirlanib turadilar. Chunonchi, ko‘pincha odamlar o‘zlarining harakatini faqat o‘zlarigagina taalluqli deb o‘ylaydilar, ulardan agar hamma shunaqa qilganda, nima bo‘ladi, deb so‘rasalar, hamma ham bunday qilavermaydi-ku, deya javob beradilar. Lekin “Hamma shunaqa qilsa nima bo‘ladi?” deb doimo so‘rash o‘rinli. Bu savoldan faqat yolg‘on ishlatibgina qochish mumkin, ya’ni aldayotgan kishi, hamma shunday qiladi-ku, deb o‘zini oqlashga urinadi, o‘z vijdoniga xilof yo‘l tutadi. Zero, sodir etilgan bu yolg‘on yolg‘onga universal qadriyat darajasi berilayotganini bildiradi. Yolg‘onni sodir etgan odam, garchand, xavotirini yashirsa-da, uning mavjudligini sezib turadi. Har bir inson o‘z-o‘ziga: “Haqiqatan ham qilmishlarimdan butun insoniyat namuna oladigan tarzda harakat qilishga haqim bormi”? deyishi kerak. Agar o‘ziga shu savolni bermasa, u o‘z xavotirini o‘zidan yashirgan bo‘ladi. Bu qay darajadadir, mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgan har bir kishiga ma’lum bo‘lgan xavotirdir. Sartr shu o‘rinda harbiy boshliqni misol qilib keltiradi: u hujumga buyruq berib, odamlarni o‘limga yo‘llar ekan, javobgarlikni o‘z bo‘yniga oladi, ya’ni mohiyatan bir o‘zi qaror qabul qilgan bo‘ladi. Albatta, yuqoridan berilgan buyruqlar bor, lekin ular juda umumiy va aniq-ravshan izohlashni talab etadi. Bunday izoh mazkur harbiy boshliqdan chiqadi; bir necha o‘nlab yoki yuzlab kishining hayoti ana shu izohga bog‘liq. Harbiy boshliq qaror qabul qilar ekan, ma’lum bir xavotirni ko‘ngildan o‘tkazmasligi mumkin emas. Shunday xavotir barcha rahbarlarga xos. Lekin rahbarlarning harakatiga u xalaqit bermaydi, aksincha, ko‘pdan-ko‘p turli imkoniyatlar borligini bildiradi va harakat shartini tashkil etadi. Xavotir, demak, bizni harakatdan ajratib turadigan to‘siq emas, balki o‘sha harakatning bir qismidir. Sartr ekzistensiyachilik muxoliflariga qarshi fikr bildirar ekan, bu yo‘nalish insonning aslo tushkun tasvirini bermasligini, uni qilgan ishiga qarab baholashini, inson o‘z taqdirini o‘zi belgilaydi, degan aqida bilan ish ko‘rishini ta’kidlaydi. U har bir inson axloqini uning xatti-harakati tashkil etishini aytib, shunday deb yozadi: “Ekzistensiyachilik, bu ‒ insonning harakatga bo‘lgan xohishini o‘ldirishga intilishi emas, zero, u insonga bor umid faqat uning harakatida ekanini va faqat yagona harakatigina insonning yashashi uchun imkon berishini aytadi. Demak, bu borada biz harakat va jur’at axloqi bilan ish ko‘ramiz”.217 Hozirgi kunga kelib, ekzistensiyachilik G‘arb olamida mashhur bo‘lgan ko‘pgina eng yetakchi yoki faol harakatdagi axloqiy yo‘nalishlarga nisbatan “hayotiyroq” chiqib qoldi. Uning asosiy tamoyillari Ovro‘pa xalqlari mentalitetiga singib ketdi. U behuda havoyi parvozlarni cheklab, insonni ichki, raqamlarsiz hisob-kitobga va shu hisob-kitob natijasi o‘laroq, jahonga ishonch bilan qarashga da’vat etadi. “Hayotni e’zozlash” etikasi, gumanistik etika XX asrda vujudga kelgan yana bir yo‘nalish ‒ hayotga ehtirom axloqiy ta’limoti mashhur olmon faylasufi, shifokori Albert Shvaytser (1875-1965) nomi bilan bog‘liq. Uning “Madaniyat va axloq” deb atalgan fundamental kitobida hayotning yuksak ma’nosini tan olish va barqaror etish asosiy tamoyil sifatida ko‘zga tashlanadi. Shvaytserning o‘zi ham butun umri davomida ana shu tamoyilga amal qildi. Falsafa fanlari doktori, ilohiyot bo‘yicha ulkan mutaxassis, mashhur musiqashunos o‘ziga lang ochilgan Ovro‘pa universitetlariga qiyo boqmay, Markaziy Afrika changalzorlarida odamlarni davolash uchun yana talaba bo‘lib tibbiyot fakultetini tugatadi va Gabonga borib, umrining oxirigacha hayotga ehtirom g‘oyasini amalda isbotlab yashaydi. Shvaytserning fikriga ko‘ra, hayot tabiat yaratgan eng oliy ne’mat sifatida buyuk hurmatga sazovor. Bu talab, taraqqiyot darajasidan qat’iy nazar, hamma hayot uchun bir xil maqomga ega. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, maysa ham, kaklik ham, kiyik ham men kabi yashashga haqli, ularning hayoti ham ehtiromga sazovor. “Hayotga ehtirom axloqi, ‒ deydi Shvaytser, ‒ oliy yoki quyi, nisbatan qadrli yoki qadrsiz hayotlar orasida farq ko‘rmaydi”. Boshqa bir o‘rinda esa bunday deydi: “Men ‒ hayotman, mendek yashashni istagan hayotlar ichida yashashni istaguvchi hayotman”. Shvaytser qarashlari zamirida talabalik yillarida o‘zi nihoyatda qiziqqan va tadqiq etgan qadimgi hind axloqshunosligi g‘oyalari yotadi. Ayniqsa, u jaynchilik yo‘nalishiga ixlos bilan qaraydi: ular qon to‘kilmasligi uchun go‘sht sotib olmay-dilar, jaynchi-rohiblar biror-bir chirkni tasodifan yutib yubormay deb og‘izlariga doka tutib yurganlar, yerdagi hasharotlarni tasodifan o‘ldirib qo‘ymay deb dehqon-chilik qilmasdan faqat tijorat bilan shug‘ullanganlar. Ana shu “O‘ldirma” degan da’vat Shvaytser axloqshunosligining asosiy shioriga aylangan. Uning fikriga ko‘ra, bu shior doimo inson xatti-harakatining asosi bo‘lmog‘i lozim. Shu bois ham faylasuf fazilatlar va illatlarni shunchaki sanab o‘tishni musiqaga aylanmagan parda bosishga o‘xshatadi. Zero, uning nazdidagi ezgulik ‒ tirik jonni saqlab qolish, hayotga ko‘maklashish, yovuzlik esa jonlini jonsiz qilish, hayotga zarar yetkazish. Har bir shaxs shu tamoyilga amal qilgandagina, u odam va olam bilan uyg‘unlikka, yaxlitlikka erishadi. Shunday qilib, Shvaytser olg‘a surgan hayotga ehtirom axloqiy ta’limoti insonni shafqatli, muruvvatli zot bo‘lib umr kechirishga chorlaydi. Ayni paytda, u zamonaviy insonda ekologik madaniyatning vujudga kelishida, biz birinchi bobda aytib o‘tganimiz, etosferaning yaratilishida muhim ahamiyatga ega. Download 1.06 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling