Samarqand rossiya mustamlakasi davrida
SAMARQAND 1917-1991 YILLARDA
Download 45.1 Kb.
|
3-seminar (копия)
SAMARQAND 1917-1991 YILLARDA
Samarqandda milliy siyosiy tashkilotlar faoliyati hamda sovet hokimiyatining majburan o‘rnatilishi. Samarqand shahri sovet tuzumi davrida muhim tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan. Siyosiy, iqtisodiy va strategik jihatdan O‘zbekistonning aynan markazida joylashgan Samarqand bu davrda Toshkent shahridan keyin respublikada o‘zining yetakchilik mavqeini saqlab qola olgan. Samarqand aholisi Rossiyada monarxik tuzum qulaganligi haqidagi xabarni zo‘r xursandchilik bilan kutib oldi. 1917 yil 5 martda va 10 martda Samarqand shahrining eski va yangi qismlarida bo‘lgan namoyishlarda o‘n mingdan ortiq kishi qatnashgan. 1917 yil 6-7 martda Samarqand eski shaharidagi Qo‘shhovuz degan joyda «Klubi islomiya» yoki oddiy xalq tili bilan aytganda «Kambag‘allar yig‘ilishi» nomli mahalliy mehnatkashlarning dastlabki ijtimoiy-siyosiy tashkilotlaridan biri tashkil etildi. Samarqandda «Mirvaj-ul islom» tashkiloti ham faoliyat yuritgan. Kattaqo‘rg‘onda esa «Ravnaq-ul islom» va Xo‘jandda «Muayin at-tolibin» tashkilotlari bu paytda tashkil qilingan. Bundan tashqari, Samarqandda «Ittifoq» va «Mivtah ul-maorif» kabi tashkilotlar ham faoliyat ko‘rsatgan. 1917 yilning bahorida Samarqandda ham «Sho‘roi Islomiya» tashkiloti tuziladi. Samarqanddagi «Sho‘roi Islomiya» jamiyatining asosini mulkdorlar va ulamolar tashkil qiladi. Bu davrda Samarqandda «Ittihodi taraqqiyparvaron» (keyinchalik «Ittihodi taraqqiy») yashirin jamiyati ham faoliyat ko‘rsatgan. 1916 yilda Toshkentga kelib, «Turon» truppasining qator spektakllarini ko‘rgan A.N.Samoylovich 1917 yilda shunday yozgan edi: «Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi. Yangi adabiyotning markazi – Samarqand... Yosh qalamkashlarning bosh ilhomchisi samarqandlik muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiy». Samarqandda taraqqiyparvarlar tomonidan 1917-1918 yillarda «Hurriyat» gazetasi nashr qilingan. Gazetaga Fitrat (1886-1938), Akobir Shomansurov, Mardonqul Shomuhamedov, Hoji Muin kabi jadidchilik harakatining yirik namoyandalari rahbarlik qilishgan. Samarqand jadidlari tomonidan tashkil qilingan «Zarafshon» shirkati kutubxonasining asosiy sarmoyasi shu gazetaga sarf qilingan. 1918 yil 20 aprel – 1 mayda Toshkentda bo‘lgan Turkiston Sovetlarining V sezdida RSFSR tarkibida Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (TASSR) tuzilgan. Samarqand shahri shu nomli oblast (viloyat) va uyezdning markazi sifatida 1918-1924 yillarda Turkiston ASSR tarkibida bo‘lgan. 1917 yilning oxiriga kelib, Samarqand Soveti huzurida oziq-ovqat, harbiy, moliya, ma’muriy va shaharni muhofaza qilish, temiryo‘l, mehnat hamda xalq maorifi seksiyalari tuzildi. Samarqand viloyati revkomi tomonidan 1918 yil yanvarda «Sho‘roi Islomiya» tashkiloti tarqatib yuborildi. 1917 yil dekabrda rus tilidagi «Svobodniy Samarkand» va 1918 yil aprelda o‘zbek tilidagi «Hurriyat» gazetalarini nashr etish taqiqlandi. Bundan tashqari, Samarqand Soveti qaroriga binoan 1918 yil 17 fevralda shahar dumasi va yer mahkamasi bekor qilindi. «Sho‘roi Ulamo» tashkilotining faoliyatiga ham keyinchalik chek qo‘yildi. Samarqandda dastlabki qizil gvardiyachilar otryadi 1917 yil noyabrda tashkil topgan. 1918 yil boshlarida Turkiston o‘lkasidagi 8000 nafar qizil gvardiyachilardan 1137 kishi Samarqandda joylashtirilgan. Bolsheviklar iqtisodiyot sohasida ham favqulodda choralarni qo‘llab, yirik sarmoyadorlar qo‘lidagi zavod va fabrikalarni davlat hisobiga musodara qilishgan. 1920 yili Samarqand viloyatining ko‘pgina joylarida aholi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Chunki 1920 yilda Butunrossiyada aholini ro‘yxatdan o‘tkazish kompaniyasi amalga oshirilgan edi. Viloyatning Farg‘ona va Buxoro bilan chegaradosh hududlarida harbiy harakatlar davom etayotganligi uchun bu joylarda yashovchi aholini hisobga olishning iloji bo‘lmaydi. Samarqand viloyati bo‘yicha aholini ro‘yxatga olish jarayoniga I.I.Budilovich, uyezdlar bo‘yicha: V.A.Aleksandrov (Jizzax), N.A.Poluboyarinov (Kattaqo‘rg‘on), M.I.Sheverdin (Samarqand) boshchilik qilishgan. Bu yillarda ma’muriy jihatdan Samarqand viloyati tarkibida 4 ta uyezd (Xo‘jand, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Jizzax), 77 ta volost, 352 ta qishloq jamoasi va 17 ta ko‘chmanchilar yashaydigan ovul mavjud bo‘lgan. Uyezdlar o‘z navbatida 6 ta ko‘chmanchi va 71 ta o‘troq aholi yashaydigan volostlarga bo‘lingan. Ko‘chmanchilar yashaydigan volostlar ma’muriy ovullarga, o‘troq aholi yashaydigan volostlar esa qishloq jamoalari yoki oqsoqolliklarga ajratilgan. 1920 yildagi Samarqand viloyatining ma’muriy bo‘linishiga ko‘ra, Samarqand uyezdida 26 ta o‘troq aholi yashaydigan volost va 137 ta qishloq jamoasi, Kattaqo‘rg‘on uyezdida 16 ta volost va 75 ta qishloq jamoasi mavjud bo‘lgan. Samarqand uyezdidagi 26 ta volost quyidagilardan iborat bo‘lgan: Mahalla, Siyob, Jumabozor, Halvoyi, Kabud, Yangi Qozonariq, Qoraqalpoq, Eshimoqsoq, Chelak, Shahob, Angor, Xoja Ahror, Joydivon, Dahbed, Daul, Polvonariq, Urgut, Tuyatortar, Qoratepa, Panjikent, Chashmaiob, Kishtut, Magian-Forob, Falgar, Oftobro‘yin, Iskandar. Kattaqo‘rg‘on uyezdidagi 16 ta volost esa quyidagicha bo‘lgan: Payshanba, Jo‘yshagir, Sirg‘ali, Mingariq, Xo‘jaariq, Yangiqo‘rg‘on, Naukin, Mitan, Kalqo‘rg‘on, Damariq, To‘rtko‘l, Yorboshi, Oqtepa, Chimboy, Tusun, Jom. Bundan tashqari, Samarqand viloyati tarkibiga kirgan Jizzax uyezdida 20 ta volost (6 ta ko‘chmanchilar, 14 ta o‘troq aholi yashaydigan volostlar) va Xo‘jand uyezdida 15 ta volost mavjud bo‘lgan. Jizzax uyezdidagi volostlarga quyidagilar kirgan: Otaqo‘rg‘on, Bog‘don, Zomin, Qoratosh, Qizilqum, Ko‘ktepa, Qo‘rg‘ontepa, Nakrut, Rabot, Sangzor, Sauryuk, Sentab, O‘zbek, O‘smat-Qatortol, Forish, Pistalitosh, Xadicha-Mukur, Chordara, Yom, Yangiqo‘rg‘on. Xo‘jand uyezdida esa quyidagi volostlar mavjud bo‘lgan: Ganchi, G‘o‘lakondoz, Nov (Nau), Savat, O‘njin, O‘ratepa, Kostako‘z, O‘rol, Bosmandi, Boqcha-Isfana (Isfara), Dalyan, Shahriston, Chapkuluk, Matcho (Matchi), Boqsa-Sebergan. 1920 yili Samarqand shahrida 82.316 kishi (harbiy qism askarlari bu hisobga kirmaydi) yashagan. Samarqandliklarning 67 % (55.178 kishi) mahalliy aholidan, qolgan 33 % (27.138 kishi) ruslar (yevropaliklar)dan iborat bo‘lgan. Bu yillarda Samarqand viloyatida 6 ta shahar bo‘lib, uyezd shaharlari hisoblangan Jizzaxda 13.933 kishi, Kattaqo‘rg‘onda 12.864 kishi, Xo‘jandda 36.284 kishi, shuningdek, Samarqand uyezdidagi Panjikentda 3.145 kishi, Xo‘jand uyezdidagi O‘ratepada 18.980 kishi yashagan. 1920 yili Samarqand shahrida 16 327 xonadon yashagan bo‘lib, ular shaharning Qalandarxona (2048 xonadon), So‘zangaron (2720 xonadon), Xayrobod (2575 xonadon), Xoja Ahror (2562 xonadon), Buxoro yahudiylari mavzelari (1214 xonadon) va ruslar yashaydigan qismida (5208 xonadon) istiqomat qilishgan. Bu paytda Samarqand viloyati shaharlari bo‘yicha hammasi bo‘lib 35626 xonadon bor edi. O‘sha 1920 yili Samarqand viloyati qishloqlarida hammasi bo‘lib 111.493 xonadon mavjud bo‘lib, ularning yarmidan ortig‘i – 55462 xonadon faqat Samarqand uyezdida yashagan. Xullas, 1920 yildagi Butunrossiya aholi ro‘yxatiga binoan Samarqand viloyatida hammasi bo‘lib 681.864 kishi (ro‘yxat o‘tkazilmagan volostlarni ham qo‘shganda taqriban 792.649 kishi), jumladan, Samarqand uyezdida 338.300 kishi (ro‘yxat o‘tkazilmagan volostlarni ham qo‘shganda taqriban 362.950 kishi), Kattaqo‘rg‘on uyezdida 124.668 kishi, Jizzax uyezdida 103.297 kishi, Xo‘jand uyezdida 115.599 kishi (ro‘yxat o‘tkazilmagan volostlarni ham qo‘shganda taqriban 201.734 kishi) istiqomat qilgan. Download 45.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling