22-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar
Davlat sanitariya nazoratini tashkil etish va amalga oshirish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi va uning o‘rinbosarlari, viloyatlar, shaharlar, nohiyalar bosh davlat sanitariya vrachlari va ularning o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatiladi.
23-modda. Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar faoliyatining asosiy kafolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmatining davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi bosh davlat sanitariya vrachlari, boshqa mansabdor shaxslari va mutaxassislari hokimiyat vakili hisoblanadilar va davlat himoyasida bo‘ladilar.
24-modda. Davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish sohasidagi faoliyatga aralashishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi
Boshqa tashkilotlarning davlat sanitariya nazorati idoralarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida ularning ishiga aralashishi, davlat sanitariya nazoratini amalga oshirayotgan mansabdor shaxslarga biron-bir yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatishi taqiqlanadi va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 2-martdagi PF-1933-son “Sanitariya qonunlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga qarang.
25-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya vrachi:
davlat sanitariya epidemiologiya xizmati idoralari va muassasalariga rahbarlik qiladi, davlat sanitariya nazoratini amalga oshirishning asosiy vazifalarini va ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;
sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlarini tasdiqlaydi;
atrof-muhit omillarining inson organizmiga ta’sirini aniqlashga doir respublika normativ-texnika hujjatlarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va nashr etadi;
avariya vaziyatlarini yo‘qotish chog‘ida sanitariya holatini yaxshilash va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan muvaqqat sanitariya normalari va qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
viloyatlar va Toshkent shahri, bosh davlat sanitariya vrachlarini tayinlaydi;
sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasasi rahbarlarining xatti-harakatlari ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi;
odamlarning hayoti va salomatligi uchun xavfli bo‘lgan yashash va xo‘jalik faoliyatini yuritish taqiqlanadigan hududlarni belgilaydi;
hududlarni karantin infeksiyalari olib kirish va tarqatishdan sanitariya muhofazasi tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
sanitariya holatini yaxshilash va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan respublika va mahalliy epidemiyaga qarshi jamg‘armalardan va moddiy-texnikaviy resurslardan maqsadga muvofiq foydalaniyotganini nazorat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya vrachi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
(25-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 3-sentabrdagi O‘RQ-253-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 35-36-son, 299-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |