Shimoliy baqtriyaning tarixiy geografiyasi


Download 243.35 Kb.
bet18/35
Sana16.06.2023
Hajmi243.35 Kb.
#1489464
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   35
Bog'liq
T.Xoliyarov Dissertatsiya 11 05 2023

III bob bo‘yicha xulosa
Dissertatsiyaning mazkur bobi bo‘yicha quyidagi xulosalarga kelindi:
- so‘nggi yillarda Shimoliy Baqtriyaning so‘nggi bronza va ilk temir davri tarixiy geografiyasi bo‘yicha bir qator fundamental tadqiqotlar olib borildi. Jumladan, E.V.Rtveladze, A.S.Sagdullayev, T.Sh.Shirinov, N.D.Xodjayeva, A.J.Yaxshiyev, B.J.Eshov, U.M.Mavlanov, Sh.B.Shaydullayev, X.X.Matyakubov, O.A.Xamidov, E.A.Qobulov, N.M.Ikromov, J.T.Annayev, M.Xasanovlar tomonidan Baqtriya tarixiy-madaniy o‘lkasining tarixi, madaniyati, arxeologiyasiga oid ko‘plab yangi ma’lumotlar to‘plandi.
- Shimoliy Baqtriyaning so‘nggi bronza va ilk temir davri tarixiy geografiyasini o‘rganishda zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Mustaqillik yillarida olib borilgan tadqiqotlar natijasida “Avesto” va pahlaviy tilidagi manbalarda keltirilgan Arianam Vaydja (O‘rta Osiyo, Janubiy Qozog‘iston, Afg‘oniston, Sharqiy Eron), Baxdi (Baqtriya) kabi toponimlar, Vaxvi-Datiya (Amudaryo), Tormed (Surxondaryo) kabi gidronimlar va Xara Berezaiti (Tyanshan, Pomir va Hindiqush tog‘ tizmalari), Xvanavant (1. Termiz viloyati yoki Qunduz va Ishkamish tumanlari hududidagi tog‘. 2. Ko‘hitangtog‘ tizmasi) Zerdaza (Zarautsoy bo‘ylab joylashgan tog‘ tizmasi yoki Talos Olatovi tizmasidagi Manas cho‘qqisi), Udrya (Hisor tog‘ tizmasi) kabi oronimlar lokalizatsiya qilindi;
- Ahamoniylar sulolasi davrida qoyaga, saroy, burj devorlariga va haykallar quyi qismlariga bitilgan yozuvlarda keltirilgan ma’lumotlarda Shimoliy Baqtriya aholisi, hududiy chegaralari va tabiati haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan;
- Yunon-rim mualliflari asarlarida Shimoliy Baqtriya hududidagi qadimiy o‘lka va viloyatlar, shaharlar, qal’alar, tog‘lar va daryolarning nomlari keltirilgan.
- O‘lkaga kelgan Sima Syan va Baqtriyaga o‘z asarlarida asosiy e’tibor qaratgan Ban Gu kabi xitoy savdogar, elchi, harbiy xizmatchilarning esdalik asarlarida esa Katta yuechjilar hamda Kushon davri tarixiy geografiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar berilgan.
XULOSA
Tadqiqot natijasida quyidagi asosiy xulosalarga kelindi:
1. Surxon vohasi hududida ilk antropogen landshaftlar (Teshiktosh, Katta-Qo‘rg‘on, Qorong‘i-Dara, Machay, Zarautsoy, Qaynar-Kamar va boshqalar), suv-antropogen landshaftlar (Sopollitepa, Kuchuktepa va boshq.) va ilk urbolandshaft (Jarqo‘ton, Qiziltepa va boshq.) shakllanganligi va taraqqiy qilganligi, bu hududdan topilgan arxeologiya ashyolari, mudofaa istehkomlari, saroy, ibodatxona va hakazolar, sug‘orma dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, me’morchilikda yutuqlarga erishganligi O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston tarixida muhim ahamiyat kasb etadi.
2. Baqtriya haqidagi dastlabki tarixiy ma’lumotlar zardo‘shtiylarning muqaddas kitobi “Avesto”, Ahamoniylar Eroni va pahlaviy tilidagi epigrafik manbalarda, Qadimgi Xitoy manbalarida hamda yunon-rim mualliflari asarlarida aks etgan. “Zardo‘sht Ka’ba”si deb nomlanuvchi o‘rta fors tilidagi epigrafik manbada Baqtriya Kushanshahr deb nomlanib, Sosoniylar Eroniga bo‘ysunuvchi o‘lka sifatida tilga olingan.
3. Shimoliy Baqtriyaning tarixiy-geografik o‘rni joylashgan hozirgi O‘zbekistonning janubiy hududi bilan bevosita bog‘liq qadimda Lojuvard yo‘li, Buyuk Hind yo‘li, Shoh yo‘li, Buyuk ipak yo‘li kabi quruqlikdan o‘tuvchi, Amudaryo suv yo‘li hamda kechuvlaridan iborat qadimgi suv yo‘llari yo‘nalishlari aniqlangan. O‘z navbatida bu kommunikatsiyalarning vujudga kelishi va taraqqiyoti tufayli xalqaro iqtisodiy-madaniy va siyosiy munosabatlar rivojlanganligi, qadimiy yo‘llari tizimining samarali faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi, savdo yo‘llari rivoji bilan bog‘liq ravishda yangi antropogen landshaftlar shakllanganligi, urbolandshaftlar, ya’ni, shaharlar paydo bo‘lganligi (Jarqo‘ton), yangi еrlarning o‘zlashtirilishi jadallashganligini kuzatamiz. Qadimgi yo‘llarning vujudga kelishi, o‘z navbatida Shimoliy Baqtriyaning Qadimgi Sharq sivilizatsiyalari bilan iqtisodiy-madaniy aloqalari rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
4. Surxon vohasi hududi insonlar tomonidan o‘zlashtirilgan ilk hududlardan biri hisoblanib, bu еrdagi arxeologik yodgorliklarning joylashish geografiyasi tadqiqi hududda antropogen landshaftlar o‘rta paleolit davridan shakllana boshlaganligini tasdiqladi. Tadqiqotda Surxon vohasidagi antropogen landshaftlarning 11 ta turi aniqlanib, hududning qadimgi va hozirgi davrdagi tabiiy geografiyasidagi farqli tafovutlar o‘rganildi.
5. So‘nggi yillarda Baqtriya va Sug‘d tarixiy-madaniy o‘lkalarining hududiy chegaralari masalasi bilan bog‘liq asosli bahs-munozaralar yanada jonlandi. Tadqiqotda bu masalaga oydinlik kiritilib, Shimoliy Baqtriya, xususan Surxon vohasida birorta ham Sug‘dga tegishli arxeologik ashyo topilmaganligi, tarixiy-madaniy o‘lka hududida Sug‘d yozuvi namunalari umuman mavjud bo‘lmaganligi, tadqiqotchilarning o‘troq dehqonchilik aholisi hududlari o‘rtasidagi chegara vazifasini daryolar emas, balki tog‘lar va dashtlar bajarganligi Baqtriya va Sug‘d o‘rtasidagi chegara hozirga Hisor tog‘ tizmasining g‘arbiy va shimoli-g‘arbidagi tarmoqlari Boysuntog‘ va Ko‘hitang tog‘lari bo‘ylab o‘tgan degan fikr yanada asoslandi.
6. Shimoliy Baqtriyaning mil. avv. II ming yillik oxiri – I ming yillikdagi tarixiy geografiyasi misolida O‘rta Osiyoda so‘nggi bronza va ilk temir davri madaniyatlarining tarqalishi va migrasiyasi aynan Shimoliy Baqtriya hududida qizg‘in kechganligi o‘z isbotini topdi.
7. Shimoliy Baqtriyaning makedoniyalik Aleksandr hukmronligi va Yunon-Baqtriya davlatlari tarixiy geografiyasiga oid yunon-rim mualliflari asarlarini o‘rganish masalasida juda ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilgan. Tadqiqotda antik davr yunon-rim mualliflari yozma manbalarida tilga olingan Gabaza, Paretaka, Bubakena o‘lkalari, Sug‘d va Xoriyen qal’asi kabi aholi manzili hamda tog‘li qal’alarning lokalizatsiyasi mavjud arxeologiya yodgorliklari misolida aniqlashtirildi. Oks Aleksandriyasi Kampirtepa emas, balki Eski Termiz o‘rnida mavjud bo‘lgan.
8. Shimoliy Baqtriya hududiga tashrif buyurgan xitoy elchi, buddaviy kohinlarning esdalik asarlarida Kushon davri tarixiy geografiyasiga oid ma’lumotlarini o‘rganish asosida Shimoliy Baqtriya Kushon podsholigi davrida Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab savdo-sotiq rivojlangani va bu aloqalar tufayli dunyo dinlaridan biri buddaviylik Tarmita-Termizga kirib kelganligi hamda bu dinning hozirgi Xitoyning Sinszyan hududlariga qadar tarqalishida Termiz markaz rolini bajargani tadqiq etildi. Kushon podsholigining tarix sahnasidan ketishi milodiy III asrning 40–50-yillarida sodir bo‘lgan. Shu davrdan e’tiboran Baqtriya yozma manbalarda Kushanshahr deb nomlangan.
Tadqiqotning natijalari quyidagi taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish imkonini berdi:
1. Surxon vohasi hududida antropogen landshaftlarning paydo bo‘lishi, arxeologiya yodgorliklarining geografik o‘rni va tavsifi, Qadimgi Baqtriya haqida “Avesto”, ahamoniylar davri bitiklari, yunon-rim va xitoy mualliflari asarlarida keltirilgan joy nomlari va ularning lokalizatsiyasi masalalari, Shimoliy Baqtriya tarixiy geografiyasining qadimgi O‘zbekiston tarixini o‘rganishdagi o‘rni haqidagi ma’lumotlar o‘rganish va bu orqali tadqiqotchilar uchun yo‘nalish bo‘ladigan ilmiy tadqiqot metodologiyasini yaratish.
2. Shimoliy Baqtriya hududida joylashgan arxeologik yodgorliklarning geografik o‘rni va ma’lumotlaridan foydalanilgan holda 6 ta yo‘nalish bo‘yicha turizm marshrutlarini (1. Qadimgi davr odamlari makonlari bo‘ylab; 2. Bronza va ilk temir davri yodgorliklari bo‘ylab; 3. Buyuk Hind yo‘li bo‘ylab; 4. Makedoniyalik Aleksandr yurgan yo‘llar bo‘ylab; 5. Qadimgi diniy yodgorliklar bo‘ylab (ziyorat turizmi); 6. “Buyuk ipak yo‘li” manzilgohlari bo‘ylab) tuzishda foydalanish, ta’lim muassasalarida Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasi haqida batafsilroq ma’lumot beruvchi maxsus o‘quv kurslari tashkil etish va bu borada multimideali elektron darslik, mobil ilovalar yaratib, internet tarmoqlari (Wikipedia, Youtube, Facebook, Twitter va boshqalar)ga joylashtirish.
3. Dissertatsiya materiallari asosida arxeologiya, tarixiy va o‘lkashunoslik muzeylarining qadimgi tosh asri (paleolit), bronza, ilk temir, ellinizm va Kushon davrlari tarixi va madaniyati aks etgan bo‘limlariga illyustratsiyalar, xaritalar, tarixiy hujjatlar tayyorlash va joylashtirishda keng foydalanish.
4. Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasi aks ettirilgan rangli fotoalbom va bukletlar tayyorlash, nashr etish, televideniyada tarixiy ko‘rsatuvlar hamda hujjatli filmlar tayyorlash va bu ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirish orqali O‘zbekistonga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar oqimini yanada ko‘paytirish.

Download 243.35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   35




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling