Shimoliy baqtriyaning tarixiy geografiyasi
-§. Shimoliy Baqtriyaning Kushon podsholigi davri tarixiy geografiyasi
Download 243.35 Kb.
|
T.Xoliyarov Dissertatsiya 11 05 2023
- Bu sahifa navigatsiya:
- (Qarang: 12-ilova)
3.3-§. Shimoliy Baqtriyaning Kushon podsholigi davri tarixiy geografiyasi
Shimoliy Baqtriyaning Kushon podsholigi davridagi tarixiy geografiyasini yoritishda moddiy va yozma manbalar muhim o‘rin egallaydi. Kushon davridagi arxeologik yodgorliklarni Baqtriyaning geografik xususiyatlarini hisobga olgan holda ko‘rib chiqish ushbu mintaqaning asosiy tarixiy va geografik hududlarini – Amudaryoning chap va o‘ng qirg‘oqlari daryo vodiylarini ajratib ko‘rsatishimizga imkon beradi. Kushon davridagi shahar aholi punktlari soni (ayniqsa, 100 gektardan ortiq maydonga ega bo‘lgan yirik shaharlar va maydoni 15–80 gektar bo‘lgan shaharlar) Baqtriyaning daryo havzalarida sug‘oriladigan maydonlarning hajmiga bog‘liqligini ko‘rsatadi. E.V.Rtveladze ayrim Kushon podsholigi davri ayrim manzilgoh (antropogen va urbolandshaftlar)larining aholisi soni va maydoni haqidagi ma’lumotlarni keltirgan311 (Qarang: 8-jadval). Yuqoridagi ko‘rsatkichlarga asoslanib Kushon podsholigi davrida Balxob, Qunduz va Surxondaryo vohalari katta rol o‘ynagan degan xulosaga kelish mumkin. Qadimgi Xitoy manbalarini o‘rganish asosida Davan, Qang davlatlari qatori “Katta yuechjilar” tarixiga oid qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Shuningdek, Ban Guning “Xannoma” asarida baqtriyaliklar haqida ham ma’lumotlar berilgan. A.Xo‘jayevning “Buyuk ipak yo‘li” kitobida u quyidagicha ifodalangan: “Chjang Chyan U-Diga “Usunlar Xitoy bilan birlashgandan so‘ng, ularning g‘arbidagi Baqtriya kabi xonliklarni qo‘lga kiritish va ularni Xan sulolasining chet ellardagi mustamlakasiga aylantirish imkoni bo‘ladi” degan fikrni bildirgan”312. Shundan so‘ng Chjang Chyan hoqon e’tiboriga sazovor bo‘lgan. U U-Diga Baqtriyaga boradigan uchta quyidagi yo‘llarni ko‘rsatib o‘tgan: Birinchisi, kyanglar yurtidan o‘tgan. Ular Sharqiy Turkiston va Xuanxe daryosining yuqori qismida yashaganlar. Bunda Tibet orqali Hindiston va Baqtriyaga borish mumkin bo‘lgan, lekin bu yo‘l xatarli yo‘l hisoblangan. Kyanglar xitoy elchilarini o‘z еrdan o‘tishiga yo‘l qo‘ymaganlar. Ikkinchi yo‘ldan borish ham mumkin bo‘lmagan, chunki bu yo‘l xunlar еrlaridan o‘tgan. Uchinchi yo‘l Xitoyning janubi-g‘arbidagi Shu (Sichuan) viloyatidan Hindistonga o‘tib, undan Baqtriyaga borish xatarsiz ekanligini ko‘rsatgan. Shuningdek, xitoy savdogarlarining ham shu yo‘ldan foydalanishi aytgan, shu yo‘l orqali ipak matolari Baqtriyaga еtib borayotganligini ta’kidlagan. Shundan so‘ng hoqon U-Di Baqtriyaga yaqin yo‘l izlab ko‘p mablag‘ sarflab, elchilarni Hindistonga ikkinchi marta jo‘natadi. Elchilar bir vaqtning o‘zida to‘rt joydan yo‘lga tushadilar. Ularning yurgan yo‘llarning hammasi Baqtriyaga olib borishi lozim edi. Lekin elchilarning rejasi barbod bo‘lgan. Ularni o‘sha еrlarda yashaydigan qabilalar o‘tishiga yo‘l qo‘ymagan313. Xitoy manbalarida berilgan bu ma’lumotlar orqali biz Buyuk ipak yo‘li dastlab Tibet orqali Hindistonga, undan Baqtriyaga o‘tib borganligini ko‘ramiz. Xitoylik savdogarlarning Baqtriyaga borganliklari haqida arxeologik ma’lumotlar orqali ham tasdiqlangan. Bu ma’lumotlar qadimgi davrda Baqtriya o‘lkasidan xalqaro savdo yo‘li o‘tganligidan dalolat beradi. Shaharlarning gullab-yashnashi va iqtisodiy rivojlanishida Buyuk ipak yo‘li muhim rol o‘ynagan. Buyuk ipak yo‘li keng savdo va madaniy magistral sifatida Janubi-sharqiy Yevropa, Iroq, Kavkaz, Markaziy Osiyoni Mo‘g‘iliston va Xitoy davlatlari bilan bog‘lab turgan hamda Baqtriya hududidagi shaharlarning taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, Kampirtepa aholisi ham savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. Bu esa hunarmandchilikning yangi turlari va texnologiyalari rivojiga, ishlab chiqarish va mahsulotlar hajmining ko‘payishiga olib kelgan. Bulardan kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish kushonlar davrida yuqori nuqtaga еtadi. Sopol buyumlarda xilma-xillik ko‘payadi314. Turli bezakli va sifatli idishlar ishlab chiqariladi. Qadimgi Baqtriya davlati o‘zining qudrati, tabiiy boyliklari, aholisining savdo-sotiqda muhim o‘rin egallaganligi va o‘ziga xos tabiiy sharoiti bilan qadimgi davlatlar orasida yuksak salohiyatli davlat sifatida ajralib turgan. Uning bu xususiyati dunyoning yirik imperiyalarini o‘ziga jalb qilib, Kushon imperiyasi davriga kelganda, Baqtriya o‘lkasi jahon siyosiy maydonida o‘z qudratini yanada qudratliroq namoyish etdi. Xitoyning shimolida esa, xunn qabilalari yashagan. Yuechjilar xunnlarga janubiy qo‘shni bo‘lgan. Mil. avv. 176-yilda xunnlar yuechjilar ustiga hujum uyushtirdilar. Qadimdan nefrit toshlari Xitoyda noyob qazilma boylik – olmos kabi qimmatbaho tosh sanalgan. Bu konlar Xitoyning g‘arbiy hududlarida bo‘lib, o‘tmishda uni Da-yuechji, ya’ni katta yuejchi xonadoni qo‘riqlab, nazorat qilib kelgan. Shimoliy hududlardan ko‘chmanchi Xunlarning tinimsiz hujumi tufayli, bu qabila g‘arbga tomon siljishga majbur bo‘lgan. Oqibatda xunnlar mil. avv. 165-yilda yuechjilarni g‘arbga uloqtirib tashlaydilar. Ma’lumki, mil. avv. 155-yilda Yunon-Baqtriya davlati inqiroz sari yuzlandi. Shu qulay vaziyatdan foydalangan yuechjilar mil. avv. 140-yili So‘g‘d yеrlari orqali Baqtriyaga bostirib keladilar va Shimoliy Baqtriya xududlarini egallab oladilar. Bu voqea, aftidan, mil. avv. 140–130-yillar orasida sodir bo‘lgan. Har holda Baqtriyaga mil. avv. 128-yilda kelgan xitoy elchisi Chjan Syan uni yuechjilar tomonidan bo‘ysundirilgan holda ko‘rgan. Xitoy ma’lumotlariga ko‘ra, yuechjilar Baqtriyani istilo etgach, Guy-shuy daryosi (Amudaryoning) shimoliy tomonini qarorgoh qilib olganlar315. Ye.A.Davidovich Xitoy manbalarini o‘rganib Yuechji davrini uch bosqichga ajratgan: 1. Mil. avv. 139-125-yillar Katta yuechji Daxyani egallaydi. 2. Milodning 75-yiligacha bo‘lgan davr. 3. Milodiy 125-yilgacha bo‘lgan davr316. Yuechjilar Baqtriyada 100 yil mobaynida 5 ta qabilaga bo‘linib yashaganlar. Guyshuan (Kushon) qabilasi (yabg‘usi Kudzula Kadfiz) to‘rtta qabila yabg‘ularini o‘ziga tobe etib barcha kabilalar ustidan hukmronlik qilardi. U o‘z davlatini Kushon podsholigi sifatida e’lon qildi. Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida joylashgan Dalvarzintepani “Katta yuejchilar” davlatining poytaxtiga aylantirdi. Kudzula Kadfiz o‘z davlat chegaralarini kengaytirish va uning qudratini mustahkamlash maqsadida Amudaryoning chap sohilidagi hududlarni egallashga bel bog‘ladi. U tez orada Afg‘oniston (xususan, Gaofu – Qobul) va Kashmirni egalladi. Kudzula Kadfiz vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Vima Kadfiz taxtga o‘tiradi. Bu davrda Kushonlar davlati Pokiston va Hindistonning markaziy viloyatlarini (ba’zi manbalarda, Hindistonning shimoliy-g‘arbiy qismini Vima Tok (to) – “Soter Megas” (Shohlar shohi buyuk najodkor) egallagani keltiriladi317. Bundan tashqari, J.T.Annayev o‘zining dissertatsiyasida Fayoztepa buddaviylik monastirida Soter Megas tangasining qayd etilishi asosida mazkur yodgorlikni yirik ikki qismli inshoot sifatida barpo etilishi ushbu hukmdor davrida sodir bo‘lgan degan xulosaga kelgan318) bosib oladi. Vima Kadfizdan keyin mamlakatni idora qilish Kanishka zimmasiga tushgan. Syuan Szyanning ma’lumotlariga ko‘ra, “Kanishka podsholik qilgan davrda uning shon-shuhrati qo‘shni mamlakatlarga yoyildi. Mamlakatning harbiy qudrati ko‘pchilik tomonidan tan olindi. Xitoyning g‘arb tomonidagilar ham Kanishkaning hokimiyatini tan olib, unga o‘z garovga qo‘ygan odamlarini yuborar edilar”319. Uning hukmronligi davrida Hindistonning janubiy tumanlari, Markaziy Osiyoning So‘g‘d, Xorazm va Choch o‘lkalarini zabt etadi. Shunga qadar kushonlar xitoyliklarning Sharqiy Turkiston еrlarini egallash uchun qilgan harbiy harakatlariga xayrixoh bo‘lganlar. Hatto ular 84-yilda xitoylarga karshi kurashish uchun Qashg‘arga yuborilgan Qanguy qo‘shinini tezda chaqirib olishni Qang‘uy podshosidan talab ham qiladilar. Natijada Qang‘uy podshosi o‘z qo‘shinini chaqirib oladi. Koshg‘ar hokimligi esa xitoyliklarga taslim bo‘ladi. Kushon davlatining shimoliy chegarasi janubiy Hisor tog‘laridan shimolga o‘tmagan. Mamlakatning bir qismiga Vasudeva, ikkinchi qismiga Kanishka III hukmronlik qiladi. Buni ularning har ikkalasi nomidan zarb etilgan tanga pullar isbotlaydi. Milodiy 226-yilga kelib kushonlar saltanatidan g‘arbda – Parfiya davlatining o‘rnida paydo bo‘lgan Sosoniylar davlati siyosat maydoniga chiqdi320. Bu davlat Parfiyaga qarar edi ammo podsho Ardasher I davrida mustaqil davlat sifatida faoliyat ko‘rsatishga intildi va kushonlar davlatiga xavf sola boshladi. Kushonlar bilan sosoniylar o‘rtasida jang bo‘lishi tabiiy edi. 242–243-yillarda bo‘lib o‘tgan ikki o‘rtadagi jangda sosoniy Shopur I ning qo‘shini kushonlarni mag‘lubiyatga uchratdi. Shundan so‘ng sosoniylar hukmdorlari Sharqiy Turkiston hududlarida “Kushonshoh” unvoniga ega bo‘ldilar. 252-yilda esa ular yana “Kushon shohlarining ulug‘ shohi” degan unvonga ega bo‘ldilar. Bu yillarga kelib kushonlar Hindistondagi yеrlarning ham katta qismidan judo bo‘ldilar. IV asrning o‘rtalariga kelib kushonlar bilan sosoniylar o‘rtasidagi munosabatlar yana keskinlashdi. Bu davrda Shopur II (309-379) xioniylarga zarba berib, Shimoliy Baqtriya yеrlarini bosib oladi. Shunday qilib, Kushonlar saltanati tarix maydonida o‘z o‘rnini boshqa, o‘zidan kuchliroq siyosiy uyushmalarga bo‘shatib berdi. Kushon podsholigi o‘zining milodiy I asrning 30-yillaridan III asrning 40-yillariga qadar hukmronlik davrida insoniyat jamiyati taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirdilar. Bu davrda yaratilgan madaniyat uning o‘tmishdagi qudratidan dalolatdir. Baqtriya o‘zining qulay geografik o‘rni va tabiiy sharoiti bilan azal-azaldan odamlarni o‘ziga jalb etib kelgan. Shu bois bu o‘lka tarixi faqatgina bir mamlakat yoki xalqning tarixi bo‘lmay, balki dunyo tarixining ajralmas bir qismiga aylangan. Hozirgi Surxondaryo hududida barpo etilgan Kushon davlati ham fikrimizga misol bo‘la oladi. Katta yuechjilarning qadimgi Baqtriya o‘lkasiga Shimoli-sharqiy hududlardan kelib o‘rnashishi va o‘troqlashishi natijasida milodiy I asrning 30-yillarida bu hududda Baqtriya va Gandharada Kushonlar saltanatiga asos solinadi. Yuechjilar qabilasi 5 ta yirik xonadondan tarkib topgan bo‘lib, Guyshuan xonadonining harbiy harakati bilan sulola asoschisi Kudzula Kadfiz tomonidan bu xonadonlar yagona Kushon davlati atrofiga birlashtiriladi. Shu tariqa qadimgi dunyoning 4 ta yirik imperiyasidan biri bo‘lgan Kushonlar saltanati vujudga keladi. Uning chegaralari sharqda Xitoyning Xan, g‘arbda esa Parfiya imperiyalari bilan tutashgan bo‘lib, qadimgi Rim imperiyasi bilan ham savdo-madaniy aloqa o‘rnatgan. Kushonlar davlati milodiy I asr 30-yillari va III asrning 40-yillarida hukm surgan qadimgi dunyoning eng qudratli saltanati bo‘lib, uning sarhadlariga Sharqiy Turkiston va Shimoliy Hindiston o‘lkalari ham kirgan. Chorak asr hukmronlik qilgan Kanishka zamonida yillari Kushonlar davlati qudratli saltanatga aylangan321. Kushon davlati podsholigi davrida Kampirtepa yodgorligining shahriston qismida turar-joy uylari va bloklarini qurish qizg‘in jonlanadi, galereya va ko‘chalarga ajratiladi. Qazishmalar davomida moddiy va badiiy madaniyat buyumlari va tangalarning boy kolleksiyasi, shuningdek, besh turdagi – yunon, baqtr, braxma, khorashthi va noma’lum xat namunalari topilgan322. Ular orasida papirusga yozilgan qadimgi baqtr qo‘lyozmalari Markaziy Osiyoda topilgan yozuvlar ichida eng qadimgi qo‘lyozma ekanligi bilan ahamiyatlidir323. Bundan tashqari, shaharchadan noyob san’at buyumlari, xususan, terrakotik haykalchalar, arxitektura bezaklari, fil suyagidan buyumlar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar va metallardan tayyorlangan zargarlik buyumlari, kushon hukmdorlari tomonidan zarb qilingan tangalar va boshqa ashyolar topilgan. Bu topilmalar, Kampirtepa yodgorligida Kushon podsholigi davrida hunarmandchilik va savdo taraqqiy etganini bildiradi. Shaharlarning gullab-yashnashi va iqtisodiy rivojlanishida Buyuk ipak yo‘li muhim rol o‘ynagan. Buyuk ipak yo‘li keng savdo va madaniy magistral sifatida Janubi-sharqiy Yevropa, Iroq, Kavkaz, Markaziy Osiyoni Mo‘g‘iliston va Xitoy davlatlari bilan bog‘lab turgan hamda Baqtriya hududidagi shaharlarning taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, Kampirtepa aholisi ham savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. Bu esa hunarmandchilikning yangi turlari va texnologiyalari rivojiga, ishlab chiqarish va mahsulotlar hajmining ko‘payishiga olib kelgan. Bulardan kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish kushonlar davrida ko‘payib, sopol buyumlarda xilma-xillik kuzatilib, turli bezakli va sifatli idishlar ishlab chiqariladi. Bu davrda qadimgi Baqtriya zaminida madaniyat va san’atning turli sohalari taraqqiy etgan. Hindiqush orqali buddaviylik dini Kushonlar davlatiga kirib kelib, ravnaq topgan va Baqtriya orqali Sharqiy Osiyo davlatlari, xususan Xitoy, Koreya, Yaponiyagacha bo‘lgan hududga keng tarqalgan. Shu o‘rinda aytish lozimki, Kushon hukmdorlari bir vaqtning o‘zida ham imperator, ham mamlakatning bosh kohini sanalib, ko‘plab buddaviylik inshootlari va ibodatxonalari qurilishiga homiylik qilgan. Saltanatda diniy bag‘rikenglik hukm surgan. 2015-yilda Dalvarzintepa yodgorligi xarobalaridan Kushon imperatorlaridan biri – Vima Kadfiz tanga muhrining topilishi bu еrning Kushonlar davlati ilk poytaxti ekanini yana bir marta isbotlovchi ashyoviy manba bo‘lib xizmat qildi324. Dalvarzintepa mil. avv. II asrning to‘rtinchi choragida yirik shahar sifatida shakllangan. 1961-yilda L.I.Albaum qadimgi uyning ikki xonasini ochib o‘rganadi. O‘zbekiston San’atshunoslik tadqiqot institutining San’atshunoslik ekspeditsiyasi Dalvarzintepa yodgorligida dastlabki tadqiqot ishlarini boshlab, 1967-yildan esa muntazam arxeologik tadqiqot olib borilib, ularning natijalariga ko‘ra, Dalvarzintepa o‘rnida Katta yuechjilar davlatining dastlabki poytaxti bo‘lgani haqidagi fikrlar ilgari surilgan325. Milodiy III asr oxiri–IV asr boshlarida Kushon podsholigi eftalitlar tomonidan Dalvarzintepa zabt etiladi. Arablar bosqinidan keyin shahar butunlay vayron qilinadi va hayot Dalvazintepadan 10 km sharqda joylashgan Budrachtepaga ko‘chadi. 1989-yil Dalvarzintepani o‘rganishda yangi davr boshlandi. O‘zbekistonning San’atshunoslik ekspeditsiyasi va Yaponiyaning Soka universiteti professori Kato Kyudzo boshchiligidagi Kashixari Arxeologiya instituti hamkorligida olib borilgan tadqiqot ishlari Markaziy Osiyoning buddaviylik tarixi, buddaviylik personajlari va ikonografiyasi, shaharsozlik jarayonidagi o‘ziga xos munosabatlar va qonunlarini o‘rganishga qaratildi. Kushon davlatining shakllanishi, Buyuk ipak yo‘lining izlari, kushonlar davrida diniy e’tiqodlarning o‘zaro ta’siri va uning Baqtriya-Toxaristoni san’atida o‘z aksini topishi kabi masalalar o‘rganilib, ko‘plab savollarga javob topdi326. Kushonlar davrida Shimoli-g‘arbiy Baqtriyada ikki yirik markaz shakllangan. Biri Oks (Amudaryo) ning o‘ng qirg‘og‘idagi Tarmita (Termiz) bo‘lsa, ikkinchisi markaz Chag‘onrud (Surxondaryo)ning o‘rta oqimidagi Dalvarzintepa o‘rnida mavjud bo‘lgan. Kushonlar davridagi savdo yo‘llari haqida Rim tarixchisi Pliniy Varron (mil. avv. 127–116-yillar) ma’lumotlariga asoslangan holda yozgandi. Strabon va boshqa yunon-rim mualliflari ham bu haqda ma’lumot bergan. Kushon podsholigi davrida (milodiy I asrning 30-yillari–III asrning 40-yillari) Termiz topografiyasi keskin o‘zgaradi. Shahar kengayadi va uning tarkibida ko‘plab inshootlar, shu jumladan buddaviylik monastirlari majmui yuzaga keladi. Milodiy I asrning boshida Fayoztepa o‘rnida mavjud bo‘lgan ilk buddaviylik inshooti o‘rniga mahobatli buddaviylik monastiri barpo etiladi327. Undan 1963-yilda L.I.Albaum tomonidan mashhur Bodxa daraxti ostidagi Budda haykali topilgan (Qarang: 12-ilova). Tadqiqotda qadimgi hind yozuvlari stratigrafiyasi bo‘yicha, Qoratepa milodiy I asrning birinchi yarmi bilan belgilanishi ko‘rsatib berilgan. Sh.Pidayevning fikriga ko‘ra, milodiy I asrning ikkinchi yarmida diniy markazning shimoliy tepaligida еrusti buddaviylik inshooti barpo etilgan328. Kushonlar davrida u Tarmita-Termizning navbatdagi ikkinchi buddaviylik majmuasi vazifasini bajargan. Termizning ana shunday monastirlaridan biri Qoratepa o‘rnida mavjud bo‘lgan. Uzoq yillar davomida Qoratepa monastirlari majmuida qazuv ishlarini olib borgan B.Ya.Staviskiy Qoratepa nomini uzoqdan g‘orlari tufayli qorayib turganligi uchun aholi Qoratepa deb nomlagan tarzda sharhlagan. Qadimgi turkiy tilda “Qora–ulkan, yirik” ma’nolarini anglatadi. Darhaqiqat Qoratepa yodgorligi Eski Termiz obidalari majmuidagi eng yirik hisoblanadi. Qoratepa esa qadimda uning hududidan topilgan yozuvlarga ko‘ra, “podsho monastiri” yoki “Khadevaka vihara”, ya’ni “Hukmdor vixarasi” ham deb atalgan. Buyuk kushonlar davrida Tarmita-Termizda Qoratepa buddaviylik diniy markazining “Khadevaka vihara” ga aylantirilishi bilan bir vaqtda yana uchta buddaviylik majmuasiga asos solingan. Ulardan birinchisi bu “Zo‘rmola minorasi” nomi ostida ma’lum bo‘lgan ulkan buddaviylik stupasi, ikkinchisi esa o‘rta asrlar davri Termizining rabod qismidan shimoliy tarafda joylashgan inshoot bo‘lib, hozirgi kunda undan faqatgina еrto‘la xona qismi saqlanib qolgan329. Uchinchisi esa Chingiztepa buddaviylik inshootlari majmuasidir330. Ilk o‘rta asrlar boshlanishi arafasi davrida Qoratepa va Fayoztepa buddaviylik majmualarining ahamiyati asta-sekin pasayishi bilan bir qatorda Muhammad Hakim Termiziy maqbarasi o‘rnida, undan shimoliy va sharqiy hududda hamda Dunyotepada milodiy IV–V asrlarda yangi buddaviylik monastiri barpo etiladi331. Parfiya hukmdori Orod II (mil. avv. 51–36-yillar) Kampirtepani (balki Termizni ham) bosib oladi. Kushonlarning ikkinchi podshosi Vima Tok (taxminan, milodiy I asr o‘rtasi–ikkinchi yarmi bo‘lishi kerak) hukmronlik qilgan davrdan boshlab kushonlar Termizni qayta o‘z tasarruflariga oladilar. Bu еrdan “Temir qapig‘” orqali shimolga, Sug‘d o‘lkasiga, Amudaryo havzasi orqali shimoli-g‘arbga, Murg‘ob vohasiga hamda Oloy va Pomir tog‘lari orqali shimoli-sharqqa, Sharqiy Turkistonga borgan targ‘ibotchilar Budda ta’limotini mazkur viloyatlarga hamda Tibet va Xitoyga yoyganlar. Tadqiqotda V.V.Vertogradova tomonidan Fayoztepa yozuvlarida “Acera”, ya’ni “ustoz”, Qoratepa yozuvlarida esa “Dharmakathika” – “ta’limot targ‘ibotchisi” yoki “Mahadharmakathika” – “talimotning buyuk da’vatchisi” atamasining o‘qilishi uqtirib o‘tilgan. Shu holat, o‘z navbatida, Fayoztepada buddaviylik ta’limoti bilimdonlari tayyorlanganligidan, Qoratepada esa buddaviylik ta’limotini keng targ‘ib qilish amalga oshirilganligidan guvohlik beradi. Kanishka hukmronligi davrida tashkil topgan Fayoztepa me’moriy tuzilishi ham mazkur buddaviylik monastirini ta’limot haqida rohiblarga ta’lim berish uchun mo‘ljallanganligidan darak beradi332. Tarmita-Termiz buddaviylik markazlarida ko‘p sonli qadimgi baqtriya, hind (kharoshthi, brahma) va “noma’lum yozuv” namunalarining qayd etilishi savodxonlik, hisob-kitoblar va buddaviylik diniy asarlaridan ko‘chirmalar amalga oshirilganligini tasdiqlaydi. Buddaviy targ‘ibotchilar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan manbalarda qadimgi Xitoyda buddaviylik ta’limotini targ‘ib qilishda, buddaviy asarlarni sanskrit tilidan Xitoy tiliga tarjima qilgan va buddaviylik monastirlarini qurishga boshchilik qilgan Shimoliy Baqtriyalik buddaviy targ‘ibotchilarning nomlari ham keltiriladi333. Termizda tug‘ilib o‘sgan buddaviy rohib Dxarmamitra Tibetda buddizmning qaror topishida, buddaviy asarlarni xitoy tiliga tarjima qilish, sharhlashda ulkan rol o‘ynadi. Xullas, Shimoliy Baqtriyada joylashgan Termiz shahri kushonlar davrida ham savdo-iqtisodiy, ham buddaviylik dinining yoyilishida mafkuraviy markaz rolini bajargan. Ikkinchi markaz Chag‘onrud (Surxondaryo)ning o‘rta oqimidagi Dalvarzintepa o‘rnida mavjud bo‘lgan. G.A.Pugachenkova fikriga ko‘ra Xitoy manbalarida tilga olingan “Katta yuechjilar”ning ilk markazi Xodzo334 Denovdan 30 km janubda joylashgan Dalvarzintepa shahriga to‘g‘ri keladi335. G.A.Pugachenkovaning Dalvarzintepani poytaxt bo‘lganligi to‘g‘risidagi xulosaga kelishiga sabab, Kushon-Guyshuan viloyati hukmdorlari dastlab, Yevkratid va Geliokl tangalariga tadlidan o‘z tangalarini zarb qildirishadi. Orqa tomonidagi Zevs haykali o‘rniga otni joylashtirgan tangalar asosan Dalvarzintepa va Xolchayondan topilgan. Ot tasvirining tangaga joylashtirilishi bu еrda yangi davlat paydo bo‘layotganligining belgisi hisoblanadi336. Katta yuechji davlatining shakllanishi va yuksalishi bosqichida (Xan Shu ma’lumotlariga ko‘ra, mil.avv. 25-yil) poytaxt Amudaryoning shimolida joylashgan, ammo, yuechji davlati boshqaruvi Baqtra337 yoki Dalvarzintepa338 deb hisoblangan Lan-chih (藍市-Tyanshi-Lanshi) shahrida joylashganligi Xou Xan Shuda keltirilgan. Dalvarzintepadan 30 chaqirim masofada joylashgan Xolchayon esa, Kushonlar Geray urug‘ining qarorgohi vazifasini o‘tagan hamda Kushonlar sulolasining butun hukmronligi davrida o‘z mavqeini saqlab qolgan339. G.A.Pugachenkova fikriga ko‘ra, bu saroyni bezab turgan haykallarning ba’zi birlarida Guyshuan (Kushon) qabilasi boshliqlarining aynan tasvirlari aks ettirilgani sababli olima Guyshuan (Kushon) qabilasi boshlig‘i Geray (Sanab)ni Kushon davlatining asoschisi deb ta’riflagan. Ye.V.Zeymalning ta’kidlashicha, Sanab (Geray esa laqabi) kushon podsholaridan birining, jumladan Kudzula Kadfizning noibi bo‘lgan. Bu kabi yirik poytaxt shaharlar bilan bir qatorda har bir voha o‘z markaziga ega bo‘lgan. Sherobod vohasidagi Jondavlattepa, Angordagi Zartepa, Jarqo‘rg‘ondagi Hayitobodtepa shular jumlasidandir. Kushon davri shaharlari asosan ikki qismdan, ya’ni yuqori va quyi shaharlardan iborat bo‘lib, shahar atrofida buddaviylik, zardushtiylik dinlari bilan bog‘liq ibodatxonalar va shaharliklar dafinasi kabi inshootlar joylashgan340. Kushon podsholigi Shimoliy Baqtriyaning qadimgi davr shahar madaniyatining ravnaq topgan davridir. Kushon podsholigi davrida Shimoliy Baqtriyada har 8-10 qishloqqa 1 shahar to‘g‘ri kelgan. Bu davr shaharlarining ichki tuzilishi Dalvarzintepa, Zartepa kabi yodgorliklarda o‘tkazilgan qazishmalar orqali aniqlangan. Zartepa (Angor tumani) tomonlari 400 metrga teng bo‘lgan yagona loyiha asosida qurilgan. Shahar mustahkam tashqi devor bilan o‘rab olingan bo‘lib, unda har biri 34 metr oraliq masofada joylashgan yarim aylana shaklidagi kamonchilarga mo‘ljallangan burjlar joylashgan. Shaharning to‘rt darvozasiga tutash markaziy yo‘llar shaharliklar xonadonlari va undagi mavjud imoratlarni bir-biri bilan bog‘lab turgan. Shahar maydonida qazib o‘rganilgan inshootlar uning so‘nggi, ya’ni milodiy IV–V asr boshlariga oid hayotini ifoda etadi. Zartepaning markazida 12 ustunli mahobatli zaldan iborat ma’muriy bino va unga tutash imoravtlar mavjud bo‘lgan. Shaharning janubi-sharqiy qismidagi ko‘chaning har ikki tomonida shahar zodogonlarining mahallalari joylashgan. Har bir shaharlik xonodoni 16-20 gacha turli hajmdagi yashash va xo‘jalik bilan bog‘liq xonalardan iborat bo‘lib, o‘z navbatida bu xonadonlar bir-biridan yo‘lakchalar bilan ajratib qurilgan. Zartepada har bir o‘rtahol shaharlik turar joyi 10-12 xonadon, shaharlik zodagonlar xonadoni 20 ortiq turli hajmdagi binolardan iborat bo‘lgan341. Shaharliklar ibodatxonasi Qatlamatepa yuqori qismi gumbaz shaklidagi stupa Zartepa yodgorligining sharqiy tomonida joylashgan. Sho‘rchi tumanidagi Dalvarzintepaning arki a’losida hokimlar saroyi joylashgan. Arki a’lo asosiy shahardan yo‘lakli mustahkam mudofaa istehkomlari bilan o‘rab olingan. Dalvarzintepadagi har bir xonadon uning sohibining mavqeiga qarab qurilgan. Markaziy ko‘cha bo‘ylab va unga tutash qismlardazodogonlar xonadonlari mavjud. Bu xonadonlar devoriy rangtasvir, haykallar va o‘yma ganchga bezalgan342. Surxon vohasida arxeologik izlanishlar natijasida topilgan Kushon podsholigi davriga oid 150 dan ortiq arxeologiya yodgorliklarining to‘rtdan uch qismi qishloqlardan iborat bo‘lgan. Kanallar, ariqlar yoqasida joylashgan, donli, mevali ekinlarini еtishtiruvchi bu qishloqlarning maydoni 0.25 gektardan 5 gektargacha bo‘lgan. Mirzoqultepa, Sho‘rtepa, Termiz va Angor vohasidagi ba’zi qishloqlar shaharlar kabi yagona loyiha asosida barpo etilgan. Kushon podsholigi shaharlari va qishloqlari o‘rtasida muntazam savdo aloqalar mavjud bo‘lgan va tanga pullarga asoslangan savdo-sotiq qishloqlarda ham rivojlangan. Oqqo‘rg‘on qishlog‘idan 150 dan ortiq tanga pullarning topilishi bu jarayonning isbotidir343 Kushon podsholigi hukmronligining ilk bosqichidayoq ko‘hna dunyo malakatlari va xalqlari tarixida muhim ahamiyat kasb etgan qit’alararo savdo yo‘li “Buyuk ipak yo‘li” to‘liq shakllangan. Rim bilan bo‘lgan savdo aloqalaridan Xayrabodtepa (Angor tumani)dan topilgan Rim imperatori Neron tangasi344, Shahrig‘ulg‘uladan topilgan marmardan yasalgan masxaraboz niqobi, shisha idishlar dalolat bersa, buddaviylik dini va u bilan bog‘liq san’atning Shimoliy Baqtriya еrlarida paydo bo‘lishi Hindiston bilan amalga oshirilgan aloqalar tufayli sodir bo‘lgan. Kushon podsholigi davrida Hindiston bilan aloqada Termiz shahri atrofida yunon-rim manbalarida keltirilgan yunonlar kechuvini nazorat qilib turuvchi bojxona va savdo karvonlariga xizmat qiluvchi sohalar majmualari bunyod etilgan. Termizdan shahridan Sherobod – “Temir qapig‘” – Oqrabot dovoni orqali Sug‘d tarixiy-madaniy o‘lkasi shaharlariga ketuvchi yo‘l bo‘lgan. Shimoliy Baqtriyadagi yo‘llar Surxondaryodagi Dalvarzitepa, Xolchayon, Termiz, Kofirnihon va Vaxsh daryolari bo‘ylab joylashgan. Tavka qal’asi Sherobod daryosining chap tomonidagi Nondahanadagi qoya ustida joylashgan. Kushonlar podsholigi davrida bu qal’a va toshli devorlar dastdab yaxlit me’moriy majmua tarzida shakllangan bo‘lsa, qal’aning asosiy qismi ilk o‘rta asrlar davriga to‘g‘ri keladi. Ma’lumki, Surxon vohasi, Afg‘onistonning shimoliy va Tojikistonning janubiy qismi Baqtriya, Kushanshahr, Toxariston nomlari bilan atalgan. O‘rta fors tilidagi muhim epigrafik manbalardan biri bo‘lmish Shopur I ning “Zardo‘sht Ka’ba”sidagi yozuvlarida Kushanshahr unga bo‘ysunuvchi o‘lka sifatida tilga olingan. Umuman olganda qadimgi manbalarda Baqtriya deb atalgan hududlar kushonlar davridan boshlab to eftaliylar davrigacha “kushonlar mamlakati” yoki Kushanshahr deb atalgan. Kushon podsholigining Sosoniylar Eroni tomonidan egallanishi hamda kushon-sosoniy tangalarining zarb etila boshlanishini tadqiqotchilar turli davrlar bilan belgilashgan. Masalan, E.Hersfeld345, A.D.H.Bivar346 milodiy III asr, R.Gyobl347 IV asr boshlari, V.G.Lukonin348 IV asr ikkinchi yarmi, R.Girshman349 IV asrning to‘rtinchi choragi, V.M.Masson350 III asrning oxiri bilan davrlashtirgan. So‘nggi davrlarda amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida to‘plangan epigrafik, numizmatik, arxeologik va boshqa turdagi yozma va ashyoviy manbalar asosida Kushanshahrni Shopur I (241–272) III asrning ikkinchi yarmida zabt etganligi aniqlandi351. Ma’lumki, Sosoniylar podsholari bosib olingan viloyatlarni o‘z farzandlariga taqsimlab berishgan va ular o‘z viloyatlarining hokimi hisoblanib, o‘z nomlaridan tangalar zarb ettirishgan. Kushanshahrni ham sosoniy shahzodalar boshqarib, o‘rta forscha ozorko Koshono shohonoshoho yoki ozorko Koshono shoho – Kushon buyuk shohlar shohi yoki Kushonning buyuk shohi maqomi bilan tangalar zarb qilishgan352. Kushanshahrni shahrab lavozimidagi amaldor Balx shahridan turib boshqargan353. O‘rta Osiyoga xioniylar va eftaliylar kirib kelguniga qadar Kushanshahr Sosoniylar Eroni tasarrufida bo‘lgan. 383-yildan Kushanshahr hududlari Toxariston deb nomlana boshlaydi. Demak, Kushon imperiyasining tarix sahnasidan ketishi IV asr oxirida emas, balki III asrning 40–50-yillarida sodir bo‘lgan, Baqtriya o‘lkasi shu vaqtdan boshlab yozma manbalarda Kushanshahr deb yuritila boshlangan. Xulosa qilib aytganda, Kushon podsholigining Shimoliy Baqtriya hududi ham taraqqiy etgan tarixiy madaniy o‘lkalardan biri bo‘lgan va shu bois uning tarixiy geografiyasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Download 243.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling