Shimoliy baqtriyaning tarixiy geografiyasi


-§. Shimoliy Baqtriyaning ellinistik davlatlar hukmronligi davri tarixiy geografiyasi


Download 243.35 Kb.
bet15/35
Sana16.06.2023
Hajmi243.35 Kb.
#1489464
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   35
Bog'liq
T.Xoliyarov Dissertatsiya 11 05 2023

3.2-§. Shimoliy Baqtriyaning ellinistik davlatlar hukmronligi davri tarixiy geografiyasi
Shimoliy Baqtriyaning ellinizm davri tarixiy geografiyasi o‘rganishda asosiy e’tibor yunon-rim mualliflari asarlarida qayd qilingan joy nomlari lokalizatsiyasiga, savdo yo‘llarning yo‘nalishlari, aholi manzilgohlarining rivojlanish dinamikasi va ularning atrof-muhitga ta’siri oshib borishi, ellinizm davrida mavjud bo‘lgan davlatlarning tarixiy geografiyasini kompleks tarzda o‘rganishga qaratiladi. Keyingi vaqtlarda tarixiy geografiya muammolarini tadqiq etishda arxeologik geografiya ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Natijada yunon-rim mualliflari asarlarida keltirilgan joy nomlarini aniq lokalizatsiya qilish imkoni yuzaga keldi. Natijada yunon-rim mualliflari asarlarida keltirilgan juda ko‘p qadimiy viloyatlar, shaharlar va qal’alarning hududiy joylashuvi еtarlicha aniqlangan (3.3.-jadvalga qarang).
Qadimgi davrda Baqtriya o‘zining harbiy qudrati bilan ham mashhur bo‘lgan. Bu haqda makedoniyalik Aleksandrning harbiy yurishlari davriga oid yozma manbalarda ma’lumotlar saqlanib qolgan.
Kvint Kursiy Rufning “Buyuk makedoniyalik Aleksandr tarixi” asari Rim imperatori Klavdiy davrida (milodiy 41-54-yillar) lotin tilida yozilgan bo‘lib, 10 jilddan iborat bo‘lgan. Uning I-II jildlari yo‘qolgan. Ularda Aleksandrning taxtni egallashidan to Kichik Osiyoga qilgan yurishlarigacha bo‘lgan davr bayon qilgan edi. Qolgan tomlarida esa mil. avv. 333-yildan to makedoniyalik Aleksandr o‘limigacha bo‘lgan davr yoritilgan. Kvint Kursiy Ruf Aleksandr faoliyatini salbiy baholagan qadimgi tarixchilar Plutarx, Kallisfen asarlaridan ham foydalangan. Makedoniyalik Aleksandr faoliyatini ob’ektiv yoritishga intilgan va Aleksandr faoliyatining ojiz tomonlari ham ifodalangani uchun yunonlar asarga yaxshi baho bermaganlar.
Kvint Kursiy Ruf o‘z asarida baqtriyaliklarga quyidagicha ta’rif beradi: “Baqtriyaliklar bu qabilalar orasida eng jangovor va jiddiy, odatlari bo‘yicha forslarga o‘xshamaydi; ular urushqoq skif qabilasi uzoq bo‘lmagan joyda yashashadi”260. Bu ma’lumot orqali biz baqtriyaliklarning o‘ziga xos xarakterga ega ekanligining guvohi bo‘lamiz.
Asarda Ahamoniylar davlatiga qaram xalqlar bilan birgalikda baqtriyaliklar ham makedoniyalik Aleksandrga qarshi kurashda aktiv qatnashganliklari haqida ma’lumot berilgan. Doro III Aleksandr qo‘shinidan qochib borayotgan davrda ham uning asosiy himoyachilari Bess boshchiligidagi baqtriyaliklar bo‘lgan. Bu haqda quyidagicha keltirilgan: “Aleksandr undan 1500 stadiy uzoqlikda, lekin uning tez harakatlanayotganligi uchun bu masofa uzoq hisoblanmas edi. Shunda, Doro birinchi navbatda qochishdan ko‘ra, jangga tayyorlanar edi. Uning orqasidan 30 ming piyoda jangchilar, ular orasida unga sodiq bo‘lgan 4 ming yunon borar edi. Palaxmonchilar qo‘shini va o‘qchilar 4 ming kishi edi, bundan tashqari unda 3300 otliq, asosan baqtriyaliklar edi. Ularga Baqtriya satrapi Bess qo‘mondonlik qilgan”261. Doro III chekinib borish jarayonida, hamrohi bo‘lgan Bess boshchiligidagi baqtriyaliklar uning doimo yonida bo‘lgan. Doro III o‘ldirilgach, Bess Baqtriyaga qochib borgan. Bessning o‘z shohiga qilgan xiyonatini kechira olmagan makedoniyalik Aleksandr uni ta’qib qilib, Baqtriya kirib borgan. Aleksandr Bessni asirga olgan bo‘lishiga qaramay, yana hududda bosqinchilik harakatlarini davom ettirgan.
Kvint Kursiy Ruf asaridan baqtriyaliklarning barchasi ham makedoniyalik Aleksandrga birday bo‘ysunmaganligining guvohi bo‘lamiz: “...u (makedoniyalik Aleksandr) Gefestionni jangchilarning bir qismi bilan qishga oziq-ovqat g‘amlash uchun Baqtriyaga yubordi. Viloyat oldin Klitga qarashli edi, u uni Amintaga berdi, o‘zi esa, Ksenippaga keldi. Bu viloyat Skifiya bilan cheradosh.... Ilgari bu еr Aleksandrga qo‘shilmagan baqtriyalik qochoqlar uchun boshpana bo‘lgan; podsho kelganligini eshitgach, mahalliy aholi ularni haydadilar va ulardan 2 ming 500 nafarga yaqini to‘plangandi. Otliq baqtriyaliklar, ular tinchlik davrida ham qaroqchilik qilishga odatlangan edilar, hozir urush davrida kechirilishlariga umidi yo‘qligi uchun ham yanada vahshiylashib ketishgan. Natijada ular kutilmaganda Aleksandrning vakili Amintaga hujum qildilar, uzoq vaqt natijasiz jang bo‘ldi. Oqibatda 700 nafar odamini yo‘qotdilar, ulardan 300 nafari asirga tushdi, baqtriyaliklar qochib ketdilar, lekin ular o‘zlari uchun qasos oldilar: 80 nafar makedoniyalik o‘ldirildi, 350 nafari yaralandi. Lekin bu ikkinchi marta xiyonati edi, ular kechirildi”262.
Makedoniyalik Aleksandr Baqtriyani egallagach, uning qo‘shini tarkibida unga qaram bo‘lgan xalqlar vakillari ham bo‘lgan. Kvint Kursiy Ruf asarida buni Aleksandr so‘zi bilan quyidagicha keltiradi: “Men bilan birga bo‘ladigan odamlarni topaman. Sizlar meni tashlab ketayapsizlar,-men bilan skif va baqtriyaliklar bo‘ladi, yaqindagina mening dushmanlarim, endi bizning askarlarimiz. Qo‘mondonning yalvorgandan ko‘ra o‘lgani ma’qul. Uylaringizga ketavering! Ketinglar, podsholarigizni tashlab ketib, bayram qilinglar! Men bu еrda g‘alaba uchun joy topaman, sizlar bunga ishonmadingizlar...”263.
Makedoniyalik Aleksandr qo‘shini tarkibida mahalliy aholi vakillari bo‘lganligini Arrian ham ko‘rsatib o‘tgan. Jumladan, Aleksandrning Hindistonga yurishi jarayonini quyidagicha izohlaydi: “Aleksandr o‘zining agema “do‘stlarini”, gipparx Gefestion, Perdikka va Demetriy, otliq baqtriyaliklar, sug‘diylar, skiflar, dailar yo‘ldan yiroqda, yashirincha orolga va tog‘lar oldiga bordilar264.
Kvint Kursiy Rufdan keyin yashagan yunon muallifi Arrianning “Aleksandrning harbiy yurishlari” asarida makedoniyalik Aleksandrning Baqtriyani egallash jarayoni quyidagicha bayon qilingan: “Aleksandr Drapsakaga kelib, askarlariga dam berdi. So‘ng Baqtriyaning eng katta shaharlari Aorn va Baqtraga yo‘naldi. Bu ikki shaharni u birinchi hamladayoq oldi-da, eter (og‘ir qurollangan otliq) Arxelay Androkl o‘g‘li boshchiligida qo‘riqchi askar qismini qoldirdi. Qolgan baqtriyaliklar, deyarli jangsiz taslim bo‘ldilar, ularga fors Artabazni satrap qilib qo‘ydi”265.
Yozma manbalarda tilga olingan Gabaza, Paretakena, Bubakena hududlari bosib olinganligi haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan.
Baqtriya haqidagi xilma-xil ma’lumotlar qadimgi yunon tarixchilari Polibey, Strabon, Diador, Pliniy, Yustin, Plutarx va boshqalarning asarlarida uchraydi.
Strabonning “Geografiya” asarida qadimgi Baqtriya davlatining geografik joylashuvi, poytaxti, unga qo‘shni davlatlar haqida ma’lumotlar keltirilgan. Bu I.N.Xlopin, I.V.Pyankov tomonidan atroflicha tahlil qilingan266.
Mil. avv. III asr o‘rtalariga kelganda Baqtriya xududida Yunon-Baqtriya davlati tashkil topadi. Bu ma’lumot Pompey Trog, Yustin va Strabon asarlarida yoritib o‘tilgan. Bunda Aleksandr vafotidan keyin Salavkiylar davlati tashkil topishi va undan yunon-Baqtriya davlatining ajralib chiqishi yoritilgan. Bu asarlarda yunonlarning markaziy hokimiyatdan noroziligi tufayli deb ko‘rsatilsa, ko‘pchilik tadqiqotchilar numizmatik dalillarga asoslanib uni tinch yo‘l bilan ajralganligini qayd qilishadi267.
Kvint Kursiy Ruf ma’lumotlariga ko‘ra, miloddan avvalgi 328-yilning bahorida makedoniyalik Aleksandr qo‘shinlari, “Ox va Oks daryolarini kechib o‘tib, Marg‘iyona shahriga kelib, uning atrofidan oltita qal’a uchun joy tanladi. Qal’alarning ikkitasi janubga, to‘rttasi sharqqa tomon yuzma-yuz turib, kerak bo‘lganda bir-biriga yordam bera olishi uchun ular orasi juda qisqa masofada joylashgan edi”268. Demak, Kvint Kursiy Ruf ma’lumotlariga ko‘ra makedoniyalik Aleksandr qo‘shinlari quyidagi ketma-ketlikdagi hududlar bo‘ylab harakatlangan: Baqtra – Ox va Oks daryolari – Marg‘iyona shahri.
Bu yurish yo‘nalishida joylashgan Marg‘iyona shahri lokalizatsiyasi masalasida so‘nggi yillarda olimlar tomonidan turli nuqtai-nazarlar ilgari surilmoqda. Ulardan ayrimlari “Maroqanda” so‘zi Kvint Kursiy Ruf qo‘lyozmalaridan nusxa ko‘chiruvchilar tomonidan xato ko‘chirilib “Marg‘iyona” yoki “Marganiya” (F.Grene, K.Rapen, L.M.Sverchkov) tarzida yozilgan deyishsa (I.Droyzen, I.V.Pyankov va boshqalar), uni F.Grene, K.Rapen Eski Termizga va L.M.Sverchkov esa Bandixon II yodgorligiga joylashtirishgan269 (Qarang: 10-ilova). Qolgan tadqiqotchilar taxminicha esa, Marg‘iyona shahri Qadimgi Marv shahri va Marg‘iyona viloyatiga lokalizatsiya qilingan (G.A.Koshelenko, V.A.Gaibov va boshqalar)270.
Makedoniyalik Aleksandrning harbiy yurishlari to‘g‘risida ma’lumotlar keltirgan yunon tarixchilari Kvint Kursiy Rufning “Buyuk makedoniyalik Aleksandr tarixi” va Arrianning “Aleksandrning harbiy yurishlari” asarlarida makedoniyalik Aleksandrning mil. avv. 328–327-yillardagi Maroqand–Baqtr yo‘nalishida harbiy yurishidagi sodir bo‘lgan voqealar keltirilgan.
Ular makedoniyalik Aleksandr Maroqand shahridan chiqqach Ksenippa va Nautakaga borganligi, Nautakada qishlovni amalga oshirgach, Gabaza, Paretaka va Bubakena hududlari orqali Baqtrgacha borganligi haqidagi ma’lumotlarni keltirishgan271.
So‘g‘d tarixiy-madaniy o‘lkasiga kiruvchi Ksenippa Qarshi vohasiga, Nautaka esa Shahrisabz vohasiga272, Gabaza, Paretaka va Bubakena esa Shimoliy Baqtriya tarixiy-madaniy o‘lkasi hududlariga lokalizatsiya qilinadi.
Makedoniyalik Aleksandr boshchiligidagi yunon-makedon qo‘shinlarining Shimoliy Baqtriyaga yurishining ikkinchi bosqichi mil. avv. 327-yilning bahorida boshlangan bo‘lib, asosan Paretakada sodir bo‘lganligi yunon-rim mualliflari asarlarida keltiriladi273. Arrianning ma’lumotiga ko‘ra, makedoniyalik Aleksandr Sug‘diyonani bo‘ysundirgach, paretaklar yurtiga kelib, Xoriyen tog‘ qal’asini egallaydi. Shundan so‘ng uning qo‘shini ikki qismga bo‘linadi. Makedoniyalik Aleksandrning o‘zi asosiy qo‘shin bilan Baqtriyaga jo‘nab ketadi. Krater esa olti yuz otliq qo‘shini va sarkardalari Poliperxont, Attal va Alketlarning piyoda guruhlari bilan Katan va Avstan boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘targan paretaklarga qarshi yurish qiladi. Hal qiluvchi jangda paretaklar tor-mor etilib, Krater g‘alaba qozonadi. Natijada qo‘zg‘olonchilar yo‘lboshchilaridan biri Avstan asirga tushadi. Katan esa jang maydonida halok bo‘ladi. Bu voqeadan so‘ng Krater ham o‘z qo‘shinlarini Baqtriyaga olib qaytadi274.
Kvint Kursiy Rufning mazkur yurish tafsilotlarida biroz farq bor. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Nautakada qishlagach, Gabaza o‘lkasiga yurish qiladi. Yurishning uchinchi kuni tog‘li davonga еtib kelgach, uning qo‘shini kuchli bo‘ronga duch keladi va oqibatda ikki ming nafar jangchi halok bo‘ladi. Bu yurishning keyingi tafsilotlari Katan va Avstan еtakchiligidagi qo‘zg‘olonning tor-mor etilishi Arrianning ma’lumotlariga mos keladi. Faqat unga Bubakena o‘lkasini Poliperkon zabt etishi haqidagi voqea kiritilgan275.
Paretaka o‘lkasining joylashgan o‘rni xususida olimlar turlicha fikr bildiradilar. Jumladan, V.Tomashek Paretakani tog‘li o‘lka bo‘lgani uchun Badaxshon hududiga joylashtirgan276. V.V.Grigoryev esa, Paretaka-bu “tog‘li o‘lka” ma’nosini bildiruvchi umumiy nom deb hisoblab, uni Surxondaryo, Surxob va Kofirnihon vohalariga, ya’ni Hisor tog‘ tizmasining o‘rta va shimoliy qismlariga joylashtirgan277.
I.Markvart Paretakani hozirgi Surxondaryo viloyati va Janubiy Tojikiston hududiga joylashtiradi hamda bu atamani “Daryo yuvib turuvchi o‘lka” deb izohlagan278.
Yuqoridagi fikrlar ilgari surilgan davrda ularni tasdiqlovchi yoki inkor qiluvchi arxeologik ashyolar va boshqa turdagi ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan. Antik tarixchilarning ma’lumotlarida Krater bilan Paretaka qo‘zg‘olonchilari o‘rtasidagi jangda bir yarim mingdan ko‘proq mahalliy aholi jangchilari halok bo‘lganligi eslatib o‘tiladi. E.V.Rtveladze fikricha, bu harakatda barcha aholi ishtirok etmagani hisobga olinsa, Paretakadagi mazkur qo‘zg‘olon bo‘lgan joy ko‘p sonli aholi manzilgohi bo‘lgan bo‘lishi kerak. Shu jihatdan Paretaka Surxondaryo viloyatining shimoli-g‘arbiy qismiga mos keladi. Bu еrda mil. avv. VI–IV asrlarga oid bir qator qishloq va qal’alar aniqlangan. Bu aholi manzillari Ulanbuloqsoy, Sheroboddaryo, Urgulsoy, Surxondaryo, Halqajar va Sangardak-To‘palang vohalariga bo‘linadi. Uning markazi Qiziltepa o‘rnida bo‘lgan. Paretaka o‘lkasi hozirgi Surxondaryo viloyatining Boysuntog‘ va Ko‘hitang tog‘oldi hududlarida, ya’ni yuqorida qayd etilgan vohalarda joylashgan279.
L.I.Sverchkov Xoriyen qal’asini, ehtimol, Sina qishlog‘idan qidirish kerakligini ta’kidlab, Paretakani keyinchalik o‘rta asrlarda Chag‘oniyon deb atalgan Surxondaryoning yuqori oqimi, asosan o‘ng irmoqlarida aholi zich joylashgan viloyat ekanligini qayd qiladi280. B.A.Litvinskiy sharqdagi “Xoriyen qal’asi” ni Surxondaryo viloyating tog‘li hududlariga, g‘arbdagi “Sug‘d (Arimas) qal’asi” ni Qashqadaryo viloyati hududiga joylashtirgan281. Aksariyat tadqiqotchilar bu qal’alar “Temir darvoza”, ya’ni Sarimas va Suvsiz tog‘larning oralig‘ida, xususan Sho‘robdaryoning tor o‘zani ajratib turgan joyda joylashgan degan fikrni bildiradilar282. E.V.Rtveladze va geograf M.A.Hoshimov antik davr tarixchilari “Arimas qal’asi” deb atagan joy Sarimas tog‘ tizmasiga to‘g‘ri keladi degan xulosaga bir-birlariga bog‘liq bo‘lmagan holda kelganlar283. Ikkinchi kichikroq tog‘ tizmasi Suvsiztog‘ esa Sisimitra qal’asiga mos keladi. Uzundara qal’asi uning arki-a’losi bo‘lib xizmat qilgan. Ammo Uzundarada mil. avv. III asrdan avvalgi ashyoviy manbalar aniqlanmagan. E.V.Rtveladze fikricha, tog‘ yodgorliklarining qatlam hosil qilish tasnifiga, ayniqsa toshdan terilganligini e’tiborga olsak284, Uzundaraga o‘xshash Sarimas tizmasi mudofaa inshooti bo‘lib Machayqo‘rg‘on qal’asi xizmat qilgan bo‘lishi mumkin. Hozirda bu yеrda mil. avv. II–I asrlardan avvalgi davrlarga oid ashyolar topilmagan. Lekin Machayqo‘rg‘on Uzundaradan farqli ravishda toshdan terilmaganligini e’tiborga olinsa, mil. avv. I ming yillik o‘rtalariga oid ashyolar mavjud bo‘lishi mumkin285.
Bizning fikrimizcha, Paretaka Hozirgi Surxondaryo viloyatining shimoliy-g‘arbiy qismi, Hisor va Bobotog‘ tog‘lari oralig‘ida joylashgan. Gerodotning ma’lumotlariga ko‘ra Paretakalar oltita hind qabilasidan birining o‘zlariga qo‘ygan nomi bo‘lgan286.
Arrian ma’lumotlarida keltirilgan Bubakenani arxeolog olimlar ashyoviy dalillarga asoslanib, Bobotog‘ning janubi-sharqiy yon bag‘ri, Kofirnihon daryosi havzasi hududlariga joylashtirishgan287. Qadimgi yunon-rim mualliflari asarlarida eslatib o‘tilgan ba’zi bir o‘lkalar va ayniqsa tog‘ qal’alarining o‘rnini aniqlash borasida aniq to‘xtamga kelingani yo‘q. Shu bois bu muammo еchimini yangi arxeologik izlanishlar natijalari va yangi topilajak manbalar hal qilishi mumkin.
Shimoliy Baqtriya shahar va qishloqlarining katta bir qismi makedoniyalik Aleksandr qo‘shinlarining yurishi oqibatida vayronaga aylantirilgan. Mirshodidagi Qiziltepa shahri, Muzrabotdagi Kuchuktepa, Pishaktepa, Sherobod vohasidagi Tallashqon qal’asi, Bandixondagi qishloqlarning aholisi uylarini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lishgan. Bandixon vohasida istiqomat qilgan aholining bir qismi soy yoqalab tekislikka tushib Jarqo‘rg‘on atrofiga kelib o‘rnashgan. Mirshodi vohasida yashagan aholi Dalvarzintepa o‘rnidagi shaharga asos solgan. Sherobod vohasida yashagan aholining bir qismi Angor vohasiga ko‘chib, bu еrda Oysaritepa, Angor markazidagi qishloqlarni bunyod etgan288.
Shimoliy Baqtriya hududida Oks (Amudaryo) bo‘yidagi Kampirtepa yodgorligi ellinizm davri muhim yodgorliklaridan biridir. U 1972-yil arxeologik rekognossirovka vaqtida E.V.Rtveladze tomonidan ochilgan.
Kampirtepa mil. avv. III asrda asos solingan shahar hisoblanadi. U Amudaryoning o‘ng sohilida Termizdan 30 kilometr g‘arbda va shu yo‘nalishdagi Muzrabot tumanining Shurob qishlog‘idan 1,5 kilometr masofada joylashgan.
Kampirtepa devorining umumiy uzunligi g‘arbdan sharqqa tomon 750 metr, Shimoldan janubga tomon 250 metrni tashkil etadi.
Qal’a mustahkamlangan va mustahkamlanmagan qismlardan tashkil topgan bo‘lib, umumiy maydoni 4 gektar. Tuzilishi arki a’lo, arki a’lo oralig‘i hududi, tashqi qal’a devori, turar-joy hamda turli maqsadda foydalanilgan binolardan iborat.
Arki-a’lo Amudaryo tomon qaragan baland terrasa qirg‘og‘ida, qal’aning markazida joylashgan. G‘arbdan sharqqa 150 metr, shimoldan janubga 100 metr uzunlikka cho‘zilgan. Maydoni 1,5 gektar. Tashqi tomondan chuqurligi 10 metrli xandaq, to‘g‘ri burchakli shinakli-burjlar va 5 metr qalinlikdagi devor bilan o‘ralgan.
Qal’aning mustahkamlanmagan qismi asosan dafn inshootlaridan iborat. Bu shahar Kushon podsholigi davrida, I–II asrlarda gullab-yashnagan va 3 marta bosqinni boshdan kechirgan289.
Arxeologiya ma’lumotlariga ko‘ra, Oks (Amudaryo) sohilida bir necha yuz gektar maydonni egallagan qadimgi Termiz o‘rnida aholi manzillari mil. avv. VI–IV asrlarda paydo bo‘lgan. Bu borada arxeolog olimlar T.Annayev, Sh.Shaydullayev290, Sh.Pidayev291, Sh.Rahmonov, J.Annayev292 tadqiqotlari juda muhimdir. Makedoniyalik Aleksandrning mil. avv. 329–327-yillarda Transoksianiya (Sirdaryo va Amudaryo oralig‘idagi hudud) ni egallaguniga qadar mavjud bo‘lgan bu aholi manzili bir guruh olimlar fikricha Tarmita (Termiz) deb atalgan. Tarmita nomining dastlabki izohi XIX asrda avstriyalik olim V.Tomashek tomonidan bildirilgan. V.Tomashek fikricha Tarmita qadimgi avestocha so‘z “taro maetha – ya’ni daryoning narigi tomonidagi qishloq” nomidan kelib chiqqan293. Bu nom, ehtimolki deb ta’kidlaydi arxeolog Sh.Pidayev, bu joyga nisbatan daryoning narigi sohilida istiqomat etgan aholi tomonidan berilgandir. Bu jarayonni shunday izohlash mumkin. Qarorgohi Baqtra (Balx) shahrida bo‘lgan ahamoniylar davri Baqtriya satrapi, poytaxtdan 50 km uzoqlikda Amudaryoda joylashgan kechuvni qo‘riqlash maqsadida bu joyda qishloq va qal’aga asos solgan294.
Termizning tarixiy topografiyasi, geografiyasini arxeologik dalillarga asoslangan holda ta’kidlash joizki, makedoniyalik Aleksandr yurishlariga qadar Eski Termiz o‘rnida aholi manzili mavjud bo‘lgan. Ba’zi bir olimlarning fikricha Termizga makedoniyalik Aleksandr asos solgan. Xususan, X asr arab tarixchisi Abu Ja’far at-Tabariy fikricha, Termiz makedoniyalik Aleksandr qurdirgan 12 shahar jumlasiga kiradi295. Bu an’ana XVI asr muarrixi Hofizi Abruda ham mavjud. Bu guruh olimlar makedoniyalik Aleksandr mil. avv. 329–327-yillarda Oks (Amudaryo) dan kechib o‘tayotgan chog‘ida Tarmita (Termiz) ning aholi yashagan qismini mustahkam qal’a–shaharga aylantiradi. Shundan so‘ng bu shahar Oks bo‘yi (sohilida) gi Aleksandriya yoki Oksdagi Aleksandriya – Oks Aleksandriyasi deb nomlanadi. Ayni shu davrdan boshlab, harbiy jihatdan muhim joy, ya’ni Payg‘ambar oroli (VIII asrdan bu orol Usmon oroli ya’ni Jazirati Usmon deb yuritila boshlangan. Orolning bunday nomlanishi arab lashkarboshisi Usmon nomi bilan bog‘liq bo‘lib, Termizni egallagan Muso ibn Abdulloh qo‘shinlariga Xuroson noibi tomonidan Usmon boshchiligida yuborilgan arab qo‘shinlari bu orolga joylashtirilgan bo‘lgan. Shu bois ko‘p asrlar davomida orol Usmon oroli deb yuritilgan) orqali kechuv, Baqtr (Balx) va Maroqand (Samarqand) savdo yo‘lida joylashgan bu shahar O‘rta Osiyo o‘lkalari iqtisodiy va madaniy hayotida alohida ahamiyat kasb eta boshlagan.
Ma’lumki, makedoniyalik Aleksandr bir qancha shaharlar qurdirgan huqmdor sifatida nom qozongan (3.4.-jadvalga qarang). Plutarxning yozishicha, makedoniyalik Aleksandr 70 tadan ortiq shaharlar barpo ettirgan296. Tadqiqotchilarning fikricha, shulardan 60 taga yaqini oldindan mavjud bo‘lgan manzilgohlar bo‘lib, Aleksandr qo‘shin askarlari tomonidan qayta tiklangan yoki qal’a devorlar bilan atrofi o‘rab olingan297(Qarang: 11-ilova). Makedoniyalik Aleksandr 18 ta shaharga asos solganligini Vizantiyalik Stefan o‘z asarida keltirgan298. Rim tarixchisi Yustinning fikricha, makedoniyalik Aleksandr O‘rta Osiyoda 7 ta299, yunon tarixchisi Strabonning fikricha esa 8ta300 shahar qurdirgan. O‘rta Osiyoda Oks Aleksandriyasi deb ataladigan joyga asos solinganligi haqida mil. avv. II asrning qadimgi geografi Klavdiy Ptolemey o‘z asarida keltirgan: “Yaksartda So‘g‘dlarning tog‘ shahri Kiresxata, Oksda esa – Maruka, Xolbisina; daryolar orasida va ulardan uzoqda – Tribaktra, Oks Aleksandriyasi, Indikomordana, poytaxt – Drepsa, Uzoqdagi Aleksandriya joylashgan”301.
Tarixiy adabiyotlarda mavjud Termizga makedoniyalik Aleksandr asos solganligi haqidagi an’ana ellinizm davri tarixchisi sitsiliyalik Diodor (mil. avv. I asr) ma’lumotlariga asoslanadi. Diodorning “Tarixiy kutubxona” asarida tilga olingan Oks bo‘yidagi Aleksandriya yoki Oksdagi Aleksandriya shahrini ilk bor ingliz olimi V.V.Tarn Eski Termiz o‘rnida joylashtirgan edi302.
Ko‘p yillar davomida Eski Termiz yodgorligida qazuv ishlari olib borayotgan arxeolog olim Sh.Pidayev ayni V.V.Tarn fikrini qo‘llab-quvvatlaydi va bu muammoni o‘zining bir qancha maqolalarida yoritgan303. 2001–2005-yillarda Ko‘lob shahri hududida arxeologik qazishmalar tadqiqotlar natijasida Charmgaroni Poyon va Kupchinor qal’asining quyi qatlamlarida, shuningdek, Tebalay qirg‘og‘i hududida Yunon-Baqtriya davriga oid moddiy manbalar qoldiqlari topilgan. Arxeologik qazishma mualliflari Oks Aleksandriyasi mazkur yodgorliklardan biri bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarini ilgari surishgan 304. E.V.Rtveladze tomonidan Kampirtepada amalga oshirilgan stratigrafik tadqiqotlari katta ahamiyatga ega edi, chunki ilk davr qatlamlari ko‘pincha kushon davriga oid qatlamlari va binolari bilan qoplangan. Olim mil. avv. 329–327-yillardagi yurishlari chog‘ida Oks (Amudaryo) o‘ng qirg‘og‘ida makedoniyalik Aleksandr davrida barpo etilgan eng qadimgi yunon-makedon (φρούριον) – frurioni (qo‘riqlash posti, qal’a) bo‘lganlini ta’kidlaydi va Oks Aleksandriyasiga lokalizatsiya qiladi305. Ammo bizning fikrimizcha, Kampirtepa Oks bo‘yidagi Aleksandriya emasligining sabablari quyidagilardan iborat:

Download 243.35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   35




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling