Shimoliy baqtriyaning tarixiy geografiyasi
Bronza davriga oid Sho‘rto‘qay yodgorligini tadqiq qilgan A.P.Frankfort Sho‘rto‘qayni Xarappa madaniyatining shimoliy mustahkam harbiy qal’asi
Download 243.35 Kb.
|
T.Xoliyarov Dissertatsiya 11 05 2023
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2.2-§. Baqtriya va Sug‘d o‘lkalari chegarasining zamonaviy tavsifi
- (2.2.-jadvalga qarang)
- (2.3-jadvalga qarang)
- (Qarang: 9-ilova)
Bronza davriga oid Sho‘rto‘qay yodgorligini tadqiq qilgan A.P.Frankfort Sho‘rto‘qayni Xarappa madaniyatining shimoliy mustahkam harbiy qal’asi, lojuvard yo‘lidagi muhim savdo manzili bo‘lganligi ta’kidlaydi151. Mesopotamiyaga lojuvard quruqlik va suv yo‘li orqali еtib borganligini inobatga olgan holda taxmin qilish mumkinki, Xarappa madaniyati vakillari lojuvardning Amudaryo orqali tarqaladigan suv yo‘lida savdo nazoratini olib borish maqsadida bu manzilni bunyod qilishgan. Bu esa mil. avv. III ming yillik oxirlaridan Amudaryo orqali o‘tuvchi Buyuk Hind yo‘lining paydo bo‘lishiga zamin yaratgan.
A.Boqiyev, A.Shaydullayev, Z.Yo‘ldoshevalar fikrlari bo‘yicha, Ye.V.Antonova o‘z tadqiqotida keltirgan “Xarali”ni152 ishonch bilan Anov, Nomozgoh va Sopolli madaniyatlari tarqalgan hududlarni bilan qiyoslash mumkin. Tadqiqotchilar fikricha, mil. avv. IV mingyillik oxiri III mingyillik davomida sivilizatsiya jarayonlari asosan Mesopotamiya, Qadimgi Hindiston va Eron hududlarida kechgan bo‘lsa, mil. avv. III mingyillikning so‘nggi choragidan boshlab Oksda (Xarali) ham bu jarayonlar boshlangan. Mil. avv. VI asrning so‘nggi choragida Doro I hukmronligi davrida Sard va Suza shaharlarini bog‘lovchi yo‘l Lidiya, Frigiya, Kappodokiya, Kilikiya, Armaniston, Matien va Kisiya orqali o‘tgan bo‘lib, bu yo‘lning uzunligi 13500 stadiy(2400 km)ni tashkil etgan. Gerodotning yozishicha bir kunlik masofada, ya’ni har 24-25 km masofada bekatlarda pochta-aloqa xizmatlari juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, shoshilinch xabar olib kelayotgan chopar bu bekatlarda otni almashtirishi, xabar yoki xatni boshqa maxsus choparlarga berishi mumkin bo‘lgan. O‘rta Osiyoda ham bir kunlik masofada rabotlar barpo etila boshlangan. Ahamoniylar imperiyasi davrida yagona pul birligini joriy etishga erishilgan. Shohlar shohi tomonidan zarb qilingan oltin “darik”ning og‘irligi 8,4 grammni tashkil etgan. Satrapliklar ham o‘zining kumush va mis tangalarini zarb qilish huquqlariga ega bo‘lgan. Ahamoniylar imperiyasi tarkibiga kirgan satraplar to‘g‘risidagi manbalar Gerodot, Behustun qoya tosh yozuvlarida, Doro I ning Naqshi Rustam yozuvlarida saqlanib qolgan. “Tarix otasi” qoldirgan Ahamoniylar imperiyasi satraplari ro‘yxatida eng yaqin qo‘shni mamlakatlar bo‘lgan Baqtriya va So‘g‘diyona alohida satrapliklar sifatida tilga olinadi, ya’ni Baqtriya XII, So‘g‘diyona esa Xorazm bilan birga XVI satraplik sifatida talqin qilinadi. Bu haqda tadqiqotchilarning turli xil fikrlari mavjud. V.V.Bartold va V.M.Masson bu Gerodotning xatosi degan fikrda bo‘lsalar, boshqa tadqiqotchilar esa Doro I ning Marg‘iyona, Baqtriya, So‘g‘diyonaning iqtisodiy va harbiy mavqeini bo‘lib qo‘yish siyosati natijasida So‘g‘diyona XVI satraplik tarkibiga kiritilgan degan fikrda153. Makedoniyalik Aleksandr, Salavkiylar va Yunon-Baqtriya hukmdorlari davrida suv yo‘llari, xususan, Amudaryo suv yo‘li taraqqiy qilgan. Bu haqida yunon tarixchisi Strabon o‘zining “Geografiya” asarida Amudaryo suv yo‘li haqida qo‘yidagi ma’lumotlarni beradi: “Aristobul Oks (Amudaryo)ni Osiyoda ko‘rgan Hind daryolaridan keyingi eng yirik daryo hisoblab, uning fikricha, Oks kema qatnoviga qulay bo‘lgan. Ko‘pgina hind tovarlari quyi oqim bo‘ylab Girkan (Kaspiy) dengiziga, u yеrdan ularni Albaniya (Ozarbayjon)ga va Kura daryosi hamda mahalliy daryolar orqali Pont Evksin (Qora dengiz)gacha еtkazib berilgan”154. Yuqoridagi Strabonning ellinizm davridagi suv yo‘li haqida keltirgan ma’lumotlari bir qator olimlar tomonidan ilgari surilgan Buyuk Hind savdo yo‘lining quyidagi marshrut yo‘nalishiga mos keladi: karvon avval Hindiston shimolidagi Peshavordan Chitral orqali Ko‘kcha, Qunduz daryolariga kelishgan, keyin esa bu daryolar orqali savdo mollari qayiqlarga yuklanib, Amudaryoga chiqilgan va undan keyin butun Amudaryo suv yo‘li bo‘ylab Kaspiybo‘yi va Kavkazorti xalqlari bilan aloqalar olib borishgan. Kushon davri (milodiy I va milodiy III asr o‘rtalariga qadar mavjud bo‘lgan) yodgorliklari Eski Termiz, Kampirtepa, Dalvarzintepa, Zartepalarni o‘rganish jarayonida yuzlab, Qatlamatepadan 500 dan ortiq, Sho‘rtepadan ham ko‘plab tangalarning topilishi Kushon podsholigi davrida Angor vohasida tangalar muomalasiga asoslangan ichki va tashqi savdo taraqqiy topganligidan darak beradi. Tarmita (Termiz)dan “Temir darvoza” (Darband va Sho‘rob hududlari)ga tomon yoki undan shimol sari yo‘nalgan karvon yo‘li Angor vohasining qoq markazidan o‘tgan. Tallimaron 1 va Tallimaron 2 deb nomlangan qal’alar savdo yo‘lida joylashgan va uni qo‘riqlab turgan karvonsaroylar vazifasini o‘tagan. Xayrabodtepadan topilgan Rim imperatori Neron tangasi, Zartepa atrofida buddaviylik inshootining (Qatlamatepa) barpo etilganligi, bevosita shaharning o‘zida ham buddaviylik ibodatgohining mavjudligi va shaharni o‘rganish jarayonida fil suyagidan yasalgan buyumlar, buddaviylik san’ati namunalarining ko‘plab uchrashi Angor vohasi shahar va qishloqlari aholisi nafaqat O‘rta Osiyo o‘lkalari, balki Rim imperiyasi va Hindiston hududlari bilan savdo va madaniy aloqalar olib borganligini ko‘rsatadi155. Termizdagi Qoratepa yodgorligidan topilgan bullada Ossuriya dumaloq shaklli kemalariga va Bobil yuk kemalariga o‘xshash kema tasviri tushirilgan156. Shuningdek, Qoratepadagi kema tasviri Janubiy Hindiston va Rim imperiyasi so‘nggi davriga (IV asrlar) oid tangalardagi kemalar tasvirlariga o‘xshashligini ham ko‘rish mumkin157. Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo qadimgi davrdan to bugungi kungacha savdo-aloqa tizimida quruqlik va suv yo‘llari katta ahamiyatga egadir. Mintaqaning ichki va tashqi aloqalarida muhim o‘rin tutgan Lojuvard yo‘li, Buyuk hind yo‘li, Shoh yo‘li, Buyuk ipak yo‘li kabi quruqlikdagi yo‘llar, shuningdek Amudaryo suv yo‘li, avvalambor, daryolarda harakatlanuvchi transport vositalarining paydo bo‘lishi bosqichma-bosqich holatda taraqqiy etib kelgan. 2.2-§. Baqtriya va Sug‘d o‘lkalari chegarasining zamonaviy tavsifi Mintaqaning davlatchiligi tarixida Baqtriyaning o‘rni muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu tarixiy madaniy o‘lkadagi shahar va davlatlar rivoji, avvalambor, hududning tabiiy geografik joylashuviga bog‘liq bo‘lgan. Baqtriyaning tabiiy geografik joylashuvi masalasida dastlab V.Tomashek quyidagi fikrni bildirgan edi: “Sizimitr qo‘rg‘onining Baqtra viloyati tarkibiga kirishi bizni taajjublantirmasligi kerak; xuddi keyinchalik Tuxara viloyati Temirdarvozadan boshlanganidek, qadimgi zamonlarda Baqtra satrapligi Oksdan shimolga yoyilgan bo‘lishi va daryo viloyati Tarmidani dovonning qo‘shni darvozalari bilan birga o‘z ichiga qamrab olgan bo‘lishi kerak”158. Surxondaryo viloyati hududi eng qadimiy makonlardan biri bo‘lib, murakkab geologik rivojlanish davrini boshidan kechirgan. Bu zamin Gersindan keyingi platformaning ustida joylashgan159. Paleozoy erasigacha bu joy Markaziy Osiyo o‘rnidagi serharakat, qalin Tetis okeani yotqiziqlarining to‘plana borishi bilan birga tektonik harakatlar jonlanib turgan. Tetis – O‘rta yеr dengizining o‘rta qismida O‘rta Osiyo joylashgan bo‘lib, mamlakatimiz taraqqiyoti shu o‘lkaga bog‘langan160. Paleozoy erasining Devon davrida Hisor tog‘larining janubi-g‘arbiy tarmoqlari ko‘tarila boshlagan. Bobotog‘ esa Gondvana materigining shimoli-sharqiy tog‘lari bilan birga Tetis dengizini janub tomondan o‘rab turgan quruqlik bo‘lgan. Toshko‘mir (karbon) davrida Hisor tog‘lari va Bobotog‘ o‘rmonlarida turli xil amfibiyalar, sudralib yuruvchilar paydo bo‘lib, havoda uchuvchi katta ninachi, qo‘ng‘iz va kapalaklar ko‘paygan161. Kaynazoy erasi Neogen davrida yuz bergan materiklararo Alp burmalanishi yo‘nalishi Kopeddog‘, Paropamizdan o‘tib, Gondvana materigining shimoli-sharqiy chekkasidagi Bobotoqqa borib urilgach, uning tog‘ gnieslari (vulqon otilishi natijasida еr yuziga chiqib qolgan jinslarning qotishi natijasida hosil bo‘lgan qattiq qatlamlar) va vulqon magmalarining metomorfik qatlamidan o‘tolmay shimoli-sharqqa, ya’ni Ko‘hitang, Surxon-Sherobod, Boysun-Surxon tog‘ yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib, Hisor-Oloy-Pomir tog‘lariga qo‘shilib shimoli-sharqqa intilgan. Neogen davrida sodir bo‘lgan Alp burmalanishi natijasida ko‘tarilayotgan Pomir tog‘laridagi burmalanish jarayonlari, ko‘tarilayotgan Pomir va Hindiqush tog‘lari orasida Yer yuzasining katta bukilmasi (graben), ya’ni chuqur cho‘kma yuz berib Panj, Vaxsh, Kofirnihon va Surxondaryo vodiylari va ular orasidagi past tog‘lar: Bobotog‘, Tyuntov, Oqtov va boshqa tog‘lar o‘rinlari cho‘kib, Pomir yoni bukilmasini, ya’ni “Janubi-g‘arbiy Tojikiston depressiyasini” tashkil qilgan. Surxon vohasi ana shu Pomir oldi bukilmasi (“Turon botig‘i)ning eng janubi-g‘arbiy chekkasida joylashib, uning o‘ng tomonidan, ya’ni Hisor tog‘laridan oqib tushuvchi bir necha irmoqlar orasidan Vaxshivor, Tolliota soyligi voha tabiatiga o‘zgacha xususiyat baxsh etadi162. Qadimgi Surxon vohasi hududi o‘zining qulay geografik o‘rni va iqlimi tufayli insoniyatning eng qadimgi makonlaridan biri sifatida tilga olinadi. Ma’lumki, Shimoliy Baqtriya hududiy jihatdan bir qismi bo‘lgan – janubiy O‘zbekiston Surxon-Sherobod vohasidan iborat. Surxon-Sherobod vohasining relefi daryo havzalari, dashtlar, qir-adirlar va tog‘liklardan iborat bo‘lib, u Surxon va Sherobod vohasini hamda uning atrofini o‘rab turgan tog‘larni o‘z ichiga oladi163. Surxondaryo viloyati mustaqil ikki daryo vohasi Surxon va Sherobod vohalaridan iborat. Har ikkala voha meridional yo‘nalishga ega. Surxon vohasi bir-biriga teng Qoratog‘ va To‘palang vohalari bilan boshlanadi. Hisor tizmasi muzliklaridan (balandligi 4000 metr chamasi) boshlanadigan bu vohalarning uzunligi 100 km dan ortadi. Vohalar boshlanishda tor bo‘lib, tekislikka tomon kengaya boradi. Surxon va Sherobod vohasi Qoratog‘ va Sarijo‘y qishloqlaridan keyin keng tekisliklar bo‘ylab davom etib, Oqostona qishlog‘i yonida (mutlaq balandligi 5556 m) o‘zaro tutashadi va Surxon vohasi nomini oladi. Janub, janubi-g‘arbiy yo‘nalishda 196 km ga cho‘zilgan Surxon vohasi Termiz shahri yaqinida (mutlaq balandligi 302 m) Amudaryo havzasiga tutashib ketadi. Surxon vohasida bir-biridan yaqqol ajralib turadigan 4 tacha allyuvial terrasa (ko‘hna qayir) bor164. Sherobod vohasi esa Chaqchar va Boysun tog‘lari tarmoqlarining tugunidan (mutlaq balandligi 3700 m) boshlanadi. Voha archa o‘rmonlari bilan qoplangan tog‘lar orasidan janubi-g‘arbiy yo‘nalishda Quyi Machay qishlog‘igacha davom etadi. Sherobod vohasi quyi tomon kengayib, avval Boysun tog‘larini, so‘ngra Sherobod-Sariqamish qator tepalarini kesib o‘tadi. Tog‘lar orasida 175 km ga cho‘zilgan bu voha Sherobod shahri yaqinida (mutlaq balandligi 444 m) keng tekislikka aylanadi va yana 40 km gacha davom etadi165. Voha hududining shimoliy qismi g‘arb va sharqdan baland Hisor tizmasi (eng baland joyi 4643 m) va uning tarmoqlari (Boysuntog‘, Ko‘hitangtog‘ va Bobotog‘ bilan) o‘ralgan166. Boysuntog‘ Hisor tog‘ tizmasining eng uzun qismi hisoblanib, janubi-g‘arbiy tarmog‘i shimoli-sharqdan janubi g‘arbga tomon 150 km gacha cho‘zilgan. Tizmaning eng baland cho‘qqisi Xo‘japiryoh hisoblanadi (4425 m). Boysun tog‘ining ayrim qismlari turli nomlar bilan atalgan. Eng baland cho‘qqilari Sultontog‘ (3722 m), Machitli (3476 m), Ketmonchopti (3161 m), Ko‘hitang (3137 m), Suvsiztog‘ (2122 m), Sarimas (1890 m) hisoblanadi167. Boysuntog‘ gersin va alp orogenezlari davrida burmalangan. Asosan paleozoy erasi granit, granodiorit, gneys, slanes jinslaridan tarkib topgan. Tog‘lar bilan tekisliklar orasida adir va tog‘ oldi zonasi joylashgan. Tog‘lar shimoldan keladigan sovuq havo oqimlarini to‘sib turadi va voha iqlimi jihatdan subtropik o‘lkalar qatoriga kiradi. Tog‘ zonasi va adirlar chorva uchun yozgi yaylovlar vazifasini ham o‘taydi168. Vohaning sharqiy qismida Surxondaryo va Kofirnihon daryolari oralig‘ida joylashgan Bobotog‘ tizmasining uzunligi 125 km bo‘lib, shimoli-sharqdan janubi-g‘arbga tomon Amudaryo sohillariga qadar cho‘zilgan. Uning eng baland cho‘qqisi Zarkosa 2290 metrni tashkil etadi. Asosan paleogen va yura davri ohaktoshlari, gil, alevrolit, qumtoshlardan tarkib topgan. Surxondaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Oqtog‘ning eng baland cho‘qqisi esa 750 metrni tashkil etadi. Vohaning o‘rta qismida, Surxondaryoning o‘ng tomonida uncha katta bo‘lmagan Xavod tepaliklari mavjud bo‘lib, uning eng yuqori qismi 557 metrdan oshmaydi169. Ma’lumki, o‘rta paleolit – mustyening boshlanishi riss-vyurm muzliklari davriga to‘g‘ri kelib, bu davrda iqlimi ancha yumshagan katta-katta o‘rmonlar paydo bo‘lgan. Olimlar shu paytgacha ob-havo ancha salqin – yillik harorat Selsiy bo‘yicha o‘rtacha 12 darajani tashkil qilgan, deb taxmin qilar edilar. Ammo Germaniyalik olim Vigxart fon Kenigevaldning hisoblashiga ko‘ra, uzoq o‘tmishda ob-havo hozirgiga qaraganda issiqroq bo‘lgan ekan. U Darmshtadt yaqinidan topilgan begemot va qo‘toslarning suyak qoldiqlarini o‘rganib, shunday xulosaga kelgan170. Markaziy Osiyoning eng yirik daryolaridan biri Amudaryo bo‘lib, uzunligi 1415 (Panj bilan birga 2336, Vahondaryo bilan birga 2620 kilometrga teng171). Besh ming metr balandlikdagi Pomir va Hindiqush tog‘laridan Amudaryoning irmoqlari boshlanib – abadiy qor va muzliklar bilan qoplangan172, daryoning yuqori qismi tog‘lar orasidan, o‘rta va quyi qismi keng sahro orqali oqib o‘tadi. Daryoning eng yuqori oqimi beshta asosiy irmoqdan – Vahondaryo, Pomirdaryo, Gunt, Vanch va Bartang daryolaridan iborat bo‘lib, Panj (beshta) nomi bilan ataladi173. Vahondaryo Pomirdagi Zo‘rko‘ldan chiqib keladigan Pomir daryosi bilan qo‘shilganidan keyin Panj daryosi hosil bo‘ladi. Panjga o‘ngdan eng yirik va sersuv irmog‘i – Vaxsh daryosi quyilganidan so‘ng Amudaryo nomini oladi. Uning dastlabki 180 kilometrida chapdan Qunduzdaryo, o‘ngdan Kofirnihon, Surxondaryo va Sheroboddaryo quyiladi174. Surxondaryo va Sheroboddaryo (Qorasuv) quyilganidan keyin Amudaryoga to Orol dengiziga еtguncha 1200 kilometrdan ziyod masofada boshqa irmoq qo‘shilmaydi. Yuqori qismida Tojikiston va O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasidan, o‘rta qismida Turkmaniston va O‘zbekistondan o‘tib Amudaryo Orol dengiziga tomon oqadi. Boshlang‘ich irmoqlarning baland tog‘ qoyalari orasidan o‘tganligi sababli yuqori Amudaryo o‘z to‘lqinlari bilan juda ko‘p miqdorda serunum mineral jinslarni loyqa holda oqizib keladi. Amudaryo tor, ba’zan chuqur va nishabi katta o‘zandan oqadi. O‘zan o‘rta hisobda har bir kilometrga 4 metrdan (ayrim joylarda esa 10 metrdan ham ko‘p) pasayib boradi. Shu tufayli daryo juda tez oqadi, oqimning tezligi o‘rtacha 4-6 metr3/sekundni tashkil etadi. Daryo vodiysi ham tor, vodiy eni 3-4 kilometrdan oshmaydi. Qizilsuv, Vaxsh, Kofirnihon, Surxondaryo quyiladigan joylarda daryo vodiysi kengaygan va bu еrlarda o qindi jinslardan tarkib topgan terrasalarda dehqonchilik qilinadi, ba’zan terrasalar qalin to‘qayzorlardan iborat175. Amudaryoning deyarli barcha to‘qayzorlari va har ikkala qirg‘oq bo‘ylari xo‘jalikni rivojlantirish uchun qulay bo‘lgan. Ishlab chiqarishda dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik tarmoqlarining taraqqiyoti xalqlar o‘rtasida savdo-sotiq hamda madaniy aloqalarning rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Tarixiy geografiyaning vazifalari qatoriga landshaft o‘zgarishlarini, savdo yo‘llari yo‘nalishlarini aniqlash ham kiradi176. Landshaft o‘zgarishida antropogen, ya’ni, inson ta’siri muhim ahamiyat kasb etadi. Shakllanishida insonning xo‘jalik faoliyati katta rol o‘ynagan landshaft turi antropogen landshaft deyiladi. Shimoliy Baqtriya hududlari antropogen landshaftning har-xil turlari, jumladan, o‘troq dehqonchilik vujudga kelgan va shakllangan qadimiy markazlardan biri hisoblanadi. Surxondaryo viloyati shimoldan Hisor tog‘lari, g‘arbdan Boysuntog‘ va Ko‘hitangtog‘ tog‘lari, sharqdan Bobotog‘ tog‘lari, janubdan Amudaryo bilan chegaralanadi177. Ma’lumki, hozirgi kunda tarixiy geografiyaning bir qancha tarkibiy qismlari bo‘lib (2.2.-jadvalga qarang), shulardan eng muhimi bo‘lgan tabiiy tarixiy geografiya landshaftlarda bo‘layotgan o‘zgarishlar (xususan, antropogen – inson ta’sirida)ni o‘rganadi. Antropogen landshaftlar tarixiy – etnografik yoki tarixiy – madaniy rayonlashtirish muammolarini o‘rganishda asosiy o‘rin tutadi178. Surxon vohasida tabiiy sharoitning o‘ziga xosliklari tufayli qadimdan inson yashash uchun qulay hudud hisoblangan179. Tarixchi, geolog va geograflar tomonidan Surxondaryo viloyati geologik-geomorfologik, iqlimiy, gidrologik va biogeografik tahlillar natijasida Surxon-Amudaryo allyuvial tekisligi, Ko‘hitang-Boysuntog‘ tog‘ oldi allyuvial-proallyuvial tekisligi, To‘yintog‘-Boysuntog‘ allyuvial-proallyuvial tekisligi, Ko‘hitangtog‘-Boysuntog‘ tog‘ landshafti, Bobotog‘ tog‘ landshafti kabi 5 ta tabiiy landshaftga bo‘linadi180. Ma’lumki, tabiiy landshaftlardan tashqari, antropogen landshaftlar ham mavjud. Shu o‘rinda antropogen landshaft tushunchasiga izoh bersak. XX asrning 40-50-yillarida geografik adabiyotlarda “madaniy landshaflar” yoki “o‘zgartirilgan landshaftlar”ga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar birin-ketin paydo bo‘lishi antropogen landshaftshunoslik poydevorining shakllanishiga kuchli turtki bo‘ldi. Bu borada ayniqsa Yu.G.Saushkinning “Madaniy landshaftlarni o‘rganish uchun geografiyaning alohida tarmog‘i bo‘lishi kerak”181, degan fikrni ilgari surgan. 1970 yilda F.N.Milkov (1918-1996) o‘zining “Landshaftnaya sfera zemli” nomli asarida inson tomonidan o‘zgartirilgan va barpo etilgan komplekslarni o‘rganish bilan antrapogen landshaftshunoslik shug‘ullanishi kerakligini182 ta’kidlab o‘tganidan so‘ng landshaftshunoslik tarkibida yangi yo‘nalish-antropogen landshaftshunoslik shakllana boshladi183. Shunday kelib chiqqan holatda tadqiqotchilar antropogen landshaftlar holati tabiiy komplekslar asosida insonlarning xo‘jalik faoliyati jarayonida yaratilganligini asosladilar184. Antropogen landshaftshunoslik haqidagi hozirgi tasavvurlar XX asrning 30-40-yillarida vujudga kela boshlagan. Antropogen omillarning landshaftlarning shakllanishidagi rolini hisobga olib, rus olimi A.G.Ramenskiy landshaftshunoslikning o‘rganish ob’ekti faqat tabiiy landshaftlar emas, balki inson tomonidan yaratilgan madaniy landshaftlar ham bo‘lishi lozim, deb ta’kidlaydi. F.N.Milkov antropogen landshaft to‘g‘risidagi ta’limotga asos solish bilan birga, uni takomillashtirdi va tadqiq etish metodologiyasini ishlab chiqdi. Antropogen landshaftshunoslikning nazariy masalalari еchimini topishda katta xizmat qilib, uning fanlar tizimida tutgan o‘rnini, tadqiqot ob’ektini, predmetini va vazifalarini ilmiy nuqtai nazardan asoslab berdi. Antropogen landshaftlarni o‘rganishning dolzarb nazariy masalalari xilma-xil va keng miqyosli bo‘lib, ular tadqiqot masshtabi va oldiga qo‘yilgan maqsadiga ko‘ra global va hududiy masalalarga bo‘linadi. Antropogen landshaftlarning hududiy zonal tabaqalanishiga bog‘liq holda ularning shakllanishi va rivojlanishi turli hududlarda turli vaqtlarda boshlangan. Bunga misol qilib, Rossiyaning Yevropa qismi o‘rta va shimoliy mintaqalarida antropogen landshaftlar neolit davrida, O‘rta yеr dengizi va O‘rta Osiyoga yondash hududlarida esa mezolit, hatto so‘nggi paleolit davrida boshlanganligini aytish mumkin. Antropogen landshaftlar deyarli barcha kenglik zonalari va tog‘li hududlarda uchraydi va tabiiy hamda antropogen elementlar yig‘indisidan iborat bo‘lib, har bir tabiiy geografik zona o‘zining antropogen landshaftlar spektriga ega. Katta qismi mo‘tadil kengliklarga to‘g‘ri keluvchi O‘rta Osiyoning cho‘l zonasida voha-shahar, vohali qishloq, vohali qishloq xo‘jaligi, vohali qumli, namlangan adir, yaylov va suv antropogen landshaftlar uchraydi185. Antropogen landshaftlarni tasniflash XX asrning 50-yillaridan boshlangan bo‘lib, inson xo‘jalik faoliyati ta’sirida buzilgan landshaftlarni tasniflashning birinchi tajribasi B.A.Kotelnikovga tegishli. Shuningdek, D.B.Bogdanov, S.V.Kolesnik, K.G.Raman, V.S.Jekulin, A.G.Isachenko, A.Abdulqosimov antropogen landshaftlarni tasniflashgan. F.N.Milkov antropogen landshaftlarni tasniflashda ularni qaysidir belgilariga ko‘ra yoki qanday amaliy maqsadlar uchun o‘rganilishini hisobga olib, antropogen landshaftlarni: - ularning tarkibiga ko‘ra, - insonning tabiatga ta’sirining chuqurlashuviga ko‘ra, - antropogen landshaftlarning genezisiga ko‘ra, - vujudga kelishida maqsadga yo‘naltirilganligiga ko‘ra, - ularning vujudga kelishi uzoqligi va o‘zini-o‘zi boshqarishiga ko‘ra, - xo‘jalik ahamiyatiga ko‘ra tasniflagan186. S.I.Abdullayev landshaftlarning antropogen omillar ta’sirida o‘zgarish (antropogenlashuv) darajasiga ko‘ra 4 ta asosiy guruhini ajratadi: 1) tabiiy landshaftlar. 2) tabiiy - antropogen landshaftlar insonning qisman xo‘jalik faoliyati ta’sirida bo‘lgan landshaftlardir. 3) qayta tabiiylashgan landshaftlar. Tabiiylashgan landshaftlarni o‘rganish ayniqsa tarixiy geografiya uchun boy material berishi mumkin. 4) antropogen landshaftlar- tabiiy ishlab chiqarish hududiy kompleksi bo‘lib, uning rivojlanishi muttasil ravishda inson tomonidan boshqarilib turiladi187. O‘rta Osiyo hududi ham antropogen landshaftlarining eng qadimgi shakllanish markazlaridan biri hisoblanadi, ayniqsa sug‘oriladigan antropogen landshaftlarni O‘rta Osiyo xalqlarining o‘zlashtiruvchi xo‘jalikdan ishlab chiqaruvchi xo‘jalikka o‘tishi hududdagi antropogen landshaftlarni ularning tarkibiga ko‘ra qishloq xo‘jalik, o‘rmon, seliteb, irrigatsion, oddiy sanoat turlarini shakllanishiga olib keldi188. O‘zbekiston hududida antropogen landshaftlar keng tarqalgan bo‘lib, ularni turli maqsadlarda landshaftshunos olimlar tomonidan o‘rganilgan. A.Rafiqov Mirzacho‘lning sharqiy qismi sug‘oriladigan rayonlari landshaftlarining rivojlanishi bo‘yicha tadqiqot olib borib, hudud еrlarini tabiiy meliorativ jihatdan baholagan. O‘rta Osiyo antropogen landshaftlarini o‘rganish va xaritaga tushirish asosida A.A.Abdulqosimov ularni quyidagicha tasniflaydi: 1) sug‘oriladigan qishloq xo‘jalik landshaftlari; 2) sug‘oriladigan kuchli namlangan landshaftlar; 3) lalmikor qishloq xo‘jalik landshaftlari; 4) voha-seliteb landshaftlari; 5) suvli antropogen landshaftlar; 6) rekreatsion landshaftlar; 7) cho‘l va chalacho‘l antropogen yaylov landshaftlari; 8) yo‘l landshaftlari; 9) sanoat landshaftlari; 10) ko‘milib ketgan qadimgi seliteb landshaftlar sinflarini ajratadi. Surxon vohasi hududida ham A.A.Abdulqosimov tomonidan O‘rta Osiyo bo‘yicha ajratgan antropogen landshaftlar sinflarining deyarli barchasini uchratish mumkin189. 1. Sug‘oriladigan qishloq xo‘jalik landshaftlari – Amudaryo va Surxondaryoning ko‘hna qayirlariga to‘g‘ri keladi. 2. Kuchli namlangan sug‘oriladigan landshaftlar ham tarkib topgan bo‘lib, Hisor tog‘ tizmalarining havo massalariga ro‘baro‘ joylari, sholizorlar kiradi. 3. Lalmikor (bahorikor) antropogen landshaftlar – Boysun va Bobotog‘ tog‘ tizmalari tog‘ oldi qismiga to‘g‘ri kelib, yеr osti suvlari juda chuqurda yotadi, tuproq tarkibida namlik va chirindi miqdori kamligi tufayli lalmikor dehqonchilikda foydalaniladi. 4. Voha-seliteb landshaftlari – Surxon vohasining aholi yashashi va xo‘jalik faoliyati uchun qulay bo‘lgan tog‘oldi prolyuvial tekisliklari, daryo va soylarning tog‘oldi yoyilma konuslari, yangi o‘zlashtirilgan hududlarda joylashgan qishloq, shaharcha va shaharlardan tarkib topgan. Keyingi vaqtlarda voha seliteb landshaftlarining ko‘lami kengayib bormoqda. 5. Suvli antropogen landshaftlar – Surxon vohasidagi suv omborlari, kanallar, ariqlar, zovurlar va kollektorlardan iborat. Bunday irrigatsion landshaftlarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ularning ta’siri hududdagi barcha antropogen landshaftlarda aks etadi va ularning tarkib topishining asosiy negizi hisoblanadi. 6. Rekreatsion landshaftlarga sog‘lomlashtirish, istirohat maqsadlarida tashkil etilgan bog‘lar, shahar va shahar atrofidagi xiyobonlar, shifobaxsh mineral buloqlar atrofidagi ziyoratgohlar, dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari kiradi. 7. Cho‘l va chalacho‘l landshaftlarga Surxon-Sherobod tekisligidagi hali o‘zlashtirilmagan hududlar kiradi. 8. Yo‘l landshaftlariga avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar kirib, tosh-shag‘al va asfalt bilan qoplangan. Bunda ko‘proq relefga ta’sir ko‘rsatiladi. 9. Sanoat landshaftlari tog‘-kon sanoati qayta ishlash texnikasi bilan tabiiy muhit o‘zaro aloqadorligi tufayli tarkib topadi. 10. Qadimiy seliteb madfun landshaftlarga qo‘rg‘onlar, qadimiy manzilgohlar qoldiqlari kirib, ular uzoq o‘tmishdan hozigi kungacha ayrimlari saqlanib qolgan. Bunday landshaftlar Termiz, Muzrabod, Sherobod, Angor, Sho‘rchi, Bandixon, Denov kabi tumanlar hududlarida qadimgi qal’alar, ibodatxonalar va manzilgohlar qoldiqlari sifatida uchraydi. 11. Sakral (lotincha sacrum-muqaddas, ilohiy) landshaftlar – tabiat bilan hamjihatlikda yashagan inson tabiat hodisalarini ilohiylashtirgan, unga sig‘ingan, turli marosimlar o‘tkaza boshlagan va natijada sakral axamiyatga ega joylar vujudga kelgan. Bunday joylar odamlar nazarida ilohiy kuch irodasi bilan biror-bir hodisa sodir bo‘lgan joylar, barcha zamonlar va madaniyatlarning buyuklari hamda ularning safdoshlari dafn qilingan joylar, yo‘qolib ketgan dinlarning muqaddas joylari, ziyoratgohlardir. Madaniy landshaftdan farq qilgan holda, sakral joylar hududiy kompleks bo‘lmasligi mumkin va u nuqtasimon ob’ekt - tosh, daraxt, buloq va boshqacha tarzda bo‘lishi mumkin. Surxon vohasida ham ko‘plab sakral joylar bor (2.3-jadvalga qarang). Antropogen landshaftlar ham tabiiy landshaftlar singari zonal va azonal komplekslarga ajratiladi. Qishloq xo‘jaligi, o‘rmon, suv va qishloq seliteb landshaftlari zonal, sanoat va shahar seliteb landshaftlari esa azonal tavsifga ega. Surxon vohasi antropogen landshaftlarini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqot ishlarimizda hududning landshaft komponentlarida kuzatilayotgan o‘zgarishlarni baholash va ularni xaritalashtirish masalalariga e’tibor qaratiladi. Antropogen landshaftlarni va ularning tarkibiy qismi bo‘lgan voha landshaftlarini tadqiq etish, shakllanish tarixini o‘rganish, ularni o‘rta va yirik masshtabli xaritalashtirish, tasniflash, dinamik rivojlanishini kuzatish ilmiy va amaliy jihatdan muhim ahamiyat ega. Antropogen landshaft tarixi va uning vujudga kelishi murakkab jarayon bo‘lib, bu hodisa mohiyatini anglash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, keng ko‘lamli batafsil tadqiqot xalq xo‘jaligining istiqbolini oldindan aytib berish uchun muhimdir. Muayyan tarixiy-madaniy o‘lkalar uchun tabiat bilan inson uzviy bog‘langanligini xarakterlaydigan, u yoki bu tarixiy davrda atropogen landshaftlarning kelib chiqishi va rivojlanishining har-xil turlarini tiklash imkoniyati paydo bo‘ldi. Antropogen landshaftlarning, asosan, qishloq xo‘jaligi, qishloq va shahar selitibli, voha landshaftlarining shakllanishi tarixi mohiyatini tarixiy geografik va tarixiy genetik tadqiqot usullari ochib berishi mumkin. Bunday ishonchli ma’lumotlar bo‘lib tarixiy hujjatlar, arxeologik qazishmalar, paleografik, paleobotanik va paleozoologik ashyolar xizmat qiladi. Ma’lumki, Surxon vohasi Qadimgi Baqtriyaning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan. Qadimgi Baqtriya Amudaryoning o‘rta oqimida joylashgan yirik tarixiy-madaniy o‘lka bo‘lib, O‘rta Osiyo xalqlari tarixida еtakchi o‘rinlardan birini egallagan. Qadimgi Baqtriyani Amudaryo ikki qismga ajratib turgan. Aksariyat tarixchi, arxeologlar tomonidan Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida Shimoliy Baqtriya va chap qirg‘og‘ida Janubiy Baqtriya deb nomlangan. Shimoliy Baqtriyaga hozirgi O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyati, Tojikiston Respublikasining Xatlon (sobiq Ko‘lob va Qo‘rg‘ontepa) viloyatlari hududlari kiradi. Afg‘onistonning shimoli-sharqiy qismidagi Toxar, Qunduz, Balx, Juzjon viloyatlari va Faryob, Samangan, Bog‘lon viloyatlarining bir qismi Janubiy Baqtriyaga kiradi. Qadimgi Baqtriya podsholigining poytaxt shahri Baqtra hisoblangan190. Qadimgi Baqtriyaning aholisi, madaniyati va tarixi, hududiy joylashuvi hamda geografik chegaralari masalalariga qiziqish XIX asrdayoq boshlangan edi. XX asrning 50-yillarida M.M.Dyakonov qadimdan daryolar har ikki sohildagi bitta xalqni birlashtiruvchi vosita bo‘lganligini e’tirof etib191, “Shimoliy Baqtriya” tushunchasi ilmiy muomalaga kiritdi192. Shu davrdan boshlab “Shimoliy Baqtriya” shimol va g‘arbdan Janubiy Hisor tog‘ tizmasi (Boysuntog‘ va Kuhitangtog‘) bilan, sharqdan - Bobotog‘ va Pomir tizmalarigacha hamda janubdan Amudaryo bilan o‘ralgan. Bu еrga Surxondaryo, Sheroboddaryo, Sangardakdaryo, Xo‘jaipaksoy, Kofirnihondaryo, To‘palangdaryo va Amudaryo havzalari va tog‘ oldi tekisliklari kiradi193. Shimoliy Baqtriya hududiy jihatdan zamonaviy chegaralanishga ko‘ra ikki qismga – janubiy O‘zbekiston va janubiy – g‘arbiy Tojikistonga bo‘linadi. Bu atamadan kelib chiqib, Shimoli-sharqiy va Shimoli-g‘arbiy Baqtriya atamalari ham paydo bo‘ldi. Shimoli-g‘arbiy Baqtriya atamasining kelib chiqishi Shimoliy Baqtriya hududiy chegaralarining ancha kengayishiga va uning tarkibiga Turkmanistonning Kelifdan Kerkigacha bo‘lgan janubi-sharqiy hududi va hatto Chorjuyning ham kiritilishiga sabab bo‘ldi. B.Ya.Staviskiy Baqtriyaning shimoliy chegaralari masalasining еchimiga arxeologiya va epigrafikaga oid yangi ma’lumotlarni keng jalb qildi hamda kushonlar davrida janubga va shimolga Amudaryodan boshlab Hisor tizmalariga qadar bo‘lgan hudud etnik va madaniy munosabatlarda yagona tarixiy-madaniy viloyatni o‘zida aks ettirganligini ko‘rsatib berdi194. P.Bernar, G.P.Frankfort va I.P.Xlopin Strabonning Oks daryosi Baqtriya еrlarini Sug‘diyonadan ajratishi haqidagi ma’lumotlarini еtarlicha tanqidiy ko‘rib chiqilmagan holda, Amudaryoning o‘ng sohilidagi hududlarni Sug‘d tarkibiga kiritganlar195. Baqtriya – keng qamrovli viloyatning madaniy markazi bo‘lib, uni shimoldan, sharqdan va janubdan tog‘lar o‘rab turgan, uning еrlarini sug‘oruvchi Amudaryo uni ikki qismga: janubiy, ya’ni Afg‘on Turkistoniga va Shimoliy, o‘ng qirg‘oq, ya’ni Tojikistonga ajratib turganligini R.Fray ham ta’kidlab o‘tgan. Bir qator olimlar bu fikrga qo‘shilmaydilar. Ular antik davr manbalariga tayanib yuqorida ko‘rsatilgan viloyat So‘g‘diyonaga qarashli bo‘lgan va Baqtriyaning shimoliy chegarasi Oks-Amudaryo orqali o‘tgan deb hisoblaydilar196. So‘nggi yillarda Baqtriya va So‘g‘d chegarasi Oks-Amudaryo bo‘ylab o‘tganligi to‘g‘risidagi tadqiqotlar yuzaga keldi va bu ilmiy izlanishlar bevosita F.Grene va K.Rapen nomlari bilan bog‘liq. Mualliflar Vaxs daryosini Ptolomey xaritasida ko‘rsatilgan Oks, Panj daryosini esa Ox daryolari nomlari bilan qiyoslagan197. Shu tariqa F.Grene va K.Rapenga ko‘ra Vaxsh daryosining chap qirg‘og‘i, ya’ni sharqiy tomoni Baqtriyaga, o‘ng qirg‘og‘i So‘g‘d tarixiy-madaniy o‘lkasi tarkibiga kirgan. Bu mualliflar fikrini Qo‘rg‘onzol yodgorligini o‘rgangan va unga bag‘ishlab alohida asar yozgan L.M.Sverchkov ham qo‘llagan198. K.Rapen esa o‘zining tezisida Gazabada hozirgi Surxondaryodagi Qiziltepa hududida bo‘lganligi va So‘g‘diyonaning janubiy chegarasi Oks-Amudaryoga borib taqalishi to‘g‘risidagi g‘oyani ilgari surdi199. Muallif Shimoliy Baqtriya Sug‘d tarkibiga kiritilgan davrdagi xaritani ham e’lon qildi (Qarang: 9-ilova). I.V.Pyankov antik yozma manbalarda Oks Baqtriya va So‘g‘d o‘rtasidagi chegara sifatida e’tirof qilinishi bilan birga unga tubdan qarama-qarshi bo‘lgan ma’lumotlar ham borligini takidlab o‘tadi. Bu ma’lumotlar ikki xil taxminga asoslangan. Ularning biriga ko‘ra, Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy bo‘lagi va Amudaryo oralig‘idagi viloyat Baqtriyadan farq qilgan bo‘lsada, lekin shu davrning o‘zida So‘g‘diyonadan ham aniq ajralib turgan. Ikkinchi taxminga ko‘ra, bu hudud to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Baqtriya” deb atalgan200. Bir qator tadqiqotchilarning fikricha, Baqtriya va So‘g‘diyona o‘rtasidagi chegara Amudaryo va Surxondaryo bo‘ylab o‘tgan. Bu chegara Vaxsh va Amudaryo orqali o‘tgan degan fikrlar ham mavjud. Baqtriyaning shimoliy chegaralari to‘g‘risidagi munozaralarga I.V.Pyankov ma’lum ma’noda aniqlik kiritadi. U antik davr yozma manbalarni sinchiklab tahlil qilish asosida bir qator tadqiqotchilarning, Baqtriya haqidagi, uni Oksning faqat chap qirg‘og‘ida joylashgan bir viloyat, degan qarashlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab o‘tadi201. Uning fikriga ko‘ra, “Baqtriya” deganda (sof geografik atama ma’nosida) dastlab Balx vohasi nazarda tutilgan. Sh.Pidayev fikricha, Baqtriya forscha so‘z bo‘lib, boxtar zamin, ya’ni Sharqdagi o‘lka ma’nosini bildiradi202. Keyinchalik uning ma’nosi kengayadi: “Baqtriya” va “baqtriylar” deganda eng dastlabki davrda Zaratushtra podsholigi, “Kirga qarshi kurashgan xalq”, Ahamoniylar davlati, makedoniyalik Aleksandr, Salavkiylar va nihoyat skiflar asos solgan podsholikning shu nomdagi qismi yoki satraplik anglashiladigan bo‘ladi. I.V.Pyankovning taxminicha, Amudaryo-Oksni Baqtriya va So‘g‘dning chegarasi bo‘lgan degan fikrlar makedoniyalik Aleksandrning Kelifda (Turkmanistonning janubiy-sharqi) kechuvdan o‘tgan еridagi holatini umumlashtirish natijasida kelib chiqqan, lekin daryoning yuqori qismida, ya’ni O‘zbekiston va Tojikiston hududlaridagi holat boshqacha bo‘lgan. Shuningdek, Baqtriyaning bu chegarasi asosan makedoniyalik Aleksandr tarixchilarining ma’lumotlari asosida tiklangan. Makedoniyalik Aleksandrdan avvalgi va uning yurishlaridan keyingi davrga oid Baqtriyaning shimoliy chegaralari haqida guvohlik beruvchi yozma manbalar esa mavjud emas. Shunday qilib, yozma manbalarning ma’lumotlariga asoslanadigan bo‘lsak, mil. avv. IV asr uchinchi choragining oxiriga kelib, Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi еrlar – O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati va Janubiy Tojikiston еrlari Baqtriyaning tarkibiga kirgan deb xulosa chiqarish mumkin. Boysun tog‘lari va uning yonbag‘irlarida joylashgan Qo‘rg‘onzol203 (mil.avv. IV asr oxiri – mil.avv. III asrlar), Poyonqo‘rg‘on va ayniqsa Uzundara qal’asida (bu qal’a ellinistik davrga xos frurion bilan qiyoslanadi) amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar ma’lumotlari Baqtriya va Sug‘d chegarasi Oks-Amudaryodan emas, balki janubiy Hisor tog‘ tizmasini tashkil etgan Hisor, Boysuntog‘ va Ko‘hitang tog‘laridan o‘tganligini yana bir bor tasdiqlandi. Bu jarayonni ko‘p yillar davomida Uzundara qal’asida arxeologik qazuv ishlarini olib borgan N.D.Dvurechenskaya shunday izohlaydi204. 2013-yildan buyon Boysun tog‘larida arxeologik tadqiqotlar tufayli Darband mudofaa devoridan tashqari N.D.Dvurechenskaya rahbarligidagi Suvsiztog‘ va Uzundara hududlarida alohida-alohida eni 100 metrdan 2 km. ni tashkil etgan mudofaa devorlari aniqlandi. Bu mudofaa inshootlari otliq va boshqa turdagi qo‘shin yo‘llarini to‘sib turgan. Ellinistik uslubda qurilgan Uzundara qal’asi (umumiy maydoni 7 gektar) da topilgan hunarmandchilik, san’at namunalari, ellinistik davr tangalari va umuman barcha topilmalar Baqtriyaning bir necha kilometrga cho‘zilgan shimoliy chegarasini qo‘riqlagan keng ko‘lamli mudofaa tizimi vazifasini o‘taganligini ko‘rsatadi. Shunday qilib N.D.Dvurechenskaya Uzundara va boshqa yodgorliklarda olib borilgan yangi arxeologik tadqiqotlar asosida Baqtriyaning ellinistik davrdagi (mil. avv. IV asr oxiri / III asr boshlari – mil. avv. II asr o‘rtalari) shimoliy chegarasi shimolda Hisor tog‘ tizmasi va uning etaklari – shimoli-g‘arbda Boysun tog‘lari, xususan, Sarimas va Suvsiztog‘lar bo‘ylab o‘tgan degan xulosaga kelgan205. Bularning barchasi Janubiy Hisor tog‘ tizmasi Baqtriya va So‘g‘d tarixiy-madaniy o‘lkalari o‘rtasida davlat chegarasi bo‘lganligini yana bir bor tasdiqlaydi. Tadqiqotchilar fikricha, tabiiy geografik omil sifatida dashtlar va tog‘lar o‘troq aholi hududlari o‘rtasidagi chegara vazifasini bajargan. Janubiy Hisor tog‘ tizmasiga kirgan Boysun va Ko‘hitang tog‘lari Baqtriya va Sug‘d o‘rtasidagi tabiiy chegara bo‘lib xizmat qilgan206. M.Xasanov o‘z tadqiqotida Shimoliy Baqtriya hududida joylashgan bir qancha yodgorliklarni Sug‘d hududi tarkibiga kiritgan. Jumladan, Jarqo‘ton, Bandixon yodgorliklar tizimidagi Kindiktepa, Kuchuktepa, Qo‘rg‘onzol, Kampirtepa, Uzundara kabi Shimoliy Baqtriya yodgorliklari ilk temir va antik davrda Sug‘dga kirganligi haqidagi tadqiqotlarni amalga oshirgan207. Xususan, Jarqo‘tondagi dafn marosimlari masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan208. Download 243.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling