Shimoliy baqtriyaning tarixiy geografiyasi
Download 243.35 Kb.
|
T.Xoliyarov Dissertatsiya 11 05 2023
- Bu sahifa navigatsiya:
- Davrlar Boshqaruv shakllari
- (3.2.-jadvalga qarang)
3.1.-jadval.
Baqtriyada davlatchilik boshqaruvi davrlari va shakllari (O‘.I.Abdullayev tadqiqotlari asosida)
Mil. avv. II ming yillik oxiri–I ming yillikdagi Shimoliy Baqtriya hududlarining o‘zlashtirilishi va tarixiy-madaniy o‘lkaning vohalarga ajratilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotchilar bu davrda Shimoliy Baqtriyada qator voha-rayonlar mavjud bo‘lganligini aniqlaganlar219 (3.2.-jadvalga qarang). Ayrim tadqiqotchilar fikricha, Ulanbuloqsoy va Sherobod, Mirshodi va Bandixon yodgorliklari joylashgan dehqonchilik vohalarini bir-biridan tabiiy chegaralar va ularni ajratuvchi geografik masofa (masalan, Mirshodi va Bandixon vohalari orasidagi masofa to‘g‘ri yo‘nalishda 40 km)larni hisobga olgan holatda alohida dehqonchilik vohalari sifatida talqin qilish kerak220. Bizning fikrimizcha, Surxon dehqonchilik vohasida ham Talitog‘ora, Nomsiztepa (Qadimgi Termiz) va Hayitobodtepa (Quyi Surxon) yodgorliklarning alohida sun’iy sug‘orish tizimi, ishlov berilgan dalalari, yaylovlari mavjud bo‘lganligini hisobga olib, alohida 2 ta dehqonchilik vohalari: Qadimgi Termiz va Quyi Surxon sifatida e’tirof etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shimoliy Baqtriya hududida olib borilgan tadqiqotlar so‘nggi bronza va ilk temir davriga oid oid sug‘orilish vohalari 5 tani tashkil etgan. Shimoliy Baqtriya hududida mil. avv. II ming yillik oxiri–I ming yillikka oid yangi sug‘orilish rayonini va u еrda joylashgan 9 ta yangi yodgorliklarni O‘zbekiston-Chexiya xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi aniqladi. Yangi ilmiy tadqiqotlar asosida O.A.Xamidov tomonidan Poshxurd-Zarabog‘ botig‘ida aniqlangan So‘nggi bronza va ilk temir davriga oid 10 ta qishloq turkumidagi yodgorlik, 220 ta dahma va 175 ta petrogliflari misolida yangi Zarabog‘ sug‘orilish rayoni aniqlandi 221. Shimoliy Baqtriya mil. avv. II ming yillik oxiri – I ming yillikka oid me’morchiligi lokal xususiyati – qishloq manzilgohlarini tosh devor bilan o‘rab olinganligi Burguttepa va Kayrittepa yodgorligida olib borilgan qazishmalarda aniqlangan me’morchilik qoldiqlari asosida tadqiq etildi. So‘nggi bronza va ilk temir oid aholisi dafn marosimlarida ilk zardushtiylik elementlari paydo bo‘lganligi va Shimoliy Baqtriya aholisi diniy tasavvurlarida ham muhim o‘zgarishlar yuz berganligi Zarabog‘ sug‘orilish rayonida aniqlangan kata (marhumlarni vaqtida saqlash joyi) inshooti va dahmalar asosida asoslab berildi. Xulosa qilib aytganda, Shimoliy Baqtriyaning mil. avv. II ming yillik oxiri–I ming yillikka oid yodgorliklarini rayonlashtirish orqali dehqonchilik hududlarining o‘zlashtirilishiga va xronologik evolyusiyasiga oid murakkab jarayonni kuzatish mumkin. So‘nggi yillarda tadqiqotchilar zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”ning Videvdat kitobida keltirilgan “har birining to‘rt tomoni aspriys uzunligida bo‘lgan vara bino qil” degan ma’lumotga222 asoslanib, Videvdatning birinchi fragardi 16 ta mamlakatning yaratilishiga bag‘ishlangan bo‘lsa (Arianam Vaydja, Gava Sugda, Mouru va hakoza), uning ikkinchi fargardi mamlakatda hukmdorlarning shakllanishi (Yima misolida), uning mamlakat еrlarini obod qilishi va еrlarni kengaytirishi, insonlar va butun jonzodlar uchun sharoitlar yaratilishi (“vara” qurilishi), xullas, mamlakatdagi antropogen landshaftlarning shakllanishi vara misolida ko‘rsatib berilganligi asoslab berildi223. Tadqiqotchilar fikricha, Ahamoniylar sulolasi hukmronligi davrida Zardushtiylik keng tarqalgan va rivojlangan davr bo‘lib, bu davrgacha “Avesta” varasi qurib bo‘lingan. Demak, vara ko‘rinishli mamlakatni, ya’ni qadimgi jamiyatning ideal modelini O‘rta Osiyodan qidiradigan bo‘lsak, iqtisodi ko‘proq chorvaga ixtisoslashgan, zardushtiylik tamoyillari qaror topgan ilk temir (Yaz I) davriga oid jamoalardan izlash kerak bo‘ladi224. Ma’lumki, so‘nggi bronza va ilk temir davridan keyin Surxon vohasi hududlari Baqtriya podsholigi (kaviyligi) tarkibida bo‘lgan. Mil. avv. VI asrda yurtimiz hududlariga dunyoda birinchilar qatorida yirik imperiyaga asos solgan Ahamoniylar Eroni hukmdorlari qo‘shinlari bostirib kirishadi. Ahamoniylar davri tarixiy geografiyasi va siyosiy tarixi V.V.Struve, V.V.Bartold, V.I.Abayev, V.M.Masson, M.M.Dyakonov, I.M.Dyakonov, M.A.Dandamayev, R.Fray, V.A.Livshis, Ye.V.Zeymal, A.S.Sagdullayev, N.M.Ikromov tomonidan o‘rganilgan225. Qadimgi Baqtriya haqida Behistun qoya tosh yozuvlarida, Suza saroyida, Naqshi Rustam yozuvlarida, Doro I ning qabridagi yozuvlarda, Persopol saroyining bo‘rtma tasvirlarida va Kserksning Persepoldagi devlarga qarshi yozuvida saqlanib qolgan. Bu manbalar V.V.Struve, M.M.Dyakonov, I.M.Dyakonov, M.A.Dandamayev, E.A.Grantovskiy tomonidan keng tadqiq qilingan. Ma’lumki, Baqtriya to‘g‘risidagi ma’lumotlar nihoyatda ko‘plab yozma manbalarda keltirilgan. Ahamoniylar Eroni podsholari O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib Parfiya, Marg‘iyona, Baqtriya va saklarni bo‘ysundirishni rejalashtirganlar. Gerodot ma’lumotlariga ko‘ra, Kir II qo‘shinlarining istilochilik harakatlariga “Bobil, Baqtriya xalqi, saklar va misrliklar to‘siq bo‘lib turganlar”226. Ma’lum bir etnik birlikni birlashtirgan aholi “Baqtriya xalqi” deyilgan bo‘lishi mumkin. “Xalq” ma’nosini beruvchi “etnos” so‘zi Gerodotning “Tarix” asarida tadqiqotchilar hisobiga ko‘ra 145 marta ishlatilgan. Bu so‘z faqat ikki joydagina Baqtriyaga nisbatan ishlatiladi. Gerodot Baqtriya aholisi haqida quyidagicha xabar qiladi: “Baqtriyaliklardan egllargacha bo‘lgan xalqlar 300 talant soliq to‘laganlar. Bu – o‘n ikkinchi o‘lka”227. “Baqtriya chavandozlarining qurollari piyoda askarlar qurollariga o‘xshagan”228. “Qadimgi zamonlarda baqtriylar, so‘g‘diylarning turmush tarzi va urf-odatlari ko‘chmanchilarning turmush tarzidan ko‘p farq qilmagan, ammo baqtriylarning an’analari ancha yuqori madaniyatga ega bo‘lgan”229. Ahamoniylar Eroni podsholari hukmronligi davrida mavjud o‘zlashtirilgan maydonlarning keskin kengayishi va yangi o‘troq dehqonchilik hududlarining shakllanishi bilan ajralib turadi. Mirshodi vohasida mazkur davrga oid 12 ta yodgorlik qayd etilgan. Mil. avv. I ming yillik o‘rtalariga oid yangi vohalar shakllangan – Surxon (Termiz, Bandixonsoytepa, Hayitobod), Xalqajar (Qoratepa, Chorgul) va Sangardak-To‘palang (Obishir, Dashnobod). Surxon vohasi hududlarida Ahamoniylar Eroni davriga oid jami 8 ta o‘troq dehqonchilik vohasi va 30 ta uy-qo‘rg‘onlar, alohida qal’alar va shaharlar aniqlangan230. Kserksning Persepoldagi devlarga qarshi yozuvida ham Ahamoniylar imperiyasiga qaram davlatlar ro‘yxati yozilgan231. Suza saroyidan topilgan yozuvda Doro I ning saroyini qurishda ishlatilgan oltin Baqtriyadan olib kelinganligi qayd qilingan232. Persepol saroyining tosh pilla poyasi devorlarida o‘n beshinchi qatorda beshta baqtriyalik qo‘llarida idishlarni ko‘tarib, ikki o‘rkachli tuyani (bakrianani)233 еtaklab borish jarayoni ko‘rsatilgan. Demak, baqtriyaliklar tuyani ham soliq sifatida taqdim qilishgan. Ma’lumki, Baqtriya ham Kir II davrida Ahamoniylar imperiyasi tarkibiga kiritilgan. Doro tomonidan Behistun yozuvlarida keltirilgan satrapliklar ro‘yxatida Baqtriya XII satraplikni tashkil etgan. Kir II ning O‘rta Osiyoni bosib olish vaqti, tafsilotlari, voqealar to‘g‘risida aniq ma’lumotlar deyarli uchramaydi, shunday bo‘lsa-da Ktesiy sharqda asosiy raqib sifatida Baqtriyaliklarni sanab o‘tish bilan birga Baqtriyaliklarning o‘z xohishi bilan imperiya tarkibiga kirganligini yozib qoldirgan. Ahamoniylarning O‘rta Osiyoni bosib olish vaqtini aniqlash borasida tadqiqotlarchilar orasida asosan ikkita fikr mavjud. Birinchi fikr tarafdori B.A.Turayev bo‘lib, u O‘rta Osiyo xalqlari mil. avv. 439-yilda Bobil qo‘lga kiritilganidan so‘ng bosib olingan deb hisoblaydi234. Ikkinchi fikr R.Girshmanga tegishli bo‘lib, uning yozishicha, O‘rta Osiyo Kir II boshchiligidagi Ahamoniylar imperiyasi tarkibiga mil. avv. 547-yildan, ya’ni Lidiyaning vayron qilinishi va mil. avv. 439-yilda Bobilning bosib olinishi oralig‘ida kiritilgan deb yozadi235. O‘rta Osiyoga Ahamoniylarning harbiy yurishlar mil. avv. 540-yilda Kir II tomonidan boshlangan va mil. avv. 519-yilda Doro I tomonidan yakunlangan degan qat’iy sanalarni A.S.Sagdullayev o‘z tadqiqotlarida keltirgan236. Olim Ktesiyning Baqtriya, So‘g‘diyona va Xorazm o‘z xohishi bilan Ahamoniylar imperiyasi tarkibiga kirgan, - degan ma’lumotiga qarshi chiqib, arxeologiya ma’lumotlari asosida, Kir II va Doro I bosqinlarining tafsilotlarini, O‘rta Osiyo shaharlari va qal’alarining vayronaga aylanganligi, yong‘in izi va kul qatlamlarining qalinligi Bandixon II, Qiziltepa shaharlarida 0,30-0,40 metrgacha kuzatilganligini ta’kidlaydi va bu talofat izlari aynan Kir II bosqiniga qarshi kurash natijalari bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatib bergan. Xuddi shunday jarayon Talashqan I yodgorligida ham kuzatilgan. Kir II ning Ahamoniylar imperiyasini tashkil etish jarayoni bilan bog‘liq janglari Gerodotning “Tarix” asari I kitobida quyidagicha keltirilgan: “Bobil, Baqtriya xalqi, saklar va misrliklar asosiy to‘siq bo‘lgan. Bu xalqlarga qarshi Kirning o‘zi bostirib borishni, ioniyaliklarga qarshi boshqa harbiy qo‘mondonni yuborishni rejalashtirgan”237. Bu ma’lumot Baqtriya va saklarning Misr va Bobil singari yirik davlatlar qatorida tilga olinishi Baqtriya podsholigining o‘sha davrda qudratli davlatlardan bir bo‘lganligini ko‘rsatadi. Kir II ning Baqtriyaga qilgan yurishi yoki bosib olganligi haqida ma’lumot saqlanib qolmagan, biroq Baqtriya Kir II davrida bo‘ysundirilganligi asoslaydigan ma’lumotlar mavjud. Bu, birinchidan, Kir II davrida Baqtriya satrapi Doro I ning otasi Gispast238 bo‘lganligi haqidagi ma’lumot bo‘lsa, ikkinchisi arxeologik manbalardir. Olib borilgan arxeologik tadqiqot ishlari natijasida ilk temir davrida rivojlangan qal’alar Kuchuktepa, Qiziltepa, Talashqan I kabi yodgorliklardan mil. avv. VI–V asrlarga oid qatlamlaridan katta yong‘in izlari, qalin kul qatlamlari, palaxmon toshlari va o‘q qoldiqlari topilgan. Bandixon II qal’asidan katta yong‘in izlari, yongan donlar va yog‘och qoldiqlari topilgan. Burjining ichi 10-20 kg.li va undan og‘ir bo‘lgan palaxmon toshlari bilan to‘lgan239. Bu esa qal’aga hujum davomida devor teshar qurollardan foydalanganliklari va jang nihoyatda ayovsiz bo‘lganligini ko‘rsatadi. Vayron qilingan Bandixon II yodgorligi shundan keyin qayta tiklanmagan. Bandixon II qal’asidan 40 km shimoli-sharqda joylashgan Qiziltepa yodgorligining arki va shahristonida ham katta yong‘in izlari aniqlangan. Qiziltepaning burji va mudofaa devorlari keyinchalik loy bilan to‘ldirilib, 10 m qalinlikdagi mustahkam bir butun mudofaa devori qilib qayta tiklangan. Qizilcha VI yodgorligida yong‘in qatlami 25-30 santimetrni tashkil qilgan240. Bu esa Kir II ning Baqtriya xududini jang bilan egallaganligi ko‘rsatuvchi dalillardan biri sanaladi. Bu yozma manbalarda ham o‘z aksini topgan. Gerodot bu haqida: “Quyi Osiyoni Garpag odamsiz qoldirdi, yuqorisini Kir II ning o‘zi. U xalqlarni birma-bir bo‘ysundirib bordi, lekin biriga ham shafqat qilmadi”241, – deb yozib qoldirgan. Kir II ning Baqtriyaga qarshi uzoq vaqt va shafqatsiz janglar olib borganligi haqida Ktesiy asarlarida ma’lumotlar saqlanib qolgan242. Ahamoniylar Eroni hukmdori Doro I ning taxtni egallashi va uning olib borgan siyosati to‘g‘risida Gerodotning uchinchi kitobida bayon qilingan. Doro I davlatni 20 ta satraplikka bo‘lib, ularga ma’lum miqdorda soliqlar belgilagan. Shu sabab Doro I qadimgi dunyoda “savdogar” laqabini243 olgan. Gerodot ma’lumotida Baqtriya o‘n ikkinchi satraplik deb tilga olingan: “Baqtriyaliklardan egllargacha bo‘lgan xalqlar 300 talant soliq to‘laganlar. Bu – o‘n ikkinchi o‘lka”244. Gerodot asarida soliqlar Bobil talanti asosida to‘langan va Bobil talanti 78 еvbey minasiga teng bo‘lganligi yozib qoldirgan. Shuningdek, asarda kumush bobil talantlarini еvbey og‘irligiga aylantirsa 9880 talantni tashkil qilishi va har yili Doro xazinasiga jami 14 560 еvbey talanti tushishini keltirib o‘tilgan245. Tadqiqotchilar asarlarida hozirgi kunda Ahamoniylar davri talant miqdori turlicha berilib kelmoqda. F.A.Brokgauz va I.A.Efron ensiklopediyasida bir talant 60 mina, bir mina 100 draxmadan iboratligi qayd etilib246, Bobil talanti taglikda yotgan sher shaklida bo‘lgan va uning og‘ir va еngil turlari bo‘lgan. Talantning og‘ir turi 60,4 kg. bo‘lgan, еngil talantni podsho talanti deb atalgan, u og‘ir talantidan ikki barobar kam bo‘lgan. Bu esa, 30,2 kg.ni tashkil etgan. Bu ma’lumot asosida ko‘pgina tadqiqotchilar shu miqdorni bersa-da, ba’zi asarlarda forslarning oltin talanti 25,2 kg., kumush 33, 6 kg.ni tashkil etgan deb ko‘rsatilgan247. E.Rtveladze o‘z tadqiqotida talant miqdorini 25,92 kg. deb beradi va shu asosida O‘rta Osiyo hududidagi satrapliklardan olingan soliq miqdorini matematik uslub asosida tahlil qiladi. Bunda u “Baqtriyadan kumush bilan 360 talant undirilgan, ya’ni 8972 kg miqdorda soliq undirilgan. O‘rta Osiyoning butun hududidan har yili 970 talant, ya’ni 23000 kg. kumush undirilgan”, – deb ma’lumot beradi248. Qadimgi Yunonistonda Attika talanti Solon islohotlaridan keyin, mil. avv. IV asrda joriy qilingan va Bobil talantiga nisbatan miqdori 27%ga kamaytirilgan249. Talant ham og‘irlik o‘lchovi sifatida, ham pul birligi sifatida ishlatilgan. Talant og‘irlik o‘lchovi sifatida 36,156 kg., attika yoki еvbey kumush talanti 26,196 kg. deb belgilangan. Makedoniyalik Aleksandr davridan esa, attika talanti og‘irligi 25,902 kg. deb belgilangan250. Demak, Gerodot ma’lumotida berilgan ahamoniylar davridagi Bobil talanti 30,2 kg.tashkil qilgan. Buni matematik uslub asosida hisoblasak, 10872 kg, ya’ni bir tonnadan ortiq kumush bilan soliq to‘lagan. Bu Ahamoniylar Eroniga qaram o‘lkalarning asosiy soliq turi bo‘lgan, bundan tashqari natural holda soliqlar undirilgan. Kserks I (mil. avv. 486–464-yillar) davrida yunonlarga qarshi yurish jarayonini tasvirlashda forslar armiyasi tarkibi va ularning qurollari Gerodot asarining еttinchi kitobida yozib qoldirilgan. “Baqtriyaliklarning boshlariga kiygan qalpoqlari midiyaliklarnikiga juda o‘xshagan, ular qamishdan yasalgan o‘q va kalta nayzalar bilan qurollanganlar. Baqtriyaliklar va saklarga Gistasp Doro va Atossaning o‘g‘li boshchilik qilgan”251. “Parfiyaliklar, xorasmiyaliklar, so‘g‘diylar, gandariyaliklar va dadiklarning jangga borishdagi qurollari baqtriyaliklarniki bilan bir xil bo‘lgan”252. Shuningdek, Gerodot baqtriyaliklar jangda otliq jangchilari bilan ham qatnashganliklari xususida ma’lumot qoldirgan, Yunonistonga qarshi yurishda qatnashgan hamma xalqlarda ham otliq jangchilar bo‘lmagan. Shimoliy Afg‘onistondan topilgan tarixiy hujjatlarda Baqtriyaning so‘nggi Ahamoniylar davridagi iqtisodiy ahvoli aks etgan. Ular mil. avv. IV asrlarga oid. Hujjatlarning 30 tasi teriga, 18 tasi yog‘ochga qora siyoh bilan yozilgan. Uni mashhur kolleksioner Naser D.Xaliliy sotib olgan. Uning orasidagi bitta hujjat mil.avv. V asrga oid bo‘lgan. Qolganlari mil. avv. 353–324 yilgacha bo‘lgan davrga, ya’ni Artakserks III, Doro III va makedoniyalik Aleksandr davrlariga oid bo‘lgan253. Ularni Sh.Sheked va D.Nave tadqiq qilishgan254. Xatlar to‘rt guruhga ajratilgan. Bir guruh xatlarda yuqori mansabga ega bo‘lgan Axvamazda o‘zidan past mansabda bo‘lgan Bagavant ismli shaxsga o‘zining Artadatan cho‘lidagi qo‘rg‘onidagi eski binoning tomini ta’mirlashni, uning tegirmoniga don, kunjut va karvoniga uksus еtkazib berish kabi vazifalarni bajarishni yozgan. Shuningdek, xatlarning birida Nixshapayya shahrining devori va handagida olib borilayotgan qurilish ishlarida qatnashish vazifalarini yuklagan. Xatlarni tadqiq qilgan Sh.Sheked fikricha, Axvamazda Baqtriya satrapi, Bagavant esa dehqonchilik vohasi fratarakgi, ya’ni hokimi bo‘lishi mumkin. Doro I ga Baqtriya satrapi Dadarshish sodiq odam bo‘lganligi Behistun qoya tosh yozuvlarida qayd etilgan255. Xulosa qilib aytganda, Ahamoniylar hukmronligi davridagi Baqtriya tarixiy geografiyasi haqidagi ko‘plab ma’lumotlar Gerodotning “Tarix” asari orqali еtib kelgan. Tadqiqotchilar Gerodot O‘rta Osiyoda bo‘lmagan, lekin u o‘z asaridagi ma’lumotlarni o‘zidan oldin yashab o‘tgan Skilak va Gekateylarning asarlaridan foydalangan degan xulosaga kelishgan256. Shuningdek, Gekatey ham asaridagi Baqtriya to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Skilakning “Sayohatnoma” asaridan olganligini qayd qiladi. Bundan xulosa qilsak, Ahamoniylar hukmronligi davriga oid eng qadimiy manba Skilakning “Sayohatnoma” asaridir. Lekin bu asar bizning davrimizgacha еtib kelmagan, u Gerodot va yunon mulliflari asarlaridan bizgacha еtib kelgan. Yozma manbalarni tahlil qilish jarayonidagi muammolardan biri Baqtriyaning qay tarzda Ahamoniylar davlatiga tobe bo‘lganligi masalasidir. Ba’zi tadqiqotchilar Baqtriyani Kir II qurol kuchi bilan bo‘ysundirgan, degan xulosa bersalar, boshqalari Baqtriya podsholigi Midiya davlatiga tobe bo‘lgan, ko‘pgina davlatlar qatori Ahamoniylar Eroni hukmronligini tan olgan degan xulosa kelganlar. Qadimgi yunon-rim tarixchilari Ahamoniylar imperiyasi bosib olgan hududlarda mahalliy boshqaruv usullariga aralashmaganligi, faqat soliq siyosati bilan shug‘ullanganligini eslab o‘tishgan. Baqtriyaning Ahamoniylar imperiyasini parchalab yuborish darajasida qudratga ega bo‘lganligini Masista voqeasi orqali bilish mumkin bo‘ladi. Gerodotning xabariga ko‘ra Masista Gishtasp singari Doro va Atossining o‘g‘li bo‘lib, forslarda qo‘shin qo‘mondoni bo‘lgan. Kserks uni haqorat qilgandan so‘ng aynan Baqtriyaga keladi va xalqni Kserksga qarshi qo‘zg‘olonga tayyorlaydi. Kserks yo‘lda Masistani o‘ldirishga muvaffaq bo‘ladi va imperiyani parchalanish halokatidan qutqarib qoladi257. Baqtriya hukmdori Bess o‘zini Osiyo hukmdori deb e’lon qilishi258 va Artakserksga tegishli tojni qabul qilishini Baqtriyaliklarning va umuman O‘rta Osiyoliklarning mustaqillik uchun kurashi deb tushunish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek Arrianning Baqtriya zodagonlarining Zariaspda chaqirilgan kengashi to‘g‘risidagi ma’lumotlari Baqtriyaliklarning siyosiy mustaqillik tomon katta qadami deya baholanishiga asos bo‘ladi259. Xulosa qilib aytganda, Shimoliy Baqtriya hududida so‘nggi bronza va ilk temir davrida dastlabki davlatchilik vujudga kelganligi, shahar va qishloqlar kabi aholi manzilgohlari taraqqiy qilganligi, sug‘orma dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik kabi sohalar rivojlanganligini arxeologiya hamda yozma manbalar ma’lumotlari isbotlaydi. Download 243.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling