Qozog‘iston rahbari maqbaralar tarixi bilan tanishdi, obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi. Qosim-Jomart Toqayev qardosh xalqlarimizning umumiy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilayotgan e’tibor uchun O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga minnatdorlik bildirdi. Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida Qozog‘iston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi. Faxriy qorovul bo‘linmasi boshlig‘i raport bergach, davlat rahbarlari qorovul safi oldidan o‘tib, o‘zbek harbiy xizmatchilarini qutladilar va O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘iga ehtirom ko‘rsatdilar. Prezidentlar rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdi. So‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbari qozog‘istonlik hamkasbi va ko‘p millatli Qozog‘iston xalqini 16 dekabr kuni nishonlangan Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Yetakchilar ushbu muzokaralar O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojiga yangi kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdilar. Davlat rahbari Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yaqin va ishonchli hamkori ekanini ta’kidladi. – O‘zbek va qozoq xalqlari – nafaqat yaqin qo‘shni, balki mushtarak tarixiy meros, madaniy va ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan qardoshlardir. Bu bizning bebaho boyligimiz, biz uni qadrlaymiz va qadrlashda davom etamiz. Bizning taqdirimiz bir, kelajagimiz ham umumiy, men bunga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv va boshqa sohalardagi munosabatlarni tubdan kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |