Undov so‘zlar haqida ma’lumot. His-hayajon, tuyg‘uni, haydash-chaqirishni bildiradigan so‘zlar turkumi undov deyiladi: eh, uh, o, e, uf, voy, ura, barakalla, ofarin, salom, xayr, xo‘sh, rahmat, balli, bay-bay, voy-bo‘y, a, ax, ohho, obbo, ey, ehhe, i, ie, o‘h, o‘hho‘, hm, him, be, tuf, hah, ho, hay-hay, eh, o‘, ha, iyi. Bu so‘zlar mustaqil so‘zlarga ham yordamchi so‘zlarga ham kirmaydigan ayrim so‘z turkumidir.
Undovlar yakka holda, juft holda yoki takrorlanib qo‘llanishi mumkin: oh, voy, oh-voh, dod-voy, bay-bay, hay-hay.
Juft va takrorlangan undovlar chiziqcha bilan yoziladi.
Undovlar ma’no jihatidan quyidagi turlarga bo‘linadi:
1. His-hayajon undovlari quyidagi ma’nolarni ifodalaydi:
1) shafqat, mehribonlik: ie, o, voy, voy-ey, eh; 2) sevinch, xursandchilik, zavqlanish: ho, o‘h-ho‘, ehe; 3) qoyil qolish, rohatlanish: hay-hay (takrorlansa), oh-oh; 4) mamnuniyat, faxrlanish, mag‘ rurlanish, xayrihohlik: e-ha, eh, ha-ya, o‘; 5) undash, ogohlantirish, tasdiq: ha.
Undovlar yozuvda gap bo‘laklaridan vergul bilan ajratiladi. Agar undov kuchli bo‘lsa, his-hayajon bilan aytilsa, undov belgisi qo‘yiladi: Eh! Havo naqadar sof va musaffo!
Undovlarning asosiy qismi yasama emas, lekin mustaqil so‘zlardan undovlarga ko‘chgan so‘zlar ham mavjud: 1) olmoshdan : qani; 2) fe’llardan: kel, hormang, yo‘qol, bor-ey, yashang, kechirasiz: Kel, bir bahslashaylik!
His-hayajon undovlari, odatda, gap bo‘lagi vazifasini bajarmaydi. Ular yo kirish so‘z, yoki so‘z-gap bo‘lib kelishi mumkin: Ie, men kimni ko‘ryapman? - Dod! - ichkaridan dodlagan ovoz eshitildi.
2. Buyruq-xitob undovlari ikki xil bo‘ladi: 1) odam¬larga qaratilgan undovlar: a) kishilarning diqqatini tortish uchun qo‘llanadigan: hoy, hay (bir marta aytilsa), hey, allo, ey; b) ta’kid, buyurish uchun qo‘llanadigan: ma, tss, jim, marsh; 2) hayvonlarga yoki boshqa jonivorlarga qaratilgan undovlar: a) hayvon va jonivorlarni chaqirish uchun qo‘llanadigan: kisht, bah-bah, mosh-mosh, tu-tu-tu, kuch-kuch, gah, chuh, beh-beh, qurey-qurey; b) hayvon va parrandalarni biror harakatdan to‘xtatish uchun qo‘llanadigan: ishsh, ho‘k, tak; v) hayvon va parrandalarni biror ishni bajarishga undash uchun ishlatiladigan: pisht, drr, xix, hov-hov, cho‘k, tek, hayt, chu.
Do'stlaringiz bilan baham: |