Mahalliy soliqlar va yig‘imlar – mahalliy byudjetlarga olinadigan
jismoniy va yuridik shaxslarning majburiy to‘lovlari. Ularning tarkibiga
quyidagilar kiradi: mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, reklama solig‘i, avtotransport
vositalarini olib sotganlik uchun soliq, savdo-sotiq qilish huquqi uchun
yig‘im, shu jumladan, ayrim turdagi tovarlarni sotish huquqini beruvchi
litsenziya yig‘imlari, yuridik shaxslarni, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati
bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni ro‘yxatga olganlik uchun yig‘im,
avtotransport to‘xtash joyidan foydalanganlik uchun yig‘im, obodonchilik
ishlari uchun yig‘im va boshqalar.
Mahsulot tannarxi tarkibiga kiritiladigan mahsulotni ishlab
chiqarish va sotish xarajatlari – maxsus Nizom asosida belgilanib, uning
tarkibiga mahsulot (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘liq
bo‘lgan xarajatlar, tabiiy xom ashyo, er, o‘rmon, suv resurslaridan
foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar, ishlab chiqarishni tayyorlash va
o‘zlashtirish xarajatlari, texnologik jarayonlarni takomillashtirish va mahsulot
sifatini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan nokapital xarakterdagi xarajatlar,
tajriba-eksperimental va ixtiro xarajatlari, ishlab chiqarish jarayoniga xizmat
ko‘rsatish xarajatlari kabilar kiradi.
Mahsulotning boj qiymati – mahsulot chegaradan o‘tayotgan
paytda uning egasi tomonidan e’lon qilinadigan qiymat. Uning to‘g‘riligini
aniqlash ustidan nazorat mahsulotlarni rasmiylashtiruvchi bojxona organlari
tomonidan amalga oshiriladi. Mahsulotlarning boj qiymatini aniqlashda turli
metodlardan foydalaniladi: a) kiritilayotgan mahsulotlarning bitim bahosi
bo‘yicha (eng ko‘p qo‘llaniladigan metod); b) turdosh (bir turdagi, bir xildagi)
mahsulotlar bitim bahosiga ko‘ra; v) qiymatni hisoblash metodi bo‘yicha; g)
qiymatlarni qo‘shish yo‘li bilan; d) rezerv metodi bo‘yicha.
Do'stlaringiz bilan baham: |