Tarix va ijtimoiy fanlar


Download 172.66 Kb.
bet3/11
Sana20.07.2020
Hajmi172.66 Kb.
#124338
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
MARKAZIY OSIYO QADIMGI YOZMA YODGORLIKLARI


Yozuv – muayyan bir tilda qabul etilgan va kishilar o‘rtasidagi muloqatga xizmat qiladigan yozma belgilar yoki tasvirlar tizimi. Yozuv kishilik jamiyati madaniy taraqqiyotining tom ma’nodagi ibtidosi, bashariyatning uzoq va murakkab tadrijiy takomili jarayonidagi omillarning eng asosiylaridan biri. Yozuv tildan ancha keyin paydo bo‘lgan (tovush tili 400500 ming yillar ilgari yuzaga kelgan), Yozuvning paydo bo‘lganiga esa 45 ming yillar bo‘lgan). Og‘zaki til (nutq)ning zamon (vaqt) va makon (masofa) nuqtai nazaridan cheklanganligi va uni bartaraf etish zaruriyati Yozuvning paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Yozuvning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti jamiyat rivoji, shuningdek, muayyan masofadagi kishilarning o‘zaro aloqa qilish ehtiyoji, siyosiy, huquqiy, diniy va estetik xarakterdagi axborotlarni qayd etish, saqdash zaruriyati bilan bevosita bog‘liq. Xalqlarning davlat sifatida birlashuvi nutqiy aloqa doirasini kengaytiradi va murakkablashtiradi, ishlab chiqarish va savdo kengayadi, boshqa xalqlar va davlatlar bilann harbiy, siyosiy va boshqa shartnomalar tuziladi, qonunlar paydo bo‘ladi va mustahkamlanadi, diniy qarashlar va mafkuraning boshqa turli ko‘rinishlari shakllanadi; xalqlarning o‘z tarixini bilishga bo‘lgan ehtiyoj kuchayadi. Bularning barchasini faqat og‘zaki nutq vositasida amalga oshirish mumkin emas. Bu sharoitda Yozuv zaruriyatga aylanadi.

Yozuv kishilik jamiyatining zaruriy ehtiyoji asosida paydo bo‘lib, rivojlanib borgan. Bugungi shaklini olgunga qadar uzoq, va murakkab tadrijiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan.

Rasmli yozuv (piktografiya) yozuv yaratish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lgan. Rasm bilan yozuv o‘rtasida uzviy bog‘liqlik mavjud, avvalo, har ikkalasi ham ko‘rish orqali idrok qilinadi. Piktografik yozuvni ibtidoiy tasviriy san’at ichida yuzaga kelgan deyish mumkin. Arxeolog olimlarning bundan juda ko‘p ming yilliklar ilgari insonlar tomonidan chizilgan turli rasmlarning mavjudligi haqidagi ma’lumotlari ma’lum. Toshlarga, suyaklarga, g‘or devorlariga o‘yib ishlangan xilma-xil hayvonlarning rasmlari, umumiy mazmunga birlashuvchi tasviriy lavhalar bularning bari piktografik yozuvning asoslaridir. Ana shu ibtidoiy tasviriy san’at ikki yo‘nalishda umuman rasmlar va muayyan axborot vositasi, ya’ni yozuv sifatida shakllana borgan. Rasmlar yordamida muayyan fikr-axborotni ifodalash, yuborish mumkin ekanligini odamlar juda qadimiy davrlarda anglab yetganlar. Shuning uchun ham rasmli yozuv (piktografiya) dunyodagi mavjud barcha yozuvlarning kelib chiqishi uchun asos bo‘lgan deyish mumkin. Piktografiyaning og‘zaki til bilan bog‘liq bo‘lmaganligi uning turli til vakillari tomonidan ham tushunilaverishini ta'min etgan, ammo unda ifodalangan mazmunning turlicha, ixtiyoriy talqin etilishiga yo‘l qo‘ygan, abstrakt tushunchalarni bunday yozuv orqali ifodalash deyarli mumkin bo‘lmagan. Davlat tuzumi rivojlanib, turli yozishmalarga va bu yozishmalarning ayni bir xil talqin qilinishiga bo‘lgan extiyoj kuchayib borgan sari piktografik yozuvning ojiz tomonlari ko‘proq ko‘zga tashlana boshlagan. Bu hol piktografik yozuvning taraqqiyotiga, ideografik va ieroglifik yozuvning shakllanishiga olib kelgan.

Rasmlarning soddalashuvi, ularning o‘zlari ifoda etgan buyumlarning nomiga, ramziga aylanishi va asta-sekin bu ramzlarning og‘zaki til bilan doimiy bog‘lanishi yozuvning takomillashib borishini belgilab beradi. Yozuv belgilari ideografik, ieroglifik belgilar sifatida muayyan so‘zlarning ifodachilariga aylanadi, bu yozuv “so‘z yozuvi” yoki “logografik yozuv” nomi bilan umumlashtiriladi. Eng qadimiy logografik yozuv tizimlari (misr ieroglifikasi, shumer mixxatlari, xitoy ieroglifikasi va b.) mil. av. 4-ming yillikning oxiridan mil. av. 2-ming yilliklarning boshlarigacha bo‘lgan davrda shakllangan. Haqiqiy ma’nodagi yozuv tizimlari dastlab qadimiy Sharqda vujudga kelgan.

Yozuvning keyingi taraqqiyot bosqichi bo‘g‘in yozuvi bo‘lib, u mil. av. 2-ming yilliklarning o‘rtalarida paydo bo‘lgan.

Harf-tovush yozuvining shakllanishi butun yozuv taraqqiyoti tarixida inqilob bo‘lgan. Bu yo‘nalishdagi ilk yozuv finikiy yezuvadir. Finikiy alifbosining paydo bo‘lishi insoniyat uchun yozuvni takomillashtirish borasida olg‘a qo‘yilgan qadam bo‘lgan. Birinchi marta sof tovush yozuvi sanoqli harflardan iborat mukammal alifboning yuzaga kelishi jamiyatdagi yozuvni biladigan kishilar doirasini kengaytirib yuborgan. Shuning uchun ham finikiy yozuvi juda tezlik bilan boshqa xalqlar orasida ham tarqalgan. Bu jarayon mil. av. 9-asrdan boshlangan.

Harf-tovush yozuvi dunyo xalqlari orasida juda tez tarqalgan va bu jarayon, asosan, o‘zlashtirish, u yoki bu tilning xususiyatini hisobga olgan holda moslashtirish yo’li bilan bo‘lgan.

O‘rta Osiyodagi xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqi turli yozuvlardan foydalanib kelgan. Bu yozuvlar avesto, paxlaviy, urxun-yenisey (runik), turkiy (uyg‘ur), sug‘d, arab, Kirill, lotin yozuvlaridir.

Markaziy Osiyoning qadimgi tarixini o’rganishda qadimda yuzaga kelgan ko’plab yozma manbalarning o’ziga xos o’rni va ahamiyati kattadir.



Epigrafik manbalar – Epigrafik manbalarning yozma merosdagi o‘rni (qattiq jismlar – tosh, metall, sopol, va b.) asosan, qadimgi va o‘rta asrlarga oid yozuvlar (bitiklar) ni to‘plash, nashr etish va sharhlashdan iboratdir. Qadimiy epigrafik manbalar Erondagi bitiklar, turkiy bitiklar, mixxatlarda yozilgan Ahamoniylar (550–330 mil.av) tarixiga oid forsiy matnlar (Behistun bitiklari, Persopol bitiklari, Naqshi Rustam), turkiy tildagi qadimgi yozma yodgorliklar (ko‘k turk, uyg‘ur, moniy, brahma, sug‘d, suryoniy, arab, lotin, arman yozuvlarida bitilgan) kiradi. O‘zbekiston hududidagi epigrafik manbalar. Temuriylar davri epigrafik manbalari (masjidlar, madrasalar, maqbaralar, qabrtoshlar va b. yodgorliklarda yozilgan yozma meros).

Oromiy yozuvi g‘arbiy som yozuvlaridan biri; oromiylar mil. av. 1-ming yillikning boshlarida finikiy yozuvi asosida shakllantirgan kansonant yozuv. Oromiylar finikiy yozuvining alifbo tarkibini o‘zgartirmagan holda (oromiy alifbosi ham faqat undoshlarni ifodalovchi 22 harfdan iborat bo‘lgan), unga ayrim o‘zgarishlar kiritganlar: harflarni tashkil etuvchi unsurlar sonini kamaytirish yoki unsurlar shaklini o‘zgartirish orqali juda ko‘p harflarning shakllarini soddalashtirganlar va yozuvni tez yozishga moslashtirganlar. Oromiy yozuvida so‘zlar asosan ajratib yozilgan: dastlabki so‘zlar-ni ajratuvchi belgilar – bir vertikal chiziq yoki nuqta qo‘llangan, keyinchalik esa so‘zlar o‘rtasida bo‘sh joy qoldirish bilan so‘zlar o‘zaro ajratilgan. Oromiy yozuvida harflar alohida-alohida, ligaturasiz (2 harfni bir harf shakliga keltirmasdan) yozilgan; o‘ziga xos xususiyatlaridan biri d va g harflariningfarqlanmasligidir. Oromiy yozuvi va oromiy tili mil. av. 6–4-asrlarda yangi ossur va qadimiy fors davrlarida butun G‘arbiy Osiyoda, hatto Misr, Kichik Osiyo va Hindistonda devonxonalarning rasmiy yozuvi va tiliga – xalqaro aloqa vositasiga aylangan. Oromiy yozuvi nafaqat monumental toshbitiklarda, balki sopol buyumlarda (sopol parchalarida) va papiruslarda saqlanib qolgan. Bu yozuv g‘arbiy som yozuvlarining mil. av. 3–2-asrlardagi ko‘plab oromiy variantlarining, suryoniy, kvadrat shaklli yahudiy, arab, pahlaviy, so‘g‘d, uyg‘ur, mo‘g‘ul yozuvlarining kelib chiqishiga asos bo‘lgan. Oromiy yozuvidagi eng qadimiy yozma yodgorliklar mil. av. 9–8-asrlarga mansub.

Oromiylar (arameylar) – Arabiston yarim orolidan chiqqan ko‘chmanchi somiy qabilalar. Mil. av. 14–11-asrlarda Fapbiy Osiyo bo‘ylab tarqalganlar. Ilk bor mil. av. 3-ming yillik o‘rtalariga oid manbalarda qayd etilgan. Oromiy tili milodning boshlarida G‘arbiy Osiyoning asosiy og‘zaki nutqiga aylangan. Oromiyning avlodlari – hozirgi ossuriylar (oysorlar).

Oromo tili kushit tillaridan biri. Efiopiyaning markaziy va sharqiy hududlarida hamda Shimoliy Keniyada tarqalgan, 8 mln.dan ortiq kishi so‘zlashadi. Laqjalari shimoliy (tulama, borana va b.) va janubiy (bararetta, uata va b.) guruhlarga bo‘linadi. Efiop alifbosi asosida yozuvi 1977 yilda joriy etilgan. Oromiy tilida davriy matbuot chop etiladi, boshlang‘ich maktablarda o‘qish-o‘qitish ishlari amalga oshiriladi, radio eshittirishlar olib boriladi.

Yozuv bilan til o‘zaro chambarchas bog‘liq. Biror tilni shu tilning yozuvini o‘rganmasdan, yoki aksincha, biror yozuvni shu yozuvga tegishli bo‘lgan tilni bilmasdan o‘rganish mumkin emas.


Nazorat savollari:

1. Ibtidoiy san’atning yuzaga kelishi qanday shart – sharoitlarda yuzaga kelgan?

2. Epigrafik manbalarning Markaziy Osiyo tarixida tutgan o’rni qanday darajada?

3. Oromiy yozuvi qachon va qaysi hududda paydo bo’lgan?

4. Oromiy yozuvi qaysi hududlarga qay tariqa tarqalgan?

5. Markaziy Osiyoning qaysi hududlarida oromiy yozuvi yodgorliklari topilgan?


Foydalaniladigan adabiyotlar:

1. Ahmedov B. O’zbekiston xalqlari tarixi manbalari (qadimgi va o’rta asrlar) – Т., 1992.

2. Sagdullayev A. Qadimgi O’zbekiston ilk yozma manbalarda. – T., 1996.

3. Qayumov A., Ishoqov M., Otaxo’jaev A., Sodiqov Q. Qadimgi yozma yodgorliklar O‘quv qo‘llanma. - T.: “Yozuvchi”, 2000.

4. Xo’jayev A., Xo’jayev K. Qadimgi manbalarda xalqimiz o’tmishi. – T., 2001.

5. O’zbekiston Milliy Enseklopediyasi 1 – 12 jildlari.

6. Choriyev Z., Shaydullayev Sh.O’zbekiston hududida yozuvning paydo bo’lishi va taraqqiyoti. – T., 2007.
4 Mavzu: Qadimgi Eron yodgorliklarida Markaziy Osiyo tarixining aks ettirilishi
REJA:

1. Qadimgi davrga xos ijtimoiy–siyosiy voqyealar va ularning o‘zigi xos xususiyatlari

2. Tosh va sopolga o‘yib yozilgan katibalar, bitiktoshlar va ularning ahamiyati

3. “Avesto” – Markaziy Osiyo tarixi haqidagi eng qadimgi yozma yodgorlik

4. “Podshohnoma”, “Ming bir nafar huquqiy ajrim”, “Shohnoma” va boshqa asarlarning tarixiy ahamiyati

5. Qadimgi hind manbalari va ularning mohiyati


Tayanch tushunchalar:

Arxeologik manbalar, yozma yodgorliklar, tasvirlar, suratlar, tarixiy yozuvlar, mixxat yozuvi, pahlaviy yozuvi, katibalar, releflar, “Avesto”, “Podshohnoma”, “Ming bir nafar huquqiy ajrim”, “Shohnoma”, etik – didaktik xarakterdagi asarlar.
O‘zbekiston hududi ham, Eron. Hindiston, Misr, Mesopotamiya, Yunoniston, Rim, Xitoy singari mamlakatlar kabi ilk madaniyat o‘choqlaridan hisoblanadi. Lekin, uning qadimiy madaniyati haqida ma'lumotlar juda kam saqlangan. Biz yurtimizning faqat miloddan avvalgi VI asrlardan keyingi ijtimoiy – siyosiy hayoti haqida ma'lum darajadagi yozma ma'lumotlarga egamiz.

Eron, Hindiston va ayniqsa, qadimgi Yunoniston va Rim manbalarida saqlangan ma'lumotlarga qaraganda qadim zamonlardan hozirgi O‘zbekiston hududida istiqomat qilgan sak, massaget va boshqa qabilalar urug‘chilik tuzumini boshdan kechirganlar, chorvachilik, dehqonchilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanganlar.

Miloddan avvalgi VI–IV asrlarda yurtimiz hududlari Ahamoniylar, yunon–makedonlar asoratiga tushib qoladi. Ushbu davrda bu yerda istiqomat qilayotgan xalqlar hayotida muhim ijtimoiy – siyosiy o‘zgarishlar sodir bo‘lgan.

Bosqinchilar va yurtimiz xalqlari o‘rtasidagi tniimsiz kurashlar, xalqimizning chet el bosqinchilariga qarshi harakatlari ulkan saltanatlarning kuchsizlanishiga, mahalliy xalqlarni ular asoratidan ozod bo‘lishiga olib kelgan.

Ahamoniylar, yunon–makedoniyaliklar davlatining tanazzulga yuz tutishi natijasida mamlakatimiz hududida mustaqil bir nechta davlatlar vujudga kelgan. Bular: Yunon – Baqtriya, Kushon, Qang‘, Dovon kabi davlatlar edi. Ushbu qadimiy davlatlarning har biri o‘ziga xos bo‘lgan tarixiy jarayonlarni boshdan kechirgan. Mamlakatimizning davlatchiligi va uning ijtimoiy–siyosiy tarixida qadimgi davlatlarning har biri o‘ziga xos o‘ringa egadir.

Tosh va sopolga o‘yib yozilgan katibalarda, “Avesto”, “Podshohnoma”, “Ming bir nafar huquqiy ajrim”, “Shohnoma” kabi asarlarda Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, ijtimoiy – siyosiy hayoti, madaniyati, e'tiqodi o‘ziga xos tarzda bayon qilingandir.

Yurtimizning qadimgi tarixini o‘rganishda tosh va sopol buyumlarga o‘yib yozilgan bitiklar ya'ni katibalarni o‘rganish ham katta ahamiyatga egadir. Shunday katibalar asosan Eron hududlaridan topib o‘rganilgan.

Tosh va sopolga o‘yib yozilgan katibalar ya'ni bitiktoshlar Ahamoniylarning qadimgi poytaxti Persopol, Suza va Ekbatana (hozirgi Hamadon) shaharlari va ularning atroflaridan topilgan.

– Pishiq sopol taxtachaga o‘yib yozilgan bir katibada Doro I hukmronligining dastlabki yillarida mil.avv. 494-490 yillar orasida Suzada bunyod etilgan saroyning qurilishi tafsiloti bayon etilgan. Ushbu bitiklarda qurilishda ishlatilgan materiallarning qaysi mamlakatdan keltirilganligi ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan: Lidiya va Baqtriyadan oltin, qimmatbaho toshlar So‘g‘diyonadan, firuza Xorazmdan olib kelinganligi bitilgan.

– Sheroz shahrining shimoliy tarafida, undan taxminan 50 km masofada joylashgan Persepol shahridan topilgan topilgan yozuvlar va tasviriy surat – releflar katta ilmiy qiymatga ega bo‘lgan topilmalardir. Bir qator chet el olimlari tomonidan olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida Persepoldan juda ko‘plab noyob yodgorliklar ochib o‘rganilgan. Ular orasida Apadana zinalari ustiga ishlangan tasviriy suratlar alohida ahamiyat kasb etadi. Suratlarda ahamoniylarga tobe bo‘lgan 23 satraplikdan o‘lpon olib kelgan kishilar qiyofasi tasvirlangan.



  • Persepoldan 5 km uzoqlikdagi masofada uning shimol tarafida Husaynkuh qoyalarida ahamoniylardan Doro I, Kserks I, Artakserks I va Doro II-larning maqbaralari hamda ularga kiraverishda o‘yib yozilgan katibalar bor. Mazkur yodgorlik sosoniy sarkardalardan Rustam nomi bilan ham bog‘liq va tarixda ko‘pincha Naqshi Rustam bitigi deb ham ataladi. Rustam 636 yili arablar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lgan. Katibalarda ahamoniylar davlati ko‘klarga ko‘tarilib maqtalgan. Ayniqsa Doro I surati ostiga o‘yib ishlangan bitikda buni yaqqol ko‘rish mumkin. Ushbu bitiklarning muhim ahamiyatga ega ekanligi shundaki ahamoniylarga tobe bo‘lgan 23 satraplik va xalqlarning to‘la ro‘yxati yozilgan.

  • Yodgorliklar orasida muhimlaridan yana biri mashhur Behistun bitigidir. Bu yozuvlar uzunligi 22 m, umumiy balandligi 7,8 m bo‘lib, shimoliy Eronda. Kirmonshohdan 30 km masofada, daryo bo‘ylab o‘tgan qadimgi karvon yo‘li yoqasida, uning chap tarafidagi Zagros nomli tik qoyaga taxminan 105 metr balandlikda Doro I amri bilan yozilgan g‘alaba yodgorligidir.

“Avesto” – Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi bo‘lib, Eron hamda O‘rta Osiyo xalqlarining qadimgi madaniyati, z'tiqodi, tili, adabiyoti va tarixini o‘rganishda asosiy yozma manba hisoblanadi.

“Avesto” matni to‘liq saqlanmagan. Asarning saqlanib qolgan qismlarini saqlash va kitob holiga keltirish ishlari Parfiya podshosi Valgash III (148-192) hamda Sosoniylar (milodning III asri) davrida ham davom etirildi. “Avesto” sosoniylar hukmdori Shopur II (309-379 y.y.) davrida tartibga solindi, izohlar va qo‘shimchalar (zand) bilan boyitildi va to‘la kitob holiga keltirilib, asosiy qismlari pahlaviy tiliga tarjima qilindi. Bu kitob “Zand Avesto” nomi bilan mashhurdir. Afsuski, “Zand Avesto” ham bizgacha to‘liq holda yetib kelmagan. Asarning bizgacha yetib kelgan qismi professor B.E.Bertelsning ma'lumotiga qaraganda 83000 so‘zdan iborat. U, asosan to‘rt qismdan – yasna, yashtov, vispered, vendidaddan iborat. Yasna tarkibiga kirgan gat deb ataladigan qo‘shiqlar Avestoning eng ko‘hna va qimmatli qismlaridir.

“Avesto”ning qo‘shiqlari va qissalari Abulqosim Firdavsiyning (tax.940-1030 y.y.) “Shohnoma” dostoniga manba bo‘lib xizmat qilgan.

“Avesto”ning Kopengagenda saqlanayotgan yagona nusxasi asosida tayyorlangan fotomatni 1937-1944 yillarda olti jild qilib nashr etilgan.

Xvaday namak” (“Podshohnoma”) qadimgi Eronning 627 yilgacha bo‘lgan ijtimoiy – siyosiy hayotidan ma'lumot beruvchi afsonaviy tarixiy asar bo‘lib, pahlaviy tilda yozilgan. Sosoniylar podshosi Yazigard III (632-651 y.y.)ga yaqin kishi tomonidan 632-637 yillar oralig‘ida yozib tamomlangan. Asar ayniqsa Ahamoniylar, Ashkoniylar va Sosoniylar tarixi bo‘yicha muhim manba hisoblanadi.

“Xvaday namak” mashhur shoir, olim va tarjimon Abdulloh ibn Muqaffa (721-757 y.y.) tomonidan tarjima qilinib, “Siyar al-muluk” deb atalgan. Lekin, asarning o‘zi ham, uning tarjimasi ham bizgacha yetib kelmagan. Uning ayrim parchalari Ya'qubiy, Tabariy, Ibn al-Asir, shuningdek Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”sida saqlanib qolgan.

Matakdani hazar datastin” (“Ming bir nafar huquqiy ajrim”) asari VIII asrda pahlaviy tilida yozilgan bo‘lib, unda Eronnnig Sosoniylar davridagi davlat tuzilishi va uning ijtimoiy hayoti haqida qimmatli ma'lumotlarni beradi. Asarning faqat ayrim qismlarigina saqlangan.

Shahristonhoyi Eron” (Eron shaharlari haqida risola) geogrfik asar bo‘lib, Eronning Sosoniylar davridagi geografik holati va ularning bunyod etilishi haqida ma'lumot beradi.

Ajoyib as-Sakiston” (Sakiston viloyatining ajoyibotlari) asari Eronning ko‘hna viloyatlaridan bo‘lgan Sakiston ya'ni Seistonga bag‘ishlangan. “Shahristonhoyi Eron”, “Ajoyib as-Sakiston” asarlari pahlaviy tilda VIII asrning ikkinchi yarmida yozilgan. “Shahristonhoyi Eron” asarining matni va qisqacha inglizcha tarjimasi J.Asana hamda Modi tomonidan 1897 va 1899 yillarda Bombeyda chop etilgan.

Qadimgi Eronning ijtimoiy – siyosiy hayotiga oid ma'lumotlarni bir qator “Mazdak haqida qissa”, “Zarira haqida rivoyat”, “Podshoh Xusrav va uning mahrami” kabi tarixiy qissalarda uchratamiz.

Sosoniylar davlatining ichki va tashqi siyosati asoslarini o‘rganishda “Andarznoma” (“Nasihatnoma”), “Tojnoma” kabi epik – didaktik xarakterdagi asarlarning ham qimmati kattadir.

Shohnoma” – Abulqosim Firdavsiy qalamiga mansub ushbu asar uch qism va 65 ming baytdan iborat doston bo‘lib, u 976-1011 yillar orasida yozilgan.

“Shohnoma”ning birinchi qismi afsonaviy bo‘lib, “Avesto” materiallariga asoslanib yozilgan va Eron hamda Turon xalqlarining diniy aqidalari va rivoyatlaridan bahs yuritadi.

Asarning ikkinchi va uchinchi qismlari muhim hisoblanadi. Ikkinchi qismi qahramonlik dostoni bo‘lib, qadimgi Eron podshohlari va ular zamonida o‘tgan qahramonlar Rustam va Kova siymolari talqin qilinadi.

“Shohnoma”ning uchinchi qismi tarixiy doston bo‘lib, unda Eron va Turonning zardushtiylikning paydo bo‘lishidan tortib to arablar istilosigacha bo‘lgan siyosiy hayoti talqin qilingan.

“Shohnoma”ning qo‘lyozma nusxalari ko‘p mamlakatlarning kutubxonalarida, shuningdek O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Asarning to‘la matni 1829 yil Hindistonda, 1838-1878 yillarda Fransiyada, 1877-1884 yillarda Germaniyada, 1934-1936 yillarda Eronda, 1960-1971 yillarda Rossiyada chop etilgan. Rus va o‘zbek tillariga tarjima qilingan.

“Shohnoma” matnlarini tiklash ustida manbashunoslik tadqiqot ishlarini Boysung‘ur Mirzo ibn Shohruh Mirzo Hirotda olib borgan. Ko‘p tarixchilar, xususan Muhammad Mirxond undan manba sifatida foydalangan. Alisher Navoiy esa bu asarda lof ko‘pligini qayd etgan.

Sak, massagetlar, toharlar va qadimgi Qang‘ xalqlari, ularning ijtimoiy – iqtisodiy hayoti haqidagi qimmatli ma'lumotlar hindlarning epik dostoni “Mahobharata” (“Bharata avlodlari jangnomasi”)da ham uchraydi.

“Mahobharata” sanskrit tilida yozilgan bo‘lib, 100 ming baytni o‘z ichiga olgan 18 kitobdan iborat. Asar miloddan avvalgi X–VIII asrlarda yaratilgan.

Asarda Hindistonga savdo – sotiq ishlari bilan borgan saklar, toharlar, qang‘aliklar haqida muhim ma'lumotlar uchraydi.

Markaziy Osiyoning qadimgi tarixini o‘rganishda yuqorida keltirib o‘tilgan asarlarning har biri o‘ziga xos o‘rin va ahamiyatga egadir. Ushbu asarlarning har biri yurtimiz tarixini yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Nazorat savollari:

1. Qadimgi davrga xos ijtimoiy–siyosiy voqyealar yozma manbalarda qanday talqin qilinadi?

2. Tosh va sopolga o‘yib yozilgan katibalar, bitiktoshlar qanday ahamiyatga ega?

3. “Avesto” – Markaziy Osiyo tarixi haqidagi eng qadimgi yozma yodgorlik sifatida qanday ahamiyatga ega hisoblanadi?

4. “Podshohnoma”, “Ming bir nafar huquqiy ajrim”, “Shohnoma” va boshqa asarlar yurtimizning qadimgi tarixini o‘rganishda qanday o‘rin tutadi.

5. Qadimgi hind manbalari yurtimiz tarixida qanday rol o‘ynaydi?



Foydalaniladigan adabiyotlar:

1. Ahmedov B. O’zbekiston xalqlari tarixi manbalari (qadimgi va o’rta asrlar) – Т., 1992.

2. Sagdullayev A. Qadimgi O’zbekiston ilk yozma manbalarda. – T., 1996.

3. Qayumov A., Ishoqov M., Otaxo’jaev A., Sodiqov Q. Qadimgi yozma yodgorliklar O‘quv qo‘llanma. - T.: “Yozuvchi”, 2000.

4. Xo’jayev A., Xo’jayev K. Qadimgi manbalarda xalqimiz o’tmishi. – T., 2001.

5. O’zbekiston Milliy Enseklopediyasi 1 – 12 jildlari.

6. Choriyev Z., Shaydullayev Sh.O’zbekiston hududida yozuvning paydo bo’lishi va taraqqiyoti. – T., 2007.
5 Mavzu: Qadimgi yunon va rim yozma manbalarida Markaziy Osiyo tarixining yoritilishi
Reja:

1. Qadimgi yunon manbalarida Markaziy Osiyo hududlarining yoritilishi

2. Qadimgi rim manbalarida Markaziy Osiyo hududlarining yoritilishi

3. Qadimgi yunon va rim yozma manbalari asosida Markaziy Osiyo tarixini o‘rganishning o‘ziga xos ahamiyati

4. Qadimgi yunon va rim manbalarining ilmiy ahamiyati
Tayanch tushunchalar:

Yozma manbalar, tarixchi olimlar, geograflar, ijtimoiy – iqtisodiy hayot, savdo–sotiq, aloqalar, Esxil, Gerodot, Ktesiy, Ksenofont, Aristotel, Aristobul, Arrian, Kvint Kursiy Ruf, Diodor, Pompey Trog, Plutarx, Strabon, Polibiy, Pliniy, Tatsit, Klavdiy Ptolemey.
O‘zbekistonning qadimgi tarixini o‘rganishda qadimgi Yunoniston va Rim tarixchilari hamda geograf olimlarining asarlari ham muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Qadimgi Yunon va Rim manbalari Esxil, Gerodot, yevripid, Ktesiy, Ksenofont, Efir, Aristotel, Aristobul, Arrian, Kvint Kursiy Ruf, Diodor, Pompey Trog va Yustin, Plutarx, Strabon, Polibiy, Pliniy, Tatsit, Klavdiy Ptolemey kabi ko‘plab mualliflar tomonidan yaratilgan. Mazkur mualliflar asarlarida Qadimgi Yunoniston tarixi, Aleksandr Makedonskiy yurishlari, Rim imperiyasi tarixi, ushbu davlatlarning ko‘lami, siyosiy, ijtimoiy–iqtisodiy, madaniy rivoji, turli hududlarda yashovchi xalqlar, savdo yo‘llari kabilar haqida ma'lumotlar qayd etilgan.

Qadimgi yunon va rim manbalarida Markaziy Osiyo hududida yashovchi turli xalqlarning joylashgan o‘rni, yashash tarzi, siyosiy, ijtimoiy–iqtisodiy, madaniy hayoti, savdo–sotiq aloqalari kabilar haqida ma'lumotlar uchraydi.

Qadimgi Yunoniston va Rim tarixchilari hamda geograf olimlarining asarlari o‘lkamizning qadimgi davrlar tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Quyida ularning ayrimlarining asarlari haqida ma'lumotlar bilan tanishamiz:



Gerodot (mil.avv.490-480–mil.avv.431-425 y.y.) – Kichik Osiyodagi Galikarnass shahrida tug‘ilgan. U 10 yil mobaynida (mil.avv.455–445 yillar) Liviya, Misr, Ossuriya, Bobil, Ekbatanga sayyohat qilib, qadimgi Sharq tarixi haqida ko‘plab ma'lumotlar to‘plagan. Gerodot Ellada va Sharq mamlakatlarining qadimgi davridan to mil.avv. 479 yilgacha bo‘lgan ijtimoiy–siyosiy hayotidan hikoya qiluvchi 9 kitobdan iborat “Tarix” asarini yaratadi. Bu asar umumiy tarix yo‘nalishida yozilgan birinchi kitob hisoblanadi. Sitseron (mil.avv.106-43) Gerodotni tarix “otasi” deb atagan.

Gerodot Markaziy Osiyoda hyech qachon bo‘lmagan va bu hudud haqida o‘zi eshitgan hikoyalari, surishtirib bilganlari asosida yozgan. Gerodotning “Tarix” kitobi mil.avv. 455-445 yillar davomida yozgan. Bu muhim asarda Gerodot Baqtriya va baqtriyaliklarni 13 marta, so‘g‘dliklarni 2 marta, saklarni 11 marta, massagetlarni 19 marta tilga olib, ularning moddiy madaniyati, urf–odatlari, dini va tarixi haqida hikoya qilgan.

Gerodotning Markaziy Osiyo to‘g‘risidagi asosiy fikrlari forslarning sak–massagetlarga qarshi yurishlari, Kir II va To‘maris o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar, ahamoniylar harbiy qo‘shinlari safida yurtimiz xalqlari jangchilarining ishtiroki, ularning yarog‘–aslahalari, yo‘lboshchilari, yunon–fors urushlarida ularning ko‘rsatgan jasorati, xalqlarning ahamoniylar davlatiga bo‘ysinishi va maxsus xiroj to‘lashi, sak–massagetlarning urf–odatlari, turmush tarzi va e'tiqodi, Markaziy Osiyodagi daryo suvlaridan foydalanishi haqida va boshqa ayrim ma'lumotlardan iborat.

Gerodotning asarida Markaziy Osiyo xalqlarining Kserks qo‘shinlari ichida qadimgi dunyo tarixida mashhur bo‘lgan Marafon va Salamin janglarida qatnashganliklari haqida ham ma'lumotlar uchraydi. Gerodot “Tarix” kitobining VII kitobida bergan ma'lumotiga ko‘ra, Kserksning otliq qo‘shinlarida faqat ayrim xalqlargina maxsus xizmat qilganlar – forslar, midiyaliklar, saklar, baqtriyaliklar, sagartiylar, hindlar, liviyaliklar, kaspiylar, parikaniylar va arablar bo‘lgan.

Gerodot, garchi o‘zi bayon etayotgan voqyealar ustida chuqur mulohaza yuritmasa ham, ularni to‘g‘ri bayon etishi, o‘zga xalqlar va mamlakatlar tarixiga hurmat nuhtai nazaridan qarashi bilan ba'zi tarixchilardan ajralib turgan. “Tarix” kitobining Shteyn tomonidan tayyorlangan tanqidiy matni 1869-1871 yillarda chop etilgan. Kitob 1856-1860 yillarda Londonda Roulson tomonidan ingliz tiliga, 1858-1860 yillarda Moskvada F.G.Mishchenko tomonidan rus tiliga tarjima qilingan. Mamlakatimiz tarixiga oid qismlari zarur izohlar bilan 1982 yilda A.I.Davatur, D.I.Kallistov hamda I.A.Shishova tomonidan yangidan nashr etilgan.

Gerodotning tarixiy an'analarini davom ettirgan yunon tarixshunosi Ktesiy – Kichik Osiyoning Knid shahridan bo‘lgan. U mil.avv. 414 yildan boshlab ahamoniylar podshosi Artakserks II (mil.avv. 404-359 y.y.) saroyida tabib vazifasida ishlagan. Ktesiy Sharq dostonlari va tarixiga juda qiziqqan. Shuning uchun ham u qadimgi davlatlar va shaharlar to‘g‘risda ancha ma'lumotlar to‘plagan. Ayniqsa, Ktesiyni Hindiston va Baqtriya qiziqtirgan. Ktesiy “Persika” asarining katta qismini baqtriyaliklar tarixiga bag‘ishlagan. “Persika” mil.avv. 398 yildan so‘ng yozilgan. Ktesiy Ossuriya podshosi Nin va Baqtriya podshosi Oksiart urushlari haqida hamda Kir II ning baqtriyaliklar bilan urushi to‘g‘risida hikoya qilgan. Ba'zi olimlar Ktesiyni Gerodotga nisbatan ishochsizroq muallif deb hisoblaydilar. Ularning fikricha. Ossuriya podsholari hyech qachon Sharqning uzoq chegaralariga yurishlar qilmaganlar deb faraz qilinadi.

Ktesiy Baqtriyaning ko‘p sonli istehkomlari, qal'alari va shaharlari to‘g‘risida, uning mustahkamlangan poytaxti haqida yozadi. Hozirgi kunda Baqtriya hududidan mil.avv. I ming yillikning birinchi yarmiga oid 240 dan ortiq uy – qo‘rg‘onlar, qal'alar va shahar qoldiqlari topib tekshirilgan.


Download 172.66 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling