Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet26/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Pekinda 8 asrdan "Poytaxt axboroti" nomli gazeta chiqariladi. Unda imperator farmonlari va eng muhim voqealar haqida xabarlar berib borilgan. Gazetani yog'ochda o'yib yozilgan matndan ko'pay-tirishgan.

Xitoy tabiblari murakkab jarrohlik muolajalarini o'tkazib, turli o'simliklarning shifobaxsh xususiyatlarini aniqlab, ulardan dori-darmonlar tayyorlaganlar. Xitoyda dastlabki pantomima-imo teatri tashkil etilgan. Buddizmning tarqalishi nafaqat xitoyliklar hayotiga, balki ularning me'morchiligiga ham katta ta'sir ko'rsatadi.

Yodda tuting!

8 asrda "Poytaxt axboroti" nomli gazeta chiqarilgan. Xitoyda dastlabki pantomima-imo teatri tashkil etilgan.

2 BO'LIM.

DUNYo XALQLARI O'RTA ASRLARNING RIVOJLANGAN DAVRIDA (11-15 asrlar)

3 BOB. HUNARMANDCHILIK VA SAVDO-SOTIQNING RIVOJLANISHI. SHAHARLARNING YuKSALISHI

15-§. YeVROPADA O'RTA ASR SHAHARLARINING SHAKLLANISHI

Xo'jalik taraqqiyoti. Yevropada 10-11 asrlarda ishlab chiqarish yuksalib, u eng avvalo hunarmandchilikda kuzatiladi. Meh-nat qurollarining takomillashuvi, ustalar mahoratining oshishi hunarmandchilikni dehqonchilikdan alohida sohaga aylantiradi. Mehnat qurollari, ritsarlarning qurol-aslahalari, himoya anjomlari tayyorlash uchun ko'plab metall zarur edi. Ehtiyojning oshishi Yevropada temir rudasini kovlab olish, eritish va ishlov berishni tezlashishiga olib keladi. Zig'irpoyadan to'qilgan gazlamalar odamlarni qoniqtirmay, jundan mato-movut to'qiy boshlaydilar. Gazlama to'qishda yotiq dastgohlardan foydalanish ishning unumdorligi va mahsulot sifatini oshiradi.

Dehqonchilikda olinadigan hosilning oshib borishi, hunarmandchilik va savdoning yuksalishiga yo'l ochadi. Aholining ko'payib borishi o'rmonlarni kesib, yangi yerlarni o'zlashtirish, ekin maydonlarini ko'paytirishni talab qiladi. Qishloq xo'jaligida g'alla yetishtirishdan tashqari, bog'dorchilik, uzumchilik polizchilik, rivojlanadi. Vinochilik, yog'-moy olish, tegirmonchilik sohalari xuddi shu davrdan yuksala boshlaydi.

Dehqonchilikda ikki dalali almashlab ekish o'rnini uch dalali almashlab ekish egallaydi. Unda ekinzor uchga bo'linib, birinchi qismiga kuzgi, ikkinchisiga bahorgi g'alla ekilsa, uchinchi maydon shudgor holida qoldirilib yerga dam berilgan. Bu usulda yerning yarmi emas, uchdan ikki qismi band bo'lishi, mahsulot yetishtirishni ko'paytirish imkonini yaratadi.

Yodda tuting!

Rivojlangan o'rta asrlarda uch dalali almashlab ekishga o'tilishi dehqonchilikda mahsulotlarni ko'payishiga olib keldi.

Og'ir g'ildirakli plugning tarqalishi g'allani ekishdan oldin, yerni 2-3 marta haydash uchun imkoniyat yaratadi. Bo'yinturuqning kashf etilishi esa plugni otga qo'shib yerni haydashni tezlashtiradi. Hosildorlikning oshishi dehqon xo'jaligida ortiqcha mahsulotning ko'payishiga va uni hunarmandchilik buyumlariga ayirboshlashga yo'l ochadi.

Hunarmandlar tayyorlaydigan buyumlar turi, soni, sifati oshib boradi. Lekin qishloqda feodal hokimiyatning bo'lishi hunarmandning erkinligini cheklagan. Natijada ular qishloqlardan qochib, o'z buyumlarini tayyorlash va sotish imkoniyati bo'lgan joylarga keta boshlaydi.

O'rta asr shaharlari. Yevropada shaharlarning paydo bo'lishi va yuksalishi turli mamlakatlarda turlicha bo'ladi. Dastlab Italiya va Fransiyaning janubidagi: Venetsiya, Genuya, Florensiya, Marsel, Tuluzalar 9-10 asrlardayoq yuksala boshlaydi. Vizantiya va SHarq mamlakatlari bilan O'rta dengiz orqali savdo yo'lida joylashgani bu shaharlarga qo'l keladi. Fransiyaning shimolida, Niderlandiya, Angliya va Germaniyada yangi shaharlar 10-11 asrlardan vujudga keladi. Vengriya, Boltiqbo'yi, Rus yerlarida esa shaharlar 12-13 asrlardan ko'payadi. Yevropa sha-harlarini turli asrlarda vujudga kelishining asosiy sababi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi farqlar edi.

SHaharlar eng avvalo xavfsizlik, dushman hujumidan himoyalanishga qulay, qolaversa hunarmandlar o'zlari yasagan buyumlarni sota olish imkoniyati bo'lgan joylarda quriladi.

SHaharlar hayoti. SHaharlar ko'pincha feodallar yerida vujudga kelgan. Dastlab feodallar o'z yerlaridagi shaharlarga homiylik qilib, ko'chib kelgan hunarmandlarni soliqlardan ozod etgan. Ammo shaharlar o'sib, boyib borishi bilan xo'jayinlar ulardan ko'proq daromad olishga intilganlar. Feodallarning jabri hunarmandchilik va savdoning yuksalishiga to'sqinlik qila boshlaydi. Natijada shaharliklar senor hukmidan ozodlikka chiqishga intilganlar. Ko'pincha shaharlar o'z erkinligini to'lov, pul evaziga qo'lga kiritgan. Bunday imkoniyat bo'lmagan holda ozodlik uchun qo'zg'olon yo'li tutilgan. Fransiyaning qator shaharlarida 12-13 asrlarda senorlarga qarshi kurash bo'lib o'tadi.

Monastir va qasrlarda yashovchilar hunarmandlarga buyurtmalar bergani, dushman xavf solganida yashirinishi imkoniyati bo'lishi, ularning atrofida shaharlarni shakllanishiga sabab bo'lgan. Yevropadagi Myunster, Sen-Gallen, Sen-Dene, shaharlari monastirlar, Strasburg, Gamburg, Augsburglar feodallar qal'alari atrofida, Padeborn, Bremen, Sveybryukken, Bryuggelar daryo sohillari bo'ylarida, ko'priklar yonida barpo qilingan.

Yodda tuting!

O'rta asr shaharlari eng avvalo xavfsizlik, dushman hujumidan himoyalanishdan qulay, qolaversa hunarmandlar o'zlari yasagan buyumlarni sota olish imkoniyati bo'lgan joylarda qurilgan.

SHaharlarning ko'rinishi. Dastlab shaharlar qishloqlardan aholisining ko'pligi bilangina farq qilgan, xolos. SHaharlar atrofi minorali mudofaa devori, suv to'ldirilgan handaqlar bilan o'ralgan. Qo'riqchi-soqchilar minoralarda tun-u kun almashib turgan. Dush-mandan himoyalanish maqsadida shahar darvozalari va ko'priklari mustahkam temirdan yasalgan. Darvozalar ichidan mahkam tam-balangan. Kechasi handaqlar ustidagi ko'priklar ko'tarib qo'yilgan va shahar darvozasi yopilgan.

SHahar markazida bozor maydoni, uning yonida ibodatxona joylashgan. SHahar kengashi binosi-ratusha ham shu yerda qurilgan. SHahar mavzelari alohida dahalarga bo'lingan. Dahalarning har birida ma'lum kasb-kordagi hunarmandlar yashaganlar.

SHahardagi uylarning aksari qismi yog'ochdan qurilgan. Ular zich qurilib, ko'pincha bir-biriga tutashib ketgan. Ko'chalar tor, ayrimlari eniga ikki metrdan oshmagan. Uzoq asrlar davomida tunda ko'chalar yor-itilmagan, suv quvurlari va kanalizatsiya bo'lmagan. Axlatlar ham to'g'ridan-to'g'ri ko'chaga tashlangan. Aholining zich joylashishi, tozalikning bo'lmasligi Yevropa shaharlarida ko'plab odamlarning bevaqt o'limiga sabab bo'lgan yuqumli kasalliklarning tez-tez takrorlanishiga olib kelgan. Yong'inlar ham sodir bo'lib, yog'ochdan zich qurilgan uylardan tashkil topgan ko'chalar, mavzelar to'lig'icha yonib bitgan.

SHahar aholisi. SHaharlar aholisining aksari qismini hunarmandlar, savdogarlar, hammol, aravakash, sartaroshlar tashkil qilgan. Yirik shaharlarda boy zodagonlar, feodallar, amaldoriar, tabiblar, ruhoniylar ham talaygina bo'lgan.

SHahar aholisining katta qismi dehqonchilik bilan shug'ullanishda davom etgan. Qal'a devori ortida ekinzorlar, bog'lar, poliz hamda qo'y, qoramol, otlar o'tlab yurgan yaylovlar joylashgan.

Evropa o'rta asr shaharlari aholisi ko'p bo'lmagan. Ko'pchilik shaharlar aholisi 3-5 mingdan ortmagan, 14-15 asrlarda ham 20-30 ming kishi yashagan shaharlar yirik hisoblangan. Eng yirik shaharlar: Parij, Konstantinopol, Milan, Florensiya, Kordova, Seviliyalarda 80-100 ming aholi yashagan.

SHahar boylari o'z uylarini bir necha qavatli qilib, tosh va marmarlardan qurgan. Ularning atrofida oddiy xalqning poxol yoki cherepitsa bilan yopilgan pastqam kulbalari joylashgan.Yil sayin shaharlarda-kambag'allar soni oshib borgan. Ular boy, savdogarlar va hunarmandlarning eng og'ir yumushlarini bajarganlar.

Urushlar, turli yuqumli kasalliklarning tarqalishi, shaharlarda tilanchilik va o'g'irlik bilan shug'ullanadigan ko'plab mayib-majruh, nogiron kishilarning to'planishiga olib kelgan. Epidemiyalar paytida boylar o'zlarining dala hovlilarida jon saqlaganlar. Ular shaharga qaytishlaridan avval uylariga kambag'allardan yashashga qo'yib, u kasallikka chalinmasagina so'ng ko'chib kelganlar.

Qurg'oqchilik-ocharchilik yillarida shaharlar tevarak-atrofdan kelgan minglab och, kambag'allarga to'lib ketar edi. SHahar hokimlari ularni shahardan haydab yuborish haqida buyruqlar chiqargan.

Hunarmandchilik va sexlar. SHaharlar xo'jaligi asosi hunarmandchilik bo'lgan. Hunarmand ishlab chiqaruvchi ish qurollari egasi bo'lib, xo'jaligini mustaqil yuritgan. Ular bozorlarni o'z buyumlari bilan ta'minlaganlar. Ustaning mehnati barcha ishlar qo'lda bajarilgani uchun nihoyatda mashaqqatli bo'lgan. Xususan temirchi omoch tishini tayyorlash uchun qip-qizil cho'g' bo'lib turgan temirni qo'rdan ombir bilan olib, sandon ustiga qo'ygan va kerakli shaklga keltirguncha uni bolg'alagan. Ma'lum kasb ustalari o'z uyushmalari-sexlarga birlashganlar.

Yodda tuting!

Sex-nemischa so'z bo'lib, xalfaning ustalikka bag'ishlov ziyofati nomi, keyinchalik kasb ustalari uyushmasi nomiga aylanadi.

Ustalarning umumiy yig'ilishida hamma bajarishi majburiy bo'lgan sex nizomi qabul qilingan. Nizom talabiga binoan buyumlar faqat ma'lum namuna bo'yicha yasalgan. Sexni boshqarish uchun saylangan oqsoqol hunarmandlarning nizomga rioya qilishini, tayyorlangan buyumlarning sifati va sonini nazorat qilgan. Nizomda ustaning dastgohlari, o'quvchi-shogirdlari, xalfalari soni belgilab qo'yilgan. Bu xildagi tadbirlar ustalar uchun bir xil sharoit yaratish, raqobatga yo'l qo'ymaslik maqsadida qo'llanilgan. Tayyor buyumlar narxi ham sex oqsoqoli tomonidan belgilangan.

Aksari hollarda ustaning 1-2 ta xalfasi, bir nechta shogird-o'quvchisi boigan. Ularning o'zaro munosabatlari ham sex tomonidan nazoratda tutilgan. Xalfalik muddati kasbning murakkabligiga qarab 2-7 yil bo'lib, nodir buyum (shedevr) yasash va uni sex oqsoqoli sinovidan o'tkazish bilan tugagan. Germaniyada xalfa sexi-ziyofat uyushtirib, so'ng ustalikka nixsat olgan.

SHaharlar hayotida sexlarning o'rni. Sex o'z a'zolarining bayramlarini tashkil etgan. Vafot etgan ustaning oilasini qo'llagan. Sexlar shaharni qo'riqlashda, urushlar paytida uni mudofaasida alohida bo'linma tarzida qatnashgan. Sexlarning o'z gerbi, bayrog'i, ibodatxonasi va ba'zida alohida qabristoni ham bo'lgan. Dastlab ishlab chiqarishning rivojlanishiga xizmat qilgan sexlar, 14-15 asrlardan unga to'sqinlik qila boshladilar. SHaharlarda ustalarning ko'payib borishi ular o'rtasida raqobatni kuchaytirdi. Hunarmandlar va savdogarlar orasidan badavlat sex boshliqlari ajralib chiqa boshlaydi. Yevropada sexlarning ham tabaqalanishi ro'y berib: zargarlik, movutchilik va boshqa boy sexlar vujudga keladi. Bu jarayonlar Florensiya, London, Bristol, Parij, Bazel kabi yirik shaharlarda boshlanadi.

Hunarmandlar xalfalarning o'sib ustalikka o'tishiga to'sqinlik qila boshlaydi. Natijada 10-12 yillab ustachilikka o'ta olmagan xalfalar tabaqasi vujudga keladi. Bu hoi xalfalarning "birodarlik" jamiyatlarini tuzib, o'z haq-huquqlari, 14-16 soat davom etadigan ish vaqtini qisqartirib, mehnat sharoitlarini yaxshilash uchun kurashini kuchaytiradi. Manbalarda yozilishicha, 14-15 asrlarda Florensiya, Perudja, Siena, Kyolnda shahar kambag'allari qo'zg'oionlari bo'lib o'tadi.

16-§. O'RTA ASRLARDA TOVAR ISHLAB CHIQARISHNING YuKSALISHI. BOZORLAR VA YaRMARKALAR

Tovar xo'jaligining paydo bo'lishi. Sexlar nazoratiga qaramasdan hunarmandlar savdo uchun tayyorlagan buyumlari soni ko'paygan. Natijada xomashyoga va qishloq xo'jalik mahsulotlariga talab ham oshib boradi. O'z navbatida yirik yer egalari va dehqonlaming yetishtiradigan mahsulotlarini ko'payishidan manfaatdorligi oshib boradi. O'z mahsulotlarini sotib, hunarmandchilik buyumlarini xarid qiluvchilar ko'paya boshlaydi. Yirik shaharlar faqat atrofdagi viloyatlargina emas, chet mamlakatlar bilan ham savdo aloqalarini o'rnatadi. Ilk o'rta asrlardagi natural xo'jalik o'rnini tovar xo'jaligiga bo'shata boshlaydi.

Yodda tuting!

Tovar xo'jaligi-mahsulotiarni bozorda sotish yoki ayirboshlash uchun ishlab chiqaruvchi xo'jalikdir.

Savdoning jonlanishi yo'llarni yaxshilashni talab etadi. Fransiyada qirol farmoniga binoan asosiy yo'llarga tosh yotqizila boshlanadi. Daryolar ustida yog'och va toshdan ko'priklar qurish ishlari yo'lga qo'yiladi. Savdoning yuksalishi kemasozlik va dengizchiiik san'atining o'sishiga omil bo'ladi.

SHarq mamlakatlari bilan savdo. Suriya, Misr, Eron va O'rta Osiyogacha borgan yevropalik savdogarlar sharq bozorlaridan shoyi gazlamalar, zeb-ziynat buyumlari, ziravorlar xarid qilardilar. G'arb va SHarq mamlakatlari orasidagi aloqalarni yuksalishida Xitoydan boshlanib O'rta Osiyodan o'tgan Buyuk Ipak yo'lining ahamiyati beqiyos edi. Bu karvon yo'li O'rta dengizning sharqiy sohiliga qadar davom etgan.

G'arbiy Yevropada 13-15 asrlarda: Ispaniya, Italiya, Janubiy Fransiyani dengiz orqali Vizantiya hamda Osiyo mamlakatlari bilan bog'laydigan Levant, shimolda Boltiq dengizi orqali London, Bryugge, Lyubek, Novgorod shaharlarini bog'laydigan SHimoliy savdo yo'llari harakatda bo'lgan.

Yodda tuting!

Levant-O'rta dengizning sharqidagi Suriya, Falastin, Turkiya, Yunoniston va Kiprning umumiy nomi. Ular orqali dunyo savdo yo'llaridan biri-Levant o'tgan.SHimoliy savdo yo'li bo'ylab joylashgan Germaniyaning 70 dan ziyod katta-kichik shaharlari Ganza shaharlar ittifoqiga kirgan.

Yodda tuting!

Ganza-14-15 asrlardagi shimoliy nemis shaharlarining savdo va siyosiy ittifoqi. Uning bosh shahri Lyubek. Yevropa-ning shimolidagi savdoda yetakchi bo'lgan Ganza, qit'aning boshqa hududlari orasidagi savdoda ham vositachilik qilgan.

Levant yo'lida joylashgan Venetsiya va Genuyalar kuchli dengiz floti tuzib, ularning savdodagi raqobati ba'zida urushlarga ham aylangan.

Savdogarlar va bozorlar. SHaharliklar hayoti faqat to'qnashuv yoki isyonlardan iborat bo'lmagan. Ularda harakatchan, ishbilarmon odamlar yashagan. SHaharliklar o'z foydasiga mol sotishni, kimga qarzga pul berishni, aql bilan nimaga pul sarflashni yaxhshi bilganlar. Tinib-tinchimas savdogarlar boyib ketish maqsadida uzoq va xatarli sayohatlarga chiqishgan.

O'rta dengiz sohillari bo'ylab italiyalik savdogarlar o'zlarining savdo manzilgohlari-faktoriyalar tizimini yaratishgan. Ularning ko'pchiligi genuyalik va venetsiyaliklar bo'lishgan. Bu dengiz respublikalari ajoyib savdo va harbiy flotlariga ega bo'lishgan.. Ularning kemalari Yaqin SHarqdan Yevropaga qimmatbaho mollar: shoyi matolar, chinni idishlar, turli ziravorlar va boshqa narsalarni olib o'tardi.Venetsiyalik savdogarlar Pololar oilasi vakillari 13 asrda mo'g'ullar xonining

Osiyoning ichkarisidagi qarorgohiga yetib boradi. Marko Polo 25 yil davom etgan sayohatining 17 yilini Xitoyni egallagan mo'g'ullar xoni Xubilay saroyida xizmatda o'tkazib, yevropaliklardan birinchi bo'lib bu sirli o'lkalarni o'z kitobida tavsiflaydi. Yevropaliklar faqat 19 asrdagina dengiz orqali o'tib, 13 asrda Marko Polo sayohat qilgan o'lkalarni o'z ko'zlari bilan ko'radilar. Marko Poloning kitobidagi SHarq mamlakatlarining af-sonaviy boyliklari 200 yildan so'ng genuyalik dengizchi Xristofor Kolumbda shunchalik katta taassurot qoldiradiki, u nima bo'lganda ham Hindistonning boy sohillariga yetishga qaror qiladi.

Evropaning aksari shaharlarida dastlab bozorlar haftaning 1-2 kunida bo'lgan. Doimiy bozorlar faqat yirik shaharlarda uchragan.

Mol ayirboshlash va savdoning o'sishi shaharlarda bozorlar qurilishiga ehtiyoj tug'diradi. Jumladan, Londondagi birinchi yopiq bozor Blekuelxoll 1397 yili qurib bitkazilgan. Bozorlar malum buyumlar yoki mahsulotlarni sotishga ixtisoslasha borgan. Tuluza (Fransiya)da 1203 yili g'alla bozori ishga tushadi. SHaharda boshqa bozorlar ham bo'lib, birida vino, boshqasida mo'yna, teri, poyabzallar sotilgan.

Banklar, yarmarkalar va birjalar. Dastlabki banklar 14-15 asr-larda Italiyaning yirik shaharlarida paydo bo'ladi.

Yodda tuting!

Bank-italyan tilida banko-kursi, sarrof do'konidagi o'rindiq nomidan olingan.

Yarmarkalar mol ayirboshlashning kengayishiga xizmat qilgan. Yarmarkalarni yuksaltirish maqsadida hukmdorlar turli imtiyozlar (xususan yo'l solig'ini vaqtinchalik bekor qilish) berishgan. Yarmarkalar savdo-sotiqdan tashqari, xalq sayllari, bayramlari markaziga ham aylangan. Unda sayyor artistlar tomonidan musiqa, qo'shiqlar, sahna tomoshalari ko'rsatilgan. Atrof qishloqlardan kelgan aholi uchun bu tomoshalar, mushakbozliklar yilda bir marta bo'ladigan ko'ngilochar tadbir hisoblangan.

Yodda tuting!

Yarmarka-ulgurji savdo bo'ladigan, turli mamlakat savdogarlari qatnashadigan, mol sotish va ayirboshlash joyi nomi bo'lgan.

Sen-Jermen (Parij) yarmarkasida spektakllar qo'yilgan. Venetsiya yarmarkasida ikki hafta davomida 100 ming kishi qatnashgan. Man-balarda lionlik qahvaxona egalaridan birining yarmarkaga kelgan bitta boy, yaxshi xonada yashashni istagan savdogarga o'nta eng arzon xona yoki bepul tunash istagidagi kishilar to'g'ri kelishi haqidagi xotiralari saqlanib qolgan. O'rta asrlar Yevropasining eng mashhur yarmarkasi Fransiyaning shimoliy-sharqidagi SHampan grafligida (markazi Reyms shahri) bo'lgan.

Savdoning yuksalib borishi natijasida Yevropada turli mamlakatlar savdogarlari to'planib pullarini almashtiradigan joylar-birjalar vujudga keldi.

Yodda tuting!

Birja atamasi Bryugge shahridagi "Burse" mehmonxonasi yaqinida savdogarlar to'planadigan joy nomidan olingan.

Birjalar Bryuggeda-1409, Antvefenda-1460, Lionda-1462 yilda tashkil topgan.

SHu tariqa 11-15 asrlarda Yevropada hunarmandchilik va savdoning yuksalishi: bozor, banklar, birjalarni vujudga keltirdi.

17-§. OSIYo MAMLAKATLARINING O'RTA ASR SHAHARLARI. HUNARMANDCHILIK VA SAVDO

O'rta asr shahariari. SHarq mamlakatlarida o'rta asrlarning rivojlangan davriga turli paytda: Xitoy, Yaqin SHarq va SHimoliy Afrikada-8 asrning ikkinchi yarmida, Yaponiyada 9-10 asrlarda, Hindistonda 11-13 asrlarda o'tganlar. Bu hoi har bir mamlakatda ishlab chiqarish taraqqiyoti turli darajada bo'lgani bilan izohlanadi.

Dastlab ma'muriy markaz yoki harbiy qal'alar sifatida tashkil topgan o'rta asr shahariari, hunarmandchilik va savdoning yuksala borishi bilan juda tez rivojlangan.

Osiyoning eng yirik shahariari: CHanyan, Loyan, Xanchjou, Kamakura, Kioto, Osaka, Dehli, Bag'dod, Buxoro va Samarqand edi. Ularda maktablar, kutubxonalar tashkil qilingan, olimlar, shoirlar, rassomlar, musiqachilar yashab ijod qilganlar. Osiyo shahariari davlat yerlarida vujudga kelganidan Yevropa shaharlaridan farqliroq yirik zamindorlarga qarshi kurash olib bormaganlar.

Osiyoning yirik davlatlaridan biri Xitoyda o'rta asr shaharlarining vujudga kelishi va rivojlanishi 9-13 asrlarga to'g'ri keladi. SHaharlar Xitoyda imperatorga'bo'ysungan. SHaharlarning taraqqiyotiga istilochilik urushlari to'sqinlik qiladi, Jumladan, Hindiston va uning shaharlari o'rta asrlarda juda ko'p marotaba chet bosqinchilar hujumlariga uchragan. Xususan, Pratijar rojasi qo'shinlari 1018 yili Mahmud G'aznaviy qo'shinidan mag'lub bo'lganida, poytaxt Kanuja talanib, vayron qilinadi. Tinimsiz urushlar Hindiston shaharlarini yuksalishiga to'sqinlik qiladi.

Yaponiyaning o'rta asr shaharlari turli joylarda: Nara, Xeyyan-budda ibodatxonalari atrofida; Otsu-aloqa bekati va yo'l ustida; Xyogo, Sakai dengiz bo'yida; Nagoya-qal'a atrofida vujudga keiadi. Xeyyan shahri 1177 yili yong'in natijasida vayron bo'ladi. Bu shahar qayta tiklanganidan so'ng Kioto nomini olib mamlakat poytaxtiga aylanadi. Kioto ko'p asrlar davomida Yaponiyaning iqtisodiy, diniy va madaniy markazi bo'lib qoladi.

SHaharlar hayoti. Osiyo shaharlari ham o'ziga xos taraqqiyot yo'lini bosib o'tgan. Jumladan, Xitoyda 11 asrdayoq shaharsozlik yuksak darajaga ko'tariladi. Imperator va zodagonlar hashamatli saroylar qurdirgan. Mamlakatda yog'och tanqis bo'lganidan qurilishda g'isht, sopol va toshdan keng foydalanilgan. Ayni shu davrda "tog'ga yog'ochga ketgan ming kishidan, faqat besh yuzi qaytib keladi" naqli paydo bo'ladi. Natijada, imperator yangi saroy qurishini e'lon qilishi dehqonlar uchun og'ir sinovlarni boshlanishidan darak bergan.

Xitoyning yirik shaharlarida G'arbiy Yevropadan farqliroq, maishiy xizmat ko'rsatish yaxshi yo'lga qo'yilgan edi. Aholi sopol quvurlar orqali toza suv bilan ta'minlangan, shaharni axlat va chiqindilardan tozalash, o't o'chirish ishlari yo'lga qo'yilgan.

Osiyo shaharlari aholisi Yevropanikiga nisbatan ko'proq bo'lgan. Xususan, Xitoyda o'rta asrlardayoq aholi zich yashagan. 16 asrda Pekinda 1 mln, Nankinda undan ham ko'p aholi bo'lgan. Eronning Isfaxon, SHeroz shaharlarida 200 mingdan ortiq kishi yashagan. Amir Temur saltanati poytaxti Samarqand 14 asr oxiri -15 asr boshlarida yuksalib dunyoga taniladi. O'rta asr shoirlari va faylasuflari Samarqandni "sayqali ro'yi zamin"-Er yuzining sayqali, husni deb ta'riflaganlar. SHarq dunyosida Buxoro ham o'z o'rniga ega bo'lib, u islom dini, madaniyat, savdo va hunarmandchilik markazlaridan biri sifatida shuhrat qozongan.

Osiyoning musulmon davlatlari shaharlari umumiy reja bo'yicha: markazda-ark, shahar hokimi qal'asi, uning atrofida-shahriston, asosiy aholi yashaydigan guzarlari bilan qurilgan. SHahar atrofida rabod bo'lib, unda hunarmandlar guzar va mahallalari joylashgan. SHarq shaharsozligida asosiy qurilish ashyolari tosh va g'isht edi. Hukmdorlar, boylar o'z saroylari, hovli-joylarini pishiq g'isht va marmarlardan, kambag'allar esa paxsa, guvaladan qurganlar. Kambag'allarning uylari pishiq, mustahkam bo'lmay tez-tez ta'mirlashni talab qilgan. Bunday uylar merosga qoldirilganda odatda buzilib o'rniga yangisi qurilgan.

Hunarmandchilik. SHarq hunarmandlari ipak gazlamalari, zeb-ziynat buyumlarining katta qismini chet mamlakatlarga sotish uchun ishlab chiqarganlar. Xitoylik ustalar qog'ozi, ipak gazlamalari, chinnisi bilan shuhrat qozongan. Savdogarlar Eron va Misrda tayyorlangan zig'irpoya, paxta va jundan to'qilgan gazlamalarni ham yuksak baholaganlar. Damashq po'latidan yasalgan qurol-aslahalar esa SHarq va G'arbda bir xilda shuhrat topgan. Kitoblar uchun eng sifatli muqovaiami SHimoliy Afrika shaharlari ko'nchi-ustalari yasagan.

Osiyo va SHimoliy Afrika shaharlarida ham hunarmandchilik sexlari shaharlar bilan bir paytda vujudga kelgan. SHarqda dastlab shahar aholisi soliqlardan ozod qilingan. Vaqt o'tib savdogar va himarmandlardan ham turli soliqlar olina boshladi. Arab xalifaligi, Yaponiya, Xitoyda usta va savdogarlardan soliqlarni sex oqsoqollari yig'ib bergan.

Xitoyda barcha ustalar sex a'zosi bo'lishlari majburiy etib qo'yilgan. Hunarmandchilikning eng muhim sohalari Xitoyda yuksak taraqqiyotga erishgan. Xususan, faqat xitoyliklar 600-700 kishi va yana ko'plab yuk sig'adigan yirik kemalar-jonkalarni qurishgan.

O'rta Osiyo shaharlarida ham hunarmandchilik sexlari bo'lgan. Turli sexlar ustalarining nizomlari bizgacha yetib kelgan. Buyuk Ipak yo'li chorrahasida joylashgan O'rta Osiyo shaharlari tranzit savdo markazlari ham edi. CHet ellik savdogarlar Samarqand qog'ozi va gazlamalarini, G'ijduvon kulolchiligi buyumlari-yu, marvlik ustalar gazlamalari, kiyimlarini yuqori baholaganlar.

O'rta asrlarda eronlik ustalar: parcha va ipak gazlamalari, jun gilamlari bilan shuhrat qozonganlar. Erondan savdogarlar po'latdan yasalgan qurol-aslahalar, mis va kumushdan ishlangan idishlarni xarid qilganlar.

Xalifalikka kirgan Yaqin SHarq mamlakatlarida ham savdo va hunarmandchilik yuksak taraqqiy etgan. Geograf olim al-Muqaddasiy Suriyadagi bozor va savdo yaxshi daromad keltirgani haqida yozadi.

Savdo. Arab xalifaligi, Tan imperiyasi va Dehli sultonligi singari yirik markazlashgan davlatlarning paydo bo'lishi savdoni yuqori daromad manbayiga aylantirdi. Uzoq SHarqdan O'rta dengizga qadar

hududlarda faqat karvon yo'llari orqali savdo olib borilmagan. Fors ko'rfazi va Qizil dengiz orqali arab, hind, xitoy savdogarlarining o'nlab kemalari suzgan. Osiyodan farqliroq, Afrikaning iqtisodiy qoloqligi, undagi uzluksiz urushlar, qit'aning xomashyo, tuz, oltin, fil suyagi, ziravorlar, qisman qullar manbayiga aylanishiga sabab bo'ladi.

Osiyo bozorlari o'zining gavjum va ser-shovqinligi bilan ajralib turgan. O'rta asr bozorlari ko'pincha shahar darvozalari yaqinida joylashgan. SHahar ichida kichkina bozorlar bo'lib, ular ma'lum mahsulotlarni sotishga ixtisoslashgan. O'rta Osiyo va Erondagi yirik bozorlar bir qancha rastalarga bo'lingan. Har bir rasta ma'lum xildagi mol bilan shug'ullanadigan savdogarlarni yoki muayyan kasb bilan shug'ullanuvchi hunarmandlarni birlashtirgan. Ilk o'rta asrlardayoq Bag'dodda, Ishbiliya (Sevilya) va G'arnota (Granada, Ispaniya)da mardikor bozorlari bo'lgan.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling