Tarixi muhammadiy
Download 1.39 Mb. Pdf ko'rish
|
MDh1lrJ9on4m7H1hd68aQWzfLbKYSrvbtDN2Qbk8(1)
- Bu sahifa navigatsiya:
- BANI ASAD QABILASINING ELCHILARI
- BANI UZRA QABILASINING ELCHILARI
- BANI BALIY QABILASINING ELCHILARI
- HAVLON QABILASINING ELCHILARI
- SUDO QABILASINING ELCHILARI
- NAXA’ QABILASINING ELCHILARI
www.ziyouz.com kutubxonasi 302 — Yo Rasulalloh, xirmonlarimizda yoyilgan xurmolarimiz ko‘p edi, — deb uch yo‘l aytgach, Rasululloh: — Yo Rabb, tezroq yog‘dirgil, Abu Luboba xirmonini suv bossin. Izorini yechib xirmonda suv kirgan teshiklarni u bilan to‘ssin, o‘zi yalang‘och qolsin, — dedilar. Bu duoni qilib bo‘lishlari bilan Sal’a tog‘i ortidan chiqib, bir parcha bulut paydo bo‘ldi. Osmon o‘rtasiga kelganida ko‘k yuzini bulut qoplab, shunday yomg‘ir yog‘gali turdikim, shanba kundan boshlab yoqqan yomg‘ir kelgusi shanba kunigachalik to‘xtamasdan yog‘di. Abu Luboba qarasa, Payg‘ambarimiz deganlaridek xurmo xirmonini suv qoplab oqizgudek bo‘lib turibdur. Shoshilganidan yalang‘och bo‘lib, boshqa narsa topishga ulgurmay kiyimlarini yechib, suv teshiklarini to‘sgali turdi. YOg‘in ko‘pligidan kishilar zerikkudek bo‘lgach, boyagi yomg‘ir so‘ragan kishi yana keldi: — Yo Rasulalloh, yomg‘ir ko‘pligidan, sel yurib, yo‘llar buzilishga boshladi. Qatnov ishlarimiz qiyinlashdi, — dedi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga chiqdilar ersa, duoga qo‘l ko‘tarib: — Yo Rabbiy, endi ustimizga yog‘masdan, tog‘-cho‘llar, qirlarga, o‘tloq-yaylov, to‘qaylarga yog‘sin, — deyishlari bilan Madina ustidan bulutlar so‘kulib, atrofga tarqala boshladi. Rasululloh qayoqqa qarab ishorat qilsalar, bulutlar shu yoqqa yugurishar edi. Uzoq-yaqin Madina atrofida yomg‘ir yog‘magan hech bir yer qolmadi. Bir oygacha yog‘ingarchilik bo‘lib, hamma joydan qahatchilik ko‘tarildi. Bu ulug‘ mo‘jiza ersa, necha minglab Arabiston xalqining ko‘z oldida bo‘lib o‘tgan bir karomatdur. Mundan boshqa ham mo‘jiza to‘g‘rilik Payg‘ambarimizdan bizga yetgan so‘zlarning barisi haqdur. Bularning bo‘lib o‘tganligini hech kim gumon qila olmagay. Chunki bunday xabarni «mutavotir xabar» deydilar. Bu ersa ishonishlikda ko‘z bilan ko‘rgandek bo‘lur. Yolg‘on chiqishi mumkin bo‘lmagan xabarlarni mutavotir deb aytiladi. Buning misoli shulki, Makka shahrini borligiga dunyoda ishonmagan musulmon yo‘q. Ko‘pchilikning bergan xabarlariga binoan, ko‘rgan-ko‘rmagan hammasi barobar munga ishonadilar. Shunga o‘xshash Payg‘ambarimizning mo’jizalari ham yuzlab, minglab ko‘pchilik ichida bo‘lganligidan buning xabarini beruvchilar ham ko‘pchilikdur. Bunga ishonuvchilar ersa, o‘z ko‘zim bilan ko‘rmadim, deb Makka shahrining borligiga ishonmagan kishilar kabi bo‘lurlar. Aqli o‘zida odamning shunday deyishi mumkin emasdur. BANI ASAD QABILASINING ELCHILARI Bani Asad qabilasidan bir jamoa kishilar elchi bo‘lishib Madinaga kelishdi. Bular ichida arab qahramonlaridan Ziror ibn Azvar degan odam ham bor edi. Shom, Iroq fath qilinishida bu kishining ko‘rsatgan qahramonliklari xalq og‘zida doston bo‘lib, tarix kitoblarida yozib qoldirilmishdur. Elchilar Rasululloh bilan ko‘rishgali to‘g‘ri masjidga kirishib, Payg‘ambarimizni ko‘rgach, salom berdilar. Alardan birovlari turib, o‘zlarining iymon keltirganliklarini bildirish uchun Rasululloh oldilarida shahodat aytib, kalima o‘qidi. So‘ngra ul: — Yo Rasulalloh, biz o‘z ixtiyorimiz bilan iymon keltirdik. Boshqa arablardek siz bilan urush-talash qilmadik. Qahatchilik kunlarda, qorong‘u tunlarda uzun yo‘llarni bosib keldik, — dedi. Bularning aytgan so‘zlari ersa, Xudoga xush kelmagani uchun ushbu oyat nozil bo‘ldi: «Yamunnuna alayka an aslamuv, qul la tamunnuv alayya Islamakum, balillohu yamunnu alaykum, an hadokum lil-iyman in kuntum sodiqina». Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 303 Ya’ni, «Bular musulmon bo‘ldik, deb minnat qilurlar. Ularga aytgil, musulmon bo‘lganlaringizni menga minnat qilmanglar. Agar haqiqatda iymon keltirgan bo‘lsangiz, sizlarni Islom diniga hidoyat qilgani uchun Alloh minnat qilsa bo‘ladi», demakdur. Shu oyat nozil bo‘lgach, bularga berilgan tanbeh boshqalarga ibrat bo‘ldi. So‘ngra ulardan birovi turib: — Yo Rasulalloh, Islomdan ilgari rivojda bo‘lgan Ayofat, Kahonat, Zarbulhaso — ishlarining hukmi Islom shariatida qanday bo‘lur? — deb so‘radi. Anda Rasululloh: — Islom dinida mundoq ishlar yo‘qdur, bularga yo‘l qo‘yilmagay, — dedilar. Islomdan ilgari arablar odati shundoq erdikim, bir ishni qilaymi-qilmaymi deb ikkilanib turgan kishi ertalab tong otmasdan ilgari borib, uyasida yotgan qushni topib hurkitur edi. Agar qush o‘ngga qarab uchsa ishim o‘ngaldi deb, u ishni qilur edi, agarda so‘lga qarab uchsa, u ishdan saqlanur edi. Ayofat ma’nosi shudir. «Kahonat» folchilik, «zarbulhaso» tulga tortishdur. Bu ikkovi ersa o‘z ichimizda hali bordur. Kelajakdagi yoki o‘tmishdagi g‘ayb ishlarni Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi. Agar bu ish Payg‘ambarlardan yoki avliyolardan ko‘rilar ekan, bu ham Xudo tomonidan bildirilib, birinchisi, mo‘jiza bo‘lib, ikkinchisi, karomat deyilur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — Men dunyodan o‘tganimdan keyin vahiy to‘xtalib, g‘ayb eshigi yopiladi. Magar menim yaxshi ummatlarimning ko‘rgan tushlari ersa, to‘g‘ri bo‘lganlikdan kelajakdagi g‘ayb ishlaridan xabar beradi, — dedilar. So‘ngra bu elchilar Madinada bir necha kun turishib, din hukmlarini o‘rganishib, so‘ngra Rasulullohdan ruxsat olib, o‘z ellariga qaytdilar. Raziyallohu anhum. BANI UZRA QABILASINING ELCHILARI Bani uzra Yaman viloyatida yashaydigan arablar qabilasidan edi. Bulardan o‘n ikki kishi elchi bo‘lib Madinaga keldi. Rasululloh bilan dastlab ko‘rishganlarida johiliyat zamonidagi odatlaricha salomlashdilar. — Qaysi qabiladan bo‘lursiz? — deb Rasululloh ulardan so‘radilar. Anda ularning raislari turib: — Yo Rasulalloh, biz Bani Uzra qavmidan bo‘lurmiz, uzoq tursak ham sizga qarindoshligimiz bordur. Sizning beshinchi bobongiz Qusay ibn Kilobning inisi Rizoh ibn Robiyaning avlodi erurmiz. O‘shal zamonda Makkaga hukmron bo‘lgan Xuzoa, Bani Bakr qabilasi bilan Quraysh raisi bobongiz Qusay urush qilganida biz kelib yordam berganmiz. Ularni Makkadan haydab, bobongiz Qusayni Baytullohga biz ega qilganmiz, — dedi. Bu ish ersa o‘shal zamonda bo‘lib o‘tgan arablar o‘rtalaridagi hammaga ma’lum, mashhur voqea edi. Bu so‘zlarni aytishga ham haqlik edilar. Shuning uchun ularni Rasululloh tasdiqlab, boshqa elchilardan ortiqroq hurmatladilar. Bu elchilar avval ko‘rishganlarida musulmoncha salom bermaganlik uzrini bayon qilib, aytdilar: — Biz ersak shu kungacha ota-bobolarimiz dinida erdik. Bu ishni anglagach, Islom diniga kirish uchun butun qavmimiz tarafidan vakil bo‘lib, birinchi kelganimizdur. Endi siz Alloh tomonidan yuborilmish payg‘ambar bo‘lsangiz, bizni qaysi ishga buyurursiz? Anda Rasululloh aytdilar: — Barcha olamni yaratgan yolg‘iz Allohgagina ibodat qilursiz, yer yuzi insonlariga meni Alloh taolo payg‘ambar qilib yubordi. Ularga Xudoni tanitib, haq yo‘lni ko‘rsatgali keldim. Din yo‘lida aytgan so‘zlarimga ishonib, menga iymon keltirursiz. — Yana nima ish qilurmiz? — deb so‘radilar. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 304 — Toza tahorat bilan kuniga besh vaqt namoz o‘qursiz, bularning har birini o‘z vaqtida ado qilursiz. Yana har yili bir oy Ramazon ro‘zasini tutarsiz. Boy kishilar nisobga yetgan mollaridan chog‘aylarga zakot bergaylar. Umr ichida bir yo‘l haj qilib, Baytullohni ziyorat qilg‘aylar, — dedilar. Shunda alar darhol shahodat aytishib, iymonga musharraf bo‘ldilar. Yana Rasululloh ularga: — Mendan keyin ko‘p zamon o‘tmagay, butun Shom viloyati ummatlarim qo‘lida fath bo‘lg‘ay. Qaysar Hiraql Shomdan qochib Rum shahrining qal’asiga kirib bekingay, — deb kelajakdagi bo‘lgulik ishlardan xabar berdilar. Hazrati Umar zamonida Rasululloh aytganlaridek bo‘ldi. Elchilar buni anglagach: — Yo Rasulalloh, bizning ichimizda bir xotun bordur, u folchilik qilib g‘ayb ishlardan xabar berur. Xalq ichida uning hurmati bo‘lganligidan, o‘zaro bitmagan janjallik ishlari bo‘lsa arablar uni hakam qilib, shuning hukmiga rozi bo‘lg‘aylar. Din, dunYo ishlarimizda ko‘p narsalarni undan so‘rar edik. Bu ishimiz ersa qandoq bo‘lur? — dedilar. Rasululloh aytdilar: — Ulardan bundoq so‘zlarni so‘rovchi bo‘lmanglar, men kelgandan keyin, u ishlarning vaqti o‘tgan, obro‘yi ketgandur. Folchilarning bir so‘zi to‘g‘ri chiqar ersa, to‘qqizi yolg‘ondur. Ularga ishonmoq ulug‘ gunohdur. Butxonalarni buzib, butlarni sindiringlar. Allohdan o‘zgaga nazr aytib, jon atamanglar, — dedilar. Shu bilan Rasulullohning bergan javoblariga qanoatlanishib, o‘z yerlariga qaytdilar. BANI BALIY QABILASINING ELCHILARI Bani Baliy qabilasining raislari ersa Abu az-Zubayb degan kishi edi. Alar shu qavmdan yolg‘iz o‘zi ilgariroq kelib iymonga musharraf bo‘lgan Ruvayfe’ degan sahobaning uyiga kelib tushdi. Bu kishi erta bilan mehmonlarini boshlab Rasululloh ziyoratlariga chiqdi. Ul zot sahobalar bilan masjidda o‘ltirgan edilar. Alar Rasulullohni ko‘rib salom berishdi ersa: — Ey Ruvayfe’, bular kimlardur? — deb so‘radilar. — Yo Rasulalloh, bular menim qavmim bo‘lurlar. O‘zlari iymon keltirib va ham qavmlari tarafidan elchi bo‘lib kelibdurlar, — dedi. Anda Rasululloh: — Ey Ruvayfe’! Senga marhabo, xush kelding, sening qavmingga marhabo. Alloh yaxshi ko‘rgan bandalarini Islom diniga boshlag‘ay, — dedilar. Raislari olg‘a o‘tib, Rasulullohga yaqin kelib o‘ltirdi. So‘ngra: — Yo Rasulalloh, biz sizga iymon keltirgani keldik. Siz Alloh yuborgan haq Payg‘ambar ekansiz, endi aniq bildik. Islom dinidan o‘zga dinlarni, yaxshi-yomon rasm-odatlarini barini tashladik, — dedi. Anda Rasululloh: — Hamdu sano ul Xudogakim, sizlarni Islom diniga kirgizdi. Avvalgi diningizda qolib o‘lganlar tamug‘ o‘tida bo‘lg‘aylar, — deb. U yana aytdi: — Yo Rasulalloh, men ersam qo‘noqsevar kishi erurman. Osh-ovqat berib mehmon kutishni yaxshi ko‘rurman. Shu qilgan ishimdan men uchun ajr-savob bo‘lurmi? — deb so‘radi. Anda Rasululloh: — Kelgan qo‘noqlaring boy-kambag‘al bo‘lsin, ularga bergan ziyofating ersa Xudo yo‘lida sadaqa qilg‘udek bo‘lur. Albatta, undan ajr-savob olursan, — dedilar. U yana so‘radi: Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 305 — Mehmonning ziyofatini qilmoq necha kungacha uy egasiga lozim bo‘lur? Rasululloh aytdilar: — Kelgan mehmonni uch kungacha kutmak vojibdur. Bundan ortig‘i sadaqa bo‘lur. Mehmonga lozimdurki, tushgan joyiga og‘ir kelgudek ish qilmagay. — Yo Rasulalloh, egasi yo‘qotgan qo‘y-echkilarni cho‘llarda topar bo‘lsam, ularni olg‘ali bo‘lurmu? — Albatta, uni olishing kerakdur. Yo‘q esa bo‘riniki bo‘lur. So‘ngra egasi chiqar ersa, berishing lozimdur. — Agar yo‘qolgan narsa tuya bo‘lsa, unga yo‘liqib qandoq qilurmiz? — dedi. — U bilan ishing bo‘lmagay, egasi o‘zi topib olgay,— dedilar. Shu bilan Rasululloh oldilarida uch kun turishib, so‘ngra o‘z ellariga qaytdilar. ZI MURRA ELCHILARI Zi Murra qabilasidan o‘n uch kishi elchi bo‘lib, Madinaga keldilar. Boshchilari ersa Horis ibn Avf degan kishi erdi. Undan Rasululloh: — Yurtinglar qanday? — deb so‘radilar. Anda ul: — Duo qiling, Yo Rasulalloh, yil quruqchilik keldi. Qahatchilik boshlanib, chorva mollarimiz qirildi, ko‘p og‘irchiliklar kechirmakdamiz, — dedi. Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘l ko‘tarib: — Ey bor Xudoyo, bularning yerlariga rahmat yomg‘irini yog‘dirgil, — deb duo qildilar. Bir necha kun turishgandan keyin elchilarning har birlariga o‘n uqiya kumush, raislariga o‘n ikki uqiya kumush hadya berib, qaytmoqqa ruxsat qildilar. O‘z yerlariga kelsalar, yomg‘irlar yog‘ib qahatchiliklar ko‘tarilmishdir. Hisob qilib ko‘rsalar, naqr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilgan vaqtda yog‘mishdur. HAVLON QABILASINING ELCHILARI Havlon qabilasi Yaman viloyatida yashar edilar. Bulardin o‘n ikki kishi elchi bo‘lib Madinaga kelishdi. Rasululloh bilan ko‘rishgan so‘ngida shundoq so‘z aytdilar: — Yo Rasulalloh, biz ersa sizni ko‘rmay turib Allohga iymon keltirdik. Sizni Allohdan kelgan haq Payg‘ambar deb eshitdik, uzun yerlarni bosib ziyoratingizga keldik. Bizni haq yo‘lga solgan, haq yo‘lini ko‘rsatgan Allohdan va uning Payg‘ambaridan minnatdormiz. Anda Rasululloh: — Sizlarning bu safarda bosgan har bir qadaminglarga Alloh taolo ajr-savoblar bergay. Har kim Madinaga kelib meni ziyorat qildi ersa, qiyomat kunida menim omonimda bo‘lg‘ay, — deb so‘z aytdilar: Ular bu so‘zni anglagach: — Yo Rasulalloh, naqadar muborak ishdur bu safarimiz, — dedilar. So‘ngra Rasululloh: — «Am anas» (yoki «Imyonus») nima bo‘ldi? — deb ulardan so‘radilar. Bu ersa Havlon qabilasi topinadurgan Islomiyatdan ilgarigi butlari edi. Anda ular: — Bashorat bo‘lg‘ay, Yo Rasulalloh, mundog‘ gumrohlikdan bizni Alloh qutqazib, uning o‘rniga Siz keltirgan Islom dinini ato qildi. Ul butxonada aljigan chol, esi ketgan kampirlardan boshqa hech kim qolmadi. Bu yerdan qaytib borganimizda uni buzib tashlagaymiz, inshaalloh. Uzun yillar unga aldandik, undan ko‘p fitnalar ko‘rdik, — Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 306 deyishdi. Anda yana Rasululloh: — Ko‘rgan fitnalaring eng ulug‘ini bizga gapirib bergil, — dedilar ersa, ular: — Yo Rasulalloh, o‘tgan yillarning birida qattiq quruqchilik bo‘ldi, yerdan ekin unmay ocharchilik boshlandi. Biz yemagan narsa qolmadi. So‘ngra o‘zaro maslahatlashib qo‘limizdagi bor narsalarimizni sotib, shuning puliga yuz ho‘kiz oldik. Barchamiz yig‘ilishib «Am anas» butimizdan yomg‘ir so‘rab, uning oldiga keldik. Unga atab yuz ho‘kizni qurbon qildik. It-qushlar yesin deb, o‘zimiz qarab turdik. Yo‘q esa, ulardan ham biz muhtoj edik. Shu soatdan boshlab yomg‘ir yoqqani turdi. Shundoq ko‘p yog‘dikim, tuyalarimizning to‘qimlari yomg‘ir suvi bilan ko‘mildi. To‘qchilik boshlanib, ocharchilik ko‘tarildi. Ana, «Am anas» butimiz yomg‘iryog‘dirdi, tilagimizni berib, bizga ne’mat yetkuzdi, — deb quvonchlik bilan tarqashdik. Undan ko‘rgan fitnamizning ulug‘rog‘i shu edi. Qaysi bir vaqtlarda o‘zaro janjallashib qolsak, uning oldiga borur edik. Foyda ziyonimizga hukm chiqarib gapirur edi, — dedilar. Anda Rasululloh aytdilar: — But og‘zidan sizlarga so‘zlaguvchi ersa shaytondur. Butlarda ilohiy quvvat bor deb ishonishlariga shunday ishlar sabab bo‘lmish edi. So‘ngra ular Islom dinining asoslarini, undagi farz, vojiblarini so‘rashdilar. Bu narsalarni Rasululloh bayon qilib, ularni qanoatlantirdilar. So‘ngra shundoq marhamat qildilar: — Qilgan ahdlaringni buzmanglar. Ahdiga vafo qilmoq iymon alomatidur. Omonatga xiyonat qilmanglar. Xiyonat qilmoq Islomda haromdur. Qo‘shni haqini yaxshi saqlanglar, hech kimga zulm qilmanglar. Zulm qiyomatda zulmat bo‘lur. Zolimlar qorong‘ulikda qolg‘ay. Shu bilan bir necha kun o‘tib, ketar vaqtida har birlariga o‘n ikki uqiya kumushdan hadya berib, ruxsat qildilar. BANI MUHORIB ELCHILARI Bani Muhorib qabilasidan o‘n nafar odam elchi bo‘lib, Madinaga kelishdi. Raislari ersa Xuzayma ibn Savod degan kishi edi. Hijratdan ilgari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkada o‘n uch yil turdilar. Har kuni Ukoz, Zulmajoz degan mashhur bozorlarda va haj mavsumi kelganda Arafot, Minoga yig‘ilgan butun arab qabilalarining har birlari ustiga kelib, Rasululloh o‘zlarini tanitgandan keyin ularni Islomga da’vat qilar edilar. Yuqorida buning bayoni o‘tgandur. Ana shu chog‘da Rasulullohga eng qattiq ozor shu qabiladan yetgan edi. Alar: — Agar sendan biror yaxshilik chiqar ekan, unda o‘z qarindosh-urug‘ing Quraysh xalqi nechuk sening yo‘lingga kirmadilar? O‘z qavmingni qo‘llayolmasang, boshqalarga qanday foyda yetkura olursan? — degan qo‘pol so‘zlar bilan Rasulullohga qattiq ozor berishgan edi. Shuning uchun o‘zlari bek xijolatda edilar. Bu bechoralar qaydan bilgaykim, Rahmatanlilolamin tojini kiygan «Vainnaka laalo xuluqin azimin» yorlig‘ini taqqan sarvari olam, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning quyosh ko‘zgusidek ko‘ngillariga olam xalqining ozorlaridan zarrachalik chang qo‘nmaganligini. Bayt: Haq sening vasfingda aytmish Rahmatanlilolamin. Ham tufaylingdan yaratmish o‘n sakkiz ming olamin. Shundog‘ qilib bu elchilar Rasululloh bilan ko‘rishgandan so‘ngra oldilarida uzunroq o‘ltirishib qoldi. Anda Rasululloh ular ichida bir kishiga qarab turib: Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 307 — Sen bilan qaysi joyda ko‘rishgan edim? — dedilar. U kishi: — Yo Rasulalloh, meni hijratdan ilgari Ukoz bozorida ko‘rib, dinga da’vat qilgan edingiz. Sizga ozor berib, ko‘p yomon so‘zlar aytib qaytargan edim, — dedi. — Ha, shundog‘ bo‘lgan edi, — dedilar. So‘ngra ul: — Yo Rasulalloh, o‘shal kunlarda mendan qattiqroq sizga dushmanlik qilgan kishi yo‘q edi. Islom dinidan hammadan ko‘proq nafrat qilgan men edim. Hamdu sano ul Allohgakim, ko‘rmasdan turib iymonga musharraf bo‘ldim, o‘lmasdan ilgari sizni ko‘rdim. O‘shal chog‘da siz bilan ko‘rishgan menim yo‘ldoshlarim hammasi johiliyat dinida o‘ldilar. Ilgari sizga og‘ir so‘zlar aytib, qattiq qarshilik ko‘rsatgan edim. Shu gunohim kechilarmikin, Allohdan tilab bering, Yo Rasulalloh, — dedi. Anda Rasululloh: — «Alislomu yajubbu ma qoblahu», ya’ni Islom o‘zidan ilgari har qanday gunohni yo‘q qilgay, — dedilar. So‘ngra Rasululloh bularning raislari Xuzayma ibn Savodning yuzini qutlug‘ qo‘llari bilan siladilar ersa, yongan chirog‘dek yarqirab, yuzi nurlik bo‘ldi. So‘ngra bularga ham hadyalar berib qaytmoqqa ruxsat berdilar. Raziyallohu anhum. SUDO QABILASINING ELCHILARI Sudo qabilasi ham Yaman arablaridan erdi. Boshqa qabilalar kabi elchilar yuborib Islomga kirishdan to‘xtalib turdilar. Arab tuprog‘ida Islom dini kirmagan qabila ham qolmagan edi. Rasululloh buni angladilar ersa, Qays ibn Sa’d qo‘mondasida to‘rt yuz kishilik bir firqa askar Sudo ustiga yubormoqchi bo‘ldilar. Bu askarning ko‘targan jihod tug‘lari oq bo‘lib, bayroqlari qoradan edi. Shu hol ustiga u qabiladan bir kishi kelib qolib, bu voqeani angladi. Darhol Rasulullohga kirib: — Yo Rasulalloh, men ersam o‘z qabilam tomonidan vakil qilib yuborilgan edim. Agar bu askarni yubormay to‘xtatur ekansiz, ularning Islom dinini qabul qilishlariga o‘zim kafilman, — dedi. Bu so‘zni anglagach, Rasululloh askarni to‘xtatdilar. U kishi ersa tezlik bilan Madinadan chiqib o‘z yurtiga yetdi. Qabilasiga voqeani tushuntirgach, ulardan o‘n besh kishini elchilikka olib, yana Madinaga qaytdi. Ansor sahobalardan Sa’d ibn Uboda uyiga tushib, aning mehmoni bo‘ldilar. U ham alarga ko‘p hurmat ko‘rsatdi. So‘ngra kelib, Rasululloh bilan ko‘rishgach, barchalari shahodat aytib, Islom diniga kirdilar. O‘z yerlariga borishgandan keyin bular orqali butun qabilaga Islom dini tarqaldi. Yuqorida yozilgan qabilalardan boshqa yana har tomondan ko‘plab elchilar kelishgan edi. Rasulullohning husni xulqlarini ko‘rib, rozi bo‘lmagan hech kim qolmagan edi. Arabistonning har tomonlaridan kelgan elchilar ersa Islom dinining asoslarini o‘rgangach, Rasulullohdan hadyalar olib, o‘z yurtlariga qaytur edilar. Mana shu kelgan elchilar orqali butun Arabiston tuprog‘ida tezdan Islom dini tarqala boshladi. Yuqorigi Sudo qabilasidan alarning Islom dinini qabul qilishlariga sababchi bo‘lgan Ziyod ibn Horis degan kishi edi. O‘z yeriga qaytar chog‘ida: — Yo Rasulalloh, bizning joyimizda bir qudug‘imiz bordur. Qish mavsumi kelishi bilan uning suvi ko‘payib barchamizga yetadur. Yozga chiqib kunlar isigach, ozayib qolganlikdan, ichishga suvimiz yetishmay atrofga tarqalib keturmiz. Musulmonchilik yangidan kirgan joylarda biz uchun bu ish xatarlikdur. Duo qiling, Alloh taolo bu qudug‘imizning suvini mo‘l qilib, barakot bergay, — dedi. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 308 Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yerdan yetti dona mayda tosh oldilar. Ularni kaftlarida uqalab turib, so‘ngra ani Ziyodga berdilar va: — Har biriga «Bismillah» aytib, ul quduqqa tashlagil, — dedilar. Borgandan keyin Rasululloh aytganlaridek qildi ersa, u quduq suvi qishin-yozin mo‘l bo‘lib, butun qabilaga yetib oshar bo‘ldi. Sollallohu alayhi vasallam. NAXA’ QABILASINING ELCHILARI Naxa’ qabilasi Yaman viloyatida yashaydigan katta bir qabiladur. Arabistonda Rasulullohga kelgan elchilarning eng so‘ngisi edilar. Bular kelmasdan ilgari Rasulullohning elchilari Mu’oz ibn Jabal Payg‘ambarimizning nomalarini topshirib, ularni dinga da’vat qilmish edi. Butun qabila u kishi qo‘lida musulmon bo‘lgan edi. So‘ngra boshliqlaridan ikki yuz kishini elchi qilib, Rasululloh oldilariga yubordilar. Rasululloh bilan ko‘rishgach, ular ichida Zurora ibn Amr degan bir kishi: — Yo Rasulalloh, men ersam shu yo‘li safarimda kelayotib bir tush ko‘rib, undan ko‘p taajjubda qoldim, — dedi. Rasululloh: — Nima ko‘rding? — deb so‘radilar. Ul aytdi: — O‘zimni qabila ichida bir urg‘ochi eshakni minib turganimni ko‘rdim. Shu chog‘da ul eshak tug‘di, qarasam bir ola echkining bolasini tug‘ibdur. Eshakdan echki bolasi tug‘ilganini ko‘rib, hayron qolib turdim, — dedi. Anda Rasululloh: — Uyingdagi xizmatchi cho‘ri xotin sendan bo‘g‘oz bo‘lmishdur. Ul esa o‘g‘il tug‘mishdur, sening o‘z bolangdur, — dedilar. Ul aytdi: — Yo Rasulalloh, nechuk ola bo‘lur? Rasululloh sekingina uning qulog‘iga: — Sen yashirib yurgan tanangda olang bordur, u narsa bolangda ko‘rilmishdur, — dedilar. Anda ul: — Ulug‘ Alloh nomi bilan qasam qilurmankim, sen Allohning ulug‘ Payg‘ambari ermishsan. Mendagi bu sirni hech kim bilgani yo‘q edi, senga Alloh bildirmishdur, — dedi. Elchilar haqida yozgan so‘zlarimizning eng oxiri shu yerga yetdi. O‘qituvchi mo’minlarga yetarlik bo‘lg‘anlikdan qolganlarini ham qoldirmay yozmoqni ko‘p lozim topmadim. Boshqalarini ham yozib, bu maqsad ustida kitobimni eng oxiriga yetkizmagim uchun, ey ulug‘ Tangrim, ojiz qulingga o‘zing madad bergaysan, omin. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 309 RASULULLOHNING MO'JIZALARI RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING MO’JIZALARI Dastlab «mo‘jiza» degan so‘zni o‘qiguvchilarga tushuntirib o‘tamiz. Aning uchunkim, so‘z qilishdan maqsad tushuntirmakdur. Kitob o‘qimoqdan maqsad uning ma’nosini bilib, ma’lumot olmoqdur. Alloh taolo o‘z ulug‘ qudrati bilan barcha olamni yaratdi. Ya’ni, burun hech nimarsa yo‘q edi, yo‘qdan bor qildi. Sonsiz olam ichida odamni yaratdi. Olam yaratmoqning hikmati odam yaratish edi. Odam yaratishdan maqsadi o‘zini tanitish, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish edi. Shuning uchun Alloh taolo, bir rivoyatda aytilishicha, bir yuz yigirma to‘rt ming, ikkinchi rivoyatda aytilishicha, ikki yuz yigirma to‘rt ming Payg‘ambarlarni insonlarga elchi qilib yubordi. Endi o‘ylab qarasak, har bir kishiga ochiq ma’lumdirkim, bir podsho yoki bir hukumat bir kishini o‘z tomonidan xizmat uchun bir yoqqa yubormoqchi bo‘lsa, qoida-qonun shuldurkim, albatta, uning qo‘liga boshqalar ishongudek qilib tamg‘alarni bostirib, hujjat xatini berurlar. Mana shunga o‘xshash ulug‘ qudratli Alloh taolo o‘zi yuborgan Payg‘ambarlarini haqliklariga hujjat bo‘lishi uchun ularning har birlariga har turlik mo’jizalar bermishdur. Agar bundoq bo‘lmagan taqdirda Xudo tarafidan kelgan Payg‘ambarlar o‘z qavmlari oldida xijolatga qolurlar edi. Agar alar kelib qavmlariga: — Sizlarni oy va kun, yulduz va yerlarni yaratguvchi Tangringiz tomonidan yalovchi bo‘lib keldim. O‘z so‘zini sizlarga yetkuzmak uchun meni yubordi, — desalar, — Bu so‘zingga hujjating bormi? — deb kishilar undan so‘rasa, nima ayturlar? Dalilsiz quruq so‘z hech o‘rinda qabul qilinmas. Mana shuning uchun mo‘jiza ko‘rsatmagan payg‘ambar dunyoda yo‘qdur. Hech bir payg‘ambarni Xudo mo’jizasiz yubormagandir. Otamiz Odamdan boshlab Muhammad Payg‘ambarimiz zamonlariga kelgunga qadar necha yuz ming payg‘ambarlar o‘tgan bo‘lsalar, hammalarining Xudo tomonidan berilgan mo’jizalari bordur. Lekin bizning Payg‘ambarimizning mo’jizalari o‘tgan Payg‘ambarlarga qaraganda yana ham ko‘proqdur. Ulug‘ allomalardan ba’zilari Qur’ondan boshqa Rasulullohning mo’jizalari uch mingdan ortiqroq, deydilar. Ammo Rasulullohga berilgan mo’jizalarning ichida eng ulug‘i ushbu Qur’ondur va uning mo’jizaligini bilmak uchun uch yo‘l bordur. Birinchisi — bizning Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummiydurlar. Ya’ni, onadan tug‘ilganlaricha o‘qimagan, madrasa yuzini ko‘rmagan, qalam tutib xat yozmagan bir kishidurlar. Mundoq kishiga Qur’onga o‘xshash fasohat va balog‘atda eng oliy sifatga ega bo‘lgan bir ulug‘ kitobni o‘z ko‘nglidan chiqazib yozmoq hech qachon mumkin emasdur. Qalam tutmagan, harf tanimagan kishi kitob yozish buyon tursin, o‘z otini ham yozolmaydi. Bu ish ersa oqillar oldida ochiq haqiqatdur. Endi ish shundoq bo‘lgach, Rasululloh bu ulug‘ Qur’on kitobini qaydin keltirdilar? Albatta, shaksiz bu kitob Payg‘ambarimizga Allohdan kelgandur. Jabroil nomli farishta Allohning amri bilan o‘ttiz pora Qur’onni yigirma uch yil ichida Payg‘ambarimizga keltirib tamomladi. Hojat tushgan vaqtda bir sura-yarim sura, besh- o‘n oyatlab tushirib turdi. Ikkinchisi shuldurkim, Payg‘ambarimiz tug‘ilib, Qur’on yer ustiga tushgunchalik arablar til to‘g‘risida, so‘z darajasida shundayin rivoj topgan edilarkim, chechanlik, shoirlikning eng yuqori maqomiga yetgan edilar. Qur’on tushgan kunlarda arablar ichida o‘qimagan, yozmagan tug‘asa shoir, xatiblardan necha minglab topilur edi. Mana shundoq chog‘da Payg‘ambarimiz Xudo tarafidan bu ulug‘ mansabga tayin topdilar. Ya’ni, Payg‘ambarimiz qirq yoshga yetganlarida butun dunyo xalqiga Allohni tanitib, ularni Islom diniga da’vat |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling