Tarixi muhammadiy
Download 5.12 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- ISLOM OLAMIDA QURILGAN BIRINCHI MASJID
- AZONNING JORIY ETILISHI Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com
www.ziyouz.com kutubxonasi 74 «Hayosi yo‘qning — iymoni yo‘q» dedilar. Kalimai tayyiba: «La ilaha illallohu, Muhammadur Rasululloh» iymon daraxtining tanasidur. Ya’ni, shu kalimani tili bilan aytib, ma’nosiga chin ko‘ngli bilan ishonmoqdur. Bu daraxtning eng kichkina butog‘i — oyoqqa ilinarlik, ko‘z jirkanarlik narsalarni yo‘ldin yiroq qilmakdur. Alloh taolo o‘zining mo‘min qullariga bu daraxt tarbiyatini topshirdi. Mo‘minlarning qilgan toat-ibodatlari — iymon daraxtining tarbiyatlari bo‘ldi. Kutilmagan, tarbiyatsiz qoldirilgan daraxtlardin hosil olgan kishini kim ko‘rdi? Endi shu yuqoridagi so‘zlarning mazmunini to‘plab, qisqartirib kelganimizda, arabcha bir og‘iz «tavhid» kalimasining ma’nosi bo‘ladi. Demak, Rasululloh o‘n uch yil Makkada turgan chog‘larida butun xalqni shu tavhidga chaqirdilar. Chunki u zamon arablari uch firqaga bo‘lingan edi. Birinchisi — Quraysh boshliq Arabiston xalqining eng ko‘pchiligi mushriklar edi. Ya’ni, bular Alloh taoloni ulug‘ Xudo, barcha olamni yaratuvchi, deb bila turib, yana butlarga topinur edilar, bularni ham foyda-zarar yetkurmakka qudratlari bor, deb aytishur edi. Bu haqda hujjat bo‘lgudek asoslari, og‘izga olgudek so‘zlari yo‘q edi. YOlg‘iz ota-bobolari tutib o‘tgan yo‘l-yo‘riq bo‘lganlikdin, shularga ergashgan quruq taqliddan boshqa narsa emas edi. Ikkinchisi — arab yahudiylari, uchinchisi — arab nasorolari edilar. Yana bular ichida oz sonli dahriylar ham topilur edi. Mana shu firqalarning barisiga qarshi «Qul huvallohu ahad...» oyat ila boshlanuvchi sura nozil bo‘ldi. Bu suradagi to‘rt oyatning mazmuni bilan butun dunyoda bo‘lgan botil, buzuq dinlarning barchasi rad qilindi. Ixlos surasi — Tavhid surasi deb atalmog‘ining sababi ham shuldir. To‘rt oyatlik, qisqagina bir suraning, Payg‘ambarimiz aytishlaricha, Qur’oni karimning uchdan biriga barobar bo‘lishi shuning uchundir. Payg‘ambarimiz Makka shahrida o‘n uch yil turdilar, shu muddat ichida xalqni ikki eng ulug‘ diniy asosga taklif qildilar, dedik. Birinchisi, tavhidni yuqorida bayon qilib o‘tdik, ikkinchisi esa, qiyomat kunining bo‘lishiga chin ko‘ngli bilan ishonmakdur, ya’ni Alloh taolo o‘n sakkiz ming olamni yaratdi. Arsh, kursi, Lavhu qalam, to‘qqiz falakni yo‘qdin bor qildi. Olam ichida odamni xalq etdi. Endi alarning yaxshilari bo‘lganidek, yomonlari ham bordur. Balki yomonlari yaxshilaridin ko‘pdur. Milyon-milyon insonlarga foyda yetkazuvchilar bo‘lganidek, bularga qarshi ziyon qilguvchilar ham ko‘pdur. Bular esa har kimning ko‘z oldidin o‘tib turadur. Yaxshi- yomon, har ikki toifa ham ajallari yetgan kuni o‘lsalar, bu dunyodin ketadilar. Payg‘ambarlar kabi ne yaxshi zotlar butun umrlarini xalq g‘amida o‘tkazib, xalqqa qilgan xizmatlari, yaxshiliklari uchun, hayotliklarida zarrachalik ajr ko‘rmasdin, rohat topmasdin bu dunyodin o‘tdilar. Yana bir qancha zolim qonxo‘rlar zulm qila-qila butun dunyoni nohaq qonga to‘lg‘azib, tirikligida hech bir jazo ko‘rmasdin, ular ham ketdilar. Mana endi boshqani qo‘yib, aqlga qaraganda ham, albatta, qiyomatning bo‘lishi kerakdur. Insonlar uchun shundoq bir joy bo‘lsinkim, dunyoda qilgan ishlariga qarab, alarga jazo berilsin, buning ustiga, Xudo tarafidin yuborilgan shuncha ko‘p payg‘ambarlar barchalari, qiyomat kunining bo‘lishidin xabar berdilar. Demak, bu kunning kelishi ham aqliy, ham naqliy dalillar bilan isbotlangan bo‘ldi. Yana, Xudo tarafidin tushgan ulug‘ kitoblar — Tavrot, Zabur, Injil, Qur’on, bulardin boshqa payg‘ambarlarga kelgan kitoblarda ham qiyomat, Arasot ahvollari bayon qilingandur. Agar qiyomat bo‘lishi inkor qilinsa, milyon kishiga foyda yetkazgan kishi bilan, shu barobar, kishilarga ziyoni yetgan zolimning hech farqi qolmaydi. Bundoq bo‘lishi, albatta, aqlga to‘g‘ri emasdur. Shuning uchun Makkada tushgan suralar, birinchisi tavhid, ikkinchisi, o‘lgandin so‘ngra tirilib, qiyomatning bo‘lishi — shu ikki masala bilan to‘ldirilgandurlar. Yana o‘z so‘zimizga kelaydik. Yuqorida aytilishicha, Payg‘ambarimiz Madina tuprog‘iga qadam qo‘yganlarida, dastlabki tushgan joylari Madinadan besh-olti chaqirim yerdagi Qubo qishlog‘i edi. Shu joyda bir Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 75 necha kun turdilar. Birinchi qilgan ishlari — shu o‘rinda bir masjid bino qildilar. Rasulullohning amrlari bilan sahobalar ko‘p miqdorda tosh yig‘ib keltirdilar. Masjid o‘rni belgilangandin so‘ngra Rasululloh masjid qiblasini to‘g‘rilab, muborak qo‘llari bilan shu masjidga ul (poydevor) qo‘ydilar. Islom olamida yer usti bo‘yicha eng avval qilingan jamoat masjidi shu edi. «Lamasjidun ussisa alattaqvo», degan oyat shu masjid haqida nozil bo‘ldi. Ma’nosi: «Taqvo — iymon uzasiga (ustiga) qurilgan masjiddur». Buning ichida namoz o‘qiguvchilar zohirdayu botinda poklikni do‘st tutguvchilardur. Shundoq poklikni Alloh ham do‘st tutadi. Shu mazmundagi oyat bilan Alloh taolo Qur’oni karimda shu masjidni va bundagi namoz o‘qiguvchi musulmonlarni maqtaydi. Endi Payg‘ambarimiz bu joyda necha kun turganlari haqida ixtilof bordur. Ko‘proq rabiul avvalning o‘n ikkisi, dushanba kuni keldilar, shu joyda uch kun turib, juma kuni Madina shahriga kirdilar deb rivoyat qilinadi. Bu kirishlari esa, Islom olamida eng ko‘riklik, ko‘rkam, qutlug‘ kun edi. Butun dunyo bo‘yincha, haqiqat ahlining bayram quyoshi shu kunda tug‘ilmish edi. Bularga qarshi iblis mal’un va uning maslakdoshlari uchun eng og‘ir, qora, motam kunlari kelmish edi. Qubodin chiqar chog‘larida «Kasva» otliq tuyalariga mingan edilar. Muhojir, ansor sahobalar atroflarida qurollangan butun xalq, yosh-qari, erkak-ayol ergashgan holda shahar sari yurdilar. Tuya burundug‘ini ushlab, yetaklashga qabila raislari orasida talash bo‘lib, qizg‘in ravishda qizg‘anishlik tug‘ildi. — YO Rasulalloh, qadami sharafingiz ila kimning kulbasini guliston qilursiz, qaysi joyga tushursiz?— deb so‘rar edilar. Bularga qarshi: — Men mingan tuyamga bu ish buyurilmishdur, qayerga cho‘ksa, shuning cho‘kkan o‘rni bizning manzilimiz bo‘lur,— der edilar. Tuyaning burundug‘i o‘z bo‘yniga o‘ralgan, bu qutlug‘ jonivor o‘z erkicha yurmoqda edi. Pardasidan chiqmagan mastura qizlar Payg‘ambarimizni ko‘rishga qiziqib, tom ustiga chiqqan edilar. Dastlabki kelishlarida Quboga tushganlaridagidek, she’rlar o‘qilib, shodiyona daflar (childirmalar) chalinur, suyunchilik qo‘shiqlari aytilur edi. Shu yo‘sinda bo‘lib, xalq ergashgan holda, mahalla oralab, ko‘chadan-ko‘chaga, o‘rin izlagan kishidek, tuyalari har tomonga qarab yurar edi. Har eshikdan chiqqan kishilarga: «tuya ma’murdur (buyruq olgan)» deb javob berar edilar. Tuyalari shu yurganicha yurib, Bani Adiy ibn Najjor mahallasiga keldi. Payg‘ambarimizning ikkinchi bobolari Hoshim, shulardin uylanib, bobolari Abdulmuttalib madinalik xotundin tug‘ilgan edi. Mana shu to‘g‘ridan bu mahalla xalqi Payg‘ambarimizning tog‘alari bo‘lur edilar. Tuyalari shu joyga kelganda, Abu Ayyub Ansoriyning eshigi oldiga kelib cho‘kdi. Tuyaning cho‘kkan joyi, shu kundagi masjidi sharifdur. Rasululloh: — Shu joy bizning manzilimizdur, inshaalloh, — dedilar. Tuyadan tushishlari bilan shu oyatni o‘qib o‘tirdilar: «Robbi anzilni munzalan mubarokan va anta xayrul munziliyn». Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, meni qutlug‘, muborak o‘ringa tushirginki, sen tushiruvchilarning eng yaxshisidursan». Yangi manzilga tushgan vaqtda bu oyatni o‘qimoq bizlarga sunnat bo‘ldi. Uy egasi Abu Ayyub Ansoriy darhol kelib, xurjun-xalaj yuklarini ko‘tardilar. «Kishining yuki qayerda bo‘lsa, egasi ham shu yerda bo‘lur», deb Payg‘ambarimiz ham ortidin yurdilar. Yana shu jamoatdan As’ad ibn Zurora degan kishi kelib, tuyalarini yetaklab, o‘z uylariga eltdi. Shu chog‘da qabilaning yosh qizlari quyidagi she’rlar bilan qo‘shiq aytishib, quvonishar edilar: Bani najjor ahlining yosh qizlari bo‘lurmiz Muhammadning kelganin baxtimiz deb bilurmiz Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 76 Xush keldingiz bizga siz, qadamingiz muborak Oyoq bosgan izingiz, ko‘zga surma qilurmiz. U yosh qizlar shu she’rni o‘qiganlarida, Rasululloh qarab: «Meni yaxshi ko‘rasizlarmu? Alloh bilur, sizlarga muhabbatim ko‘nglimda to‘liqdur», dedilar. Abu Ayyub Ansoriyning ost-ustlik ikki qavat uylari bor edi. Kelib ketgan kishilarga og‘irlik bo‘lmagay deb, Payg‘ambarimiz ostingi uyni ixtiyor qildilar. Lekin Abu Ayyub Ansoriy Rasululloh xizmatlariga buni loyiq ko‘rmay, yolvorib yurib, hech qo‘ymay, oxiri yuqorigi uyga ko‘chirdi. Muhojir sahobalar ko‘pchiligi Payg‘ambarimiz bilan birga edilar. Ansor sahobalar alarni qizg‘anishib, har kim o‘ziga tushirmoq uchun talashdilar. Oxiri bu ishni bajarishda chek tashlashga maslahat to‘xtadi. Har muhojir qaysi ansorning chekiga tushsa, shu joyda makon tutdi. Makkadin va boshqa joylardin kelgan muhojirlar orasida bola-chaqaliklari yo‘q hisobida edi. Xudo yo‘lida hamma narsalarini tashlab chiqqan edilar. Payg‘ambarimizning Qubodin chiqishlari juma kuni bo‘lib, juma namozining vaqti yaqin bo‘lganlikdin, Madina ichiga kiraverishda bani Solim ibn Avf mahallasida juma namozini o‘qishga to‘g‘ri keldi. Xususiy bir masjidda yig‘ilib turishgan yuz chamalik kishilarga imom bo‘lib, juma namozida shu xutbani o‘qidilar. Ko‘proq rivoyatga qaraganda birinchi o‘tagan juma namozlari, birinchi o‘qigan xutbalari shu edi. Arabcha matnini qoldirib, uning mazmunini turkiycha yozdim. Dastlab, Xudoga hamdu sano aytdilar, so‘ngra dedilar: — Ey odamlar, dunyoda tirik turgan chog‘inglarda, oxiratga borishdan oldinroq oziq yuboringlar. Ulug‘ Allohning xaqqi bilan qasam qilurman, har bir kishi o‘lgandin so‘ngra Xudo oldiga borgay, barcha molu dunyolarini bu joyda qoldirgay, so‘ngra Alloh taolo oraga tilmoch solmasdin, hech kimni orachi qilmasdin u qulga degay: «Dunyoda turgan chog‘ingda yuborgan payg‘ambarimiz senga kelgan edi, bu kunlarning kelishini senga bildirgan edi, fazl-karamim bilan seni yo‘qdin bor qildim, rizq berib, seni tarbiya qildim, bu kungi holda o‘zing uchun bu joyga nima keltirding?» Anda ul kishi hijolat bo‘lganidin o‘ng tomoni, so‘l tomoniga, oldi-orqasiga qarab, tamug‘ (do‘zax)din boshqa hech narsani ko‘rmagay. Endi oldinglarda shunday ishning borligi haqdur, bu ish bir kuni ko‘z oldinglarga kelur. Har kishi ortiqcha topolmay, yarim xurmosi bo‘lsa ham, shuni oz ko‘rmay, Xudo yo‘lida muhtojlarga sadaqa qilsin. Do‘zax o‘tidin yiroqlashgay, agar bu dag‘i (bu ham) bo‘lmasa, kishi ko‘nglini olgudek bir og‘iz yaxshi so‘z bo‘lsin. Bu ham ehson qatorida o‘tgay. Mo‘minning qilgan yaxshiligi eng oz bo‘lgan-da, o‘n barobar bo‘lib yozilur. Aning ixlosiga qarab, o‘ndan yetti yuzgacha bir yaxshilikning savobi bo‘lur. Har keluvchi narsa yaqindur. Hech kimning shoshganiga qarab, Xudo shoshilmas, vaqti kelganida har ish kechiktirilmas, kishi bir ishni qilmoqchi bo‘lur, uni Alloh ham qilmoqchidur, kishi deganicha bo‘lmas, Allohning tilaganicha bo‘lur. Uni kishilar suymasalar ham shu bo‘lur. Xudo yiroqlashtirgan ishni hech kim yaqinlashtirolmas. Shuni aniq bilingkim, Xudodin iznsiz hech bir ish bo‘lmas». Ko‘ring buni, Subhonalloh qandoq ulug‘ so‘zdur. Bayt: So‘zi so‘zlar ichida gavharidur O‘zi so‘zlaguvchilar sarvaridur Agar mo‘minsan, ibrat ol bu so‘zdan Olursan har biriga yetti yuzdan. So‘ngra Rasululloh muhojir-ansor sahobalar o‘rtalarida diniy bir qarindoshlik bog‘ladilar. Dedilarkim: — Alloh aytmagan so‘zni Alloh aytdi, demakdan o‘zini saqlasun, Xudo yo‘lida ikki-ikkidin qardosh bo‘laylik deb, Hazrati Alining qo‘llarini tutib, mening qardoshim shudur, — Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 77 dedilar. Ikkovlari oxiratlik do‘st bo‘ldilar. Hazrati Hamza, shahidlar sayyidi, Rasulullohning amakilari erur. Zayd ibn Horisa bilan din do‘stligi bog‘ladilar. Shuning uchun Uxud tog‘idagi urush oldida hazrati Hamza Zayd ibn Horisaga vasiyat qilgan edi. Zayd ibn Horisa bo‘lsa, Qur’onda ismlari kelgan, Rasulullohning boqma bolalaridur. Hazrati Alining og‘asi Ja’fari Tayyor shu kunlarda Habashistonda bo‘lganlikdin, hazrati Muoz ibn Jabal bilan g‘oyibona diniy birodar bo‘ldilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq Xorija ibn Zuhayr bilan, Hazrati Umar Itbon ibn Molik bilan, Hazrati Usmon Avs ibn Sobit bilan, Hazrati Abu Ubayda Sa’d ibn Muoz bilan, Salmon Forsiy Abu Dardo bilan, Hazrati Bilol muazzin Abdulloh ibn Abdurahmon bilan, bulardan boshqa ham birmunchalari bor edi, so‘z uzayib ketmasin deb, alarning ismlarini yozmadik. Payg‘ambarimizning amrlari ila ansor va muhojir sahobalar bir-birlari bilan diniy birodar, oxiratlik do‘st bo‘lishdilar. Din do‘stligidan chiqqan muhabbat, tug‘ishgan qarindoshlik muhabbatidin necha barobar kuchlik edi. Chunki ansor sahobalar muhojir birodarlarini har ishda o‘zlaridan oldin tutdilar. Hech bir narsalarni alardin ayamay, butun mol-dunyolarini o‘rtaga soldilar. Shundoqki, bu diniy do‘stlik, oxirat birodarligi bog‘langan so‘ngida Sa’d ibn Rabi’ do‘stlari Abdurahmon ibn Avf oldiga kelib: — Ey Abdurahmon, mani hamma bilur, Madina ahlining moldor va boyrog‘i mendurman, qo‘limda borlik molimning teng yarmi seniki bo‘lsin, yana mening nikohimda ikki xotunim bordur, birini taloq qilgayman, iddasi tamom bo‘lgandin so‘ngra ani xotunlikka olgaysan, — dedi. Anda birodari Abdurahmon: — Sening ahli ayollaring, molu jonlaringga Alloh barakot bersun, bu yerning bozorlari bilan meni tanishtirib qo‘ygil, tijorat kasbi bilan turmush kechirsam yana yaxshiroq bo‘lur, — deb aning taklifini qabul qilmadi. Muhojir va ansor sahobalar o‘rtalarida do‘stlik muhabbati shu daraja qattiq bog‘langan edi. Molu dunyolarini o‘rtaga solishga olimsinmadilar (ya’ni, ko‘ngillari to‘lmadi), ikki xotunlik ansorlar, birini taloq qilib muhojir do‘stlariga ani taqdim qilish fikrini qildilar. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda ansorlarni maqtab, bu oyatni indirdi (tushirdi): «Vayu’siruvna ala anfusihim valavkana bihim xasosa», ya’ni: «Ansor sahobalar muhojirlarni har ishda o‘zlaridin ortiq ko‘rurlar, shundoqqim, ular o‘zlari molga muhtoj bo‘lib tursalar ham, nafslaridan kechib, mollarini alarga taqsim qilurlar», demakdur. Chunki Xudo yo‘lida qilinadigan barcha yaxshiliklar ichida eng ulug‘i iysor (hadya) qilmoqdur. Iysorning ma’nosi shu oyat mazmunida bayon qilingan ishdur. Shu yuqorida aytilishicha, bu bog‘langan chin do‘stlikda har ikki birodarning birisi muhojir, ikkinchisi ansoriylardan bo‘lishi shart edi. Ammo Hazrati Ali haqida bu ish bo‘lmadi. Balki Rasululloh u er yigitning qutlug‘ qo‘lini tutib, «bu mening qardoshim», dedilar. Payg‘ambarimizning bundoq ulug‘ iltifotlariga uchraganlikdan dunyo va oxirat sharafiga ega bo‘ldilar. Xudo va uning payg‘ambari Rasululloh oldida bu mardi haqning qanday ulug‘ martaba topganlari bu ishdan ma’lumdur. Shundoq bo‘lib, har bir muhojir o‘z do‘sti bo‘lgan ansoriy uyida turar edi. Va bular «meros» oyati tushgunchalik bir-birlariga merosxo‘r bo‘ldilar. So‘ngra meros hukmi o‘zgarib, hozirgi kundagidek har kimning o‘z vorislariga tayin topdi. ISLOM OLAMIDA QURILGAN BIRINCHI MASJID Payg‘ambarimizning shu kundagi Madinai Munavvara masjidida qurilgan minbari sharif o‘rniga tuyalari cho‘kkan edi. Bu joy Abu Ayyub Ansoriyning eshigi oldi-da, shu mahalla xalqi bu joyni xurmo quritish uchun xirmon qilib yasagan edilar. Aslida bo‘lsa, bu joy ikki yetim bolaning otasidin qolgan meros mulki edi. Payg‘ambarimiz bu yerni sotib olmoqchi Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 78 bo‘lib, alarni chaqirdilar. Anda u yetim bolalar: — Yo Rasulalloh, buni biz sotmoqchi emasmiz, balki masjid uchun sizga hadya qilib, bu joyni tutdik,— dedilar. Payg‘ambarimiz bu so‘zni qabul qilmadilar, balki bu joyning yetarlik bahosini berib, sotib oldilar. Shuning bilan masjid binosi qurilishi boshlandi. Uzunligi 63 gaz (1 gaz — 72 sm), eni 54 gaz edi. Bu yerdan chetroqda bir quduq oldida g‘isht-kesak quydirdilar. Sahobalar shu joydin g‘isht-kesaklarni tashir edilar. Rasululloh ham shular qatorida ishladilar. Ishning qizg‘in chog‘ida ishlarni tashviq qilish uchun shu she’rni o‘qiganlari hadis kitoblarida rivoyat qilindi: «Allohumma lo xoyra illa xoyrul axira, far-hamil ansora val muhajiro». Ma’nosi: «Oxirat yaxshiligidin o‘zga yo‘qdur yaxshilik, ey Xudo, ansoru muhojirlarni o‘zing rahmat aylagil». Bu masjidi sharifning turuklari (ustunlari) xurmo yog‘ochidin yasalib, o‘gza ustiga xurmo shox-butoqlari solingan edi. Tom egizligini odam bo‘yidin ortiqroq qilib ko‘tardilar. Bu masjidga uch joydan eshik ochdilar. Qiblasi shimol tomonida bo‘lib, Quddusi sharifga qaratilgan edi, minbari yo‘q edi. Keyinroq xalq ko‘pchilik bo‘lib, alarning so‘rovlaricha, uch zinalik minbar qo‘yildi. Ammo Rasululloh zamonlarida, to‘rt yorning (Choriyorlar) davrlaridagi masjidlarda mehrob yo‘q edi. Umar ibn Abdulaziz umaviya xalifasi Valid ibn Abdul Malik tarafidin Madinaga voliy bo‘lib keldi. Mana shu chog‘da masjidlarga mehrob qilish odati boshlandi. Bu muborak masjid ichiga hech qandoq zeb-ziynat qilinmagan edi. Har turlik bisotlardin joynamozlar solish bu yon tursin, xurmo yaprog‘idin to‘qilgan bo‘yrasi ham yo‘q edi. YOg‘in-yomg‘ir kunlarida loy bo‘lmasin deb joynamoz o‘rniga mayda tosh, qum to‘shadilar. Yana shu masjidga tutashtirib, ikki uy solindi. Birisi onamiz hazrati Savdaning uylari, ikkinchisi onamiz hazrati Oishaning uylari edi. Alloh taolo musulmonlarga kunda besh vaqt namoz o‘tashni farz qildi. Buning hikmati ersa, Alloh taolo o‘z ulug‘ligini bandalariga eskartib turishdur. Shuning uchun Payg‘ambarimiz: Namoz — mo‘minlarning me’rojidur, dedilar. Buning ma’nosi shuki, mo‘min banda har kuni Alloh huzuriga besh qayta kelib, o‘zining mo‘minlik ahdida turganligini bildiradi. Shuning ta’siri bilan ulug‘ qudratlik Allohni ko‘nglidan chiqarmay, aning buyruqlarini o‘rinlab, qaytaruqlaridin o‘zini saqlaydi. Namoz o‘qishdan asli maqsad — Allohni eskarishdur. Alloh taolo Qur’onda «Aqimus solata li zikriy» dedi. Ya’ni: «Meni yod qilish uchun namoz o‘qing» demakdur. Alloh yodi bilan ado topmagan namoz haqiqatda namoz hisoblanmaydi. Haqiqiy namoz o‘qishdan ulush olguvchi mo‘minlar, albatta, buzuq yo‘llardin yiroq, gunoh ishlardin chetroqdurlar. Chunki Alloh taolo Qur’onda «Innas solata tanha anil fahshai val munkar» oyatini keltirdi. Ma’nosi: «Namoz, albatta, namoz o‘qiguvchi kishilarni barcha gunohlardan qaytaradur» degan bo‘lur. Buning so‘ngida yana «Valazikrulloh akbar» dedi. Ma’nosi: «Allohni yod qilmoq barcha narsalardan ulug‘dir», buning ulug‘ligi shulki, namoz o‘qiguvchi mo‘minning ko‘nglini O‘z nuri ila yoritgay. Boshqa gunoh ishlarni ko‘ngliga sig‘dirmagay. Shuning uchun Payg‘ambarimiz aytdilar: «Agar namoz o‘qib yurgan kishi gunoh ishlardin qaytmas ersa, aniq bilsinkim, Xudo oldida aning namozi mardud ekandur». Yana Rasululloh farz namozlarini jamoat bilan o‘qishga qattiq buyurdilar. Chunki bu bahona ila har kunda besh qayta mo‘minlar bir-birlari ila ko‘rishib turgaylar. Dunyolik va oxiratlik ishlari haqida kengashib, hojatlarini o‘tashgaylar. Kun sayin ko‘rishib tursalar, mehr ko‘zda, deganidek, bir-birlariga ulfat va muhabbatlari ortur. Ummatlariga jamoat namozini tayinlab, shunday dedilar: «Solatul jamoati tafzulu ala solatil fazzi sab’an va ishriyna darojatan». Ma’nosi: «Jamoat bilan o‘qilgan namozning savobi yolg‘iz o‘qilgan namozning savobidan yigirma yetti barobar ortiq», demakdur. AZONNING JORIY ETILISHI Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 79 Har namozning vaqti kirganda masjidga jamoat yig‘ilishi uchun yiroq-yaqinda turgan mo‘minlarga bildirish kerak edi. Bu to‘g‘rida qandoq chora ko‘ramiz, deb Payg‘ambarimiz sahobalariga maslahat soldilar. Alardan birovi: «YO Rasulalloh, har namoz vaqti kirganda egiz joyga bayroq chiqarib osaylik», dedi. Uxlagan odamga, ko‘rmagan kishiga foydasi yo‘qligidan, buni ma’qul ko‘rmadilar. Yana birlari tepalik ustiga o‘t yoqish maslahatini ko‘rsatdi. Bu ish otashparastlar ishi, deb bunga ham rozi bo‘lmadilar. Tag‘in birovlari turib, har namoz vaqtida bug‘ (karnay) chalaylik dedi. Yahudlarning ibodat vaqtidagi odatlari bo‘lganlikdin Rasululloh buni yoqtirmadilar. Chunki yahud, nasorolarga qaysi ishda bo‘lsin taqlid qilmoqni suymas edilar. Yana ba’zilari qo‘ng‘iroq chalishga maslahat berdi. Bu ish ibodat kunlarida nasorolar fe’li edi. Payg‘ambarimiz buni ham xohlamadilar. Oxiri bir saxoba: — Yo Rasulalloh, har namoz vaqti kirganda bir odam turib vaqti namoz, vaqti namoz desa, bo‘lurmi?— dedi. Payg‘ambarimiz buni bo‘lur, deb qabul qildilar. Har namoz vaqti kirganda shu so‘z bilan bir kishi qichqirur edi. Bu qichqiruvchilardin biri madinalik sahobalardin Abdulloh ibn Zayd degan kishi edi. Bir kecha ul kishiga uyqu-uyg‘oq oralig‘ida bir kimsa ko‘rinib: «Mo‘minlarni namozga chaqirur bo‘lsang, mana shu so‘zlarni aytib qichqirgil», dedi: «Allohu akbar, Allohu akbar. Ashhadu anla ilaha illalloh, ashhadu anla ilaha illalloh. Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh, Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh, hayya alas sola, hayya alas sola, hayya alal falah, hayya alal falah, Allohu akbar, Allohu akbar, La ilaha illalloh» bilan tamom qilursan, deb g‘oyib bo‘lishi hamon uyg‘ondi. Shu onda Rasululloh huzurlariga kelib, bu ko‘rgan tushlarini bayon qildi. Anda Payg‘ambarimiz: — Albatta, bu ko‘rganing haq tushdur. Men ham Me’rojga chiqqanimda bir farishtaning arsh shundoq azon o‘qiganini ko‘rgan edim, — dedilar. — Bu kalimalarni Bilolga o‘rgatgil, ul sendin ko‘ra unlikroqdur (tovushi balandroq) — dedilar. Shundan so‘ngra hazrati Bilol shu kalimalar bilan azon aytgani turdi. Butun Islom olamiga shu tartibda azon aytishlik sunnat bo‘lib qoldi. Buni ustiga Hazrati Umar shoshilgan holda kelib: — Yo Rasululloh, Alloh haqqi, men ham shu Bilol aytgan azonni tushimda ko‘rdim, — dedi. Har namoz vaqti kirganda azon aytmoqlik, o‘qilur chog‘ida takbir tushirmaklik shu kundin boshlab, sunnat bo‘ldi. Xazarda, safarda hazrati Bilol va Ummu Maktum Payg‘ambarimizning muazzinlari edilar. Ikkinchilarining ko‘zlari ojiz bo‘lsa ham, ko‘zi ochiqlardin vaqtni yaxshiroq bilar edi. Shuning uchun Rasululloh «Bilolning azoni sizlarni saharlik yeyishdan qoldirmasin, Ummu Maktum azon aytganchalik, yeb ichinglar», dedilar. Chunki hazrati Bilol tahajjud namoziga uyg‘otmoq uchun tun yarmi o‘tgandan so‘ngra azon aytur edi. Ikki haramda shu kungacha bu odat joriydur. Erta namoziga tong otishdin ilgari va uning keyinida azon o‘qilur. Har farz namozining vaqti kirgan so‘ngida azon aytishlik, namoz o‘tash oldida takbir tushirishlik, namozga kirishganda «Allohu akbar» demaklik, besh vaqt namozni jamoat bilan o‘tamaklik, har rakatda ruku, sajda qilmoqlik, haftada juma namozi, har yilda ikki iyd namozi o‘qimaklik, mana bular bo‘lsa, bizning Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga xos ibodatlardur. O‘tgan payg‘ambarlar ummatlarining diniy ibodat tartiblari bundoq emas edi. Download 5.12 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling