Tarixi muhammadiy


MADINA YAHUDLARINING TARIXI


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet14/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   59

MADINA YAHUDLARINING TARIXI 
Butun dunyodagi yahudlarning asli vatanlari Falastin o‘lkasidur. Uning markazi Quddusi 
sharif, bu shahar Tavrot kitobida ibroniy tili bilan «Avrashalaim» atalmish edi. Masjidul 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
80
Aqso va Saxra toshi shu shaharda bo‘lib, Ibrohim Xalilullohdin boshqa barcha 
payg‘ambarlarning qiblasi edi. Payg‘ambarimiz Madinaga kelganlaridan keyin o‘n olti oy 
Quddusi sharifga qarab namoz o‘qidilar. So‘ngra qibla Baytullohga yo‘tkaldi. Hijoz 
o‘lkasidagi yahudlarning vatanlari Quddusi sharif bilan Shom atroflarida bo‘lsa ham, 
Bobil podshosi Buxtunnasr Quddusi sharif ustiga qilgan hujumlaridin va bundan ilgari-
keyin Rum imperatorlari, nasroniy dini tarafdorlarining zulm-tahdidlaridan qochishib 
chiqqan yahudlar Arabistonda, Hijozda panoh topishgan edi. Mana, Payg‘ambarimiz 
davrlaridagi Madina yahudlari Qur’oni karimda qissalari bayon qilingan Bani Isroillar, 
milodi Isodin ilgari-keyin Shom tarafidin hijrat qilib kelgan yahudlar nasllaridur. 
Bularning olimlari Payg‘ambarimizning sifatlarini Tavrot, Injil kitoblarida o‘qishib-
eshitishgan edilar. Oxirzamon Payg‘ambari Arabiston tuprog‘idan chiqishiga qanoatlari 
bor edi. Har qachon arablar bilan urushsalar, Payg‘ambarimizni shafe keltirib, Xudodan 
nusrat so‘rar edilar. Shuning uchun Qur’onda: 
«Ya’rifuvnahu kama ya’rifuvna abnaahum», ya’ni, «Yahudlar, kitobiy kofirlar o‘z 
farzandlarini qandoq tanisalar, Payg‘ambarimizning haqligini shundoq tanur edilar», 
degan mazmunda oyat tushdi. 
Nechun tanimasinlarkim, o‘tgan payg‘ambarlarga Allohdin ingan kitoblarda uch yuzdan 
ortiq o‘rinda Payg‘ambarimizning sifatlari aytilib, ularga bashorat berilgan edi. 
Madinadagi Avs, Xazraj arablari bilan Payg‘ambarimiz chiqmasdin burun yahudlar 
so‘qishur bo‘lsalar, alarga aytur edilar: «Sizlar shoshmanglar, bu yaqinda oxirzamon 
payg‘ambari chiqur, barchadin burunroq biz unga iymon keltirgaymiz, uning tug‘i ostida 
sizlardin bir kishi qoldirmay qiramiz» deyishib, alarni qo‘rqitur edilar. Shundoq qilib, 
Payg‘ambarimizning chiqishlariga mushtoq bo‘lib turishgan yahud toifalari o‘zlarini 
ko‘rishganda, qilgan ahd-paymonlarini unutib, haqiqatdin yuz o‘girdilar. Tavrot, Injil va 
boshqa ilohiy kitoblarda yozilgan Payg‘ambarimizning sifatlarini yashirib, bu haqda 
aytilgan oyatlarni o‘zgartirdilar. Mana, Qur’ondagi bu oyat shular haqida nozil bo‘ldi: 
«Falamma jaahum ma arafu kafaru bihi fala’natullohi alal kafiriyn», ya’ni, «Yahudlar 
o‘zlari Tavrot va Injilda sifatlarini ko‘rishgan oxirzamon payg‘ambari kelganida, haqiqatni 
bilib tursalar ham, unga iymon keltirmay, kofir bo‘ldilar. Allohning la’nati kofirlargadur». 
Yahud olimlaridin yolg‘iz Abdulloh ibn Salom iymon keltirdi. Rasululloh Makkadan hijrat 
qilib Madinaga kelganlarida, bir necha kun Qubo qaryasida (qishlog‘ida) turdilar. 
Odamlar Rasululloh bilan ko‘rishgali har tomondin kelgani turdilar. Shular ichida 
Abdulloh ibn Salom ham keldi. Bu kishi yahud qabilasi Bani Qaynuqo raislaridin edi. 
Rasulullohni ko‘rib, Tavrot va Injilda yozilmish sifatlarini to‘g‘ri topdi. Yuzlariga ko‘zi 
tushgandayoq: «Yolg‘onchi odamni yuzi bundoq bo‘lmaydur, shu muborak yuzlik kishi 
qandoq yolg‘on aytsun», deb darhol kalima aytib, iymon keltirdi. So‘ngra aytdi: 
— Yo Rasulalloh, rostlik bilan guvohlik berurmankim, Alloh taoloning haq 
Payg‘ambaridursiz, bu to‘g‘rida qilchalik ko‘nglimda gumonim yo‘qdur, — dedi. Shuning 
bilan o‘z uyiga qaytib, xotun-bolalarini ham so‘zga qondirib, dinga da’vat qildi. Alar ham 
iymon keltirdilar. Ammo bu ishni bir necha kun yahudlardin yashirin tutdi. So‘ngra bir 
kuni Rasululloh huzurlariga kelib: 
— Yo Rasulalloh, butun yahud qavmlari bilur va o‘zlari iqror qilurlarkim, men alarning 
sayidi — sayidzodasi, olimi — olimzodasi erurman. Bizning iymon keltirganimizdan 
haligacha ularning xabarlari yo‘qdur. Endi maslahat shuki, barcha yahudlarni chorlab 
chaqirgaysiz, ular kelgan chog‘ida yashirinib yotgayman, mening borligimni ular 
bilmasinlar. So‘ngra mening hasab-nasablarimni, ularning oldida qandoq qadr-qimmatim 
borligini o‘zlaridan so‘rasangiz, albatta, iqror qilurlar. So‘ngra, yo Rasulalloh, alardin ahd 
olgaysiz, shundoqki, Abdulloh ibn Salom agar iymon keltirur bo‘lsa, biz yahudlar ham 
barchamiz iymon keltirgaymiz, deb so‘z bersinlar, — dedi. Bu so‘z Payg‘ambarimizga 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
81
ma’qul bo‘ldi. So‘ngra alarni chaqirib keltirganlaridin keyin: 
— Ey yahud qavmi, voy sizlarning holinglarga, Xudodan qo‘rqinglar, butun olamni 
yaratguvchi Alloh oti bilan ont ichib, qasam qilurman, sizlarga mening haq 
Payg‘ambarligim oydin-ochiq kundin yorug‘roqdur, chunki sizlardin chiqqan barcha 
payg‘ambarlar menga iymon keltirishga sizlardin ahd olganlar. Tavrot, Injil kitoblaridagi 
mening haqimda kelgan oyatlar o‘zingizlarga ma’lumdur. Haqiqatga inkor qilmay, menga 
iymon keltiringlar, — dedilar. Anda yahudlar: 
— Ey Muhammad, Tavrotda bundoq oyatlarning borligini bilmaymiz va ko‘rganimiz yo‘q, 
— deb haqni inkor qildilar. 
Rasululloh yuqoridagi aytgan so‘zlarini qasam bilan yana uch marotaba qaytarib aytdilar. 
Yahudlar birinchi navbatda bergan javoblarini yana takror qildilar. So‘ngra Rasululloh 
alarga qarab: 
— Abdulloh ibn Salom sizlarning ichinglarda qandoq odamdur? — deb so‘radilar. 
Anda barchalari bir og‘izdan javob berishib: 
Ul odam bizning sayidimiz, olimimiz bo‘lur, deyishdi. 
Andoq ersa ul kishi iymon keltirib, Islom dinini qabul qilar bo‘lsa, sizlar ham qabul 
qilursizlarmi? — dedilar. 
Anda ular: Albatta, qabul qilurmiz, deb barchalari va’da berdilar. So‘ngra Rasululloh: 
— Ey ibn Salom, uydan chiq, — deb chaqirdilar. 
Yahudlar bu nima holdur, deb hayron qolishib turgan chog‘da, u uydan chiqib keldi. 
Anda Rasululloh aytdilar: 
— Ey ibn Salom, senga uch savolim bordur. Birinchisi, Alloh haqida aytgil, mening haq 
Payg‘ambarligimni bilmasmusan? Ikkinchisi, Tavrot, Injil kitoblarida yozilmish 
sifatlarimni ko‘rmadingmi? Uchinchisi, mening zamonimni topguvchi ahli kitoblardin 
menga iymon keltirib, tobe bo‘lishlari uchun Xudo tarafidan ahdi paymon olinmaganmu? 
Anda Abdulloh ibn Salom aytdi: 
— Yeru ko‘kni yaratguvchi Alloh oti bilan qasam ichib, guvohlik berurman, siz oxirzamon 
haq Payg‘ambari erursiz. Tavrot, Injilda yozilmish sifatlaringizni barchamiz tilovat 
qilurmiz. Sizga iymon keltirish to‘g‘risida butun ahli kitoblardin Alloh ahd olgani haqdur. 
Ey yahud qavmi, Xudodan qo‘rqinglar, Muso va Horunga Tavrot kitobini indirguvchi Alloh 
«haqqi» qasam qilib, guvohlik berurman. Muhammad alayhissalom Allohning quli, 
oxirzamon Payg‘ambaridur. Bu ishning rostligini barchamiz bilurmiz. Shundoq ekan, 
Islom dinini qabul qilib, iymon keltiringlar, — dedi. 
Anda yahudlar bir zum ilgari bergan ahdlarini buzib, o‘zlari ishonch ko‘rsatgan Abdulloh 
ibn Salomdin yuz o‘girdilar. Payg‘ambarimiz oldida ul kishiga kelishmagan, yomon 
so‘zlar aytgani turishdi. Buni ko‘rib, alardin Rasululloh umidlarini uzdilar. Bu yig‘ilgan 
yahudlar ham shundoq ulug‘ ne’matdan benasib bo‘lib tarqashdi. Rasululloh sollallohu 
alayhi vasallam Makkada turgan chog‘larida Quraysh mushriklaridan, keyin bu yerlik 
munofiqlardan ham to‘la aziyat tortdilar. Buning ustiga Arabiston yahudlaridan ayniqsa, 
madinaliklar alarga qo‘shimcha bo‘ldi. Bularning dushmanliklari barchalaridan ham 
qattiqroq edi. Ochiqdan-ochiq ziyon yetkazish yo‘lini topolmasdan, yashirin ravishda 
qasd qilishga kirishdilar. Shundoqki, Labid ibn A’som degan yahudiy Rasulullohga sehr 
qildi. Alardin bir yosh o‘g‘il kelib, Rasulullohga xizmat qilib ketardi. Shu orqalik siniq 
soqol taroqlarini, yana bir necha tola muborak soqollarini oldi, bularning yoyining 
(kamonning) ipiga qo‘shib, o‘n bir tugun tugdi, bu tugunlarga igna sanchib, o‘ziga 
maxsus amallari bilan sehr bog‘ladi, bu jodu sehrlik tugilgan iplarni Zarvon ismlik quduq 
suvi ichida bir og‘ir tosh tagiga bostirib qo‘ydi. Bir necha kun ichida bu sehr ta’sirida 
Rasulullohning mijozi shariflari bir oz o‘zgardi. Buning muddatida bir yil, yoki olti oy, 
yoki qirq kun deyilgan uch rivoyat bordur. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
82
So‘ngra Jabroil alayhissalom kelib, bo‘lgan voqeadan xabar berdilar. Rasulullohning 
amrlari bilan Hazrati Ali borib, ul jodu amallarini quduqdan topib chiqdi. O‘n bir tugunlik 
sehr ta’sirining raddiga o‘n bir oyatlik ikki sura: «Falaq va Nos» suralari nozil bo‘ldi. 
Jabroil har oyatni o‘qiganda bir tugun yechilar edi. O‘n birinchi tugun yechilishi bilan 
sehr ta’siridan hech asar qolmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sog‘lom bo‘ldilar. 
Lekin shuni bilmak kerakkim, bu sehrning ta’siri oz-ko‘p, muborak jasadlarida ma’lum 
bo‘lgan edi. Ammo aqllarida zarrachalik o‘zgarish yo‘q edi. Shuning uchun 
payg‘ambarlikka bu ishning zarracha nuqsoni yo‘q edi. Agar insoniy tomonga boqilsa, 
turlik jismoniy hodisalar payg‘ambarlarga ham bo‘lishi mumkindur. O‘tning kuydirishi, 
suvning ho‘l qilishi, yolg‘iz tabiatlari bilan bo‘lmay, Alloh izmi bilan bo‘lganidek, sehrning 
ta’siri ham Allohning iznisiz bo‘lmaydi. Qur’ondagi «Va mahum bidorrina illa bi iznilloh», 
ya’ni: «Sohirlar (sehr qiluvchilar) Allohdin iznsiz hech kimga zarar yetkaza olmas», 
degan oyat bunga ochiq dalillur. 
O‘t o‘chirishga suv qandoq kerak bo‘lganidek, sehr amalini buzishga ham uning sababini 
topmoq kerakdur. Shuning uchun Rasululloh buni rad qilish yo‘lini ummatlariga 
o‘rgatdilar. Sehr amallari bilan zararlanish, ko‘z tegib, undan ziyon ko‘rishlik burundan 
beri dunyoda bo‘lib kelgan ishlardur. Buning borligi Qur’onda va hadis kitoblarida ochiq 
bayon qilinmishdur. Shuning uchun diyonat ahllaridan bu narsalarni inkor qiluvchilar 
yo‘qdur. So‘ngra Rasululloh sehrchi Labid ibn A’somni chaqirib, undin so‘radilar. U ham 
bu ishni qilganiga o‘zi iqror bo‘lib, bo‘yniga oldi: «Yahudlar bir qancha tillo berishib, meni 
qiziqtirgan edilar, aqchaga aldanib, bu ishni qildim», deb Rasulullohdin kechirishni 
o‘tindi, Oliy axloqqa ega bo‘lgan Payg‘ambarimiz uning gunohidan o‘tdilar. Bu 
yahudlarning Rasulullohga har vaqt dushmanlik qilishlarida eng zarur yordamchilari 
Madina munofiqlari edi. Bularning sonlari bir rivoyatda kelishicha, uch yuzga yaqin bor 
edi. Bu munofiqlarning raislari Abdulloh ibn Ubay o‘lgunchalik Payg‘ambarimizga qattiq 
dushmanlik bilan dunyodin o‘tdi. 
Munofiq deb, Qur’onda tili musulmon, dili kofir kishilarni aytilur. Tilida iqror qilib, 
musulmon bo‘lsa, ko‘nglida shak keltirib, kufr saqlasa, mana shundoq odam chin 
munofiqdur. Shariat oldida ko‘rinov kofirdin yashirin kofirning gunohi qattiqroqdur. 
Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda «Innal munafiqiyna fidaril asfali minannar» oyati 
bilan munofiqlarga qattiq jazo berishini bildirdi. Ya’ni, «Munofiqlar do‘zaxning eng ostingi 
qavatiga tushadilar», dedi. Qur’ondagi Munofiqun surasi mana shular haqida nozil bo‘ldi. 
Payg‘ambarimiz bularning og‘zaki iymon aytishlariga qanoat qilib, Islom haqida qancha 
ko‘p qilgan xiyonatlariga qarshi sabr etdilar. Chunki u kunlarda ilohiy tomondan berilgan 
buyruq shundoq edi. Va Rasululloh har vaqtning siyosatiga qarab ish qilur edilar. 
Olamda sababsiz hech bir ishning vujudga chiqishi mumkin emasdur. Bu munofiqlarning 
Rasulullohga bunchalik qattiq adovat tutishlariga sabab shul edikim, Rasululloh 
Madinaga kelmaslaridan ilgari Abdulloh ibn Ubayni Madina arablari podshoh qilmoqqa 
ittifoq qilgan edilar. Bunga atab toju taxt ham tayyorlagan edilar. Shu orada islom 
voqeasi qo‘zg‘alib qoldi. Rasululloh hijrat qilib, Makkadan Madinaga keldilar. Chin yuzaga 
chiqib, yolg‘on yo‘qoldi. Haqiqat keldi, botil buzildi. Odamlar u munofiqning tilagidan 
tondilar. Musulmonlar u amalparastning istagini eslaridan chiqazdilar. Mana bu ish 
so‘ngida buning boshiga qiyomat qo‘pdi. Butun vujudini hasad o‘ti o‘rtadi. Barcha 
olamga yetgan «Rahmatan lil olamin»ning fayzidin bu munofiqning bir tola tuki ham 
bahra topmadi. Dunyo va oxirati bu o‘t ichida tamom kuyib, kul bo‘ldi. Bayt: 
«Etar rahmat suvi ko‘k kavkabina 
Etishmas qatrai gumroh labina». 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
83
Shuning uchun aytdilar: 
— Har dushmanlikning sababi, agar hasaddan boshqa narsa bo‘lsa, undoq dushmanlik 
do‘stlikka aylanishi mumkindur. Ammo hasaddin chiqqan dushmanlik bo‘lsa, buning 
do‘st bo‘lishi mumkin emasdur. Misoli, otamiz Odam bilan Iblis alayhil la’naning 
dushmanligidur. Bu dushmanlik hasad sababidin boshlangani uchun avlodlari orasida 
dushmanchilik qiyomatgacha davom etmoqdadur. 
Shunga o‘xshash dunyodagi boylar va chog‘oylar (kambag‘allar) o‘rtalarida uzluksiz 
dushmanlikning davom etmagi shu hasad qo‘zg‘alishining ayrilmas natijasidur. Bu hasad 
o‘tini iymon suvidan boshqa narsa bilan hech qachon o‘chirolmaydilar. Shuning uchun 
insoniyat olamining islohiga haqiqiy islomiyatdan o‘zga hech chora yo‘qdur. Bu haqiqat 
qachon yuzaga chiqar ekan, uni Alloh bilur. Yana maqsadga kelaylik. 
Endi shu yuqoridagi so‘zlardin ma’lum bo‘ldi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
Madinaga kelganlaridan keyin ikki toifadan qattiq qarshilik ko‘rdilar. Birinchisi, Madina 
munofiqlari, ikkinchisi, shu yerlik yahudiylar edi. Shu vaqtning sharoitiga qarab, 
munofiqlardin til iqrorini qabul qildilar. Shunga o‘xshash yahudlar bilan ahdnoma 
tuzdilar. Uning mazmuni bir-birlariga zarar yetkazmaslik, musulmonlarga qarshi 
harakatda bo‘lmaslik, Madina ustiga boshqa dushmanlar tarafidan hujum boshlangan 
holda musulmonlarning yordamida bo‘lishlik — shu so‘zlar ahdnomada shart qilib 
qo‘yilgan edi. Madinaga kelganlariga oradan o‘n uch oy o‘tdi. Shu muddat ichida hech 
yerda diniy jihod qilmadilar. Dinga kirgazish qasdida hech bir qabila bilan urushmadilar. 
Bu to‘g‘rida Xudo tarafidin ham jihodga izn berilmagan edi. Balki dinga da’vat qilishda 
sabr bilan tebranib, tadrijiy ravishda ish olib bormoqqa buyurilgan edi. Ahqof surasida: 
«Fasbir kama sabara ulul azmi minar rusuli fala tasta’jil lahum», ya’ni: «O‘tgan ulug‘ 
payg‘ambarlar sabr qilgandek, ey Muhammad, sen ham sabr qil. Mushriklarga tezdan 
azob kelishini tilama», degan mazmundagi oyat shu haqda nozil bo‘ldi. Xudo tarafidan 
g‘azot qilishga ruxsat bo‘lgunchalik haqiqatni tushuntirish, bilmaganlarni bildirish yo‘li 
bilan xalqni dinga da’vat qildilar. Urush-talashga hech kimni qiziqtirmadilar. Bunga 
shoshilgan kishilarni qattiq qaytardilar. Chunki insonning vujudi — Allohning imoratidur. 
Buni buzishga Allohning rizoligi yo‘qdur. Haqiqatni yuzaga chiqarishga butun yo‘llar 
yopilsa, inson olamining tanasida harom qon to‘lib toshganligidan, umumiy halokatni 
yuzaga keltirish qo‘rqinchisi bo‘lsa, buni qaytarishga qon olishdan boshqa chora 
topilmasa, ana shu chog‘dagina, Qur’on hukmida, aql oldida jihodga, urushga ruxsat 
qilinadi. Chunki inson islohi uchun qo‘llaniladigan choralarning eng oxiri— qilichdur. 
Makka mushriklari Rasulullohga qilmagan yomonliklari, ko‘rsatmagan jabr-jafolari 
qolmagan edi. Buning ustiga u zotni o‘ldirishga ham qasd qilgan edilar. Oxiri o‘z 
vatanlarini tashlab chiqishga majbur qildilar. Endi u dushmanlarning dahshatlik 
dardlariga qon chiqarishdan boshqa chora qolmagan edi. Mana shu chog‘da quyidagi 
oyatlar Payg‘ambarimizga nozil bo‘lib, urushga izn berildi: 
«Vaqotiluv fi sabilillahillaziyna yuqotilunakum vala ta’taduv, innalloha la yuhibbul 
mu’tadiyn». 
Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, sizlar bilan urishganlar bilan Xudo yo‘lida urishinglar, ammo 
urush ishlarida chekdan tashqari chiqmanglar. Chunki Alloh taolo har ishda haddidan 
oshguvchilarni yaxshi ko‘rmaydur». 
Kishi qo‘lidan keladigan har bir ishlarda Islom qonuni uni adolat qilishga buyuradi. 
Shuning uchun hayot kunlarining eng og‘ir kunlaridan bo‘lgan — so‘qish vaqtlarida ham, 
shuni rioya qilmoqqa amr etmishdur. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam aytdilar. «Alloh taolo har ishda bandalaridan ehson qilmoqni istaydi». Bu 
hadisdagi ehsonning ma’nosi bir kishi ikkinchi bir kishiga in’om qilish, xayr-ehson berish 
ma’nosida emasdur. Balki buning ma’nosi har bir kishi o‘z qilgan ishini, birinchidan, 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
84
shariatga to‘g‘ri kelgudek, ikkinchidan, aqlga yoqqudek qilib ishlamoqdur. Bu hadisning 
ko‘rsatishicha, har kosib o‘z kasbini, har xunarmand o‘z hunarini qo‘lidan kelganicha 
yaxshilab ishlashi kerakdur. Insonning qiladurgan ishlari dunyo tirikchiligiga tegishlik 
yoki uning oxiratiga foyda berarlikdur. Bularning har birida ham ehson bordur. 
Ibodatdagi ehson shulki, Alloh oldida turgandek, Allohni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgandek 
ogohlik bilan ibodat qilmoqdur. Chunki Rasululloh aytdilar: 
«An ta’budalloha kaannaka tarohu, fani lam takun tarohu, fainnahu yaroka». Ma’nosi: 
«Namoz o‘qib, ibodat qilgan chog‘ingda sen Allohni ko‘rolmasang ham, ul seni ko‘rib 
turadur. Shuning uchun sen ham Allohni ko‘rib turgandek, hushyorlik bilan o‘qishing 
kerak». 
Yana rivoyatda shundoq kelibdur: Sahobalardan bir kishi vafot topdi. Payg‘ambarimiz 
uni uzatib, qabristonga keldilar. Mayit (o‘lik) qabrga qo‘yilgandan so‘ngra lahad og‘ziga 
go‘rkov kesak terdi. Bular orasida biroz joy ochiq qolganini Rasululloh ko‘rdilar. Darhol 
shu joyga to‘g‘ri kelgudek bir parcha kesak olib, uning qo‘liga berdilar. Bu bilan u 
teshikni berkit dedilar. Anda go‘rkov turib: 
— Yo Rasulalloh, bir oz kundan keyin bu qo‘yilgan kesaklar ham to‘kilib ketar. Bunchalik 
kichik teshiklarni to‘sib o‘ltirishning hojati yo‘qdur, — dedi. Anda Rasululloh: 
— Har hunarmand o‘z hunarini, har ishlovchi o‘z ishini yaxshilab qilsa, Alloh uni do‘st 
tutqaysen ham o‘z ishingni yaxshilab qil, — dedilar. Rasulullohning shu yuqorida aytgan 
hikmatli so‘zlari hamma ummatlariga ikki dunyoda foydalanish uchun yetarlik 
nasihatdur. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. 
Yuqoridagi oyat hukmiga qarab, eng avval Quraysh mushriklariga qarshi jihod qilmoqqa 
tayyorgarlik ko‘rdilar. Chunki u oyat mazmunida «urushganlarga qarshi urushgin», deb 
buyruq berilgan edi. Bu to‘g‘rida urush boshlaganlarning birinchilari Quraysh mushriklari 
edi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz Makka ahlidan boshqa arablar bilan yarash yo‘lini 
tutdilar. Qachonkim, ular ham dushmanlarni yoqlab, musulmonlarga yog‘iylik qilib edilar, 
shu chog‘da bu oyat keldi: 
«Vaqotilul mushrikiyna kaffatan kama yuqotilunakum kaffah». Ya’ni: «Sizlarga qarshi 
dushmanlik ko‘rsatuvchi barcha mushriklar bilan urush qilinglar», degan mazmunda 
butkul arab butparastlari bilan g‘azot qilmoqqa buyruq bo‘ldi. Mana shu kundan boshlab, 
jihod davri boshlandi. 
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning umr ichida qilgan safarlari to‘rt turlik edi. 
Birinchisi, hijrat safarlaridurkim, Makkadan chiqib, Madinaga keldilar. Ikkinchisi, 
hijratdan so‘ngra oltinchi yilning oxirlarida Umra ibodatini qilish niyati bilan bir ming 
besh yuz kishi birgalikda Madinadan Makkaga safar qildilar. Bu safarlarida Quraysh 
mushriklari to‘sqinlik qilib, umralari qazo bo‘ldi. Makkaga kirisha olmasdan Makka bilan 
Jidda oralig‘ida Xudaybiya degan yerda bir necha kun turganlaridan keyin yana 
Madinaga qaytdilar. O‘n yillik muddat bilan mashhur Xudaybiya sulhi shu o‘rinda tuzilgan 
edi. Sulh shartining yo‘siniga bir yil o‘tgandan so‘ngra, o‘tgan yildagi safar yo‘ldoshlari 
bilan Madinadan chiqib, Makkaga kelib, qilolmay qolgan umra qazosini o‘tab yondilar 
(qaytdilar). Uchinchisi, haj safarlari erdikim, qudrati yetgan har bir mo‘minga buni ado 
qilish farz bo‘ldi. Hijratning o‘ninchi yilida Payg‘ambarimiz to‘qson ming kishi birligida 
shu haj safariga chiqdilar. Haj farz bo‘lgandin keyin bundan boshqa haj qilmadilar. Bu 
hajlarida butun ummatlari bilan vidolashdilar. Shuning uchun buni «Vido haji» deb 
atadilar. To‘rtinchisi, g‘azot safarlari edi. Payg‘ambarimizning butun umrlari ichida qilgan 
safarlarining eng ko‘prog‘i ham shuldir. O‘zlari bosh bo‘lib, yigirma yettita g‘azotga 
chiqdilar. Qirq yetti marotaba yo‘rtaval yo‘sinida sahobalardan bir bo‘luk askarlarini 
g‘azotga chiqardilar. Qilgan safarlarining barchasi yetmish to‘rt yurish bo‘ldi. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
85
G'AZOTNING BOSHLANISHI 
 
G‘AZOTNING BOSHLANISHI 
Makka shahridagi Quraysh qabilasining odatlari har yili yoz kunida ularning savdogarlari 
katta bir karvon bo‘lishib, tijorat uchun Shom shahriga kelishur edi. Bu safarlarida 
Madinaga qarashlik yerlarni bosib o‘tishga to‘g‘ri kelur edi. Bunday karvon eng oz 
deganda ikki ming tuyadan kam bo‘lmas edi. Quraysh raislaridan bir qanchasi karvon 
kuzatuvchisi bo‘lib, dushmandan saqlanish uchun birga chiqishur edi. Shu odatlaricha 
Makkadan chiqqan Quraysh karvonidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar 
topdilar. Quraysh mushriklari bo‘lsa, butun arab mushriklarining yo‘lboshchilari edi. 
Alarning kuch-quvvatlarini sindirib, mol-boshlarini o‘lja olishni maslahat ko‘rdilar. Shu 
maqsad ila Rasululloh yalang muhojirlardan yetmish kishilik askar bilan karvon yo‘lini 
to‘sgani chiqdilar. Madinaga ansorlardan Sa’d ibn Ubodani o‘z o‘rnilarida xalifa qo‘ydilar. 
Dushmanga qarshi birinchi ko‘tarilgan shu safarlaridagi tug‘lari oq o‘nglik (ranglik) edi. 
Ani ko‘tarish sharafi Payg‘ambarimizning amakilari Amir Hamzaga topshirildi. Shu 
yurganlaricha Makka bilan Madina orasidagi Vaddon degan bir qishloqqa yetdilar. Shu 
yerdan uchir (xabar) oldilarkim, Quraysh karvonlari bulardin bir kun ilgariroq o‘tib 
ketgan ekanlar. Shundoq bo‘lib, bu chiqishlarida dushmanga yo‘liqmasdan qaytdilar. 
Lekin shu safarlarida o‘shal yerlik arablardin — Bani Zomra qabilasining raisi Majd ibn 
Amr degan kishi kelib, Rasululloh bilan ko‘rishdi. U chog‘da arab qabilalaridan hech 
birlari dinga kirmagan edilar. Qabila raisi, Rasululloh dinga da’vat qilganlarida, qabul 
qilishdan bosh tortgan bo‘lsa ham, ikki orada bir sulhnoma tuzilishini Rasulullohdan talab 
qildi. Payg‘ambarimiz bu ishga rozilik ko‘rsatib, bir necha shartlar qo‘yilgan bir sulhnoma 
yozishga buyurdilar. Shuning bilan bu safar ustida o‘n besh kun yurib, Madinaga 
qaytdilar. Bu esa hijratning ikkinchi yili boshlarida bo‘lib, g‘azot safarlarining birinchisi 
edi. 
«BUVOT» G‘AZOTI 
Rasululloh Madinaga kelganlaridan keyin ko‘p kun o‘tmay, Quraysh karvonlarining 
Shomdin qaytgan xabarini angladilar. Bu karvonda Umayya ibn Xalaf boshliq quraysh 
qabilasidan yuz kishicha bo‘lib, alarning ikki ming besh yuz tuyalari bor edi. Rasululloh 
buni eshitib, muhojir sahobalardin ikki yuz kishi bilan karvon yo‘lini to‘sgani chiqdilar. Bu 
safar g‘azot tug‘ini Sa’d ibn Abu Vaqqos ko‘targan edi. Arablar odatlaricha, tug‘ni kim 
ko‘tarsa, shu kishi askar boshlig‘i bo‘lar edi. Rasululloh shu yurganlaricha, Yanbu 
yaqinidagi Buvot tog‘iga kelib yetdilar. Qarasalar, Quraysh karvoni iz yashirib, boshqa 
yo‘l bilan bularga yetkuzmasdin ketibdurlar. Bu chiqishlarida ham hech qanday hodisa 
bo‘lmay, salomat Madinaga yondilar. Bu safarlari hijratning ikkinchi yili Rabiul-avval 
oyida yuz berdi. 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling