Tarixi muhammadiy
Download 5.12 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- ASIRLAR HAQIDA MUZOKARA
www.ziyouz.com kutubxonasi 98 sudralib tashlanganini ko‘rganda ungi (rangi) o‘chib, bir turlik o‘zida g‘amu qayg‘u paydo bo‘ldi. Rasululloh buni sezib, «Huzayfa, otang holini ko‘rib, achinganga o‘xshaysan», dedilar. Anda u aytdi: «YO Rasulalloh, otam Utba bilimlik, aqllik, andishalik kishi edi, shuning uchun uning Islomdin nasibalik bo‘lishini umid qilar edim. Endi, men tilagancha bo‘lmay, shu holda o‘lganini ko‘rib, ko‘nglim qayg‘ulandi», deb ko‘ziga yosh oldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Huzayfaga tasalli bergudek so‘z aytib, aning haqiga duo qildilar. So‘ngra Rasululloh quduq qirg‘og‘iga kelib: «Ey, falon o‘g‘li falon, men aytgan so‘zlarning haqligini endi aniq bildinglarmu?» dedilar. Anda Hazrati Umar: «YO Rasululloh, joni yo‘q jasadlar bu so‘zni qaydin anglaydilar?» dedi. Rasululloh: «Alloh oti bilan ont ichurman, mening so‘zimni sizlardan yaxshiroq anglaydilar. Endi Alloh aytgan so‘zlarini chinligini ko‘zlari bilan ko‘rishdi», dedilar. Shuning bilan urush o‘tib, uch kun so‘ngida Madinaga qaytgali qasd qildilar. Yo‘lga chiqmasdin ilgari, suyunch xabarini yetkazmoq uchun ikki kishi yubordilar. Biri Madinalik ansorlardan Abdulloh ibn Ravoha, ikkinchisi, Payg‘ambarimizning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisa edi. Bular kelmasdin ilgari Madina munofiqlari ila Islom dushmani yahudlar musulmonlarni g‘amgin qilmoq uchun, alarning ziyonlariga turlik yolg‘on xabarlar tarqatmish edilar. Xabarchilar kelgandin so‘ngra yolg‘on yo‘qolib, chin so‘z maydonga chiqdi. Musulmonlar quvonishib ruhlari ko‘tarildi. Munofiqlar, yahudlar sharmanda bo‘lishib, xafalikda qoldilar. Buni eshitib, Islomiyatni qabul qilmagan butun arab mushriklari zil ketib, ko‘ngillariga qo‘rqinch tushdi. Bu suyunchilik xabar kelgan chog‘da, Rasulullohning qizlari, hazrati Usmon ayollari Ruqiyani sahobalar endigina dafn qilishib, qabristondin qaytishmoqda edilar. Shu vaqtda xabarchilar yetishib kelib, Abdulloh ibn Ravoha qattiq qichqirib: «Ey mo‘minlar, suyunchi, Rasululloh sog‘-salomatlar, mushriklar raislaridan faloni-faloni o‘ldirildi, falon-falonlar asir olindi», dedi. Buni eshitgan yahudlar raisi Ka’b ibn Ashraf, «bu so‘zlar yolg‘ondur, agar Muhammad bularni o‘ldirgani rost bo‘lsa, yer osti bizlarga ustidan yaxshiroq bo‘lur», dedi. Endi Rasulullohdan xabar exshitaylik. Suyunchi aytib, Madinaga kishi jo‘natilgandin so‘ngra, o‘zlari ham yo‘lga chiqdilar. Safro degan joyga kelganda, qo‘lga tushgan Quraysh raislaridan Nazr ibn Hars degan kishini o‘ldirishga buyurdilar. Ulug‘ sahobalardan Mus’ab ibn Umayr uning bir tug‘ishgan qarindoshi edi, uni Rasulullohga orachi qo‘yib: «Muhammadga aytgil, boshqa yo‘ldoshlarim qatorida mening ham jonimga omon bersun», dedi. Anda Mus’ab ibn Umayr: «Sen bu o‘limdan omonlik topa olmagaysan. Alloh kitobi Qur’on haqida, aning Payg‘ambari Rasululloh ustida noyang‘liq (ko‘p, qanchalar yomon) so‘zlamish eding, anga iymon keltirgan mo‘minlarga turlik azoblar berib, qiynamish eding, endi shu qilmishlaring jazosini ko‘rmakdan boshqa chorang yo‘qdur», deb so‘zini rad qildi. Shuning bilan, Hazrati Aliga topshirilib, boshi kesildi. Bir og‘iz iymon aytishga bo‘yni yor bermasdin, dunyo va oxiratlik davlatidan ajraldi. Boshiga qilich kelgan chog‘ida iymon aytgan bo‘lsa edi, tavbasi qabul bo‘lib, o‘limdan qutulur edi. So‘ngra ul joydin ko‘chib, «Aroq az-Zobya» degan manzilga keldilar. Bu yerda Quraysh askar boshliqlaridan Uqba ibn Mu’ozni o‘limga buyurdilar. Bu kishi hijratdin ilgari Makkada Rasulullohga haddin osha adabsizliklar qilgan edi. Bir kuni Payg‘ambarimizni chorlab, ziyofat qilgani o‘z uyiga keltirdi, taom hozirlab yemakka taklif qildi. Rasululloh aning iymonidan umid qilib, agar iymon keltirmasang, bu taomdin yemayman, dedilar, u ham qabul qilib, shu holda iymon keltirdi. Bu so‘z xalq ichiga tarqalib, katta-kichik hammaga ma’lum bo‘ldi. Quraysh raislaridan Ubay ibn Xalaf uning eng yaqinlaridan edi. Bu so‘zni eshitib, qattiq qayg‘ulandi. Ota-bobolarimiz yurgan yo‘ldan chiqib, alarning dinini buzding, deb uni xo‘p malomat qildi. Anda Uqba: «Uyimga mehmon bo‘lib, kelgan Muhammadni taom yedirmak uchun, til uchida aytgan bo‘ldim. Men bu ishni chin ko‘ngil Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 99 bilan qilmadim», deb alarga uzr aytdi. Qancha aytsa ham mushrik raislari buning so‘ziga ishonmadilar. Anda Ubay ibn Xalaf: «Muhammadni ko‘rganingda, aning yuziga tupirib, bo‘ynini bosib, yuzini yerga sursang, shundagina so‘zingga ishonamiz, yo‘q ersa, sening yuzingga boqishni ko‘zimga harom qildim», deb ont ichdi. Haqiqatda esa, aning ko‘ngliga iymon nuri kirmagan edi. Shuning uchun bir kuni Rasululloh Ka’ba oldida namoz o‘qib, sajda qilgan chog‘larida, do‘sti topshirgan shu beadabsizlikni ijro qildi. Ammo Rasululloh namozni buzmadilar, namoz o‘tagan so‘ngida anga qarab: — Agar seni Haramning tashqarisida ko‘rar bo‘lsam, boshing uzra qilich ko‘tarurman, — deb nubuvat nuri bilan, shu kungi holiga ishorat qildilar. So‘ngra u sahobalardin Osim ibn Sobitga topshirilib, bo‘yni uzildi. So‘ngra Rasululloh asirlarni soqchilarga topshirdilar. O‘zlari bir muncha sahobalar bilan ilgarilab, Madinaga yurdilar. Ulardan bir-ikki kun ilgariroq Madina shahriga yetdilar. Hammadin ilgari boshiga bir chora ko‘targan yahud xotini Rasulullohni qarshi oldi. Qarasalar chora ichida qovurilib, pishirilgan qo‘zi go‘shti bor edi. Ul xotun: — Ey Muhammad, alhamdulilloh, seni salomat ko‘rdim, agar Muhammad shu safardin salomat qaytsa, Xudo yo‘lida bir qo‘zi so‘yib, pishirayin, el oldi bilan qarshi olib, shu taomdin yegizay, deb o‘zimga nazr qilib qo‘ygan edim. Mana, maqsadimga yetdim, Xudo murodimni berdi, — deb chorasi bilan qo‘zi etini keltirib, Rasululloh oldilariga qo‘ydi. Tangrining qudrati bilan choradagi qo‘zi go‘shti shu holda tilga keldi: — Ey Muhammad, men og‘ulanmush erurman, bu xotun zahar qo‘shib, meni pishirdi, zinhor mendin yemagaysiz, — deb o‘zidan xabar berdi. Alloh amri bilan bundoq mo‘jiza ko‘rilgach, u xotunning xiyonati ma’lum bo‘lib, Rasululloh aning taomidan yemadilar. Ammo bu to‘g‘rida ul xotundin so‘z ham so‘ramadilar. Shu bilan Rasululloh Madinaga yaqinlashib kelganlarida, katta-kichik butun xalq to‘sib chiqishdi. Cho‘rilar, yosh qizlar o‘z odatlaricha, childirmalar chalib, shodlik qo‘shiqlari aytishur edi. Shundoq bo‘lib, tabrik marosimlari suyunchilik bilan o‘tkazildi. Mo‘minlarga qandoq suyunchilik bo‘ldi ersa, Quraysh mushriklari Badrda yengilib, Makka shahriga borganlaridan so‘ngra motam tutmagan uy qolmay, qattiq qayg‘urishdilar. Johiliyat odatlaricha, eru xotin demay, yig‘i-zori qilgani turishdi. Urushda o‘lganlarning xotinlari, yaqin qarindoshlari motam belgisi qilib, soch-soqollarini kesdilar. O‘lganning mingan oti yoki tuyasi qolgan bo‘lsa, shularga qora kiydirib, yopug‘lab o‘rtaga qo‘yilur edi. Qop-qora motam libosini kiyishgan xotun-qizlar bular atrofida aylanib, novha birlan yig‘lashur edi. Mana shundoq qattiq motam tutishib, bir oy o‘tkazdilar. So‘ngra o‘zaro bu motam yig‘isini qilmasga maslahat qilishdi. Chunki Muhammad va uning yo‘ldoshlari buni eshitur bo‘lsalar, alarga suyunchilik bo‘lg‘ay, endi bizlar qonga qon, jonga-jon olib, o‘lganlar o‘chini olmaguncha, alarga yig‘lamagaymiz, deb qaror qildilar. Shuning bilan yig‘ilari to‘xtatildi. Rasululloh bo‘lsalar, Madina shahriga kirib, orom oldilar. ASIRLAR HAQIDA MUZOKARA So‘ngra asirlar to‘g‘risida so‘z boshlandi. Rasululloh bu haqda sahobalarga, maslahat qildilar. Anda hazrati Umar aytdi: — Yo Rasululloh, bular sizni yolg‘onchi qilishdi, o‘zingizga va ham sizga iymon keltirguvchilarga qilmagan yomonliklari qolmadi. Oxirida o‘z vatanimizdan qochib chiqmoqqa majbur bo‘ldik, ustimizga qo‘shin tortib kelib, o‘zlari urush qildilar. Endigi manim maslahatim shuki, bularni qatliom qilaylik, barini qo‘ymay o‘ldiraylik. Bular ichida mening tuqqan qarindoshlarim bo‘lsa, buyuring, alarni men o‘ldiray. Hamzaning yaqinlarini Hamzaga, Alining yaqinlarini Aliga topshiring, o‘ldirsinlar, boshqalari ham Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 100 shundoq qilsunlar. Bular kufr boshliqlari, buzuqlar beklari erurlar bularni tirik qoldirmagaymiz, so‘ngra boshimizga balo bo‘lur, — dedi. Ansor sahobalardin Sa’d ibn Mu’oz, Abdulloh ibn Ravoha shu fikrga qo‘shildilar. Anda Abu Bakr Siddiq: — Yo Rasululloh, bu asirlar bo‘lsa, o‘z urug‘-aymoqlarimizdur. Alloh taolo sizga zafar berdi, biz alarni yengib, asir oldik, endi bularni o‘ldirmog‘imizdan tirik qoldirmog‘imiz yaxshiroqdur. Jon boshiga mol kesib, bulardin fidya olaylik. Bu ishimiz ersa, kelargi kunlarda biz uchun kuch-quvvat bo‘lg‘uvsidur. Balki asirlar o‘limdan qolsalar, so‘ngi kunlarda ajab emaskim, hidoyat topgaylar, u chog‘da sizga kuchli yordamchi bo‘lgaylar, — dedi. Shundoq bo‘lib, bir-biriga qarshi bo‘lgan ikki fikr o‘rtaga tashlandi. Anda Rasululloh aytdilar: — Alloh taolo birovning ko‘nglini yumshoq yaratur, andoq kishining ko‘ngli sutdek oq, qaymoqdek yumshoq bo‘lur. Yana birovning qo‘nglini toshdin ham qattiqroq qilur. Ey Abu Bakr, sen o‘tgan payg‘ambarlardan Ibrohim Xalilullohdek ko‘ngling yumshoqdur. Ul aytmish erdi: «Faman tabianiy fainnahu minniy va man asoniy fainnaka g‘afurur rahim». Ma’nosi: «Har kim menga itoat qilur ersa, ul kimsa mendin bo‘lur. Agar menga bo‘yinsunmasdin, qarshilik qilur bo‘lsa, ul chog‘da g‘ofursan, rahimdursan», demakdur. Ya’ni, unga g‘azab qilmasdin, yozuqlarini yopib, yana rahmat qilur ersang, erklikdursan», dedi. Ibrohim alayhissalomning bu aytgan so‘zlariga qaralsa, ul zotning ko‘ngli yumshoqligi, rahmdilligi ma’lum bo‘lur. Chunki o‘ziga iymon kelturmay, qarshilik qilguvchi kishilarga ham yomonlikni ravo ko‘rmadilar. Balki yozuqlarini (ya’ni, qilmishlarin) kechirmoqni Allohdin so‘radilar. So‘ngra Hazrati Umarga qarab: — Ey Umar, sening bu aytgan so‘zing Nuh payg‘ambar aytgan so‘zidek turur. Ul aytmish erdi: «Robbi la tazar alal ardi minal kafiriyna dayyoro», ya’ni «Ey Rabbim, yer uzra kofirlardan hech kishini qo‘ymay halok qil». Bu so‘zlardan so‘ngra Rasululloh uylariga kirib ketdilar. Maslahat berguvchilarning so‘zlarini anglab, hech birini rad qilmadilar. Har ikki fikrni to‘g‘ri topgan bo‘lsalar ham, lekin hazrati Abu Bakr fikriga ko‘ngillari moyil bo‘ldi. So‘ngra sahobalarga qarab: — Cizlarda faqirlik, kambag‘allik bordur, har kishi o‘z asirini yaxshi saqlasin, alardin fidya mol olib, so‘ngra bo‘shatgaymiz, — dedilar. Bu so‘z Qurayshga onglandi. Alar aytdilar: Biz bu ishga shoshqinlik bilan kirishmaylik, agar asirlarni qaytarish uchun fidya mollarini ildam yuborur bo‘lsak, Muhammad bundan oziqlanib, bizdin ortiqcha mol so‘rar. O‘lim ustiga yana mol berib, tovon to‘lamak biz uchun og‘irdir. Shu so‘z bilan bu ishni kechiktirmoqchi bo‘ldilar, shundoq bo‘lsa ham mushriklardan Muttalib degan kishi bu so‘zga quloq solmay, yashirincha Madinaga keldi, buning otasi Abu Vido’ asir tushganlardan edi. To‘rt ming tanga tovon to‘lab, otasini ajratib oldi. Buni ko‘rib, Quraysh xalqi asirlar uchun orqama-orqa fidya mollarini yuborishga kirishdilar. To‘rt ming tangadan ming tangagacha tovon tushgan edi. Buni to‘lashga kuchi yetmagan kishi, agar o‘qish-yozishni yaxshi bilur bo‘lsa, Madina bolalaridan o‘n bolaga o‘qish- yozishni o‘rgatmoq sharti ila ozod qilindi. Yana asirlardan Abu Sufyon o‘g‘li Amr, otasi Abu Sufyondan fidya molini yuborishni talab qildi. Otasi mol yuborishga rozi bo‘lmay: «Muhammadni bolamga va molimga nechuk ega qilurman, qo‘yinglar, tilaganicha bolamni qo‘lida saqlasin», deb fidya molini yubormadi. Shu orada Sa’d ibn Nu’mon degan sahoba umra ibodatini qilmoq uchun Makkaga kelgan edi. Abu Sufyon bundan xabar topib qolib, uni ushlab oldi. «O‘g‘lim Amrni Muhammad ozod qilmas ersa, men buni qo‘ymasman», deb qamoqqa oldi. Bu voqea Madinaga Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 101 eshitilgandin so‘ngra, Sa’dning qavmu qarindoshlari bo‘lgan voqeani bayon qildilar. Shu sabab bo‘lib, Abu Sufyon o‘g‘li Amrni Makkaga qaytardilar, aning barobarida Sa’d ham salomat Madinaga keldi. Yana asir tushgan kishilardan birovi kuyovlari Abul Os ibn Rabe’ edi. Payg‘ambarimiz Makkada turgan chog‘larida qizlari Zaynabni shul kishiga bergan edilar. Bundan boshqa ikki qizlari amakilari Abu Lahabning o‘g‘illariga tushgan edi. Payg‘ambarimizga qilgan dushmanligi orqalik bularni ajratib olishga majbur bo‘ldilar. Buni ko‘rgan Quraysh mushriklari Zaynabni ham taloq qilishni Abul Osga taklif qilgan bo‘lsalar ham, Abul Os: «Alloh oti bilan qasam qilurman, rafiqam Zaynabdin hargiz ajralmasman, Quraysh xotin-qizlaridan hech birini unga teng ko‘rmasman», deb alarning so‘zlarini qaytardilar. Zaynab Abul Osga fidya molini yuboray der ersa, aning yuborgudek hech narsasi yo‘q edi. Nochor bo‘lib, bo‘yinga osar munchoqlarini fidya moli o‘rnida Madinaga yubordilar. Bu narsani onasi hazrati Xadicha, qizlari kelin bo‘lib tushgan tunida bo‘yniga taqqan edi. Fidya moli uchun keltirilgan, qizlarining bo‘yin munchoqlarini ko‘rib, Rasulullohning ko‘ngillari og‘ridi. Anda sahobalarga aytdilar: — Agar rozi bo‘lsanglar, Zaynabning yuborgan bo‘yin osmalarini unga qaytarib, aning asirini bo‘shatursiz, — dedilar. Barchalari rizolik berib, Abul Osdan fidya moli olinmay, Makkaga qaytaridi. Lekin Rasululloh, qizlari Zaynabni Madinaga qaytarishni unga shart qilib, kishi qo‘shdilar. Bir necha kundan keyin yuborilgan kishi Zaynabni salomat Madinaga keltirdi. So‘ngra hijratning sakkizinchi yilida, Makka fath bo‘lishdan burunroq, Abul Os iymon keltirib, Madinaga keldi. Rasulullohning ruxsatlari bilan burungi nikoh buzilmasdan birga bo‘ldilar. Yana asirlardan Suhayl ibn Amr degan kishi o‘zi Quraysh raislaridan bo‘lib, uning ustiga atoqlik shoir, ham arablardan chiqqan chechanlardan edi. Buning tilidan musulmonlarga ko‘p aziyatlar yetmish edi. Shuning uchun hazrati Umar: — Yo Rasululloh, ruxsat qiling Suhaylning oldingi ikki tishini sug‘urib olayin, bundan keyin arab majlislarida sizga qarshi she’r aytib, so‘z qilmoqdin ojiz qolsun, — dedi. Anda Payg‘ambarimiz: — Ey Umar, insondagi alloh yasagan a’zolarni buzgani bo‘lmas, agar u bu kungacha qarshi so‘z qilgan bo‘lsa, bir kun bo‘lurkim, Islom yordamida yaxshi so‘zlar qilib, Alloh rizosini topgay, — dedilar. Rasulullohning bu aytgan so‘zlari vafotlaridan so‘ngra, deganlaridek to‘g‘ri chiqdi. Payg‘ambarimizning vafotlarida qalblariga iymon — Islom haqiqati bilan o‘rnashmagan bir necha arab qabilalari murtad bo‘ldilar. U chog‘da Makka xalqi ham yangi musulmonlardin edi. Bular ham murtad bo‘lishga moyil bo‘lishdi. Shu chog‘da Suhayl turib, Allohga hamdu sano aytgandin keyin, ko‘pchilik xalq ichida o‘tkir bir nutq so‘zladikim, mazmuni bu erdi: — Ey odamlar, har kimsa Muhammad uchun Islomga kirgan bo‘lsa va Muhammadga ibodat qilgan ersa, aniq bilsinki, Muhammad vafot bo‘ldi. Agar Allohga iymon keltirib, ibodatni Allohga qilsa, ul Alloh tirikdur, ul hoziru nozirdur, doimiy boqiydur. Alloh Qur’onda xabar bergan: «Innaka mayyitun va innahum mayyituvn». Ma’nosi: «Ey Muhammad, sen ham bir kun o‘lursan, o‘tgan payg‘ambarlar ham o‘lganlar». Yana Alloh aytdi: «Va ma Muhammadun illa rasuvlun qod xalat min qoblihir rusul». Ma’nosi: «Muhammad insondin chiqqan payg‘ambardur, bundan burun ham ko‘p payg‘ambarlar o‘tgandurlar». «Afain mata avqutilan qolabtum ala a’qobikum». Ma’nosi: «Muhammadning ajali yetib o‘lsa, yo dush- manlari tomonidan o‘ldirilsa, dindan chiqib, ilgarigi yo‘linglarga qaytgaysizlarmu?» demak. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 102 Bu oyatlarni dalil keltirgandin so‘ngra yana Suhayl aytdi: — Xudo haqqi, men aniq bilurman, bu Islom dini yangi chiqqan quyosh yanglig‘dur. Soat sayin yuqoriga ko‘tarilgay. Bir kun bo‘lurkim, bu quyosh butun olamni yoritgay. Bo‘sh iymonlik bir necha kishilar so‘ziga aldanmanglar. Allohga tavakkal qilinglar. Alloh haqqi, dini Islom oyoq uzra doim turg‘usidur. Alloh so‘zi — Qur’on albatta kamoliga yetkusidur. Bu dinga yordam berguvchilarga Alloh yordam berur. Ichimizda eng yaxshimiz Abu Bakr Siddiq bu dinga bosh bo‘ldi. Bundan buyon kundan-kunga Islom dini yanada ko‘tarilib, quvvat topgay. Shuni bilinglarkim, har kimsa dindan qaytib, murtad bo‘lsa, to‘xtovsiz uning boshini kesib o‘ldirgaymiz, — deb so‘zini tamom qildi. Iymon-Islom haqiqati bilan o‘rnashmagan, Payg‘ambarimizning vafotlarini eshitib ko‘ngillari qo‘zg‘alib turgan birmuncha odamlar buning so‘zini anglashgandin keyin, o‘tga suv sepgandek bo‘lib bosildilar. Bu mo’jizani ko‘ringlarkim, sakkiz yil ilgari bu kishi Badr urushida asir tushgan edi. Hazrati Umar: «YO Rasululloh, ruxsat qiling, buning oldi tishlarini sug‘urib olay, ikkinchi hech bir joyda sizga va musulmonlarga qarshi so‘zga chiqolmay qolsun», deganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Umar, bir kun kelurkim, bu kishi Islom dini haqida ko‘p foydali so‘zlar qilgay», degan edilar. Sakkiz yildan so‘ng yuqoridagi va’zni bilan, bu mo’jizani isbot qildi. Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Mukriz ibn Hafs degan kishi yuqoridagi va’zni so‘zlaguvchi Suhayl ibn Amrga fidya moli bermak bo‘lib, Madinaga keldi. Uni asir tutib, saqlagan kishi bilan bu haqda so‘zlashib kelishdi. Keluvchi kishini asir o‘rnida tutqin olib, Suhaylni bo‘shatdilar. So‘ngra o‘zi borib, Makkadin keltirgan fidya molini topshirgandan keyin, har ikkovi birga Makkaga qaytdilar. Yana Valid ibn Valid, bu kishi ham asir tushganlardin edi. Ikki qarindoshi, birisi Xolid, ikkinchisi Hishom fidya mollarini berib, buni qutqardilar. Bu kishi Makka shahriga kelgandin so‘ngra, darhol iymon keltirdi. Unga aytdilar: «Fidya molini bermasdin burunroq iymon keltirgan bo‘lsang, moling o‘zingga qolgan bo‘lur edi». Anda ul aytdi: «Molini qizg‘anib, moli uchun iymon keltirdi, demasinlar», dedi. So‘ngra Madinaga hijrat qilmoqchi bo‘lgan edi, qarindoshlari to‘sib, qaytardilar. Yana, Vahb ibn Umayr, bu ham Badr asirlaridan edi. Buning otasi Umayr Quraysh shaytonlaridan bo‘lib, Rasululloh Makkada turgan chog‘larida bundin ko‘p kulfatlar ko‘rgan edilar. Bir kuni Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayr bilan o‘ltirishib, Badr urushida o‘lganlarni eslashib yig‘lashdilar. Shu orada Umayr: — Hozir bo‘ynimda bir muncha qarz bordur, buni to‘lab, qarzdan qutulay desam, qo‘limda molim yo‘qdur. Agar o‘zim o‘lib ketsam, bola-chaqalarim chog‘ay bo‘lib, xoru zor bo‘lg‘aylarmu, deb qo‘rqinchim bor. Agar shul ishlarim bo‘lmasa, Alloh haqqi, Madinaga borib, Muhammadni o‘ldirar erdim. O‘g‘lim ular qo‘lida asirdur, shuni bahona qilib borur edim, — dedi. Bu so‘z Safvonning tilagi bo‘lganligidan unga ko‘p xush keldi. Anda Safvon aytdi: — Agar shundoq qilur bo‘lsang, qarzingni o‘z bo‘ynimga olurman. Bola-chaqalaringni o‘z ayol va oilamga qo‘shurman. Umayr: — Agar sen shundoq qilur bo‘lsang, men ham shu so‘zimdan qaytmasman, — dedi. Har ikkovlari qattiq va’da qilishdilar. Bu sirni hech kimga aytmasga qasam ichdilar. So‘ngra Umayr shu ish qasdida qilichni qayrab, zahar bilan sug‘ordi. Shu bilan yo‘lga tushib, to‘g‘ri Madinaga keldi. Shu chog‘da Hazrati Umar bir necha sahobalar bilan Badr urushida o‘tgan ishlardin so‘zlashib o‘ltirishgan edi. Qarasalar, qilich taqingan bir kishi masjid oldiga kelib, tuyasini cho‘ktirdi. Hazrati Umar darhol uni tanib aytdilarkim: «Bu Xudo dushmani Umayrga o‘xshaydi, buning kelishi yaxshilik emasdur, bir yomonlik niyati bilan kelgay», deb darhol Rasulullohga xabar berdi. Rasululloh uni keltirmoqqa buyurdilar. Hazrati Umar qilichini bir qo‘lida, yana bir qo‘li bilan uning yoqasidan tutib, oldi-orqasidan ansor sahobalar o‘ragan holda olib keldilar. Rasululloh qarasalar, Hazrati Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 103 Umar qilichining bog‘i bilan bo‘ynidan bo‘g‘ib ushlab turibdur. «Ey Umar, uni bo‘sh qo‘y, yaqinroq kelsin», dedilar. O‘sha ondin so‘ngra Payg‘ambarimiz oldilariga kelib arab odaticha «an’imuv sabohan» dedi. Bu so‘z Islom dini kelmasdin ilgarigi arablar salomi edi. «Ertangiz yumshoq o‘lsin» demakdir. Anda Rasululloh: — Buning o‘rniga undin yaxshiroq salomni Alloh taolo bizga berdi. Jannat ahli shu ila o‘zaro salomlashgaylar. Ey Umayr, nima uchun kelding? — deb so‘radilar. Anda ul aytdi: — O‘g‘lim Vahb Badr urushida asir tushmush edi, bu to‘g‘rida sizlar bilan kelishgani keldim, unga biror yaxshilik qilg‘aysizmu? — dedi. Rasululloh aytdilar: Andog‘ bo‘lsa, qilich taqib kelishing qandaydur? Ul aytdi: Qilichni Alloh quritsin, ul bizga o‘tgan urushda nima asqotdi? O‘z odatimcha taqinmish edim. Yana Rasululloh so‘radilar: — To‘g‘ri aytgil, to‘g‘ri so‘zlagil, qaysi ish qasdida kelmish eding? Ul: — Aytmish ishimdan o‘zgani o‘ylaganim yo‘qdir, — dedi. Anda Rasululloh aydilar: So‘zing yolg‘ondur, balki ish bundog‘dur. Bir kuni sen Ka’ba oldida Safvon bilan birga o‘ltirding, Badr urushida o‘ldirilib, quduqqa tashlagan kishilarni eslashib yig‘lashdinglar. Anda sen: «Ustimdagi qarzim bo‘lmasa, mendin keyin oilalarim och qolishidan qo‘rqmasam edi, Madinaga borib, Muhammadni o‘ldirib kelur edim, deding. Safvon sendin bu so‘zni onglashi bilan: «Agar bundoq qilur bo‘lsang, o‘tnang (qarzing) bo‘ynimga, bola-chaqang nafaqasi o‘lgunimcha ustimga bo‘lsin», dedi. Endi sen meni o‘ldirgali qasd qilib kelgandursan. Alloh meni bu ishdan asrab, buni bildirgay —dedilar. Bu so‘zni onglashi bilan Umayrning ko‘ngli ochildi: — Aniq bildim, Allohning payg‘ambari ekansan,— deb darhol iymon keltirdi. — Sening aytgan so‘zlaringga ilgari inonmas edim, sen kelturgan ko‘p xayrlarni yolg‘on deb bilur edim. Endi guvohlik berurman, sen Allohning haq payg‘ambari ekansan. Bu ishni Safvon ikkovimizdan o‘zga hech kim bilmagan edi. Va buni bildirmasga ont ichgan edik. Aniq bildim, bu ishni senga Alloh bildirmushdur. Yo‘q ersa, buni o‘zligidan boshqa kim bila olur edi? Buni ko‘rib, Rasululloh boshliq hamma sahobalar suyunishdilar. Payg‘ambarimiz Islom dinining asoslarini unga o‘rgatishni buyurdilar. Qur’ondan bir necha surani o‘qib, yod oldi. Musulmaonlar qo‘liga asir tushgan o‘g‘li Vahbni ozod qildilar. So‘ngra Umayr: — YO Rasulalloh, men Islom nurini o‘chirmak uchun ko‘p kurashdim, bu dindagi kishilarga qattiq qarshilik ko‘rsatib, alarning ko‘ngillarini ko‘p og‘ritdim. Agar ruxsat qilsangiz, Makkaga borib, xalqni dinga da’vat qilayin, Allohdin umid shuldurki, alar ham bu yo‘lni qabul qilgaylar. Agar qabul qilmasalar, ilgari haq dinga qarshilik qilib, mo‘minlarga to‘la ozor bergan edim, endi uning o‘rniga bularga qarshi turib, ozor bermakni o‘zimga lozim ko‘rdim, — deb izn so‘radi. Rasululloh ham unga izn berdilar. So‘ngra Umayr o‘g‘li Vahbni birga olib, Makkaga qaytdi. Kelgandin keyin musulmonligini barchaga ochiq bildirdi. O‘g‘li Vahb bo‘lsa, otasi qo‘lida iymon keltirdi, butun oilalari bilan Islom dinini qabul qildilar. Yana Abu Aziz ibn Umayr Badr urushida qo‘lga tushgan asirlardan edi. Bu bo‘lsa, ulug‘ sahobalardan Mus’ab ibn Umayrning bir tug‘ishgan qarindoshidur. Sahobalardin birovlari buni asir olmish edi. Mus’ab ibn Umayr unga aytdi: «Sen bu asiringni zinhor bo‘sh tutmagil, yana qochib qutulmasin, buni suygan mol-dunyolik boy onasi bordur. Fidya uchun har qancha mol so‘rasanglar uni bermakka qudrati yetar». Buning so‘zini onglab: «Ey og‘a, qarindoshlikni haqqi shunday bo‘lurmi?» dedi. Og‘asi degandek, onasi to‘rt |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling