Tarixi muhammadiy


RASULULLOHNING QURNOQLARI (xodimlari)


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet59/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59

RASULULLOHNING QURNOQLARI (xodimlari) 
Bular ichida eng mashhuri hazrati Anas ibn Molikdir. Madinaga hijrat qilib kelgan yildan 
boshlab Rasululloh vafot bo‘lgunlaricha xizmatlarida bo‘ldi. Uning haqqida Rasululloh 
sollallohu alayhi vasallam:  
— Ey bor Xudoyo, Anasning mol-joniga bu dunyoda baraka bergil, oxiratda unga jannat 
ato qil, — deb duo qildilar. 
Duolari qabul bo‘lib, mol-joniga baraka kirib dunyosi ko‘paydi, o‘lganida yolg‘iz o‘zidan 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
380
tug‘ilgan bolalari ersa bir yuz oltita bo‘lgan edi. O‘zi bir yuz yigirma yil umr ko‘rdi, 
raziyallohu anhu. 
Ikkinchisi, Abdulloh ibn Mas’ud erur. Makkada turganlaridan boshlab Rasululloh bilan 
birga bo‘lib, hech ajramas edi. Bilmagan kishilar shu oiladan deb o‘ylar edilar. 
Rasulullohning misvoklariga, kovushlariga ega edi. Tahorat olishda misvoklarini, 
turganlarida kovushlarini tayyorlab, yurganlarida aso ko‘tarib, oldilarida yo‘l boshlar 
edilar, raziyallohu anhu. 
Uchinchi xizmatchilari Muayqib Davsiy erdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muhr 
shariflarini saqlamoq uchun bu kishiga topshirmish edilar. 
To‘rtinchilari, Uqba ibn Omirdur. Bu kishi ersa Rasulullohning xachirlari Duldulni boqish, 
kutish vazifasida edi. Safarda, hazarda uni yetaklab Rasulullohni mindirish, tushirish 
xizmatini bajarur edi. 
Beshinchilari, Rasulullohning muazzinlari hazrati Bilol Habashiy erur. Bu ersa 
Rasulullohning oilalari ustidagi sarf, nafaqa ishlariga yordamlashur edi. Hijratning 8-yili 
Makka fath bo‘lganida Rasululloh amrlari bilan Ka’batulloh o‘gizasiga (ustiga) chiqib, 
Makka shahrida birinchi azoni Muhammadiyni aytgan odam shul kishidur. Hijratning 20-
yili oltmish olti yoshda Shom shahrida vafot topdi, raziyallohu anhu. «Arabning afzali 
mendurman, Habashning afzali Biloldur», degan hadis shul kishi haqida kelmishdur. 
Yana bir xodimlari Abu Zar G‘iforiy erur. Bu kishi ersa, Rasulullohga vahiy kelgandan 
keyin to‘rtinchi bo‘lib Islomga kirgan, so‘fiylik, qattiq tarki dunyo qilgan ulug‘ 
sahobalardan edi. Dunyo to‘plagan kishilarning hech biridan rozi bo‘lmay: «Uch 
kunligidan ortig‘ini muhtojlarga bo‘lib berish kerak», der edi. 
Payg‘ambarimizdan ilgari butga topinmagan, haq din izlagan kishi erdi. Muning 
mazhabida har bir musulmon odamga kundalik ovqatiga qanoat qilib, ortig‘ini 
muhtojlarga berish farzdur. Xazina qilib saqlab qo‘yish haromdur. Shuning uchun Hazrati 
Usmon xalifa vaqtida Shom voliysi Muoviya bilan bir masala ustida xilof chiqib 
tortishuvlar bo‘ldi. Hazrati Usmonning yuvoshligidan, qarindoshchanligidan foydalanib, 
Muoviya boshliq Bani Umayya raislariga bu so‘z og‘ir kelganlikdan Hazrati Usmonga 
shikoyat qildilar. Hazrati Usmon tarafidan chaqirilib Madinaga kelgach, yana shu haqda 
o‘z so‘zini quvvatlab bu fikrdan qaytmadi. So‘ngra Abu Zarning xalqqa ko‘p 
aralashmasligini maslahat qilib, Hazrati Usmon Madinadan uch manzil uzoqlikda bo‘lgan 
Rabaza degan kishi yo‘q yerga surgun qildi. Sahobalar orasida fitna qo‘zg‘aldi. Hazrati 
Usmonni shahodatlariga sabab bo‘lgan ishlarning birisi shul edi. 
Hijratning 9-yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Shom tuprog‘iga yaqin Tabuk 
g‘azotiga chiqmish edilar. Shunda Abu Zarning mingan tuyasi charchab askar ortida 
qoldi. Yurishga yaramaganlikdan qurollarini osinib, yukini yelkasiga qo‘yib yo‘lga tushdi. 
Uning kelayotganini Rasululloh yiroqdan ko‘rib: 
— Bechora Abu Zar, yolg‘iz yuradi, yolg‘iz o‘ladi, — dedilar. 
Shuning ustiga Ko‘fadan kelayotgan Ibn Mas’ud boshliq bir jamoa kishi kelib qolishdi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
— Ey Abu Zar, sening janozangni mo‘minlardan bir jamoa kishi o‘qiydi, — degan edilar. 
Rasululloh aytganlaridek, Rabazaga surgun bo‘lib, shu joyda yolg‘izlikda vafot topadi. 
Yana ul zot aytganlaridek, Ibn Mas’ud imom bo‘lib, shul jamoa janozasini o‘qidi. 
Rasululloh yigirma necha yil ilgari Abu Zar haqida g‘aybdan xabar aytgan mo‘jiza so‘zlari 
deganlaridek to‘g‘ri chiqdi. 
RASULULLOHNING URUSH QUROLLARI 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
381
Payg‘ambarimiz vafotlarida to‘qqiz dona qilichlari bor edi. Bular ichida otalari 
Abdullohdan meros qolgan bir qilich bo‘lib, oti Ma’sur edi. Madinaga hijrat qilganlarida 
shu qilichni taqinib keldilar. Ikkinchisi, Zulfiqor qilichidur. Bu ersa Badr so‘qishida 
dushmandan o‘lja olinmish edi. Hazrati Ali qo‘liga o‘tgandan so‘ngra tillarda doston 
bo‘lib, dunyoga oti chiqqan shu qilichdur. 
Samsoma degan yana bir qilichlari bor edikim, arablar oldida uning ham nomi 
ko‘tarilmish edi. Sulaymon payg‘ambardan qolgan yana bir qilichlari bo‘lib, otini Rasub 
der edilar. Bu qilichning qissasi Qur’onda ham bordur. Yaman podshosi Bilqis xotin 
Sulaymon payg‘ambarga tortiq qilib yubormish edi. Otliq-atoqlik qilichlari shulardir. 
Etti kishilik urush kiyimi, sovutlari bo‘lib, bular ichida bittasi Dovud alayhissalomdan 
qolgan, uni yahudlardan o‘lja olmish edilar. Vafotlaridan ozgina ilgari shu sovutlardan 
birovini o‘ttiz so’a arpaga garov qilganlari hadis kitoblarida yozilmishdur. 
Uch dona qalqon, olti dona nayza, ikki dona dubulg‘alari bor edi. Minarlik ulovlardan 
yetti ot, olti xachirlari bo‘lib, bular ichida bir oq xachir Misr podshosi Muqovqis yuborgan 
hadyalar bilan kelmish edi. Rasululloh safarda shuni ko‘proq minar edilar. Bul xochir 
uzun umr ko‘rib, tishlari tushib, ko‘zlari xiralashib yashamish edi. Hazrati Ali xavorijlar 
bilan urushganida shu xachirni mingan edilar. Hazrati Alidan keyin imom Hasan, imom 
Husan, imom Muhammad Hanafiya mingan edilar. 
Yana ikki eshaklari bor edi. Birining oti Ya’fur, yana birisi Ufayr edi. Rasululloh 
vafotlaridan so‘ngra Ya’fur o‘zini quduqqa otib halok qildi. Yana minish uchun boqilgan 
uchta tuyalari bo‘lib, ular Qasvo, Jad’o, Azboa deb atalmish edilar. Bular ichida Azboa 
bek chopog‘on — yuguruk bo‘lib, poyga chopishganida tuyalar hech oldiga o‘tmagan edi. 
Sahobalar muni poygaga qo‘shar edilar. 
Rasulullohning vafotlarida shu tuyalari motam tutib, yemay-ichmay, oxiri ochlikdan 
halok bo‘ldi. 
Rasululloh ichimliklar ichida sutni yaxshi ko‘rar edilar. Sog‘ishga atalgan bir necha qo‘y-
echkilari ham bor edi. Bu haqda yettidan yuzgacha rivoyat qilinmishdir. Tun saharlarida, 
namoz vaqtlarida qichqirganini yaxshi ko‘rib, bir dona oq xo‘roz ham asragan edilar. 
— Xo‘roz qichqirganini eshitsanglar, Allohdan yaxshilik so‘rab duo qilinglar, chunki u 
farishtalarni ko‘rib qichqiradi. Agar farishtalar «omin» desalar, duo qabul bo‘ladi. 
Agar eshak hangrasa, unda Xudodan panoh so‘ranglar, u ersa shaytonni ko‘rib 
hangraydi, — dedilar. 
Mana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umrlarining oxirida qo‘llaridagi bor 
mollari shu edi. Bular ham hijratdan keyin yig‘ilgan mollardur. Hijratdan ilgari Makkada 
turgan chog‘larida va Madinaga yangi kelganlarida eng faqir, eng miskin oilalar qatorida 
umr o‘tkazur edilar. Ko‘pchilik xalqqa ko‘rsatgan, o‘rgatgan yo‘llari ersa, Qur’onning 
zohiriy shariat yo‘llari erdi. Lekin o‘zlari oilalari bilan tariqat yo‘lini tutdilar Abu Zar 
G‘iforiy, Salmon Forsiy, Abu Dardo’ kabi xos sahobalariga ham ixtiyoriy ravishda shu 
yo‘lni o‘rgatdilar. Chunki shariat kamoli tariqat bilan bo‘lur. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
— Mening ulamo ummatlarim Bani Isroil payg‘ambarlari kabidur, — dedilar. 
Shu maqomga yetgan bu ummatning haqiqiy chin ulamolari ham shu yo‘lni ixtiyor 
qildilar, chunki Qur’onda: «Innama amvalukum va avladukum fitna», ya’ni: «Sizlarning 
molinglar, bola-chaqanglar Xudodan qoldiradigan narsalardur», deb marhamat qilingan. 
Endi shunday bo‘lgach, bu fitnadan qutulish uchun Rasululloh yo‘liga kirib, aytgan 
so‘zlariga amal qilishdan boshqa chora yo‘qdur. Chunki Alloh taolo Payg‘ambarimiz 
haqida «Butun olam xalqiga rahmat yetkazish uchun seni yubordik», dedi. 
Rasulullohning ko‘rsatgan yo‘lidan boshqa hamma joyda rahmat eshigi yopiqdur. Olam 
halqi Allohning rahmatiga Rasulullohning keltirgan Islom yo‘li bilan yeta olgaylar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
382
Islom dini yangi boshlanishida xotinlar ham o‘rganish uchun jamoat namoziga chiqishar 
edi. Bomdod namozida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uzun suralardan qiroat qilar 
edilar. Bolalik xotinlar ham emizik bolalarini yo‘rgab qo‘yib namozga turishur edi. Bir 
kuni bomdod namozida bir bolaning yig‘lagan tovushini eshitganlarida, bolani ayab shu 
kungi qiroatni ikki «Qul a’uzu» surasi bilan tugatdilar. 
Vahiy kelishdan ilgari yoshliklarida Abdulloh degan kishidan tuya sotib olgan edilar. 
O‘rtalarida bir ish bo‘lib: 
— Ey Muhammad, shu joyda to‘xtab turgil, men hozir kelaman, — deb ketganicha, 
esidan chiqib ketib, uch kungacha kelmay qoldi. So‘ngra esiga tushib kelib qarasa, 
Rasululloh va’dalarini saqlab, uch kundan beri shu joyda kutib turgan ekanlar. 
Yana Rasulullohning odatlaridan biri uzoq-yaqindan kelgan elchilarga o‘zlari ham xizmat 
qilar edilar. Agar sahobalar:  
— Yo Rasulalloh, xizmatga biz yetarlikmiz, — desalar, Rasululloh: 
— Bular bizdan borgan kishilarni ko‘p hurmat qilgan ekanlar. Shu qilgan yaxshiliklarini 
qaytarmoqchi bo‘lib, bularga o‘zim xizmat qilgim keldi, — der edilar. 
G‘azot safarlarining birida bir sahoba turib: 
— Yo Rasulalloh, mol so‘yish menim ustimga bo‘lsin, yana biri osh pishirish menga 
bo‘lsin, — dedi. 
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
— O‘tin terish menga bo‘lsin, — dedilar. 
Yana Rasululloh takabburchilikdan bek qattiq saqlanib, hech bir ishda xalqdan 
boshqacha ko‘rinishni, o‘ltirish-turishda alohida bo‘lishni yoqtirmas edilar. Tavozelari 
nihoyatiga yetgan edi. Qurbonlik qilgan qo‘y terisidan bir po‘stak qilib, uylariga solgan 
edilar. Ziyoratga kelgan odamning tagiga uni to‘shab, o‘zlari qoq yerda o‘ltirar edilar. 
Bir kuni Jabroil alayhissalom vahiy keltirib: 
— Ey Muhammad, agar xohlar ekansiz, Xudo sizni ham payg‘ambar, ham podshoh qilur, 
— dedi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam podshohlikni xohlamay, payg‘ambar bo‘lib, Xudoga 
qulchilik qilishni ixtiyor qildilar. Rasulullohning yonboshlab yotib yoki oyoq cho‘zib o‘ltirib 
taom yeganlarini hech kim ko‘rmagan edi. 
— Men ham Xudoning qulidurman. Qul xo‘jasi oldida qandoq o‘ltirsa, qanday taom yesa, 
men ham shundoq taom yeydurman, — der edilar. 
Rasululloh dunyo molini yig‘madilar, unga hech ko‘ngil qo‘ymadilar, kunda o‘tgan 
ovqatga qanoat qildilar. Makka shahri olingandan so‘ngra Quraysh qabilasi itoatga keldi. 
Butun Arabistonga Islom dini tarqaldi. Muhojirlar har tarafdan g‘animat mol olib 
Madinaga keltirdilar. Bu mollarni qandoq qilsalar, ixtiyor o‘zlarida edi. Shunday bo‘lsa 
ham yuz minglab kelgan tillo tangalardan birortasini olib saqlamadilar. Ularning 
hammasini muhtojlarga tarqatib, o‘zlari esa faqir oilalar qatorida kun kechirar edilar. 
Eng oxirgi «Hajjatul vado»ga borganlarida butun Arabistondan kelgan xalq Arafotga 
yig‘ilgan edi. Shundagi mingan tuyalarining to‘qimi jabdug‘i bilan to‘rt tangacha ham 
turmas edi. Rasululloh boylikdan faqirlikni ortiq ko‘rib: «Faqirligimga quvonib 
maqtanurman» dedilar. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. 
— Nasorolar Iso alayhissalomni haddan osha maqtashib, oxiri u zotni banda deyishmay, 
Xudo edi, Xudoning o‘g‘li edi, deyishib haq yo‘ldan adashdilar. Balki meni Allohning quli, 
uning payg‘ambari denglar,— deb ummatlariga o‘rgatdilar.  
Abu Hurayra aytdi: «Bir kuni Rasululloh bilan Madina bozoriga chiqib, ko‘ynaklik bo‘z 
olmoqchi bo‘ldik.  
Anda Rasululloh tarozibonga qarab: 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
383
— To‘g‘ri tortgil, — dedilar ersa, u irg‘ib turib qo‘llarini o‘pmoqchi bo‘lgan edi, tortib olib: 
— Ajam xalqi podsholariga shundoq qiladilar. Men podsho emas, sizlardan chiqqan bir 
odamman, — dedilar. 
So‘ngra bozordan olgan narsalarini men ko‘tarmoqchi bo‘lgan edim Rasululloh: 
— Har kim molini o‘zi ko‘targani yaxshidur. Uzrsiz hech kim birovga yuk bo‘lmasin, — 
deb olgan narsalarini o‘zlari ko‘tardilar. 
Bundan ummatlariga ibrat qoldirdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoni 
suymadilar, uning noz-ne’matiga aldanmadilar. Dunyoning hech bir narsasiga qiziqib 
qaramadilar, ozga qanoat qildilar. Tog‘-toshlardagi oltin-kumush konlari, balki ulug‘ 
tog‘lar, qip-qizil tillo bo‘lib Rasulullohga ko‘rindi. Undagi har turlik gavhar toshlar: 
— Yo Rasulalloh, mendan oling, — deb o‘ziga qiziqtirmoqchi bo‘ldi, hech biriga nazar 
solmadilar. Dunyodan o‘tganlaricha shu holda turdilar. Vafot bo‘lganlarida oila hojatlari 
uchun sovutlari bir yahudiyga garovga qo‘yilgan edi. 
Oisha onamiz: 
— Rasululloh vafot bo‘lgunlaricha uch kun birdek surunkasiga bug‘doy nonga 
to‘yganimizni bilmaymiz. Tillo tanga, jonlik-jonsiz hech bir narsa bizga meros bo‘lib 
qolgani yo‘q. Rasululloh menim uyimda o‘z quchog‘imda turib jonlari uzildi. Shu kuni bir 
ozgina arpadan boshqa yeydigan hech narsa yo‘q edi, — dedilar. 
Rasululloh: 
— Makkaning qumtoshlarini oltin qilib menga tengladilar. YO rabbim, bir kuni to‘q, bir 
kuni och bo‘lganim yaxshidur. Och bo‘lgan kunlarim senga yolvorurman. To‘q bo‘ldim 
ersa, senga tashakkur qilurman. 
Onamiz Oisha aytadi: 
— Biror oylab uyimizda o‘t yoqib, qozon qaynamagan kunlarimiz ko‘p bo‘lur edi. U 
vaqtda non ham yo‘q, quruq xurmo bo‘lib, undan yeb ustidan suv ichar edik. 
Rasulullohning to‘shak yostiqlari ersa mesh teridan yasalib, ichiga xurmo qipig‘i 
to‘ldirilmish edi. Elangan oq bug‘doy nonni, o‘tlagan semiz qo‘y etini umr ichida 
ko‘rmadilar. Qorin to‘ydirib taom yemadilar, kechasi och yotib, yana kunduzi ro‘za tutar 
edilar. Qaysi bir kunlari Rasulullohga rahmim kelib yig‘lar edim. Orqalariga yopishgan 
qorinlarini silab: 
— Ota-onam sizga fido, yo Rasulalloh, dunyo noz-ne’matlaridan biroz foydalansangiz 
nima bo‘lur? — dedim. 
Anda ul zot: 
— Ey Oisha, o‘tgan payg‘ambar birodarlarim mundan ham qattiqchiliklarga chidab yurib, 
Parvardigor oldiga bordilar. Ularga Alloh ko‘p hurmatlar ko‘rsatib, ulug‘ ne’matlar ato 
qildi. Endi men shularning ahvolini bilaturib dunyodan lazzatlanishga hayo qilurman, — 
dedilar. 
Bir kuni Hazrati Ali karamallohu vajha: 
— Yo Rasulalloh, sizning sunnatingiz qaysidur?— deb so‘radilar. 
Anda Rasululloh: 
— Ma’rifat menim sarmoyamdur, dinimning asli aqldur. Ishimning asosi muhabbatdur. 
Muhabbatsiz hech ish vujudga kelmas. Qurolim ilmdur, ilmsiz amalni Xudo qabul qilmas. 
Sabr menim libosimdur. Sabrsiz iymon kamolga yetmas. Kasbim jihoddur, mundan 
qochganlar xorlikka qolgaylar. Hamrohim Xudo yodidur. Hunarim dunyoni tark qilishdur. 
Boyligim Xudo xazinasiga ishonishdur. Ko‘zim nuri, ko‘nglim chirog‘i namozdur. Ko‘nglim 
mevasi Xudo zikridur. Faqirligimga faxrim bordur. G‘amim ummatim uchundir. Shavqim 
Xudo diydorini ko‘rishdur, — dedilar. 
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: 
— Ey mo‘minlar! Xabibim Muhammadni sizlarga payg‘ambar qilib yubordim. Uning 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
384
aytgan so‘zlarini, qilgan ishlarini yaxshilik o‘lchovi qildim. Har nimani qilmoqchi 
bo‘lsanglar, shunga qarab, shundan ibrat olib qilinglar. 
Demak, Rasulullohning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari ummatlari uchun saodat o‘lchovi 
ekandur. Agar ummatlari shunga qarab ish olib borsalar, haq yo‘ldan hech 
adashmaydilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
— Xudo tarafidan bir yo‘l keltirdim. U ersa Islom dinidur. Insonlar uchun moslashgan bir 
ilohiy qonundir. To‘g‘ri, keng, yumshoq va yorug‘ yo‘ldur. Bu yo‘lning boshi — shu 
dunyoda, oyog‘i u dunyoda — jannatdadur. Bundan tashqari chiqqanlar oxiratda abadiy 
azobga qolgaylar, bu dunyoda ersa, qo‘llari ishdan bo‘shamagay. Ko‘ngillari g‘am-
qayg‘udan chiqmagay. Agar ummatlarim shu yo‘ldan chetga chiqmay to‘g‘ri tursalar, 
qaysi yoqqa qo‘l uzatsalar, rizqini olib yeydi, — dedilar. 
Rasulullohning bu so‘zlari haqdur, chunki shunga o‘xshash so‘zlarni Alloh amri bilan 
ayturlar. 
TUGANCHI  
(xotima) 
Endi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ummatlari uchun shuncha qilg‘on 
og‘ir xizmatlari, islom dini yo‘lida tortgan cheksiz azoblari, mashaqqatlarining ajr-
savoblarini u zotga Alloh taolo O‘zi ato qilsin. 
Bu kitobda yozilgan Rasulullohning sifatlarini o‘qiganlar, har bir o‘rinda aytgan so‘zlarini 
anglab, qilg‘on ishlaridan musulmonlar ulgu olib, amal qilsalar, Allohning ulug‘ rahmatiga 
loyiq bo‘lib, uning diydoriga musharraf bo‘lg‘aylar, inshaalloh. Ushbu so‘zlarini to‘plab, 
kitob yozguvchi bu gunohkor bandani ham eskarib duoda yod qilguvchilar bo‘lsa, ularni 
ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiyomat kuni shafoat vaqtida yod qilg‘aylar. 
Ey Rabbim, mundoq ulug‘ ne’matni — habibing Rasululloh Hazrati Muhammad Mustafo 
sollallohu alayhi vasallamning tarix va tavsiflarini yozishni mendek g‘arib qulingga nasib 
qilding. Men endi bu ulug‘ davlat shukrini qandoq ado qila olgayman? Uning dargohida 
shu tilim birla nima deb shukr aytishimni bila olmayman. 
Bayt: 
Bu ulug‘ ne’matni shukrin men kabi ojiz quli, 
Qancha aytsa bo‘ldirolmasdur aning mingdin biri. 
Imom Buxoriy rivoyat qilur, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayturlar: «Ilon 
odamni ko‘rganida o‘z iniga qarab qochganidek, iymon ham Madinaga qochadi». 
Rasululloh oxirzamon alomatlari bayonida bu so‘zni demishlardur. Alarning aytganlari 
shu kunlarda boshimizga kelib, ko‘zimiz bilan uni ko‘rib turibmiz. 
Ulug‘ avliyolardan imom Sha’roniy aytadur: «Tarix hijrat bir mingdan o‘tdi ersa, ajoyib 
zamonlar bo‘lg‘ay. Ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan, ko‘ngilga kelmagan ishlarni 
ko‘rgaylar. Ilm oshib, hunar ko‘payib, tabiat sirlari yuzaga chiqqay. Lekin din 
tashlanganlikdan iymon, insof, adolat yer ustidan ko‘tarilgay. 
Rasululloh aytganlaridek, shu kunlarda butun Yer usti kofirlarga to‘ldi. Yarim milliarddan 
ko‘p musulmon atalgan kishilar ichida Islom homiyi bo‘lg‘udek biror podsho yoki biror 
hukumat hech yerda yo‘qdur. Dinsizlik ofati butun olamni qoplamishdur. Din ilmi xalq 
ko‘nglidan burundanoq ko‘tarilmish edi. Yaqin ming uch yuz yil islomiyatda o‘tgan 
Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, butkul Turkiston bolalari shu kunlarda 
musulmonchilikdan «Bismillah»ni ham bilmay qoldilar. Og‘izda bo‘lsa ham iymon 
kalimasini o‘qishdan ajradilar. Yer ustiga tarqalmoqda bo‘lgan dinsiz kommunistik 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
385
hokimiyatiga birinchi qadamdayoq vatanlari, dinlari, o‘zlari qurbon bo‘ldi. Sharqiy 
Turkistonni Xitoy bosqinchilari bosib olib, yerlik musulmonlarni insonlik huquqlaridan 
butunlay ajratdilar. Shu kunlarda esa shu yalmog‘izlarga bosqin bo‘lib, alarni yeb-yutib, 
singdirish darajasiga olib kelib qo‘ydilar. Qur’onning xati, Islomning nomigina qoladi, 
degan Rasulullohning so‘zlaricha shu kungacha uzilmay kelayotgan Islomning quruq 
nomi ham endi unutilishga yaqinlashdi. Mana shunday og‘ir bir davrda men bu qutlug‘ 
kitobni yozishga kirishdim. 
Tarix hijratning 1380 yili 26 ramazon oyida «Kohota» mahallasida bu kitobni oqqa 
ko‘chirdim. Muning ustida jon hovuchlab yurib, qo‘rqinchlik bilan ko‘p yillar o‘tkazdim. 
Allohning yordami, Rasulullohning sharofatlari bo‘lib, oxiri shu tilagimga yetdim. 
Kishilar: 
— Endi zamona ishlari shunday bo‘lsa, sening bu kitobingni kimlar o‘qib, kim bunga 
qiziqadi? Buning bozori qachonlardan beri kasod bo‘lib, do‘konlari buzilmish edi. Bu so‘z 
gavhariga endi kim haridorchilik qiladi? — desalar, alarga javob ushbu hadisi sharifdur: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
— Islom dini dastlabda g‘ariblik bilan boshlandi, eng keyin yana g‘ariblikka qaytadi. Shu 
g‘ariblikka tushgan dinlarini tashlamay kutgan o‘sha zamondagi g‘arib mo‘minlar menim 
qanday yaxshi ummatlarimdur! Din g‘arib bo‘lib, shariati tashlangan kunlarda kim 
mening sunnatimga qattiq yopishib, olov changallagandek qiynalsa ham undan ajramay 
dunyodan o‘tsa, Alloh taolo unday mo‘minga yuz shahidning savobini ato qiladir, — deb 
marhamat qildilar». 
Yana Rasululloh aytdilar: 
— Menim bir toifa ummatim bordurkim, qiyomat bo‘lguncha ham haq yo‘ldan 
adashmaydilar. 
Mana bu hadislar «Sahih Buxoriy»da va boshqa hadis kitoblarida ham bordur. Shu 
mazmunda kelgan yana boshqa hadislar ham ko‘pdur. Hadislarning mazmunlaricha, 
Hazrati Iso alayhissalom osmondan tushib, Dajjolni o‘ldirganlaridan so‘ngra yana qirq yil 
umr ko‘rgaylar. O‘sha zamonda butun dunyo xalqi Islom diniga kirgay. Iso alayhissalom 
Qur’on hukmini butun Yer yuziga yurgizgaylar. Bu zot vafot topgandan so‘ngra yana 
olamni kufr qorong‘ilig‘i bosgay. Ana shu chog‘da ham Baytullohni musulmonlar tavof 
qilishar ekan. 
Hadislardan ma’lum bo‘lurkim, din har qancha zaiflashib yer ustida Islom hukumati 
qolmasa ham, lekin haqiqatdan adashmaydirgan bir toifa ummatlari qiyomatgacha Yer 
ustidan uzilmas ekanlar. Endi men ham o‘zimni haq yo‘ldan adashmaydigan shu 
mo‘minlar qatoriga qo‘shdim. Shuning uchun men bu kitobimni Rasulullohning shu toifa 
ummatlariga atab yozdim. Mening bu kitobimni, inshaalloh, shular o‘qib, foydalanib, 
bahra oladilar, deb Allohdan umid qildim. 
Ey mehribon Rabbim! Sen rozi bo‘lg‘udek, Payg‘ambaring yaxshi ko‘rgudek haq yo‘lda 
jonbozlik qilmoqchi edim. Taqdirga to‘g‘ri kelmagach, u tilagim qo‘lga kelmadi. Bu haqda 
qilgan bandachilik gunohlarim uchun o‘zingdan afv o‘tinadurman. 
Ey ulug‘ tangrim! Endi ersa yoshim yetmish uchdan o‘tdi, yoshligim g‘aflat bila qo‘ldan 
ketdi, sening dargohingga borar chog‘im yaqinlashdi. Habibing Muhammadning 
shafoatidan, O‘zingning cheksiz rahmatingdan boshqa mening panohim yo‘qdur. 
Ey Rabbim, mening farzandlarimni va mendan tarqalgan nasllarimni haq yo‘ldan 
adashtirmagil. Bu kitobni o‘qib, bunga amal qilgan mo‘minlarni Havzi Kavsar suvidan 
qondirib, Rasululloh shafoatlarini alarga nasib qilgil. Ma’lumdurkim, shu kungi davrda 
dinsizlik ofati butun dunyoga tarqaldi. Muning eng qattiq zarbasi biz yerlik xalq — 
O‘zbekiston va Sharqiy Turkiston musulmonlari ustlariga tushdi. Baxti qochgan bechora 
xalqimiz haqiqiy islomiyatdan ko‘p yil ilgariyoq ajragan edilar. Shuning natijasidurki, 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
386
oxiri vatanlaridan, dinlaridan, butun insoniy huquqlaridan ham ajradilar. Lekin yuzaki 
islomiyat O‘zbekiston va Sharqiy Turkiston musulmonlari ichida shu kunlargacha ham 
ko‘rilmoqda edi. Endi bundan ham ajralish navbati yetib keldi. Dunyo bo‘yicha turklik 
beshigi hisoblangan ikki Turkiston vatanimizni yutib, singdirish uchun kommunistik 
hokimiyati ostida Sharqdan qora yalmog‘izlar, G‘arbdan sariq yalmog‘izlar o‘z erklaricha 
yeyishga kirishdilar. Milliy, diniy rasm-odatlarimizni, ayniqsa, diniy ishlarimizni tub 
ildizidan quritdilar. Vatanim meni haydasa ham, o‘zimga suyuklikdur. Millatim meni 
xo‘rlasa ham o‘zimga qadrlikdur. Bular uchun har yaxshilikni qilmoqchi edim, 
qilolmadim. Oz bo‘lsayam qilmay qarab turolmadim va kelajakdagi qahramon millat 
bolalariga, balki butun Turkiston musulmonlariga o‘zimdan yodgorlik qoldirmoqchi bo‘lib 
ona tilda Chig‘atoy turkiysi bilan bu kitobni yozdim. Savodlik, savodsiz, turk tillik har 
qanday kishilarga ham tushunarlik bo‘lsun deb arabiy, forsiy so‘zlarni ko‘p 
aralashtirmadim. Bundin maqsad Islom dinini xalqqa tushuntirish, Payg‘ambarimiz 
Muhammad alayhissalomni ummatlariga tanutish edi. 
Shuning uchun ham Alloh taolo har elning o‘zidan payg‘ambar chiqarib o‘z tili bilan kitob 
tushirgan edi. 
Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni butun dunyo xalqi, insu jinga 
payg‘ambar qilib yubordi. Aning dinini dunyo xalqiga tarqatish xizmatini har el, har 
yerning o‘zidan chiqqan ulamolarig‘a topshirdi. 
Shunday bo‘lgach, har millatning o‘zidan yetishgan olimlari Alloh amrini, Qur’on hukmini 
shularning o‘z tillarida ochiq-oydin qilib aytib turishlari, albatta, lozimdur. O‘qiganda yoki 
o‘qitib eshitganda kishilar tushungudek qilib o‘z tillarida kitoblar yozib qoldirishlari 
zarurdir. Shu sababdan men bu kitobni boshqa til qo‘shmay so‘zlarini soddalashtirib 
yozdim. O‘qigan va eshitganlar yaxshi tushunib tursalar, maqsadimiz shuldur. 
Bu kitobni yozganimda ushbu asarlardan foydalandim: «Zodu ma’od», «Siyratul 
Halabiyya», «Siyratun nabiy», «Shifoi Sharif», «Nurul yaqin». Shularni ko‘z oldimda 
tutdim, ayniqsa, «Siyratul Halabiyya»ning ma’lumoti kengroq bo‘lgach, unga ko‘proq 
qaradim. Me’roj voqeasini «Sahih Buxoriy»dan ko‘tardim. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarixlari, yozilmish kitoblarning mo’tabarlari 
shulardur. Ushbu asarlarning mualliflarini Alloh rahmat qilsin. Rasulullohning sifatlari, 
tarjimai hollari, balki kundalik qilgan ishlarini bizlarga yetkazgan zotlar sahobalardur. 
Alloh ulardan rozi bo‘lsin, ulug‘ ajrlar ato qilsin. 
Menim yana vasiyatim shuldurkim, o‘z avlod-nasllarimdan har bir oilada bu kitobdan bir 
nusxa saqlanishi, albatta, zarurdir. Agar kelgusi zamonlarda imkoniyat topilar ekan, 
besh-o‘n minglab bostirib, har ikki Turkiston xalqiga, asli vatan egalariga tarqatishni 
ularga topshirdim. Menim bu topshirig‘imni vaqti kelganda bajarish o‘z avlodim ustiga 
yuklangan muqaddas bir ulug‘ vazifadur. 
Agar musulmonlar shu kitobda yozilmish so‘zlarni amalga oshirsalar, Rasululloh 
so‘zlaricha, dunyo xorligidan, oxirat azobidan qutulishlari shubhasizdur. Hech 
bo‘lmaganda Payg‘ambarimiz aytgan qiyomatgacha haq yo‘ldan adashmaydigan, najot 
topgan bir toifa ummatlaridan bo‘ladilar va ham islom dinining asosiga tushunib, 
dinsizlik balosidan o‘zlarini, avlod-nasllarini qutqara oladilar. Chunki, bu balodan qutulish 
uchun din tarixini bilishdan o‘zga chora yo‘qdur. Din tarixini bilishga, Rasulullohning 
tarjimai hollaridan xabardor bo‘lishga bizning kitobimiz kafildur. 
Xohi avlodlarim, xohi boshqa vatandosh din qarindoshlarimiz bo‘larlar, ibrat ko‘zini 
ochib, aql ko‘zgusini qo‘liga olib, har yili bu kitobni bir yo‘l boshdan-oyoq o‘qib 
tushirishni o‘zlariga vazifa qilsinlar. Inshaalloh, kitob xatm bo‘lgan chog‘da qilgan duolari 
Xudo dargohida maqbuldur. Aning uchunkim, 360 jangchi — Badr g‘oziylarining 
muborak ism-shariflari bu kitobda yozilmishdur. Shuning uchun o‘qiguvchilarning duolari 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
387
ijobat bo‘lib, ofat va balolardan omonda bo‘lg‘aylar. Shu haqda aytilmish alarning 
xosiyatlari mo’tabar, ulug‘ hadis kitoblarda yozilmish, va’dalari tajriba qilinmishdur. 
Ey fazli karamlik, rahmon, rahim sifatlik, mehribon Rabbim! Bu kitobda nomlari yozilgan 
yaxshi bandalarning haqqi-hurmati, men g‘arib qulingni yolg‘onchi qilmagil, 
o‘qiguvchilarni ofat va balolardan asrab, iymonlarini salomat saqlab, oxiratlarini obod 
qilgil. Mendan keyin avlod-nasllarim haq yo‘ldan adashib, Rasululloh oldida xijolatga 
qo‘ymagil. Bularning dinlarini, dunyolarini, oxiratlarini o‘zingga omonat topshirdim. 
Bu kitobimni yomon ko‘zdan, yomon qo‘llardan saqlab, qiyomatgacha bundan 
foydalanishni Muhammad ummatiga nasib qilgil. 
Ey bor Xudoyo, Muhammad ummatini rahmat qil, ularni balodan qutqargil. Abadiy-azaliy 
ilming sig‘dirganicha Rasulullohga va uning ahli baytlariga, ashoblariga bizdan salavot va 
salomlarimizni yetkurgil. Omin. 
Hijriy 1380-yil Ramazon oyining 26-kunida Toshkent shahri, «Kohota» mahallasida bu 
kitobni oqqa ko‘chirdim. 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
Ushbu kitobni online o'qish: 
http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=436.0
 
Kitobni forum uchun Doniyor  va Laylo tayyorlagan. 
 
www.ziyouz.com
 
2007 

Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling