Tarixi muhammadiy
Download 5.12 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- YIGIRMA TO‘QQIZINCHI MO’JIZA
- O‘TTIZ BIRINCHI MO’JIZA Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com
- O‘TTIZ BESHINCHI MO’JIZA
- O‘TTIZ SAKKIZINCHI MO’JIZA
- O‘TTIZ TO‘QQIZINCHI MO’JIZA
www.ziyouz.com kutubxonasi 331 Salmon Forsiy bu xabarni anglagach, bir savatda xurmo olib, Rasululloh huzurlariga keldi va: — Buni sizga sadaqaga keltirdim, — dedi. Sahobalarga: — Sizlar yenglar, — deb buyurib, o‘zlari andin yemadilar. Salmon muni ko‘rgach: — Rohib aytgan alomatlarning biri to‘g‘ri chiqdi, qani qolganlarini ham sinab ko‘rayin- chi, — dedi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgandan so‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qubodan Madina ichiga kirdilar ersa, Salom Forsiy yana bir savat xurmo ko‘tarib kelib, bu gal hadya qildi. Rasululloh xurmoning hadya ekanligini bilgach, sahobalar bilan birga o‘ltirib yedilar. Muni ko‘rib Salmon: — Rohib aytgan uch alomatdan ikkisi to‘g‘ri chiqdi. Endi uchinchisini ham bilishim kerak, — dedi. Yana uch-to‘rt kun o‘tgandan so‘ngra shu maqsadni ko‘zlab Rasulullohning ziyoratlariga keldi ersa, Baqi’ go‘ristoniga janoza bilan ketmish edilar. Orqalaridan kelib u joyda Rasululloh bilan ko‘rishdi. Ikki yelka orasidagi payg‘ambarlik muhrini ko‘rmakchi bo‘lib, orqa tomonlariga o‘tib edi, muni Rasululloh bildilar. Ridolarini yelkalariga tushirib qo‘ydilar ersa, bu muborak muhr ochilib qoldi. Muhrni ko‘rgach, Salmon chidayolmasdan Payg‘ambarimizga o‘zini otib yuz-ko‘zini surtib o‘pgali turdi. So‘ngra undan hol-ahvol so‘radilar. Boshidan kechirmish ishlarini aytgandan so‘ngra, uchinchi rohib so‘zini bayon qilib: — Endi aniq bildim, Tavrot, Injilda xabari berilib, sifatlari yozilgan oxir zamon payg‘ambari albatta Siz ekansiz, — deb darhol shu yerda iymon keltirdi. So‘ngra Rasululloh Salmonga qarab: — Xo‘jang yahudiyga aytgil, seni mukotib qilsun,— dedilar. Muning ma’nosi qul xo‘jasi bilan kelishmakdur. Shundoqkim, agar menga shuncha aqcha topib berur ersang, seni ozod qilurman, deb xo‘jasi qo‘liga hujjat xati bergay. Rasululloh so‘zlari bilan Hazrati Salmon xo‘jasi yahudiydan muni so‘radi ersa, ul unamay yurib eng keyin bir ming olti yuz dirham kumushga, yana uch yuz tup xurmo daraxtini ko‘kartirib berishga kelishdilar. Rasululloh muni anglagach, sahobalarga: — Birodaringiz Salmonga yordam qilaylik, — deb aytdilar, ansor sahobalar har qaysilari topganicha xurmo ko‘chatini keltirishdi. Shunda Salmonga ko‘chatlar o‘rnini qazib bitirgandan keyin kelib xabar qilishlarini buyurdilar. Ko‘chat chuqurlari tayyor bo‘lgach, Rasululloh qutlug‘ qo‘llari bilan tutib berib, boshqalar ko‘mishdi. Shunchalik ko‘p xurmo ko‘chatlaridan biror tupi qurimasdan barisi ko‘kardi», bu esa Rasulullohning mo’jizalaridur. Yana shu orada sahobalardan birovi Rasulullohga tuxumdek oltin hadya qildi. Anda ul zot darhol Salmonni chaqirib: — Muni yahudiyga berib o‘zingni qulliqdan ozod qilursan, — dedilar. Ul oltin ersa Salmon ko‘ziga oz ko‘rinib: — Yo Rasululloh, menim berasim ko‘pdur, bu bilan qutila olmagayman, — dedi. Anda Rasululloh: — Shu bilan Alloh seni undan qutqargay, borgil, topshirib bergil, — dedilar. Muni anglagach, yahudiy oldiga eltib, tortib qarasa qolmish qarziga ortiq chiqmasdan Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 332 teng keldi. Bu ham Rasulullohning mo’jizalari erdi. Shu bilan Rasululloh aytganlaridek, Salmon Forsiy qulliqdan qutuldi, Raziyallohu anhu. YIGIRMA TO‘QQIZINCHI MO’JIZA Salmon Forsiy Rasululloh bilan dastlab ko‘rishganda arabcha gapirolmas edi. Arabcha, forscha bilgan yahudiylardan Madinada bir savdogar kishi bor edi, uni tilmochlikka chaqirdilar. Salmon Forsiy Rasulullohni maqtab Tavrot, Injilda ko‘rgan sifatlarini bayon qildi ersa, tarjimon yahudiyning dushmanligi qo‘zg‘aldi. So‘zni teskari aytib, Rasululloh haqida loyiqsiz so‘zlar bildirdi. Muni anglab Rasululloh g‘amgin bo‘ldilar. Shu hollarida Jabroil alayhissalom kelib Salmon so‘zini tarjima qildi ersa, yahudiy sharmanda bo‘lib: — Ey Muhammad, o‘zing ersa forsiy tilga komil ekansan, tilmochlikka meni nega chaqirding? — dedi. Anda Rasululloh: — Bu tilni hech bilmas edim, birodarim Jabroil shu hozirda o‘rgatdi, — dedilar. So‘ngra yahudiy: — Mundan ilgari sening payg‘ambar ekanligingga gumonim bor edi. Endi aniq bildim, Tavrot, Injilda sifati yozilgan, Muso alayhissalom o‘z qavmiga topshirgan oxirzamon payg‘ambari siz ekansiz, — deb darhol iymon keltirdi. Raziyallohu anhu. O‘TTIZINCHI MO’JIZA Hazrati Abu Hurayra rivoyat qilur: «Rasululloh bilan g‘azot safariga chiqdik. Oziq-emishlarimiz yetishmaslikdan askarda ochlik bor edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam; — Ey Abu Hurayra, yegudek biror narsang bo‘lsa keltirgil, — dedilar. Non xaltam tagida o‘n dona quruq xurmo qolmish edi, uni keltirib Rasulullohga berdim. Xalta ichiga qo‘l solib xurmoni chiqardilar. Ushlab turib aning barakasiga duo qilib, qaytarib xaltaga soldilar. So‘ngra Abu Hurayraga sahobalardan o‘n kishi chaqirib keltirmoqni buyurdilar. Bular kelgandan keyin shu xaltadan xurmo olib to‘yguncha yegizdilar. Yana o‘n odam chaqirib edilar, bular ham shu xurmodin yeb to‘yishdilar. Shunday qilib o‘n kishidan chaqirib shu xurmodan beraverdilar. Askarning barisini to‘ydirib qarasalar, xalta ichidagi xurmo yana boyagidek turmish edi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: — Ey Abu Hurayra, qay vaqtda xurmo yeging kelsa, xaltaga qo‘l solib olgil, ammo uning og‘zidan to‘kmagil. Abu Hurayra aytur: — Rasulullohning hayotlaricha shu xaltadan xurmo yeb va boshqalarga berur edim. Hazrati Abu Bakr, Hazrati Umar, Hazrati Usmon — bu uchovlarining davrlarida ham shu xaltadan yeb turdim. Hazrati Usmonning oxirgi kunlarida fitna qo‘zg‘alib, ul kishini shahid qildilar. Shu chog‘da Madinadan bir necha odamlarning uy-joylari talon-taroj bo‘ldi. Shu qatorda menim uyimni ham talab ketdilar. Mana shu fitna sabab bo‘lib, u baraka xaltadan ajrab qoldim. Bor molim yo‘qolib, koshki shu xaltam qolgan bo‘lsa, rozi edim. Oz deganda shu xaltadan oltmish tuyaga yuklik xurmo yegan edim. Raziyallohu anhu. O‘TTIZ BIRINCHI MO’JIZA Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 333 Fahd ibn Atiyya rivoyat qilur: «Rasululloh oldilariga o‘n necha yoshlik tilsiz, duduq bolani keltirib: — Yo Rasulalloh, duo qiling, buning tili chiqsin,— dedilar. Anda Rasululloh u bolaga qarab: — Men kim bo‘lurman? — deb so‘radilar ersa, darhol bola: — Siz Allohning payg‘ambaridursiz, — deb javob berdi. Shu bilan tili ochilib ketdi. Yana bir yangi tug‘ilgan bolani momosi keltirib: — Barakot bo‘lgay, — deb Rasulullohning quchoqlariga qo‘ydi. Unga qarab: — Men kim bo‘lurman? — deganlarida: — Siz Rasululloh erursiz, — dedi. — Barakalloh, rost aytding, — dedilar. Shu sababdan bu bola ismini Muborak qo‘ydilar». O‘TTIZ IKKINCHI MO’JIZA Rasulullohning xodimlari hazrati Anas bu voqeani shunday rivoyat qilur: «Sahobalardan bir yigit vafot topdi. Aning bir ko‘r kampir onasi bor erdi. O‘lik iyagini bog‘lab kampir onasiga ta’ziyat aytdik. Onasi yig‘lab: — Ey bor Xudoyo, o‘zing bilursan, men vatanimni tashlab, sening roziliging uchun payg‘ambar oldiga hijrat qilib keldim. Ko‘zim ko‘r, o‘zim ojiz erurman. Bu o‘g‘limdan o‘zga xizmat qilgudek mening yordamchim yo‘qdur. Ey rahmlik mehribon rabbim, bu musibatni mendan ko‘targil, — deb duo qilishi bilan yotgan o‘likka qaytadan jon kirdi. Yuziga yopgan pardani olib tashlab: «Alhamdulilloh» deb o‘rnidan turdi». Bu ham bo‘lsa Rasulullohning mo’jizalari erur. Chunki ummatidan ko‘rilgan karomat ersa payg‘ambarning mo’jizasidan bo‘lg‘ay. Oy nurini quyoshdan olgandek, har ummatning avliyolari ko‘rsatgan karomatlarini o‘z payg‘ambarlaridan olgaylar. O‘TTIZ UCHINCHI MO’JIZA Sahobalardan bir kishi kelib: — Yo Rasululloh, Islom diniga kirmasdan ilgari shu tog‘ ichida bir chuqurga ikki yoshli qiz bolamni tashlagan edim, nima bo‘lganidan xabarim yo‘qdur. Xudo oldida bunga nima javob ayturman? — dedi. Arablarning eng yomon odatlaridan biri ikki-uch yoshli qiz bolalarini faqirlikdan qo‘rqib, yoki qabila urushlarida yengilur bo‘lsa, dushman qo‘liga asir tushib qolishidan nomus qilib, tiriklayin ko‘mar edilar. Islom kelganidan so‘ng bu odatlar yo‘qoldi. U kishi ersa Rasululloh bilan shu chuqur ustiga kelib qarasalar, andin hech bir nishona ko‘rinmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning otini aytib: — Alloh izni bilan menga javob qaytarg‘il, — dedilar. Shunda: — Labbayka, yo Rasulalloh, — deb qizcha shu chuqurdan chiqa keldi. Anda Rasululloh: — Mana, ota-onang ersa Islom diniga kirdilar. Agar dunyo turmushini xohlar ekansan, seni ularga topshirurman, — dedilar. Anda qizcha: — Yo Rasulalloh, ularga hech hojatim yo‘qdur, dunyoga chiqishni xohlamayman, har yaxshilikni Alloh oldida topdim, — dedi». Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 334 O‘TTIZ TO‘RTINCHI MO’JIZA Imom Bayhaqiy «Daloilun-nubuvva» degan kitobida shundan keltiribdur: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishini dinga da’vat qildilar. Uning bir qiz bolasi o‘lmish edi. U: — Agar o‘lgan bolamni tiriltirur ersang, men senga iymon keltirayin, — dedi. — Andog‘ ersa, uning qabrini ko‘rsatgil, — dedilar Rasululloh. Qizning otasi qabr ustiga boshlab keldi ersa, Rasululloh: — Ey Faloniy, — deb chaqirdilar. — Labbayka, yo Rasulalloh, — deb javob keldi qabrdan. — Dunyoga qaytib chiqmoqni yaxshi ko‘rurmisan? — deb Rasululloh undan so‘radilar ersa. Ul: — Yo Rasulalloh, Xudo haqqi, dunyoga qaytmoqni xohlamaydurman. Ota-onamdan Allohni yaxshi ko‘rdim, dunyodan oxirat rohatini ortiq topdim, — dedi». O‘TTIZ BESHINCHI MO’JIZA Jobir ibn Abdulloh shundog‘ rivoyat qilur: «Bir kuni Rasulullohga hadya qilmoqchi bo‘lib, bir qo‘yim bor edi, uni so‘yib pishirdim, katta choraga solib, Payg‘ambarimiz oldilariga keltirib qo‘ydim. Anda ul zot: — Mundan yegan kishilar suyagini sindirmasdan yesinlar, — dedilar. Bu tamom yeyilgandan so‘ngra suyaklarini to‘plab ustiga muborak qo‘llarini qo‘yib, og‘izlari qimirlashi bilan unga jon kirib, bir qo‘y sakrab turdi. Bu ulug‘ qudratni ko‘rib, barcha sahobalar takbir aytdilar». O‘TTIZ OLTINCHI MO’JIZA Onamiz Hazrati Oisha roziyallohu anho rivoyat qilur: «Madinada bir nopok, uyatsiz xotun bor edi. Bir kuni Rasululloh o‘tirgan edilar, ustilariga u xotun kirib qoldi. Oldilariga bir parcha qotgan go‘sht pishirib qo‘ygan edim, shundan yeb o‘ltirur edilar. Muni ko‘rib, u xotun: — Ko‘ringlar bu kishinikim, qul kishilardek taom yeydur, o‘ltirishlari ham qullarga o‘xshaydur, — deb aytdi. Anda Rasululloh: — To‘g‘ri, men Allohning qulidurman, qullardek o‘ltirib, quldek taom yeydurman, — dedilar. So‘ngra ul xotun: — Menga ham bu taomdan bering, yeb ko‘ray, — dedi. Eb turgan go‘shtlaridan bir parchasini berib edilar, ul xotun: — Yo‘q, og‘zingizdagi chaynab turgan go‘shtdan so‘rayman, — dedi. Og‘zilaridagi chala chaynalgan go‘shtdan chiqarib unga berdilar ersa, u: — O‘z qo‘lingiz bilan yegizib qo‘ying, — dedi. O‘z qo‘llari bilan uning og‘ziga solib qo‘ydilar. Buni yutishi bilan tavfiq chirog‘i uning ko‘nglini yoritdi. O‘z zamonasidagi sharm-hayoli, soliha xotunlardan bo‘ldi». Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 335 O‘TTIZ YETTINCHI MO’JIZA Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rakona ibn Abdu Zaydni Makka ko‘chasida yolg‘iz turganini ko‘rdilar. Bu ersa, Quraysh yigitlari ichida eng kuchlik, atoqlik bahodirlardan edi. Anga Rasululloh: — Ey Rakona, endi iymon keltirgali vaqting bo‘lgandir. Agar xohlasang, payg‘ambarligimga mo‘jiza ko‘rsatayin, — dedilar. Yiroqdan bir tup yog‘och ko‘rinib turmish edi. Rakona: — Andog‘ ersa, o‘shal ko‘rinib turgan daraxtni chaqirgil, shundog‘kim, teng yarmi o‘z o‘rnida qolsun, qolgan yarmi ersa kelib, sening payg‘ambarligingga guvohlik bersun, ana shunda iymon keltirgayman, — dedi. Anda Rasululloh daraxtga qarab ishorat qildilar. Yarmi kelib Rasulullohga salom berdi. — O‘z o‘rningga qayt, — deb yana ishorat qildilar ersa, daraxt qaytib borib yarmiga yopishdi. Bu mo’jizani rivoyat qilguvchi sahoba aytur: — O‘shal daraxtni ko‘rdim, yopishgan o‘rni uzun ip tortib qo‘ygandek bo‘lib bilinib turibdur. Bu ulug‘ mo’jizani Rakona ko‘rdi ersa, ul aytdi: — Bu ish sirrini men bila olmadim. Kel endi, ikkovimiz kurashaylik. Agar sen meni yiqitur bo‘lsang, bir qo‘ra qo‘yim bor, uning yarmini senga berayin. Shu bilan ikkovlari kurashdilar ersa, Rasululloh uning belini ushlashlari hamon ko‘tarib yerga urdilar. Kuch-quvvatdan butunlay ajralmish edi, sharmanda bo‘lib o‘rnidan turgach: — Ey Muhammad, armonim qolmasin, yana bir marta kurashaylik, — dedi. Yana kurashgach, qo‘l uchlari tegishi bilan yiqilib, nima deyishini bilmay, hayron qolib turdi. So‘ngra aytdi: — Ey Muhammad, Quraysh majlisiga borib qolsang, ularga nima aytursan? — Rakonani yiqitib, uning yarim molini yutib oldim, deydurman, — dedilar. Rakona: — Yo‘q, andog‘ aytmagil. Bu ish men uchun qattiq nomusdur. Hadya qilib berdi, degil, — dedi. Rasululloh aytdilar: — Qandoq yolg‘on gapira olurman? Anda ul: — Hech yolg‘on so‘zlamasmusan? — dedi. — Albatta so‘zlamaydurman, — dedilar Rasululloh. So‘ngra Rakona: — Endi aniq bildim, sen Allohning haq payg‘ambari ekansan, — deb darhol iymon keltirdi. Raziyallohu anhu. O‘TTIZ SAKKIZINCHI MO’JIZA Ulug‘ sahobalardan Ammor ibn Huzayma rivoyat qilur: «Madina xalqi Avs, Xazraj degan ikki qabila erdilar. Bular ichida Xazraj raislaridan Abu Omir degan kishi Rasulullohni ko‘rmasdan turib, doim maqtab, u zotni qachon ko‘rar ekanman, deb kutmakda edi. Chunki bu kishi Madinadagi yahud olimlaridan Rasulullohning sifatlarini ko‘p eshitgan edi. Bu so‘zni aniqlash uchun, Shom viloyatiga Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 336 safar qildi. U joyda ham yahud, nasoro olimlari bilan ko‘rishib Tavrot, Injilda aytilmish oxirzamon payg‘ambarining sifatlarini ulardan ham aniqlab angladi. So‘ngra u yerdan yana Madinaga qaytib kelib, rohiblik havasiga tushdi. Riyozat qilib, jonlik narsalardan chiqqan ovqatni yemasdan, ulardan parhez qilib, egniga janda kiyib, toat-ibodat qilishga kirishdi. Shuning uchun buni arablar Abu Omir Rohib der edilar. Aslida esa rohib deb, nasoro dinida er bo‘lsa xotun olmay, xotun bo‘lsa erga tegmay, jonlik hayvonlardan chiqqan ovqatlarni yemay, tarki dunyo qilib so‘fiylik qilgan kishini ayturlar. Bu ham shu yo‘lni tutganlardan edi. Ammo arablarga o‘zini Ibrohim Halilulloh dinini tutgandek ko‘rsatur edi. Oxirzamon payg‘ambarining hijrat qilib kelar joyi Madina degan so‘zni Shom olimlaridan anglab, bu ish qachon bo‘lur ekan deb qizg‘inlik bilan kutmoqda edi. Shu orada Payg‘ambarimiz ham Islom tug‘ini ko‘tarib Makkadan chiqdilar. Bu xabar butun Arabistonga tarqaldi. Kecha-kunduz shu ishni kutmoqda bo‘lgan Abu Omir, o‘n uch yil ichida biror yo‘l bo‘lsa ham Makkaga borib Rasululloh bilan ko‘rishmoqni tilamadi. Yo‘q esa, bu ishni bilish uchun safar mashaqqatlarini chekib, Shom viloyatiga ham borgan edi. Bu muddat o‘tgandan so‘ngra Rasululloh Makkadan Madinaga hijrat qilib keldilar ersa, shu kundan boshlab uning hasadi qo‘zg‘alib kundan-kunga dushmanligi ko‘paygali turdi. Bir kuni ul Rasululloh qoshlariga kelib: — Ey Muhammad, qanday din keltirding? — dedi. Anda Rasululloh: — Haq din keltirdim, — dedilar ersa: — Yo‘q, sen uni boshqasiga aralashtirding, — dedi. Rasululloh: — YOlg‘on aytursan, menim keltirganim yoruq, yumshoq, arig‘ (toza) dindur. Yahud, nasoro olimlaridan eshitgan so‘zlaring qayerda qoldi? Alar ersa menim sifatlarimni senga aniqlab aytmish edilar, — dedilar. Anda ul: — Ular aytgan oxirzamon payg‘ambari sen emasdursan, — dedi. Payg‘ambarimiz: — Bu so‘zing yolg‘ondur, ochiq yolg‘on aytding, — dedilar. — Kim yolg‘onchi bo‘lsa, el-yurtidan chiqib, yolg‘iz qolib, sarsonlikda o‘lsin, — dedi rohib. Payg‘ambarimiz ham: — Iloho, shundog‘ bo‘lsin, — dedilar. Bu so‘zdan uning maqsadi ersa Rasulullohga tekkizib, sen Madinaga shundog‘ bo‘lib kelgansan, demoqchi edi. So‘ngra ul o‘z yurti Madinani tashlab Makkaga ko‘chib borib, mushriklarga qo‘shildi. U yerda turganda Rasulullohga qarshi qo‘lidan kelgan yomonligini qildi. Hijratning sakkizinchi yili Makka fath bo‘lgach, qochib, Toyifga bordi. Toyifni qamal qildilar. Ko‘p o‘tmay, ular ham iymon keltirishdi. U yerga ham sig‘may qolib, Shomga qarab qochdi. Eng oxiri, bola-chaqalaridan ham ajrab, Payg‘ambarimiz aytganlaridek, tentirab yurib o‘ldi. O‘TTIZ TO‘QQIZINCHI MO’JIZA Mutrif ibn Molik rivoyat qilur: — «Hazrat Umarning xalifalik davrlarida Islom g‘oziylari bilan chiqib, Eronistonda Tastar shahrini fath qildik. O‘ljaga tushgan mollarning hisobi yo‘q edi. Bular ichidan bir sandiq chiqdi. Ochib qarasak, eskidan uning ichida bir kitob bor ekan. Biz bilan hamroh yurgan Naim nomlik bir nasoro kishi u kitobni ko‘rib, menga sotgil deb so‘radi ersa, sandiqni sotib, kitobni unga hadya qilib berdim. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 337 So‘ngra oradan bir muncha zamon o‘tib Hazrati Muoviya zamonida Quddusi sharifga keldim. Bir kuni shahar ko‘chasida, bundan ko‘p yillar ilgari Tastar shahrida kitob hadya qilgan kishiga yo‘liqib, uni tanidim. Ko‘rishgandan so‘ngra: — Ey Naim, hali ham o‘z diningda erurmisan? — deb so‘radim. — Yo‘q! Alhamdullilloh, Islom dinini qabul qildim, — dedi. So‘ngra u bilan Damashq shahriga kirmoqchi bo‘ldik. Ka’bul Ahbor ham bizga qo‘shilib, uchovimiz Damashq-qa keldik. Bu kishi ersa shu zamonning ulug‘ olimlaridan edi. Buni anglab yahud, nasoro olimlaridan bir qanchalari uning ziyoratiga keldilar. Tastar shahridan topilgan kitob Naimning qo‘lida edi. Bu kitob ersa o‘tgan payg‘ambarlardan qolgan va Eronistonda nusxasi saqlanganlikdan asli nusxasi buzilmagan edi. Buni bilib Ka’bul Ahbor: — Bu kitobni o‘qib ko‘ringlar-chi, — deb ularning qo‘liga berdi ersa, bir oz o‘qigandan so‘ngra o‘qiguvchining rangi o‘zgarib, o‘qishni to‘xtatdi. Anda Naimning g‘azabi kelib: — Bu kitob ersa, xiyonat qo‘li tegmagan, oyatlari o‘zgarmagan qadimgi kitob ekandur. Agar oxiriga yetguncha o‘qimas ersang, mendan sog‘ qutila olmaysan, — dedi. U ham nochor bo‘lib o‘qigan erdi, bu oyat chiqdi: «Va man yabtag‘i g‘oyrol Islomi dinan falan yuqbala, minhu va huva fil oxirati minal xosirina». Ya’ni, «Kim Islom dinidan boshqa dinni tutsa, hech qachon qabul qilinmaydur. Ul kishi oxiratda ziyon ko‘rguvchilardan, bo‘lur». Bu so‘z ersa, butun Shom xalqiga tarqaldi. Keyingi Tavrot, Injil kitoblarini buzib, dinga xiyonat qilganlari barchaga ma’lum bo‘ldi. Yo‘q ersa, Rasulullohning sifatlari ilohiy kitoblarning barchasida yozilmish edi. Shu ish sabab bo‘lib, bir kun ichida Shom shahrining yahud, nasoro olimlaridan qirq ikki kishi iymon keltirdilar. Shu kuni musulmonlar uchun bayram kunlaridek suyunchlik bo‘ldi. Hazrati Muoviya tomonidan bularga hadyalar yuborildi. QIRQINCHI MO’JIZA Ka’bul Ahbor rivoyat qilur: «Bani Isroil qavmi haq yo‘ldan adashib o‘z payg‘ambari Hazrati Armiyo alayhissalom nasihatlarini qabul qilmadilar. Shuning uchun Alloh taolo ularga qahr qilib Buxti Nasr degan podshoni yubordi. Yahudlar ustiga hisobsiz cherik keltirdi. Bu ersa, Qur’onda aytilgan Bobil shahrining podshosi edi. Yahudlar bunga qarshi turolmadilar. Falastin viloyatiga bosib kirib Baytul Muqaddasni buzib, butunlay xarob qildi. Shahar xalqini qatliomga buyurdi. O‘limdan qolganlarini asir olib, Bobilga qarab jo‘nadi. Bular ichida Doniyol payg‘ambar ham bor edilar. Bu yerga kelib bir qancha zamon o‘tgandan keyin Buxti Nasr bir kecha qo‘rqinchlik tush ko‘rib uyg‘ondi ersa, ani unutmish edi. Qo‘ruqchi, sehrchilarni yig‘ib: — Bu kecha uyqumda bir tush ko‘rmish edim. Endi siz shu tushimni topib, uning ta’birini ayting, — dedi. Anda ta’birchilar: — Eshitmagan tushga qanday ta’bir aytgani bo‘lur?— dedilar. Anda podshohning g‘azabi kelib: — Bir kunimga yararmikinsizlar deb sizlarni tarbiyat qilmish edim. Agar uch kun ichida buning ta’birini topmas ekansiz, barchangizni o‘ldirurman, — dedi. Alar buni anglab, qattiq g‘amgin bo‘ldilar. Bu ish uddasidan qandog‘ chiqa olgaymiz, deb motamda qoldilar. Bu voqeaning xabari shahar ichiga tarqaldi. Shu kunlarda ersa, hazrati Doniyol zindonda edilar. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 338 Hammadan ilgari bu xabar zindonga yetgan edi. Bir kun Doniyol alayhissalom zindonchiga: — Sen borib podshoga yetkaz, ko‘rgan tushini men aytib berurman, ham uni ta’bir qilurman, — dedilar. Zindonboshi bu so‘zni Buxti Nasrga yetkurdi ersa, uni darhol kelturmaklarini buyurmish. Podsho oldiga har kim kirsa unga sajda qilur erdi. Doniyol alayhissalom uning qoshiga kirganlarida bu odatni qilmadilar. Buning bu jur’atiga podsho ajablanib: — Bu ishda bir sir bo‘lg‘aymu? — deb o‘yladi. Boshqa kishilarni tashqari chiqarib, so‘ngra Doniyolga aytdi: — Kishi qilmagan bir ish qilding. Nega menga sajda qilmay kirding? — dedi. Anda Doniyol alayhissalom: — Menim bir Tangrim bordur, tush ta’bir qilmoq ilmini menga ul o‘rgatmishdir. Agar undan o‘zgaga sajda qilur ersam, bu ilmni mendan olib qo‘yg‘aymu deb qo‘rqdim. U chog‘da sen ko‘rgan tushni topib yo‘ruyolmay qolsam, meni o‘ldirursan. O‘zing ham tush ta’birini o‘ylab g‘amda qolursan. Har ikkovimizga ham foyda bo‘lg‘ay deb, sajda qilmadim, — dedilar. Bu so‘zni anglagandan so‘ngra Buxti Nasr: — Endi esa menim oldimda sendan ortiq ishonchlik hech kishi yo‘qdur. Shuning uchunkim, sen o‘z Tangring buyrug‘ini ching (qattiq) tutmish kishi ekansan. Menim qoshimda eng yaxshi ko‘rilganlar shu sendek kishilardur. Ko‘rgan tushimning yo‘rimini bilarmisan?, — dedi. Anda Doniyol: — Alloh menga bildirmishdir. Tushingda haykalga o‘xshash katta bir but ko‘rding. Aning boshi oltindan, ko‘kragi kumushdan, qorni misdan, oyog‘i temirdan, tovoni sopoldan. Sen uni ko‘rib, hayron qolib qarab turmish erding, shu orada osmondan gurullab bir tosh tushib u butning boshiga shunday urdikim, ul parcha-parcha bo‘lib tuproqqa aralashib ketdi. Shamol bo‘lsa uchirgudek bo‘lib, to‘zgani turdi. So‘ngra sen u toshga qarab hayron bo‘lib turib eding, tosh yo‘g‘onlashib o‘sishga boshladi, borgan sayin yo‘g‘onlashib, yer yuzini butunlay qopladi. Shundoqkim yer- ko‘kda u toshdin bo‘lak hech biron narsa senga ko‘rinmay qoldi. Anda Buxti Nasr: — To‘g‘ri topding, xuddi shunday ko‘rmish edim. Endi aytgil, muning ta’biri nimadir? — dedi. Doniyol alayhissalom: — Ul butning ta’biri yer ustidagi podsholardur, ularning qaysi birlari oltinga o‘xshaydur, qay birlari kumushdek bo‘lur. Mis Rum podshosi erur. Temir Fors Xisravidur. Ikki sopol tovon ikki xotun podshohdurkim, biri Rumga, ikkinchisi Fors ahliga podsho bo‘lgaylar. Ammo osmondan tushgan tosh — bu bir dindurki, buning boshiga urib parchaladi. U din oxirzamonda arablardan chiqadigan Islom dinidur, uni Rasululloh orqalik Alloh yuborur. Bu din butun yer ustini qoplab, barcha dinlarni yengib, yolg‘iz o‘zi qolg‘ay. Ko‘rgan tushingizning ta’biri shu bo‘lg‘ay, — dedilar». Download 5.12 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling