Tarixi muhammadiy


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet48/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   59

www.ziyouz.com kutubxonasi 
302
— Yo Rasulalloh, xirmonlarimizda yoyilgan xurmolarimiz ko‘p edi, — deb uch yo‘l 
aytgach, Rasululloh: 
— Yo Rabb, tezroq yog‘dirgil, Abu Luboba xirmonini suv bossin. Izorini yechib xirmonda 
suv kirgan teshiklarni u bilan to‘ssin, o‘zi yalang‘och qolsin, — dedilar. 
Bu duoni qilib bo‘lishlari bilan Sal’a tog‘i ortidan chiqib, bir parcha bulut paydo bo‘ldi. 
Osmon o‘rtasiga kelganida ko‘k yuzini bulut qoplab, shunday yomg‘ir yog‘gali turdikim, 
shanba kundan boshlab yoqqan yomg‘ir kelgusi shanba kunigachalik to‘xtamasdan 
yog‘di. 
Abu Luboba qarasa, Payg‘ambarimiz deganlaridek xurmo xirmonini suv qoplab 
oqizgudek bo‘lib turibdur. Shoshilganidan yalang‘och bo‘lib, boshqa narsa topishga 
ulgurmay kiyimlarini yechib, suv teshiklarini to‘sgali turdi. YOg‘in ko‘pligidan kishilar 
zerikkudek bo‘lgach, boyagi yomg‘ir so‘ragan kishi yana keldi: 
— Yo Rasulalloh, yomg‘ir ko‘pligidan, sel yurib, yo‘llar buzilishga boshladi. Qatnov 
ishlarimiz qiyinlashdi, — dedi. 
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga chiqdilar ersa, duoga qo‘l ko‘tarib: 
— Yo Rabbiy, endi ustimizga yog‘masdan, tog‘-cho‘llar, qirlarga, o‘tloq-yaylov, 
to‘qaylarga yog‘sin, — deyishlari bilan Madina ustidan bulutlar so‘kulib, atrofga tarqala 
boshladi. 
Rasululloh qayoqqa qarab ishorat qilsalar, bulutlar shu yoqqa yugurishar edi. Uzoq-yaqin 
Madina atrofida yomg‘ir yog‘magan hech bir yer qolmadi. Bir oygacha yog‘ingarchilik 
bo‘lib, hamma joydan qahatchilik ko‘tarildi. 
Bu ulug‘ mo‘jiza ersa, necha minglab Arabiston xalqining ko‘z oldida bo‘lib o‘tgan bir 
karomatdur. Mundan boshqa ham mo‘jiza to‘g‘rilik Payg‘ambarimizdan bizga yetgan 
so‘zlarning barisi haqdur. Bularning bo‘lib o‘tganligini hech kim gumon qila olmagay. 
Chunki bunday xabarni «mutavotir xabar» deydilar. Bu ersa ishonishlikda ko‘z bilan 
ko‘rgandek bo‘lur. Yolg‘on chiqishi mumkin bo‘lmagan xabarlarni mutavotir deb aytiladi. 
Buning misoli shulki, Makka shahrini borligiga dunyoda ishonmagan musulmon yo‘q. 
Ko‘pchilikning bergan xabarlariga binoan, ko‘rgan-ko‘rmagan hammasi barobar munga 
ishonadilar. Shunga o‘xshash Payg‘ambarimizning mo’jizalari ham yuzlab, minglab 
ko‘pchilik ichida bo‘lganligidan buning xabarini beruvchilar ham ko‘pchilikdur. Bunga 
ishonuvchilar ersa, o‘z ko‘zim bilan ko‘rmadim, deb Makka shahrining borligiga 
ishonmagan kishilar kabi bo‘lurlar. Aqli o‘zida odamning shunday deyishi mumkin 
emasdur. 
BANI ASAD QABILASINING ELCHILARI 
Bani Asad qabilasidan bir jamoa kishilar elchi bo‘lishib Madinaga kelishdi. Bular ichida 
arab qahramonlaridan Ziror ibn Azvar degan odam ham bor edi. Shom, Iroq fath 
qilinishida bu kishining ko‘rsatgan qahramonliklari xalq og‘zida doston bo‘lib, tarix 
kitoblarida yozib qoldirilmishdur. Elchilar Rasululloh bilan ko‘rishgali to‘g‘ri masjidga 
kirishib, Payg‘ambarimizni ko‘rgach, salom berdilar. Alardan birovlari turib, o‘zlarining 
iymon keltirganliklarini bildirish uchun Rasululloh oldilarida shahodat aytib, kalima o‘qidi. 
So‘ngra ul: 
— Yo Rasulalloh, biz o‘z ixtiyorimiz bilan iymon keltirdik. Boshqa arablardek siz bilan 
urush-talash qilmadik. Qahatchilik kunlarda, qorong‘u tunlarda uzun yo‘llarni bosib 
keldik, — dedi. 
Bularning aytgan so‘zlari ersa, Xudoga xush kelmagani uchun ushbu oyat nozil bo‘ldi: 
«Yamunnuna alayka an aslamuv, qul la tamunnuv alayya Islamakum, balillohu yamunnu 
alaykum, an hadokum lil-iyman in kuntum sodiqina». 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
303
Ya’ni, «Bular musulmon bo‘ldik, deb minnat qilurlar. Ularga aytgil, musulmon 
bo‘lganlaringizni menga minnat qilmanglar. Agar haqiqatda iymon keltirgan bo‘lsangiz, 
sizlarni Islom diniga hidoyat qilgani uchun Alloh minnat qilsa bo‘ladi», demakdur. 
Shu oyat nozil bo‘lgach, bularga berilgan tanbeh boshqalarga ibrat bo‘ldi. 
So‘ngra ulardan birovi turib: 
— Yo Rasulalloh, Islomdan ilgari rivojda bo‘lgan Ayofat, Kahonat, Zarbulhaso — 
ishlarining hukmi Islom shariatida qanday bo‘lur? — deb so‘radi. 
Anda Rasululloh: 
— Islom dinida mundoq ishlar yo‘qdur, bularga yo‘l qo‘yilmagay, — dedilar. 
Islomdan ilgari arablar odati shundoq erdikim, bir ishni qilaymi-qilmaymi deb ikkilanib 
turgan kishi ertalab tong otmasdan ilgari borib, uyasida yotgan qushni topib hurkitur 
edi. Agar qush o‘ngga qarab uchsa ishim o‘ngaldi deb, u ishni qilur edi, agarda so‘lga 
qarab uchsa, u ishdan saqlanur edi. Ayofat ma’nosi shudir. 
«Kahonat» folchilik, «zarbulhaso» tulga tortishdur. Bu ikkovi ersa o‘z ichimizda hali 
bordur. Kelajakdagi yoki o‘tmishdagi g‘ayb ishlarni Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi. 
Agar bu ish Payg‘ambarlardan yoki avliyolardan ko‘rilar ekan, bu ham Xudo tomonidan 
bildirilib, birinchisi, mo‘jiza bo‘lib, ikkinchisi, karomat deyilur. Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam: 
— Men dunyodan o‘tganimdan keyin vahiy to‘xtalib, g‘ayb eshigi yopiladi. Magar menim 
yaxshi ummatlarimning ko‘rgan tushlari ersa, to‘g‘ri bo‘lganlikdan kelajakdagi g‘ayb 
ishlaridan xabar beradi, — dedilar. 
So‘ngra bu elchilar Madinada bir necha kun turishib, din hukmlarini o‘rganishib, so‘ngra 
Rasulullohdan ruxsat olib, o‘z ellariga qaytdilar. Raziyallohu anhum. 
BANI UZRA QABILASINING ELCHILARI 
Bani uzra Yaman viloyatida yashaydigan arablar qabilasidan edi. Bulardan o‘n ikki kishi 
elchi bo‘lib Madinaga keldi. Rasululloh bilan dastlab ko‘rishganlarida johiliyat zamonidagi 
odatlaricha salomlashdilar. 
— Qaysi qabiladan bo‘lursiz? — deb Rasululloh ulardan so‘radilar. 
Anda ularning raislari turib: 
— Yo Rasulalloh, biz Bani Uzra qavmidan bo‘lurmiz, uzoq tursak ham sizga 
qarindoshligimiz bordur. Sizning beshinchi bobongiz Qusay ibn Kilobning inisi Rizoh ibn 
Robiyaning avlodi erurmiz. O‘shal zamonda Makkaga hukmron bo‘lgan Xuzoa, Bani Bakr 
qabilasi bilan Quraysh raisi bobongiz Qusay urush qilganida biz kelib yordam berganmiz. 
Ularni Makkadan haydab, bobongiz Qusayni Baytullohga biz ega qilganmiz, — dedi. 
Bu ish ersa o‘shal zamonda bo‘lib o‘tgan arablar o‘rtalaridagi hammaga ma’lum, 
mashhur voqea edi. Bu so‘zlarni aytishga ham haqlik edilar. Shuning uchun ularni 
Rasululloh tasdiqlab, boshqa elchilardan ortiqroq hurmatladilar. 
Bu elchilar avval ko‘rishganlarida musulmoncha salom bermaganlik uzrini bayon qilib, 
aytdilar: 
— Biz ersak shu kungacha ota-bobolarimiz dinida erdik. Bu ishni anglagach, Islom diniga 
kirish uchun butun qavmimiz tarafidan vakil bo‘lib, birinchi kelganimizdur. Endi siz Alloh 
tomonidan yuborilmish payg‘ambar bo‘lsangiz, bizni qaysi ishga buyurursiz? 
Anda Rasululloh aytdilar: 
— Barcha olamni yaratgan yolg‘iz Allohgagina ibodat qilursiz, yer yuzi insonlariga meni 
Alloh taolo payg‘ambar qilib yubordi. Ularga Xudoni tanitib, haq yo‘lni ko‘rsatgali keldim. 
Din yo‘lida aytgan so‘zlarimga ishonib, menga iymon keltirursiz. 
— Yana nima ish qilurmiz? — deb so‘radilar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
304
— Toza tahorat bilan kuniga besh vaqt namoz o‘qursiz, bularning har birini o‘z vaqtida 
ado qilursiz. Yana har yili bir oy Ramazon ro‘zasini tutarsiz. Boy kishilar nisobga yetgan 
mollaridan chog‘aylarga zakot bergaylar. Umr ichida bir yo‘l haj qilib, Baytullohni ziyorat 
qilg‘aylar, — dedilar. 
Shunda alar darhol shahodat aytishib, iymonga musharraf bo‘ldilar. 
Yana Rasululloh ularga: 
— Mendan keyin ko‘p zamon o‘tmagay, butun Shom viloyati ummatlarim qo‘lida fath 
bo‘lg‘ay. Qaysar Hiraql Shomdan qochib Rum shahrining qal’asiga kirib bekingay, — deb 
kelajakdagi bo‘lgulik ishlardan xabar berdilar. 
Hazrati Umar zamonida Rasululloh aytganlaridek bo‘ldi. 
Elchilar buni anglagach: 
— Yo Rasulalloh, bizning ichimizda bir xotun bordur, u folchilik qilib g‘ayb ishlardan 
xabar berur. Xalq ichida uning hurmati bo‘lganligidan, o‘zaro bitmagan janjallik ishlari 
bo‘lsa arablar uni hakam qilib, shuning hukmiga rozi bo‘lg‘aylar. Din, dunYo ishlarimizda 
ko‘p narsalarni undan so‘rar edik. Bu ishimiz ersa qandoq bo‘lur? — dedilar. 
Rasululloh aytdilar: 
— Ulardan bundoq so‘zlarni so‘rovchi bo‘lmanglar, men kelgandan keyin, u ishlarning 
vaqti o‘tgan, obro‘yi ketgandur. Folchilarning bir so‘zi to‘g‘ri chiqar ersa, to‘qqizi 
yolg‘ondur. Ularga ishonmoq ulug‘ gunohdur. Butxonalarni buzib, butlarni sindiringlar. 
Allohdan o‘zgaga nazr aytib, jon atamanglar, — dedilar. 
Shu bilan Rasulullohning bergan javoblariga qanoatlanishib, o‘z yerlariga qaytdilar. 
BANI BALIY QABILASINING ELCHILARI 
Bani Baliy qabilasining raislari ersa Abu az-Zubayb degan kishi edi. Alar shu qavmdan 
yolg‘iz o‘zi ilgariroq kelib iymonga musharraf bo‘lgan Ruvayfe’ degan sahobaning uyiga 
kelib tushdi. Bu kishi erta bilan mehmonlarini boshlab Rasululloh ziyoratlariga chiqdi. Ul 
zot sahobalar bilan masjidda o‘ltirgan edilar. Alar Rasulullohni ko‘rib salom berishdi ersa: 
— Ey Ruvayfe’, bular kimlardur? — deb so‘radilar. 
— Yo Rasulalloh, bular menim qavmim bo‘lurlar. O‘zlari iymon keltirib va ham qavmlari 
tarafidan elchi bo‘lib kelibdurlar, — dedi. 
Anda Rasululloh: 
— Ey Ruvayfe’! Senga marhabo, xush kelding, sening qavmingga marhabo. Alloh yaxshi 
ko‘rgan bandalarini Islom diniga boshlag‘ay, — dedilar. 
Raislari olg‘a o‘tib, Rasulullohga yaqin kelib o‘ltirdi. So‘ngra: 
— Yo Rasulalloh, biz sizga iymon keltirgani keldik. Siz Alloh yuborgan haq Payg‘ambar 
ekansiz, endi aniq bildik. Islom dinidan o‘zga dinlarni, yaxshi-yomon rasm-odatlarini 
barini tashladik, — dedi. 
Anda Rasululloh: 
— Hamdu sano ul Xudogakim, sizlarni Islom diniga kirgizdi. Avvalgi diningizda qolib 
o‘lganlar tamug‘ o‘tida bo‘lg‘aylar, — deb. 
U yana aytdi: 
— Yo Rasulalloh, men ersam qo‘noqsevar kishi erurman. Osh-ovqat berib mehmon 
kutishni yaxshi ko‘rurman. Shu qilgan ishimdan men uchun ajr-savob bo‘lurmi? — deb 
so‘radi. 
Anda Rasululloh: 
— Kelgan qo‘noqlaring boy-kambag‘al bo‘lsin, ularga bergan ziyofating ersa Xudo yo‘lida 
sadaqa qilg‘udek bo‘lur. Albatta, undan ajr-savob olursan, — dedilar. 
U yana so‘radi: 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
305
— Mehmonning ziyofatini qilmoq necha kungacha uy egasiga lozim bo‘lur? 
Rasululloh aytdilar: 
— Kelgan mehmonni uch kungacha kutmak vojibdur. Bundan ortig‘i sadaqa bo‘lur. 
Mehmonga lozimdurki, tushgan joyiga og‘ir kelgudek ish qilmagay. 
— Yo Rasulalloh, egasi yo‘qotgan qo‘y-echkilarni cho‘llarda topar bo‘lsam, ularni olg‘ali 
bo‘lurmu? 
— Albatta, uni olishing kerakdur. Yo‘q esa bo‘riniki bo‘lur. So‘ngra egasi chiqar ersa, 
berishing lozimdur. 
— Agar yo‘qolgan narsa tuya bo‘lsa, unga yo‘liqib qandoq qilurmiz? — dedi. 
— U bilan ishing bo‘lmagay, egasi o‘zi topib olgay,— dedilar. 
Shu bilan Rasululloh oldilarida uch kun turishib, so‘ngra o‘z ellariga qaytdilar. 
ZI MURRA ELCHILARI 
Zi Murra qabilasidan o‘n uch kishi elchi bo‘lib, Madinaga keldilar. Boshchilari ersa Horis 
ibn Avf degan kishi erdi. 
Undan Rasululloh: 
— Yurtinglar qanday? — deb so‘radilar. 
Anda ul: 
— Duo qiling, Yo Rasulalloh, yil quruqchilik keldi. Qahatchilik boshlanib, chorva 
mollarimiz qirildi, ko‘p og‘irchiliklar kechirmakdamiz, — dedi. 
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘l ko‘tarib: 
— Ey bor Xudoyo, bularning yerlariga rahmat yomg‘irini yog‘dirgil, — deb duo qildilar. 
Bir necha kun turishgandan keyin elchilarning har birlariga o‘n uqiya kumush, raislariga 
o‘n ikki uqiya kumush hadya berib, qaytmoqqa ruxsat qildilar. O‘z yerlariga kelsalar, 
yomg‘irlar yog‘ib qahatchiliklar ko‘tarilmishdir. Hisob qilib ko‘rsalar, naqr Rasululloh 
sollallohu alayhi vasallam duo qilgan vaqtda yog‘mishdur.  
HAVLON QABILASINING ELCHILARI 
Havlon qabilasi Yaman viloyatida yashar edilar. Bulardin o‘n ikki kishi elchi bo‘lib 
Madinaga kelishdi. Rasululloh bilan ko‘rishgan so‘ngida shundoq so‘z aytdilar: 
— Yo Rasulalloh, biz ersa sizni ko‘rmay turib Allohga iymon keltirdik. Sizni Allohdan 
kelgan haq Payg‘ambar deb eshitdik, uzun yerlarni bosib ziyoratingizga keldik. Bizni haq 
yo‘lga solgan, haq yo‘lini ko‘rsatgan Allohdan va uning Payg‘ambaridan minnatdormiz. 
Anda Rasululloh: 
— Sizlarning bu safarda bosgan har bir qadaminglarga Alloh taolo ajr-savoblar bergay. 
Har kim Madinaga kelib meni ziyorat qildi ersa, qiyomat kunida menim omonimda 
bo‘lg‘ay, — deb so‘z aytdilar: 
Ular bu so‘zni anglagach: 
— Yo Rasulalloh, naqadar muborak ishdur bu safarimiz, — dedilar. 
So‘ngra Rasululloh: 
— «Am anas» (yoki «Imyonus») nima bo‘ldi? — deb ulardan so‘radilar. 
Bu ersa Havlon qabilasi topinadurgan Islomiyatdan ilgarigi butlari edi. 
Anda ular: 
— Bashorat bo‘lg‘ay, Yo Rasulalloh, mundog‘ gumrohlikdan bizni Alloh qutqazib, uning 
o‘rniga Siz keltirgan Islom dinini ato qildi. Ul butxonada aljigan chol, esi ketgan 
kampirlardan boshqa hech kim qolmadi. Bu yerdan qaytib borganimizda uni buzib 
tashlagaymiz, inshaalloh. Uzun yillar unga aldandik, undan ko‘p fitnalar ko‘rdik, — 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
306
deyishdi. 
Anda yana Rasululloh: 
— Ko‘rgan fitnalaring eng ulug‘ini bizga gapirib bergil, — dedilar ersa, ular: 
— Yo Rasulalloh, o‘tgan yillarning birida qattiq quruqchilik bo‘ldi, yerdan ekin unmay 
ocharchilik boshlandi. Biz yemagan narsa qolmadi. So‘ngra o‘zaro maslahatlashib 
qo‘limizdagi bor narsalarimizni sotib, shuning puliga yuz ho‘kiz oldik. Barchamiz 
yig‘ilishib «Am anas» butimizdan yomg‘ir so‘rab, uning oldiga keldik. Unga atab yuz 
ho‘kizni qurbon qildik. It-qushlar yesin deb, o‘zimiz qarab turdik. Yo‘q esa, ulardan ham 
biz muhtoj edik. Shu soatdan boshlab yomg‘ir yoqqani turdi. Shundoq ko‘p yog‘dikim, 
tuyalarimizning to‘qimlari yomg‘ir suvi bilan ko‘mildi. To‘qchilik boshlanib, ocharchilik 
ko‘tarildi. Ana, «Am anas» butimiz yomg‘iryog‘dirdi, tilagimizni berib, bizga ne’mat 
yetkuzdi, — deb quvonchlik bilan tarqashdik. Undan ko‘rgan fitnamizning ulug‘rog‘i shu 
edi. Qaysi bir vaqtlarda o‘zaro janjallashib qolsak, uning oldiga borur edik. Foyda 
ziyonimizga hukm chiqarib gapirur edi, — dedilar. 
Anda Rasululloh aytdilar: 
— But og‘zidan sizlarga so‘zlaguvchi ersa shaytondur. Butlarda ilohiy quvvat bor deb 
ishonishlariga shunday ishlar sabab bo‘lmish edi. 
So‘ngra ular Islom dinining asoslarini, undagi farz, vojiblarini so‘rashdilar. Bu narsalarni 
Rasululloh bayon qilib, ularni qanoatlantirdilar. So‘ngra shundoq marhamat qildilar: 
— Qilgan ahdlaringni buzmanglar. Ahdiga vafo qilmoq iymon alomatidur. Omonatga 
xiyonat qilmanglar. Xiyonat qilmoq Islomda haromdur. Qo‘shni haqini yaxshi saqlanglar, 
hech kimga zulm qilmanglar. Zulm qiyomatda zulmat bo‘lur. Zolimlar qorong‘ulikda 
qolg‘ay. 
Shu bilan bir necha kun o‘tib, ketar vaqtida har birlariga o‘n ikki uqiya kumushdan 
hadya berib, ruxsat qildilar. 
BANI MUHORIB ELCHILARI 
Bani Muhorib qabilasidan o‘n nafar odam elchi bo‘lib, Madinaga kelishdi. Raislari ersa 
Xuzayma ibn Savod degan kishi edi. Hijratdan ilgari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
Makkada o‘n uch yil turdilar. Har kuni Ukoz, Zulmajoz degan mashhur bozorlarda va haj 
mavsumi kelganda Arafot, Minoga yig‘ilgan butun arab qabilalarining har birlari ustiga 
kelib, Rasululloh o‘zlarini tanitgandan keyin ularni Islomga da’vat qilar edilar. Yuqorida 
buning bayoni o‘tgandur. Ana shu chog‘da Rasulullohga eng qattiq ozor shu qabiladan 
yetgan edi. 
Alar: 
— Agar sendan biror yaxshilik chiqar ekan, unda o‘z qarindosh-urug‘ing Quraysh xalqi 
nechuk sening yo‘lingga kirmadilar? O‘z qavmingni qo‘llayolmasang, boshqalarga qanday 
foyda yetkura olursan? — degan qo‘pol so‘zlar bilan Rasulullohga qattiq ozor berishgan 
edi. 
Shuning uchun o‘zlari bek xijolatda edilar. Bu bechoralar qaydan bilgaykim, 
Rahmatanlilolamin tojini kiygan «Vainnaka laalo xuluqin azimin» yorlig‘ini taqqan sarvari 
olam, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning quyosh ko‘zgusidek ko‘ngillariga olam 
xalqining ozorlaridan zarrachalik chang qo‘nmaganligini. 
Bayt: 
Haq sening vasfingda aytmish Rahmatanlilolamin. 
Ham tufaylingdan yaratmish o‘n sakkiz ming olamin. 
Shundog‘ qilib bu elchilar Rasululloh bilan ko‘rishgandan so‘ngra oldilarida uzunroq 
o‘ltirishib qoldi. Anda Rasululloh ular ichida bir kishiga qarab turib: 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
307
— Sen bilan qaysi joyda ko‘rishgan edim? — dedilar. 
U kishi: 
— Yo Rasulalloh, meni hijratdan ilgari Ukoz bozorida ko‘rib, dinga da’vat qilgan edingiz. 
Sizga ozor berib, ko‘p yomon so‘zlar aytib qaytargan edim, — dedi. 
— Ha, shundog‘ bo‘lgan edi, — dedilar. 
So‘ngra ul: 
— Yo Rasulalloh, o‘shal kunlarda mendan qattiqroq sizga dushmanlik qilgan kishi yo‘q 
edi. Islom dinidan hammadan ko‘proq nafrat qilgan men edim. Hamdu sano ul 
Allohgakim, ko‘rmasdan turib iymonga musharraf bo‘ldim, o‘lmasdan ilgari sizni ko‘rdim. 
O‘shal chog‘da siz bilan ko‘rishgan menim yo‘ldoshlarim hammasi johiliyat dinida o‘ldilar. 
Ilgari sizga og‘ir so‘zlar aytib, qattiq qarshilik ko‘rsatgan edim. Shu gunohim 
kechilarmikin, Allohdan tilab bering, Yo Rasulalloh, — dedi. 
Anda Rasululloh: 
— «Alislomu yajubbu ma qoblahu», ya’ni Islom o‘zidan ilgari har qanday gunohni yo‘q 
qilgay, — dedilar. 
So‘ngra Rasululloh bularning raislari Xuzayma ibn Savodning yuzini qutlug‘ qo‘llari bilan 
siladilar ersa, yongan chirog‘dek yarqirab, yuzi nurlik bo‘ldi. So‘ngra bularga ham 
hadyalar berib qaytmoqqa ruxsat berdilar. Raziyallohu anhum. 
SUDO QABILASINING ELCHILARI 
Sudo qabilasi ham Yaman arablaridan erdi. Boshqa qabilalar kabi elchilar yuborib 
Islomga kirishdan to‘xtalib turdilar. Arab tuprog‘ida Islom dini kirmagan qabila ham 
qolmagan edi. Rasululloh buni angladilar ersa, Qays ibn Sa’d qo‘mondasida to‘rt yuz 
kishilik bir firqa askar Sudo ustiga yubormoqchi bo‘ldilar. Bu askarning ko‘targan jihod 
tug‘lari oq bo‘lib, bayroqlari qoradan edi. Shu hol ustiga u qabiladan bir kishi kelib qolib, 
bu voqeani angladi. Darhol Rasulullohga kirib: 
— Yo Rasulalloh, men ersam o‘z qabilam tomonidan vakil qilib yuborilgan edim. Agar bu 
askarni yubormay to‘xtatur ekansiz, ularning Islom dinini qabul qilishlariga o‘zim 
kafilman, — dedi. 
Bu so‘zni anglagach, Rasululloh askarni to‘xtatdilar. U kishi ersa tezlik bilan Madinadan 
chiqib o‘z yurtiga yetdi. Qabilasiga voqeani tushuntirgach, ulardan o‘n besh kishini 
elchilikka olib, yana Madinaga qaytdi. 
Ansor sahobalardan Sa’d ibn Uboda uyiga tushib, aning mehmoni bo‘ldilar. U ham alarga 
ko‘p hurmat ko‘rsatdi. So‘ngra kelib, Rasululloh bilan ko‘rishgach, barchalari shahodat 
aytib, Islom diniga kirdilar. O‘z yerlariga borishgandan keyin bular orqali butun qabilaga 
Islom dini tarqaldi. 
Yuqorida yozilgan qabilalardan boshqa yana har tomondan ko‘plab elchilar kelishgan edi. 
Rasulullohning husni xulqlarini ko‘rib, rozi bo‘lmagan hech kim qolmagan edi. 
Arabistonning har tomonlaridan kelgan elchilar ersa Islom dinining asoslarini o‘rgangach, 
Rasulullohdan hadyalar olib, o‘z yurtlariga qaytur edilar. Mana shu kelgan elchilar orqali 
butun Arabiston tuprog‘ida tezdan Islom dini tarqala boshladi. 
Yuqorigi Sudo qabilasidan alarning Islom dinini qabul qilishlariga sababchi bo‘lgan Ziyod 
ibn Horis degan kishi edi. O‘z yeriga qaytar chog‘ida: 
— Yo Rasulalloh, bizning joyimizda bir qudug‘imiz bordur. Qish mavsumi kelishi bilan 
uning suvi ko‘payib barchamizga yetadur. Yozga chiqib kunlar isigach, ozayib 
qolganlikdan, ichishga suvimiz yetishmay atrofga tarqalib keturmiz. Musulmonchilik 
yangidan kirgan joylarda biz uchun bu ish xatarlikdur. Duo qiling, Alloh taolo bu 
qudug‘imizning suvini mo‘l qilib, barakot bergay, — dedi. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
308
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yerdan yetti dona mayda tosh oldilar. Ularni 
kaftlarida uqalab turib, so‘ngra ani Ziyodga berdilar va: 
— Har biriga «Bismillah» aytib, ul quduqqa tashlagil, — dedilar. 
Borgandan keyin Rasululloh aytganlaridek qildi ersa, u quduq suvi qishin-yozin mo‘l 
bo‘lib, butun qabilaga yetib oshar bo‘ldi. Sollallohu alayhi vasallam. 
NAXA’ QABILASINING ELCHILARI 
Naxa’ qabilasi Yaman viloyatida yashaydigan katta bir qabiladur. Arabistonda 
Rasulullohga kelgan elchilarning eng so‘ngisi edilar. Bular kelmasdan ilgari 
Rasulullohning elchilari Mu’oz ibn Jabal Payg‘ambarimizning nomalarini topshirib, ularni 
dinga da’vat qilmish edi. Butun qabila u kishi qo‘lida musulmon bo‘lgan edi. So‘ngra 
boshliqlaridan ikki yuz kishini elchi qilib, Rasululloh oldilariga yubordilar. Rasululloh bilan 
ko‘rishgach, ular ichida Zurora ibn Amr degan bir kishi: 
— Yo Rasulalloh, men ersam shu yo‘li safarimda kelayotib bir tush ko‘rib, undan ko‘p 
taajjubda qoldim, — dedi. 
Rasululloh: 
— Nima ko‘rding? — deb so‘radilar. 
Ul aytdi: 
— O‘zimni qabila ichida bir urg‘ochi eshakni minib turganimni ko‘rdim. Shu chog‘da ul 
eshak tug‘di, qarasam bir ola echkining bolasini tug‘ibdur. Eshakdan echki bolasi 
tug‘ilganini ko‘rib, hayron qolib turdim, — dedi. 
Anda Rasululloh: 
— Uyingdagi xizmatchi cho‘ri xotin sendan bo‘g‘oz bo‘lmishdur. Ul esa o‘g‘il tug‘mishdur, 
sening o‘z bolangdur, — dedilar. 
Ul aytdi: 
— Yo Rasulalloh, nechuk ola bo‘lur? 
Rasululloh sekingina uning qulog‘iga: 
— Sen yashirib yurgan tanangda olang bordur, u narsa bolangda ko‘rilmishdur, — 
dedilar. 
Anda ul: 
— Ulug‘ Alloh nomi bilan qasam qilurmankim, sen Allohning ulug‘ Payg‘ambari 
ermishsan. Mendagi bu sirni hech kim bilgani yo‘q edi, senga Alloh bildirmishdur, — 
dedi. 
Elchilar haqida yozgan so‘zlarimizning eng oxiri shu yerga yetdi. 
O‘qituvchi mo’minlarga yetarlik bo‘lg‘anlikdan qolganlarini ham qoldirmay yozmoqni ko‘p 
lozim topmadim. Boshqalarini ham yozib, bu maqsad ustida kitobimni eng oxiriga 
yetkizmagim uchun, ey ulug‘ Tangrim, ojiz qulingga o‘zing madad bergaysan, omin. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
309
RASULULLOHNING MO'JIZALARI 
 
RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING MO’JIZALARI 
Dastlab «mo‘jiza» degan so‘zni o‘qiguvchilarga tushuntirib o‘tamiz. Aning uchunkim, so‘z 
qilishdan maqsad tushuntirmakdur. Kitob o‘qimoqdan maqsad uning ma’nosini bilib, 
ma’lumot olmoqdur. Alloh taolo o‘z ulug‘ qudrati bilan barcha olamni yaratdi. Ya’ni, 
burun hech nimarsa yo‘q edi, yo‘qdan bor qildi. Sonsiz olam ichida odamni yaratdi. 
Olam yaratmoqning hikmati odam yaratish edi. Odam yaratishdan maqsadi o‘zini 
tanitish, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish edi. Shuning uchun Alloh taolo, bir rivoyatda 
aytilishicha, bir yuz yigirma to‘rt ming, ikkinchi rivoyatda aytilishicha, ikki yuz yigirma 
to‘rt ming Payg‘ambarlarni insonlarga elchi qilib yubordi. 
Endi o‘ylab qarasak, har bir kishiga ochiq ma’lumdirkim, bir podsho yoki bir hukumat bir 
kishini o‘z tomonidan xizmat uchun bir yoqqa yubormoqchi bo‘lsa, qoida-qonun 
shuldurkim, albatta, uning qo‘liga boshqalar ishongudek qilib tamg‘alarni bostirib, hujjat 
xatini berurlar. Mana shunga o‘xshash ulug‘ qudratli Alloh taolo o‘zi yuborgan 
Payg‘ambarlarini haqliklariga hujjat bo‘lishi uchun ularning har birlariga har turlik 
mo’jizalar bermishdur. Agar bundoq bo‘lmagan taqdirda Xudo tarafidan kelgan 
Payg‘ambarlar o‘z qavmlari oldida xijolatga qolurlar edi. Agar alar kelib qavmlariga: 
— Sizlarni oy va kun, yulduz va yerlarni yaratguvchi Tangringiz tomonidan yalovchi 
bo‘lib keldim. O‘z so‘zini sizlarga yetkuzmak uchun meni yubordi, — desalar, 
— Bu so‘zingga hujjating bormi? — deb kishilar undan so‘rasa, nima ayturlar? Dalilsiz 
quruq so‘z hech o‘rinda qabul qilinmas. Mana shuning uchun mo‘jiza ko‘rsatmagan 
payg‘ambar dunyoda yo‘qdur. Hech bir payg‘ambarni Xudo mo’jizasiz yubormagandir. 
Otamiz Odamdan boshlab Muhammad Payg‘ambarimiz zamonlariga kelgunga qadar 
necha yuz ming payg‘ambarlar o‘tgan bo‘lsalar, hammalarining Xudo tomonidan berilgan 
mo’jizalari bordur. Lekin bizning Payg‘ambarimizning mo’jizalari o‘tgan Payg‘ambarlarga 
qaraganda yana ham ko‘proqdur. 
Ulug‘ allomalardan ba’zilari Qur’ondan boshqa Rasulullohning mo’jizalari uch mingdan 
ortiqroq, deydilar. 
Ammo Rasulullohga berilgan mo’jizalarning ichida eng ulug‘i ushbu Qur’ondur va uning 
mo’jizaligini bilmak uchun uch yo‘l bordur. 
Birinchisi — bizning Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummiydurlar. 
Ya’ni, onadan tug‘ilganlaricha o‘qimagan, madrasa yuzini ko‘rmagan, qalam tutib xat 
yozmagan bir kishidurlar. Mundoq kishiga Qur’onga o‘xshash fasohat va balog‘atda eng 
oliy sifatga ega bo‘lgan bir ulug‘ kitobni o‘z ko‘nglidan chiqazib yozmoq hech qachon 
mumkin emasdur. Qalam tutmagan, harf tanimagan kishi kitob yozish buyon tursin, o‘z 
otini ham yozolmaydi. Bu ish ersa oqillar oldida ochiq haqiqatdur. Endi ish shundoq 
bo‘lgach, Rasululloh bu ulug‘ Qur’on kitobini qaydin keltirdilar? Albatta, shaksiz bu kitob 
Payg‘ambarimizga Allohdan kelgandur. 
Jabroil nomli farishta Allohning amri bilan o‘ttiz pora Qur’onni yigirma uch yil ichida 
Payg‘ambarimizga keltirib tamomladi. Hojat tushgan vaqtda bir sura-yarim sura, besh-
o‘n oyatlab tushirib turdi. 
Ikkinchisi shuldurkim, Payg‘ambarimiz tug‘ilib, Qur’on yer ustiga tushgunchalik arablar 
til to‘g‘risida, so‘z darajasida shundayin rivoj topgan edilarkim, chechanlik, shoirlikning 
eng yuqori maqomiga yetgan edilar. Qur’on tushgan kunlarda arablar ichida o‘qimagan, 
yozmagan tug‘asa shoir, xatiblardan necha minglab topilur edi. Mana shundoq chog‘da 
Payg‘ambarimiz Xudo tarafidan bu ulug‘ mansabga tayin topdilar. Ya’ni, Payg‘ambarimiz 
qirq yoshga yetganlarida butun dunyo xalqiga Allohni tanitib, ularni Islom diniga da’vat 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling