Tarixi muhammadiy
Download 5.12 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- ZIMOM IBN SA’LABA VOQEASI
- BANI HANIFA QABILASINING ELCHILARI
- ADIY IBN HOTAM (HOTIM) QISSASI
www.ziyouz.com kutubxonasi 288 kelishi kerakdur. Lekin u baxtli kunlarga kim yetgay, kim yetmagay. U kunlarni ko‘rgan baxtli mo’minlar, ko‘rolmay o‘lgan g‘arib mo’minlarni duoda yod qilgaylar. Tarix hijratning bir ming ikki yuz yilligida vafot topgan hadis olimlarining ustozlaridan Imom Shavkoniy Iso alayhissalomning osmondan tushishlari, imom Mahdiyning xuruji, Dajjolning chiqishi— shu uch voqea ustida bir kitob yozmishdur. Shularning chiqishlarini isbotlab ellik hadis Mahdiy oxirzamon haqida, yigirma to‘qqiz hadis Hazrati Iso haqlarida, yuz hadis Dajjol mal’un haqida shu kitobda keltirmishdur. Bu hadislarning qaysi birlari gumonlik bo‘lsa ham, ko‘pchiligiga qaralsa, bu voqealarning bo‘lishiga shak qilish musulmon kishilarga to‘g‘ri emasdur. Men bu kitobimni Payg‘ambarimiz aytgan, qiyomatgacha iymondan ajralmaydigan mo’minlar uchun yozganligimdan bu o‘rinda ochiqroq qilib gapirdim. Shundog‘ bo‘lsa ham, yana, ko‘p so‘zlarim qalamga kelmasdan ko‘nglimning bir chetida yashiringanicha qoldi. Inshaalloh, ularni ham vaqti kelgach, ko‘ngil zindonidan qalam maydoniga chiqazib, tilakdosh do‘stlarimiz, vatan bolalarimiz uchun esdalik qo‘llanma qilib qoldirish vijdoniy vazifadur. Yana o‘z so‘zimizga qaytdik. Shundog‘ bo‘lib, bu ulushsizlar Madinadan o‘z yurtiga qaytib ketayotganlarida Omir ibn Tufaylning bo‘g‘zida yong‘oqdek bir dona bez paydo bo‘lib, katta bo‘lgani turdi. Buning og‘rig‘iga chidayolmay, yo‘l ustida ko‘ringan bir chodirga kirib tushdi. Bu ersa Saluliy qabilasidan bir kambag‘al tul kampirning chodiri edi. Bu uyda bir necha kun betob bo‘lib yotdi. O‘zini butun arablarning sayidi hisoblagan kishi mundog‘ o‘rinda og‘rib yotmoqlik bek og‘ir edi. Chunki arablar oldida Saluliy qabilasi ersa eng olchoq, past qabiladan sanalur edi. Shulardan bo‘lgan bir qalloj kampir uyida yotib o‘lishni o‘ziga qattiq or ko‘rdi. Otimni keltiringlar, deb yo‘ldoshlariga buyurdi. Alar keltirishgach shijoat bilan otiga minib nayzasini qo‘liga oldi: — Ey o‘lim, ko‘zimga ko‘rinsang eding, sen bilan urishur edim, — deb jon achchig‘ida u yon-bu yon ot chopib, suron solib hayqirdi, oxiri ot ustida joni chiqib yerga yiqildi. Uning o‘ligini yo‘lda qoldirib, qolgan ikki yo‘ldoshi o‘z yurtiga yetib borishdi. Qabila kishilari Arbadni ko‘rgach, andin: — Ey Arbad, ish nima bo‘ldi? Muhammad so‘zini bizga aytgin, ahvol qanday? — deb undan so‘radilar. Anda ul: — Aytgudek hech gap yo‘qdur. Bordik, keldik, o‘rtada ovora bo‘lganimiz qoldi. Uning aytgan xudosini ko‘rar bo‘lsam, o‘q otib o‘ldirar edim, — dedi. Arbad bu so‘zni qilgach, bir kundan so‘ngra tuyasini minib dalaga chiqdi. Kun ochiq, osmonda bir parcha ham bulut yo‘q edi. Shu orada qars-qurs qilib ochiq havodan yashin tushib har ikkovini halok qildi. Bu voqeadin so‘ng butun qabila iymon keltirishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabilaning iymoniga, Omir ibn Tufaylning halok bo‘lishiga duo qilgan edilar. Har ikkovining haqiga qilg‘on duolari qabul bo‘ldi. Arbad ibn Qays ersa, til adabsizligidan o‘ziga loyiq jazoni topdi. ZIMOM IBN SA’LABA VOQEASI Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan Madina masjidida o‘ltirgan edilar. Shu orada sahro badaviylaridan sochlari xurpaygan bir kishi kelib masjid oldida to‘xtadi va tuyasini cho‘ktirdi. Uning tovushi g‘o‘ng‘irlab chiqib tursa ham, nima degani tushuniksiz edi. U masjidga kirdi va: — Abdulmuttalib o‘g‘li Muhammad qimdur? — deb so‘radi. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 289 Sahobalar Rasulullohni ko‘rsatdilar ersa, yaqin kelib o‘ltirdi. So‘ngra: — Ey Muhammad, men sendin bir necha so‘z so‘ramoqchidurman, so‘zimni suyakka yetkizib qattiqlik bilan so‘rayman, yana ko‘nglingga og‘ir olmagil, — dedi. Rasululloh: — Nima xohlasang, shuni so‘ragil, — dedilar. — Xudoning haqqi seni barcha insonlarga Payg‘ambar qilib Alloh yubordimi? — dedi. Rasululloh: — Shundoqdir, meni Alloh taolo butun insonlarga Payg‘ambar qilib yubordi, — dedilar. Yana ul aytdi: — Alloh haqqi, bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz o‘qimoqqa Alloh buyurdimi? Rasululloh: — Albatta shundoqdur, Alloh buyurdi, — dedilar. — Yana ul Alloh haqqi-hurmati bilan so‘rayman, zakot bermakni, bir yilda bir oy ro‘za tutmakni va haj qilmoqni Alloh buyurdimi, — dedi ul. — Ha, Alloh buyurdi, — dedilar Rasululloh. So‘ngra u kishi darhol Rasulullohga iymon keltirib: — Sening Payg‘ambarligingga ishondim, La ilaha illallohu Muhammadur rasululloh, — dedi-da, tashqariga chiqdi. Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — Bu kishi ersa ongli ravishda iymon keltirdi, Islom dinini aniqlab yaxshi tanidi, — dedilar. So‘ngra bu kishi Rasulullohdan ruxsat olib o‘z qavmiga borib, ularni dinga undadi. Buning yo‘lboshchiligida ulug‘ bir qabila dinga kirdilar. ABDULQAYS ELCHILARI Abdulqays qabilasidan kelgan elchilarning soni o‘n olti kishidan iborat edi. Bular ichida Jorud nomli bir kishi bo‘lib, nasoro dinida edi. Tavrot, Injil o‘qib Rasulullohning sifatlarini ko‘rmish edi. Bu elchilar kelmasidan burun Rasululloh bulardan xabar bergan edilar. Shundoqkim, bir kuni sahobalar bilan Madina masjidida o‘ltirgan chog‘larida shunday marhamat qildilar: — Mana shu hozirda shu tomondan bir qancha tuya mingan kishilar chiqqaylar. Bular esa sharqdan kelgan kishilarning eng yaxshilaridur. Dinga kirmakka majbur emaslar, haqiqatni izlab yiroq yo‘ldan kelurlar. Ot-ulovlari oriqlamish, oziq-ovqatlari tovsilmishdur. Ular esa Abdulqays qabilasining elchilaridurlar. Ey bor Xudoyo, bu qabilani mag‘firat qil,— deb duo qildilar. So‘ngra xiyol o‘tmasdan Rasululloh aytgan tomonlaridan bir qancha kishilar ko‘rina boshladi. Rasulullohga ko‘zlari tushishi bilan o‘zlarini tuyadan tashlab yugurishdilar. Rasulullohni qo‘l va oyoqlariga yuz-ko‘zlarini surtishib, yig‘lashgan holda ko‘rishdilar. Bular ichida Abdulloh ibn Avf ismli bir kishi bor edi. Barchalaridan ul yoshroq bo‘lsa ham, ularning raislari edi. Yo‘ldoshlaridan ajrab qolib, shoshilmay tuyasidan tushib uni cho‘ktirdi. So‘ngra xurjunidan ikki dona oq libos olib kiydi. Bu ishlarni Rasululloh yiroqdan ko‘rib turdilar. So‘ngra o‘z yurishida, boshqalardek yugurmay, to‘g‘ri yurib kelib Rasululloh bilan ko‘rishdi. Qutlug‘ qo‘llarini o‘pib, yuz-ko‘zlariga surtdi. Abdulloh o‘zi xunuk yuzli, ko‘rimsiz, kishi edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga uzoqroq qarab qoldilar. Anda ul: — Yo Rasulalloh, inson terisi osh ichgudek idish bo‘lmas, insonning qiymati ersa, ikki kichik narsasi bilan bo‘lur. Birisi, tili, ikkinchisi aning dilidur,— deb aytdi. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 290 Rasululloh buning so‘zini yoqtirib: — Ey Abdulloh, Xudo va uning Payg‘ambari yaxshi ko‘radigan ikki xislatning senda borligini ko‘rdim. Birinchisi, yumshoqlik ersa, ikkinchisi, shoshilmaslikdur. Bu ikki fe’lni Alloh yaxshi ko‘rgay, — dedilar. Anda u: — Yo Rasulalloh, bu xulq ersa o‘zimdan bo‘ldimi, yoki menda Alloh yaratganmidur? — dedi. Anda Rasululloh aytdilar: — Dastlab yaratilishingda bu xulqni Alloh sen bilan birga yaratmishdur. — Xudo va Payg‘ambar yaxshi ko‘rgan ikki xulqni menda yaratgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin, — deb tashakkur qildi. Endi yuqorida aytilishicha, nasoro dinini tutgan, Tavrot va Injilda Rasululloh sifatlarini o‘qib, o‘zlarini ko‘rishga mushtoq bo‘lib yurgan Jorud bular bilan birga kelgan edi. O‘zining yaqin yo‘ldoshi Salama ibn Iyoz degan kishiga bir kuni shunday so‘z aytgan edi: — Ey Salama, Makka shahrida bir yigit payg‘ambarlik davo qilib chiqmishdur. Oxirzamon Payg‘ambari chiqdi. Iso alayhissalomning qilgan vasiyatlarini Tavrot, Injilda o‘qib ko‘rgan edim. Shu kishi bo‘lg‘aymu, deb gumon qilurman. Bani Qays elchilari bilan uning qoshiga boraylik, hozirdan har ikkovimiz o‘z ko‘nglimizda uch narsani yashiraylik, ularni ersa har qaysimiz o‘zimiz bilaylik, bir-birlarimizga ham aytmaylik. Agar ul kishi shu ko‘nglimizga yashiringan narsalarni to‘g‘ri topdi ersa, Alloh otig‘a ont qilurmankim, Iso Payg‘ambar bashorat bergan oxirzamon payg‘ambari aniq shu bo‘lur. Anda alar ikkovi ham elchilar bilan birgalikda Rasululloh oldilariga kirishdi. Anda Jorud: — Ey Muhammad, sen Allohdan qanday din keltirding, nima ishlar qilmoqqa seni buyurdi? — dedi. Anda Rasululloh: — Allohdan Islom dinini kelturdim, bu dinning asosi ersa besh nimarsadur: birinchisi, barcha olamni yaratguvchi yolg‘iz bir Allohdur deb inonmoq; ikkinchisi, har kuni besh vaqt namoz o‘tamoq; uchinchisi, boy kishilar chog‘aylarga zakot bermoq; to‘rtinchisi, har yili bir oy ro‘za tutmoq; beshinchisi, qudrati yetsa umr ichida bir qatim haj qilmoqdur, — dedilar. Yana Jorud: — Ey Muhammad, aniq Alloh yuborgan Payg‘ambar bo‘lsang, ko‘nglimizdagi yashirgan so‘zlarimizdan xabar bergil, — dedi. Rasululloh uyqu bosgandek bo‘lib, ko‘zlarini yumib ochdilar. Shu orada vahiy tushib, muborak manglaylaridan ter oqa boshladi. Boshlarini ko‘targach, Jorudga qarab: — Sen ko‘nglingda uch ishni so‘ramoqchi bo‘lding. Birinchisi, Islom kelmasdan ilgari arablar orasida qonlar to‘kilib, ularning o‘z vaqtida qasosi qaytarilmagan bo‘lsa, uning hukmi Islom shariatida qandoq bo‘lur ekan? Ikkinchisi, johiliyat davrida saqlanib kelgan qabilalar orasida ichilgan qasamlar Islomiyatda ham saqlanarmu? Uchinchisi, qaysi sadaqaning savobi ortiqroqdur? Bularning javoblari shuldurki, johiliyat qonlari islomiyatda so‘ralmag‘ay, ularning qasosi qaytarilmagay. Johiliyatda ichilgan qasamlar islomiyatda marduddur. Musulmonlar orasida birlik saqlash uchun islomiyat o‘zi qasamdur. Sadaqalarning eng yaxshirog‘i muhtoj kishilarga ko‘luk (ot, ho‘kiz, arava shunga o‘xshash narsalar) kuchini bermakdur yoki erta-kech sog‘ib ichgudek hayvonlar sutini sadaqa qilmoqdur, — dedilar. Rasululloh uning ikkinchi yo‘ldoshiga qarab: — Salama, sening ko‘nglingda yashirgan uch narsa shulardur: birinchisi, butlarga ibodat qilmoq to‘g‘risida; ikkinchisi, sabosab kunining hurmati xususinda; uchinchisi, asl va Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 291 zotsiz kishilarning huquq va qasosda farqlari haqida so‘ramakchisan. Mana shularni ko‘nglingda yashirding, — dedilar. Buning javobi ersa, butlarni va ularga topingan kishilarni Alloh taolo tamug‘ o‘tida kuydirgay. Sabosab kunlari ersa johiliyat davridagi hurmatli bayram kunlari bo‘lib, uning o‘rniga islomiyatda Alloh taolo Qadr kechasini ato qildi. Bu tunning qadri ersa, Xudo oldida ming oydan ortiqroq erur. Shu bir kecha toat-ibodat qilgan kishilar ming oylik toat-ibodat qilganining savobini topgaylar. Ramazon oyining eng keyingi o‘n kunidan boshlab, uni talab qilinglar. Qadr kechasining belgisi — tuni yorug‘ bo‘lib, boshqa kechalardek ortiqcha qorong‘u bo‘lmagay. Ul kechada bo‘ron-chopqun bo‘lmagay, ul tuni tong otguncha tinchlik-omonchilik bo‘lgay. Quyosh chiqar chog‘da shu kuni boshqa kunlardek yaltirab chiqmasdin xiraroq bo‘lib chiqqay. Asl kishilar bilan zotsiz kishilarning islomiyat oldida farqlari yo‘qdur. Har bir huquqda barobardurlar. Agar bir asl odam zotsiz odamni o‘ldirar bo‘lsa, uni qasos qilib o‘ldurmak lozimdur. Ammo Xudo oldida ersa insonlarning farqlari bordur. Kimning taqvosi ko‘p ersa, Alloh oldida uning darajasi ulug‘dur. «Inna akramakum indallohi atkakum» oyati karimasining mazmuni ham shuldir, — dedilar. Bu mo’jizani ko‘rgach, darhol ul ikki odam iymon keltirdilar. Buni ko‘rishib, Abdulqaysdan kelgan barcha elchilar ham iymon keltirishdilar. So‘ngra ulardan bir kishi turib: — Yo Rasulalloh, bizni yerlarimizning havosi og‘irdur. Osh-suvlarimiz singishlik emas, uzum-xurmolardan yasalgan ichimlik sharoblarimiz bo‘lur, shulardan bir kosa-yarim kosa ichib yurmakka ruxsat qilurmisiz, — deb so‘radi. Anda Rasululloh aytdilar: — O‘zingiz bilursizkim, hech kim bu narsadan oz ichmakka qanoat qilmagay, ko‘p ichib esirgandin (mastlikdan) so‘ngra aqli qochib, qilich sug‘urib o‘z yo‘ldoshining oyog‘iga urgay. Uning zahmidan bir kishi umr bo‘yincha oqsoq bo‘lib qolgay. Rasulullohdan bu so‘zni anglashlari bilan barchalari birdaniga kulishib yuborishdilar. Rasululloh ulardan: — Nega kuldinglar? — deb so‘radilar ersa: — Siz aytgan voqea o‘z ichimizda mana shu kishi ustida bo‘lib o‘tgandur, — deyishib, cho‘loq bir kishini ko‘rsatdilar. — Guvohlik berurmizkim, Alloh yuborgan aniq payg‘ambar ekansiz. Aroq ichmasga va’da berurmiz, — deyishdi. So‘ngra Rasulullohdan ruxsat olib o‘z yurtlariga qaytishdilar. BANI HANIFA QABILASINING ELCHILARI Bani Hanifa qabilasidan kelgan elchilar ichida Musaylama nomli bir kishi bor edi. Bular Madinaga kelgach, Rasululloh bilan ko‘rishgani keldilar. Ular ichida Musaylama o‘zi kelmasdan qo‘shxonada ajrab qoldi. Alar Rasulullohni ko‘rgach, dillari ochilib iymon kelturdilar, ammo Musaylama kazzob (yolg‘onchi) kelmasdan ilgari shunday aytur edi: «Muhammad meni o‘z Payg‘ambarligiga sherik qilur ersa, unga tobe bo‘lurman. Yo‘q ersa, unga iymon keltirmagayman». Ul o‘zi kelmagach, Rasululloh uning ila ko‘rishgani keldilar. Qo‘llarida tutgan bir xurmo butog‘i bor edi, anga qarab: — Ey Musaylama, agar iymon kelturmasang, senga shu xurmo shohini ham bermagayman, — dedilar. So‘ngra yo‘ldoshlari Sobit ibn Qaysga qarab aytdilarkim: — Bir kuni uyqumda Alloh taolo yer usti xazinalarini menga ko‘rsatdi. Shu chog‘da Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 292 qo‘limga solingan ikki oltin bilaguzuk ko‘rdim. Mundan xafalik paydo bo‘lib, dilimga tashvish tushdi. Shul holda menga ilhom bo‘ldi. Bu narsalarni pullab yuborgin, mundan qutilursen. Pulladim ersam, ikki qo‘limga solingan oltin bilaguzuklar g‘oyib bo‘ldi. Shu ko‘rgan tushimning yo‘rimi shuldurki, mendan keyin ko‘p o‘tmayoq ummatlarim ichidan ikki yolg‘onchi payg‘ambar chiqqay. Rasululloh aytganlaridek, u ikki yolg‘onchining birisi shu Musaylama kazzob edi. Bu ersa Yamomadan chiqdi. Ikkinchisi, Tulayha San’o-Yamandan xuruj qildi. Bir necha yil ilgari ko‘rgan tushlari ersa bu ikki kazzobga to‘g‘ri keldi. TAY QABILASI ELCHILARI Tay qabilasi elchilarning raislari ersa Zaydulhayl degan kishi edi. Shoirlik, xatiblik, juvonmardlik, shunga o‘xshash fazl-sharaflar bilan arablar ichida atog‘i chiqqan edi. Shuning uchun buning haqida Rasululloh aytdilar: — Ko‘rishmasdan ilgari maqtalgan ko‘p odamlarni ko‘rdim, maqtalganlaridek chiqmadilar. Ammo Zaydulhayl ersa maqtalgandan ortiqroq chiqdi. So‘ngra Rasululloh aning qo‘lini tutib: — Oting nimadur? — deganlarida ul: — Otim Zaydulhayl. Ashhadu alla ilaha illallohu va annaka abduhu va rasuluh, — deb darhol iymon keltirdi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — Ey Zaydulhayl, oting Zaydulhayr bo‘lsin, — dedilar. Boshqa elchilarga besh uqiya (bir uqiya — qirq misqol) kumushdan in’om qildilar ersa, bu Zaydulhayrga o‘n ikki uqiya kumush sovrun berdilar va o‘zi xohlagan joydan o‘z mulki uchun yer kesib olmoqqa Rasulullohdan xat oldi. Lekin umri unga vafo qilmay, shu yo‘lda ketayotib vafot topdi. ADIY IBN HOTAM (HOTIM) QISSASI Adiy ibn Hotam butun dunyoga nomi chiqqan mashhur Hotam Toyning o‘g‘lidur. Hotam Toy o‘zi Rasululloh zamonlarida tirik bo‘lgan bo‘lsa ham Payg‘ambarlik davriga yetmasdan vafot topdi. O‘zidan keyin uning o‘g‘li Adiyni otasi o‘rniga qabila raisi qildilar. Arablar ichida atog‘lik katta raislardan sanalur edi. Toy qabilasi butparastlardan bo‘lsa ham, Adiy oilasi bilan nasoro diniga kirmish edi. Boshqa qabilalar kabi Madinaga elchi yuborib, Rasululloh bilan ko‘rishmakni ham tilamadi. Balki Rasulullohga qarshi ko‘nglida qattiq adovat saqladi. Lekin u kunlarda butun arablar Yo o‘zlari, Yo elchi orqalik iymon keltirib itoatga kelganliklarini ko‘rar edi. So‘nggi kunlarda o‘z oldiga mundoq yashab turolmasligi bildi. Islom haybatiga qarshi turolmasligini tushundi. Bir kun bo‘lmasa, bir kuni Islom askari kelib bosib qolmasin deb o‘ziga eng yaqin ishonchlik kishisini chaqirib atrofiga yuguruk ot, yelmayon tuyalardan safarga yaragudek birmunchasini tayyorlab qo‘yishini buyurdi. Yo‘l-yo‘lga qorovullar qo‘yib, soqlik bilan kutishib turdilar. Shu orada Hazrati Ali boshliq bir bo‘luk Islom askari kelayotgan xabari unga anglandi. Har joyga qo‘ygan qorovullaridan birisi: — Ey Adiy, Muhammad askarining qorovullari yerimizga yetib keldi, — dedi. Darhol hozirlangan ot-tuyalarni keltirib, Shom tarafiga qarab qochdilar. Qocholmay qolganlari ersa askar bosqiniga qolib, asir olindilar. Bular ichida Hotam Toyning bir qizi ham asir tushgan edi. Asirlar Madinaga keltirilgandan so‘ngra u qizning ko‘zi Rasulullohga tushdi. Qilg‘on ishlarini ko‘rib, otasi Hotamni eslab: — Yo Rasulalloh, men ersam saxovatda olamga nomi chiqqan Hotam Toyning qizi Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 293 erurman. Eshitgandursiz, otam Hotam Toy muruvvat sohibi erdi. Ochlarni to‘yg‘izur, yalang‘ochlarni kiyguzur, yayov qolganlarni mingizur edi. Mazlumlarni zolimlardan qutqazur edi. U ersa hojatlik kishilarni hech quruq qaytarmagan edi. Mana shundoq kishining qizi erdim, — dedi. Anda Rasululloh: — Otangning bu qilg‘on ishlari ersa chin mo’minlar axloqi erur, Alloh suygan sifatlardur. Bunday ulug‘ axloq egasi bo‘lgan kishining qizi ekan, asirlikda yotmasin, — deb darhol ani bo‘shatmoqqa buyurdilar. Bosh-oyoq kiyintirib, yaxshi tuyaga mindirib, o‘z eliga qaytmoqqa ruxsat qildilar. Rasulullohdan bu yaxshilikni ko‘rgandan keyin darhol shahodat aytib, iymon keltirdi va akasi Adiy ibn Hotamni Islom diniga dalolat qilmoq uchun Shom shahriga qarab yo‘lga tushdi. Bir necha kun yo‘l yurib, akasi turgan yerga yaqin yetdi. Bular ersa ko‘chmanchi erdilar, chodir oldida o‘ltirgan Adiy yiroqdan kelayotgan tuya mingan bir kishining qorasini ko‘rdi. Sinchiklab qarab turdi va bu kelayotgan Hotam qizi Safona bo‘lg‘ay, dedi. Yaqinlashib keldi ersa ko‘rdilarkim, Hotam qizi Safona emishdur. Quchoqlashib yig‘lashib ko‘rishdilar. So‘ngra og‘asi Adiyga boqib: — Ey rahmsiz, zolim qarindoshim! O‘z oilang bilan qochib qutulding. Otang Hotam oilasini dushman qo‘lida asoratga qoldirding, — dedi. Adiy bu so‘zdin qattiq uyalib: — Uzr aytmoqqa tilim yo‘qdur, aytgan so‘zlaringning hammasi to‘g‘ridur. Kel endi, mundan ortiq meni uyaltirib xijolat qilma, — dedi. Har ikkovi nari-beri aytishib bo‘lgandan keyin qarindoshlik arazlari tarqaldi. So‘ngra o‘zaro kengashib so‘zlashgali turdilar. Og‘asi Adiy ersa, o‘zi to‘g‘risida Safonadan maslahat so‘radi. Bul xotun ochiq ko‘ngillik, har ishga kengash bergudek xotun bo‘lub, anga shunday so‘z qildi: — Endigi maslahat shuldurkim, bu ishga keyin qolmay tezlik bilan borib, bu kishiga iymon keltirgil. Agar u kishi Payg‘ambar bo‘lsa, aning diniga ilgariroq kirgan bo‘lursan. Agar podsho bo‘lsa boshqalardan oldinroq borganing yana yaxshiroqdur, — dedi. Adiyga ham shu so‘z ma’qul bo‘ldi. Shu bilan ikkovlashib yo‘lga chiqishdilar. Besh-o‘n kun yurib Madinaga keldilar. Shu chog‘da Rasululloh masjidda o‘ltirgan edilar. To‘g‘ri kelib ul zotga salom qildi. — Bu kishi kim bo‘lur? — deb so‘radilar. — Hotam o‘g‘li Adiy erurman, — dedi. Rasululloh o‘rinlaridan turib kelib u bilan ko‘rishgandan so‘ngra, uylariga qarab boshladilar. Yo‘lda ketayotganlarida bir kambag‘al kampir xotin yo‘l ustida Rasulullohni to‘xtatib o‘z hojatidan ancha uzoq gapirdi. Kampir so‘zini tamom qilguncha quloq solib turdilar. Buni ko‘rib Adiy hayron qolib: — Bu kishi ersa podsho bo‘lmasa kerak, — dedi. So‘ngra Rasululloh Adiyni boshlab qutlug‘ uylariga kirdilar, ichiga xurmo qobig‘i solingan bir to‘shaklari bor edi. Uni Adiyga taqdim qilib: — Ustiga o‘ltirgil, — dedilar. Anda ul: — Siz o‘ltiring, — dedi. — Yo‘q, sen o‘ltir, — deb o‘zlari quruq yer ustiga o‘ltirdilar. Buni ko‘rgach, Adiy aytdi: — Qasam qilurmankim, bu kishi podsho emasdur, bu ish payg‘ambarlar axloqi erur. So‘ngra Rasululloh: — Ey Adiy, Islom diniga kirgil, ikki dunyoda salomat bo‘lursan, — dedilar. Anda ul: — Men ersam nasroniyat dinida erurman, mening tutgan dinim bordur, — dedi. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 294 Rasululloh aytdilar: — Men sening tutgan diningni sendan yaxshiroq bilurman. O‘zingga qaram bo‘lgan qabilalardan marba’ solig‘ini olursan, buni olmoq sening diningda haromdur. Adiy buni eshitgach: — Agar bu kishi payg‘ambar bo‘lmasa, bu din hukmini qaydan bilur edi? — deb ko‘ngli Islomga moyil bo‘ldi. Shularni o‘ylab turganida yana Rasululloh aytdilar: — Ey Adiy, ko‘rursanki, bu dinga kirguvchilar ko‘proq faqir kishilardur. O‘zlari ozchilikda bo‘lib ham kuchsizdurlar, dushmanlari ersa ko‘pchilikda bo‘lib, ham qurol kuchiga egadurlar. Shu ishlar iymon kelturmakdan seni to‘sdi. Alloh oti bilan qasamyod qilurman, ko‘p uzoq zamon o‘tmasdan turib bular ichida mol shundoq ko‘paygusidir, uni olg‘ani kishi topmagaylar, dunYo xazinalariga ega bo‘lg‘aylar. Hozircha saltanat, hukumat boshqalar qo‘lida turg‘onligi seni qo‘rqitmasin. Yaqin kunlarda ko‘rursan Bobil shahrining oq saroylari, podsholar poytaxtlari alar qo‘lida fath bo‘lg‘ay, Ko‘fa shahridan yo‘ldoshsiz chiqqan yolg‘iz xotun Makkaga kelib Baytullohni ziyorat qilib qaytgay. Yo‘llar tinchlanganlikdan Allohdan o‘zga nimarsadan bu xotunning qo‘rqinchisi bo‘lmagay. Bu so‘zlarni anglagach, Adiy darhol iymon keltirdi. Bu kishi keyin aytur edi: — YOlg‘iz xotun Ko‘fadan xavf-xatarsiz Makkaga kelib, Baytullohni ziyorat qilib qaytganini ko‘rdim. Qasam qilurmankim, qolgan ikkovi ham Rasululloh deganlaridek albatta bo‘lg‘usidur. Bu ikkovi ersa — birinchi, musulmonlar dunYo xazinalariga ega bo‘lishib mollari ko‘payishidur, yana biri, moldan zakot chiqarilsa, uni olgali qalo’ (kambag‘al) kishi topilmagay. Islom boshlangandan beri haligacha bu ishning bo‘lib o‘tganligi ma’lum emas, chunki Islomning eng kuchli davri hisoblangan Hazrati Umar zamonlarida Rum, Eron, Misr xazinalari Madinaga oqib turgan bo‘lsa ham, yana faqir-miskinlar har yerda ko‘p edilar. Biz ko‘rgan hadis kitoblarining hech birida falon zamonda mol ko‘payib, xalq boyib ketganligidan zakot berishga faqir kishi topilmay qoldi degan so‘zni ko‘rgan emasmiz. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytgan bu so‘zlariga qaralsa, albatta, bu ishning oldimizda bo‘lishi kerakdur. Endi qachon Mahdiy oxirzamon kelsalar, Iso payg‘ambar osmondan tushsalar, ana shu chog‘da butun dunYo xalqi Islom dinini qabul qilg‘aylar. Bir rivoyatda aytilishicha, qirq yilgacha bularning adolatli hukmlari ostida tinch-rohatda yashagaylar. Shu orqali yer xazinalari yuzaga chiqib, butun xalq boyib ketganlikdan kambag‘al kishi topilmagay. Mana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan so‘zlari shu vaqtda kelgan bo‘lur. Imom Shavqoniy rahmatullohi alayh Hazrati Iso alayhissalomning osmondan tushishlari, imom Mahdiyning xurujlari, Dajjolning chiqishi, bu mal’unni Hazrati Iso o‘ldirishlari — mana shular haqida kelgan hadislarning mazmuni tavoturga yetgandur, dedi. Agar hadis tavotur darajasiga yetdi ersa oyat hukmini olib, unga inkor qilish oyatga inkor qilgandek bo‘lur. Munga qaralsa, yuqorigi ishlar oldimizdagi kunlarda albatta bo‘lg‘usidur, deb ishonish lozimdur. Chunki hadis oyat hukmini olgach, unga gumon qilish mumkin emasdur. Mo’tabar ba’zi hadis kitoblarida qiyomat alomatlarini Rasulullohning aytishlaricha, yuzga yetkazibdurlar. Shu kunlarda ulardan sakson sakkiz kichik alomatlari tamom o‘tib bo‘lmishdur. Qolmishlari ersa o‘n ikki ulug‘ alomatlaridur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — Bularning eng avvali Xuruji Mahdiy bo‘lgay. Qolganlari ham ketma-ket uzilmay kelib tugangach, dunYo umri ham oxiriga yetib tamom bo‘lg‘ay, — dedilar. Sollallohu alayhi vasallam. Download 5.12 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling