Tarixi muhammadiy


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet18/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   59

www.ziyouz.com kutubxonasi 
104
ming tanga pul yuborib, o‘g‘lini asirlikdan qutqazib oldi. 
Yana Payg‘ambarimizning amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib ham Badrda asir 
tushganlardan edi. Qo‘l-bo‘g‘ovi qattiq bog‘langanligidan kechasi ingrab, yota olmadi. 
Buning tovushidan Rasulullohning rahmlari kelib, u kecha uxlamadilar. Sahobalardan 
birovlari: «YO rasulalloh, na uchun uyqungiz bu kecha qochibdur?» deganida, ul zot: 
«Abbosning ingrashini eshitmadingmi, u mening uyqumni qochirdi», dedilar. Buni 
onglagan mo‘minlardan bir kishi tura yugurib, Abbosning bo‘g‘ovini bo‘shatdi. Shu 
qatorda barcha asirlarning ham bo‘g‘ovlarini bo‘shatdilar. So‘ngra Payg‘ambarimiz undin 
ikki kishi uchun fidya moli berishni talab qildilar. Birinchi o‘zi uchun, ikkinchisi, og‘asi 
Abu Tolib o‘g‘li Uqayl uchun edi. Anda Abbos aytdi: «Fidya molini bizdin nechuk 
olg‘aysiz? Biz bu urushga o‘z ixtiyorimizcha kelmadik, ko‘pchilik xalq bizni chiqmoqqa 
majbur qildilar». Anda Rasululloh aytdilar: «Shariat har ishning zohiriga qaraydi, 
ko‘rinishda bizga qarshi turib, dushman safida bo‘lding, shuning uchun fidya moli 
bermasga chorang yo‘qdur». Undan ikki kishilik mol oldilar. Fidya mollarini to‘lab, 
tugatgandin so‘ngra, Abbos Payg‘ambarimizga: «Quraysh eli ichida meni eng faqir qilib 
qo‘yding, burun boy bo‘lsam ham, endi butun umr ichi kambag‘allikda qoldim», dedi. 
Rasululloh aytdilar: «Qaydin kambag‘al bo‘lursan, xotining Ummu Fazlga topshirib 
kelgan moling esingdan chiqdimu? Uyingdan chiqar chog‘da, bu safarda men o‘lib 
ketsam ham umr bo‘yi senga yetarlik mol qoldirdim, demadingmu?» Anda Abbos aytdi: 
«Aniq bilurman va ham bilgan edim, sen Allohning chin payg‘ambaridursan, yo‘q esa 
qaydin bilding, xotinim Ummu Fazldan boshqa hech bir jonga tuyg‘uzmagan 
(bildirmagan) edim», dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, ota bir tuqqan 
qarindoshlari, o‘z amakilari Abbos haqida shunday adolat ila ish ko‘rdilar. Ichi-tashi bilan 
dushmanchilik qilgan boshqa g‘animlardan bu ishda uning hech qandoq farqi bo‘lmadi. 
Yo‘q ersa, Quraysh tomonidan ko‘rsatilgan majburiyat orqalik kelgani Payg‘ambarimizga 
ma’lum edi. Lekin Qur’oni karimning xalqaro tenglik-tekizlik haqida ko‘rsatgan yo‘li, 
mo‘minlarga uning o‘rgatgan adabi shudir. Alloh taolo Qur’onda aytdi: 
«YO ayyuhallaziyna amanuv, kuvnuv qovvamina bil qisti shuhadoa lillahi va lav ala 
anfusikum avil validayni val aqrabiyn». 
Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, har ishda adolatlik bo‘linglar, guvohliklaringiz xolis Alloh uchun 
bo‘lsin, o‘zlaringizga, yoki ota-onalaringizga, yo qavmu qarindoshlaringizga ziyon 
yetkudek bo‘lsa ham adolat yo‘lidan chiqmanglar», demakdur. 
Rasululloh asirlar ichidagi kambag‘allardan fidya mol olmayin, alarni ozod qildilar. Shular 
ichida Quraysh shoirlaridan Abu Izza degan bir kishi bor edi. Bu bo‘lsa, hijratdin ilgari 
Makkada Rasulullohga ko‘p ozorlar yetkuzgan edi. Badr urushida bandi bo‘lib, bu ham 
qo‘lga tushdi. Rasulullohni oldilariga kelib: «Ey Muhammad, yaxshi bilursan, bola-
chaqalarim ko‘p, faqir kishidurman, mendin mol olmay, ozod qilishingni so‘rayman», 
dedi. Anda Rasulullohning unga rahmlari keldi, qilgan gunohlaridan o‘tib, uni bir pul 
chiqimsiz ozod qildilarda: «Lekin shu shart bilankim, bizni yomonlab xalq ichida she’rlar 
aytmagaysan, bizlarga qarshi so‘kish uchun chiqqan qo‘shinga qo‘shilib kelmagaysan», 
dedilar. Ul ham bu shartlarni til uchida qabul qilgan bo‘lib, boshini qutqazib ketdi. 
Makkaga borganida «Muhammaddin qandoq qutilib kelding?» deb so‘raguvchi kishilarga, 
u: «Uni tilim bilan sehrlab, aldab keldim», deb maqtanur edi. Hatto qilgan ahdini buzib, 
musulmonlar haqida burungidan ham buzuqroq she’rlar aytgani turdi. Shu bilan ham 
to‘xtamay, Uhud urushida qatnashgan Quraysh askarlariga qo‘shilib, yana keldi. Lekin 
bu kelishida uni ajal haydab kelgan edi. Qo‘lga tushgandin so‘ngra o‘ziga loyiq jazosini 
berdilar. 
Rasululloh qirq yoshga to‘lganlarida payg‘ambarlik vahiy kelgan edi. O‘ttiz pora Qur’on 
yigirma uch yilda Tangri taolo tomonidan tushib tamom bo‘ldi. Shu muddat ichida 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
105
yetmish to‘rt qatim g‘azot qildilar. Shu g‘azotlarning yigirma yettitasida o‘zlari bosh 
bo‘lib chiqdilar. Qolganlarida bo‘lsa, askarboshi buyurdilar. Rasulullohning barcha qilgan 
g‘azotlari Alloh amri bilan Xudo yo‘lida qilinmish edi. Shuning uchun barcha qilgan 
g‘azotlari eng ulug‘ darajalikdur. Ayniqsa, Badr g‘azoti agar ruhoniy-diniy tarafdin 
boqilur ersa, oliy shon-sharafga egadur. Bu qutlug‘ g‘azot haqida Alloh taolo Qur’onda 
shu oyatni endirdi: 
«Valaqod nasarokumullohu bibadrin va antum azillatun», ya’ni: Ey mo‘minlar, Alloh 
taolo Badr urushida, sizlarga yordam berdi, yo‘q ersa, sizlar har to‘g‘rida kuchsiz 
edinglar». 
Chunki askar soni dushmanlarnikidan uch marotaba oz edi. Ularning urushga yaramlik 
yuzdan ortiq yugurik otlari, yaroq-jabduqlari komil bo‘laturib, yana yengildilar, yo‘q esa 
mo‘minlarda barisi bo‘lib, qari-yosh aralash uch yuz o‘n uch kishi, ikkitagina otlari bor 
edi. Yana Qur’onda aytdi: 
«Vaman nasru illa min indilloh», ya’ni: «Nusrat yolg‘iz Allohdangina bo‘lur». 
Har bir musulmon o‘z ko‘nglida shunday ishonchni chinlik bilan o‘rnatmog‘i kerak, 
bundan so‘ngra butun qurol-yarog‘larni dushmanlarga qarshi qo‘yib, urush asbob-
uskunalarini yuzda-yuz tayyorlash lozimdur. Bundin keyin tavakkalni Allohga qilishdur. 
Allohning amri, Payg‘ambarimizning ko‘rsatgan yo‘llari ummatlariga shuldur, chunki bu 
xayot dunyosi — sabab olamida turlik ishlar bo‘lsa, turlik sabablarga bog‘lanmishdur. 
Hech bir ish sababsiz vujudga kelishi mumkin emasdur. Agar shu olam ichida turib, 
sababsiz bir ish paydo bo‘lur ersa, u payg‘ambar mo’jizasi yoki avliyo karomatidur. Bular 
bo‘lsa, sabab olamining tashqarisida qudrat ishlaridur. Alloh musulmonlarni diniy 
tomondan qadarga iymon keltirib, butun sharoitlari bilan asbob ushlashga buyuradur. 
Kim bo‘lsa bo‘lsin, agar bu ishning sabablarini butunlay to‘lig‘lab, unga kirishar ekan, 
albatta Alloh taolo shu ishni vujudga chiqargusidur. Yer ustida, havo ostida 
yashaydurgan barcha insonlar uzra qo‘yilgan ilohiy qonuni shuldur. Bu qonunga 
bo‘sunmaganlarni boshqalar qurol kuchi bilan kelib, oyoq ostilariga toptab, bo‘yinlarini 
sindirgaylar. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Bu Badr g‘azoti inson olamida qandoq shon-
sharafga ega bo‘lsa, farishtalar ichida undin ham darajasi ortiqdur. Bir kuni Rasululloh 
qoshlariga Jabroil alayhissalom kelib so‘radikim: 
— Ey Muhammad, Badr g‘azotiga qatnashgan mo‘minlarning sizlarning oldilaringizda 
qadr-qimmatlari qanchalikdur? 
Anda Rasululloh aytdilar: 
— Alarni biz boshqalardin har to‘g‘rida ortiqroq ko‘ramiz, eng yuqori darajalik, 
sharofatlik musulmonlardin, deb hisoblaymiz. 
Jabroil alayhissalom: 
— Alarning hurmatlari bizlarda ham shundaydur. Badr kuni hozir bo‘lgan farishtalarning 
boshqalardin martabasi ortiqroq, — dedi. 
Shuning uchun o‘tgan ulamolardin Badrda hozir bo‘lgan sahobalar haqida alarni bayon 
qilib kitob yozguvchilar bordur. Mashhur hadis kitoblarida ham ularning muborak ismlari 
yozilmishdur. Bu ismi-shariflarni davo topolmagan bemorlar ustiga o‘qiganlar andin shifo 
topganlar. Mushkullar osonligi, duo ijobati uchun vasila qilib, o‘qiguvchi odamlar ixlos-
e’tiqodiga qarab, bundin bahra olmishlardur. Shunga ko‘ra biz ham bu kitobimizda Badr 
g‘oziylarining qutlug‘ nomlarini yozib, keyingi mo‘minlar uchun yodgor qilmoqni lozim 
ko‘rdik. Alarning xosiyatlaridan umid qilamanki, Alloh taolo bu kitobni dunyo boricha 
barcha ofatlardin o‘z omonida asrag‘ay va dag‘i (yana) bu kitobni o‘qiguvchi 
musulmonlarni bahramand qilgay. Omin! 
Hadis olimlaridan Ibn Sayyidin Nos degan bir ulug‘ zot «Uyuni osor» otliq kitobida Badr 
g‘oziylarini uch yuz oltmishga yetkazib yozmishdur. Ehtiyot yuzasidan biz ham shuni 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
106
ixtiyor qildik, alarga qilgan muhabbatimizdan boshqa bu ishga hech bois topmadik, 
chunki «Almar’u ma’a man ahab» degan hadisning rivoyati sobitdur. Ya’ni, 
Payg‘ambarimiz aytdilar: «Har kishi suygani bilan birga bo‘lur». Bu dunyoda suygan 
bo‘lsa, u dunyoda ham shu bilan birga bo‘lur, demakdur. Allohdin umidim shuldurkim, 
shu muhabbatim bilan Rasulullohning diydorlariga musharraf bo‘lgayman. Endi ul 360 
erlarnnig boshlig‘i Alloh saylagan sardori, odam naslining sayidi — Rasululloh, — 
Abdulloh o‘g‘li Muhammaddur, sollallohu alayhi vasallam. 
Badr g‘oziylarining ismi-shariflari kitob so‘ngida ilova qilib berildi. 
Hazrati Usmon raziyallohu anhuning xotinlari Ruqiya Payg‘ambarimizning qizlari edi. Shu 
g‘azot kunlarida kasali og‘irlashdi, shuning uchun Hazrati Usmon bu g‘azotga borolmay 
qoldilar. Mana shu otlari yozilgan erlar Rasululloh boshchiligida Alloh yordamida o‘zlariga 
uch barobar ko‘p bo‘lgan kuchlarni yengib chiqdilar. Bu g‘azotdagi g‘olibiyat orqalik 
musulmonlar ruhi ko‘tarildi. Islom nuri kufr qorong‘uligini yoritdi. Islom dini butun 
dunyoga ulug‘ o‘zgarishlar solmoqqa shu g‘olibiyat orqali yo‘l ochdi. Rasulullohning 
atoqlari, musulmonlarning haybatlari tamom Arabistonni qopladi. Madina shahrida va 
atrofda poylab turgan dushmanlarga qo‘rqinch tushib, ko‘plari dinga kirdilar. Munofiqlar 
— Abdulloh ibn Ubay va uning tilakdoshlari til uchida bo‘lsa ham iymon keltirishga 
majbur bo‘ldilar. Bu urushda musulmonlardan barisi bo‘lib, o‘n to‘rt kishi shahid bo‘ldi, 
olti kishi muhojirlardan, sakkiz kishi ansorlardan edi. Alloh ulardin, ular Allohdin rozidur. 
Bu Badr g‘azoti bo‘lsa, hijratdin o‘n sakkiz oy o‘tganda Ramazon oyining uchinchi kunida 
boshlangan edi. Yana shu oyning o‘n yettinchisida musulmonlarning g‘alaba qozonishi 
bilan tamomlangan edi. Islom ahli uzra birinchi marotaba bo‘lgan bu ulug‘ ne’matni har 
yili shu oy, shu kunlar kelganda eslariga olib qo‘yishlari lozimdur. 
QAYNAQO’ G‘AZOTI 
Rasululloh Badr g‘azotidan qaytib, Madinaga kelganlaridan so‘ngra bir oy ham o‘tmasdin 
turib, Qaynaqo’ yahudlari Payg‘ambarimiz bilan qilgan ahd-paymonlarini buzib, xiyonat 
qildilar. Bular bo‘lsa, yahudlar arablar ichida urushchanlik — bahodirlik bilan nomlari 
ko‘tarilgan edi. Temirchilik, zargarlik hunarlarida anchagina mohir edilar. Shuning uchun 
urush asboblari bularda mukammal edi. Xotun-qizlarga kerakli zeb-ziynat, oltin-kumush 
asboblari bularning bozorlarida ko‘proq sotilur edi. Bir kuni bir musulmon arab xotuni 
isirg‘a-uzuk misoli bir narsa olmoqchi bo‘lib, bir yahudiy zargar do‘koniga kirib o‘ltirdi. U 
zargar xotunga tegishmoqchi bo‘lib boshiga yopilgan burg‘unchig‘ini orqa tomonidan 
tortib bog‘lab qo‘ydi. O‘lturgan xotun bilmasdin birdan turganda, boshidagi, egnidagi 
kiyimlari shipirilib yerga tushdi. Odatda yot kishilar ko‘rishi mumkin bo‘lmaydigan joylari 
badanidan ochilib qoldi. Ul yerda o‘tirishgan yahudlar qah-qahlashib, ula xotunga 
kuldilar. Bunga xotunning xo‘rligi kelib: «Musulmon bormi?» deb yig‘lab yubordi. Buning 
nolasini eshitgan musulmonlardin birisi chidab turolmay, qilich sug‘urib, ul yahudiyni 
chopib tashladi. Buni ko‘rgan ko‘pchilik yahudlar uning ustiga hujum qilishib, uni pora-
pora qildilar. Shu bahona bo‘lib, yahudlar bilan musulmonlar orasiga dushmanlik tushib, 
urush qo‘zg‘aldi. 
Bu xabar Rasulullohga yetgach, yahud raislaridan bir nechalarini Madinaga chaqirdilar. 
Ahd buzguvchilarning oxiri yomon bo‘lishini alarga aytib: «O‘rtamizda to‘xtalgan ahd-
paymonlarimizga qaraganda, sizlarning bu ishinglar ahdni buzmoqdur. Ey yahud qavmi, 
bilasizlar, albatta, men Xudo tarafidan kelgan haq payg‘ambardurman, bu so‘zning 
rostligiga shul o‘qib turgan kitobinglar — Tavrotu Injilni guvoh qilurman. Bu haqiqatni 
o‘zinglar u kitoblarda ko‘rib, aniq bilgandin so‘ngra yana inkor qildinglar. Endi sizlarga 
Allohning g‘azabi kelgay, Badr urushida Quraysh ustiga tushgan musibat kunlari sizlarga 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
107
ham tushgay», dedilar. Anda ul yahudlar: «Ey Muhammad, sen bizlarni o‘z qavming 
arablaridek chog‘lama, Badr urushidagi g‘olibiyatga aldanib unga mag‘rur bo‘lma, urush 
ishlarida ustaligi yo‘qligidan Quraysh qabilasi sendan yengildilar. Agar bizni ham ulardek 
chog‘lab, biz bilan to‘qnashur bo‘lsang, ana shunda urushning qandoq ekanligini, kimlar 
urush erlari ekanligini bilur eding», dedilar. 
Mana shu chog‘da Allohdin bu oyat keldi: «Qul lillaziyna kafaruv satug‘labuna va 
tuhsharuvna ila jahannama va bi’sal mihad»: Ma’nosi: «Ey Muhammad, bu kofirlarga 
aytgil, agar biz bilan urushur bo‘lsangiz, albatta yengilursiz, o‘ldirilursiz, so‘ngra 
jahannamga yiqilursiz, borgan joyingiz qandoq yomon o‘rinligini shunda bilgaysiz», 
demakdur. 
So‘ngra Rasululloh yahudlardin yaxshilik chiqmasligini yuqorigi oyat mazmunidan 
ongladilar. Alar ham dushmanliklarini ochiqdan-ochiq bildirib, musulmonlarga bog‘iy, 
ya’ni, dushman bo‘ldilar. Bu sabablardin Rasululloh boshliq Islom tug‘ini ko‘tarish hazrati 
Hamzaga topshirilgan edi. Madinadan askar chiqqan xabarini eshitib, yahudlarga qattiq 
qo‘rqinch tushdi. Yuqorigi oyat mazmunicha, Islom askariga ko‘zlari tushmay turib, 
barilari qochib, qo‘rg‘onga qamaldilar. Buning ustiga Rasululloh qo‘shin bilan kelib, o‘n 
besh kun qo‘rg‘onni qattiq qamal qildilar. Yahudlarning xotun va bolalaridin boshqa 
urushga yaramlik askarlari yetti yuz kishi bor edi. Ilohiy tomonidan bularning 
ko‘ngullariga qattiq qo‘rqinch tushganligidan hech qandoq qarshilik ko‘rsata olmadilar. 
Oxir Rasulullohdan o‘zlari so‘radilarkim, yolg‘uz yo‘l ozug‘i bilan bola-chaqalarini olib 
arab tuprog‘idan chiqib ketgaylar. Qolgan mol-mulk, turar joylarini qoldirgaylar. Mana 
shu so‘zga to‘xtash bo‘lganidin so‘ngra, ko‘chib ketmakka uch kun muhlat berildi. Bu 
ishga Uboda ibn Somit vakil bo‘ldi. Arab tuprog‘idan o‘tib, Shom tuprog‘iga kirganda 
Azruot degan joyda vatan tutib o‘ltirdilar. Lekin yiliga yetmayoq, barchalari vabo kasali 
bilan o‘lib tugadilar. 
SAVIQ G‘AZOTI 
Buning bayoni shundaydurkim, o‘tgan Badr g‘azotida Makka mushriklari musulmonlardin 
qattiq yengilgan edilar. Bu urushda Quraysh boshlig‘i Abu Sufyonning o‘g‘li va uning 
yaqin qarindoshlaridan bir qanchasi halok bo‘lgan edi, bular orasida sayidlar ham bor 
edi. Ammo Abu Sufyon bo‘lsa, o‘zi Shom karvonining boshlig‘i bo‘lib, yo‘lda bo‘lganlikdan 
o‘zi bu urushga qatnashmagan edi. Shuning uchun bu musibatga chiday olmay, qattiq 
qayg‘urdi. Tezlik bilan musulmonlardan o‘ch olmoq fikriga tushib: «Muhammaddin o‘ch 
olmagunimcha, boshimga va yuz-ko‘zlarimga suv tekkizmayman», deb arab odaticha 
qasamyod qildi. 
Shu qilgan qasamini amalga oshirish uchun Qurayshdin ikki yuz kishini birga olib, 
Madinaga qarab yo‘lga tushdi. Madinaga yaqinlashganida yahudlardin Bani Nazir 
qabilasining raislariga uchrashib, alarni ham qo‘zg‘ashni o‘yladi. Shu maqsad ila qabila 
raisi Huyay ibn Axtab oldiga kechqurun qop-qorong‘uda Abu Sufyon keldi. Kirishga 
ruxsat so‘rab, eshik qoqqan edi, eshikni ochmadilar. Bundin umidi uzilgach, ikkinchi rais 
Salom ibn Mishkam qoshiga bordi. Bu unga suyunchilik ko‘rsatib, hurmatlab qarshi oldi. 
Ziyofat ustida yemak-ichak o‘tgandin keyin, har ikkovi yashirincha so‘zlashdilar. So‘ngra 
Abu Sufyon uning oldidan chiqib, askarlaridin bir necha kishini Madinaga yubordi. Ular 
Madinadan chetroqda bo‘lgan bir xurmozor boqqa o‘t qo‘yib, ichidagi bog‘bonni tutib 
o‘ldirdilar. 
Bu xabar Rasulullohga yetgach, Payg‘ambarimiz tezlik bilan ikki yuz kishi olib, bular 
ortidan iz quvib chiqdilar. Kishi o‘ldirib qochgan dushmanlar Abu Sufyonga kelib, 
qo‘shilishi bilan Rasulullohning kelayotgan xabarini onglashib, dushman askariga 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
108
buzg‘unchilik tushdi. Shoshganlaridan og‘ir yuklarini qoldirib, ba’zilarini sochib, qochib 
ketdilar. Ularning ketidan xiyol o‘tmay, Islom askari ham yetib keldi. Ko‘rdilarkim, 
olishga ulgurmay tashlab qochgan narsalarining ko‘prog‘i arpa-bug‘doyning talqoni ekan, 
shuning uchun bu g‘azotga «Saviq» g‘azoti deb nom berildi, va shu yili Alloh taolo 
musulmonlarga ikki iyd namozini o‘qimoqqa buyurdi. Bu ikki iyd namozini butun shahar 
va qishloq xalqlari bir joyda yig‘ilishib o‘qimoq sunnat bo‘ldi. Buning hikmati shul 
erdikim, bu yig‘ilgan musulmonlar diniy birlik ittifoqlarini ko‘zlari ko‘radi. Barchalari bir 
Allohning qullari, bir payg‘ambar ummati ekanliklarini eslarida tutadi. Payg‘ambarimiz 
Muhammad alayhissalomning birlik, ittifoqlik to‘g‘risidagi ummatlariga bergan 
topshiriqlarini yodlaridan chiqarmasunlar. 
Shuning uchun Rasululloh bu ikki iyd namozlarida butun musulmonlar bir joyga 
yig‘ilishib, ulug‘ jamiyat bilan namoz o‘qishni sunnat qildilar. Bundan maqsadlari 
tanishgan-tanishmagan musulmonlar barchalari bir tug‘ ostida yig‘ilganlarini alarga 
bildirish edi. Shu ittifoq va muhabbatlarini mustahkamlash (ching‘itish) uchun chora 
ko‘rish lozim bo‘lganlikdan boy kishilarga ro‘za iydida kambag‘allarga fitr sadaqa berish, 
qurbon oyida qurbonlik qilish vojib bo‘ldi. Bu ikki ehsonning avvalgisi yo‘qsillarga iyd 
harjisi bo‘ldi. Ikkinchisi esa ulug‘ bayram kunlarida boylarning kambag‘allarga bermish 
ziyofatidur. 
Islom diniga bo‘ysungan, bu ulug‘ ne’matning qadriga yetgan har bir mo‘min odam bu 
diniy vazifalarni o‘z vaqtida ado qilmoqlari albatta lozimdur. Chunki Payg‘ambarimiz 
aytdilar: «Kimning boyligi bo‘laturib, qurbonlik qilmas ersa, u kishi biz bilan chiqib, iyd 
namozini o‘qimay qo‘yaqolsin». 
Hazrati Abu Hurayra rivoyat qildi, Rasululloh aytdilar: «Man vajada siatan falam yuzahhi 
fala yaqrabanna musallana»: Ma’nosi: «Kimning quvvati yeta turib, qurbonlik qilmasa, 
bizning iyd namozi o‘qiydigan joyimizga yaqinlashmasun», demakdur. Mana shu hadisni 
dalil qilib, hazrati Imomi A’zam: «Har bir qudrati yetgan kishiga qurbonlik qilish vojib», 
dedilar. Qurbonlik qilish mo‘minlarga ulug‘ ibodatdur. Otamiz Odam Safiyyullohdin 
boshlab, o‘tgan barcha payg‘ambarlar bu ibodatni qoldirmay qildilar, ammo fitr sadaqasi 
bo‘lsa, buni iyd namozi o‘qimasdin oldin berib, ado qilmoq vojibdur. Chunki 
Payg‘ambarimiz aytdilar: 
— Mo‘minlarning bir oy tutgan ro‘zalari xudo dargohiga yetolmasdin, yer bilan osmon 
oralig‘ida to‘xtalib qolgay, qachonkim ro‘za tutganlar fitr sadaqasini faqir va miskinlarga 
berib, ado qilsalar, shunda dargohga yetib, qabullik darajasini topgay. 
Buning yana bir foydasi shuldurki, Payg‘ambarimiz bu iyd kunlarini: «Emak, ichmak, 
suyunishmak, xursandchilik kunlari demakdur», dedilar. Agar fitr sadaqasini qoldirmay, 
shariat ko‘rsatgan o‘ringa topshirsalar, faqir-miskinlar ulug‘ bayram kunlarida hojatsiz 
bo‘lib, yuqorida aytilgan uch narsaga ko‘pchilik qatorida qatnashgaylar. Shu bilan 
bayram kunlari barchaga barobar suyunchilik kunlari bo‘lgay. Yana shu yilda 
Payg‘ambarimiz qizlari Fotimani Hazrati Aliga nikoh qildilar. Fotimaning yoshi shul 
vaqtda o‘n beshga yetgan edi. Hazrati Ali yigirma bir yoshda edilar. Bir kuni Hazrati Abu 
Bakr bilan Hazrati Umar Hazrati Aliga aytdilar: 
— Ey Ali, Rasululloh qizlari Fotima voyaga yetdi, unga uylanish uchun Rasulullohdin 
so‘rar bo‘lsang, albatta senga berurlar, — deyishdi. Yana xotunlardan biri: 
— Ey Ali, agar xotun olur bo‘lsang, Rasulullohdin Fotimani talab qilgil, — dedi. 
Shuning bilan uylanish niyati Hazrati Alining ko‘ngliga tushdi. Arablar odaticha, Hazrati 
Ali to‘g‘ri kelib: «YO Rasululoh, Fotimani menga juft qiling», deb so‘radi. Anda Rasululloh 
aytdilar: «Agar mahr bo‘lgudek biror narsang bo‘lsa, uni keltirgin». Hazrat Alining 
g‘azotga minarlik bir otdin, urush kunlarida kiyarlik bir sovutdin boshqa hech narsalari 
yo‘q edi. Rasululloh otni qoldirib, sovutni sotmoqni buyurdilar. To‘rt yuz sakson tanga 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
109
baho bo‘lib, sovut sotildi. U pulni kelturib, Rasulullohning oldilariga to‘kib qo‘ydi. Undin 
bir changalini olib: «Fotima to‘yiga keraklik narsalarni sotib kelturgil», deb Hazrati 
Bilolga buyurdilar. O‘z odatlaricha, to‘y ziyofati o‘tgandin so‘ngra Rasululloh sahobalar 
oldida o‘zlari xutba o‘qib, nikoh qildilar. Nikoh ahdi bog‘langandan keyin, o‘rtaga bir 
tovoq xurmo g‘o‘rasi qo‘yildi. O‘lturgan kishilar Rasulullohning ishoratlari bilan chochila 
sochgandek talashib oldilar. Suyunchilik kunlarda chochila talashmoq rasmi shul vaqtdan 
qolgan. 
So‘ngra Payg‘ambarimizning dodaklari Ummu Ayman Hazrati Fotimaga yanga bo‘lib, 
Hazrati Alining uyiga tushirib kelturdi. Ikkovlari uyning ikki tomonida o‘ltirdilar. 
Rasululloh kelib: «Bir kosa suv keltir», deb Fotimaga buyurdilar. Anda Hazrati Fotima 
uyalganlikdan etaklariga o‘ralib yiqilayozib, bir kosa suv keltirdi. Bu suvdin Rasululloh bir 
xo‘plab olib, yana og‘izlaridan kosaga qaytardilar, so‘ngra shu suvni Hazrati Fotimaning 
ko‘kraklariga, boshlariga sepdilar, keyin Fotimaga qarab, ushbu duoni o‘qidilar: 
«Allohumma inniy u’iyzuho bika va zurriyyataho minash shaytonir rojim». Ya’ni «Ey bor 
Xudoyo, Fotimani va uning bolalarini o‘z panohingga qo‘ydim. Shaytonning sharridan 
bularni o‘zing asragil», deb duo qildilar. So‘ngra Hazrati Aliga ham suv keltirgizib, 
shunday qildilar. 
Hazrati Fotimaga Payg‘ambarimizning bergan seplari mana shular edi: ostilariga 
solgudek bir qo‘chqor terisi, ustilariga yoping‘udek bir jun sholcha, yana bir dona 
yostuq, tashqarisi meshdan tikilgan, ichi xurmo qovuqlari bilan to‘lg‘izilgan edi. Bir kuni 
ertalab Rasululloh Hazrati Fotimaning uyiga kirdilar. Qarasalar Hazrati Ali, Hazrati 
Fotima bomdod namozini o‘qigandin keyin, sovuqqa chiday olmay, to‘shaklariga 
qaytadan kirishib yotgan ekanlar. Rasulullohni ko‘rib, uyalganlaridan boshlarini 
burkashib oldilar. Rasululloh kelib: «Oyoqlarimni isitib olg‘ayman», deb oralariga 
muborak oyoqlarini uzatdilar. Birini Hazrati Ali quchoqlab ko‘kraklariga bosdi, ikkinchi 
oyoqlarini Hazrati Fotima qo‘ltiqlariga qo‘ydi. Shuning bilan bir necha oylar o‘tdi. Bir kuni 
Hazrati Fotima Rasulullohning oldilariga kelib: «Yo Rasululloh, meni Quraysh yigitlari 
ichida eng kambag‘al kishiga bergan ekansiz, ostimizga solgudek bir qo‘chqor terisidan 
boshqa to‘shagimiz yo‘qdur, kechasi jun tomonini solib yoturmiz, kunduzi teri tomonini 
ag‘darib, tuyamizga yem berurmiz. Ustimizdagi yopinchimiz tor va ensiz, torligidan 
yo‘ldoshim tortsa, men ochilurman, men tortsam, ul ochilib qolgay», dedi. 
Anda Rasululloh: «Ey qo‘zichog‘im, bu yo‘qsullikka sabr qilgaysiz. Muso payg‘ambar 
xotunlari Saquro, ya’ni, Shuayb payg‘ambar qizlari bilan o‘n yilgacha o‘rtalarida bir dona 
chopondin boshqa ostilariga solgudek to‘shaklari yo‘q edi», dedilar. Mana shuning uchun 
Rasululloh: «Al-faqru faxriy», dedilar: Ya’ni, «Har kimsalarning dunyoda maqtanurlik 
biror belgisi bordur, mening maqtanurlik narsam — faqirligimdur». Payg‘ambarimizning 
bu so‘zlari esa kambag‘al ummatlari uchun yupang‘u bo‘lmoqqa yetarlikdur. Hazrati 
Fotima, Hazrati Ali haqlarida Payg‘ambarimizning qilgan duolari maqbul bo‘lib, butun 
dunyoga tarqalgan sayidlarimiz Fotimai Zahrodin tug‘ilgan o‘g‘illari imomi Hasan, imomi 
Husayn, qizlari Zaynab shularning nasllaridur, Payg‘ambarimiz aytganlaridek, Alloh taolo 
bularning avlod-nasllariga barakot ato qilgandur. 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling