Tarixi muhammadiy


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet12/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   59

www.ziyouz.com kutubxonasi 
68
— Agar aytganing aniq bo‘lsa, so‘raganim bo‘lsin,— dedilar. Shu onda oti bo‘shanib, 
Rasululloh oldiga keldi. So‘ngra aytdi: 
YO Muhammad, meni bu kelishimni qabila xalqi onglagan bo‘lsalar, albatta, ortimdin 
yetib kelurlar. Endi men bu yerdin orqaga yonurman (qaytaman), agar bu yo‘lda 
kelayotgan quvguvchi kishilar bo‘lsa, barini yo‘ldan qaytarurman. Mandin boshqa 
orqalaringizdin hech bir izlovchi kishi kelmasga chora qilurman. Mening sizlarga qilgan 
yaxshiligim shu bo‘lsin, — dedi. Tag‘in bir rivoyatda kelmishdur. Suroqa aytdi: 
— Ey Muhammad, mening ko‘nglim shundoq topadurkim, sening bu ishing bir kuni 
butun dunyoga tarqalur, olam ahli buyrug‘ingga bo‘yinsungaylar, o‘shal kunda oldingga 
kelsam, tanig‘lig‘im bo‘lsin, men uchun iymonlik xat yozib bergin, — deb so‘radi. Anda 
Payg‘ambarimiz Omir ibn Fuhayrani yozmoqqa buyurdilar. U bu ahdnoma xatni bir 
parcha suyakka yoki mesh parchasiga yozib, Suroqaga berdi. So‘ngra Payg‘ambarimiz 
aydilar: 
— Ey Suroqa, Eron podshosi Kisroning bilak uzugini qo‘lingga taqqan chog‘ingda qandog‘ 
bo‘lib ketar ekansan, — dedilar. Anda Suroqa aytdi: 
— Hurmuzning o‘g‘li Kisroni ayturmisiz? 
— Ha, o‘shani ayturman, — dedilar. 
Payg‘ambarimiz Madinaga hijrat qilib kelganlaridin so‘ngra sakkizinchi yili Makka shahri 
fath qilindi. Butun Quraysh qabilasi itoat qildilar. Buning so‘ngida Toif, Hunayn g‘azotlari 
bo‘lib, tamom dushmanlar taslim bo‘ldi. Mana, shu safardin qaytishlarida, Ji’rona degan 
joyda shu Suroqa ibn Molik Rasululloh huzurlariga keldi, sakkiz yil ilgari yozdirib olgan 
omonlik xati qo‘lida edi. Yiroqdin ko‘zlari Suroqaga tushib, ani tanidilar. 
— Marhabo, ey Suroqa, xush kelding, va’daga vafo qilar kunimiz bizga keldi. Senga, 
iymon keltirar vaqti endi yetmadimi? — dedilar. Suroqa shu onda iymon aytib, Islomga 
musharraf bo‘ldi. So‘ngra Hazrati Umarning xalifalik davrida butun Eroniston mamlakati 
fath qilindi. Bu davlatning tamom xazinalari Islom askari qo‘liga kirdi. Eron podshosi 
Kisro ibn Hurmuzning toji, kamari, bilakuzugi, har tarafi oltmish gazlik «Bahor» nomlik 
gilami (bu gilam esa sof ipakdin to‘qilgan, eng qimmatbaholik javohirlar bilan 
ziynatlanib, bezalgan edi), Bulardin boshqa har turlik ko‘p miqdordagi o‘lja tushgan 
mollarni Madinaga keltirdilar. Bu mollarning beshdan biri xazinaga solinib, qolganlarini 
musulmonlarga taqsim qildilar. Shu qatorida yuqoridagi gilamni parchalab, ulashtirishga 
to‘g‘ri keldi. Ansor, muhojiriyn sahobalarga ani ulashtirib berdilar. Hazrati Alining o‘z 
hissalariga tushgan gilam parchasi ellik ming tillaga sotilgan edi. Bu gilamning naqadar 
qimmatbaho ekanligi shundin ma’lumdur. Shu chog‘da Hazrati Umar xalifa edilar, 
g‘animat mollarini taqsim qilish vaqtida Suroqani chaqirib: 
— Ey Suroqa, Eron podshosi Kisro xudolik da’vo qilgan edi, Alloh taolo undin podsholikni 
olib, bizga berdi. Mana, uning xazinasi o‘rtamizda bo‘linmoqdadur. Endi shu podshohning 
bilakuzugini sening qo‘lingga taqqayman. Allohga hamdu sano aytib, qo‘lingni ko‘targil, 
— deb Suroqaning qo‘liga uni taqib qo‘ydi. 
Bundin o‘n besh yil ilgari Payg‘ambarimizning «Ey Suroqa, Eron podshosi Kisroning 
bilakuzugini taqqan chog‘ingda qanday bo‘lgaysan?» degan mo‘jiza so‘zlari shu edi. 
Bundoq mo’jizalik ishlarni o‘z o‘rni kelganda yana bayon qilurmiz. Yana o‘z so‘zimizga 
kelaylik. 
Suroqa ibn Molik o‘z uyidin otlanib chiqqanida maqsadi Payg‘ambarimizni dushmanlarga 
tutib berish edi, demak, shu kelishida qo‘lidin kelguncha zarar yetkazishni qasd qildi. 
Lekin uning deganidek bo‘lmay, Alloh taolo aytganidek bo‘ldi. Ko‘z oldida bo‘lib turgan 
ulug‘ mo’jizani ko‘rgandin keyin darhol iymon keltirmagan bo‘lsa ham, yomonlik qilishdin 
butunlay ko‘ngli qaytdi. Shuning uchun yo‘l bo‘yida kelayotgan hamma quvguvchi 
kishilarni turlik so‘zlar bilan ishontirgandin so‘ngra, hammalari yo‘ldin qaytib ketdilar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
69
Ertalab dushmanlik bilan chiqqan Suroqa kechqurun do‘stlik ila uyga qaytdi. Shuning 
bilan Payg‘ambarimiz Suroqadan ajrashib, tuni bilan to‘xtamay yurdilar. Yo‘l iyan (xoli) 
bo‘lib, hech kishi yo‘liqmadi. Tong otib, tushga yaqinlashganda bir ulug‘ tog‘ning 
do‘qmishiga keldilar. Tog‘ bag‘ri ostida qalin ko‘lanka ko‘rinur edi. Shunga kelib 
tushdilar. Abu Bakr Siddiqning safar uchun olgan teri to‘nlari bor edi. Uni soyalik o‘ringa 
solib, so‘ngra: 
— Yo Rasulalloh, uzun tun o‘tib uxlamadingiz, bu o‘rinda biroz uxlab oling, men 
qorovullik qilib tururman, — dedi. 
Rasululloh yotib uxladilar. Shu orada qo‘y boqib yurgan bir cho‘pon ko‘rindi. Aning qo‘y-
echkilari ichida sutlik sovliqlari bor edi. Andin Abu Bakr Siddiq bir oyoq sut so‘rab oldilar. 
Rasululloh uyqudin uyg‘ongandin so‘ngra, u sutni ichdilar. So‘ngra ko‘chadigan vaqt 
kelib, u joydin ham jo‘nashdi. Yo‘l uzasida o‘tirgan, Ummu Ma’bad nomlik, arablar ichida 
mashhur bir xotun bor edi. Shuning uyiga kechga tomon kelib tushdilar. Shu yillari 
ocharchilik bo‘lganlikdin, mollari oriq, sog‘inlari yo‘q edi. Payg‘ambarimiz u xotundin 
ichgani sut so‘radilar. «Agar sizlarda go‘sht, xurmo topilsa, sotib olgaymiz», dedilar. Ul 
xotun ersa, bu muborak mehmonlarni kim ekanligini bilmas edi. So‘ngra u xotun: 
— Agar bizda yemak-ichmakdin biror narsamiz bo‘lsa, sizlardek aziz mehmonlardin hech 
ayamas edik, yo‘qchilik yomon ekan, hijolatga qoldik, — dedi. Ochligidin yurolmay, 
oriqligidin o‘tloqqa chiqolmay qolgan bir sog‘liq qo‘y shu yerda yotgan edi, 
Payg‘ambarimizning ko‘zlari shu qo‘yga tushib: 
— Ey Ummu Ma’bad, agar ruxsat qilsang, shu qo‘yni sog‘ib ko‘raylik, — dedilar. Ummu 
Ma’bad: 
— Oriqlikdin qoq suyak, quruq terisi qolmishdur. Ochligidin kuchi ketib yotmish, 
qo‘chqor ko‘rmagan sovliqdur. Unda sut qaydin bo‘lsin, koshki bu qo‘yda sut bo‘lsa edi, 
sog‘ib ko‘ring, — dedi. 
Anda Rasululloh turib, qo‘y oldiga keldilar, «bismilloh» deb, qo‘yning orqa-oldini silab 
edilar, qo‘y irg‘ib turib, boshqacha bir holga kirdi. Burishib, yopishib yotgan yelin-
emchaklarini qutluq qo‘llari bilan ushlab turib, «Ey bor Xudoyo, bu qo‘yimizga barakot 
bergil», deb duo qilib edilar, shu onda u qo‘y semirib, yelini chotiga sig‘may chotrab 
chiqdi. Bir katta chora (idish) kelturib, o‘zlari sog‘dilar. Hiyol o‘tmay, bu cho‘ng chora liq 
to‘lib, o‘n-o‘n besh kishi ichsa ham qondirgudek bo‘ldi. Boshlab uy egasi Ummu 
Ma’badga ichirdilar va katta-kichik uning kishilari, undin so‘ngra Hazrati Abu Bakr 
boshliq o‘z yo‘ldoshlariga ichirib, barilarini qondirib, sutga to‘ydirdilar. Eng keyin o‘zlari 
ichib, «soqil qavmi oxiruxum shurban», ya’ni, «quyguvchi kishi eng oxirida ichishi 
kerak», deb ummatlariga adab o‘rgatdilar. 
Rasulullohning shu qilgan ishlarida bizlarga necha turlik masala ma’lum bo‘ldi. Birinchisi 
shuki, qo‘yni o‘zlari sog‘dilar, uni o‘zlari quyib, hammaga ichirdilar, bu xizmatni 
boshqalarga buyurmadilar. Bu ishlari esa, ummat boshliqlariga ta’lim bo‘ldi. Ya’ni, 
ulug‘larning tavoze’li bo‘lib, kichiklarga xizmat qilish yo‘lini ko‘rsatdi. Ikkinchisi shuki
agar mehmonlar o‘z ovqatlaridin yeb-ichmoqchi bo‘lsalar, uy egasidin boshlashlari kerak 
ekan. Uchinchi, quyguvchi kishining oxirida ichishini ochiq aytib, ko‘rsatdilar. Chuqurroq 
qaragan odamga bulardin boshqa odoblar ma’lum bo‘lishi mumkindur. Shuning bilan 
Payg‘ambarimiz u yerdin ham chiqib, yana o‘z yo‘llariga tushdilar. Bundog‘ ulug‘ 
mo’jizani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Ummu Ma’bad hayron bo‘lib, o‘tirib qoldi. Shu kuni 
kechqurun uning eri Aksam degan kishi bir necha oriq qo‘y-echkilarini uyiga haydab 
kelayotib, yiroqdin chodir ichidagi oqarib turgan sutlarga ko‘zi tushdi. Bu ishga 
ajablanib: 
— Ey Ummu Ma’bad, — deb qichqirdi. — Oriqlikdin yurmakka kuchi kelmagan yolg‘iz 
qo‘yingdin boshqa bu yerda qo‘y yo‘q edi, idish-tovoqlar to‘lgan sut ko‘raman, buni sen 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
70
qaydin topding, kimlardin olding?— dedi. Anda Ummu Ma’bad: 
— Hech kishidin sut olmadim, ajoyib kishilar ko‘rur eding, o‘zing uyda bo‘lmading, bir 
muborak kishi bugun bizga qo‘nov bo‘lib o‘tdi, aning barakot qo‘lidin uyimiz sutga to‘ldi. 
Ko‘taram bo‘lib yotgan qo‘ying endi qandoq bo‘lib yotmishdur, ani ko‘rgil, — deb qissani 
bayon qildi. Andi uning eri: 
— Ey Ummu Ma’bad, aning yuzi-ko‘zi qandoq ermish, sifatini menga qondirib aytgil, 
onglayin, — dedi. So‘ngra Ummu Ma’bad Payg‘ambarimizning ko‘rinish sifatlarini shu 
yo‘sinda bayon qildi. 
— Ul kishining ko‘rinishi shundoq edi: ochiq, yoriq, kular yuzlik, ko‘zining oqi oppoq, 
qorasi tim qora, kipriklari quyuq, ozgina uzunroq, uni (tovushi) ortiqcha o‘tkir emas, 
ko‘p past ham emas, tovushi quloqqa bek yoqimli, o‘rta bo‘ylik, qilich bo‘yinlik, qiyposh 
qoshlik, ulug‘ boshlik, tekis qorinlik, so‘z qilsa — savlatlik, so‘zlamasa haybatlik, gaplari 
tizilgan gavhardek. Uning oldida uch nafar yo‘ldoshlari bor, so‘z qilsa, jon qulog‘i bilan 
tinglaydilar, ish buyursa, barobar yuguradilar, jon-tanlari bilan xizmat qiladilar, — dedi. 
Bu so‘zlarni eshitgandin keyin: 
— Xudo haqqi, bundog‘ ulug‘ sifatlarga ega bo‘lgan odam shu kunlarda payg‘ambarlik 
da’vosi bilan Qurayshdin chiqqan kishidin boshqa bo‘lmagay, agar men uni ko‘rgan 
bo‘lsam edim, darhol iymon keltirib, anga bay’at qilur edim. Hali ham bo‘lsa, albatta, bu 
ishni bajarurman, — dedi. 
Mo’tabar tarix kitoblarining aytishlaricha, shu muborak mo‘jiza — sovliq qo‘y Hazrati 
Umarning xalifalik zamonlarida ham borligi ma’lumdur. Shundoqki, Hazrati Umar 
davrida, tarixi hijratning 17—18- yillarida yil quruqchilik kelib, qahatchilik boshlandi. 
Tog‘u toshlarda, dala-cho‘llarda vahshiy hayvonlar ham og‘ziga ilingudek yeydurgan 
narsa topolmay, och qolishdi. Ochlikka chiday olmaganlikdin, shahar qishloqqa, 
odamlarning uylariga kirib kelishar edi. O‘shal kunlarda havodan kul rangida bir turlik 
tuproq yog‘ib turdi. Shuning uchun arablar u yilning otini «Omurramod» qo‘ydilar, 
ma’nosi «kul yili» degan bo‘lur. Butun xalqni ochlik qopladi. So‘yilgan hayvonlarning 
go‘shti oriqligidin jirkanarlik edi. Mana shundoq og‘irchilik kunlarda Ummu Ma’badning u 
mo‘jiza qo‘yi butun bir oilani barakot suti bilan to‘yg‘izib turdi. Boshqa hayvonlar esa 
ochligidan qirilmoqda edi. Ammo bu qutlug‘ qo‘yning qayoqdin yeb, qandoq to‘yib 
yurganligini hech kim bilmas edi. Hazrati Umar xalq ustiga tushgan bu og‘irchiliklarni 
ko‘rib, qattiq qayg‘urdilar. Bu ocharchilik balosidin barcha xalq qutulmaguncha, o‘zlari 
sut ichmasga, go‘sht-yog‘ yemasga qasam qilib: «Boshqa odamlar yegudek narsa topa 
olmasalar, bizlarning lazzatlik ovqat yeyishimiz qaysi insofdin bo‘lgay, ko‘pchilik xalq 
tortgan ochlik alamini birga tortishmasam, Xudo oldida nima deyman?» dedilar. Anda 
Ka’bul Ahbor: 
— Yo amiral mo‘minin, bani Isroil qavmiga yomg‘ir yog‘may, qahatchilik bo‘lganda, 
o‘tgan payg‘ambarlarning avlod-urug‘larini shafe’ keltirib, yomg‘ir tilab, duo qilsalar, 
qabul bo‘lur edi, — dedi. Anda Hazrati Umar xalqni yig‘ib, yomg‘ir talab qilib, sahroga 
chiqdilar. Xutba o‘qib, duo qilib turganda, «Ey bor Xudoyo, nima xojatimiz bo‘lsa, ilgari 
sening Payg‘ambaring Rasulullohni vosita qilar edik, endi u zot bo‘lmagach, o‘rniga 
amakisi Abbos ibn Abdulmuttalibni shafe’ keltirdik. Ey bor Xudoyo, shu bandangning 
haqqi-hurmatida duoimizni qabul qilib, rahmat yomg‘irini yog‘dirgil», deyishi bilan 
tarnovdin to‘kilgandek yomg‘ir yog‘a boshladi. Yig‘ilgan xalq tarqalib, uy-uylariga 
yetmasdin ilgari, ko‘chalardagi suv sel bo‘lib oqdi. Shuning bilan qahatchilik xalq ustidan 
ko‘tarildi. 
— Sizning hurmatingizdan duoimiz ijobat bo‘ldi,— deyishib odamlar hazrati Abbosni, 
egik boshlarini silashib, ziyorat qilishur edi. Chunki bundin ilgari ham bir necha qayta 
yog‘in tilab, duo qilishganlarida, ijobat asari bo‘lmagan edi. Arabiston o‘lkasida tog‘lardin 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
71
keladigan ulug‘ anhor suvlari bo‘lmagach, ularning tamom tirikchilik ishlari faqat yomg‘ir 
suvlariga qarashlikdur. YOg‘inlik yillari to‘qchilik, arzonchilik bo‘lur. Agar yillar quruq 
kelsa, xalq qahatchilikka qolgaylar. Rasulullohning muborak zamonlarida shundoq 
qurg‘oqchilik yillari bo‘lgan edi. YOmg‘ir talab qilib, minbar ustida o‘qigan xutbalari 
tamom bo‘lmay turib, yomg‘ir yoqqanligi hadis kitoblarida mashhurdur. Shuning uchun 
bundog‘ qahatchilik kunlarida ikki rakat «talab namozi» o‘qib, ko‘pchilik xalq bilan duo-
istig‘for qilib, Allohdin yomg‘ir talab qilmoq — bizlarga sunnat bo‘lib qoldi. Endi 
Payg‘ambarimiz Makkadin Madinaga hijrat qilib chiqib, shu yurganlaricha Xudo 
omonatida ketmoqda edilar. Ammo Quraysh xalqi va Makka shahridagi ba’zi mo‘minlar 
Payg‘ambarimizning hijratlari qaysi yoqqa bo‘lganligini aniq bilolmadilar. Gumon bilan 
har turlik so‘zlar el o‘rtasida ko‘paygan edi. Mana shu orada mo‘min jinlardin birisi, 
tubandagi she’rni o‘qib, havo bilan Makka shahri ustidan o‘tdi. Butun xalq uning 
qo‘shig‘ini eshitdilar. She’r: 
Jazallohu rabbunnosi xayra jazoihi 
Rafiqayni hallo xaymatay Ummi Ma’badi, 
Humo nazalo bil birri summa tarahhalo 
Fa aflaha man amso rafiyqa Muhammadi. 
Bu qo‘shiqni aytgan chog‘da havo tarafidin tovush eshitilib, ammo aytguvchining o‘zi 
ko‘rinmas edi. Tovushga qarab, bir muncha odamlar yig‘ilishgan, ashula ovoziga quloq 
solib, uning orqasidin ergashur edilar. Yuqorigi she’rni o‘qib, mo‘min jin Makka 
shahrining bir tomonidin kirib, ikkinchi tomonidin chiqib ketdi. She’rning ma’nosi: 
«Ummu Ma’badning uyiga tush vaqtida tushgan ikki yo‘ldoshga Xudo yaxshiliklar 
bersun, bular u joyga yaxshilik bilan tushdilar. Yana u joydin yaxshilik bilan chiqdilar. 
Har kim Muhammadga yo‘ldosh bo‘lsa, yaxshilikdin boshqani ko‘rmagay, u odam baxtlik 
kishilardin bo‘lgay». Makka xalqi bu she’rni eshitgandin so‘ngra Payg‘ambarimizning 
Madinaga hijrat qilganlarini bildilar. Chunki Ummu Ma’badning turgan joyi Madinaga 
ketar yo‘l ustida edi. Bu joydin o‘tganlarini onglashib Madinaga hijrat qilganlari ma’lum 
bo‘ldi. Yo‘lboshchilari Abdulloh ibn Urayqit arablar ichida mashhur qolovuzlardin (yo‘l 
boshlovchi) edi. Dushmanlarning ko‘ngliga kelmagan, hech kim bilmagan yo‘llar bilan 
yurib-o‘tirib, Madina tarafiga yaqinroq yerda «Aslam» qabilasiga qarashlik bir manzilga 
keldilar. Shu qabilaning raislaridan Bani Dah ibn Hasib degan kishi o‘lja olish umidi bilan, 
yorog‘lik sakson odam olib, yo‘l to‘sib chiqqan edi. Bir jilg‘a og‘zidin Payg‘ambarimizning 
qarshilariga saf bog‘lab chiqib keldilar. Lekin uning Rasulullohga ko‘zi tushgan hamon 
ahvoli o‘zgardi, yomon niyatidin ko‘ngli qaytdi. Yo‘ldoshlariga qarab aytdikim: 
— Bundoq yaxshi yuzlik kishi Xudoga yolg‘on aytib, yo‘q tuhmat so‘zni qandoq qilsin? Bu 
ishni payqamasdin unga bir ozor yetkazur bo‘lsam, ulug‘ xato qilgan kishilardin 
bo‘lurman. Yana o‘z og‘zidin so‘z onglashim kerak, — deb, arab yo‘sinida 
Payg‘ambarimizga «Hayyakalloh», deb salom berdi. 
Anda Rasululloh: 
— Kim bo‘lursan, oting nimadur? — deb so‘radilar. 
— Otim Buraydadur, o‘zim Aslam qabilasidin erurman, — dedi. Anda Payg‘ambarimiz 
Abu Bakrga qarab: 
— Inshaalloh, o‘zimiz salomatlikda bo‘lurmiz, bu ishimiz bizni rohatga chiqargay, — 
dedilar. Payg‘ambarimizning bir odatlari — kishining yaxshi so‘zidin fol olur edilar. 
Yuqorigi kishining oti — Burayda, qabilasi Aslam edi. Bu ikki so‘zning ma’nosi: birinchisi, 
«salqin», ikkinchisi, «salomat» degan bo‘lur. Arab yerlari issiq bo‘lg‘och, alar uchun 
salqinlik — rohat edi. Shu ikki og‘iz so‘zni Payg‘ambarimiz yaxshilikka yo‘yib, «o‘zimiz 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
72
salomat, ishimiz rohatlik», dedilar. Shuning uchun Islom shariatida yaxshi so‘z, yaxshi 
ishlarni yaxshilikka yo‘yish sunnat bo‘ldi. Bo‘lar-bo‘lmas ishlardin cho‘chib, irim-sirim 
qilish shariatda durust emasdur. 
«Agar bir kimsa, biror narsadin yomon fol olib, ko‘ngli cho‘chisa: «Har yaxshilikni 
berguvchi, har yomonlikdin qutqazguvchi — Allohdur», deb o‘z ishida davom etsun», 
degan hadis Payg‘ambarimizdan rivoyat qilindi. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. 
Payg‘ambarimiz: 
— Ey Burayda, men Alloh tarafidin kelgan haq payg‘ambardurman, butun olam xalqiga 
to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgani, ularga haq din o‘rgatgani keldim, seni ham shu dinga da’vat 
qilurman, — dedilar. Buni onglab, Buraydaning ko‘ngliga iymon nuri kirib, tavfiq-ilohiy 
yor bo‘ldi. Darhol shahodat aytib, Islom dinini qabul qildi. Shuning bilan birga o‘lja izlab 
chiqqan sakson kishi barchalari barobar musulmon bo‘ldilar. So‘ngra hazrati Burayda 
aytdi: 
— Yo Rasulalloh, biz Aslam qabilasi, o‘z ixtiyorimiz bilan Islom dinini qabul qildik, bu 
davlatni bizga nasib qilguvchi Alloh taologa hamdlar bo‘lsin. Endi shu ko‘pchiligimiz bilan 
Madina shahriga kirgaymiz. Ko‘pchilik askarning ko‘rki tug‘ (bayroq) bo‘lur, agar ruxsat 
qilsangiz, oldingizda bayroq ko‘tarib kirur edim, — dedi. 
Rasululloh bu ishni ma’qul ko‘rib, ruxsat qildilar. Darhol Burayda boshidagi dastoridin 
yirtib, bayroq yasab, ko‘targan holda Madinaga kirdilar. Rasululloh oldilarida Islom 
olamida birinchi navbat ko‘tarilgan bayroq shul edi. 
PAYG‘AMBARIMIZNING MADINAGA KIRISHLARI 
Madina musulmonlari esa Payg‘ambarimizning hijrat harakatlaridin xabardor edilar. 
Kelar kunlarini mo‘ljallab, har kuni yo‘l to‘sishib, Harra degan toshloqqa chiqishar edi. 
Kun qiziganchalik shu yerda kutishib o‘tirib, so‘ngra qaytishur edilar. Uch kungacha har 
kuni yo‘l to‘sishib, istiqbol marosimini o‘tkazdilar. Payg‘ambarimizning Savr g‘orida uch 
kun yotganlari oshiqcha bo‘lganlikdan, kelar mo‘ljallaridin uch kun o‘tgan edi. Shu 
uchinchi kuni Madina musulmonlaridin ansor, muhojiriy sahobalar boshliq yosh-qari, 
erkak-ayol demay, barchalari Payg‘ambarimizni kutib, istiqbol marosimi ila yo‘lga 
chiqqan edilar. Har qandoq bo‘lsa ham shu kunda kelishlariga jazman ko‘z tutilur edi. 
Kun issig‘i xalqning bo‘yinlarini kuydirgunchalik kutib turishdilar. Xabarlari bo‘lmagach, 
nochor tarqashdilar. Shu chog‘da yerlik yahudlardan birisi o‘z hojati uchun bir egiz do‘ng 
ustiga chiqqan edi, u yon-bu yon qarab turganida Makka tomonidin kelar yo‘l ustida, 
yiroqdin tuya mingan bir to‘p kishilarning qorasi ko‘rindi. Bularning necha kunlardin beri 
to‘sishib yurgan kishilari kelayotgan bo‘lsalar kerak deb: 
— Ey arab eli, baxtinglar keldi, iqbolinglar ochildi, — deb ixtiyorsiz qattiq qichqirgali 
turdi. 
Yo‘l to‘sib chiqqan butun xalq buni ongladilar, qarasalar, yiroqdin ko‘ringan bir to‘p qora 
ichida ikki oq libos kiygan kishilar ko‘rinmoqda edi. Bularning birisi Rasululloh, ikkinchisi 
Abu Bakr Siddiq edilar. Yana shul kuni Madina musulmonlarining Shom tijoratidin 
qaytmoqda bo‘lgan savdogarlari yo‘lda Payg‘ambarimizga yo‘liqib qoldilar. Alar ichida 
ulug‘ sahobalardin Zubayr ibn Avvom bor edi. Har ikki tomondin kelgan musulmonlar 
Madinaga kirar vaqtlarida Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishib, birlashganlari eng ko‘ngilli ish 
bo‘lib, bunga bek quvonishdilar. Shuning ustida hazrati Zubayr Shomdan olgan 
liboslardin ikki oq chopon chiqarib: YO Rasulalloh, yangi kelishingiz uchun, yangilik 
bo‘lsun», deb har ikkovlariga kiygazib qo‘ygan edilar. Yiroqdin yahudning ko‘ziga 
ko‘ringan oqlik shu edi. Bu nido eshitilgandin so‘ngra, butun Madina xalqi yaroq-
yasoqlari ila qo‘zg‘aldilar. Bu to‘sib chiqishgan ko‘pchilik xalq ichida katta-kichik, erkak-

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
73
ayollar, qul-cho‘ri, o‘g‘il-qizlar ko‘p edi. Qo‘llarida childirma chalib turishgan yosh joriya 
qizlar ham bor edi. Payg‘ambarimizning qadamlariga quvonchlik qilib, shu quyidagi she’r 
qo‘shig‘i o‘qilmoqda edi: 
Talaal badru alayno 
Min saniyyotil Vadoi 
Vajabash shukru alayno 
Modao lillohi doi, 
Ayyuhal mab’usu fino 
Je’ta bil amril mutoi. 
Ma’nosi: 
To‘lin oy chiqdi bizlarga Vado tog‘ining ustidin 
Kerakdur shukrini aytmoq, bu dunyo boricha bizdin 
Kelibsiz, xush kelibsiz, ey yubormish tangrining nuri 
Qabul etmak erur bizdin, Xudo amri kelur sizdin. 
Shuning bilan Rasululloh Madina shahridin to‘rt chaqirimcha uzoqlikda bo‘lgan Qubo 
degan qishloqqa kelib, Bani Amr ibn Avf mahallasida Gulsum ibn Xadam degan kishi 
uyiga tushdilar. Rabiul avval oyining o‘n ikkinchi, dushanba kuni edi. Misrlik Mahmud 
posho Falakiyning hisobicha, milodiy tarixi bilan 20 sentyabr 622 yilida edi. Islom 
dinining rivoji shu hijrat so‘ngida boshlanganicha, Hazrat Umar boshliq butun 
sahobalarning ittifoqlari bilan, Islom tarixini shu hijratdin boshladilar. Oy ilgari bo‘lsa 
ham, yil birligini e’tiborga oldilar. Payg‘ambarimizning Madinaga kelishlari rabiul avval 
oyida bo‘lsa ham, hijrat tarixining boshi Muharram oyidan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz 
sallallohu alayhi vasallam hijrat qilmaslaridin ilgari o‘n uch yil Makkada turdilar. Bu 
muddat ichida Payg‘ambarimiz boshliq butun musulmonlar Quraysh mushriklari 
tomonidin qilingan siqindi (tazyiq) ostida turdilar. Erkinlik ila ibodat qilmoqlari u yerda 
yasoq (cheklangan) edi. Bu qutlug‘ hijratdin so‘ngra butunlay ishlar o‘zgardi. Shuning 
uchun din to‘g‘risida siqindi ko‘rganlarga o‘z joyidin hijrat qilmoqlik sunnat bo‘ldi. Diniy 
hijratlar har yerning sharoitiga qarab farz bo‘lishi ham mumkindur. Bu yang‘liq hijrat 
qilish yolg‘iz bizning Payg‘ambarimizga xos bo‘lmay, o‘tgan payg‘ambarlardin ham bir 
nechalari o‘z el, o‘z yerlarida ishlari rivojlanmagan chog‘da, boshqa yoqqa hijrat qildilar. 
Ibrohim alayhissalom Bobildin Shomga, Iso alayhissalom Shomdin Misrga hijrat 
qilganlari tarix kitoblaridan ma’lumdur. Yana, Baytullohni aylanib, tavof qilgan 
hojilarning oyoq ostilarida ko‘milgan to‘rt yuz payg‘ambar borligi hadisda rivoyat qilinur. 
Shu zotlarning barchalari o‘z qavmlaridin kulfat ko‘rib kelganlarida shak yo‘qdur. Yana 
shuni bilmak kerakkim, Rasululloh o‘n uch yil Makkada turgan kunlarida diniy 
e’tiqodlardin ikki ulug‘ asosni xalqqa o‘rgatdilar. 
Birinchisi — tamom olamni yaratguvchi — qudrati ulug‘ yolg‘iz Tangridur va uning oti 
arabcha Alloh-dur. Sifati «Laysa kamislihi shay» ( ) erur. Ya’ni: «O‘xshashi, tengdoshi 
yo‘qdur. Arshdin — farshgacha, zarradin — quyoshgacha, tamomi olamda, har joyda va 
har narsaki bo‘lur bo‘lsa, hech qachonda, ularning hech birisi Allohdin iznsiz, 
Parvardigordin ruxsatsiz bo‘lishi mumkin emas», deb aniq ishonmakdur. Shu aytilmish 
narsalarning barisiga shaksiz, chin ko‘ngli bilan e’tiqod qilmakdur. Mana, Islomning asli 
asosi, ulug‘ ildizi shuldur. Misoli bir daraxtdurki, buning yetmish necha shox-butoqlari 
bordur. Shariat buyurgan farz ishlar — bu daraxtning ulug‘ shoxlaridur. Bundin kichiklari 
— vojiblardur. Undin ham kichikroqlari bo‘lsa, sunnatlaridur. Sharm-hayo, iymon 
daraxtning ko‘rkamlik katta shoxlarining birisidur. Shuning uchun Payg‘ambarimiz: 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling