Tarixi muhammadiy


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet22/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   59

www.ziyouz.com kutubxonasi 
128
bizning foydamiz bilan tugadi, ikkinchi urushimiz kelasi yili Badr maydonida bo‘lsin», 
dedi. Buni anglab, Rasululloh ham kelasi yili Badr maydonida urush qilmoqqa va’da 
qildilar. Shuning bilan Abu Sufyon ham o‘z askariga qarab qaytdi. Aning ortidan 
Rasululloh hazrati Alini yuborib, aytdilarkim: 
— Qaraysan, nima ish qilurlar. Agar tuyalarini minishib, yugurik otlarini yondab 
yetaklashgan bo‘lsalar, o‘z yurtlari Makkaga qaytgan bo‘lurlar. Agar otlarini minishib, 
tuyalarini haydab jo‘nashgan bo‘lsalar, alarning qasdi Madinaga borib, chopul 
qilmoqchidurlar. Alloh oti ila ont etarmankim, agar Madinaga borur bo‘lsalar, shul onda 
orqalaridan yetib borib, alarni Madina ichida qarshi olib, qattiq savashurmiz, — dedilar. 
Bu Uhud urushida sahobalardin yetmish necha kishi shahid bo‘lib, qolganlarining ko‘plari 
og‘ir yarador edilar. Shundoq bo‘lsa ham, bu Xudodo‘st haqiqiy mo‘minlarning bu ishdan 
ko‘ngillari cho‘kib, ruhlari tushmadi, balki bularning himmat va g‘ayratlari avvalgisidan 
ham ortiqroq bo‘ldi. Alar: «To o‘lgunchalik dushmanga qarshi sabot ko‘rsatib, chidamlik 
bilan urush qilgaymiz», deb Rasulullohga qaytadan va’da berdilar, raziyallohu anhum. 
So‘ngra Hazrati Ali Payg‘ambarimizning buyruqlari bilan, alar ortidan qoralab borib 
ko‘rdilarkim, tuyalarini minishib, otlarini yetaklashib Makka shahri tomonga jo‘namoqchi 
bo‘ldilar. Jo‘nash oldida Abu Sufyon Madina shahrini bo‘sh qolganini bilib, shaharni talon-
taroj qilmoqchi, xotun-bolalarni o‘lja, asir olmoqchi bo‘lib, bu to‘g‘rida askar 
boshliqlaridan maslahat so‘radi. Anda Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayya aytdikim: 
— Dushmanlarimiz bu urushda yengilishdilar, alardin bir qanchalari o‘ldirildi, shuning 
uchun qattiq qayg‘urmoqdalar. Agar shul xol ustiga yana Madinaga borib hujum qilur 
bo‘lsak, jon achchig‘ida cho‘ng-kichik demay, borliq quvvatlari bilan qarshi turgaylar, biz 
uchun ul chog‘da qanday natija chiqishi ma’lum emasdur. Hozircha dushmanlarimizni bu 
joyda yenggan bo‘lib, o‘tgan Badr urushida yengilgan nomusimizni qaytardik. Endi, 
shunchalik qo‘limizga kelgan bu ulug‘ yutuqni saqlab qolishimiz kerak, — dedi.  
Bu so‘zga hammalari rozi bo‘lishib, Makkaga qarab qaytdilar. Bu bahona bilan Alloh taolo 
Madina shahrini dushman oyog‘i ostiga tushishdan saqladi. Bu ham Rasulullohning 
mo’jizalari deb aytilsa, loyiqdur. 
Endi dushmanlar ketgandan keyin Rasululloh bu urushda o‘lgan va qolgan mo‘minlarni 
tekshirmoqchi bo‘lib: «Sa’d ibn Rabi’ xabarini kim keltirgay? Bir to‘p dushmanlar qilich-
nayzalariga qarshi chopishib turganligini maydonda ko‘rgan edim», dedilar. Anda ansor 
sahobalardin Ubay ibn Ka’b: 
— YO Rasulalloh, man aning xabarini keltirgaymen, — deb o‘rnidan turdi.  
Rasululloh aytdilar: —  
Agar uni tirik ko‘rsang, mendin salom aytib, holing nechuk bo‘ldi, deb so‘ragil — dedilar. 
So‘ngra ul sahoba o‘liklar ichidan izlab yurib, hazrati Sa’dni topdi. Ramaqi joni bor edi.  
Aytdikim:  
— Rasululloh senga salom aytib, meni yubordilar. Sening holingni bilmakka keldim — 
dedi.  
Anda Sa’d: 
— O‘n ikki yerimdan nayza yeb, yarador bo‘ldim, jon yerimdan o‘tib, zahim ichimga 
tushdi. Endi men tirik emasman, o‘liklar qatoridadurman. Mendin Rasulullohga salom 
yetkazgil, bizga haq yo‘lni ko‘rsatib, hidoyat yo‘liga soldilar. Alloh ularga ajr bersun, 
ikkinchidan, qavm-qarindoshlarimga mendim salom yetkur, to bir jon kishi qolguncha 
Rasulullohni dushmandin saqlasinlar. Agar bu ishda bo‘shlik qilsalar, Alloh oldida uzr 
topa olmagaylar, — deb, jon taslim qildi. Borgan kishi bu xabarni Rasululohga yetkazdi. 
Anda Rasululloh: 
«Rahimahullohu nasaha lillahi va lirasulihi hayyan va mayyitan», ya’ni: «Alloh uni 
rahmat qilsin, Xudoga va uning Payg‘ambariga tirik holida va o‘lar chog‘ida ham 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
129
yaxshilik qildi» deb duo qildilar. 
Buning keyinida ikki qizi qolib, merosiga ega bo‘lgan edi, hazrati Abu Bakr Siddiq 
xalifalik vaqtida bir kuni shu ikki qizning birisi xalifa oldiga keldi. Darhol hazrati Abu Bakr 
yelkasidan ridosini olib qiz ostiga soldi. Shu chog‘da eshikdan Hazrati Umar kirib: «Bu 
kimning qizi?» deb so‘radi. Anda hazrat Abu Bakr «Mendin-sendin yaxshiroq kishining 
qizidur», dedilar. Buni onglab Hazrati Umar: «Ey Rasulullohning xalifasi, u qandoq kishi 
bo‘lgay» dedi. Hazrat Abu Bakr aytdi: «Rojulun tabavva’a maq’adahu minal jannati va 
baqiytu ana va anta hazihi bintu Sa’d ibn Rabi’», ya’ni, «Ul shundoq odamdurki, 
jannatda tayyorlangan joydan o‘rin oldi. Sen bilan biz bu joyda qoldik, endi bu qiz ersa, 
shu maqomni topgan Sa’d ibn Rabi’ qizidur». 
Rasululloh amakilari amir Hamzani o‘zlari izlab: «buni ko‘rgan kishi bormu?» deb 
so‘raganlarida, bir kishi turib: «YO Rasululloh, anavi ko‘ringan qo‘ram toshlar oldida 
«ana asadulloh, ana asadurasulilloh», ya’ni «Men Allohning asrlonidurman, 
payg‘ambarining yo‘lbarsidurman», deb na’ra tortib, qilich chopib yurganini ko‘rgan 
edim», dedi. Rasululloh ul joyga kelib ko‘rdilarkim, shu joyda yiqilib, shahid bo‘lmishdur. 
Ko‘zlari o‘yilgan, quloq-burunlari kesilgan, qorinlari yorilib, ichak-chavaqlari chuvalgan, 
qisqasi bu muborak tanga ko‘z qarab, chidab turolmaslik darajada dushmanlar tarafidan 
vahshiyliklar qilingan edi. Rasululloh bu holni ko‘rib, qattiq xafalanib qayg‘urdilar. 
Muborak yuz-ko‘zlari yoshga to‘ldi. So‘ngra aytdilar: 
— Ey amakim, Alloh seni rahmat qilsin, yaxshi ishlarga yovuq (yaqin), yomon ishlardan 
yiroq eding. Sening mehribonligingdan qarindoshlaring qoniq edilar. Ey Allohning arsloni, 
bizning qarshimizga kelgan g‘amu qayg‘ularin qaytarur eding, — deb muborak 
ko‘zlaridan yosh to‘kdilar. 
Hazrati Ibn Ma’sud aytdi: Rasululloh hazrati Hamzaga qattiq yig‘ladilar, undan boshqa 
hech kimga bundoq yig‘lamagan edilar». 
Rasululloh aytdilar: 
— Birodarim Jabroil menga dedikim: — «Etti qat osmon farishtalari hazrati Hamzani 
«Asadulloh» deb ataydilar». Butun osmonlarda shu nom ila tanilmishdur. 
So‘ngra Rasululloh hazrati Zubayrga buyurdilarkim: — Hazrati Hamzaning qiz qarindoshi 
Safiyani yo‘ldin qaytargaysan, chunki inisining bundoq og‘ir o‘ldirilganligini ko‘rib 
qolmasun.  
Safiya Rasulullohning ammalari bo‘lib, hazrati Zubayr Safiyaning o‘g‘lidur. Xotinlarning 
bir tuqqan qarindoshlariga mehribonligi boshqalardan ortiqroq bo‘lur. Shuning uchun bu 
holda ko‘rsa, aning g‘amginligi aqliga g‘alaba qilmasin, deb unga ko‘zi tushmasligini 
maslahat ko‘rdilar. Hazrati Zubayr Rasulullohning amrlari bilan onasi Safiyani qaytarmoq 
uchun yo‘lini to‘sdi. 
Anda Safiya:  
— Ey o‘g‘lim, mening yo‘limni to‘smagil, qarindoshim Hamzaga dushmanlarning qilgan 
ishlarini onglagandurman. Xudo yo‘lida, payg‘ambar oldida ko‘rilgan har qandoq og‘ir 
musibatlarga rozidurman, inshaalloh! Bu ishga sabr qilib, Allohdin ajr kutarmen, — dedi. 
Bu so‘zni Rasulullohga yetkazgandin keyin, Safiyaga ruxsat qildilar. 
Uhud shahidlarining qonlik liboslari kafanlari bo‘ldi. Rasululloh amrlari bilan Uhud tog‘ida 
barchalari dafn qilindilar. Lekin, ikki odam, uch odam bir qabrga qo‘yilgan edi. Chunki 
o‘limdan qolgan musulmonlarning ko‘pchiligi yarador va qattiq charchashgan edilar. Har 
shahid uchun ayrim qabr qazimoq ul kunlarda oson emas edi. Shahidlar sayidi hazrati 
Hamza o‘z jiyanlari Abdulloh ibn Jahsh bilan ikkovlari bir qabrga qo‘yildilar. 
Rivoyatda kelibdurkim, ushbu Uhud urushida Abdulloh ibn Jahshning chopib turgan 
qilichlari o‘rtadan sinib, ikkiga bo‘linib ketdi, yugurganicha Rasululloh oldilariga kelgan 
edi: «Ol buni», deb qo‘liga bir qurigan xurmo shoxini berdilar. Buni qo‘liga olishi bilan 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
130
naq qilich bo‘ldi. Bunga o‘xshagan mo’jizalarni o‘z o‘rni kelganida yana ochiq bayon 
qilurmiz, inshaalloh. Shundoq bo‘lib, hazrati Hamza qabrga qo‘yilganda, payg‘ambarimiz 
muborak ko‘zlariga yosh olib turib: «Agar Safiyani ayamasam erdi va uning qattiq 
qayg‘urishini andisha qilmasam erdi, Hamzani ko‘mmagay erdim va aning jasadini itu 
qushlar yeb ketsun edi, bu ish menga Alloh oldida ulug‘ hujjat bo‘lur edi», dedilar. 
Yana Rasululloh aytdilar: 
— Bu shahidlar uchun Xudo oldida guvohlik bergayman, ular qaysi holda shahid 
bo‘lsalar, qiyomat kunida shu hol bilan qabrdan qo‘pgaylar. Jarohatlaridan qon oqib 
turgay, ko‘zlariga qondek qizil ko‘rinsa ham, aning isi mushk-anbardin ortiqroq bo‘lgay. 
Yana bir rivoyatda keldi, Payg‘ambarimiz sahobalarga aytdilar: 
— Uhud (jangida) tog‘ida shahid bo‘lgan birodarlaringizni Alloh rahmat qildi. Alardin 
Alloh rozi bo‘ldi. Shahidlar arvohlarini yashil ranglik jannat qushlari qildi. Jannat 
mevalaridan yegaylar, Kavsar suvlaridan ichgaylar. Arshning ostiga osilgan oltin 
qandillarga qo‘nib yotgaylar. Bu shaxidlar qachonkim bundoq noz-ne’mat, aysh-rohat 
ko‘rdilar esa degaylarkim: «Ey koshki u dunyoda tirik qolgan birodarlarimiz bizning 
bundoq rohat topganimizni bilgan bo‘lsalar edi, har vaqt Xudo yo‘lida, haq yo‘lida 
urushdan, o‘lishdan qo‘rqmas edilar». Anda Alloh taolo aytdi: — «Ey shahidlar, shod 
bo‘linglar, u dunyoda qolgan mo‘min birodarlaringizga bu xabarni o‘zim yetkazurman». 
So‘ngra shahidlar haqida alarning topgan darajalarini, ko‘rgan rohatlarini bayon qilib, 
Alloh taolo Rasulullohga ushbu oyatni yubordi: 
«Vala tahsabannallaziyna kutiluv fi sabiylilloh amvatan, bal ah’yaun inda robbihim 
yurzaquvn, farihiyna bima atahumullohu min fazlih. Vayastabshiruvna billaziyna lam 
yalhaquv bihim min xolfihim, anla havfun alayhim valahum yahzanun». 
Ma’nosi: «Xudo yo‘lida g‘azotda o‘ldirilgan mo‘minlar o‘lik, deb o‘ylamanglar, balki ular 
Alloh oldida tirikdurlar. Jannatdin rizqlarini yeb-ichib turgaylar, Alloh taolo ularga bergan 
fazli karami, noz-ne’matlari bilan xursanddurlar. Ortlarida hayot qolib, alarga qo‘shila 
olmagan g‘azot yo‘ldoshlari mo‘minlarni o‘zlariga kelib qo‘shilishlariga mushtoqdurlar. 
Shahidlarga hech qo‘rqinch bo‘lmagay. Va ular hech qandoq g‘am-qayg‘u yuzini 
ko‘rmagaylar», demakdur. 
Endi bu o‘rinda shahidlar haqida payg‘ambarimiz aytgan hadislardin biroz bo‘lsa ham 
bayon qilib o‘tamiz. 
Rasululoh aytdilar: 
— Payg‘ambarlar va Xudo yo‘lida g‘azot qilib, so‘qish maydonlarida o‘lgan shahidlar 
qabrlarida chirimaydilar. Ularni yeyishni Alloh taolo tuproqqa harom qildi. Boshqa barcha 
insonlar o‘lgandin keyin chirib tuproq bo‘lgaylar. 
Yana bir rivoyatda keltirilur: 
— Uhud shahidlaridan hazrati Jobirning otalari Abdulloh ibn Umarning qabrini qirq necha 
yil o‘tgandan keyin sel yuvib, ochib ketdi. Ota-o‘g‘il har ikkovlari bir qabrga qo‘yilgan 
edilar. Ko‘rdilarkim, bularning tanlarida hech qandoq o‘zgarish bo‘lmabdur. Yangi yotgan 
o‘likdek barcha a’zolari salomat ekandur. 
Hazrati Muoviyaning halifalik zamonlarida Uhud tog‘idagi shahidlar yotgan qabriston 
ichidan ariq o‘tkazmoqchi bo‘ldilar. Ochilgan o‘liklarni boshqa joyga ko‘milsin, deb 
Muoviya buyruq chiqardi. Shul kunlari bir necha shahidlarning qabri ochilgan edi. 
Qarasalar, kechagina ko‘milgandek, tanlari yumshoq, a’zolari salomat ekan. Hazrati 
Hamzaning muborak tanlariga ketmon tegib ketdi, xuddi tirik kishidek qon oqqanligini 
ko‘rdilar. Bu shahidlarning qo‘yilganiga yaqin ellik yil bo‘lgan edi, raziyallohu anhum. 
Ansor sahobalaridan bir xotunning eri, o‘g‘li va ham uning akasi Uhud urushida shahid 
bo‘ldilar. Buni xotun onglagach «Inna lillahi va inna ilayhi roji’uan» oyatini o‘qib, so‘ngra 
Rasululloh qanday bo‘ldilar, deb so‘radi. Rasululloh oldinroqda kelayotgan edilar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
131
Xotunning ko‘zi Rasulullohga tushgach, etaklariga yopishib: — «Ota-onam sizga fido 
bo‘lsin, yo Rasululloh, siz salomat bo‘lgandin keyin, boshqa musibatlarga parvo 
qilmasman. Man alarning dardi firoqlariga sabr qilurman», dedi. 
Ey bor Xudoyo, shu xotunning sodiq ixlosi, Rasulullohga qilgan shu muhabbatining haqqi 
hurmatidan barcha gunohlarimizni afv qilgil, ustimizga kelgan va kelmakda bo‘lgan 
balolarni o‘zing daf qilgin. Omin. 
Yana shu Uhud urushida hazrati Qatoda dushmanlar tarafidan Rasulullohga qaratib 
otilgan o‘qlarga o‘zini tutib, Payg‘ambarimizni qo‘riqlab turgan edi. Shu chog‘da bir o‘q 
kelib uning ko‘ziga qadaldi, uning zarbidan ko‘zi oqib, yuziga tushdi. Sahobalar buni 
kesib tashlaylik desalar ham, o‘zi rozi bo‘lmay, ko‘zini oloqoniga (ya’ni, kaftiga) 
qo‘yganicha Rasululloh oldilariga keldi. Bu holni ko‘rib payg‘ambarimiz unga rahm 
qilganlaridan yig‘ladilar. So‘ngra muborak qo‘llari bilan ko‘zini o‘z joyiga qo‘yib turib: «Ey 
bor Xudoyo, quling Qatoda payg‘ambaring yuzini qo‘riqlab, o‘z yuzini dushmanlar o‘qiga 
qalqon qildi. O‘q tekkan bu ko‘zini sog‘ ko‘zidan ham ko‘rkamroq qilgaysan», deb qutluq 
qo‘llari bilan silab edilar, ko‘zi burungisidan ham yaxshiroq bo‘ldi. Qolmish umrida hech 
ko‘z og‘rig‘i ko‘rmadi. 
Yana sahobalardin Gulsum ibn Haysam degan kishining ko‘ksiga o‘q tegib, qattiq 
yaralandi. Shu holda o‘zini Rasulullohga yetkuzdi ersa, aning yarasiga tufurib edilar, 
darhol shifo topib, ko‘rmagandek bo‘ldi. Bu ishlar ersa, Rasulullohning mo’jizalaridur. 
So‘ngra dushmanlarning Makka shahriga jo‘nab ketganliklari aniqlangandan keyin, 
Rasululloh Madinaga qaytmoqchi bo‘lib, muborak otlariga mindilar. Atroflarini o‘rashib 
oldi-orqalaridan sahobalar yurdilar. Oz sonlik bir necha kishilardan boshqa qolgan 
hammalari yarador edi. Qachonkim, tog‘ tagiga kelib edilar, Rasululloh: «Bu joyda 
Parvardigorga hamd-sano aytgayman, orqa tarafimga o‘tib, hammanglar saf bog‘lab 
turgaysizlar», — dedilar. Barcha sahobalar saf bog‘ladilar, bular ortidan o‘n to‘rt nafar 
xotunlar turib saf bog‘lashdi. So‘ngra shul yerda Rasululloh Xudoga munojat qilib, uzun 
hamdu sano aytdilar. Buning haybatidan tog‘lar, yeru osmonlar titraguvdek bo‘ldi. 
Ko‘zlardan yoshlar oqib, ko‘ngillar erib suv bo‘ldi. Shul holda Madina sari yurdilar. 
Madina xalqi ham bu urushda kim o‘ldi, kim qoldi, deb, qolgan-o‘lganlarning qavmu 
qarindoshlari yo‘l to‘sib chiqmoqda edilar. Hammadin ilgari Himna degan xotun kishi 
Rasulullohga qarshi keldi. Bu xotun bo‘lsa, Rasulullohning ammalari Umayma bint 
Abdulmuttalibning qizi edi. Rasululloh unga ta’ziya aytdilar. 
— YO Rasululloh, kimga ta’ziya qilursiz? — deb so‘radi. 
— Tog‘ang Hamzaga ta’ziya qilurman, — dedilar. 
— Yana kimga ta’ziyat qilursiz? — dedi. 
— Akang Abdullohga, — dedilar. «Inna lillahi» oyatini o‘qib: — Bularga shahodat 
darajasi muborak bo‘lgay, bularni Alloh rahmat qilgay — dedi. 
Yana Rasululloh:  
— Ering Mis’ab ibn Umayr ham shahid bo‘ldi. Unga ham ta’ziyat ayturman. Alloh senga 
sabr bersin,— deb edilar, ul xotun: «Vo vaylo va huzno» deb qattiq baqirib yig‘ladi. Buni 
ko‘rib Rasululloh aytdilar: «Bu xotunning ko‘nglida erining hurmati va uning muhabbati 
ortiq ekandur, deb ul xotunni chaqirib:  
— Nega bundoq qilding?» — deb so‘radilar.  
Xotun:  
— YO Rasulalloh, farzandlarim ko‘p erdi, alarning yetim qolishlari yodimga yetib, aqlim 
shoshganlikdan shundoq qildim, — dedi. 
Rasulullohning unga ko‘p rahmlari keldi. Bu xotunning va uning farzandlarining haqqiga 
duo qildilar. Shuning ustiga hazrati Sa’d ibn Mu’ozning oq sochlik kampir onasi 
Rasulullohga qarab yugurib kelmoqda edi. Rasulullohning jilovlarida kelayotgan hazrati 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
132
Sa’d onasini ko‘rib: «YO Rasulalloh, sizni ziyorat qilmoqqa onam kelur», dedi. «Marhabo, 
xush kelding», deb otlarini to‘xtatdilr. Amr ibn Mu’ozga ta’ziyat qilib: 
— Ey Sa’dning onasi, men senga bashorat berurman, suyunchalik xabar ayturman. Uhud 
urushida shahodat topgan kishilarning xotun-bolalariga, alarning qarindosh-urug‘lariga 
bu xushxabarni sen yetkazgil. Alloh ulardin rozi bo‘ldi, barchalarini rahmat qilib, jannatul 
Firdavsda hammalariga bir o‘rindin joy berdi. Bu dunyoda Islom dini uzra hammalari 
birga edilar. Jannatning ne’matlari ichra yana barchalari birga bo‘ldilar. Qiyomat kunida 
har bir shahid o‘z qavm-qarindosh, yoru do‘stlarini shafoat qilmoqqa Allohdin izn oldilar, 
— dedilar. 
Rasulullohning bu so‘zlari ochiq dalildurkim, qiyomat kunida payg‘ambarlardan keyingi 
eng ulug‘ shafoatni Alloh taolo shahidlarga bergay. Xudo izni bilan shahidlar o‘z qavm-
qarindoshlarini shafoat qilgaylar, Xudo yo‘lida shahodat topgan chin shahidlardin Alloh 
rozi bo‘lgay, alar ham Xudodin rozi bo‘lgaylar. 
Anda Sa’dning onasi bu so‘zni onglagach: 
— YO Rasulalloh, biz endi rozi bo‘ldik, shahidlarimiz bundoq daraja topgan bo‘lsalar, 
alarni qayg‘urib biz nechuk yig‘laylik? YO Rasululloh, shahidlarimizning oilalari haqida 
duo qiling, — dedi.  
Anda Rasululloh bu duoni qildilar: 
«Allohumma azhib huzna qulubihim vajbur musibatahum va ahsinil halafa alo man 
xallafuv». 
Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, musibat ko‘rgan kishilarning ko‘ngillaridan g‘am-g‘ussalarini 
ketkazgil. Musibatdin yetgan siniqlarini tuzatgil, orqada qolgan oilalari ustiga yaxshi 
odamlardan yordamchilar yetkazgil», demakdur. 
Bu duolari ijobat bo‘lib, ularning haqida nima degan bo‘lsalar undin ham yaxshiroq 
bo‘ldi. Payg‘ambarimiz aytibdurlarkim: «Ummatlarimdan agar biror kishining farzandi 
vafot topsa, vafot topishi bilan ikki rakat sabr namozi o‘tab, ushbu duoni o‘qib: 
«Allohumma ajirniy musibatiy va axlifni xayram minha», ya’ni: «Ey Tangri, shu 
musibatimda meni ajirlik qilgil, aning o‘rniga andin ham yaxshirog‘ini bergil», deb duo 
qilsa, albatta, Alloh taolo uning o‘rniga yaxshirog‘ini ato qilgay», dedilar. 
Qissadin hissa, so‘zdin so‘z chiqar degandek, bu kitobni yozguvchi Alixon Shokirxonto‘ra 
o‘g‘lidurman, tahminan hijrat tarixining 1342 yili erdi, o‘z tug‘ilgan joyim, ona Vatanim 
Turkistonning eski markazi, tarixlarda Bolasog‘un nomlik, bu kunlarda To‘qmoq deb 
atalgan shaharda diniy xizmat qilib turdim. Shu chog‘da yoshim o‘ttizdan ko‘p oshmagan 
edi. Shu yili yerimizda qizamiq kasalligi tarqalib, unga qarshi tibbiy yordamlar 
yetishmaslikdin, bu illatdin ko‘p bolalar o‘limga uchradilar. Shu qatorda mening ham uch 
o‘g‘lim, besh yoshlik Asrorxon, Muhammadxon, Muxtorxon, bular bir yarim yoshlik, uch 
kun ichida ketma-ket vafot topdilar. Asrorxonni omon qolishini tilab, ukalari o‘lganida 
ko‘p ortiqcha koyinmadim. Avval ikki ukasi vafot bo‘lib, so‘ngra Asrorxonning kasali ham 
og‘irlashdi. Men qilmagan iloj qolmadi. O‘zimning ham eski tib ilmidan anchagina 
ma’lumotim bor edi. Turlik ilojlarni qilib ko‘rdim, hech bir foyda bermadi. Oxiri jismoniy 
ilojlardin zerikib, ruhoniy ilojlardin shifo izladim. Yaxshi odamlarga dam soldirish, Xudo 
yo‘lida xayr-ehson qilib, sadaqa berish kabi ishlarni ko‘p qildim. Bulardin ham hech 
foyda ko‘rolmadim. Kishilarning o‘qib, dam urganiga qanoat qilmay, bu ishga o‘zim 
kirishib, bir o‘ltirishda to‘rt-besh soat tinmasdin har turlik duolar o‘qib, dam urdim. Buni 
ham foydasini bilmadim. «Hayotul hayvon» kitobida aytilgan ekan: 
«Agar kishi boshiga bir mushkul ish tushsa, katta bir semiz qora qo‘chqor olsin. Uni, 
boshiga mushkul tushgan kishi o‘z qo‘li bilan bo‘g‘izlasin. Agar bu qiyinchilik bolasi 
ustida bo‘lsa, otasi: «Ey bor Xudoyo, shu qo‘chqorning joni bolamning joniga badal 
bo‘lsin» deb Allohdin tilab turib, pichoq sursin, so‘ngra uning go‘shtini oltmish bo‘lak 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
133
qilib, oltmish miskinga bersin, xohi jon, xohi molga, har qandoq mushkul balo kelgan 
bo‘lsa, shu bilan daf bo‘lgay, bu ish mujarrab deyilmishdur». 
Bu ham qolmasin, deb ixlos bilan ko‘p yerlardan izlatib yurib, shul sifatlik qo‘chqorni 
toptirib keldim. O‘zim umr ichida mol emas, chumchuq ham so‘yib ko‘rmagan bo‘lsam 
ham, bu jonivorni bolamga fido qilsam, Ismoil alayhissalom o‘limdan qutulgandek, 
bolamni joni salomat qolgaymu, deb boshyalang qiblaga qarab turib, ul jonivorni 
bo‘g‘izladim. Kitobning deganidek, oltmishga taqsim qilib, bo‘lgunimcha ulgurolmay, 
kechaga qoldi. Tun yarmida o‘tib, el qattiq uyquga botdi. Bundoq vaqtda oltmish 
miskinni qayoqdan topgaymiz, niyat qilib, ishimizni bitirdik, tong otgandin so‘ngra bu 
ishni bajargaymiz, deb qaytib kelib, bola oldiga kirsam, o‘g‘limning xoli og‘irlashib 
qolibdur. Marhum onasi, qarab turishga toqatim qolmadi, deb bolasi quchog‘imga qo‘yib, 
o‘zi yig‘lab tashqariga chiqdi. Ikkinchi kirishga chiday olmay, qo‘ra aylanib yig‘lab yurdi. 
Men bo‘lsam yuziga qarab termulib o‘tirishdan boshqa chora topa olmadim. Butun 
sabablaridin qo‘l tortib, qazoni kutib o‘ltirdim. Shu paslashganicha paslasha borib, oxir 
sahar vaqtida jon taslim qildi. Qazoga hech chora yo‘qligi ko‘z oldimizga keldi. O‘zimning 
naqadar ojiz ekanligimni yaxshi tushundim. Bu bolaning dardidan ikki-uch kun ilgari 
o‘lgan ikki go‘dakni ko‘p eskarmagan bo‘lsak ham, bundin ajragan so‘ngida uch farzand 
dog‘i bir kelib, yuraklarimizni yondirdi. Bu og‘ir yukni ko‘tarolmay, onasi o‘zidan ketib 
yiqildi. Bu ham o‘lgan qatorida bo‘lib, uy o‘rtasida cho‘zilib yotdi. Men shu holatda turib, 
payg‘ambarimiz alayhissalomning aytgan qutlug‘ so‘zlarini eskardim. Darrov tahorat 
olib, ayvonga chiqib, ikki rakat sabr namozi o‘qidim. Namoz ortidan qo‘l ko‘tarib, 
Payg‘ambarimiz o‘rgatgan duoni o‘qib, Xudodan talab qildim. 
Alhamdulilloh, tilagim qabul bo‘lsa kerakkim, yil o‘tmay o‘g‘lim Muhammadyor tug‘ildi. 
Kundan-kunga o‘sib, ofatlardan omon bo‘lib, Xudo umrini berdi. Mana shu kunlarda 
hijriy 1374, melodiy 1956 erdi, yoshi o‘ttizga to‘lib, yigitlik qiromiga keldi. Davrimizdagi 
fanniy ilmlardan anchagina bahra topgan bo‘lsa ham, ammo diniy ilmlar tahsiliga bu 
kungacha bo‘shay olmagan edi. Yuqorigi bobolarimizdan boshlab, bizning oilamiz ilm 
oilasi bo‘lganligimizdan bu ulug‘ sharafga avlodimiz ichida birortasi ega bo‘lgaymu, yoki 
bu fazilatdin kelasi kunlarda zamona ta’siriga qarab barchalari mahrum qolgaymu, deb 
doim qayg‘urmoqda edim. Chunki yoshim yetmishdan o‘zib, umrimning ko‘pi ketib, ozi 
qolganligi ko‘z oldimdadur. Agar bu sharafdin barchalari benasib bo‘lsalar, umr ichida 
yiqqan, umr yo‘ldosh kitoblarimga kim ega bo‘lgay? Qorong‘u tokchalardan chang bosib, 
kimlar qo‘lida qolgay, deb hayol qilib, ko‘p zamonlardin beri qo‘rqib yurmoqda edim. 
Alhadulilloh, Tangrimga shukr, ushbu yozilmish kitobim hurmatidin bo‘lishi kerakdur. 
Alloh taolo bu g‘amdin meni shu kunlarda qutqazdi. O‘g‘lim Muhammadyor oldimga 
kelib, chin ixlos bilan din ilmining asosiy hisoblangan «sarf — nahv»din, boshlab o‘qishga 
kirishdi. Jumla ofatlardin Alloh asrasin, dunyoda izzati, oxiratda sharofati yetguvdek ilm 
ato qilsin, omin! 
Bu voqealik so‘zni bu kitobda yozishning o‘rni bo‘lmasa ham, birinchi, shu maqsad qo‘lga 
kelishiga Rasulullohning tarjimai hollarini bayon qilib, yozayotgan shu kitobimni shafe’ 
keltirdim. Ikkinchi, so‘ngi avlodlarga yodgorlik bo‘lsin deb bu so‘zlarni yozdim! 
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. 
Shundoq qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhuddan qaytib, Madina shahri 
ichiga kirdilar. Qarasalar, har uydin ansor xotunlari o‘lganlarni yo‘qlab, yig‘lab yoturlar. 
Buni ko‘rib Rasululloh: «Hamzatu la bavokiya lahu», ya’ni, «Hamzaning yig‘laydiganlari 
yo‘q», deb ko‘zlariga yosh oldilar. Chunki hazrati Hamza o‘zlari hijrat qilib, Madinaga 
kelganida xotun-bolalari Makkada qolishgan edilar. Rasulullohning jilovlarida kelayotgan 
ansor raisi Sa’d ibn Mu’oz bu so‘zni eshitdi ersa, o‘ziga qarashlik bir necha xotunlarga 
«Rasululloh uylariga borib, Hamzani yo‘qlab yig‘lab turinglar», deb buyurdi. Madina 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling