Tarixi muhammadiy
Download 5.12 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- URANA VOQEASI
- AZAL VA QORRA QABILALARNING XIYONATLARI
- BANIN-NAZIR G‘AZOTI
www.ziyouz.com kutubxonasi 140 Fotimadin imom Hasan tug‘ildi. Ummu Gulsum qizlarini payg‘ambarimiz Hazrati Usmonga shu yili nikoh qilgan edilar. Bundin ilgari Ruqiya degan qizlarini bergan bo‘lib, ul vafot qilgan edi. Hazrati Usmon Rasulullohning ikki qizlari bilan nikohlandi. Shuning uchun laqablari «Zunnurayn» bo‘ldi. Ma’nosi — «ikki nur egasi», degan bo‘lur. Yana shu yili, Uhud urushidan keyin, Qur’on hukmi bilan aroq harom qilindi. Aning haqida ushbu oyat keldi: «YO ayyuhal laziyna amanu innamal xamru val maysiru val ansobu val azlamu rijsum min amalish-shaytoni fajtanibuv laallakum tuflihuvan, innama yuridush-shaytonu an yuvqia baynakumul adovata val bag‘zoa fil xamri val maysiri vayasuddakum an zikrillohi va anissaloti fahal antum muntahuvan». Ya’ni: «Ey iymon keltirguvchi mo‘minlar, hukm shuldur, bundin o‘zga emasdurkim, aroq ichmak, qimor o‘ynamoq, butlarga sajda qilmoq, fol o‘qlariga ishonmoq, mana shu to‘rt narsa shaytonning chiqargan ishlaridan eng yomon ishdur. Albatta, bu ishlardin saqlaninglarkim, hamma yomonliklardan qutulg‘aysizlar. Aroq ichib, qimor o‘ynamoqda shayton o‘rtalaringizga qattiq dushmanlik solgay va yana Allohni yod qilmoqdin, va namoz o‘tamakdin sizlarni qoldirgay. Endi bu narsalar insonga shundoq ziyon keltirur ersalar ham nechun ulardin saqlanmagaysizlar, albatta, ulardan saqlaninglar» demakdir. Bu oyatni onglagan barcha sahobalar, «Saqlandik» deb javob qildilar. Bunday bo‘lgach, endi har davrning musulmonlari ham shu javobni berib, ushbu ziyonlik narsalardan saqlanishlari albatta lozimdur. Yuqorigi oyatda aytilgan to‘rt narsaning birisi «azlon» bo‘lib, buni «fol o‘qlari» dedik. Buning ochiq ma’nosi shundoq erdikim, uchida o‘qi yo‘q uch dona o‘q yoylarining birinchisiga «If’al», ikkinchisiga «Lo taf’al» so‘zlari yozilgan. Uchinchisiga hech narsa yozilmagan, quruq mana bu uch yog‘och o‘q bir to‘rvaga solinib, Ka’baga osib qo‘yilgan edi. Birinchi so‘z ma’nosi «qil» degani bo‘lib, ikkinchisi qilmadir. Uchinchisida— so‘z yo‘q, qilish-qilmaslik o‘z ixtiyorida. Ka’baga osilgan o‘qlardin boshqa har qaysi arab uyida ham shundoq o‘qlar saqlanur edi. Mana endi bulardin bir kishi safarga chiqmoqchi yoki urushga bormoqchi, yoki biror muhim ish qilmoqchi bo‘lsa, ul kishi kelib shu to‘rvaga qo‘l solar edi, uning qo‘liga qaysi o‘q chiqsa, shunga qarab ish qilur edi. Masalan, «if’al» chiqsa, ul kishi qilgay va aksincha, yozilmagani chiqsa, qilar- qilinmasligi o‘z ixtiyorida bo‘lgay. Mana shundoq ishlarga bog‘lanib turish Islom shariatida shu oyat hukmi bilan xarom bo‘ldi. Endi mo‘min odamga lozim shuldurkim, agar shariatga sig‘adigan bir ish qilmoqchi bo‘lsa, foyda-ziyonini avval tekshirgandin so‘ngra, Allohga tavakkal qilib, u ishga kirishsin, bo‘lar-bo‘lmas narsalardin shak olib, iymoni bo‘sh kishilardek har narsadin fol ko‘tarib, o‘ziga foydalik ishlardin quruq qolmasin. Chunki Alloh taolo Qur’onda aytdi: «Fa iza azamta fatavakkal alalloh», ya’ni: «Bir ishni qilmoqqa qasd qilsang, Allohga tavakkal qil», dedi. Bu oyatdin chiqqan Allohning buyrug‘icha, har ishning yaxshi-yomonligini tekshirib chiqqandin so‘ngra, ul ishni qilish-qo‘yishda, albatta, Allohga tavakkal qilmoq har bir mo‘min kishiga farz bo‘ldi. O‘tgan oyatda aytilgan to‘rt narsani «shayton ishlaridan eng yomon ishdur, albatta bundin, saqlaninglar», deb Alloh taolo bandalariga buyuradi. Bularning yomonligi, agar o‘ylab qarasa, har qandoq kishiga ham ma’qul bo‘lur. Ayniqsa, aroq bilan qimor, bularning dinga va dunyo turmushiga eng qattiq ziyon qilishini bu oyatda Alloh taolo ochiq ko‘rsatdi. Chunki insonlarda eng qimmatlik narsa, kishining aqlidur. Ichkilikka kirishgan kishilar, shundoq ulug‘ ne’matdin, bahosi yo‘q gavhardin ajraydilar. Chunki aroq ichib esirmak, kishi sog‘liq sotib, telba bo‘lmog‘i demakdir. Buning ruhoniy tarafdin qandoq ziyoni ko‘p ersa, jismoniy tomondin tan sog‘liq ishlariga undin ham ziyoni ko‘proqdir. Islom xukamolarining ustozlaridan Abu Ali ibn Sino aytibdurkim: «Ichkilikka o‘rgangan Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 141 odamlar ko‘pincha shol yoki qaltiroq kabi qo‘rqinchlik dardga yo‘liqqaylar». Yana Rasululloh aytdilar: «Al xamru jammoul ismi va ummul habois». Ya’ni «Aroq gunohning xazinasi va barcha yomonlikning onasi». Agar bir kimsa o‘zi bilaturib, qiz farzandini aroqxo‘rga bersa, ul kishi o‘z qizini zinoga tutib berganning gunohini topgay, dedilar. Endi bundoq bo‘lgach, har bir mo‘min musulmonlar bu oyat-hadis mazmuniga amal qilib, bundog‘ ulug‘ gunohdin o‘zlarini saqlasinlar va bir necha soatlik bosh og‘rig‘ini kayf qilish xayolini xush ko‘rib, dunyo va oxiratlarini xarob qilmasinlar. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Makkadin Madinaga Rasululloh hijrat qilib kelganlaridan so‘ngra yigirma yetti qatim o‘zlari askarga bosh bo‘lib, urushga chiqdilar. Qolgan urushlarga o‘zlari Madinada turib askar chiqardilar. Payg‘ambarimiz boshchi bo‘lib, urushga chiqqan bo‘lsalar, uni g‘azot safari deb aytilur. Agar o‘zlari chiqmagan bo‘lib, oz-ko‘p askar yuborgan bo‘lsalar, uni ilg‘or safari deyilur. Uhud urushi o‘tib, bir necha oydin keyin Rasulullohga shundoq xabar keldikim, Bani Asad qabilasining raislaridan Talha va Salama degan kishilar bosh bo‘lib, urush qilmoqqa askar to‘plamoqdadurlar. Buni eshitib, darhol bir yuz ellik kishilik bir bo‘lik cherik (askar) chiqarib, Abu Salamani askarga boshliq qildilar. Bu safarlari esa, hijratning to‘rtinchi yili, Muharram oyining boshlarida edi. Bu askar ildamlik bilan dushman yeriga yetib borib, tuyuqsizdan ular ustiga chopul qildilar. Qarshi turmoqqa dushmanlarning qudratlari qolmadi. Mol boqib yurgan uch qullarini qoldirib, qolganlari esa tog‘u toshlarga tarqalib qochdilar. Alarning tashlab qochgani qo‘y-echki, tuyalarini haydashib, o‘n kun ichida salomat Islom askari Madinaga qaytib kelishdilar. URANA VOQEASI Yana shu yilning Muharram oyida ansor sahobalaridan Abdulloh ibn Unays degan kishini Arafot tog‘i yaqinida, Urana degan yerga yubordilar. Ul joyda Huzayl qabilasining raisi Sufyon ibn Xolid Rasulullohga qarshi askar to‘plab, Madina ustiga yurish qilmoqchi edi. Bu xabar Rasulullohga eshitilgach, Abdullohga buyurdilarkim: Bu xizmatga yashirincha yolg‘iz o‘zi borgay, payt topib fitna boshlig‘i bo‘lgan kishini o‘ldirib, qaytgay. Anda Abdulloh: — Ey Rasululloh, bu ishni bajarish ustida, agar hojat tug‘ilib qolsa, yolg‘on so‘z qilmoqqa ruxsat qilurmisiz? — dedi. Zarurat holda yolg‘on so‘zlashga Payg‘ambarimiz ruxsat qildilar. So‘ngra shu hijratning to‘rtinchi yili, Muharram oyining beshinchi kunida ul kishi Madinadan chiqib, bir necha kun ichida dushman yeriga yetib, u bilan ko‘rishdi. — Qaysi qabiladin erursan? — deb so‘radi, — Xuzoa qabilalsidan bo‘lurman, Muhammad bilan urushmoq uchun seni askar yig‘ibdi, deb eshitdim, unga dushman bo‘lganligimdan men ham fidoiy bo‘lib shu urushga qatnashmoqqa keldim — deb javob qildi Abdulloh. Bu so‘zni onglashi bilan uning ko‘ngli ko‘tarilib, aytdikim: — «Anglaganing to‘g‘ridur. Muhammad bilan urush qilmoqqa askarimiz yig‘ilib tayyor bo‘ldi. Bu yaqin orada Madina sari yurish qilmoqchidurmiz, xush kelding, — deb Abdullohni o‘z chodiriga boshladi. Kech bo‘lib, boshqalari tarqalib ketdilar. Abdulloh so‘zini so‘nin (yaxshi) ko‘rib, el uyquga ketgunchalik uxlamasdin, so‘zlashib o‘ltirishdi. Rasulullohdin so‘z ochib: — Muhammad shu kungachalik men kabi urush yo‘lini bilgan bir kishiga yo‘liqmagan bo‘lsa kerak. Urush qandoq ekanini endi unga ko‘rsatgayman, — der edi. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 142 Shu orada uni uyqu bosib, ajal to‘shagiga kelib yotdi. Qattiq uyquga kirgan chog‘da, Abdulloh sekingina turib, jon chiqar uni chiqmas joyiga xanjarini botirdi. Va shu zamon to‘xtovsiz tun qorong‘usida Madina sari jo‘nadi. Kunduzi yashirinib, kechasi yo‘l yurar edi. Orqadin chiqqan quvg‘inchilarga yo‘liqmay to‘qqiz kun deganda Madinaga salomat qaytib keldi. Shu chog‘da Rasululloh masjidda o‘tirgan edilar. Abdullohga ko‘zlari tushgan hamon, arabchalab: — «Aflahal vajhu», ya’ni: «Yuz yoridimi?» dedilar. Anda Abdulloh: «Aflaha vajhuka», ya’ni: «Rasululloh, yuzingiz yoridi, tilagimga yetdim» dedi. Bo‘lgan voqeadan xabar topgach: «barakalloh» deb Payg‘ambarimiz Abdullohga bir aso (hassa) berdilar va: «Sen jannatda bu asoni tutib yurgaysan. Ul joyda aso tutganlar oz bo‘lgaylar», dedilar. Demishlarkim, Abdulloh bu asoni butun umri boricha saqladi. Vafoti hozir bo‘ldi ersa, aning vasiyati bilan asoni kafan ichiga qo‘yib, birga ko‘mdilar, raziyallohu anhu. AZAL VA QORRA QABILALARNING XIYONATLARI Yana shu yilning Safar oyida Azal va Qorra arab qabilasidan bir necha kishilar elchi bo‘lishib kelib: — YO Rasulalloh, bizlar butun qabilalarimiz bilan sizga iymon keltirdik, endi bizga olim kishilardin, qorilardin qo‘shib bersangiz, alar bizlarga borib dinni o‘rgatsinlar va Qur’on ta’limini bersinlar, — dedilar. Rasululloh bu xizmatga sahobalardin o‘n kishini tayin qildilar va ularga topshirdilarkim, Quraysh kofirlariga ko‘z-quloq bo‘lib, alarning ishlaridan xabar keltirgaylar. Bularga ansor sahobalaridan Osim ibn Sobitni rais qildilar. Madinadin chiqqan kundan boshlab, kech yurib, kunduz kishi ko‘rmas joylarda yashirinur edilar. Shuning bilan yurib-o‘tirib, Raji’ degan joyga yetdilar. Bu joy bo‘lsa o‘tgan voqeadagi Abdulloh o‘ldirgan Sufyonning qavmi Huzayl qabilasining makoni edi. Mana shu yerga kelgandin so‘ngra, din o‘rganmoqchi bo‘lib, bu o‘n sahobani olib kelayotgan munofiqlarning xiyonati zohir bo‘ldi. Shundoqkim, «Muhammadning kishilarini aldov bilan bu joyga keltirdik, sizlardin o‘ldirilgan bir kishi o‘rniga o‘n kishini qo‘lga tushirdik. Endi joningiz bo‘lsa, tezlikda yetib qasos qilgaysiz», deb alarga yashirin xabar yetkazdilar. Bu xabar yetishi bilan qabila kishilaridan ikki yuzga yaqin askar orqadin quvib, bularga yetib kelishdi. Sahobalar ko‘rdilarkim, bunchalik qalin askarga qandoq qarshi turgali bo‘lur. Darhol o‘zlarini egiz tog‘ ustiga olishib, alarni toqqa chiqmoqqa qo‘ymadilar. Qo‘lga tushirmakdin ojiz qolgach, dushmanlar hiylaga kirishib: «Agar tog‘din tushar bo‘lsanglar, sizlarni o‘ldirmagaymiz», deb o‘zlariga qattiq qasam bilan ishontirdilar. Bulardin uch kishi raislariga itoat qilmay, yolg‘on qasamga aldanib, tog‘dan tushishlari barobar, bularning qo‘llarini bog‘lagani turishdi. Birovlari bog‘latmasdan qarshilik ko‘rsatgan edilar, shu damdayoq qilich bilan chopib tashladilar. Qolgan ikkovlarini Makkaga eltib, musulmonlarda o‘chi bor Quraysh kofirlariga sotib, har ikkovlari ham dushmanlar qo‘lida shahid bo‘ldilar. Birovlari Habayb ibn Adiy degan sahoba edi. Bu kishini Makkada Haram tashqarisiga chiqarib, dorga osdilar. Din yo‘lida Xudo uchun dorga osilganlarning bu ummat ichida eng birinchisidur. O‘lim oldida ikki rakat namoz o‘qishni musulmonlarga shu kishi sunnat qildi. Qolganlari ham tog‘ ustida ochlik-chanqoqlik bilan urishib yurib, barchalari shahid bo‘ldilar, raziyallohu anhum. Hazrati Habayb osilur chog‘ida dor tagida turib, ushbu so‘zlarni aytdi: — Islom yo‘lida musulmonlik bilan o‘ldirilganligim uchun o‘limdan hech qo‘rqinchim yo‘qdur. Qaysi yonim bilan yiqilsam ham, Xudo uchun yiqilib o‘lurman. Dushmandin qo‘rqish, alarga egilish mendin zohir bo‘lmas. Bu yo‘lda o‘lsam, Alloh oldidan o‘rin olgayman. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 143 Shundoq dahshatlik bir holda turib, bundoq mazmunlik she’r aytib, dushman oldida namoz o‘qimoq bu zotning raziyallohu anhu, qandoq haqiqiy iymonga ega ekanligini ko‘rsatdi. MAUVNA VOQEASI Dag‘i (yana) shu yilning Safar oyida bani Omir qabilasining raislaridan Abu Omir degan kishi elchi bo‘lib, Madinaga keldi. Rasululloh uni dinga da’vat qildilar. Iymon keltirmasa ham yaqinlashib aytdikim: — Ey Muhammad, men bu dinni to‘g‘ri topdim, sharofatlik yaxshi din, deb o‘ylayman. Lekin mening qavmim Najdda qoldilar. Agar Najd qavmiga bir necha ulamo kishilaringdan yuborur ersang, alarni shu dinga da’vat qilsalar, qabul qilgaylar, deb umid qilurman, — dedi. Anda Rasululloh: — Najd xalqiga ishonchim yo‘qdur, yuborilgan kishilarga yomon qasd qilgaylar deb qo‘rqaman, — dedilar. Anda Abu Omir: — Andoq ersa bu boradurgan kishilarni o‘z omonimga olurman, hech kimdan alarga ziyon-zahmat yetkazmaslik uchun va’da berurman, — dedi. Rasululloh buning so‘ziga ishonganlikdan Munzir Ibn Amr degan kishini boshchi qilib, sahoba qorilaridan yetmish kishini qo‘shib yubordilar. Bular necha kunlab yo‘l yurishib, Mauvna degan quduqqa yetishdi. Mana shu joyga kelganlarida, maslahat bilan xalqni dinga da’vat qilish mazmunida bir xat yozishdilar. Bu xatni sahobalardin Ibn Milhon degan kishi yuqoriga Abu Omirning jiyani Omir degan kishiga keltirib topshirdi. Bu esa qabila raislarining birisi edi. Keltirgan xatni o‘qib ko‘rmay turib, xat keltirgan ibn Milhon ustiga hujum qilib, ani shahid qildi. Qolgan sahobalarni ham yo‘q qilmoqqa o‘z qabilasini chaqirgan edi, amakisi Abu Omir bularni o‘z omonatiga olib, Rasulullohga va’da berib chiqqanini alarga bildirdi. Qabilasi buni onglagach: «Biz Abu Omirning va’dasini buza olmaymiz», deb uning chaqirig‘iga yurmadilar. Nochor bo‘lib, bir necha boshqa qabilalarni tashviq qilib, ular ustiga hujum boshladi. Dushmandan saqlashga va’da berib olib chiqqan Abu Omir bularni himoya qilishdan ojiz qoldi. Shuning bilan ko‘pchilik dushmanlar to‘rt tarafdin o‘rab, yetmish sahobani oraga oldi. Bular ham urusha-urusha, oxiri barchalari shahid bo‘ldilar. Bulardin ikki kishi o‘limdan omon qoldi. Birisi Ka’b ibn Zayd o‘liklar ichida yotib, keyin tirildi. Buni dushmanlar o‘ldi deb o‘ylashgan edi. Ikkinchisi, Amr ibn Umayya, bu kishi bo‘lsa, hech ishdin xabari yo‘q, askarning ot-uloqlarini o‘tloqda boqib yurgan chog‘da shu voqea bo‘lmish edi. So‘ngra bu musibatdin xabar topib, bo‘lgan fojiani Rasulullohga yetkazdi. Bundin bir kun ilgari hazrati Jabroil ham shu haqda vahiy keltirgan edi. Bu musibatni onglagach, Rasululloh qattiq qayg‘urdilar. Dushmanlar qo‘lida vahshiyona o‘ldirilgan ahboblarni eskarib, bek achindilar. Ilgari-keyin Rasululloh bularga achingandek hech kimga achinmagan edilar», deb Anas rivoyat qilmishdur. Chunki bu sahobalar urush uchun emas, balki Najd xalqiga Rasulullohning da’vatlarini yetkazish uchun elchi qatorida yuborilgan edilar. Arab odaticha, elchilarni o‘ldirish bu yoqda tursin, alarni mehmon o‘rnida ko‘rishib, hurmat qilishur edi va o‘z raislaridan bo‘lgan Abu Omir ularni ziyon-zahmatdin saqlamoqchi bo‘lib, Rasulullohga va’da bergan edi. Va’dasiga vafo qila olmaganligi uchun u kishi ham qattiq qayg‘urib, shu sababdin o‘zi ham vafot topdi. Chunki Rasululloh: «Men bularni iymon kelturmagan qabila ichiga yuborishni yaxshi ko‘rmagan edim. Bu ish ersa qo‘rqinchli edi. Bu fojianing bo‘lishiga Abu Omir sababchi bo‘ldi», dedilar. Arab raislariga bundoq ishlar o‘z odatlaricha o‘limdan ham qattiqroq ko‘rinur edi. Mana shuning uchun bu ishning or-nomusiga chiday olmasdin xafaligi oshib, ajaliga sabab bo‘ldi. Bundin oldinroq o‘tgan Raji’ voqeasi, bu Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 144 aytilayotgan Mauvna fojiasi har ikki musibat xabarini Rasululloh bir kunda eshitdilar. Bu ikki voqeada shahodat topgan sahobalar soni saksonga yetgan edi. Uhud urushida o‘tgan ishlar eskirmay turib, uning ustiga bu musibatlarning bo‘lishi musulmonlarga qattiq ta’sir qildi. Shu adabsizlikni qilgan uch qabiladan Rasululloh qattiq ranjidilar. Qirq kungachalik, bomdod namozining ikkinchi rakatida rukudin yonib (qaytib) sajda oldida Qunut duosini o‘qib, shahidlarni duo qildilar. Shofe’y mazhabida bomdod namozida Qunut duosin o‘qish shundin qoldi. So‘ngra Jabroil alayhissalom Rasulullohga shu mazmunda vahiy keltirdikim, bu shahidlar esa rahmat nuriga cho‘mdilar. Alloh bulardin rozi bo‘ldi. Bular Allohdin rozidurlar. Imom Zarqoniy rahmatullohi alayhi aytibdur: — Bu xiyonatni qilguvchi uchta qabila: Ra’l, Zakvon, Asbataga bezgak vabosi paydo bo‘lib, xiyonatlaridan so‘ngra ko‘p o‘tmay yetti yuz kishi halok bo‘ldi. Shu musibatga boshchilik qilgan qabila raisiga iymon nasib bo‘lmay, kofirlik holda o‘ldi. Shuni bilmak kerakkim, bunday musibatlar o‘tgan payg‘ambarlarga ham ko‘p bo‘lgandir. Ammo bizning Payg‘ambarimizga hammadin ham ko‘p bo‘lgandir. Shuning uchun Rasululloh aytdilar: «Ashaddunosi baloan al-anbiyou summa avliyou summal laziyna yaluvnahum summal amsalu fal amsal», ya’ni: «Bu dunyoda baloning qattiqrog‘i payg‘ambarlarga bo‘lur, keyin avliyolarga, keyin bulardin tubanroq darajalik kishilarga, eng oxiri mo‘minga, kattaga kattaroq, kichikka kichikroq, har kimga o‘z darajasiga qarab, dunyo musibatlaridan yetib turadur». Shu uchunkim, alar bu musibatlarga sabr qilib, ulug‘ ajr topgaylar. Buning oqibati ular uchun yaxshilik bo‘lgay. Lekin shunday ishlarning aniq sirini Allohdin o‘zga hech kim bila olmas. Aning ne’matlariga shukr qilib, mehnatlariga sabr qilmoqdin o‘zga bandaning chorasi yo‘qdur. BANIN-NAZIR G‘AZOTI Madina atrofida qishloq qilib o‘ltirishgan bir toifa yahudiylar bor edi. Ular biz Horun alayhissalomning avlodlarimiz, deyishardi. Islom kelmasdin ilgari madinalik Xazraj qabilasi bilan birlashib, do‘stlik ahdini bog‘lamish edilar. Rasululloh Madinaga hijrat qilib kelganlaridan keyin shu yerdagi yahudiylar bilan tinchlik haqida bir shartnoma tuzgan edilar. Lekin yahudlar bu ahdnomani buzdilar. Ko‘ngillarida yashirinib yotgan hasadlari yana qo‘zg‘oldi. Voqea shundoq erdikim, bir kuni Rasululloh bir necha sahobalarni olib, bir ish to‘g‘risida shu yahudiylar bilan so‘zlashgani keldilar. Ular ham hurmat ko‘rsatib: «Ey Abul Qosim, xush keldingiz, sizga ziyofat tayyorladik, uni yegizaylik, so‘ngra nima hojatingiz bor ersa, albatta ado qilgaymiz», deyishib Rasulullohni bir uy soyasiga joy solib o‘tkazdilar. Keyin bularning ko‘ngillariga shayton kirib, niyatlari buzildi. Rasulullohga qasd qilmoqchi bo‘lib, yahudiylar o‘zaro shundoq qarorga keldilar: «Muhammadni o‘ldirmoq uchun bunday payt hech vaqt kelmaydi, endi bu fursatni o‘tkazmasdan, buning ishini shu yerda tamom qilaylik. Bir kishi yashirincha tom ustiga chiqsun va katta tosh bilan Muhammadni boshiga urib, o‘ldirsin. Shu bilan bundin hammamiz qutulgaymiz. Qolgan yo‘ldoshlarini qochirmay, barchasini asir olgaymiz. Bularni Makkaga eltib, qonlariga tashna bo‘lib turgan Quraysh xalqiga og‘ir baho bilan sotgaymiz», deyishib, shu xiyonatni qilmoqqa ahd qildilar. Mana shu chog‘da Jabroil alayhissalom vahiy keltirib, bu xabarni Payg‘ambarimizga bildirdilar. Darhol Rasululloh hojat qilmoqchi bo‘lib, tashqariga chiqqanlaricha qaytib u joyga kirmasdin, yo‘lga tushib Madinaga qarab jo‘nadilar. Ammo bu ishdin sahobalarning xabarlari yo‘q edi. Rasululloh qaytib kirmasdin kechikib qolganlari uchun tashvishlanib, Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 145 hammalari tashqariga chiqishib, Rasulullohni ko‘rmagach, hayronlikda qoldilar. Shu orada Madina tomonidan kelayotgan bir odam Rasulullohning Madinaga ketayotganlarini yo‘lda ko‘rdim, deb xabar berdi. Buni onglashib, sahobalar chopganlaricha Rasulullohga yetdilar. So‘ngra aytdilarkim: — Siz bir ishga shoshilgandek bo‘lib u joydin chiqib, qaytib kirmadingiz. Bizlar xabarsiz qolib, sizdan ko‘p tashvishlandik, buning sababi nima ekanini bilmadik? — dedilar. Anda Rasululloh: — Yahudlar meni o‘ldirish uchun qasd qilmish edilar. Bu haqda Jabroil alayhissalom vahiy keltirib, menga bildirdilar, shu uchun alardin saqlanib qaytib kirmadim, — dedilar. Shunday qilib, yahudlarning qilgan xiyonatlari ma’lum bo‘ldi. O‘rtada tuzilgan ilgarigi ahdnoma shartlarini o‘zlari buzdilar. Rasulullohga qilgan xiyonatlarini yuzaga chiqardilar. Bu xiyonatlari hammaga ma’lum bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muhammad ibn Salamani ularga yuborib, bir necha kun ichida xoinlar arab tuprog‘idan chiqib ketsunlar, deb amr qildilar. Bu farmon borgandin keyin boshlariga qiyomat kelib ichlariga g‘ulg‘ula tushdi. Bu ishga sabab bo‘luvchilarni yomonlab, alarga ta’na aytishdilar. Islom ahliga qazigan chuqurlariga o‘zlari yiqildilar. YOpiq turgan ofat eshigini o‘zlari ochganlikdan uni yopish uchun Rasulullohga uzr aytmoqqa tillari yo‘q edi. Mana shunday bo‘lgach, nochor qolishib, joy-jo‘shlarini, bog‘-bo‘stonlarini tashlashib ketmoqchi bo‘ldilar. Mana shu chog‘da bularning do‘stlari — Madina munofiqlaridan yashirincha xabar keldikim: «Biz sizlar bilan birgadurmiz. Agar Muhammad bilan urushar bo‘lsangiz, yordamga tayyordurmiz», deb yahudlarga va’da qildilar. Bularning so‘ziga ishonishib, ko‘chishni kechiktirdilar. Buni ko‘rib Rasululloh urush jamalg‘usini qilishga buyurdilar va yetarlik askar yig‘ildi. Tug‘ bayroqlar bog‘lanib, bosh tug‘ni Hazrati Aliga berdilar. Madina shahriga ibn Ummu Maktumni voliy qilib, so‘ngra dushman ustiga yurish qildilar. Bu xabar yahudlarga eshitilgach, qarshi chiqib urusholmay, qo‘rqqanlaridan qochib qo‘rg‘onlariga kirishdi. Rasululloh olti kecha-kunduz qo‘rg‘onni qamal qildilar. Shungachalik yordamga va’da bergan Madina munofiqlaridan xabar bo‘lmagach, alardin umidlari uzilib, boshqa yo‘l topisha olmaganlaridan keyin, Rasulullohga elchi yuborib: — Urush qurollarimizni butunlay topshiraylik, har bir oilaga o‘zimiz xohlaganimizcha bir tuya yuk mol olaylik, jonimizga omonlik berilsin, shu bilan arab tuprog‘idan chiqib ketaylik, — dedilar. Rasululloh bunga rozilik bildirdilar. So‘z shunga to‘xtalgandin so‘ngra, yahudlardin bir qanchalari Xaybarga ko‘chishib, qolganlari esa Shom tuprog‘idagi Azru’ot degan joyga ketishdi. Bulardin qolgan butun mol-dunyolari xazinaga olindi. Rasululloh bu g‘animat mollardin faqir miskinlarga, yetim bolalarga, tul xotunlarga nasiba chiqarib, alarga ulashib berdilar. O‘rtada qon to‘kilib, urush bo‘lmaganlikdan askarlarga bu moldin berilmadi. Chunki bu voqeada o‘lja tushgan mollarni ba’zi sahobalar Islomdin ilgarigi arablar odatlaricha bo‘lishib olmoqni istadilar. Mana shu chog‘da tushgan Hashr surasidagi oyatlarning hukmiga qarab, Rasululloh bu mollarni xazinaga olib, shariat buyurgan o‘rniga berdilar. Shu kundan boshlab, urushda olingan o‘lja mollarini bo‘lish usuli arab odatlaricha bo‘lmay, balki Qur’on hukmiga bog‘landi. Shunday bo‘lib, bu safarda urush-talash bo‘lmasdin, bularning sharridan musulmonlarni Xudo qutqardi. Download 5.12 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling