Tarixi muhammadiy


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet39/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   59

www.ziyouz.com kutubxonasi 
242
Ansor sahobalarga ersa ikki tug‘ berildi. Xazraj tug‘ini Hubob ibn Munzir, Avs tug‘ini 
Usayd ibn Xuzayr oldi. 
Qolgan qabilalarga ham o‘z tartiblaricha tug‘, bayroq topshirildi. Shuning bilan oldga va 
ortga qorovul qo‘yib, dushman sari yo‘lga tushdilar. Makka bilan Toyif shahri oralig‘i 
baland tog‘liq bo‘lganidan Hunayn degan joyga kelganda pistirma bo‘lib yotgan dushman 
tomonidan to‘satdan hujum boshlandi. Chunki bu yerlar bir-biriga tutashgan qalin tog‘liq 
joylar edi. Jilg‘a, qo‘ltiq-qulotga o‘xshash tog‘ ichidagi pana o‘rinlarga askar 
bahodirlaridan birmuncha kishilarni pistirma qo‘yishgan edilar. Islom askarining oldingi 
orovul bo‘lugi ikki yog‘i egiz (baland) qisilgan tor yo‘lda kelayotib to‘satdan bularga 
urinib qoldi. Bo‘xtirmachilar dastlab ha degandayoq bularni o‘qqa tutdilar. 
Tor yerda otliq askarlarning o‘qqa qarshi chidab turmog‘i ularning ajalga to‘g‘ri kelmagi 
demakdir. Nochor ot jilovini burishib, orovul bo‘lugi orqaga chekindi. Orqada cho‘zilib 
kelayotgan askarlar bularni ko‘rib, nima ekanini bilmay qochgali turishdi. Shuning bilan 
tog‘ ichida kelayotgan o‘n ikki ming qo‘shin bir-biridan hurkishib hammalari qochishga 
boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu kuni ersa xachirlariga minib, urush 
qurollarini butunlay taqingan edilar. Sel qoplagandek olomon askarining qochgani 
Rasulullohga qilchalik ta’sir qilmadi. Shu turgan joylaridan bir qadam orqaga 
chekinmadilar. Hoy kishilar, menim yonimga yig‘ilinglar, deb qichqirur edilar. Lekin 
hurkkan xalqning ko‘pligidan Rasulullohning tovushlari eshitilgan bo‘lsa ham, qaytishga 
hech kimarsa yo‘l topa olmas erdi. Rasulullohni o‘rtalariga olib o‘rab kelayotgan 
sahobalarning ko‘pchiligi bu to‘polonchilikda tarqalishib ketdi. Bu yerda bir necha 
sanoqlik kishilar bilan Rasululloh o‘zlarigina qoldilar. Amakilari Hazrati Abbos jilovlarini 
tutgan edi. Yana amakizodalaridan Abu Sufyon, Robia, Muattib — bular ersa har ikki yon 
uzangilarini ushlashib Rasulullohni dushmandan saqlamoqda edilar. Hazrati Abu Bakr 
Siddiq, Hazrati Umar, Hazrati Ali, Fazl ibn Abbos — bular dushmanni yaqin keltirmasdan 
Rasulullohni qo‘riqlab urib turdilar. Bularning qattiq zarbidan Rasulullohga 
dushmanlardan hech kimarsa yaqinlasha olmadi. Lekin kutilmagan ulug‘ hodisa 
birdaniga paydo bo‘lishi bilan, ko‘p kishilar shoshib qoldilar. Katta sahobalardan Hazrati 
Qatoda: 
— Hay, bu qandoq ishdur? Bu musulmonlarga nima bo‘ldi? — deganida, Hazrati Umar 
ham hayronlikda qolib: 
— Nima bo‘lsin, Allohning ishidur, — dedi. 
Bular aytganlaridek bundoq dahshatli voqea hech bo‘lmagan, odatdan tashqari bir ish 
edi. 
Buni ko‘rgan makkalik yangi musulmonlardan, hali iymon keltirmagan yuzga yaqin 
Quraysh mushriklaridan har xil so‘zlar chiqqali turdi. Ko‘ngillaridagi yashirin, yomon 
sirlarni saqlab turolmasdan suyunib ketib, tillariga chiqardilar. Bulardan eng birinchi 
boshlab, yomon tili chiqqan kishi. Abu Sufyon edi. Buning tili musulmon ersa ham, dili 
shaklik bo‘lib, mushriklar odaticha to‘lga o‘qlarini o‘qdonga solg‘on, o‘zi bilan birga 
kelturgan edi. Bu kishi suyunganidan chidab turolmay, bu so‘zni aytdi: 
— Qasam qilurman, Havozin xalqi Muhammadni yengdi, endi bu qochgan musulmonlar 
dengizga yetmaguncha to‘xtayolmagaylar. 
Buning so‘zini Safvon ibn Umayya angladi ersa: 
— Hoy, og‘zingga tuproq to‘lsin! Havozindan chiqqan bir kishiga bo‘ysunganimizdan 
Qurayshning bir kishisiga bo‘ysunganimiz ortiqroqdur, — dedi. 
Tag‘in birisi turib: 
— Endi arablar ota-bobosining diniga qaytajakdur. 
Yana biri turib: 
— Mana bugungi kunda sehr buzildi, — dedilar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
243
Bu kishi ersa, yuqorigi Safvoning qarindoshi edi. U kunda Safvon o‘zi iymon keltirmagan 
bo‘lsa ham bu so‘zni aytgan inisiga: 
— So‘zlamay tinch o‘ltir, og‘zingni Alloh yirtsun. Qurayshdan bir kishi bizga ega bo‘lgani 
yaxshiroqdir, Havozinning ega bo‘lganidan, — dedi. 
Yana bir odam kelib: 
— Ey Safvon, suyunchi ber, Muhammad yengildi, ikkinchi o‘nglanmas bo‘ldi, — demish 
edi, Safvonning g‘azabi kelib: 
— Ey ahmoq, ko‘chmanchi arablar yengadi deb qanday suyunasan? A’robiylarga 
bo‘ysunganimdan ko‘ra, Qurayshning bir kishisiga qaraganim yaxshiroqdir, — dedi. 
Yana Abu Jahl o‘g‘li Ikrima: 
— Bandaning barcha ishi Alloh erkidadur, Muhammadda na ixtiyor bordur? Bugun ish 
uning zarariga aylanmish ersa, balki ertaga aning foydasiga bo‘lib chiqar, — dedi. 
Shundoq bo‘lib, qochgan kishilarning oldi Makkagacha yetib bordi. Askar ishi shu holga 
kelgan bo‘lsa ham Rasululloh o‘z o‘rinlaridan hech qimirlamadilar. Amakilari Abbos o‘tkir 
tovushlik kishi edi. Unga buyurdilar: «Yo ma’sharal ansor, Yo ashoba bay’atir-rizvon» 
deb qichqirgil! 
Hazrat Abbos qattiq tovush bilan yuqorigi sahobalarni qichqirib edi, buning tovushini 
butun askar eshitdilar va alar har yoqdan qichqirishib kelgani turishdi. Lekin dushman 
askari ham sel qoplagandek musulmonlar ustiga to‘kilmish edi. Mana shu chog‘da 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yerdan bir hovuch tuproq olib: «Yuzlari qora 
bo‘lsin!», deb hujum qilib kelayotgan qalin dushmanga qarab otdilar. Alloh amri bilan bir 
changal tuproq butun dushman askarining og‘iz-ko‘zlarini to‘ldirdi. Ilohiy kuch bilan 
otilmish bir siqim tuproqqa qarshi turolmay, seldek kelayotgan dushman askari orqa 
o‘girib qochdilar. 
Rasululloh ersalar bu holni ko‘rgach: «Men Abdulmuttalib o‘g‘li, shaksiz Allohning 
payg‘ambariman», degan so‘zlarni aytib, askarni urushga qizdirdilar. 
Hazrati Abbos qichqirig‘ini, ayniqsa, Rasululloh tovushlarini eshitgan fidoiy sahobalar 
arslondek dushman tomoniga otilur ersalar ham, boshi buzuq olomon qochgan 
a’robiylarning ko‘pligidan yo‘llar to‘silib, Rasulullohga yetishmak mumkin emas edi. Ot 
ustida, tuya ustida yurib Rasulullohga yetmak imkoniyatini topmagan bahodirlar ot-
uloqlarini tashlab, qurol-yarog‘larini ushlab olg‘a yugurishdilar. 
Musulmonlarning vaqtincha chekinishlari ersa, ichki-tashqi bir necha sabablardan 
vujudga kelmish edi. Bularning dastlabda yengilgandek bo‘lib ko‘rinishlari dushmanlarini 
bek quvontirib, ularning ruhi ko‘tarilgan edi. Dushmanning hujumchi askarlari oldida qizil 
tuya mingan, qora bayroq ko‘targan tug‘ begisi bo‘lib, tug‘lik nayzasini qo‘lida to‘g‘ri 
kelgan kishiga sanchib, sog‘ qo‘ymas edi. 
Bu holni ko‘rgan Hazrati Ali uning qasdiga tushib, orqasidan piyoda keldi va tuyaning 
keyingi oyog‘iga qilich soldi. Tuya yiqilishi bilan ansor sahobalardan birovi tuya ustidagi 
tug‘ begini chopdi. Tizzadan pastki oyog‘i qirqilib, u yerga yiqilib tushdi. U tutgan tug‘i 
yerga tushishi bilan ish o‘zgarib, Allohning yordami musulmonlarga yetishdi. 
Fath — nusrat shamoli Islom askari ustiga esdi. Mushriklar ersa qochmaslik uchun 
orqaga saflab qo‘ygan xotin-bolalarini depsaganlaricha mol-dunyolarini qoldirib, to‘p-to‘p 
bo‘lib qochgali turdilar. Bular orqalaridan musulmonlar quvg‘in qilib, qo‘lga kirganlarini 
o‘ldirdilar. Bir-birlariga qayrilib qaramoqqa chamalari qolmadi. 
Rasululloh aytganlaridek, xotin-bolalarini, butun mol-dunyolarini musulmonlarga o‘lja va 
asir qoldirib, o‘limdan qolganlari ersa jon vahmidan boshlari oqqan yoqqa qochishib 
yo‘qoldilar. Ulardan qo‘lga tushganlari asir olinib, Rasululloh oldilariga keltirildi. Endi 
shuni bilmak kerakkim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlari uchun urush 
ishlarida ibrat olgudek bu g‘azotda eng muhim bir dars qoldirdilar. U ersa ummatlaridan 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
244
chiqqan keyingi askar boshliqlariga ulug‘ esdalik bo‘lib qoldi. 
Bu ishning ko‘rinishidagi sababi shu erdikim, Makkadan qo‘shilgan mushriklar, o‘lja 
poylab kelgan ko‘chmanchi badaviylar, hali iymon ko‘ngillarida o‘rnashib yetmagan yangi 
musulmonlar — mana shunga o‘xshash turlik kishilardan Islom qo‘shini tuzilmish edi. 
Bunday kishilar oldida Islomning yengishi yoki yengilishi baribir edi. Shuning uchun 
dushmanga birinchi to‘qnashishdayoq haligi aytilgan kishilar eng birinchilar qatoriga 
tushib qochgali turdilar. Agar allohdan yordam yetmagan bo‘lsa edi, ish musulmonlar 
zarariga og‘ib ketishiga ozgina qolib edi. Mana shu chekinishning ko‘rinishdagi 
sababidur. Ammo bu ishning asosiy sababi ersa, sahobalardan ba’zi birlari Makkadin 
qo‘shin qo‘zg‘alib bularning ya’ni Islom askarining ko‘pligini ko‘rib ajablanganlaridan 
aytmish edi: 
— Yo Rasulalloh, bizlar endi ko‘paydik. Bundan keyin dushmandan yengilmaymiz. 
Bu so‘zni Hazrati Abu Bakr Siddiq aytdi, degan rivoyat ham bor. 
Rasululloh buni anglagach, yaxshi ko‘rmay aytguvchidan yuz o‘girdilar. Ya’ni bu so‘zni 
yoqtirmadilar. So‘ngra Rasulullohni tasdiqlab bu haqda shu oyat nozil bo‘ldi: 
«Va yavma Hunaynin iz a’jabatkum kasratukum falam tug‘ni ankum shay’an». Ya’ni, 
«Hunayn urushida ko‘pchilik bo‘lganlaringga ishondinglar, u ersa sizlarga foyda 
bermadi». 
Ikkinchi bir oyat-da: 
«Va man-nasru illa min indillahi». Ya’ni «Haqiqatda esa urushda nusrat topish Allohdin 
bo‘lur». 
Har bir musulmon kishiga shundoq deb ishonmoq farzdur. Ayniqsa, Payg‘ambar 
sahobalarigakim, ular Rasulullohni ko‘zlari bilan ko‘rmishlar, erta-kechda vahiy 
kelganlarini bilib turadilar. 
Dushmanni yengmoq, urush yutuqlariga ega bo‘lmoqning sharoitlari to‘liq topilgan 
taqdirda ham musulmonlar nusratni Allohdan tilamaklari lozimdur. Mana Hunayn voqeasi 
bu ishning haqiqatini ochiq isbot qildi. Yo‘q ersa, shu zamon talabiga muvofiq urush 
asboblari ham yetarli edi. Alloh yordami bir oz kechikib edi, askar ko‘pligiga qaramay, 
xiyol o‘tmay dushmanlaridan zarba yedilar. 
Qur’onning aytishicha, Payg‘ambarimizning ko‘rsatishlaricha, har bir musulmon kishi 
dunyoda bir ish qilmoqchi bo‘lur ekan, eng avval butun imkoniyat boricha har 
zamonning o‘ziga yarasha ul ishning butun asbob-sharoitlarini to‘liq qo‘lga keltirmak 
kerakdur. Agar to‘qson to‘qqizini qilib, imkoniyat bo‘laturib birini qilmay qoldirsa, ish 
asbobini to‘liq qilmagan bo‘lur. Buning so‘ngida Allohga tavakkalni to‘liq qilib, har ishni 
haqiqatda bo‘ldirguvchi yolg‘iz bir Alloh deb ishonmoq lozimdur. Mo’min bandalarning 
barchasiga buyurilgan Qur’on hukmi shuldur. Nima ish qilur bo‘lsalar, avval butun 
sabablarini qilib bo‘lib, so‘nggida Tangriga tavakkal qilmoq, aning bo‘lish-bo‘lmasligi 
Xudo hukmidadur, deb bilmoq har bir musulmon kishiga farzdur. Lekin asbobsiz ish 
sharoitini bajarmay turib, quruq tavakkal qilishga hech vaqt shariat buyurmaydi. 
Tavakkalsiz yolg‘iz asbobning o‘zigagina ishonmoq bu ham Islomiyatga to‘g‘ri kelmaydi. 
Eng to‘g‘ri to‘xtalgan e’tiqod shuldurki, bir ishning butun asbob-anjomlarini tamoman 
tayyorlagan bo‘lsa ham shu ish yuzaga chiqishini Xudo xohlasa bo‘lgay, xohlamasa 
yuzaga chiqmagay. Xudo xohlamagan narsani hech kimarsa bo‘ldira olmagay, deb 
e’tiqod qilmoq har bir musulmonga farzdur. 
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shundoq bo‘lib, mushriklar butunlay yengilgandan keyin, 
ulardan ajali yetmagani bo‘lsa qochib qutuldi. O‘limdan qutulib qo‘lga tushganlari asir 
olindi. Urush ishi butunlay to‘xtalgandan so‘ngra o‘lja olgan mollarni yig‘moqqa 
buyurdilar. Yigirma olti ming tuya, qirq mingdan ko‘proq qo‘y-echki, to‘rt ming uqiya 
kumush o‘ljaga tushib, olti mingdan ortiq xotun-bola asir olingan edi. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
245
Bu yerda yengilgan dushman askarlari ersa uch yoqqa bo‘linib qochdilar. Bulardan bir 
bo‘lagi Toyif shahrining qal’asiga kirib qamaldilar. Ikkinchisi ersa Nahla degan joyga 
yetib shunda to‘xtadilar. 
Uchinchi eng ko‘p bo‘limlari Avtos degan yerda to‘planishib, qaytadan urushmoqchi 
bo‘ldilar. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu xabarni angladilar ersa, tezdan borib ularni 
bosish uchun Abu Omir Ash’ariy qo‘mondasida bir firqa askar yubordilar. Bular dushman 
ustiga borishib, birinchi to‘qnashdayoq ular yengilib, birmuncha o‘lik qoldirib qochisha 
boshladilar. Lekin askar boshlig‘i Abu Omir bu urushda shahid bo‘ldi. Abu Muso Ash’ariy 
buning inisi edi. Og‘asi Abu Omir shahid bo‘lgandan so‘ngra uning o‘rniga o‘ltirib, o‘lja 
olingan mollarini olib, Rasululloh qoshiga qaytdi. 
So‘ngra Rasululloh u yerdin qo‘zg‘alib Toyif shahri ustiga keldilar. Kelayotgan yo‘llari 
ustida dushman askarining boshlig‘i Avf ibn Molikning qo‘rg‘oni bor edi, uni. Rasululloh 
buzmakka buyurdilar. Toyifga kelib qarasalar, dushmanlar qachonlardur kelishib qal’aga 
qamalishgan ekan. Bir yilga yetarlik oziq-ovqatlarini ham g‘amlab olishibdur. Shundoq 
bo‘lsa ham musulmonlar qal’ani qurshab olib, qamal qilishga kirishdilar. Dushmanlar 
ersa qal’a ustidan turib bularni o‘qqa tutdilar. Sahobalardan bir nechalariga o‘q tegib 
yaralandilar. 
Bular ichida Hazrati Abu Bakr Siddiq o‘g‘li Abdulloh qattiqroq yaralangan edi. Shu 
yaradan sog‘aya olmay yurganicha bir necha yillar o‘tib, otasi Abu Bakr Siddiq xalifalik 
zamonlarida vafot topdi, raziyallohu anhu. 
Shunday qilib, Toyif shahrini o‘n sakkiz kun qamal qildilar. Har kuni Xolid ibn Volid 
maydon ichida qani chiqsun deb, dushmandan o‘ziga bahodir chaqirib turgan bo‘lsa 
ham, uning qarshisiga hech kim chiqa olmadi. 
Bir kuni Saqif qabilasining raisi Abdu YOlayl qal’a ustidan turib qichqirib: 
— Ey Muhammad, bu qal’ani olishga ovora bo‘lib ko‘p urinmanglar, bizlar esa hech vaqt 
qal’adan chiqib urush qilmaymiz. Boshimizga shunday kunlar kelishini kutib turganlikdan 
g‘amlagan ovqatimiz o‘zimizga yetarlidur. Agar yillar o‘tguncha ustimizdan ketmay 
qamal qilib tursangiz, ovqatimiz kamayib qolsa, u chog‘da barchamiz yalang qilich bo‘lib 
seldek qoplab ustingizga quyulurmiz. Nima ish bo‘lur ekan, uni baxtimizdan ko‘ramiz, — 
dedi. 
Bunga ham qaramay, o‘shal zamonning urush asbobi manjaniq, dabboba degan 
qal’abuzar qurollar keltirib ishlatdilar. Shahar atrofidagi uzumzor, xurmozor bog‘larni 
kesib vayron qilishga Rasulullohdan ruxsat olishib, birmunchasi kesilganida, Xudo haqqi 
bu ishni qo‘yinglar, deb qal’adan qichqirishdi. Buni anglab: «Xudo uchun buni qo‘ydim», 
dedilar. 
Yana Rasululloh qal’a ichidagi qullardan kim qochib chiqar ekan, uni qullikdan ozod 
qilgaymiz, deb jar chaqirdilar. Buni anglashib qullaridan yigirma uch kishi qochishib 
chiqdi. Bu ish ularga qattiq zarba berib, o‘z ichlaridagi borliq qullar buzilishga boshladi. 
Shu orada G‘atafon qabilasining raisi Uyayna ibn Hisn xalqqa jon kuydirgan bo‘lib, 
Rasululloh qoshiga keldi. Payg‘ambarimiz buni obro‘ylik ahmoq der edilar. Tilida 
musulmon bo‘lmish ersa ham iymon ko‘ngliga aniq kirmagan edi. 
— Yo Rasulalloh, agar ruxsat qilsangiz qamalda yotgan dushman qal’asiga kirib, ularni 
Islom diniga da’vat qilgay edim. O‘zlari ham bizdan shunday bir bahona kutib turgan 
bo‘lsalar kerak, — dedi. 
Anda Rasululloh: 
— Bu yaxshi ishdur, — deb ruxsat berdilar. 
So‘ngra bu kishi dinga da’vat qilish o‘rniga, ularga: 
— Ey Saqif xalqi bu ish ustida zinhor bo‘shashmanglar, har qanday og‘irchilik bo‘lsa ham 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
246
qal’ani qo‘ldan berib qo‘ymanglar. Bizning kunimiz qursin, sizlarga ham kelgay, biz ersa 
shu kunda qullardan ham holimiz xarobdur, — dedi. 
Islomni yomonlab bundan ham boshqacha ko‘p so‘zlarni ularga aytdi. Shu bilan 
dushmanlarni kuchlantirib qo‘yib qaytib chiqqach, Rasululloh: 
— Ey Uyayna, ularga nima deb aytding? — deb undan so‘radilar. 
Shunda ul: 
— Men ularni jannatga qiziqtirdim, do‘zaxdan qo‘rqitdim, Islom diniga da’vat qildim, — 
dedi. 
Anda Rasululloh: 
— Hoy yolg‘onchi, qachon shunday deding, yolg‘on so‘zlama, — deb unga aytgan 
so‘zlarining birini ham qoldirmay aytib berdilar. 
U ersa hayron qolib, xijolat bo‘lganidan: 
— Yo Rasulalloh, bu ishdan, Xudoga tavba qildim, aning payg‘ambaridan bu gunohim 
uchun avf so‘rarman,— dedi. 
Bu aytgan xiyonat so‘zini sahobalar anglab, uni o‘ldirmoqchi bo‘lsalar, Rasululloh 
sollallohu alayhi vasallam ruxsat qilmadilar. 
So‘ngra Hazrati Umar Rasulullohga kelib: 
— Yo Rasulalloh, bu ishimiz ko‘p uzayib ketdi, qal’aga hujum boshlaylik, ruxsat qiling, — 
dedi. 
Anda Rasululloh: 
— Bu to‘g‘rida men Allohdan vahiy kutmoqda edim, shu kungacha vahiy kelmadi. Endi 
bu ish ustida maslahat qilgaymiz, — deb Daylam qabilasi raisi Navfal ibn Muoviyani 
chaqirtirib, bu haqda u bilan kengashib oldilar. 
Ul: 
— Yo Rasululloh, bular bo‘lsa iniga qochib kirgan tulkiga o‘xshab qoldilar. Agar uni 
poylab o‘ltirsan, tutib olgaymiz. Tashlab ketsak, bizga ziyon yetkiza olmagaylar, — dedi. 
Rasululloh bu so‘zni to‘g‘ri topib Hazrati Umarga buyurdilarkim, askarni ko‘chirgay. Bu 
so‘zni angladilar ersa, shaharni olib, dushmanni yengmasdan qal’ani qoldirib ketsak, 
arablar ichida nomusga qolgaymiz, deyishib tashlab ketishni og‘ir oldilar. Haqiqatda 
Rasulullohning aytganlari yaxshi maslahat edi. Bularning ko‘ngliga qarab qaytadan 
hujumga buyurib edilar, bu gal ilgarigidan ham ko‘p kishilarga o‘q tegib, yaradorlar 
ko‘payib ketdi. Shunda bilishdilarkim, Rasulullohning deganlari xalq uchun foydali 
ekandur. 
Sahobalardan bir nechalari kelishib: 
— Yo Rasululloh, duo qiling, Saqif xalqi halok bo‘lsin, — dedilar, Rasululloh ersa: 
— Ey bor Xudoyo, Toif xalqi Saqifni hidoyat qilgil, barchalarini musulmon qilib keltirgil
— deb ularga yaxshi duo qildilar. 
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam urushni to‘xtatib, askarni ko‘chishga 
buyurdilar. Bular ham suyunishgan holda ko‘chgali turdilar. Shu bilan Toyif ustidan 
ko‘chishib Makka tomonidagi Ji’rona degan joyga kelishdilar. 
Dushmandan tushgan o‘lja mollar shu o‘rinda to‘plangan edi. Shu qaytishlarida daraxtli 
soy ichida kechalab kelayotgan Rasulullohni uyqu eltib, tuya ustida uxlab qoldilar. Sidra 
degan bir yo‘g‘on yog‘och to‘g‘risiga kelib tuya qoplanib edi, u yog‘och ikkiga yorilib, 
o‘rtasi katta eshikdek ochildi. Rasululloh uxlaganlaricha bilmasdan o‘tib ketdilar. U 
daraxt shu ajralganicha qoldi. Xudo qudrati bilan bo‘lgan bunday ishlar agar 
payg‘ambarlarga bo‘lsa, mo‘jiza bo‘lur. Avliyolardan ko‘rilganlari ersa karomatdur. Har 
ikkoviga ishonish musulmonlarga farzdur. Yana o‘z o‘rni kelganda bu masalani har kim 
tushungudek qilib aytib o‘tarmiz, inshalloh. 
Shuning bilan Rasululloh manzilga kelib tushganlaridan keyin dushmandan olingan 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
247
mollarni ko‘zdan o‘tkazdilar. Arablar odaticha urushdan tushgan o‘lja mollardan qabila 
raislariga hissa chiqarish albatta lozim edi. 
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dastlab Quraysh raisi Abu Sufyonga 
bu moldan hissa chiqarib, yuzta tuya, qirq uqya kumush berdilar. Buni ko‘rib Abu 
Sufyon: 
— Yo Rasulalloh, o‘g‘lim Zaydga ham, — dedi. 
Unga ham o‘shanchalik buyurdilar. 
— O‘g‘lim Muoviya ham qolmasin, — deb edi, bunga ham shunchalik berdilar. 
Demak, Abu Sufyon oilasi uch yuz tuya, bir yuz yigirma uqya kumush olgan bo‘ldi. Bu 
kishi ersa Rasulullohning jonlariga qasd qilib, qo‘lidan kelarlik yomonligini ayamagan, 
haligacha iymon ko‘ngliga kirib o‘rnashmagan edi. Uning ko‘nglini Islomga og‘dirish 
uchun bu ishni qildilar. Odam bolasi ehson qulidur, degan so‘z mazmunicha Abu Sufyon 
o‘z ustida bundoq ulug‘ ehsonni ko‘rgach: 
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, Yo Rasulalloh. Siz bilan qilgan urush-yarashning ikkovida 
ham yaxshilikdan boshqani sizdan ko‘rmadim, — dedi. 
Yana Quraysh raislaridan Hakim ibn Hizomga yuz tuya berdilar. Tag‘in so‘rab erdi, yana 
yuz tuya qo‘shdilar. Yana so‘radi, yana yuz tuya qo‘shdilar, hammasi uch yuz tuya bo‘ldi. 
Bunga ham uch yuz tuya bergandan so‘ngra aytdilar: 
— Ey Hakim, bu dunYo moli ersa nafsga shirin, ko‘zga qiziq ko‘rinur. Agar buni to‘q 
qo‘zlik bilan qanoat qilib olsa, oz bo‘lsa ham, qutlug‘ barokatlik bo‘lur. Agar nafsiga 
ergashib ochko‘zlik bilan suqlanib olsa, ko‘p bo‘lsa ham unda barokat bo‘lmagay, har 
qancha yeb-ichib tursa ham qorni to‘ymagay. Ustingi qo‘l ostingi qo‘ldan ortiqdur. 
Berguvchining qo‘li olguvchining qo‘lidan yaxshidur, — dedilar. 
Hakim ibn Hizom Rasulullohdan bu so‘zni anglagach yuz tuyani o‘ziga qoldirib, ikki yuz 
tuyani qaytardi: «Sizdan keyin hech kimdan mol qabul qilmag‘ayman», deb ont ichdi. 
Vafot bo‘lgunchalik shu ahdini buzmasdan dunyodan o‘tdi. Hazrati Abu Bakr Siddiq 
raziyallohu anhu xalifalik davrlarida atrofdan kelgan g‘animat mollardan boshqa 
sahobalarga bergandek, bu kishiga ham ulush chiqarar edilar. Rasulullohga bergan 
va’dani aytib, uni ham qabul qilmas edi. Bu kishidan keyin Hazrati Umarga ham shu 
muomalani qildi. Dunyodan o‘tguncha va’dasini buzmay, kishi qo‘lidan narsa olmadi. 
Yana qabila raislaridan Aqra’ ibn Hobis va Uyayna ibn Hisnlarga ham yuz tuyadan in’om 
qildilar. 
Abbos ibn Mirdos degan kishiga qirq tuya berib edilar, u bunga rozi bo‘lmay: «Ul yuz 
tuya olganlar mendan ortiq emaslar», dedi va bu ayirmachilikka sabab nimadur degan 
mazmunda she’r aytib, xalq ichiga tarqatdi. Rasululloh buning tili to‘xtalsin deb, yana 
oltmish tuya berdilar. Bundan maqsadlari esa mushriklarni Islomga qiziqtirish edi. 
Qurayshning bosh raislaridan Safvon ibn Umayya hali iymon keltirmagan, balki Islomga 
kirish uchun ikki oy muhlat so‘raganda, unga Rasululloh to‘rt oy bergan edilar. Ikki tog‘ 
orasiga to‘lgan sanoqsiz ko‘p molni unga in’om qilgan edilar, buni ko‘rib to‘rt oylik 
muhlatga qaramay, darhol iymon keltirdi. 
— Bunday ulug‘ ehsonni payg‘ambardan boshqa hech kim qila olmagay, — dedi. 
Abu Sufyon zohirdan iymon keltirgan bo‘lsa ham, ko‘nglida Islom muhabbati o‘rnashib 
yetmagan edi. Uni dinga jalb qilish uchun kishi hayron qolg‘udek unga in’om qildilar. 
Bulardan boshqa raislar Aqra’ ibn Hobis, Uyayna ibn Hisn, Abbos ibn Mirdos kabi kishilar 
esa atoqlik qorabotir qabila raislaridan bo‘lganlari uchun, bularni ham islomiyat yo‘liga 
tortishlari kerak edi. Shuning uchun ularning suygan narsalari bilan ko‘ngillarini 
ovladilar. Rasulullohning bu qilgan ishlari esa kelgusidagi ummatlari uchun yo‘l ko‘rsatish 
edi. Yuqoridagi kishilarga berilmish mollar esa askar haqiga qo‘shilmagan, 
Rasulullohning o‘z haqlari edi. Bunday molar Payg‘ambarimizning o‘zlariga tegishli 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
248
narsalardan berilgandur. Qur’on qonunida dushmandan o‘lja olingan mollarning beshdan 
birini Rasululloh o‘zlari olgaylar. Bundan o‘z oilalari uchun eng tuban daraja nafaqa 
chiqarib, qolganini faqir-miskin hojatlariga ulashar edilar. 
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘lja 
mollarining barini bir yerga yig‘dilar. Yayov askarga bir hissa, otliq askarga ikki hissadan 
taqsim qilib berdilar. Bu ishning ustida munofiqlardan bir kishi qarab turib edi. Ul aytdi: 
— Ey Muhammad, bu qilgan taqsimingda adolat qilmading. 
Bu so‘zdan Rasulullohning muborak yuzlari o‘zgarib, qattiq g‘azablari keldi. Mengzalari 
anor donalaridek qizarib aytdilar: 
— Hoy odam, agar men adolat qila olmasam, endi dunyoda kim adolat qila olgay? 
Birodarim Musoni Alloh rahmat qilsun. U esa mendan ham ortiqroq ozorlanib, yana sabr 
qilgan edi. Men ham bunga sabr qilishim kerak. 
Anda Hazrati Umar turib: 
— Yo Rasulalloh, ruxsat qiling, bu munofiqning boshini kesib tashlayin, — deb edi, 
ruxsat etmadilar. 
Yana Hazrati Xolid kelib: 
— Yo Rasulalloh, buni albatta o‘ldirish kerakdur,— dedi. 
Anda Rasululloh: 
— Balki bu namoz o‘qur bo‘lsa, uni qanday o‘ldirgali bo‘lur? — deganlarida, Hazrati 
Xolid: 
— Ko‘p namoz o‘quvchilar bordurkim, tillarida ayturlar, lekin u narsa dillarida yo‘qdur, — 
dedi.  
Anda Rasululloh: 
— Meni Alloh taolo kishilarning dilini axtarmoqqa, ularning ko‘ngilidagini bilmoqqa 
buyurmadi. Tillari bilan kalimani keltirib, Qur’on hukmiga bo‘ysunsalar, shunga qanoat 
qilurman, dillarini Allohga topshirurman, — deb uni o‘ldirishga ruxsat bermadilar. 
So‘ngra: 
— Buning naslidan shu yaqinda bir toifa kishilar paydo bo‘lgaykim, ummatlarim ichra 
ko‘p fitna-fasod solgaylar. Kofirlarni qoldirib, musulmonlarni o‘ldirgaylar. Og‘izlarida 
Qur’on tilovatlari bordur, ko‘ngillarida esa undan zarrachalik bahralari yo‘qdur, — 
dedilar. 
Bu esa Rasulullohning g‘oyibdan xabar mo’jizalari edi. Ul zot deganlaridek, Hazrati 
Alining xalifalik davrlarida xavorij toifasi paydo bo‘ldi. Rasulullohga adabsizlik qilgan shu 
kishini o‘zlariga rais saylamish edilar. Islom dinning ofati xavorij firqasidan boshlab 
tarqaldi. Alarning alomatini Rasululloh Hazrati Aliga aytmish edilar: 
— Ey Ali, mendan so‘ngra bir firqa kishilari senga qarshi chiqib urush qilgaylar, sen 
ularga g‘olib kelib, zafar topgaysan. Raislarining bilagi boshida ayollarning ko‘kraklaridek 
do‘mbayib chiqqan belgisi bordur. 
Rasulullohning aytganlaridek, xavorijlardan to‘rt mingdan ortiq kishi Hazrati Aliga qarshi 
chiqib urushmoqchi bo‘lishdi. Orada qon to‘kilmasligi uchun, ularga ko‘p nasihat qildilar, 
foyda bermadi. Boshqa iloj yo‘qligidan urushmoqqa majbur bo‘lgach, Rasululloh 
aytganlaridek, xavorijlar ustidan g‘alaba qildi. To‘rt ming kishidan to‘qqiz kishi qochib 
qutuldi, qolganlari esa butunlay qilichdan o‘tkazildi. Qo‘li ustida ko‘krak kabi do‘mbayib 
turgan belgisi bor raislari ham shu urushda o‘ldirildi. O‘liklar ichidan axtarishib yurib, uni 
topdilar. O‘ttiz yil ilgari bu voqeadan xabar berib, Rasululloh aytgan so‘zlari to‘g‘ri 
chiqqach, Hazrati Ali boshliq butun askar takbir aytishib, Payg‘ambarimizga salovot 
o‘qishdilar. 
Mana shu kundan boshlab xavorij firqasi musulmonlar ichida ko‘payib, Islom xalifalariga 
qarshi har yerda qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Hazrati Alini shahid qilgan Abdurahmon ibn 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling